OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismoilbek G‘asprali. Turkiston sayohatlari

1. BOG‘CHASAROYDAN TOSHKENTGA SAYOHAT[1]

Gurjiston – Tiflis – Mirza Rizoxon

Turkiston taraflarni ziyorat qilish anchadan beri ko‘nglimda edi. Qadim zamonlarda Baqtriya atalgan yerlarni – bugungi madaniyatning ilk o‘chog‘i o‘sha Samarqand va Buxorolar yuksalgan davrlardanoq janubi-g‘arbga Venagacha, shimoliy-g‘arbga Moskvagacha qo‘shin-qo‘shin yoyilgan turk bahodirlarining ota yurtlarini ko‘rmoq, dunyoning eng buyuk podshohlaridan, jahongirlaridan Temur shohning vatani bo‘lgan qit’ani sayru tomosha etmoq tengsiz ma’naviy lazzat-ku axir. Istang, tarixiy jihatdan, istang – etnografik tomondan Turkistonning har bir qarich yerida necha-necha yodgorligu hayratli obidalarni uchratish mumkin. Turon va Eron, turk va fors ustalarining mushtarak hunari va san’atining samarasi o‘laroq tiklangan masjidlaru madrasalarni, tarbiyagohlarni ko‘rish, o‘tmishni bugunga va bu kunlarni moziyga qiyoslash, ovrupocha madaniyatu maishat ta’siridan ozoda, o‘z hollaricha qolgan musulmon qarindoshlar ila diydorlashish men uchun katta ibrat va tushuncha berajagi har doim fikrimda edi.

Shu yilning fevral, ya’ni cho‘pur oyida nuroniy amir Abdulahad[2] hazratlarining Bog‘chasaroyga tashrif buyurib, men ojizlariga lutfan ko‘rsatganlari iltifoti shohonalari necha yillardan beri ko‘ngilda kuyub-kullanib turgan otashni ochiq olovlantirib yubordi va bir oz tadorikdan so‘ngra, 10 mayda Bog‘chasaroydan chiqib, Turkistonga yo‘l tutdim.

Sevastopoldan Botumiga hech qiynalmasdan o‘tib oldim. Ikkinchi Aleksandr nomidagi pochta kemasi g‘oyatda ulkan va muhtasham ekan. Havo ochiq va rohatbaxsh, dengiz kechalari esa bag‘oyat laziz edi. Qirq olti soatlik dengiz yo‘li hash-pash deguncha ortda qoldi.

Yozning shiddatli issiqlari boshlanmasdan turib borib-qaytsam deya niyat qilganim uchun hech yerda to‘xtamaslikka qaror bergandim, ammo Tiflis va Boku shaharlarida bir-ikki kun aylanib qolib ketdim. Janubiy Qafqazda ko‘rib-eshitganlarimni yozmoq murodim yo‘qdir, agar yozsam-da, diqqatga loyiq, yangi biror narsani bayon etmog‘im qiyindir. Faqat shuni ham aytib qo‘yay, Botumidan Tiflisga uzangan temir yo‘li atrofidagi xushmanzara yerlar Gurjistondagi, dunyodagi eng barakatli, eng latofatli kengliklar bo‘lsa kerak. Ko‘p yerlarni kezdim, biroq Gurjistondagiday tuprog‘i hosildor va mevador, manzarasi go‘zal va yarashiqli yerlarni oz ko‘rdim. Yo‘l bo‘yi qayoqqa qaramang, goh ekinzorga, goh o‘rmonlikka, goh esa bog‘u bog‘chali, yam-yashil, ulug‘vor tog‘lar etagidan, daralardan gurillab oqa kelayotgan, bir tegirmonni yuritadigan suvlarga ko‘zingiz tushadi. Lekin bu suvlardan foydalanayotgan odam juda oz. Gurjilarning eng suyumli, eng ko‘p ekkan ekini makkajo‘xoridir. Turli mevali daraxtlar, paxta, tamaki va har xil don-dunu sabzavot ekiladigan yerlar faqat makkajo‘xori bilan to‘latilgan. To Tiflisgacha yo‘lning ikki yoni makkajo‘xori dalalaridir. Agarda Gurjistondagi mana shu yer-suvlar bizning Qrim musulmonlarida bo‘lsa edimi, barini bog‘u bo‘stonga aylantirib, jahonni mevaga ko‘mib yuborardilar. Farangistonni sayru sayohat etib, ovrupolik qavmlarning hunaru kamolotini ko‘rib qaytganimdan so‘ngra Qrimning ulardan ancha orqada qolganini anglab, qattiq ma’yuslangandim. Kap-katta, ulug‘ Gurjistonning makkajo‘xoridan boshqa ekinni bilmasligini ko‘rarkanman, darajai hunar va kamolotda Qrim musulmonlarining judayam tubanda emasligini mushohada qildim. Keksa otaxonlarning so‘zi bilan aytganda «Farangistonni ko‘rib fikr etdim, Gurjistonni ko‘rib shukr etdim». Ahli hunar qo‘lida yuz minglarcha hayvonday xizmat qila oladigan kuchga ega muborak suvlar, qarang-a, ulug‘ tog‘lardan sharqirab tushgan soylaru irmoqlar bekordan-bekor oqqanicha dungizga quyilib yotibdi. Hazrati Nuh zamonidan qolgan, qing‘ir-qiyshiq, xaroba, suv tegirmonlaridan bo‘lak birorta madaniyat belgisi, birorta kamolot asari ko‘rinmaydir. Holbuki, Gurjistonning har bir qarich yeri oltinga teng, biroq uning qadrini bilgan topilmaydir.

Bir oz dam olish maqsadida Tiflisda ikki kun qoldim. Dengizda yoki temiryo‘lda charchagandir, deya zinhor o‘ylamang, eski do‘stlar bilan chaqchaqlashib, bir yayrasam, dedim-da.

Kimga qanday bilmadim-u, menimcha, do‘stlar diydori, xususan tarbiyali, ziyoli odamlar bilan muloqot eng go‘zal safolardan biridir. Bugungi zamonga qadar musulmon jamiyati orasida biluvchi, ma’lumotli kishilar juda oz yetishdi; ana shunday nodiri davronlar har shaharda bir yoxud ikkitagina mavjudligi holda, Tiflisda besh, o‘n, balki undan ham ziyodadir. Ular turli maktablarda tahsil olgan va kasbi kamol hosil etgan, davlat xizmatini bajarayotgan yoshlardan iboratki, agarda bir yig‘inda besh-oltisi qatnashsa, bilingki, bu faqat Tiflisda bo‘lur. Ilmi huquq va siyosatda mohir Ahmad[3], tabib-doktor Muhammad, muhandis Salim, harbiy maktabni bitirgan subay va to‘ra Ali, maorif va tarbiya ishlarida tanilgan Hasan va shunga o‘xshash bir necha fahmi o‘tkir, ochiq fikrli katta olimlaru mo‘‘tabar savdogar afandilarni bir yig‘inda uchratmoq, suhbatlashmoq ularga xosu mos insonlar uchun naqadar lazzatli va rohatbaxsh ekanligini aytmasam ham bo‘ladi.

Bu so‘ng yillarda ijtimoiy hayot maydoniga otilib chiqqan yoshlarning umumxalq manfaatini o‘ylovchi, har yerda har kimga qo‘lidan kelganicha yordam ko‘rsatuvchi ahli g‘ayrat ekanliklari jamiyati islomiya uchun faxrli hollardandir.

Bu safar Tiflisda yana bir do‘st orttirdim, oti Qorabog‘li. U Rusiyada tahsil olganidan keyin Fransiyaga borib, So‘rbo‘n dorilfununida o‘qib qaytgan yoshlardan. Boshqa millatlar ichida unga o‘xshash o‘qigan va besh-olti til bilganlar ko‘p bo‘lganidan alohida e’tibor berishmaydi, lekin bizning jamiyatimizda shunaqa komil tahsil olganlar orada bir ko‘rinsa-da, darhol obro‘li zotga aylanadi. Shuning uchun biz ham bu qarindoshimizning borligidan iftixor etdik.

Tiflisdagi islomiy turmushga ravnaq bergan Qafqaz ulamolari raisi, mufti[4] Husayn afandi G‘oyibov[5] bilan shayxulislom Mirzahasan Tohirovdir (Yaqinda vafot ayladi, xudo rahmat qilsin). Shu ulamolar soyasida bu o‘lkalardagi musulmonlarning diniy ilmlari va g‘arbdan kirib kelayotgan yangicha bilimlar ayricha rivoju ravnaqqa erishmoqdadir.

Ilmu funun va maorifning ojiz bir muhibi ekanligimdan bunday odamlarni ko‘rmoq, yig‘in va suhbatlarida qatnashmoq ko‘nglimga rohat, fikrimga oydinlik va quvvat beradi, albatta.

Tiflisga yo‘lim tushgan ekan, Eron davlati oliyasining bu yerdagi bosh ko‘nsuli janob Mirza Rizoxon[6] ziyoratiga bormog‘im vojib edi. 10 aprelda «Tarjimon»ning o‘n yilligini qutlaganimizda, janob ma’rifatpar ko‘nsulning yuborgan tabrik telegrammalariga tashakkurimni aytmoqlik bo‘ynimdagi bir qarz edi.

Tiflisdagi Eron ko‘nsulxonasi shaharning eng go‘zal binolaridan bir xos saroydirkim, eroncha usulda qurilgandir, bo‘lmalari orasta, keng mehmonxonalari Eron madaniyatining ko‘rkam namunasi, ravnaq va sharqcha rohatu huzurning bir oinai haqiqiysi shaklidadir. Mirza Rizoxon o‘rta yoshli, g‘oyat kelishgan odamdir; hazrati shavkatli Nasriddin shohning eng ma’lumotli va maqomi darajasiga eng munosib, sodiq bandalaridan biridir. Kasb aylagan bilik va kamoloti, forscha, turkcha, ruscha va fransuzcha kabi tillarni mukammal o‘rgangani undagi tirishqoqlik va g‘ayrat samarasidir, o‘z-o‘zining boyligidir. Muloyimligi, odamiyligi va jamiyatga ma’rifatu ma’naviy xushnudlik tarqatgani bois Tiflisning hokimu harbiylari, mo‘‘tabarlari orasida etibor qozongan, shuningdek, bundagi eronliklarning ham mehru muhabbatiga sazovor nufuzli zotdir. O‘tgan yili, o‘lat kasalligi tarqalgan kunlarda, Tiflis bozorlarining va musulmonlar yashaydigan mahallalarning darhol tozalanib, pok saqlanishiga erishuvda Mirza Rizoxonning bir taklifi va nasihatlari kifoya qilgandi. Musulmonlarni janoza o‘qittirib islomiy usulda dafn etilishi lozimligi to‘g‘risida mahalliy hukumatga bergan bayonoti, musulmon xastalar uchun yordam uyushtirgani, o‘zi fidokorlik bilan shifoxona qurdirgani, shahardagi musulmon aholiga ko‘rsatgan xizmati allaqancha gazetalarda maqtab yozilgandi.

Majlislarda, jamiyatlarning turli yig‘inlarida, iona va xayriya tashabbuslarida ko‘zga ko‘ringan zotlardan, daftarlarga nomi birinchilardan bo‘lib bitiladigan Mirza Rizoxon, haqiqatan ham, Eronning zamonamizdagi atoqli siyosatchilaridan biridir.

31 avgust 1893 (2 rabiul avval 1311), 29-son

2

Boku shahri va Boku musulmonlari

17 mayda Bokuga kelib, bir do‘stimizdan ozoda va tinch deb eshitganim uchun, «Ovrupo» mehmonxonasiga o‘rnashdim. Musofirxonada bir necha yosh jam bo‘lishib ojizlarini kutib olishdi; yana bir necha kishi temir yo‘l vokzaliga borib, bandalarini izlamishlar. Bokuga qaysi kun kelishimni aytmagan esam-da, do‘stlar g‘oyibona Tiflisga telegramma yo‘llab, xabar olishipti, faqat telegrammadagi arzimagan yanglishlik tufayli vokzalda men bilan uchrashmoq mumkin bo‘lmadi.

Shundayin nazokatli hurmatga loyiq ko‘rilmoqni xotirimga ham keltirmaganim bois ko‘p mutashakkur va mutaassir holda ekanman, musofirxonaga yig‘ilgan yoshlar maxsus bir yerda taom tayyorlanganini va meni o‘sha yerga olib borishlarini, mehmonxonadan ham boshqa joyga ko‘chirishlarini bildirishdi.

Bundayin mehru e’tiborlari uchun ularga rahmat aytib, shu yerda qolishga izn oldim va Bokuda necha soat, necha kun qolsam, barcha suhbatlarida qatnashishga va’da berib, ularning kimlar ekanligini-da yaqindan o‘rganib, yana bir karra barchalaridan mamnun bo‘lib, tushlik qilgani jo‘nadik. G‘anizodaning[7] uyida bandalari uchun alohida xonalar va yemak tayyorlangan edi. Shunaqangi do‘stona va nozik muomala hamda taomlarning nihoyatda lazizligini, ziyofatdan so‘ngra ichilgan choy va qahvalar huzurini, dasturxon ustidagi suhbatlar sururini gapirib o‘tirmasam ham bo‘ladi.

Gazetamning imkoni torligi uchun sayohatimni mufassal va keng bayon etolmayman. Faqat ko‘rishganim musulmonlarning holati va ularga oid kerakli xususlarni tasvirlab, izohlab o‘tmoqchiman. Shuning uchun ham Boku shahri haqida beradigan ma’lumotim juda ham qisqadir. Bu shahar yunon va arab jo‘g‘rofchilarining asarlarida yodga olingan makon. U eng eski chog‘lardan beri neft, ya’ni yermoyi va yer ostidan chiqqan tabiiy gazlarning yonib turishi bilan shuhrat qozongan. Rusiyaning bosib olishidan avval ba’zan Eron va Usmonli saltanati, ko‘pincha esa Shirvonshohlar hukmida edi, 1806 yili general Bulgakov boshchiligidagi rus qo‘shinlarining qonli hujumlari natijasida istilo etilib, ruslarning mulkiga qo‘shilgan. Eng so‘nggi hokimi Husayn Qulixon shahar ishg‘oli kuni qochib ketgan.

Xazar dengizi (boshqacha nomi Kaspiy yoki Hojitarxon dengizi) qirg‘oqlarida yarim doira shaklida joylashgan Bokuning bugunda turli qavmlardan iborat, yuz mingdan ortiq aholisi bordir.

Zamon va binolarning qurilishi nuqtai nazaridan Boku ikki qismga bo‘linadi. Biri eski shahar, xonlar davrida shakllangan, musulmon mahallalaridan iborat. Ikkinchisi yangi shahardir, u keyingi vaqtlarda zamonaviy usulda va mukammal suvratda bino etilgandir, asosan ruslar, armanilar, musulmonlar va boshqalarning yashayotgan va tijoratini yuritayotgan mahallalardir.

Eski shaharda musulmonlar saltanati zamonidan qolgan bosiq, usti yopilgan bozor, jumamasjid va Xon saroyining qoldiqlari saqlangan. Dengizga yaqin Qizqal’asi degan juda katta va eski minorali qal’a bordir.

Mudofaaga va qarshi hujum uyushtirishga qulayligi, mahkamligi, dushman oyog‘idan eminligi kabi xususiyatlariga ko‘ra ba’zi tog‘ cho‘qqilarini, devorlari va minoralari mustahkam qal’alarni «Qizqal’asi» deb atash turk milatining qadimiy odatidir. Shu ma’noda Boku qal’asini ham mahkamligi ko‘zda tutilib, Qiz qal’asi deyilishi g‘oyat tabiiydir.

Shahar aholisining o‘ttiz mingdan ortig‘i ahli shia musulmonlardir. Sunniylar ozdir. Elning barchasi turkiy tilda so‘zlashadilar, faqat ulamosi va maktab-madrasa ko‘rgan tujjori forsiyga oshinodir. Boku musulmonlarini «ajam», «eroniy», «pirsiyon» deya ham yozadilar, lekin buning turgan-bitgani yanglishdir, chunki bular umuman til, irq va qiyofa, urf-odat va an’ana jihatidan qaynab chiqqan turkdirlar. Ahli sunniy turk bo‘lgani kabi shia mazhabidagilar ham turkdirlar. Forsiylar ham emas, pirsiyonlar ham emas, chunki ularning qadimgi vatanlari Eron emas, Turkistondir.

Bokuliklar uzun bo‘yli, kuchli va ishlak-mehnatsevar insonlardir. Ya’ni, ma’rifat va hunarlari rivojlangan sari dunyodan mamnun bo‘lib yashaydigan odamlardir.

Kasb-korda, tirikchiligu mehnat maydonida Boku turklari anchagina g‘ayrat va kamolot egasidirlar. Eron, Qafqaz, Turkiston va Rusiya, ya’ni to‘rt yo‘l og‘zida joylashganligidan foydalanaroq diniy va dunyoviy ishlardagi ko‘p sohalarda birmuncha taraqqiyga erishganlari ko‘rilmoqdadir. Ochiqroq aytsak, ular Rusiyaning boshqa shaharlarida va unga bog‘liq viloyatlarida yashayotgan ahli islomning barchasidan ilgaridadirlar. Bokudagi qarindoshlarimiz kasbu tijoratda Qozon, O‘rinburg, Hojitarxon turkiylaridan o‘zib ketishgani aniq.

Boku musulmonlari ichida Hazar dengizida uch-besh ulkan vopuri[8], besh-o‘n kemasi bo‘lgan dengiz savdogarlari bordir. Vo‘lga daryosida, musulmonlar orasida biror vopuru kema sohibini, biror tuzukroq qayiq egasini uchratmadim.

Shunday musulmonlar ham borki, ish hajmi va sarmoyasi milyo‘nlar bilan hisoblanadir. Eng qoyil qoladigan joyi shundaki, yermoyi va kerosinni qayta ishlash va sotish anchagina ma’lumotli bo‘lishni, kimyo va mexanikani yaxshi bilishni talab etishi, bunga oid fanlar madrasalarda o‘qitilmasligi, musulmonlarning bu sohaga tishi o‘tmasligi ayon bir vaziyatda ham, dindoshlarimiz va eldoshlarimiz kamoli g‘ayratlari va zakovatlari tufayli necha-necha zavo‘d-fabrikalarga ega bo‘libdirlar! Faqat Farangistonda ilmi kimyo tahsil etib qaytgan bir musulmon kimyogarning ularning joniga oro kirgani ham oshkor haqiqatdir.

Necha zamonlarning bo‘ronlari, hukumatlarning ag‘darilishlariyu almashinishlari aholini buzib, zadalagan esa-da, «Turklar eti churumas, suyaklari qurumas» degan otalar so‘zi (maqol)ga uyg‘un o‘laroq, har turli musibatga chidam va sabot bilan yashagan bu yerning turklari inqirozlarda yo‘qolib ketishdan qutula olibdirlar. Ammo bir yoqdan mutaasiblik, bir yoqdan nodonlik xalqni ortiq ezib, holi g‘aflatga duchor etgani uchun qo‘llaridagi molu davlatning anchaginasini boy berganlari ham ma’lumdir. Zamon taqozosiga ko‘ra musulmonlardan besh-o‘n yillarcha oldinroq ko‘z ochgan armanilar ahli islomga oid molu tijoratning ko‘p qismini egallab, bugunlarda Bokuda og‘alik qilmoqdadirlar. Bokudagi armanilarga bog‘liq zavo‘d va fabrikalarning barchasi oldinlari tamaldan musulmonlarda edi. Lekin qadr-qiymatini bilmay qo‘ldan chiqardilar. Boku armanisi qadim aholidan emas, atrofdan va ko‘pi Qorabog‘dan kelgan ko‘chmanchilardir.

