OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jan Jak Russo. Xalq baxti haqida (falsafiy risola)

Men haqiqatni shunga munosib ravishda ro‘y-rost aytaman. Soddalikdan jirkanadigan, samimiylikka nafrat bilan qaraydigan ko‘rqoq o‘quvchilar, kitobimni yopib qo‘ying, siz uchun yozilmagan u. Yovuz qalbingizni qanoatlantira oladigan haqiqatnigina qadrlaydigan zaharxanda o‘quvchilar,kitobimni yopib, uni uloqtirib tashlang, chunki qidirayotgan narsangizni undan topa olmaysiz, mabodo o‘qisangiz muallifning sizga bo‘lgan nafratini uqib olasiz.
Ezgulikni qadrlaydigan, do‘st-birodarlarini yaxshi ko‘radigan, ularning xatolaridan afsuslanib, illatlaridan nafratlanib yuradigan, insoniyat boshiga kulfat tushsa, undan qayg‘uradigan, eng asosiysi, kamolotga intilayotgan odam ushbu kitobni bemalol o‘qishi mumkin. U qalblardan aks-sado topadi.
O‘z fikrimning o‘zimga yoqishi quvontiradi. Qachonlardir, qaysidir bir davlat arbobi tom ma’noda Fuqaro bo‘lib yetishsa, u faqatgina o‘zidan oldingi rahbarning qonunlarini bekor qilish bilangina shug‘ullanmasdan balki xalq ahvolini yaxshilash, uning farovonligini oshirish haqida qalbdan o‘ylaydi. U quruq va’dalar bilan cheklanib qolmasdan, amalda harakat qiladi, xalq manfaatlarini oyoqosti qilmasdan, faqatgina o‘z mavqeini mustahkamlamasdan, hokimiyatini xalq baxt-saodati yo‘lida xizmat qilishga qaratadi. Baxtli tasodif tufayli ushbu kitob qo‘liga tushib qolsa mening noaniq fikrlarim uni foydali ishlarga jalb qiladi, insonlarni yaxshiroq, baxtliroq bo‘lishiga xizmat qiladi, men esa bu ishlarga aloqador bo‘lib qolaman, deb orzu qilaman.
Ushbu orzu meni qo‘limga qalam olishga rag‘batlantirdi.
Oradan yillar o‘tib nomim adabiyot yilnomalaridan o‘chib ketgan taqdirda ham, mayli, ushbu kitobim notanish va bechorahol, lekin dono va baxtli xalq mulki bo‘lib qolsin. Ular shon-shuhrat va g‘alaba ketidan quvmasdan, ushbu kitobni mamnuniyat bilan ba’zi-ba’zida o‘qib tursin.

1

Biz yashayotgan sharoitda hamma joyda dabdabayu hashamat, kasb-hunaru san’at asarlari to‘lib-toshib yotgan bo‘lsa-da, biz har kuni insoniyat boshiga yog‘ilayotgan kulfatlardan qayg‘uga tushamiz, turmushimizda tez-tez uchrab turadigan og‘irliklardan noliymiz, ayni paytda bir parcha yegulik uchun jonini havf ostiga qo‘yib, chakalakzorlarda mashaqqat chekib yasha- yotgan yarim yalang‘och yovvoyilar orasida hayotdan nolish yo‘q. Ular ertaga qanday mashaqqatlar kutayotganligini o‘ylamasdan, qayg‘u nimaligini bilmasdan quvonchga to‘lib tirikchilik qiladi. Musibatlarimizning bosh sababi shundaki, biz kichkina ko‘ngilsizliklarning oldini olamiz deb katta balo-ofatlarga duchor bo‘lamiz.

