Chililik mashhur adiba Isabel Alende 1942 yilda Peru poytaxti Lima shahrida tavullud topgan. U Chilining sobiq prezidenti Salvador Alendening jiyani. Ijodiy faoliyatini jurnalist sifatida boshlagan.
1973 yilda amakisi Salvador Alende o‘ldirilgach, Isabel Alende Chilini tark etib, Venesueladan panoh topadi. Uning 1985 yilda yozilgan ilk romani - “Ruhlar uyi” tanqidchilar va keng kitobxonlar e’tiboriga tushib, bestsellerga aylanadi. Keyinchalik yozilgan “Muhabbat ko‘lankasi” (1987), “Yeva Luna” (1987), “Buyuk reja” (1993), “Paula” (1995), “Taqdir qizi” (1999), “Zorro” (2005) kabi asarlari ham adabiyot ixlosmandlari qalbidan joy oldi.
Isabel Alendening asarlari xayolot va afsonalardan foydalaniladigan magik (sehrli) realizmda yozilgan. Uni aynan magik realizmda ijod qilgan Gabriel Garsia Markes bilan solishtirishadi.
Uch nabiraning buvisi bo‘lgan Isabel Alende 2003 yilda bolalar uchun mo‘ljallangan “Yovvoyilar shahri” hamda “Oltin ajdar qirolligi” shuningdek 2005 yilda “Mittivoylar o‘rmoni” asarlarini chop ettirdi.
Isabel Alende 2010 yilda Adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun Chili Milliy Mukofotini qo‘lga kiritgan. 2014 yilda esa “Ozodlik” medali bilan taqdirlangan.