Neft va kerosin savdosida musulmonlardan birinchisi va shirkatlar orasida muhim darajadagisi hoji Zaynalobiddin[9] va o‘g‘illaridir. Bir yilda 15 milyo‘n pud neft chiqarib, 4 milyo‘n pud kerosin va 40 ming pud benzin ishlab chiqaradi. Musa Nag‘iyev[10] va Shamsi Asadullayev[11] zavo‘dlari diqqatga sazovordir. Bittasi bir yilda 2 milyo‘n, ikkinchisi 1,5 milyo‘n pud kerosin ishlab chiqarishadi. Bulardan tashqari yana 41 musulmonning tijoratxonasi neft va kerosin ishlab chiqaradi. Boshqa mol-tovar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar boylar ham ko‘pdir.

Hoji Zaynalobiddin afandini esladik, shuni ham aytib o‘tay. Hoji deyilganda, katta va qalin salla o‘ragan, uzun choponli, oqsoqol bir odam ko‘z o‘ngingizga keladi, shundaymasmi? Men ham shunaqa o‘ylagandim. To‘g‘ri, u inson hoji ekan-u, biroq barcha o‘ylagandan boshqacha ekan. U – qora soqolli, boshiga qora qalpoq kiygan, kamolot yoshidagi bir kishi. Sallasiz bo‘lsa ham kallali odam, boshi yaxshi va yuksak fikrlarga to‘la, imomlikdan uzoq bo‘lsa ham saxovatli, xayrli va go‘zal ishlari libosi-la bezangan buyuklarga yaqin zotdir.

U ma’rifat davroni yutuqlaridan, ya’ni texnika, mexanika va kimyo bilimlaridan foydalanib hosil qilingan kerosin, benzin kabi qoramoy za-vo‘dlarini bunyod etibdir, idora va taraqqiyda birinchilar darajasiga erishibdirki, bu sohada undayin boshqa hojini uchratmadim.

Bundan sakkiz yil muqaddam Bokuga ilk bor kelgandim. Endi sakkiz yil ichida musulmonlarning anchagina rivojlanganini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Faqat mol-davlat va boylik borasidagina emas, balki aqlu farosatlari, ma’lumotlari, tushunchalari ham yuksalibdir. Maishiy turmushda, boshqaruvda qo‘llari uzayibdir; shahar umumiy majlisida, jamiyatlar va tashkilotlarda, klublarda maqom va mavqelari ortibdir; maktablardagi o‘quvchilari, shahardagi maktablari ham ko‘payibdir, kattayibdir. Garchi choyxona va mayxonalarga havas ziyodalagini, «matushka»ga (fohisha)larga ishqibozlik kuchayganini sezgan bo‘lsak ham, bu ishlarga ortiqcha to‘xtalib o‘tirmaymiz.

9 sentyabr 1893 (11 rabiulavval 1311), 30-son

 

3

Ilk bor Bokuga kelganim bilan bu ikkinchi safarimni solishtirib, orada o‘tgan davrda shahar anchagina rivojlanganini yozgandim. Birinchi sayohatimda hurmatli Safaralibey Valibeyov[12] men bilan birga edi. Do‘stlarcha yo‘limda yo‘ldoshlik, yetakchilik qilgandi, Qafqaz qit’asining ko‘p yerlarini birga kezgandik. U safardan matlabim aholining ahvolini o‘rganmoq, chiqara boshlaganim gazetaning tarqatilish masalasini ham hal etmoq edi. Shuning uchun ham Bokuning butun bozorlarini aylanib yurib ko‘rgandim; bir-ikki yuz gazetani majburan odamlar qo‘liga tutqazib qutulsak-da, birorta xolis mushtariy topolmagandik.

Tijorat ahli bizni qo‘lidan ish kelmaydigan, laqma-landavur deya, ulamolar esa, gazeta-havodisnomaning nomidanoq qo‘rqib-hurkib ketib, bizdan qochishgandi. Ko‘rishganimiz bir-ikki ziyoli «obrazovanniy» musulmonlar ham bu sohada biror vazifa yo maqomni egallamasdan turib gazetachilik ishiga sho‘ng‘iganimizdan taajjubda edilar! Bir voqeani hech unutolmayman, kechagiday hamon yodimda. O‘shanda dengiz qarshisidagi katta ko‘chada joylashgan bir karvonsaroyga yo‘naldik. Janob Safaralibey yo‘lboshlovchi sifatida oldinda borardi. Bir savdogarning do‘koniga kirdik. Kiyim-qiyofatimizga ko‘ra shayx yo so‘fi, yoxud marsiyachi-maddoh emasligimiz zohir edi. Do‘kondagi qardoshlar bizga savol va maroq nazarini tikkanlari holda, Safaralibey mening Bog‘chasaroydan Bokuga kelganimni, musulmoncha-turkcha gazeta nashr etayotganimni tushuntirdi. Hurmatli qardoshlar boshlarini likillatib iltifot ko‘rsatdilar, ammo nechun Bokuga va ularning karvonsaroyiga kelganimni, maqsadu matlabimni so‘roqlaganlaricha hayron edilar, ya’ni gazeta degan narsani umuman tushunmasdilar...

Safaralibey bu g‘ofil bandalarning ko‘zini ochish uchun bir-ikki «Tarjimon» nusxasini taqdim etib, gazetadan, ma’rifatdan, adabiyotdan nutq so‘ylamakka chog‘langancha bir-ikki og‘iz so‘z aytishi bilanoq, yuz-ko‘zlarini hadik qamragan qardoshlardan biri shosha-pisha gazetalarni rad etdi: «Kerak emas!» dedi. Balki haqli edi, chunki ularga taqdim etilgan yozuvli qog‘ozlar pulday aziz, kishmishday laziz narsa emasdi-da!

Bunaqa holatlarning bir nechasini ko‘rganim uchun fahm va basirat duosini o‘qib, Tangridan g‘ofillarning ko‘zini ochishini tilab duo etdim. Ammo Safaralibey qardoshlarning bu harakatidan g‘oyatda ta’sirlarnib, fikrini mendan yashirmoq niyatida, ularga forschalab tanbeh berdi – mening musofir va yot odam emasligimni, mo‘‘tabar kishilarga hurmatan bir-ikki havodisnoma gazeta hadya etganimni, bu sovg‘alarni rad qilish ayb ekanligini uqtirdi... Shundan keyin qardoshlardan birisi insofga kelib, ochiqchasiga xitob ayladi: «Ol ushbu nusxalarni, nechun rad etarsan! Pul-mul so‘rayotgani yo‘q-ku. Choy-poy o‘rashga yarab qolar», dedi.

Ibratli yeri shundaki, bundan sakkiz yil oldin «Kerak emas!» va «Choy-poy o‘rashga yarab qolar» deyilgan gazeta nusxalarining muharririni bugunda ahli Boku hurmatlamoqda, uning istiqboliga chiqmoqda; telegrammalar yozishmoqda, hadyalar berishmoqda, mehmon qilib e’zozlashmoqda. Sakkiz yil oz sana, bu muddatda bunchalikka erishish fahmu idrokning, tushunchaning o‘sgani emasmi, axir.

Hoji Zaynalobiddin afandi haqida so‘zlagandim, yana u zotga oid ba’zi fikrlarimni aytib o‘tsam. Chunki bu zot zamonaning eng yetuk mevasi va namunasidir. Bilamizki, ayrim tujjor va savdogarlar ko‘pchilikka, millatga xayru saxovat ko‘rsaturlar, umumning foydasi va manfaatidan so‘zlashurlar, milliy maorif va madaniyat uchun qo‘llaridan kelganicha yordam va xizmat ko‘rsatmoq istarlar. Bular orasida u Bokuning «hoji»si, birinchisidir. U o‘z bolalariga yetarlicha ta’lim va tarbiya berish bilan birga yana yuzlarcha aqcha sarflab, bir necha yosh qardoshlarni katta maktablarda o‘qittirmoqdadir. O‘n besh ming rubl iona aylab, Boku viloyati musulmonlari uchun ziroat, dehqonchilik maktabi tashkil ettirdi. Rusiyaga yo‘li tushganda ham o‘quv yurtlari va dorilfununlarda tahsil ko‘rayotgan yosh musulmon talabalar holidan xabar olib, ularni rag‘batlantirmoqdadir. Shahar majlisida maorif va madaniyat rivoji uchun pul ajratilishiga erishgan, boshqa turli yig‘inlarda ham doim tahsili hunar va kamolot haqida so‘zlagan hoji shu zotdir.

Bokuda bu hojiga yo‘ldosh, fikrdosh va maslakdosh bo‘lgan yana bir qancha odamlar bor. Masalan, Musa afandi Nag‘iyev, Shamsi Asadullayev va boshqalar. Shunday qilib, maorif va tahsil, islohot uchun so‘zu amalda g‘ayrat ko‘rsatayotganlar bor, xudoga shukr!

Musa afandining kerosin zavo‘diga borgandim. Dengiz qirg‘og‘idagi zavo‘dga qarashli yuklama ko‘prigida uning yuk kemasi bug‘ chiqarganicha mol ortayotgan ekan...

Shuncha mashinalar, zamonaviy yangi texnikalar, muncha ishchilar va ustalar bir musulmon tasarrufida va idorasida ishlayotganini ko‘rib, g‘oyatda shodlandim. Ilgarilari barcha qardoshlarni faqat aravakash, duradgor, yukchi-hammol, qarol eshikchi qiyofasida ko‘raverib ko‘zi va ko‘ngli ancha qorargan, ezilgan kishiga rus, fransuz va ingliz fabrikasi darajasida buyuk bir ish yerining egasi musulmon ekanligini ko‘rmoq – necha kunlik ochlikdan keyin topilgan non kabi totli, laziz va aziz tuyulishi tabiiydir, albatta. Aravakashdan paraxo‘d sohibiga, hammoldan fabrikachiga, duradgordan katta tujjorga aylanishdek iste’doddan mahrum emasligimizga Bokudagi bu yuksalishlar isbotdir, bu hol ahli hamiyatga madoru tasallidir.

Bokuda men ojizlarini kutib-qarshilaganlar ichida Eron savdogarlarining tujjorboshisi bir yosh yigit ham bor edi. Erondan kelganiga bir necha yil bo‘libdir, orada bir oz turkcha, ruscha va fransuzcha o‘rganibdir, kitoblar, gazetalar o‘qib, bir qadar bilik va tushunchaga erishibdir. Shundan xulosa chiqarsak, demak, hayotda ko‘rgan-bilganimizcha o‘rganishga g‘ayrat qilsak, ko‘p narsaga erishmoq mumkin ekan.

Bokudagi Millat bog‘ida musulmonlar bilan ikki oqshom hamsuhbat bo‘lganim hamon yodimda. Tiflisda bo‘lganidek, bu yerda ham bir qancha tushunchali, fikrli birodar ziyolilarni, uzoqni ko‘radigan mo‘‘tabar tujjorlarni uchratdim. Belgiyada ilmi kimyo o‘qigan musulmon, Olmoniyada tib ilmini o‘rgangan yoshlar har bir shahardagi ahli islom orasida juda ozdir. Shuning uchun ham bundayin yoshlarni bir yerda, xayrli ishlar qilayotgan bir jamoat orasida ko‘rmoq zamon zukkolariga boshqacha bir kayfiyat bag‘ishlovchi lazzati ma’naviyadir.

Bokudagi shkolalar – rus maktablari ham diqqatga sazovordir. Muallimlar bunda ham ruscha, ham musulmoncha dars beradirlar. Tahsil jadid usulicha qurilgani bois bir-ikki yilda ruscha va musulmoncha lozim ma’lumot egallanadir. Tasodifan bulardagi imtihon kunida qatnashdim. Barakalla, bolakaylarning turkiy va ruschada o‘qib-yozganlarini va tarjimalarini eshitib ko‘rib, g‘oyatda mamnun bo‘ldim. Har yerning shkolalari shunaqa bo‘lsaydi, musulmonlar mamnuniyat-la o‘qirdilar. Ular ham ilm va ma’rifat qadrini bilurlar. O‘qituvchilarning barchasi musulmondir, turkiyni, ozarbayjon tilini yaxshi bilgan musulmondir, aholi bundan xabardordir, albatta. Men ko‘rgan bu maktablar xususiydir. Ular ayrim ziyoli musulmonlar g‘ayrati bilan barpo qilingan, e’tibor va rag‘bat qozongandir. Rusiy va turkiy darslar beradigan boshlang‘ich maktablarning birinchisini Bokuda ochgan Mahmud afandi G‘anizodadir. U zot maxsus turkiy o‘qish kitobi va lug‘atchasining muallifidirki, g‘ayratlarini tabrik eturmiz.

Musulmon mahallalarini kezarkanman, bir bolalar maktabiga duch keldim va ichkari kirdim. O‘ttiz-qirq o‘quvchisi bor ekan. Muallimdan izn olib, bolalarni imtihon etdim. Turkiy va forsiyda o‘qib-yozishlaridan, Qur’on qiroatlaridan mamnun bo‘ldim. Maktab eski usulda ekan, ammo uning holatida, taraqqiysida muallimning g‘ayrati ko‘rinib turardi. Bu maktab Mirza Xosib Aliqulio‘g‘liniki. Mirza Xosib afandini birodarlarcha qutlaymiz.

Musofirxonada yolg‘iz qolgan chog‘imda bir odam yo‘qlab keldi. Qabul ettim. Qiyofatidan bokulik bir musulmon ekanligi oshkor edi. Choy quyib uzatdim. Suhbatlasha boshladik. Bu kishining og‘zidan chiqqan so‘zlar va taftish yo‘nalishidagi ayrim savollarimga bergan javoblari hayratimni oshirdi. Ruscha yoki fransuzcha bilmagani va Ovruponi ko‘rmagani holda kamoli tahsil etgan bir zot darajasida edi. Eronda tarqalgan bobiy mazhabi mansublarining fahmu farosatda va tafakkurda ajralib turishlarini bilganim va buni ham ulardandir deya shubhalanganim uchun, ochiqchasiga bobiylardanmisiz deya so‘ragandim, «ha» deya tasdiqladi. Shundan keyin yanada ochiq muzokaraga kirishdik. Bobiylar to‘g‘risida undan olgan ma’lumotni alohida bayon eturman, chunki bobiylar xususida hech bir xabari bo‘lmagan shia va sunniy musulmonlar ko‘pdir. Zotan har bobda ilmu bilim jaholatdan afzaldir.

 18 sentyabr 1893 (20 rabiulavval 1311), 31 son

 

4

Uzunorol-Turkman yurti-Ko‘ktepa

19 may ertalab Bokudan Uzunada-Uzunorol sari yo‘naldim. Turkiston va Qafqaz qit’alari o‘rtasida yoyilgan Xazar dengizi, yana bir nomi bilan atasak Hojitarxon dengizidan o‘tishimiz kerak edi. Musofirxonadan yig‘ishtirinib chiqarkanman, yonimdagi bir-ikki do‘stim bilan kemaga yetib kelganimda, men bilan xayrlashishga tashrif buyurgan bir necha mo‘‘tabar kishilar vopurning umumiy bo‘lmasida bizni kutishayotgan ekan. To ikkinchi sezgirik berilib (qo‘ng‘iroq chalinib), kema yo‘lga chiqqunga qadar barchamiz vaqtni suhbat bilan xush o‘tkazdik.

Xazar dengizi kemalari Qora dengiz kemalariga o‘xshagan katta va mukammal emas. Bugun havo va dengiz juda tinch bo‘lgani uchun sayohatimiz rohatbaxsh va osoyishta kechdi. Ertasi kuni ertalabdan Turkman o‘lkasining sap-sariq qumliklarga burkangan qirg‘oqlari, pasttekisliklari ko‘zga chalindi. Qay tarafga boqmaylik, faqat qum tepalari ko‘rinadi, birorta o‘sgan og‘och, buta yo‘q... Quyoshda qizib-yonib yotgan jazirama qumlik. Dengiz sohillarida tog‘lik, o‘rmonlik va yam-yashil bog‘u bo‘stonlarni ko‘rib o‘rganganim uchunmi, bu turkman chag‘alari-qirg‘oqlari menga og‘ir ta’sir qildi.

Uzunorol ko‘rinmasdan oldin katta kemadan kichikroq kemaga tashindik, chunki bu yerlarda dengiz chuqur emas, ulkan kemalar qirg‘oqqa yaqinlasha olmaydi. Qushlik[13] vaqti Uzunorolga yetib bordik. Bu yer shahar ham, qishloq ham emas, qumlik o‘rtasida yog‘och-taxtadan qurilgan temiryo‘l qo‘nalg‘asidir. Oyog‘im yerga tegishi bilanoq atrofga boqib, harbiy va askariy qonunu odatlar hukmron makonda ekanligimni his etdim. Kema bekatida ko‘ringan qorovullar, xizmatchilar, umuman barcha ma’murlar harbiylardir... Uzunorol degani nuqul taxtadan yasalgan uychalar, Rusiyadan keltirilgan molu tovarlar va Turkistondan Rusiyaga yuborilayotgan paxta toylari turadigan taxta omborlardan iborat bir rabot ekan. Uzunorol ichida va atrofida qum va qumtepalardan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Suv, quduq yo‘q; kun yerni yondirib yuboray deya qizdirib yotibdi. Aholisi bir-ikki armani, bir-ikki gurji va bir-ikki eronlikdan iborat, har birining bittadan ombori bor. Dengiz qirg‘og‘ida besh-o‘nta turkman, belgacha suvga kirganlaricha, qayiqlardan saksovul o‘tinini tashishmoqda. Saksovul qumlikda o‘sadigan, bizdagi qing‘ir-qiyshiq daraxt ildizlarini eslatadigan butadir. Bu taraflarda bundan boshqa o‘simlik yo buta uchramaydi, u ham qum ustida emas, balki ostida yetishadi, demak joizdir.

Bekatdan narsalarimizni temiryo‘l markazidagi barakka tashidik. Poezd oqshomga yaqin jo‘narmish. Issiq kuchli edi, qumlik shunaqayam yumshoqki, yursang oyoq suvga botganday botib ketadi, odimlash qiyin. Vaqtni choy ichish, dengiz suvida cho‘milish bilan o‘tkazishga majbur bo‘ldim. Oqshomga ikki soat qolganda vagonlar ochildi, tezda chiqib joylashdik. Poezd qo‘zg‘aldi, qumtepalar orasidan, haybatli qum cho‘llari ichidan o‘tuvchi temiryo‘l bo‘ylab ilgarilay boshladik... Qum, qum, qum... Na inson bor, na hayvon! Qiyomatdan keyin yolg‘iz qolgan dunyoni eslatadigan bir makon!.. Uzunoroldan Qizilarvatgacha ikki yuz chaqirim temiryo‘l faqat qumlik ichidan o‘tgan. Qizilarvatdan Bayramali degan yergacha esa besh yuz Turkman cho‘lidan borilarkan. Keyin Buxoro chegarasiga qadar yana buyuk qumlik mavjud. Bu yoqlarda ma’mur va go‘zal demoqqa arziydigan yerlar Qiziarvatdan Bayramaligacha uzangan yo‘l bo‘lsa kerak. Ammo bu go‘zal yerlar ham suvsiz, 20 maydan so‘ngra sapsariq, jazirama qiru cho‘lga aylanarkan.