2

Avvalo gap-so‘zlarimizdagi ikki xil ma’noli ifodalarni bartaraf qilishdan boshlaylik. Eng yaxshi Boshqaruv tushunchasi ham har doim eng kuchli Boshqaruv degan ma’noni anglatmaydi. Kuch – vosita xolos, uni qo‘llashdan maqsad – xalq baxt-saodatidir. Ammo “baxt” so‘zining ma’nosi ayrim odamlar uchun noaniq, xalq orasida undan-da mavhumroq. Baxt haqidagi tasavvurlarning turli-tuman ekanligi jamiyatdagi siyosiy mezonlarni maydonga chiqaradi, ularning maqsadini belgilab beradi. Xalq baxtini fikran tasavvur qilaylikda, shunga binoan o‘z qonunlarimizni asoslaylik.
Janoblar, qaysi xalq eng baxtiyor, deb so‘rayapsiz? Bu masalani uzil-kesil hal qilish uchun yetarli bilimga ega emasman, lekin uni hal etish uchun yordam beradigan ishonchli me’yorlarni belgilashga harakat qilaman, agar buni uddalay olsam, niyatingizni amalga oshirish maqsadidan chetga chiqmadim, deb hisoblayman.
Agar dunyoda bor bo‘lsa, qani o‘sha baxtli odam? Kimdir buni biladimi? Baxt shunchaki huzur-halovat emas, shunchaki o‘zgarib turadigan o‘tkinchi ruhiy holat ham emas, balki u insonning daxlsiz ichki olamidagi alohida barqaror hissiyotlari va ruhiy kechinmalaridadirki, u haqda hech kim aniq fikr yurita olmaydi. Bu narsani o‘zi boshidan kechirgan odamgina tushunishi mumkin. Demak, hech kim o‘zgalarning baxti haqida tayinli fikr ayta olmaydi. Gap siyosiy jamiyatlar haqida ketganda bu butunlay boshqa masala. Ularning baxt-saodatiyu g‘am-g‘ussalari ochiq-oydin ko‘rinib turgan narsa, ichki hissiyotlari ham ijtimoiy xarakterga ega. Shubhasiz, olomon bu yerda yanglishadi, u nimalarda yanglishmaydi deysiz? Ko‘rib turganini anglay oladigan inson uchun odamlar qanday ko‘rinishda bo‘lsa, shundayligicha ayon bo‘ladi, ularning ma’naviy-axloqiy mohiyati haqida gapirib o‘tirmaydi.
Haqiqiy holatimiz va imkoniyatlarimiz bilan istak-xohishimiz orasidagi, majburiyatlarimiz hamda ishtiyoqlarimiz, insonlar va fuqarolar o‘rtasida tabiat va jamiyat o‘rnatgan tartiblardagi ziddiyatlar baxtsizligimizni tashkil qiladi. Ikkalasidan birini tanlang, o‘shanda imkon boricha insonni baxtli qilgan bo‘lasiz.
Insonni borlig‘icha davlat ixtiyoriga bering yoki uning o‘z holiga qo‘ying, uni qalbini qismlarga ajratib bo‘lmaydi, yuragi ezilib ketadi, yana o‘ylamang, musibat chekayotgan xalqni boshqarayotgan davlat baxtli bo‘ladi deb. Siz baxt deb atayotgan xalqning ma’naviy-axloqiy holati o‘z holicha xomxayol. Xalq xotirjamlik va farovonlik tuyg‘ularini sezmas ekan, boshqasi sariq chaqaga arzimaydi. Farzandlar ishida muvaffaqiyat bo‘lmas ekan, oila gullab-yashnamaydi.
Insonning tabiatiga mos tushadigan imkoniyat bering, u kim bo‘lishni xohlagan bo‘lsa, o‘zi istagan haqiqiy holatiga kirsin. Bu bilan siz ijtimoiy turmush qonunlarini ular qalbiga joylagan bo‘lasiz. Shunda odamlar o‘z tabatiga ko‘ra fuqarolar esa o‘z ishtiyoqiga ko‘ra birlashadi,rahmdil bo‘lishadi, baxtga erishadi. Xalqning rohat-farog‘ati – davlatning tinchligi, xotirjamligidir. Davlat tufayli xalq biror narsaga erishar ekan, demak, o‘zi ham bir narsasi bilan unga daxldor bo‘ladi.
Majburiy choralar yoniga xalqning istak-xohishlarini ham qo‘shdingiz,ijtimoiy boylikni xususiy mulk bilan yanada boyitdingiz. Endi davlat deganda mana shularning barchasi bir butunlikda tushuniladi. Oila esa, mana shu farzandlarim tufayli gullab-yashnadim, deya faxrlanadi.
Har qanday davlat tizimida unga qarashli bo‘lmagan nimalardir bor: aytaylik, odamlarning istak-irodasi; uning ta’sir kuchi qanchalik muhim ekanligini kim inkor eta oladi? Har kim faqat o‘z holicha baxtli bo‘lishni orzu qilar ekan, el-yurt, Vatan baxtiyor bo‘lolmaydi.

3

…eng muhimi, ijtimoiy baxt barchani birdek baxtli qilishi zarur ekanligini, aks holda u ma’no va mohiyatsiz bir so‘zga aylanishini yodda tutmoq kerak.

4

Xalqning ma’naviy-axloqiy ahvoli uning mutlaq holatiga emas, balki odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘proq bog‘liqdir.

5

Xalq qay usulda baxtli bo‘lishini tushunish uchun baxtsizlarning ahvolini ham yaxshi o‘rganish kerak. Baxtli bo‘lish uchun nimalar yetishmasligini aniqlash bilan birga baxtli odam nimalarga ega bo‘lishini ham bilib olamiz.