Uzunoroldan Marvga borgungacha, kunchiqarga ketilarkan, Qizilarvatdan Qaqagacha temiryo‘lning o‘ng yog‘i Eron tog‘lari bilan chegaralangandir. Bu tog‘lar ancha yuksak, o‘rmonsiz, qoyalik va toshlikdir. Eng baland cho‘qqilarida qor ko‘rinadir. Tog‘lardan temiryo‘lgacha uzangan kichik-kichik ariqlar bor. Ular atrofida bir-ikki turkman ovullari ko‘zga tashlanadir. Ariqsiz yerlar va temiryo‘lning so‘l yoni qoqquruq, quvragan suvsiz cho‘lu sahrodirki, bu yerlar faqat erta ko‘klamdagina mol o‘tlatishga yarar. Ovullar o‘n besh-yigirma «yurt» – chodirdan iborat, ular ko‘pincha «qal’a» ichiga tikiladir. Yurt deganlari xuddi bizning Qrimdagi bolari ini savatlariga o‘xshash kaltaklardan to‘qilib, ustiga kigiz yopiladigan qorauydir. «Qal’a» deganlari esa, oq balchiq-loydan urilgan uch-to‘rt arshin[14] balandligidagi devor bilan o‘ralgan to‘rtburchak hovlidir. Uning tashqarisida qazilgan xandaq ham bo‘ladi. Uch-to‘rt soatlik yo‘ldagina bitta ariq va ovul uchraganidan Turkman elining odam yashaydigan yerlari ulug‘ sahro ichida mitti-mitti yashil nuqtalar kabi taassurot qoldiradi. Ular ko‘zni quvnatadi, ravshan qiladi. Boshqa yerlari hayotsiz, bo‘m-bo‘sh makondir. Bu sahrolar ichida ko‘zga xush ko‘ringan nuqtachalar temiryo‘l markazlaridir. Uch-besh yilda paydo bo‘lgan go‘zal-go‘zal binochalar, tol va sarv og‘ochlaridir; gulzorlar, hovuzlar, buloqlardir. Ko‘pchilik temiryo‘l bekatlari dengiz bag‘ridagi yashil, mitti orolchalarga o‘xshaydi. Biroq bekatdan yuz-ikki yuz odim o‘tilishi bilanoq yana sahro, yana quvragan cho‘l - ikkinchi bir bekatgacha mana shu ahvol. Bularning orasi o‘ttiz-qirq verst[15] keladi. Ortiqcha jazirama bir yondan, o‘t purkayotgan sahro-cho‘llar bir yondan jonu ko‘ngilni siqib, Qrim va Dog‘iston tuprog‘ining bir qarichi ming oltin ekanini eslaganim holda, tag‘in tevarakni, yo‘lni ko‘rish uchun vagon derazalariga tirmashar edim... U yerda uch-besh tuya, bu yerda besh-o‘nta qo‘y, sal narida yana bir otliq turkman ko‘rinadir... Shu ham tomosha-da, na chora; hech bir tovush yo‘q; faqat vagonlarning taqataq-taqataq qilib borayotgani, gohida hushtak chalgani eshitiladi xolos va dunyoda borligimizdan darak beradi...

Ko‘ktepa bekatiga yetganimizni aytishdi. Bu yerda turkman musulmonlari bilan general Skobelov o‘rtasida juda qattiq, savash bo‘lgan. O‘ta mustahkam, kimsa kirolmaydigan bir qal’adir-da, degan xayolda vagondan tushdim... Yo‘ldan qirq-ellik odim masofada joydan tiklangan qal’a devorlari ko‘rindi. Ko‘ktepa shu emish. Chopib borib qal’aning ustiga chiqdim. To‘rt-besh desyatina[16] qadar kenglikdagi yer ekan; atrofiga xandaq qazilgan, besh arshin balandlikdagi devor bilan o‘ralgan. Tevarak tep-tekis yer, kaftday ochiq ko‘rinib turadigan tekis cho‘l; na bosh-keti, na burchagi bor. Yovdan himoyalanadigan istehkom qurish ham qiyin. Turkmanlarning juda jasur, bahodir xalq ekanliklari ma’lum. Ammo to‘p va yangicha miltiqlar bilan qurollangan yov askariga qarshi bundayin «qal’a»da omon qolish mumkinmas. Mashhur Ko‘ktepani ko‘rdim. Uning fath qilinganiga hech taajjublanmadim. Bunaqa qal’ani olish zotan katta ish ham emas. Lekin shu suvsiz cho‘llarda yurib, yozning jaziramasiga va qishning bo‘roniga chidagan soldatga ofarin dedim. Ko‘ktepa fathining nomi va shoni to‘ralaru boshliqlarning emas, qora askarga oid bo‘lsa kerak. Aslida men bularni uncha bilavermayman, ammo shunaqa o‘ylayman.

26 sentyabr 1893 (28 rabiulavval 1311) 32-son

5

Ko‘ktepadan keyin Oshiqobod (Ashqabat) shahriga bordik. Shahar ichi va atrofi bog‘u bog‘chalardan iborat bo‘lganligidan bu yerda suv mo‘l-ko‘l ekanligi ma’lumdir. Oshiqobod avvaldan turkman «qal’a»laridan biri bo‘lgan, bugunlarda reja va tartib bilan bino qilingan bir shahar suvratidadir. 21 may kuni edi. Turli olcha va o‘rik mevalari pishgan; don-dunlar ham yig‘ib olingandi. Bu yerlarning yozi bizning Qrimdagiga nisbatan bir oy erta kelarkan.

Shahar atrofida qadim zamonlardan qolgan anchagina xarobalar ko‘zga chalinadi. Bular arab me’morchiligi tarzida qurilgan imorat xarobalaridir; ular o‘tgan davrlarda bu yerlardagi musulmoncha hayot va madaniyat bu zamondagiga qiyoslanmaydigan darajada yuksak bo‘lganiga guvohdir.

Yangi rus shahri va ko‘chmanchi turkman qishloqlari orasida ko‘zga tashlanadigan eski zamon shahar xarobaliklari go‘zal naqshli ulkan darvozalar, atrofi ochiq qubbalar va mozor-maqbaralardan iboratdirki, ularning ma’naviy til ila ko‘ngil va aqlga xitoban so‘ylaganlari ahvoldan g‘oyatda ta’sirlangandim. Madaniyati islomiyaning bu taraflarda so‘ngani, ruslarning ta’sirida yangi madaniyat yaralgani, bu ikki madaniyat orasida badaviy turkmanlarning boshibo‘sh-sargardon turmush kechirayotganlari barcha yerga, qirlaru cho‘llarga chizilganday ko‘zimga ko‘rinib turardi.

Oshiqoboddan keyin anchagina obod Qaqa, Tajan va Marv degan yerlar va bekatlardan o‘tdik. Bayramalidan so‘ngra temiryo‘l yana qum dengiziga kirib, to Buxoro chegarasi va Amudaryoga borgungacha chamasi ikki yuz verstcha mudhish va qo‘rqinch bir sahrodan kecharkan.

Hazar dengizidan ushbu qum sahrosiga kelgungacha Xazarorti (Zakaspiy) viloyati, ya’ni Turkman yurti va dalalari, bo‘zqirlari sakkiz yuz verst qadar uzanib yotibdir. Tuprog‘i yaxshi esa-da, oqar suvlar, daryolar bo‘lmagani uchun ko‘p yerlar obod emas, qarovsiz bir holatdadir. Chunki bu taraflarda yozda yomg‘ir yog‘maydir, yog‘sa ham sepalab o‘tib ketadir. Eron tomonidagi tog‘lardan ba’zi kichik-kichik irmoqlar oqib keladir, biroq viloyatdagi yuzda bir yerni sug‘orishga ham yetmaydir. Suvsiz esa bu yerlarda hech narsa qilib bo‘lmaydir. Agarda buloqlar va quduqlarga birmuncha xazinalar sarf etilursa, mavjud suvlar va ariqlarni aqlu tadbir birla idora qilinursa, sug‘oriladigan hamda obod yerlar yanada ko‘payishi ma’lum esa-da, aksariyat nazaridan qaraganda, bu katta viloyatning bo‘m-bo‘sh cho‘l, dala va sahro suvratidan chiqolmasligi ayondir. Ma’rifati insoniya, zamonaviy bilim qanday kuchga egaligini bilamiz. Uzoqlardan suv keltirilsa yoki yer tubida suv bor esa, yuqori chiqar, ammo ayni zamonda suv bo‘lmagach, nima ham qilish mumkin...

Bizningcha, Turkmaniyo viloyat emas, faqat bir yo‘ldir, o‘tib ketiladigan yo‘ldir. Yo‘lovchilar uchun yeyishga osh, ichishga suv ham topiladir, ammo u ham hisobli, o‘tgan-ketganlarga arang yetadir xolos. Harbiy va siyosiy nuqtai nazardan esa o‘ta muhim makondir. Turkmaniyoda joylashgan Rusiya endilikda Eron, Afg‘oniston va Hindiston atrofidadir, desak ham bo‘ladir.

1892 yilda o‘tkazilgan aholi ro‘yxatiga, nufus daftarlariga ko‘ra, umum Turkmaniyo aholisi 276.709 ta jon ekandir. Bulardan 254.922 tasi yerli, 21.287 tasi esa kelgindi xalqdir. Millati jihatidan turkmanlar 210.518 jon, qirg‘iz (qozoq)lar 44.404 jon, eronlik va qafqazliklar 9.412 jon, ruslar 6.762 jon, armanilar 3.384 jon va boshqa turli elatlar esa 2.224 jon deya hisobga olingandir. Askar bu sanoqqa kiritilmagan.

Ruslar aksar holda shaharlarda va temiryo‘l bo‘yida, ba’zilari dengiz qirg‘og‘ida baliqchilik qilib kun kechiradirlar. Rusiyadan ko‘chib kelgan rus mujik-dehqonlar esa Oshiqobod va Marv uezdida o‘zlariga bir-ikki qishloq qurib, yerlashib olishgan.

Qadim zamonlarda bu viloyatda juda ko‘p aholi yashagani tarixlarda yoziqlikdir. Ammo chuqurroq o‘ylab, tekshirib ko‘rilsa, o‘sha «juda ko‘p» bizning tushunchamizdagi «ko‘p» emasligi anglashiladir. O‘tmishda ko‘paygan aholi, bizningcha, turli o‘zgarishlar va urushlar sababli yo‘qolgan bo‘lsa, ulardan makonlari va hayotlarining yodgori sifatida xarobalar qolajakdir. Ana shu xarobalarga ko‘ra aholining soni qiyos qilinadir. Zotan bu yerlarda ham xarobaliklar, buzilgan shaharlar, qal’alar, to‘lgan yo qurigan suv ariqlarining o‘rni yo‘q emas, bor; bularning kattaligi va kengligi, miqdori hisobga olinganida, qancha odamga makon bo‘lganini bilish mumkin. Bayramalidagi eski shahar xarobalari yodgorliklar ichida eng kattasidir. Buni qiyosan hisob-kitob qilsak, masala hal etiladir. Bu xarobalar o‘rni Buxoroi sharif maydonining yarmicha kelishini ko‘zda tutsak, bunda yashagan insonlar nufusi, rivoyatdagi kabi yuz minglarcha, falonlarcha emasligi zohir bo‘lur. Hayot va obodonlik uchun eng kerakli narsa suvdir, ana shu narsa bu maskanda burunlarda ham yo‘q edi. Suv oz yerda aholining ko‘p miqyosda yashashi esa. Shu bois bu boradagi eski rivoyatlarga tanqidiy ko‘z bilan qarab, mantiqan xulosa chiqarmoq yaxshidir.

Afsuski, turkmanlarning olim kishilari juda oz, aholi orasida ham savodlisi, o‘qib-yozadigani kam topiladir. Ha, bu holning sababi badaviylikdir, ko‘chmanchilikdir. Butun Farangiston qadar keng bu o‘lkada, viloyatdagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 135 ta maktab va beshta arabiy madrasa bor, xolos. Ikki yuz ellik mingli musulmon aholi uchun bu raqamlar hech narsa demakdir. Aytishlaricha, ba’zi yerlarda uch-beshta qishloq uchun faqat bittagina mulla mavjud emish.

Turkmanlarning axloqiga kelsak, ularning mehmonsevar, dasturxonlari doim ochiq, so‘zida turadigan, muomalada to‘g‘ri va har qanaqa holatda jasoratli va yurakli ekanliklari ko‘pchilik tarafidan tasdiq etilmishdir.

Turkman mollaridan xorijliklarga maqbuli faqat gilam, polos va akba – katta gilamdir. Haqiqatan ham, turkman gilamlari juda chiroylidir. Birinchi darajadagi chopag‘on va mashhur turkman otlari va arg‘umoqlari tobora ozayayotganini kamoli afsus ila ta’kidlashni istardim. Urush, olmon yo talamon yo‘q, viloyat bo‘ylab temiryo‘l arabalari uchmoqda, ammo u nodir otlar kamaygandan kamayib bormoqda...

Chopag‘on otlarga hojat ham qolmadi. Hojati yo‘q, ishga yaramas har narsaning bora-bora ozayib, yo‘qolib ketishi esa tabiiy bir holdir.

Marvdan Chorjo‘ygacha keksa bir turkman bilan yo‘ldosh bo‘ldim. U menga Marvdagi ahvoldan so‘yladi, shuningdek, yaqinda maslahatli ish yuzasidan, bir tujjor va savdogar sifatida Oshiqoboddan kelib-qaytgan mingboshi (polkovnik) Alixonov bilan yuzboshi (kapitan) Nazarov janoblarini tanishini ham aytdi. Diqqatimni tortgan yana bir gapi shuki, shu zamonda vafot etgan avliyodan birisi, rus kelmasdan burun ularning kelishini aholiga bayon va ma’lum qilganidir. Marvga ko‘milgan ana shu avliyoning tag‘in aytgan ancha gaplari bor ekan-u ammo chol menga so‘ylab bermadi...

O‘sha gaplardan hikoya qilasanmi, deya so‘rasam, gapni gilam va polosga burib, olasanmi-yo‘qmi deya savolga tutdi. Savdogar emasman, dedim. Sen o‘ris to‘ramisan, dedi. Yo‘q, yozuvchiman, dedim. Nimani yozasan, dedi. Gazetaga yozib chiqaraman, dedim. Gazeta nima, dedi. Jarida, dedim. Jaridang nimasi, dedi. hodisanomadir, dedim. U nimasi, dedi. Ro‘znomadir, dedim... Shunaqa gaplashib o‘tirdigu, biroq kim ekanligimni unga anglata olmadim. Turkmanlarning o‘ylashicha, xorijdan bu tomonlarga kelganlar ikki turli bo‘ladi: biri rus to‘rasi, boshqasi gilam va polos oluvchi tujjor.

4 oktyabr 1893 (6 rabiulavval 1311), 33-son

6

Turkman viloyati bilan Buxoro hududi orasida ikki yuz verst qum sahrosi mavjud, temiryo‘l shu cho‘ldan o‘tadi. Na inson, na hayvon, na suv bor. Qush uchmas qumlikdan va qumtepalardan, o‘ba-o‘tovlardan boshqa hech narsa yo‘q bir yobondir. Ushbu qum dengizi ichida temiryo‘l qurilgani va istansa(bekat)larda odam yashagani taaajjubli holdir! Nechun ajablanmaylik, axir biror og‘och, buta, o‘t ham o‘smagan, ichar suvlarini ham uzoqdan mashina va arobalarda tashib keltirib, yondiruvchi jaziramada yashab tursalar... Turkmaniyo temiryo‘lining mutlaqo suvsiz bekatlari borligi uchun butun yo‘l bo‘yi qatnaydigan suv tashish vositalari mavjud.

Bir-ikki soat bu qum ummonini tomosha qilarkanman, ba’zi yerlarda qachondir o‘lgan tuyalar suyagidan boshqa narsa ko‘zga chalinmagach, zerikdim, kunning issig‘idan bo‘g‘riqqan holda vagon derazasidan uzoqlashdim. Gazeta yo kitob o‘qishga unnadim, ammo bu ham bo‘lmadi. O‘ylarimga ko‘milib, shu bilan ovundim...

Ushbu yo‘l qurilmasdan avval insonlar bu sahroni tuyalar bilan kechib o‘tisharkan, molu tovarlarni ham tuyalarda tashisharkan. Sakkiz-o‘n kunlab shu qumtepalaru shu jahannamiy jaziramada qolib ketisharkan. Temiryo‘l va ma’rifat, madaniyat qandayin buyuk saodat emishki, bu mudhish va qo‘rqinchli sahrodan endilikda insonlar o‘n besh-o‘n olti soatdayoq o‘tib ketishmoqda. Eronning ba’zi shohlari, Buxoroning ayrim xonlari va bulardan oldin o‘tgan islom mujohidlari bu qumlardan askarlar bilan o‘tib, allaqancha urush qilibdirlar. Bugungi oson yo‘llar va zamonaviy qulayliklar bo‘lmagan bir vaziyatda bunchalar ulkan g‘ayrat va himmat ko‘rsatganlarini qiyosan anglashimiz mumkin. Badanlari etdan emas, toshdan ekan-da!

Tush bo‘lay degan bir paytda, vagon derazasidan boqarkanman, yuzimga issiq shamol urilayotgan esa-da, uzoqdan yashil bir manzara ko‘rindi... Amudaryoga yaqinlashyapmiz, deyishdi. Haqiqatan ham, besh-o‘n daqiqadan keyin qumlik birdaniga tugab, vagonlarimiz ikki yoni ko‘m-ko‘k bog‘u bo‘stonlar orasiga kirdi. Sariq qumlar ortda qolgandi. Yangi bir dunyoga kelgandek ko‘nglimiz nurlarga to‘ldi, latif bir viloyat bag‘rida edik. Atrof don-dun dalalari, mevali bog‘lar, terakzorlar va tolzorlar, sharqirab oqayotgan ariqlar bilan bezangan edi. Bu yashillik orasida paxsali imoratlar, qal’alar, qishloqlar, qo‘rg‘onu qo‘rg‘onchalar... Qumlikda jismu jonlarni bosgan qorong‘ilik g‘uborlari tarqalib, ko‘ngillar ochilib yayrashdi. Yo‘lning ikki tarafini tomosha qilib, ko‘zlar to‘ymasdi. Bu go‘zal yerlar Buxoro xonligining Chorjo‘y bekligiga mansub ekan. Bu bog‘u rog‘lar oxirida, Amudaryo qirg‘og‘ida temiryo‘l bekati va Chorjo‘y shahri bor. Temiryo‘l bekati juda olag‘ovur bo‘larkan. Rus to‘ralari va askarlari, Buxoro, Eron, Turkmaniyo va Qafqaz odamlari qorishiq gavjum makon. Yo‘lovchilarni ko‘rishga to‘plangan bekorchilar ham bor. Biz ham ularning ahvolini ko‘rdik. Buxoro aholisi umuman sallali bo‘lib, qalpoq va boshqa bosh kiyimlarga rag‘batsiz ekanligini shu yerlarda angladim. Bu bekatdan jo‘nab, Amudaryo ko‘prigidan o‘tdik. Bu ko‘prik taxtadan yasalgan. Bo‘yi yetti verst. Tagidan shiddat-la oqayotgan Amudaryo suvi sariq va loyqadir. Qaynab-qaynab oqmoqda. «Suvlar podshosi» deyilgani to‘g‘ri ekan, shunga loyiq ulkan daryo, suvi totli. Chuqurligi yeriga ko‘ra ikki-uch arshindan to‘rt-besh arshinga qadardir. Ustida katta-katta qayiqlaru ulkan vopur kemalar ham suzib turibdir.

Chorjo‘y viloyati va Buxoroning boshqa ba’zi yerlari, Amudaryodan chiqarilgan suvlar va ariqlar bilan obod bo‘ladir. Nil daryosi kabi Amudaryo ham, o‘zi bilan birga unumdor tuproq tashib keltirgani uchun ko‘p barakatlidir. Faqat suv juda ko‘p bo‘lsa ham, toshib-bosgan yerlar oz. Shunday qilib, ko‘prikdan o‘tib, Farob degan temiryo‘l bekatiga kelishimiz bilanoq yana qumlik ko‘rindi. Bular Buxoroning Qorako‘l viloyati qumlaridirki, dunyoda mashhur qorako‘l terilari shu qumliklarda boqilgan qo‘yu qo‘zilarga oiddir. Farobdan Buxoroyi sharif temiryo‘l bekatiga borgungacha ba’zi yerlar qumlik va taqir cho‘ldir. Bu makonda umuman bog‘-rog‘larning yo‘qligi esa, bu yoqlarga Amudaryodan suv chiqmasligi va Zarafshon suvining deyarli yetib kelmasligidandir. Shunisi ham afsuslanarliki, Qorako‘l qumlari shamol ta’sirida qo‘zg‘olib-uchib, tobora Buxoroning obod yerlarini ham bosayotgan emish.

Vaqt tushdan oqqanda Buxoro temiryo‘l bekatiga yetib keldik. Buxoro bu yerdan o‘n bir verst chetdadir. Bekatni reja va rus uslubiga ko‘ra qurilayotgan kichik shaharcha deyish mumkin. Rusiya ko‘nsuli mana shu yangi Buxoroda turadi. Ovrupocha musofirxona ham bor ekan. Xo‘jayini gurji. Shu musofirxonaga tushdim.

Ertasi kun ko‘nsul janoblarining ziyoratiga bordim, biroq uchratolmadim. Lessar[17] janoblari Rusiyadan qaytmagan, vakil janob Klem esa, Buxoroga ketgan ekanlar. Yangi shahar va uning atrofini tomosha qilib, anchagina vaqt o‘tkardim. Keyin esa janob Klem bilan ko‘rishdim, kim ekanligimni, bu yoqlarga ziyoratga kelganimni bildirdim. U uchrashuvimizdan mamnun bo‘lganini aytdi va Buxoro ma’murlariga men haqimda xabar berishini lutfan bayon etdi. Ko‘nsul yordamchisi Vasiliy o‘skarovich Klem turkiy va forsiy bilgan bir ma’murdir. Har jihatdan ma’lumoti yetukdir, xususan muomalasi, fe’lu ta’bining o‘ta nozik va yoqimliligi bois bundagi maqomu darajasiga nihoyatda munosib odamdir. Men allaqancha ko‘nsullarni ko‘rdim, bari vahshiy kimsalar edi. Lekin Vasiliy O‘skarovich kabi madaniyatli ma’murni, g‘arblik ziyolini, sharqcha nazokat sohibini ko‘rmagan edim. Suhbatimizdan bag‘oyat lazzat oldim.

Temiryo‘l bekati va Buxoro orasida o‘n bir verstlik chiroyli tosh yo‘l qurilibdir. Bu yaxshilik janobi oliy Abdulahadxonning[18] xalqparvarligi samarasidir. Fayton kiralab, shaharga jo‘nadim.

Buxoroyi sharif tevaragi bog‘u bo‘ston bilan o‘ralgan tekislikdagi go‘zal bir shahardir. Atrofi yuksak va qalin devor bilan o‘ralgan qal’adir. Temir bilan qoplangan katta darvozalardan shaharga kiriladir. Ular oqshomdan so‘ngra bekitiladir. Kechasi kirgan-chiqqanlar alohida so‘roq-savolga tutilib, so‘ngra yo‘l ochiladir. Rusiya fuqarolari uchun darvozalar har vaqt ochiqdir. Lekin Buxoro fuqarosi oqshomdan keyin shaharga kirib-chiqmaydir, qadimdan odat shundaydir.

Shahardagi uylar asosan bir qavatlidir va paxsadan tiklangandir. Faqat ayrim karvonsaroylar, madrasalar va masjidlar toshdan va g‘ishtdan bino qilingandir. Shahar ichida bog‘u rog‘lar, maydonlar keng emas, bozorlaru ko‘chalar juda tor. Har kim qal’a ichida yashashni istagani uchun shahar o‘ta tiqilinch, yer va uylar qimmat.

Shaharga kirishim bilanoq to‘ppa-to‘g‘ri hukumat markaziga, arkka qarab yo‘naldim. Xon janobi oliylari viloyat aylangani chiqqanlari uchun Buxoro hukumatini qushbegi, ya’ni bosh vazir boshqarayotgan edi. Xukumat shahar o‘rtasidagi yuksak bir tepada, muhofazasi va mahkamligi sog‘lom, ichki qal’a shaklidagi arkda joylashgandi. Ark judayam baland, qalin qal’a devori bilan o‘ralgan. Saltanat darvozasida qorovullar va bir necha ma’murlar mavjud. Yo‘l ko‘rsatuvchi bir ma’mur bilan birga darvozadan ichkari kirib, yuqoriga chiqdik. Bir necha joy bizga qorovul askar yonidan o‘tdik, ular salom ila rasman hurmat ko‘rsatdilarki, barchalariga tashakkur aytaman. Devonxonaga yetib borishimiz bilanoq, darhol mening kimligimni va ne maqsadda kelganimni qushbegi janoblariga bildirmoq uchun ichkariga maxsus odam yo‘llandi. Haligi odam qaytib chiqib: «Marhamat qilingiz, kiringiz», deganidan keyin ichkaridagi hovli tomon odim otdim. Ikki tarafimda, qo‘llarida paqir, bir necha xodim yo‘limga suv sepmoqda edi. To‘g‘risi, havo juda issiq. Bunaqa boshni qaynatib yuboradigan jazirama kunda mehmonning yo‘liga suv sepmoq bag‘oyat yaxshi, yoqimli odatdir, an’anadir. Bundayin issiq viloyatlarda, iqlimlarda suv eng katta hadya, eng kerakli narsa ekanligi ham ma’lum zotan. Bir necha sallali, choponli va bellariga kumush qurollar taqqan xodimlar hamrohligida devonxonaga kirdim.

14 oktyabr 1893 (16 rabiulavval 1311) 34-son

 

7

Saodatli qushbegi Jonmirza hazratlari ovrupocha bezatilgan dasturxon boshida, oyoq ustida turganlari holda iltifot ila salomimga alik olganlaridan so‘ngra meni o‘tirishga taklif etdilar. Dasturxon buxorocha odatga ko‘ra turli shirinliklar, ho‘lu quruq mevalar bilan to‘la bo‘lib, barcha noz-ne’mat bandalariga taqdim etildi. Vazir janoblarining ust kiyimlari qimmatbaho hind matosidan tikilgandi. Qirq besh-qirq oltilarga kirgan saodatmand vazir janoblari barvasta, qora soqolli, bag‘oyat chiroyli qiyofadagi bir odamdir. Qushbegi hazratlari choy va sigara keltirishlarini buyurgandan keyin, mendan yo‘lga, sayohatimga va Rusiyaga oid ayrim savollar so‘radilar. Munosib javoblarni aytdim. Ko‘ksimdagi Buxoroyi sharif Oltin Nishoniga ko‘zlari tushib, qayda ehson bo‘lganiga qiziqdilar. Janobi oliy Abdulahadxon Bog‘chasaroyga tashrif buyurganlarida, menga onhazrat birla u yerda va Sevasto‘po‘lda ko‘rishmak muyasssar bo‘lganini va u zamon nishon ehson etilganini so‘yladim. Qushbegi janoblari meni tabrikladilar.

Janob qushbegi Rusiya podshohi tarafidan o‘zlariga hadya qilingan oltin qinli qilich va katta nishonni menga ko‘rsatganlarida, men ham u zotni tabriklab, Buxoro xoni va Rusiya podshosining sog‘u salomatliklarini tilab duo etdim.

Choy ichildi. So‘ngra tushlik yemaklar keltirildi. Suhbat asnosida gapdan gap chiqib, qushbegi janoblari davlat ishi yuzasidan Peterburgga borib qaytganlarini va Rusiya o‘lkasining anchagina yerlarini ko‘rganliklarini bayon aylab, mendan ham Qrim va Qafqaz viloyatlarining holu ahvolini so‘radilar.

Osh yeganimizdan keyin yana choy ichdik. Shunda janob qushbegi Buxoroyi sharifda qolgan muddatim qadar rasman mehmon qilinajagimni bayon etdilar. Men kichkinagina odam ekanligimni va bunchalar buyuk rag‘batu diqqatga loyiq emasligimni ifodalar ekanman, janob qushbegi g‘oyat adabli va nozik iboralar bilan ko‘nglimni ko‘tarib, shunday dedilar: «Siz dunyoning to‘rt tarafinda ma’lum odamsiz; Xon janobi oliylari ham sizga iltifot ko‘rsatibdirlar; Buxoroga kelganingiz holda, ha-da, bizga mehmon bo‘lmog‘ingiz bag‘oyat munosibdir!» Tashakkur aytib, so‘zlarini qabul etmoqdan boshqa choram qolmadi va darhol:

– Rahmat, rahmat... Janobi oliy sog‘ bo‘lsinlar!–dedim.

– Taassufki, janobi oliy shaharda emaslar... Ammo men bugunoq onhazratga sizning kelganingiz xabarini yetkarurman, – dedi janob qushbegi.

Bu munosabatdan quvonib, janobga ta’zim qildim va:

– Imkoni bo‘lsa, zoti oliylarini ko‘rmak va shohona iltifotlari uchun tashakkurimni izhor etmak orzusidaman,–dedim.

– Ha, ko‘rishmagingiz maqbuldir; bu murodingizni ham zoti oliylariga yozarman,– dedi janob qushbegi.

Buxoroda yashab turishimga tayin qilingan yerga va ba’zi katta amaldorlar huzuriga olib borish uchun maxsus odam belgilagandan keyin janob qushbegi bilan xayrlashib, tashqari chiqdik.

O‘sha kuni xazinachi Ostanaqul parvonachi va shayxulislom maqomidagi qozikalon taqsirlarni ziyorat etdim. Xonning ushbu ikki oliy mansabdori tarafidan g‘oyat go‘zal muomala, choylar, ziyofatlar ila siylanganimdan mamnun bo‘ldim. So‘ngra Buxoroning chorsi-bozorlarini aylanib, turar joyim deya belgilangan Elchixona degan mahallaga keldim. Narsalarimni ham shu yerga keltirishdi.

Parvonachi (vazir muovini) juda yosh va fahmi o‘tkir odamdir. Buxoroning moliya boshqaruvi va xazinaning hisob-kitobi uning qo‘lida.

Qozikalon esa, oq soqolli, muloyim chehrali bir ulamodir. Bir ko‘rishdayoq bu odamni yoqtirib qoldim. Bir oz suhbatlashishim bilanoq uning ko‘p tafakkurli, fahmi maydon zot ekanligini angladim. Qozikalon Buxoroyi sharifning qozisidir, shuningdek, diniy ishlar raisidir, ya’ni Istanbul shayxulislomi maqomidadir.

Qushbegi umumiy boshqaruvni nazorat etadi va har qanaqa xususiy ishlarni arizaga ko‘ra, ba’zilarini o‘zi hal qilgani holda ayrim muhimlarini janobi oliylari hukmiga yuboradi. Janobi oliylari Buxoroda bo‘lmagan paytlarda saroyda, maxsus doirada yashab turadi.

21 oktyabr 1893 (23 rabiuloxir 1311), 35-son

 

8

Buxoroyi sharifda iqomatim uchun tayinlangan Elchixona degan yer zoti shohonalariga oid maskan edi. Shu yerning mahalliy usuli ila qurilgan kattagina saroy; u mustahkam devorlar bilan ikkiga bo‘lingan; biri menga ayrilibdir. Alohida hovliga kirib, to‘rt xonani egalladim. Xonalardan biri dam olish, biri yemak, biri tahorat va biri namoz o‘qish uchun mo‘ljallangan. Barcha xonalar o‘ziga xos, naqshli va gilamlar bilan bezatilgan. Ayniqsa, yotoqxona va yemakxona ziyoda ziynatli edi. Bo‘rtma ustunlar, sehrli naqshlar o‘yilgan ganj devorlar, ulardagi g‘oyat go‘zal yozuvlar, yerga to‘shalgan, yonib turgan katta gilamlar bu makonga juda yarashgan edi. Xonalar ichida eng kengi oshxona bo‘lib, o‘rtasida doim dasturxon yoziqlig‘ edi. Dasturxon usti Buxoroning shirindan shakar ho‘lu quruq mevalari bilan to‘la edi va har kuni yangilariga almashtirib turilardi. Men bilan ko‘rishgani kelganlarni shu xonada kutib olar, zoti oliylarining soyai shohonalari bois ularni bundagi noz-ne’matlar bilan siylardim. Har kuni janob qushbegi va xazinachi holu xotirimni so‘rab turishar, kamtarin qulingiz esa yo‘qlagan ma’murlarni bu muhtasham xonada qabul aylab, suhbatlariga musharraf bo‘lmoqda edim.

Yotoq xonasida buxorocha usulda ishlangan taxta karavot bor, undagi ko‘rpa, to‘shak, yostiq – barchasi qimmatbaho ipu ipakdan tikilgan. Mehmondorim – hoji Sharif juda yaxshi odam. Undan boshqa yana ikki xizmatchi va bir oshpaz ham menga biriktirilgan ediki, agarda kuniga yuzta mehmon meni yo‘qlab kelsa-da, ularga choy-non qo‘yib, osh pishirib berishga tayyor va havaslik edilar. Bular uchun, albatta, janobi oliy xon hazratlariga mingdan-ming rahmat deyman. Kamina ojizlari kabi bir qalamkashga munchalar rag‘bat etganlari butun ahli qalam uchun iftixordir. Shaharni ko‘rish va atrofdagi boshqa yerlarni ziyorat etmoq uchun to‘rt otli katta bir fayton-arava, to‘rtta aravakash va bir miroxo‘r ham tayinlangan edi. Bu yerning odatiga ko‘ra, aravakash faytonga chiqmas ekan; to‘rt ot juft-juft holda chopaverarkan, har birini bittadan aravakash minib olarkan; miroxo‘r esa oldinda yo‘l ochib borarkan.

Menga ajratilgan mehmonxonada kamoli kayfu rohat ila to‘rt kunni kechirdim. Har kuni uch-to‘rt marta choy va ikki bor ovqat berilardi. Ertalab va oqshom vaqti dasturxonga katta kosalarda sho‘rva tortilardi; qovurilgan yarimta qo‘y eti va jizza keltirilardi; yigirma kishilik palov, sutli osh bilan siylanardik. Limonad desam o‘nlarcha shisha, muzqaymoq istasam, bir qishloqqa yetadigan ulkan tovoqda hoziru nozir qilishardi. Xon dasturxoni deb buni aytadilar, barchasi uchun jonu dildan tashakkur deyman.

Oqshomlari hovlida fanorlar, uylar ichida shamlar va chirog‘lar yoqtirilgan mahalda atrof yanada boshqacha chiroy kasb etadi. Kunduzgiga nisbatan oqshomlari ancha salqin bo‘lganidan hovliga stol qo‘ydirib, choy ichardim. Keyin, uyquga yotar oldidan, xonadagi taxta karavotni hovliga olib chiqdirib, Buxoroning tiniq, bulutsiz osmonida porlagan yulduzlarni tomosha qilib, «Ming bir kecha» ertaklarini eslab, mas’udona uyquga tolardim.

Buxoro bozorlari judayam kattadir. Barchasining usti yopiq, tongdan shomgacha nihoyatda gavjum. Chorsu to‘la inson va bularga aralash-quralash holda ikki gupchakli ulkan aravalaru qator-qator tuyalar, minilgan yoki yukli eshaklar suv misoli oqib yotadi. Do‘konlar kichik-kichik, yerdan shiftgacha liq-liq molu mato. Buxoro bozorlarida Rusiya, Buxoro, Turkiston ashyolaridan har turlisi va Xitoy, Eron, Hindiston va ingliz davlatlaridan keltirilgan anvoyi tovarlar sotilmoqdadir. Bozorlar orasida alohida karvonsaroylar bor, ular ham molu mehmonga to‘p-to‘ladir. Buxoro bozorlariga bir bor nazar tashlansa, uning Turkiston o‘lkasida eng birinchi mahalliy savdo-sotiq maskani ekani ayon bo‘ladir.

Oqshom qo‘narkan, barcha bozor bo‘shab, har kim uy-uyiga ketadi. Faqat qorovullar qoladi. Kunduzgi gavjumlik va to‘s-to‘polon o‘z o‘rnini kechaning yolg‘izligi va sokinligiga topshiradir; ya’ni oqshomdan so‘ngra bu bozor va karvonsaroylarda kechikib qolgan bir-ikki musofirdan boshqa inson uchramaydir.

29 oktyabr 1893 (2 jumadulavval 1311) 36-son

9

Buxoroda Rusiyaning mukammal foliyat yuritadigan po‘chta va telegrafxonasi bor. Ma’murlari rusdir, ammo po‘chtaxona xarajatidan ortiq hisobdagi aqcha oyma-oy Buxoro xazinasiga topshiriladir. Yangi madaniy qurilishlardan bu yerda dorixona va shifoxona mavjudligini aytishimiz kerak. Janobi oliy xon hazratlarining shifoxonaga himmat va nazorati alohidadir. Voqean bunda tabiblar va tabibalar tomonidan bechoralar va xastahollarga yordam ko‘rsatilmoqdadir.

Buxoroyi sharifning masjidlari juda katta va o‘ziga xos uslubda qurilgan, menimcha, ular Istanbuldagi sultonlar bino etdirgan jomelar qadar bo‘lmasa-da, madrasalari Istanbul madrasalaridan ulkan va mukammaldir. Ko‘pchilik madrasalar uch-to‘rt yuz yillik yodgorliklardan bo‘lib, uch-to‘rt qavatlik va toshu g‘ishtdan qurilgan binolardir. Qish paytlari, o‘qish mahali bu madrasalarda umuman o‘n-o‘n ikki ming talaba tahsil olarkan. Men kelgan payt yoz o‘rtasi bo‘lgani uchun madrasalar bo‘sh edi. Shunga qaramasdan, bir qator madrasalarni kirib ko‘rdim va bir-ikki talaba bilan suhbatlashdim.

Madrasalarning barchasida o‘qitish eski usulda, ya’ni arabiy ilmlar va adabiyot o‘qitiladi xolos. Ta’lim-tarbiya fors tilidadir. Turkcha dars berilmaydir. Boshlang‘ich maktablardan ham bir-ikkitasini ko‘rdim.

Bizning mahalliy maktablardagi kabi alifbo, haftiyak, kalomi qadim o‘qitiladir. Shogirdlarning har biri boshqa-boshqa saboq va dars ila mashg‘uldir. Bu yerda usuli jadida, ya’ni yangi usulda o‘qitish yo‘q, fununi aqliyadan, turli fanlardan dars berilmaydir.

Buxoro ulamosining raisi, saodatli qozikalon afandi bilan ilk ko‘rishganimizdayoq biz taraflarda tarqalgan usuli jadida, ya’ni yangi o‘qitish borasida, olti oyda o‘qish-yozishni o‘rganilayotgani xususida so‘ylab, «Xo‘jayi sib-yon» (bolalar murabbiysi) darsligimni hadya ayladim. U zot nima demoqchiligimni, masalani darhol fahm etib, bu ishning xayrli natijasini mulohaza qilaroq: «Bu kabi alifbo forsiyda bo‘lsa, bu yerlarda yanada rag‘bat-la qarshilanardi» dedilar. Ammo bandalarini avf etsinlar, men turkcha alifbo barchasidan ko‘ra ko‘proq foydalidir, deb o‘ylayman, chunki Buxoroda o‘zbek shevasini, ya’ni turkiyni bilmagan kimsa juda ozdir. Zotan shaxsan mening tashabbusim ila Samarqandda ochilgan ikkinchi yangi usuldagi maktab bolalarining uch oy ichida turkcha alifbo asosida o‘qish-yozishni o‘rganib olganlari fikrimning dalilidir. Biroq o‘qituvchi uchun darsda va yozuvda o‘zi o‘rganib qolgan forsiy har taraflama qulayligi yoki mo‘‘tabar tutilishi ham bor gap.

Samarqand va Buxoror orasida aloqa va xabarlashuv yaxshidir. Shu bois ham jadid maktablarining va yangi usulning foydasi albatta ma’lum bo‘lajakdir.

Oliy madrasalarda diniy ilmlar yuksak saviyada o‘qitiladir. Lekin mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ngra islom o‘lkalari uchragan inqiroz va qoloqlikdan Buxoro ham mustasno emasdir. O‘tmish davrlarda e’tibor qozongan ko‘kbilimi-ilmi hay’at, tib, handasa, kimyo va boshqa fanlar keyingi zamonlarda bu yerlarda unutib yuborilgan. Umidvormizki, Tehronda, Istanbulda, Misrda, Bo‘mbayda yangidan jonlangan bu tur ilmlar Buxoroyi sharifda ham yangidan tirilib qolar...