6

Xalq baxti nimalardan iborat ekanligini aniqlash uchun odamlarning bu haqdagi fikrlarini jamlash yetarli bo‘lmasa kerak. Xalqning farovonligi juda ko‘p narsalarga bog‘liq, alohida shaxslarning farovonligini aniqlash ham unchalik oson emas. Binobarin, bu borada adashmaslik uchun juda ko‘p me’yorlarni bir-biridan alohida ajratish lozim. Xalq baxtining o‘ziga xos xususiyatlarini bildiruvchi haqiqiy mezonlarni to‘g‘ri belgilash kerak.

7

Likurg o‘z qonunlarini joriy qilgach, fuqarolaridan behisob shikoyatlar tusha boshladi. Dunyoda eng adolatli qonunlar yaratgani va xalqi shu tufayli jahonda katta hurmat, shon-shuhrat qozongani tufayli, bu qonunlarni saqlab qolish maqsadida u hiyla ishlatib, o‘zga yurtlarga bosh olib ketib, darbadarlikda umr kechirishni lozim topgan. Jahonga hokim bo‘lish darajasiga yetgan rimliklar davlat boshqaruvchilari ustidan to‘xtovsiz shikoyatlar yog‘dirmaganmidi? Eng yaxshi boshqaruvchilari bo‘lgan xalqlar boshqalardan ko‘ra ko‘proq norozilik bildirmayaptimi? Olamda hali o‘z xalqining baxtli yashashini to‘la ta’minlovchi, nuqsonlardan xoli birorta davlat boshqaruv shakli yo‘q. Eng yaxshilari, agar aqlli ish tutsa, fuqarolar baxtli bo‘lishi uchun imkoniyat yaratib beradi. Bu baxt hech qachon olomon baxti bo‘la olmaydi.
Yurtni ko‘pchilik bo‘lib boshqarganda har bir fuqaroning istak-xohishi yoki ishtiyoqiga emas, balki barchani qanoatlantira oladigan umumiy qonunlarga tayangan holda ish yuritish kerak. Har bir davlatda donolik bilan o‘ylab ish qilinsa, ya’ni ta’lim-tarbiya, urf-odat yordamida ijtimoiy axloq normalari shakllantirilsa, ayrim ishtiyoqmand fuqarolarni ham shunga itoat ettirish mumkin, shunda ular hukumatdan mamnun bo‘lib yashaydilar, boshqa davlatning yaxshi yoki yomonligi bilan qiziqmaydilar.
Odamlarning yashash sharoiti o‘zgarib qolsa, shikoyat ham ko‘payadi, chunki odam borki, shikoyat bor. Demak, davlat taraqqiyotini faqat fuqarolarining o‘zlarini baxtli his qilishi bilangina cheklab bo‘lmaydi. Qabul qilingan qonunlar oqilona bo‘lishi kerak, toki fuqarolar o‘zaro manfaat asosida aloqalar o‘rnatsinlar, o‘zga xalqlar yordamiga muhtojlik sezmasinlar ana shundagina alohida shaxslar ham, jamiyatning barcha a’zolari ham o‘z baxtini tan oladilar. Boshqa xalqlar muhtoj bo‘lgan narsalar o‘z vatanida yetarli darajada muhayyo bo‘lib, unga muhtojlik sezilmasa, unda baxt eshigi yanada kengroq ochiladi.
Kasb-hunar rivojlangan, savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘ygan xalqlarda mablag‘ ko‘paysa, bu – baxtli yashash omillarining eng asosiysi deb hisoblayman. To‘g‘ri, baxtni boylikka bog‘lab bo‘lmaydi, lekin yaxshi tomoni shundaki, puldor odam o‘z ehtiyojlarini to‘laroq qondiradi, o‘zgaga muxtoj bo‘lib qolmaydi, ikkinchidan o‘zgalarni o‘z irodasiga bo‘ysundirib, ularni o‘ziga qaram qila oladi. Xalqning baxti, farovonligi ana shunda.
Savdo-sotiq va kasb-hunarga kelganda shuni aytishim mumkin: ularning rivoji tovar-pul aylanmasini ta’minlaydi, behisob pul, daromad keladi, xohlagan narsani, xohlagan miqdorda sotib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Men aniqlab berishim zarur bo‘lgan mezonlardan biri ham shu.
Baxt va farovonlikni tashkil qiluvchi shu mezon o‘ziga boshqa me’yorlarni ham qamrab oladi va bir-biriga mos tushadi, to‘ldiradi.
Barcha ehtiyojlarimiz ikki xil bo‘ladi: jismoniy ehtiyojlarimiz – hayotimizni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan, bizga qulaylik yaratadigan, huzur-halovat bag‘ishlaydigan narsalardir. Ularni iste’mol qilish odat tusiga kirib, jismimiz shunga ko‘nikib qolgan. Shaharlik olifta ayol yoz jaziramasida soyabonsiz ikki soat turib ko‘rsin-chi, uni oftob uradi yoki bir kasallik orttirib oladi, vaholanki, dehqon ayol uchun bu holat tabiiy. Shaharlik janob qishloqdagi mol-mulkini ko‘rib kelish uchun ulovsiz bora olmaydi. Yumshoq karetalarda yurib o‘rgangan odam ot minib uzoq yurolmaydi. Qulayliklarga o‘rgangan odam kashandaga o‘xshab qoladi, usiz turolmaydi.