Aholi hisobi o‘tkazilmagani bois taxminan aytishimiz mumkinki, Buxoro ahli ellik-oltmish mingcha bor. Shaharning ko‘chalari va bozorlari har kuni supuriladir; to‘plangan turli chiqindilar hammomlarda yoqib yuboriladir, shu bois shahar toza va pokizadir. Ichimlik suv hovuzlardan olinadir. Bu suvlar ariqlar vositasida Zarafshon daryosidan keladir. Yozda ba’an 10-15 kun suv to‘xtab qolganidan hovuzlarda suv buzilsa-da, xalq o‘rganib qolgani uchun ichaveradi. hovuzlarda suv aynishi natijasida omma orasida rishta kasalligi tarqalar ekan.

Aholining umumiy ahvoliga qaraganda, ular anchagina baxtli hayot kechirayotganday ko‘rinadir. Itoatli, tinch, har biri o‘z ishi bilan mashg‘ul bir xalqdir. Shahar va o‘lkada o‘g‘irlik hodisasi nihoyatda ozdir; mayxona hech yo‘q, mast yurgan odam ko‘rinmaydir; lekin ayrim kishilar o‘zlari uchun musallas tayyorlab, do‘stlar davrasida adab ila ichishur. Yuz yil oldin bizning Qrimda ham shunaqa edi.

Islom olamida mashhur hazrati Bahoudddin Naqshbandiy ziyoratgohi Buxoro atrofidagi bir qishloqdadir. Kelganimning uchinchi kuni u zot maqbarasining ziyoratiga musharraf bo‘ldim. Tujjorlardan Ibrohimov va bir no‘g‘ay mullaning yo‘ldoshligida hukumat bergan fayton bilan ziyoratni ado aylab, g‘oyatda sevindim. Hazrati Bahouddin naslidan 200 qadar darvish bor va ular xalq nazdida mo‘‘tabar ekan. Ziyoratga Qitay(Chin)dan, Qashqardan, Hinddan, Afg‘ondan va Turkistonning har tarafidan odamlar kelib ketmoqdadir. Sharq musulmonlari uchun bundan buyuk ziyoratgoh yo‘qdir.

Ziyoratdan qaytgach, janob qushbegining qabuliga bordim. Janobi oliydan xabar kelibdir, meni olib ketish uchun Shahrisabzdan Samarqandga fayton yo‘llanajagi buyurilibdir. Qurbon bayrami yaqinlashayotgani uchun, bayramni janobi oliylarining huzurlarida o‘tkazmoqni murod etganim bois, sayohatimni yaxshilab rejalashtirib, Samarqandga qay payt borishimni telegramma bilan bildirishni qarorlashtirdim (so‘ngra undan Shahrisabzga ketmog‘im qulay bo‘lajak). Ertasi kun Buxorodan chiqib, Samarqand va Toshkent yo‘liga tushdim.

Janob qushbegi, xazinachi va qozikalon afandilar bandalarini maxsus hadyalar va takalluflar ila kuzatdilarki, ularning bu lutfu ehsonlari hech qachon xotirdan chiqmagay.

8 noyabr 1893 (11 jumadulavval 1311) 37-son

 

10

Buxorodan oqshom beshda poezd qo‘zg‘olib, ertalab soat sakkizda Samarqandga yetadi. Yo‘l boshida suvi oz qishloqlardan o‘tib, so‘ngra Zarafshon vodiysiga yaqinlasharkanmiz, ko‘m-ko‘k va go‘zal yerlar boshlandi. Erta azon mahali Zarafshon vohasining obod maskanlariga kirib bordik. Yo‘ldan bir-ikki soatlik masofa uzoqlikda, har ikki tarafda cho‘qqilari qorli tog‘lar ko‘rinadir. Temir yo‘l bog‘u bog‘chalar orasidan ilon kabi buralib-buralib uzanib yotibdir. Qayoqqa qaramang, bir-biri bilan birlashib ketgan zumrad dalalar, yam-yashil bog‘u bo‘stonlaru o‘tloqlarning dengiz kabi to‘lqin urayotganiga ko‘zingiz tushadi; unda-bunda qorovul askar kabi saf tortgan sarvlaru teraklar viloyat chiroyiga alohida bir rang va yoqimlilik baxsh etadirki, bundayin nafosatni bayon etmoqdan qalamim ojizdir. Biror qarich suvsiz yer yo‘q. Bir hovuch tuproq bir hovuch oltin hosil beradir va musulmon aholi tirnoqcha ham yerni bo‘sh qoldirmay, unumli foydalanadirlar...

Biz Zarafshon, ya’ni oltin separ daryo nomi bilan atalgan vodiyda edik. Poezd g‘ildiraklari aylanib olg‘a bosarkan, ko‘z o‘ngimizda yangi latofatlaru yangi barakatlar va boyliklar paydo bo‘lardi. Afrosiyobning poytaxti, rumlik Iskandarning dam olgan shahri va ulug‘ shoh Temurning iqomatgohi va dorulsaltanati bo‘lgan Samarqand va uning atrofi Turkiston o‘lkasining eng go‘zal yerlaridir. Agar shunday bo‘lmasaydi, turk va fors shuarosi shunchalar madhiyalar bitisharmidi. Zotan qari va tishsiz tarix, mabodo bu yerlarda insonlar qoni suv kabi oqqanini va odamlar bir-birlarini o‘ldirib, parcha-parcha qilib tashlaganlarini naql etmasaydi, ko‘rinishdan Zarafshon dunyoning jannati ekani borasida hukm chiqarmoq mumkin edi.

Poezd bir necha soat bog‘-rog‘lar orasidan o‘tib, axiri Samarqand vokzaliga kelib to‘xtadi. Bundagi to‘plangan kishilarning ko‘pchiligi sallali va choponlidir. Ora-sira qizil ishtonli, oq ko‘ylakli rus askarlari va yelkasi pogonli bir-ikki rus to‘rasi ko‘zga chalinadir... Poezdning duduk tovushi, yuzlarcha vagonlarning taraq-turug‘i, tashilayotgan molu tovarlar, toy-toy yuklar, tevarakdagi mevali bog‘u bo‘stonlar, o‘simliklar to‘la bu barakali makonni-ollohning ma’rifati va bandalarining hunari jamlangan bu maskanni ko‘rib, bu yerning odamlari ko‘p baxtli ekan, deb o‘ylaysiz. Ammo haqiqatan ham baxtlimikanlar?

Ikki tarafida sarvu teraklar o‘sgan keng maydondagi ko‘chadan shaharga yo‘l oldim. Faytonchi yerli musulmonlardan biri ekan. Rus mahallasida ovrupocha mehmonxona bor ekan, o‘shanga tushdim. Turkistonning har qaysi shahrida alohida rus mahallalari qurilgandir. Bular yangicha uslubda qurilgani uchun rejali va tartiblidir, ko‘chalarning ikki tomoniga manzarali og‘ochlar ekilgan va ular kishilarni jazirama oftobdan muhofaza etadir. Har ko‘chada ariqlar qazilgan, ularda sharillab suv oqib yotibdir. Binolarning barchasi bog‘li-bog‘chalidir, ko‘m-ko‘kdir, shu bois bu mahallalar shahardan ko‘ra ko‘proq qishloqqa o‘xshaydir. Ammo go‘zal qishloqki, shahardan yaxshiroq, shaharga alishtirilmas. Kelajakda bu xushmanzara mahallalar aholisi ko‘payib, shaharlardagiday binolarga to‘lsa, taassufli hol yuzaga kelur.

Ovrupocha musofirxonaga qo‘nib, joylashib olganimdan keyin, soch-soqol oldirmoqchi bo‘ldim. Qo‘shnidan so‘rasam, yaqin yerda sartaroshxona borligini aytdi. O‘sha yoqqa yo‘naldim. Ovro‘pocha sartaroshxona ekan, usta ham rusdir, tabiiy. Do‘kondan ichkari kirdim. Biror odam ko‘rinmadi. Derazalari tor, qorong‘i xona, qimirlagan jon sezilmaydi... Yo‘taldim, yengilgina tepinib, kim bor, degan ma’noda ovoz qildim...

Ichkaridan bir rus chiqdi. Ko‘rinishidan ustalarning boshlig‘i deb o‘yladim. U menga tikilib:

– Nima kerak?–deya so‘radi.

– Soqol oldiraman, sochimni tekislataman,–dedim.

– Hozir hech kim yo‘q, keyin keling.

– Taqsir, nima deyapsiz o‘zi? Qanaqasiga hech kim yo‘q?

– Yo‘q, hozir yo‘q. Bir soatdan so‘ngra keling,–dedi u va qayrilib, ichkariga kirib ketdi.

Jahlim chiqib, tashqariga yo‘naldim. Boshqa sartarosh qidirdim. Yo‘q ekan. O‘ylab ko‘rsam, jahl qilish, afsuslanish o‘rinsiz. Bu shaharda ovro‘pocha sartarosh topilsa, albatta shunaqa bo‘ladi-da! Istagan paytda ishlaydi, xohlaganicha aqcha oladi va yana «Olloh rozi bo‘lsin» ham deb qo‘yadi. Shunaqa.

Sartarosh bahona viloyatning husnu tarovatidan sarxushligim tarqab, qaerda ekanligimni yaxshigina his etdim. Bir gul bilan bahor bo‘lsa, shunaqa bo‘larkan. Voqean Samarqandda bunaqa gullardan va jigitlardan yana allaqanchasini ko‘rdim. Ammo ular o‘z ishlarini qotiradirlar! Ko‘l katta, suv chuchuk, baliq oz, ko‘p-ko‘p aldab, o‘ynab-kulib yashaydirlar...

Ha, so‘zimizni unutmaylik! Murod-maqsadim achchiq-tiziq so‘zlarni yozmoq emas. Qalamni qora siyohga emas, gul moyiga, atirga botirib yozadurmen...

Buxoroda «Tarjimon» gazetamizning ancha yillardan beri mushtariysi sarrof Burhoniddin afandi bor edi, shu inson yodimga keldi. Buxoroda ekanimda, uyiga chaqirib, oldimga osh-non qo‘yib, mehmon qilgandi. Xudo rozi bo‘lsin. Gazetachilarning tili burro, qalami o‘tkir ekanini bilgani holda suhbatga kirishib, o‘zi Buxoroda qirq yildir yashayotganiga qaramay, uni bilaman, deyolmasligini tan olgan edi. O‘shanda men:

–Taqsir, qirq yil oz emas, unchalikmasdir...– dedim.

– Yo‘q, afandim, qirq yil ko‘p emas. Bandangiz Buxoroda tug‘ildim, ellik-oltmish yil umr kechirdim, shunda ham Buxoroni tamoman bilmaydirmen,– dedi.

Muxtaram sarrof Burhoniddin afandining maqsadi menga ayon. Vatanga muhabbati va hamiyati bois Buxoro haqida bilib-bilmay yanglish narsalar yozilib, gazetada chiqib ketishidan hadiksiragan va bu «bilmayman» deyishi bilan menga dars bermoqchi bo‘lgan. Uning bunchalar hamiyatlik inson ekanligiga ofarin va tahsinlar aytdim. Umidvormanki, yozganlarimda nomunosib narsalar ko‘rmagandirlar. Ammo, aziz birodarim Burhoniddin, qirq yil oz emas, uzun zamondir. Qaerga borsam, uch-besh kunda ancha-muncha yerlarni ko‘rib, allaqancha narsani bilib olaman. Bir chetdan boqsak, siz ko‘rmaganlarni men ko‘rarman balki; ko‘zlarimizda farq yo‘qdir, bilaman, faqat ko‘zoynaklarda farq bor.

Anglaganga chivin ovozi sozdir, anglamaganga nog‘ora-surnay tovushi ozdir.

13 noyabr 1893 (16 jumadulavval 1311) 38-son

11

Samarqanddagi birinchi ziyoratim uezd boshlig‘i muovini janob podpolkovnikka uchramoq ila boshlandi. Bu ma’mur bilan ko‘rishmog‘im uchun vosita bo‘ladigan bir maktub ham bor edi. G‘oyatda diqqatli odam ekan, eski Samar-qandni tomosha qildirmoqqa shu yerlik qarilardan Olimjon degan odamni tayinladi. Bu kishining yoshi yuzdan oshgandi, u yuz yillik o‘tmishning jonli kitobi va tarixi edi. O‘tgan-ketganlardan anchagina ma’lumot berdi, afsuski, gazetada maydon bo‘lmaganidan bu daf’a naql etmoqning imkoni yo‘q.

Samarqanddagi mashhur obidalarni, yodgorliklarni, barcha qadimgi binoyu imoratlarni Olimjon ota bilan birga yurib ko‘rdim. Ammo Eski shaharni ko‘rishdan oldin viloyat voliysi graf Rostovchev janoblarini ziyorat etmoq munosib bo‘lgani uchun u zotning saroyiga bordim.

Tarjimon ichkari kirib, haqimda xabar bergach, u zot meni qabul etdilar. Sayohatim va ziyoratim sababini zoti oliylariga bayon aylarkanman, suhbat asnosida u kishining yuksak tabaqaga oid zodagonlardan ekanligi, viloyat idorasini o‘z qo‘lida tutgan hukmdor, qo‘l ostidagilarga muloyim muomalasi bois ular mehriga sazovor bo‘lgani anglashildi. Graf Rostovchev bilan yarim soat muloqot etdim; yana bir ko‘rishamizmi-yo‘qmi, xudo biladi, lekin majlisi oliyasidan shunchalar lazzat oldimki, ko‘p zamonlar unutilmasdir. Ommaga ota, askarga qo‘mondon bo‘lgan bu zot rahbarligi ostidagi musulmonlar benihoya mamnunlar. Ruslarni-ku aytmasa ham bo‘ladi, chunki uning himmat va xizmatidan ko‘proq bular foydalanadilar.

Janob general Samarqandning «Okraina» gazetasida «Tarjimon» haqida qattiqroq gaplar yozilganini eslab, gazetamning bugungi ahvoli qanaqaligini so‘radi. Men savollarga javob berdim, mavzuga oid muzokara va qarashlarning farqli ekanligini, gazeta xususida to‘g‘ri fikrga bormoq uchun esa uni o‘qib borish lozimligini ham anglatdim. Shunda suhbatimizda qatnashayotgan qozoq to‘ralaridan biri tilmoch yigitga qarata:

– «Tarjimon»dan olib o‘qiylik!–deya xitob etdi.

Bu rag‘batlari uchun tashakkurimni bildirdim. So‘ngra rus shkolalari va mahalliy maktablar borasida gaplashdik. Samarqanddagi sartiya maktablari va o‘qituvchilari bilan tanishmoqni maslahat berishdi. Lekin, afsuski, vaqt ziqligidan buni ado etolmadim, zotan yoz bo‘lgani uchun maktablar yopiq edi.

Samarqand viloyat markazi o‘laroq qadimdan mashhur shahardir. Rivoyatga ko‘ra, shaharning quruvchisi Afrosiyob (Alp Erto‘nga) otliq podshoh bo‘lib, shahar nomi Maroqand, Mirand shaklida ham uchraydir. 1868 yildan beri u Buxorodan Rusiya tasarrufiga o‘tgan. Eski shaharga yondosh 1871 yildan rus mahallalari bino etilmoqdadir. Shaharning ruslar tarafida 10 ming, musulmonlar tarafida 25 ming aholi yashamoqdadir. Rus mahallalaridan iborat yangi shahar naqadar keng va bog‘-rog‘li bo‘lsa, eski shahar buning aksi o‘laroq tor va biqiqdir, shahar ichida bog‘u bog‘cha yo‘q, ammo tevaragi bog‘u bo‘stondir.

Shaharda 1 rus maktabi, 23 madrasa, 83 bolalar maktabi, 8 yahudiy maktabi, 68 masjid mavjuddir. Mashhur imorat va obidalari shulardir: Shohizinda, Bibixonim maqbaralari, Tillakori, Sherdor, Ulug‘bek madrasalari va Temur maqbarasidir. Bularning har biri bir ajoyibotdir. Binolarning qurilishi va go‘zalligi barcha sayyohlarni hayron etadir. Ammo na foydaki, bari xarobalik ichidadir va xaroblikka yuz tutgandir! Rusiya hukumati bularning saqlanishi va muhofazasiga imkon qadar g‘ayrat ko‘rsatmoqdadir, lekin bir qator mashhur binolarning ta’mir vaqti o‘tib, ta’mirga ehtiyoji qolmagan.

Temur maqbarasining ziyorati menda juda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi. Ma’lumki, u dunyodagi birinchi jahongir edi. Rusiya tuproqlarida ham bir necha muhorabalar etmish. Endilikda uning so‘nggi makoniiga aylangan maqbarasi rus hukumati ta’miri ila yiqilmasdan turibdir. Rusiya hukumatining himmati bois maqbara atrofi gulzor qilib qo‘yilibdir.

Uch-to‘rt kun Samarqandda qoldim. So‘ngra po‘chta aravasida Toshkentga yo‘l soldim. Ikki shahar orasi 300 verstdir. Yo‘l ustida Jizzax shahri bor. Unga yetib kelguncha bog‘u bo‘ston yerlarni ko‘rdik. Jizzaxdan Sirdaryogacha Mirzarabot degan qup-quruq sahro ekan. 120 verstlik masofada po‘chta istansalaridan boshqa biror uy ham, inson ham, hayvon ham ko‘rmadik. Ikki yerda quduq bor, ammo suvi ichishga yaramaydir hamda oz. Karvonlar va aravakashlar suvdan o‘z ulushlarini olib, sahrodan o‘tib ketishmoqda.

Samarqanddan 8-10 verst masofada Zarafshon daryosi va ko‘kalamzor chamanliklar bor. Bu daryo, haqiqat ham, zar afshondir, ya’ni oltin sepuvchidir. Suv yetgan joylardagi barakat qiyossiz darajada mo‘l-ko‘ldir. Faqat har bir tayoqning ikki uchi bo‘lganidek, bu ma’voning go‘zalligi va barakatiga zid o‘laroq o‘ta og‘ir isitma xastaligi ham borki, kuzda butun aholi va hatto hayvonlar unga mubtalodir. Xususan Zarafshon isitmasi musofirlarga qattiq ta’sir qilarkan.

Zarafshon vodiysidan o‘tib Jizzaxga borguncha bir-ikki ko‘chmanchi qirg‘iz-qozoqlarning o‘toviga ham duch keldik. Maxsus to‘xtab, bir soat, yarim soat ularga mehmon bo‘ldim. Mollarini saqlashga yer va o‘tloq bor ekan, dunyoda bu ko‘chmanchilardan ko‘ra tashvishsiz, qayg‘usiz insonlar bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman. Ular bosh-keti yo‘q mana shu dala-qirlarda va cho‘llarda besh-o‘n kun bu yerda, so‘ngra boshqa yerda kigiz yopilgan, cho‘pdan tiklangan qorauylarida oshini oshab, qimizini ichib, quyoshda qorinni toblab-silab yotib, goh-goh o‘lanu doston aytib yo tinglab umr kechiradirlar. Shaharlik va madaniy xalqlarning turmushi va ahvolidan bularning xabari yo‘q va ozga qanoat qilib yashashga o‘rganishgan.

Bu qirg‘iz va qozoqlarning urf-odatlari shariati islomiyaga muvofiq kelavermasa-da, o‘zlari dindor, sog‘lom va sobit insonlardir. So‘zlariga sodiq, oldi-sotdida adolatli, oilaga, xotinu bola-chaqaga mehrli va juda adabli odamlardir. Menga «Qrim yurtidan kelgan mo‘lla-to‘ra» deya izzat-ikrom ko‘rsatishib, siylashib, ovuldagi barchalari boshimga yig‘ilishib, «Aman-esanmi? Yurt amanmi? Musulmanlar tinchmi?» kabi savollarni yog‘dirishib, olgan javoblaridan dilu jondan quvonishib: «Xudayga shukur!» deya duolar qilishdi.

Ko‘chmanchi qirg‘izlar orasida o‘qish-yozish darajasi o‘troq madaniylar o‘rtasidagi kabi bo‘lmasligi tabiiydir, ammo bular ichida kitob ko‘rgan, qalam tutgan kishilar o‘ylaganimdan ziyoda ekan. Ko‘pchilik ovullarda maktab bor, biroq u ham kigiz yopilgan ulkan chodirdan iborat. Nima bo‘lgandayam, bolalar o‘qishdan mahrum emasdirlar.

Tush vaqti edi, qarshimizda Sirdaryo ko‘rindi. Sahroning chetiga yetdik, deya po‘chtachi qirg‘iz «Ay-o‘y!» deya qichqirib, arava otlarini daryo qirg‘og‘ida to‘xtattirdi.

Solga o‘tirib, daryoning narigi sohiliga o‘tdik. Sirdaryo ham Amudaryoga o‘xshab qaynab, loyqa oqar ekan, lekin uning kattaligi Amuning yarmisi qadardir.

Daryoning berigi qirg‘og‘idan ko‘kalamzor va obod yerlar boshlandi va Toshkentga yetgungacha bog‘u rog‘larga to‘la qishloqlardan o‘tib bordik. Yo‘l bo‘yi ko‘rimlik va qiziqarli edi, lekin chang-to‘zon ko‘pligidan anchagina qiynaldim va Toshkentga kelib tushgach, o‘zimni va jomadonu yuklarimni tuz-tuproqdan tozalash anchagina vaqtimni oldi.

Yo‘l ustida, Chirchiq daryosi bo‘yida diqqatga sazovor bir rus qishlog‘ini ko‘rdim. Bu yerga rus ko‘chmanchi-muhojirlari joylashtirilgan. Ammo juda chiroyli qishloq: barcha uylar yangi, rejali va tartibli qurilgan, eshik-derazalari bo‘yalgan. Har uyning kenggina hovlisi, bog‘i bor; ariqlarda suv oqib yotibdir... Bu maskanni olmon qishlog‘i bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, chunki ona Rusiyada bunaqangi go‘zal qishloqni ko‘rmagandim. Ko‘chmanchilarni mana shunday joylashtirish va ta’minlash lozim.

Yangi Toshkentdagi bir mehmonxonaga o‘rnashdim. Yangi Toshkent ham Samarqand kabi rejali va tartibli uylari, bog‘lari bilan e’tiborni tortadi. Ammo Samarqanddan katta va go‘zaldir.

Yozda yomg‘ir bo‘lmasligi, quyoshning harorati va ta’siri kuchliligini ko‘zda tutgan holda, shaharlarda binolarni bog‘u rog‘lar orasida qurish lozimdir, bu jihatdan qaraganda, yangi shaharlar eskisiga qiyos qilinmas darajada ko‘rkam va a’lodir.

26 noyabr 1893 (30 jumodulavval 1311), 40-son, 25-28 b.

12

Toshkent shahrining musulmon aholisi yuz mingcha deya taxmin qilinadir, ammo odamlarning aytishiga ko‘ra, ikki yuz mingtadir. Musulmonlar yashaydigan Toshkentning qurilishi Buxoro va Samarqandga o‘xshaydi, ko‘chalar tor va aholi tig‘iz joylashgan. Faqat ularga qaraganda Toshkentning ariqlari keng, suvlari katta va mo‘l-ko‘ldir.

Toshkentdagi masjid va madrasalar qanchalar ulkan va chiroyli bo‘lmasin, Buxoro va Samarqanddagi bundayin imoratlar bilan bo‘y o‘lchasholmaydir. Bozorlari ham Buxoronikiday mol-matoga to‘la va boy emas.

Toshkentning mo‘‘tabarlaridan va ulamolaridan biri, qozi Muhyiddin xo‘jaga mehmon bo‘lib, u bilan bir necha soat muloqat etdim, to‘plangan kishilar majlisidan anchagina bahra oldim. Muhyiddin xo‘janing uyida bir necha e’tiborli zotlar yig‘ilishgandi, ularning bu o‘tirishdagi so‘zlaridan, mushohadayu muzokaralaridan mamnun bo‘ldim. Bu shahar ahli haqida yozilgani va eshitilgani kabi qoloqligu dunyodan xabarsizlikni sezmadim; shuningdek, har ne mavzuda va ahvol borasida so‘z ochmayin, bu xususlarda fahmu idroklari, tushunchalari yetarli ekanligini ko‘rib, masrurligim ortdi. Turkiston aholisining bilik va ma’rifatlari g‘arbliklardan ortda qolganini; so‘ng vaqtlarga qadar, temir yo‘l yo‘qligi sababli, qit’alardan va insonlardan uzoq va chetda bo‘lganliklarini dalil keltirib, kelajakda zamonaviy fikru qarashlari o‘sib, kuchayishiga ishonganliklarini aytdilar. Haqiqatan ham shundaydir.

Turkiston aholisiga mos usul va sabr va do‘stlik ila yangi taraqqiy yo‘llari ko‘rsatilsa, qabul va istifoda etishlariga hech shubhalanmayman. Oqil va iste’dodlari zohirdir; yaxshini va foydalini bilirlar va tanirlar.

O‘tgan yili yozda voqe bo‘lgan fasod va gazetamiz haqidagi og‘ir gap-so‘zlar bizga anchagina yomon ta’sir etgandi, o‘shanda ham Turkiston general gubernatori baro‘n Vrevskiyning[19] adolatini, aholi fikru qarashlarining tuzalishiga ishonchini ko‘rib, Rusiya idorasining marhamatli ekanligiga takror guvoh bo‘lib, ko‘nglim taskin topgandi. Xudo bunday holni qayta ko‘rsatmasin, ish-qilib.

Muhyiddin xo‘janing uyidagi suhbat va quyuq ziyofatdan so‘ngra, xayrlashuv asnosida bu yerning rasmu odatiga ko‘ra menga hurmatan chopon kiygizishdi. Buni bu o‘rinda yozganlarimga qo‘shmasam ham bo‘lardi, ammo xotira yaxshi, ularga tashakkurlar.

Toshkentda anchagina katta musulmon ziyolilar jamiyatini ko‘rib, benihoya xursand bo‘ldim. Osiyo o‘rtasida, bu chet va uzoq o‘lkada bunchalar o‘qigan va ma’lumotli musulmonlarni uchratish kimning xayoliga kelibdi dersiz! Bularning ko‘pchiligi davlat xizmatidagi harbiy va mulkiy ma’muru mansabdorlar bo‘lib, bir nechasi shu yerlik edi va bir ko‘pi Vo‘lga va O‘rol taraflaridan kelgan va bir-ikkisi qirg‘iz zadogonlari o‘laroq Toshkentda alohida bir jamiyat ekan. Ikki tabib, bir necha subay-ofitser yigitlar, bir necha davlat amaldorlari to‘planishdi; Turkiston ahlidan Bobobek, ota-o‘g‘il Jo‘rabeklar va Mirhaydar Mirbadalov janoblari bu ziyoli guruhni tashkil etadirlar.

Bularning barchasi tarafidan g‘oyat birodarona qabul etilib, Toshkentda bo‘lgan olti kunni biri biriga ulanib ketgan ziyofatlarda o‘tkazdim. Lekin, aziz do‘stlarim, bir bechora musofirni shunchalar siylamoq shartmidir? Bir o‘ylab ko‘ring axir, bir guruh insonlar uchun alohida bir uyda katta nahor oshi, tushlik ikkinchi bir hovlida, oqshom bazmi esa uchinchi bir xonadonda! Yana qanaqa ziyofatlar, hay-hay-hay! Masalan, Bobobek va Jo‘rabeklarning uylarida buzoqday keladigan katta qo‘y Kenegas usuli bo‘yicha butunicha qovurilib, dasturxonga qo‘yildi, yemay bo‘ladirmi? Kenegas nima degani, bilasizmi? Turkiston turklari urug‘-urug‘ bo‘ladirlar. Kenegas eng jasur, eng g‘ayratli turk va o‘zbek urug‘ining nomidir.

Meni mehmon qilgan barcha qo‘noqsevar qardoshlarimga ming-ming tashakkur aytaman. Biroq bir yozuvchi shu Turkiston bazmlarida bunchalar oshu siylovlar jarayonida bo‘kib-netib qolsa, bu xotiralarni kim ham yozardi? Lekin, xudoga shukrki, Kenegascha pishirilgan qo‘ylarni yeyishga qavman yaqin bo‘lganim uchun Qrim nomini sharmanda qilmasdan, olti kunda yigirma besh ziyofat «kurashi»dan g‘alaba qozonib chiqdim!

Toshkentda bu kabi ziyolilar, zodagonlar, muslima xotinlar fikru qarashlarini o‘rganib, ongimda ularning turmushiga oid anchagina yaxshi tushunchalar, ko‘nglimda ezgu hissu tuyg‘ular paydo bo‘ldi.

Shulardan birini aytay: bir xonim o‘n yildan beri shifoxonada xizmat va marhamat ko‘rsatmoqda. Yana bir xonim esa, ma’rifat tarqatishda g‘ayratini ayamaydir. Shunday qilib, bir necha xotin-qizlar gul-chechaklar kabi ilmu irfon taraqqiysida, xalq fikrining ochilishi yo‘lida ravnaq bermoqdalar. Mastura va paranjili bo‘lmasalar-da, tom adabli va tarbiyali hayot kechirishmoqda. Yuzi ochiq, bir-ikki tilni bilgan muslimalarni ko‘rmoq ko‘p nodir holdir. Paranjini otgan, yangi ilmu ma’lumot ila munavvara bo‘lgan muslimalar shu islom jamiyatida qanday o‘rin tutarlar? Ularning bir oilada yaxshi rafiqa, e’tiborli uy sohibasi, shafqatli ona bo‘lishlarini janobi haqdan yolvorib tilaydirman. Adabi islomiya tark etilmagan holatda ilmu ma’rifatdan faqat foyda keladir. Shunga ko‘ra umidvormanki, ziyoli, madaniy va xizmatga bel bog‘lagan musulmonlarning ziyoli, orifona rafiqalari va qizlari o‘zlarining marhuma onalari va buvilari darajasida adabli yashasalar, ularning ma’rifat va kamolotidan millat ham naf ko‘radir. Ana shu maqsad yo‘lidagi tahsilu kamolotdan, bu matlab birla kechirilgan umrdan ko‘p xayr va savob bordir.

Islom adabi ila tarbiyalangan, zamonaviy ma’rifatda kamolga erishgan muslimalar dunyoning eng yaxshi onalari bo‘lishi shubhasizdir.

Umuman o‘qigan-bilgan musulmonlarga va to‘ralarga xitoban shu fikrni aytib qo‘yay: millat va jamoatning oldida yuraylik, ularni ilgari yetaklaylik; ammo millatdan uzoq tushmaylikki, ular bizni ko‘rsinlar, ibrat olsinlar, foydalansinlar.

Millatni va ommani ko‘pam avom va fahmsiz deb o‘ylamaylik; ular yaxshi so‘zni, yaxshi ishni anglaydigan holdadir.

Ziyoli inson oliy fikrlarsiz yashay olmas. Yuksak tushunchalarimizni o‘z jamoatimizga, o‘z xalqimizga xizmat ettiraylik. Ularga bizdan ko‘ra yaqin, bizdan ortiq qarindosh va do‘st yo‘qligi ayondir.

Buxoroda yurganimda, tanishlarimdan Burxon sarrof: «Buxoroning ahvolini odam qirq yilda ham bilolmas» degandi. Uning bu hikmatli so‘zidagi ishorani anglagan holda gapni ortiq uzaytirmayman. Sayohatda ko‘rgan-eshitgan ko‘p narsalarni bu safar yozmayman, ularni bir fikru mulohaza va taftish tarozisiga qo‘ymoqqa majburman. Shundan kelib chiqib, ulug‘ Toshkent xususida besh-o‘n kalima so‘ylamoqchiman.

Ziyorat etilajak rus ma’murlaridan faqat janob general gubernato‘r, baro‘n Vrevskiy, keyin esa Toshkentdagi rasmiy musulmon gazetasi muharriri Ostroumov janoblari bilangina ko‘risha oldim xolos.

Bosh voliy hazratlari kaminani juda yaxshi qabul qildilar, suhbat asnosida Turkiston musulmonlarining nihoyatda qobiliyatli va neniki yaxshi narsani ko‘rsalar o‘rganishga mohir ekanliklarini so‘yladilar. Baro‘n Vrevskiyni Qrimda ham ko‘rgan edik. Janob Ostroumov maorif ishlarida xizmat ko‘rsatgan va Turkiston viloyati ahvolini eng yaxshi bilgan ma’murlardandir.

Voliy janoblarining husni tavajjuhlari soyasida musulmonlarning rohat va taraqqiylarini umid eturmiz.

Sart yoki sort aholisiga oid bir-ikki so‘zni ham aytib o‘taylik. Bu xalq g‘oyat muloyim bo‘lib, ahvolidan rozi va ma’murlarga itoatlidir. Xonlar va beklar zamonida, katta amaldor va to‘ralarni ko‘rganda, otdan tushib, tik turgancha qo‘l qovushtirishga o‘rgangan va bunaqa odatlari bo‘lgani uchun rus ma’murlariga ham shunday ta’zim bajo aylab, «davlatni idora qilish», «mulku boylikni boshqarish»ni, eski zamonlardagi kabi, qo‘l qovushtirmoq va buyurilganni bajarmoqdan iboratdir, deb tushunadirlar; ammo unday emas!

Eski idora va yangi hukumat orasidagi farqni tezroq tushunsalar, usul va muomalaning g‘arbnikiga ham, ruslarnikiga ham, eski sharqniki yoki Xitoynikiga ham o‘xshamasligini anglasalar, yanada yaxshi bo‘ladir.

Ko‘rinishdagi bu hurmat va itoat, ma’naviy munosabatlar haqiqiy aloqalarga mone bo‘lmasin, deya qo‘rqadirman. Ularning shunaqa qo‘l qovushtirib ta’zimda sharmandalarcha turganlarini ko‘rganlar ko‘pdir. Lekin, mening fikrimcha, xitoycha va sharqcha bo‘lgan bu ta’zim usulu odatidan qancha tez qutulinsa, shuncha yaxshidir.

2 dekabr 1893 (6 jumadulsoniy 1311), 41-son, 29-32 b.

13

Toshkent shahridagi mavjud ma’lumotli va ma’mur musulmonlar orasida qozoq xonadonlariga mansub rotmistr (yuzboshi) Sulton Isfandiyorov bilan tarjimon Zamonbek Shayxalibekov janoblarini yodlamog‘imiz lozimdir. Bularning har ikkisi xalq ichida rag‘bat va mehr qozongan odamlardir. Zamonbek afandi Shakelidan; istiqomati va tabiati g‘oyat muloyim va yoqimlidir.

Charxi falak meni Qafqazyadan olib, saltanati Usmoniyada, Afriqada, Hindistonda va Qashqarda aylantirib, bu Turkiston mulkiga keltirib tashlabdirki, agar boshimga tushganlarni va sayohatimda ko‘zim bilan ko‘rganlarimni yozib, bir risola etsalardi, ko‘p yaxshi bo‘lardi. Bular yozilmasdan qolib ketsa, afsuski, biz uchun faqat zarardir.

* * *

Janob qushbegiga va’da qilganimdek, Toshkentdan chiqqanim kunda Buxoroga telegramma berib, Samarqandga yo‘llandim. 8 iyunda (20 iyun) salomat Samarqandga kirib bordim. «Ovro‘po» musofirxonasiga tushdim. Shu oqshom Buxoro mansabdorlaridan biri kelib, Xon hazratlari tarafidan yuborilgan fayton menga muntazir ekanligini bayon ayladi.

Bu xursandchilik ustiga, Bokudagi do‘stlarimdan muallim Majid G‘anizoda[20] afandining sayohatimga qo‘shilmoq va bu taraflarda yo‘ldoshlik qilmoq uchun kelganini eshitib, yanada kuvondim. Majid afandi bilan ko‘rishib, shu kecha Samarqandda qolib, ertasi kun ertalabdan janobi oliy Abdulahadxon hazratlari yashaydirgan Shahrisabzga yo‘llandik. Xon hazratlarining inoyati shohonalari natijasi o‘laroq bizni olgani kelgan to‘rt ot qo‘shilgan fayton va bir yetakchi miroxo‘r yo‘ldoshligida tez-tez shahardan chiqib, bog‘u rog‘lardan o‘tib, tog‘lar sari oshiqdik. Bu tog‘lar Shahrisabz etaklaridadir, Buxoro chegarasi va Samarqand orasiga qadar uzangandir. Tog‘lardan o‘tadigan yo‘lga tosh to‘shalgan. Undan tomosha va rohat qilib o‘tiladir. Tog‘lar aksari tosh-tuproqli va qoyalikdir. Ruslar tasarrufidagi Samarqand taraflarida yangidan ekilgan og‘ochlardan shakllangan o‘rmonlar ham bor. Bular Samarqanddagi rus hukumati va xodimlarining obodonlik ishlarida ko‘rsatgan chiroyli g‘ayratlarining natijasidir, albatta.

Samarqanddan 25 verst masofada toqqa kiraverishdagi bir qishloqda to‘xtadik. Toqqa va qirga chiqmasdan oldin otlarga bir nafas dam oldirish kerak edi. Qishloq choyxonasiga kirdik. Yo‘lboshlovchimiz miroxo‘r darhol choy keltirtirdi, mehmon qildi. Bu va boshqa qishloqlardan ayrim kishilar bizni ko‘rmoqqa va tomosha aylamoqqa to‘planishdi. Ular bilan bir-ikki og‘iz so‘ylashmoq istadim.

«Bu qishloqda maktab bormi?» deya qariyalardan biriga savol berdim. U menga javob berish o‘rniga, yonidagi boshqa bir choldan «maktab bormi» deya so‘radi. U odam esa uchinchi bir kishiga shu savol bilan yuzlanarkan, u:

– Ha, bor, hazrat,–dedi va bir bolani imom afandini chaqirishga yubordi.

Bir ozdan keyin imom keldi. Keksaygan bir odam ekan. Salom-alikdan so‘ngra imomni choy ichishga taklif etdim. Kim ekanligini, qaylarga borib-kelganligini so‘radim. Majid afandini ularga tanitdim. Shundan keyin imom bilan oramizda shunday suhbat yuz berdi:

– Bu qishloqda masjid bormi?

– Avf etgaylar, hazrat, bordir.

– Borakalloh. Maktabxona bormi?

– Avf etgaylar, hazrat, bordir.

– Shogird ko‘pmi?

– Avf etgaylar, hazrat, ozdir.

 Rasmiy muomala, taftish-tekshirishga o‘xshash bu suhbatdan biror yoqimli narsa chiqmasligiga aqlim yetib, so‘zni uzaytirmadim.

Choy va karvonsaroy pulini to‘lab, miroxo‘r yo‘lboshlovchimiz janobi oliyning mehmoni ekanligimizni bayon aylab, bizni faytonga mindirdi. Yo‘lda nima kerak bo‘lsa, tortinmay menga aytingiz, deya miroxo‘r oldinda yo‘lga tushdi. Orqasidan biz ham qo‘zg‘oldik. Bu qishloqdan tosh yo‘l bo‘ylab ilgariga ko‘tarila boshladik. Yo‘lning ikki yoni yuksak qoyalik edi. Qrim buloqlaridagi kabi ko‘zyoshidek tiniq suv yo‘lning u yonida ham, bu yonida ham ko‘pirib, shopirilib, bir nelarni so‘ylab oqib yotibdir. Bu muborak tog‘larning suvidan hech tortinmasdan, to‘ya-to‘ya ichdim. Pastliklardagi ariq va hovuz suvlaridan totib ko‘rmagandim, zotan.

Tushdan keyin uch soat o‘tgach, tog‘ ustiga chiqdik.

Bu yerni Taxti Qoracha der ekanlar. Tog‘ning beli. Anchagina yuksak va sovuq bo‘lgani uchun palto‘larni kiyishga to‘g‘ri keldi. Taxti Qorachadan Shahrisabz vodiysiga ko‘z tashlasa bo‘lur. Bu yerlar Qrimning Baydar vodiysiga o‘xshaydir. Lekin undan ko‘ra anchagina keng. Atrofdagi tog‘lar yuksak va ayrim cho‘qqilarida hecham qor arimaydir. Taxti Qorachaning belidan pastlikka enarkan, latofatli manzaralarni ko‘rib, ko‘zu ko‘nglimiz yayradi. Tog‘dan tushgan sari kunning harorati tobora yuksala bordi. Tevarakni oqshom qopladi, ammo Taxti Qorachadagi salqin qayda deysiz.

Shom boshlanganida tog‘dan tamoman vodiyga yetib olgandik. Kattagina bir qishloqda to‘xtadik. Bunda janobi oliy xon hazratlarining mehmonxonalari bor ekan, bizni u yerda choy-non, osh bilan kutib olishdi. Bir oz tinlanib, so‘ngra Kitob shahriga yo‘l soldik. Kitobda ham janobi oliylarining musofirxonalariga qo‘ndik. Havo juda issiq bo‘lganidan hovliga ipak chodir qurilgandi. Mehmonxona boshlig‘i bizni rasman qabul aylab, hovuz bo‘yidagi so‘lim yerga dasturxon tuzab siyladi. Dam olishimiz uchun chodir tikilganini bayon etdi. Xon hazratlarining soyai shohonalari bois munchalar hurmatu e’tiborga noil o‘laroq, Majid afandi bilan chodirga kirdik. Katta hovli fanorlar yorug‘ida munavvar edi. Kechasi bilan odamlarning keldi-ketdisi sezilib turdi. Ot tuyoqlari sharpasi, ba’zan qorovullar ovozi, goho olislardagi harbiy karnay tovushi quloqqa chalinardi. Oloy va Pomir tomonlarda, tog‘lar orasida kechgan bag‘oyat sururli chog‘larimni eslab, xayol surib yotardim. Xuddi «Ming bir kecha» ertaklarining biridagi voqealarni boshimdan kechirayotganday edim. Ammo yo‘lda anchagina charchaganimdan, salqin chodirda uyqu elitibdi, ertalab ko‘zimni ochsam, kun anchagina ko‘tarilgan ekan.

Mezbon afandi hovuz bo‘yida tayyorlangan dasturxonga taklif etdi, choy-non, osh bilan mehmon qildi. So‘ngra Shahrisabzga qarab yo‘l oldik.

Kitob bilan Shahrisabz ikki qarindoshday bir-biriga juda yaqin shahardir. Oradagi bir soatlik yo‘l bog‘u bog‘chalar va obod yerlardan o‘tadir. Har yerda tog‘lardan tushayotgan toza suv to‘la ariqlar oqib yotibdir.

Shahrisabzga kirarkan, ikki tabur[21] Buxoro qo‘shini yonidan o‘tdik. Rasmiy odatga ko‘ra, har bo‘likdan uch-besh askar yo‘lda qoravul turib, bizni salomlab qarshiladilar. Janobi oliyning askarlari miltiq bilan qurollangan bo‘lib, ustlaridagi kiyimlari ruslarning usulida tikilgan va boshlaridagi telpaklari bizning Qrimdagi teri qalpoqqa o‘xshardi.

Shahrisabzda biz uchun alohida mehmonxona ajratilgan ekan, xonalarga joylashib olgach, darhol dasturxonga taklif etildik. Qorli, muzli limonadlar keltirildi. Ammo havo shunaqayam issiq ediki, ba’zi kiyimlarimizni yechib tashlaganimizga qaramasdan, salqin xonada ham badanimizdan tinimsiz ter quyilardi.

Janobi oliylarining umrlari uzoq, davlatlari boqiy bo‘lsinki, ma’murlari bizni bag‘oyat do‘stona kutib olishdi, totli yemaklar va shirindan-shakar mevalar bilan siylashdi, ular bois vaqtimizni xush kechirdik.

Shahrisabzga borganimizning ertasi kuni shu yerlik beklardan Nasrulloh afandi keldilar. U zot rasmiy kiyimda. Bandalari ham janobi oliydan Qrimda ehson olingan Buxoroning oltin nishonini taqqan holda u kishini qarshilamoq va ichkariga taklif etmoqqa hozirlandim. Shu niyatda uy eshigi oldida u zotning istiqbollariga chiqdim. Ko‘rishib, hol-xotir surishtirganimizdan so‘ngra Nasrulloh bekni dasturxonga da’vat etib, choy keltirtirdim. U kishi shirin tilli, muloyim fe’lli bir ma’mur ekan. Choy ichilayotganda, u oyoqqa qalqib, o‘zining davlatlik va munavvar xon hazratlari tarafidan yuborilganini va janobi oliylari bizning kelganimizdan mamnun o‘laroq ertangi kungi bayram namozidan so‘ngra huzuri shohonalarida qabul etajaklarini bayon ayladi, keyin yana joyiga o‘tirdi. Shunda men duo va tashakkurlar aytib, janobi oliylarining soyai shohonalarida Buxoroda va Shahrisabzda g‘oyat baxtiyorona kunlar kechirganimni va huzurlarida qabul aylarkan, bandalarini yana va yana ziyoda masrur va musharraf etajaklarini arz ila Nasrulloh bekka so‘yladim.

Besh-o‘n daqiqa suhbatlashib, bir-ikki piyola choy ichishib, janob bek saroyga qaytdilar. Bizlar esa ertangi bayram kunini kutib shu yerda qoldik. 11 (23) iyun edi. Tongdan qurbon bayrami boshlandi.

10 dekabr 1893 (14 jumadulsoniy 1311) yil, 42-son, 33-36 b.

14

Oxiri

12 iyun shanba kuni, qurbon bayrami namozidan keyin, biz uchun tayinlangan fayton keldi, shohona saroydagi mehmonxonadan chiqdik. Yo‘limiz Shahrisabz bozorlaridan o‘tarkan, tomosha qilib ketdik. Hayit munosabati bilan do‘konlar yopiq bo‘lsa ham, ko‘chalar gavjum, bir-birining ziyoratiga borayotgan odamlar bilan to‘la edi. Muzday sharbat, meva-cheva, choyu osh sotayotgan kishilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Ba’zi yerlarda, burchak-burchakda to‘plangan odamlar qimorga o‘xshash allaqanday pulli o‘yin bilan mashg‘ul[22]. Sotuvchilarning baqir-chaqiri va xalqning olag‘ovuri bir-biriga qorishib, tantanali shovqin hosil qilgan.

Bu gavjum bozorlardan o‘tib, oqish, baland qal’a devorlari bilan o‘ralgan Oqsaroy maydoniga yetib keldik. Ulkan darvozadan saroyning birinchi hovlisiga kirdik. Darvoza qarshisiga o‘rnatilgan, harakatlanadigan o‘n ikki to‘p va atrofda yurib turgan miltiqli qorovullarni ko‘rdik. Bu yerdan shoh Temur zamonidan qolgan, g‘oyatda chiroyli shaklda qurilgan jomeyi sharif mezanalari va saroyning ayrim minoralari ko‘zga chalinardi. Yangi saroy ularning oldida bino etilgan. Lekin eski saroy o‘z zamonida yangi saroydan go‘zal bo‘lgan emish. Samarqanddagi mashhur imoratlar tarzida qurilgan bu eski masjid va saroy arabu eron me’morchiligi yutuqlarini o‘zida jamlagan binolardandir. Afsuski, ba’zi yerlari buzilgan, yiqilgan.

Fayton ikkinchi hovlining darvozasiga borib to‘xtadi. Bizni qarshilagan xodimlar hurmatan qo‘ltiqlarimizdan olib, aravadan pastga tushirishib, ichkariga boshladilar. Ichkaridagi hovli tashqaridagidan chog‘roq bo‘lib, uch tarafi bir qavatli, obod va go‘zal uylar bilan o‘ralgandi. Bu yer mehmonlarga mo‘ljallangan ekan. Kattagina xonaga kirib joylashdik. Bag‘oyat yorug‘, chiroyli bo‘lma edi; o‘rtadagi uzun, kattagina stolga yozilgan dasturxon to‘la noz-ne’mat. Orqamizdan darhol saroy begi kirib keldi va bizni dasturxonga taklif etdi, choy keltirtirdi. Bek bilan iltifot ila, do‘stona suhbatlashdik, savol-javob qilishdik. U bundayin muborak bayram kunida ko‘rishganimiz xayrli bo‘lajagidan umidvor ekanligini ta’kidladi. Haqiqatan ham to‘g‘ri fikr edi, axir qurbon hayiti kuni mashhur Temurning vatani Shahrisabzda va bu jahongirning saroylaridan birida, maorifparvar va ma’rifatparvar hukmdorlardan Mirsaid Abdulahadxonning xos beklari orasida va dasturxonida ishtirok etishim hech xayolu xotirga keladigan narsa emasdi. Taqdir ekan, inshoolloh, xayrlidir.

Bir piyoladan choy ichgach, ichkariga bizdan xabar bermak uchun saroy begi qo‘zg‘oldi. Bir oz muddatdan so‘ngra qaytib, «Marhamat qiling!» deya iltifot ila bizni huzuri shohonaga da’vat etdi. Hovliga chiqarkanmiz, shu kunlarda Peterburgdan qaytib kelgan janobi valiahd Mir Olimxon[23] to‘rani ko‘rdik va salom berdik. U kishi harbiychasiga qo‘llarini boshlariga ko‘tarib alik olib, iltifot ko‘rsatdilar.

Qoravullar saflangan hovlidan o‘tib, harbiycha salomlarga alik olib, ichkari hovliga kirdik. To‘rtburchak, hayhotday yer ekan, atrofi oppoq, ganchli binolar. Hovliga biror arshinlik kattalikdagi kesma oq toshlar, marmarlar to‘shalgan. Xullas, bu qasri shohonani Oqsaroy deyishlari mutlaq munosibdir, chunki har tomon oppoq.

Bizga yo‘l boshlovchilik qilib, bir oz oldinda saroy begi bormoqda. Uning ortidan hovlidan o‘tib, saroydagi bir pillapoyaga yetdik. Bek zina boshida qo‘llarini qovushtirib, rasmiy ehtirom maqomida turganicha, ko‘z ishorati bilan: «Qani, ichkariga buyuringiz!» dedi. To‘rt-besh tosh-marmar zinani bosib yuqori ko‘tarildik. Eshiklarning biri ochiq edi, o‘sha tomonga yurdik. Ichkariga kirdim, juda katta, keng xona edi. Derazalari ikki tarafga qaragan; biz o‘tgan hovliga qaragan derazalari panjarali, pardalidir va boshqa tarafi ochiq bo‘lib, u yoqdan saroydagi bog‘ ko‘rinmoqda. Yerga eng kamida bo‘yi yigirma, eni o‘n besh arshinli bir butun katta gilam to‘shalgan. Xonaning shifti va yon devorlari oltin naqshlar bilan mukammal ziynatlangan, latofatining bayoniga til ojizdir. Boshimni ko‘tarib, xonaning to‘riga boqarkanman, janobi oliyni ko‘rdim. U zotdan boshqa hech kimsa yo‘q edi. U zot o‘rinlaridan turib, biz yoqqa bir odim otdilar. Biz shoshib xon hazratlari tomon yurdik, salomlashib, bayram bilan tabriklab, munosabati oliylari uchun tashakkurlarimizni izhor etdik. Yo‘ldoshim Majid Jonizoda afandini zoti oliylariga tanishtirdim.

Janobi oliylari kamoli lutf va muloyimat ila menga xitoban:

– Va’dangizni bajarganingizdan xursand bo‘ldim,– deya Bog‘chasaroyda, huzuri shohonalarida kechgan suhbatimizda, Buxoroyi sharifga borib, janobi oliylarini ziyorat qilaman, deganimni esga oldilar.

Shundayin qiymati topilmas iltifotlardan so‘ngra xon hazratlari o‘z kursilariga o‘tirdilar va bizni ham qarshilaridagi ikki kursiga o‘tirishimizni istadilar. Ko‘rinishxonada shulardan boshqa kursi yoki o‘tirg‘ich yo‘q edi. Ruxsati oliylari ila o‘tirdik. Chorak soatcha janobi oliylarining huzurlarida qolib, diqqati shohonalari va muloyim suhbatlaridan sharaf topib, benihoya masrur bo‘lib, umrvoriy tashakkur ila tashqari chiqdik.

Pastda, zina boshida kutib turgan saroy begi bilan birga yana mehmonxona bo‘lmasiga qaytdik, u yerda hozir bo‘lgan insonlar bizni tabriklashdi.

* * *

Bir muddat o‘tgach, bandalarini yana ko‘rishmakka da’vat ettirdilar. Haligi saroy begi zinapoyaga qadar meni kuzatib qo‘ydi, yuqoriga bir o‘zim chiqib, ko‘rinishxonaga kirdim.

Bu safargi suhbatimizda hazrat davlatli Abdulahadxon Rusiyaga qilgan sayohatlarim borasida so‘z ochdilar, ko‘rgan va eshitganlarimdan so‘ylarkanman, ko‘p xursand va mamnun bo‘lganlarini lutfan bayon ayladilar. Xususan, o‘zlarining Peterburgda o‘tkazgan kunlari hech yodu ko‘ngildan chiqmasligini, hayajonli tuyg‘ularga to‘la ekanligini ifoda etarkan:

– Sulh va osoyish butunlay ta’minlansa, xudovandi olamning lutfi ila adlu boshqaruvimga omonat qilinmish yuz minglarcha musulmon fuqaroning tinchligu iqbolidan boshqa fikrim va qayg‘um yo‘qdir,– dedilar.

Keyin Rusiyadagi mavjud maktablar va o‘qitiladigan fanlar borasida suhbatlashdik, bilganimcha qisqa-qisqa ma’lumot berdim. Muloqotimiz tugarkan, meni diqqati shohonalari ila sharaflantirib o‘rinlaridan turdilar-da:

– Xudo nasibamni qo‘shsa, Qafqaz va Yaltaga bormoq fikridaman,– dedilar.

Ko‘rinish bitdi, duo etib, duo olib baxtiyorona tashqari chiqdim.

* * *

Ikkinchi hovlidagi ziyofatxonaga bordim, u yerda qal’a qo‘riqchilari boshlig‘i Nasrulloh bek bilan ko‘rishib, bir-birimizni bayram bilan qutlashdik. Odat bo‘yicha yana choylar keltirildi. Choy ichilayotgan asnoda xizmatchilar bir necha bo‘xchani keltirib yerga qo‘ydilar. Saroy begi bularni ochib, barchasi xon hazratlarining hadyasi ekanligini bayon ayladi. Men zoti oliylarini duo qilib, tortiqlarni qabul etdim. Ip va ipak matolar, hind mollari; 25 to‘n, 100 arshin ip mato, 12 to‘p ipak mato, 15 to‘p adras, 3 ta gilam, allaqancha qorako‘l terilar va sayohat harajatlarini qoplash uchun yetarli aqchali (pul beriladigan) farmon – shohona ehsonlarini qarang! To‘pchilar turgan hovliga chiqqanimizda, u yerda menga atalgan chopag‘on turkman otini berishdi.

Ming bir tashakkur!

Majid afandiga ham alohida bo‘xchalardagi hadyalar va to‘nlar sovg‘a qilindi. Ertasi kun, 13 iyun yakshanbada, qaytish yo‘liga tushib, Shahrisabzdan Samarqandga yuz tutdik. Bu yerga kelganimizdagi kabi to‘rt otli fayton, otliq xizmatchilar va bandalariga tortiq etilgan turkman otini yetaklagan yana bir otliq xizmatkor hamrohligida Taxti Qoracha belidan o‘tib, oromu osoyishu sevinch ila Samarqandga keldik.

Qrimlik ojiz bir yozuvchiga ko‘rsatilgan mundayin iltifoti shohonadan butun qirimliklar mamnun va xursand bo‘lishlari shubhasizdir.

Ismoil

* * *

Sayohatimga doir boshqa tafsilotlar, Turkiston haqidagi maqolalarim yana ayricha nashr etilajakdir.

17 dekabr 1893 (21 jumadulsoniy 1311) yil, 43-son, 37-40 b.

Zamimai «Tarjimon»

Qrim-tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimasi

ISMOILBEK G‘ASPRALI VA UNING TURKISTON SAYOHATLARI

Millatimizning g‘ururi Alisher Navoiy bobomiz o‘tmishdagi davlatlarimizning eng porloq bir davrida:

Turk nazmida chu tortib men alam,
Ayladim bul mamlakatni yakqalam,

deya ona tilimiz qudratini ulug‘lagani, turkiy til bayrog‘i ostida dunyoning to‘rt tarafida yashaydigan turkiylarni bir mamlakatga – bir ma’naviy olamga birlashtirganini ta’kidlagani ko‘p ibratlidir. “Gar bir qavm, garchi yuz, garchi mingdir – muayyan turk ulusi xud meningdir” degan fikri ham Navoiyning turkiy elatlarni, uluslarni bir-butun ko‘rganini, birlikka chaqirganini bildiradi. Chunki tili bir odamlarning fikru qarashida yaqinlik, amallarida ittifoqlik paydo bo‘lishi mumkin. Ana shu haqiqatni, ana shu hikmatni anglagan Ismoilbek G‘asprali[24] (1851-1914) asrlardir mustamlaka zulmini chekayotgan musulmon turkiylarni chorlik iskanjasidan qutulishi yo‘lida chiqargan “Tarjimon” gazetasiga “Tilda, fikrda, ishda birlik” shiorini tanlaganki, bu ulug‘ Navoiyning yuqoridagi baytiga nihoyatda uyg‘undir. 1883-1917 yillar orasida bu gazeta jaholat va zulm zulmatida ezilgan ajdodlarimiz ongini yoritishga, Qrimda, Ozarbayjonda, Qozonda, Turkistonning Samarqand, Toshkent, Qo‘qon, Buxoro kabi markazlarida jadid maktablarining ochilishiga, ilk milliy matbuot nashrlarining paydo bo‘lishiga, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyotga, eng muhimi, hurriyatga odim otilishida yo‘lboshlovchilik qilgan.

I. G‘asprali noshir va mutafakkir adib sifatida nafaqat turkiy olamga, balki butun sharqqa yaxshi tanilgandi. Shu bois u vafot etganida (12.09. 1914 y.), unga bag‘ishlangan ta’ziyanomalar, marsiyalar, maqolalar barcha sharq matbuotida, jumladan Turkiston milliy matbuotida ham berilgan. Ularni o‘qirkan, I.G‘aspralining Turkistonda naqadar shuhrat qozonganini uqasiz. Toshkentda A. Avloniy va Tavallo, Qo‘qonda Hamza, Andijonda Cho‘lpon, Samarqandda S. Ajziy, Buxoroda S.Ayniy ana shunday marsiyalar bitganlar. Bu dalillar ham I. G‘aspralining XX asr o‘zbek adabiyoti tarixida o‘rni beqiyos, buyuk shaxs ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Bu marsiyalarning ayrimlari Turkiya Madaniyat vazirligi nashriyotida bosilgan 32 jildlik “Turkiya tashqarisidagi turkiy adabiyotlar antologiyasi”ning o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan 15- va 16- jildlarida Ovro-osiyo o‘lkalari o‘quvchilariga yetkazilgani ham XX asr o‘zbek ijodkorlarining jahoniy mavzularda faol qalam tebratganlarini dunyoga ko‘rsatadigan dalildir[25].

Bularni eslatishdan maqsad dunyoga mashhur adib va mutafakkir I. G‘aspralining yurtimizda naqadar sevilgani va qadrlanganini ta’kidlashdir. I. G‘aspraliga oid yuqoridagi kabi qimmatli fikrlar turkiy xalqlar ijodida, xususan, XX asr o‘zbek adabiyoti va matbuoti tarixida ko‘plab topiladi. Ammo, shuni ham unutmaslik kerakki, mustabid sho‘ro davrida ulug‘ ma’rifatparvar merosiga bosqinchilarning soxta va an’anaviy “panislomist, panturkist” tamg‘alari bosilib, avlodlar undan mahrum qilindi. O‘tgan asrning mustaqillik epkinlari esa boshlagan 90-yillaridayoq I. G‘asprali hayoti va ijodini o‘rganish, targ‘ib etish, falakning aylanishiyu tarixning jo‘mardligiga qarangki, Toshkentda, bizning sharafli boshkentimizda chiqadigan jurnallardagi maqolalardan boshlandi: “Yildiz” jurnalida “Tarjimon” gazetasi mundarijasiga oid maqola va S. G‘afarovning I. G‘asprali hayoti va ijodini aks ettiruvchi nodir risolasi (1990) bosildi. Taniqli o‘zbek olimlari Sherali Turdiyev, Begali Qosimov, Qo‘chqor Xonazarovlar 1991 yilda Simferopolda ulug‘ ustozning 140 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ma’ruzalari bilan qatnashishdi. Natijada B.Qosimovning buyuk ma’rifatparvar hayoti va ijodini o‘zbek o‘quvchisiga ilk tanishtirgan “Ismoilbek Gasprali” risolasi bosildi (1992). Bularning barchasi mustaqil yurtimizda boshlangan ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlarning mevasidir, albatta.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek ziyolilari, olimlari ichida I.G‘asprali mavzusida eng ko‘p va eng unumli, maqtovga sazovor ishlari taniqli olimimiz, prof. B. Qosimov nomi bilan bog‘liqdir. “Ma’naviyat” nashriyotida 2006 yilda bosilgan “Ismoilbek Gasprinskiy. Hayot va mamot masalasi” kitobi fikrimizning dalilidir. Kitobdan I. G‘aspralining ijtimoiy-ma’rifiy risolalari, maqolalari, roman, qissa va hikoyalari o‘rin olgan. Ularning o‘quvchilar mulkiga aylanishida B. Qosimov bilan birga, Saftar Nagayev va Zaynobiddin Abdurashidovlarning ham xizmatlari bor. “Uchinchi muallim” deyilgan so‘zboshisida B. Qosimov Arastu birinchi, Farobiy ikkinchi muallim, Ismoilbek esa turkiy olamning uchinchi muallimi degan juda haqli so‘zni aytgan.

Butun turkiy xalqlarning madaniy qudratini ifodalovchi “olami turkiy” iborasini “Tarjimon” gazetasida u qo‘llagan va mustabid zamon zulmu zulmatidan, jaholatidan qutulishga ishonch, porloq kelajakka umid uyg‘ota olgan. Ulug‘ ustozdan avlodlarga ikki yo‘nalishdagi ulkan meros qoldi. Birinchisi – turkiy olamni jaholatdan qutulishi va bilim bilan yuksalishini boshlab bergan yangi usulda o‘qitish maktablari va jadidchilik.

Ikkinchisi – “Tarjimon” gazetasi, noshirligi, adibligi, olimligi, jurnalistligi bilan bog‘liq asarlar. Ilk jadid maktabi 1884 yil ochilgan bo‘lsa, 1914 yilga kelib Qrim, Qaf-qaz, Sibir, Turkistonda ularning soni besh mingga yetgan. Rusiya musulmon turklari ichida uchinchi gazeta sanalgan (birinchisi Toshkentda chiqarilgan “Turkiston viloyatining gazeti”dir) “Tarjimon” boshida 300 tadan haftada bir bor, keyinchalik esa kundalik nashr o‘laroq 12–20 ming nusxadan bosilgan. 1905 yilgacha turkiy va ruschada, so‘ngra faqat turkiyda chop qilingan. 1883-1917 yillar davomida Qrimdan Bulg‘oristonu Ruminiyagacha, Istanbulu Qohiragacha, Bokuyu Tehrongacha, Turkistonu Xitoygacha tarqalgan.

I.G‘asprali merosini o‘rganish bugungi kunda ham muhimdir. Mutafakkir tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan davlatlararo ilmiy anjumanning ochilishida (20 oktyabr 2001 yil Anqara) “Turk o‘choqlari” raisi Nuri Gurgur ta’kidlaganidek, Ismoilbek G‘asprali turkiy olamning tiklanish, zamonaviylashish davrini boshlab berdi, u Qrimda ko‘targan ma’rifat bayrog‘i Sibir va Turkistonning burchak-burchaklarigacha yoyildi[26].

Kitobxonlarimiz I. G‘aspralining o‘lkamiz mavzusidagi “Rusiya Turkistoni”, “Temurmalik bahodir”, “Samar-qandda asari najot” kabi o‘nlarcha maqolalari va “Farangiston maktublari”, “Dorurrohat musulmonlari”, “Xotinlar o‘lkasi” kabi romanu qissalarini o‘qib, uning olimlik va yozuvchilik iste’dodidan bahramand bo‘ldilar. Adib ijodida sayohatnoma janrining juda nodir namunalari mavjud. Uning besh jildlik “Tanlangan asarlar”ini Turkiyada tayyorlab nashr ettirayotgan taniqli olim Yovuz Oqpinor adibning bu turdagi asarlarini 3-jildning 3-bo‘limiga kiritgan. Ular beshta: “Turkiya sayohatlari”, “Qafqaz-Ozarbayjon sayohatlari”, “Turkiston sayohatlari”, “Rusiya-Po‘lsha sayohatlari”, “Misr va Hindiston sayohatlari”[27]. Noshir va tarjimon, prof. Yovuz Oqpinorning yozishicha, “Turkiston sayohatlari” Ismoilbekning 1893 va 1908 yildagi sayohat xotiralari hamda kuzatishlaridan iboratdir.

Shu o‘rinda bundan qariyb yuz o‘n yil oldin gazeta sahifalarida bosilgan bu asarning qay yo‘sinda to‘planib, kitob holida nashr etilgani xususida ham to‘xtab o‘tsak. Yovuz Oqpinor, “butun umrini, boyligini, kuchini turkiylarning jaholatdan qutulishiga va taraqqiy etishiga sarflagan”, asarlari bugungi hamkorlik va yuksalishga xizmat qiladigan I. G‘aspralining kulliyotini – to‘la asarlarini to‘plashga 1999 yildan kirishganini, loyiha tayyorlaganini ta’kidlaydi. U o‘zi ishlaydigan Egey universiteti tadqiqot jamg‘armasi yordamida “Tarjimon” gazetasining 1883-1917 yillarga oid mikrofilmini Amerikadagi No‘rman Ro‘ss firmasidan sotib oladi. Navbatdagi ishlar – 34 yillik gazeta sahifalarini fototasmadan A3 o‘lchamdagi qog‘ozga tushirish va so‘ngra arab yozuvidagi matnlarni o‘qish, tarjima qilish, izohlar tayyorlash va nashr etish. Buning uchun katta mablag‘ kerak. Ammo ancha vaqtgacha homiy topilmaydi. Nihoyat Yo. Oqpinor tayyorlagan loyiha bilan tanishgan (o‘sha 2000 yildagi) Turkiya jumhuriyati Bosh vaziri o‘rinbosari doktor Davlat Bog‘chali bu xayrli ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi, natijada ulug‘ ustozning “To‘la asarlar”ining 1–3 jildlari 2003–2008 yillar orasida bir necha bor chop qilinadi. 4- va 5- jildlar ustidagi ishlar davom etmoqda.

I. G‘aspralining 1893 yilda bitilgan “Bog‘chasaroydan Toshkentga sayohat”i qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Avvalo sayohat sababini aytishmiz lozim. I. G‘aspralining barcha o‘lkalarga safar qilishidan ikkita maqsadi bo‘lgan: birinchisi – yangi usuldagi maktablar ochishni tashkil etish, ikkinchisi–“Tarjimon” gazetasining tarqalishi bilan bog‘liq masalalar. Turkistonga ham ayni ikki niyatni amalga oshirish uchun kelgan. Asarlaridan va u haqdagi esdaliklardan ma’lum bo‘lishicha, Ismoilbek sharqu g‘arbning ko‘plab davlat arboblari, yuksak doiralari bilan yaxshi munosabat o‘rnata olgan. Yurtimizga har ikki safar ham Buxoro amirining mehmoni sifatida kelgan. (Bu sayohat xotiralarida batafsil tasvirlangan). Yoki “Tarjimon”ning Turkiyada, Usmonli saltanatiga bog‘liq davlatlarda tarqatilishi ta’qiqqa uchragach (turk hukumatiga yoqmagan ayrim maqolalar sababli), Istanbulga borib, podsho nomiga xat yozadi va uning qabuliga kirishga erishadi, gazetaning tarqatilishiga izn oladi. Turkiston va Buxoro amirligi hududlarida jadid maktablarini ochishga ilk safarida hokimlarni ko‘ndirolmagach, ikkinchi sayohatidan keyin bu muammo hal qilinadi. Bu ishlarni u o‘ta bilimdonligi, diplomatlarcha tadbirkorligi, sabru fidokorligi tufayli bajara olgan.

I. G‘aspralining sayohatnomasini o‘qirkanmiz, yurtimiz va xalqimizning o‘tmishdagi ayrim hayot manzaralari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Undan ibrat olamiz, moziyni kecha va bugun bilan solishtiramiz (zotan, tarixni unutganlar jazolanadi, ya’ni katta zararga yo‘liqadi); eng muhimi, o‘lkamizda 100–130 yil ichida kechgan o‘zgarishlarni, umuman taraqqiyga erishganimizni qiyosan anglab yetamiz – bu kabi sayohatnomalarning ijtimoiy ahamiyati ham shundadir.

Shu sayohatlar, umuman, I. G‘aspralining o‘lkamizga xizmatidagi ikki muhim nuqtani eslashimiz masalani yanada oydinlashtiradi. O‘tgan asr boshida yurtimizdagi jadid maktablari sanoqli edi, keyinchalik ular ko‘pa-yib, Turkistonni va O‘zbekistonni olamga tanitgan olimlarimiz yetishdi, aholi to‘la savodli bo‘ldi. Jadid maktablari tufayli mamlakatni feodalizm va chorizm zulmi, jaholati botqog‘idan zamonaning yorug‘ kunlariga olib chiqqan jadidlar harakati, jadid adabiyoti va madaniyati vujudga keldi. Bugungi kunlarda shahru qishloqlarimizda yangidan qurilgan zamonaviy kollejlar esa xalqimnizning ma’rifat va zamonaviy taraqqiyga itilib yashayotganini bildiradi.

Sayohatnomada: «Hazrati Bahovuddin naslidan 200 qadar darvish bor va ular xalq nazdida mo‘‘tabar ekan. Ziyoratga Qitay(Chin)dan, Qashqardan, Hinddan, Afg‘ondan va Turkistonning har tarafidan odamlar kelib ketmoqdadir. Sharq musulmonlari uchun bundan buyuk ziyoratgoh yo‘qdir» deyiladi. Ismoilbekning bu so‘zlari «Tarjimon»ning 1893 yil 8 noyabr sonida bosilgan. Qarang, 19 asr oxirida Bahovuddin Naqshband hazratlarining maqbarasi musulmon sharqi uchun eng buyuk ziyoratgoh bo‘lgan ekan. Mustabid sho‘ro zamonida u vayron qilindi va yurtimizning shuhratli bir obidasi xarob etildi, eng yomoni – millatimiz diniy va ma’naviy hayotidan uzib qo‘yildi. Mustaqillik yilarida bu ulug‘ tarixiy obidaning shaxsan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tiklanishida qanday ma’no, mohiyat mavjudligi shu faktdan ham kelib chiqib turibdi.

Bu asarning o‘zbek adabiyotini targ‘ib qilishda ham katta ibratli taraflari bor. Turkiston o‘lkasining o‘sha yillardagi ijtimoiy ahvoli, tabiiy go‘zalliklari hamda madaniy va ma’naviy boyliklari bu xotiralardagina aks etib qolmay, balki muallifning boshqa asarlarida ham tar-g‘ib va tashviq etilgani bizni quvontiradi. Masalan, g‘aspralishunos olim Ismoil Turko‘g‘lining yozishicha, I. G‘asprali 1894 yil 29 aprelda Istanbulga borib, podshoh Sulton Ikkinchi Abdulhamidga xat yuboradi. Unda 1893 yilgacha Bog‘chasaroy, Qozon va Toshkentda bosilgan 130 kitobning ro‘yxati bitilgan, ular sultonga hadya etilgan. Ular orasida o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga oid “Safarnomai amiri Buxoro” (Buxoro amiri Mirsaid Abdulahad Bahodirxonning 1310 h., 1893 y.dagi Rusiya sayohati.– Bog‘chasaroy, “Tarjiimon” bosmaxonasi 1893 y.–T.Q. ), “Shajarai turk” (Abulg‘ozi Bahodirxon asari-T.Q.), “Al risolatul Holidiya fil-robitai Naqshbandiya”, “Tarixi Shohruxiya”, “Tohir va Zuhra qissasi”, “Boburnoma”, “Hikoyai Shoh Mashrab”, “Bangu boda” kabi asarlar, shuningdek, “Turkiston viloyatining gazetisi”dan nusxa, 1865 yilda Samar-qanddan Peterburgga olib ketilgan hazrat Usmon Qur’onidan bir varaq rasm, Amir Temur farmonidan bir nusxa kabi qimmatli ma’naviy tortiqlar bor edi. Bu nashrlarda I. G‘asprali va “Tarjimon” gazetasining alohida xizmati mavjudligini taqdirlab, Usmonli saltanatining sultoni noshirni to‘rtinchi Majidiya nishoni bilan mukofotlaydi.

Ustoz adib o‘z davrida Nobel mukofotiga nomzod ko‘rsatilgan, mukofot berilmagan bo‘lsa-da, unga loyiq ulug‘ ma’rifatparvar sifatida qadrlangan edi. Oradan yarim asr o‘tib, mana, bugunda uning bilimga, taraqqiyga chorlovchi ”Tilda, fikrda, ishda birlik” shiori yana xalqlarni birlikda, hamkorlikda yashashga yo‘naltirmoqda, asarlari barcha turkiy tillarda, shuningdek, rus, ukrain, arab, ingliz, olmon, yapon kabi jahonning barcha nufuzli tillarida bosilmoqda. Ya’ni, Insonning o‘zidan keyin so‘zi, shoni yashamoqda. Zotan bu – eng katta mukofotdir. O‘zi ta’kidlaganidek, Chin devoridan Oqdengizgacha cho‘zilgan o‘lkalarda o‘sha davrda ellik milyo‘nli turkiylar endilikda ikki yuz ellik milyo‘ndan ortiqdir, Ismoilbek ular bilan, ya’ni biz bilan birga yashamoqda.

Tohir Qahhor, O‘zDJTU dotsenti

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 10-son.



[1] Bu yozuvlarning bir qismi «Tarjimon»ning 1893 yilgi 29-38 va boshqa bir qismi 40-43 sonlarida bosilgan.

[2] Amir Abdulahad – 1885-1910 yillar orasida hukm surgan Buxoro amiri.

[3] 1893 yilda Fransiyadan yangi qaytgan Ahmad Og‘ao‘g‘li ko‘zda tutilmoqda.

[4] Ruslar Qafqazni ishg‘ol etganidan keyin, bu o‘lkadagi musulmonlar sunniy va shia o‘laroq rasman ikkiga ayrilgach, sunniylarning diniy raisi – mufti, shialarniki shayxulislom deya ataldi va ular Tiflisda, Qafqaz umumiy viloyati hukumatiga bog‘liq diniy maqom holiga keltirildilar.

[5] Husayn afandi G‘oyibov – 1830-1917 yillarda yashagan, Ozarbayjonning ilg‘or fikrli diniy arboblaridan, maorifchi, 1881 yildan umrining oxirigacha Qafqaz muftisi bo‘lib xizmat qilgan. Uning Ozarbayjon shoirlari haqidagi 4 jildlik tazkirasi ham bor.

[6] Mirza Rizoxon – Eronda hukm surgan turk-qajar sulolasidan bir shahzodadir, diplomat va atoqli arbob.

[7] Sulton Majid G‘anizoda – o‘qituvchi, adib (1886-1937). Ozarbayjonda yangicha maktablarning ochilishida, ona tilida darsliklar yozilishida, milliy matbuot va teatrning rivojida muhim xizmat ko‘rsatgan ziyolilardan biri.

[8] Vopur – kema.

[9] Hoji Zaynalobiddin Tog‘iev (1838-1924) – ozarbayjonlik mashhur milyo‘ner. Benzin, to‘qimachilik, baliqchilik kabi sohalarda juda katta hajmda tijorat qilgan. Rusiya turk musulmonlarining turli madaniy faoliyatlariga homiylik qilgan, yordamsevarligi va xayr-sahovati bilan dong qozingan shaxs.

[10] Musa Nag‘iev (1842-1919) – neft ishlab chiqarish va savdosi bilan shug‘ullangan mashhur ozarbayjonlik milyo‘ner.

[11] Shamsi Asadullaev (1841-1913) – ulkan hajmda neft chiqarish va tijorati, tashish ishlari bilan tanilgan milyo‘ner.

[12] Safaralibey Valibeyov (1861-1902) – Ozarbayjon turklari orasida Gurjistondagi Go‘ri o‘qituvchilar yurtini bitirgan ilk muallimlardan, «Vatan tili» (1888, O. Chernyaev bilan birga), «Usuli jadid» (1886), «Lisoni forsiy» (1886) kabi ilk dars kitoblarini yozgan ziyolilardan biri. «Xazinai axbor» (1891) nomli ikki jildlik qomusiy lug‘ati ko‘p o‘qilgan.

[13] Qushlik – choshgoh. (Tarj.).

[14] Arshin – 68 sm.

[15] Verst (chaqirim) – 1,06 km.

[16] Desyatina – 1,09 gektar.

[17] M.P. Lessar - Rusiyaning Buxorodagi siyosiy ayg‘oqchisi. (Qarang: B. Hayit, Turkistan Devletlerinin Milli Mucadelelri tarihi, Ankara, TTK, 1995, s.117.) (Tarj.)

[18] Abdulahadxon – 1885-1910 yillari orasida hukm surgan Buxoro xoni.

[19] A.B. Vrevskiy – 1889-98 yillarda Turkiston bosh voliysi edi.

[20] Sulton Majid G‘anizoda – (1886-1937) o‘qituvchi va adib. Ozarbayjonda yangi maktablarning ochilishida, ona tilidagi dars kitoblarining yozilishida, yangi matbuot va teatrning yaratilishida muhim xizmatlar ko‘rsatgan ziyolidir.

[21] Tabur – batalyo‘n; to‘rt bo‘likdan iborat harbiy qism. (Tarj.).

[22] Muallif bu yerda uzoqdan ko‘rganini eslamoqda, taxminimizcha, gap tuxum urishtirish ustida bormoqda. (Tarj.).

[23] Olimxon – 1910-1920 yillar orasida Buxoro amiri

[24] “Tarjimon” gazetasi nomi “vov”siz (“u”siz) yozilgan, afsuski, shu paytgacha “Tarjumon”, “I. Gaprinskiy” deya ruschadagidek qo‘llanilmoqda. Bizningcha, gazetada muharrir nomi Ismoilbek G‘asprinskiy (“G” emas, “G‘”) deya bitilganini, shuningdek, “Tarjimon”ning 1884 y. 19-sonida adib o‘z taxallusini “qrimcha G‘asprali, cibircha Gaspringiy, sartcha Gaspralik, arabcha al-G‘aspiriy, ruscha yo Gasprov, yo Gasprinskiy bo‘ladi” deganini ko‘zda tutib, o‘zbekchada Ismoilbek G‘asprali deyilishi uyg‘undir (T.Q).

[25] Yuz Yilda Gaspirali“nin Ideallari. Bildiriler.–Turk Yurdu yay. Istanbul 2001. s. 14–15.)

[26] Ismail GASPIRALI. Secilmis Eserleri: III. – Haz. Yavuz Akpinar. Otuken yay. Istanbul 2008. S.313-498.

[27] Dr. Ismail Turkog’li. Osmanli Devletinin Ismail Gaspiralinin Faaliyetlerine Bakisi. – Ismail Bey Gaspirali Ve Ziya Gokalp Sempozyumlari. Bildiriler. TURKSOY yay. Yay haz. H. Dundar Akarca. Ankara 2003. S.62–63.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.