8

O‘zing birga yashab turgan xalqingni baxtli qilish uchun hukmdorlarga kitob – qo‘llanma yozish shartmikan? Yaxshisi, o‘z tajribangizga tayanib ish ko‘ring.

9

Adolat sizga hamroh bo‘lsin: fuqarolaringiz osoyishtaligini, xavfsizligini ta’minlash, ularning mol-mulkini saqlash ham sizning vazifangizga kiradi: bu hali hammasi emas, ularni baxtli qilishingiz kerak. Xukmdorning asosiy vazifasi ana shunda.

BOYLIK HAQIDA

Qadrli do‘stim Xrizofil! Sen bilan qurgan oxirgi suhbatimizdan olgan taassurotlarimdan hanuzgacha qoyil qolaman. Kela qol, o‘sha suhbatimizga yana qaytaylik, toki qalbingdagi orzu-havaslar seni tark etmasin, men esa sening baxtli bo‘lishingni o‘ylab quvonchga to‘lib yuray.
Senga to‘g‘risini ayta qolay: sen haqingda boylik orttirish uchun barcha imkoniyat va qobiliyatini ayamaydigan bir shuhratparast yigit deb o‘ylardim. Bebaho xazinaga erishish uchun tabiat ato qilgan ne’matlardan ham voz kechishga tayyor ekanligingni, boylik esa o‘zi bilan birga jamoatchilik fikrini ham yetaklab kelishiga ishonishingni bilardim. Sen bilan uchrashib turish menga yoqardi, suhbatlashishdan huzur qilardim. Sen esa ertami-kechmi soyasidan bebahra bo‘lib qolishni xayolingga ham keltirmay, dam olish uchun o‘zingni daraxt panasiga urarding. Har gal sen bilan xayrlashganda “Bu bola yaxshi inson bo‘lib yetishishi mumkin edi. Lekin u boylikni tanladi” deya afsuslanib o‘ylab qolardim. Lekin sen dilingda tugib yurgan maqsadingni ochiq-oydin aytganingda, men qalbingda bitmas-tuganmas ochko‘zlik manbaini ko‘rdim va noqulay ahvolda qoldim. Dam olishingni ojizlikka yo‘yib, sen haqingda noxaq hukm chiqarganingni o‘ylab o‘zimni koyidim, axir bu ojizlik senga nisbatan hurmatimni oshiradigan asoslardan biri ekanligini tushundim.
Sen shunday ohangda gapirdingki, u qalbimning ich-ichiga kirib bordi, men boylikka shuning uchun intilamanki, uning natijasida kelib chiqadigan nohaqliklarga chek qo‘ymoqchiman. Og‘ir ahvolga tushib qolgan bechoralarni ko‘rib, ularga yordam berolmaganimdan fig‘onim falakka chiqadi, achinganim foydasiz ekanligidan afsuslanaman…
Boylik o‘zgalarni muhtojlikdan qutqarish uchun sarflanadi, shuning uchun uning qadriga yetaman: oltin yordamida bebaho ne’matlarga erishish mumkin, deb qo‘shib qo‘yarding. Xavotir olmang, qanchalik darajada behisob boylikka ega bo‘lmay, baribir o‘zim istagancha yaxshilikka xizmat qilish uchun ozlik qiladi. Senga ochig‘ini aytaman: dilingdan chiqqan bu so‘zlar senga bo‘lgan ishonchimni uzil-kesil susaytirib yubordi deya olmayman. Tushunaman, kambag‘allikdan faxrlanib yurganimdan ko‘ra moddiy jihatdan yetarli mablag‘im bo‘lgani yaxshiroq. Kambag‘al bo‘lib ham kun ko‘rish mumkin, lekin boylikdan o‘z o‘rnida foydalanishga nima yetsin, axir yaxshilik qilish istagini amalga oshirish uchun boylikka boylik qo‘shishi ayni muddao-ku… ”
Ezgu hissiyotlaring haqida qanchalik ko‘p o‘ylasam, o‘z davrida menga zavq bag‘ishlagan baxtimdan ayrilib qolayotgandek his qilaman o‘zimni. Menga tasalli berib turgan g‘ayratingga g‘ayrat qo‘shishda ko‘maklashayotgan umidlarimdan judo bo‘ldim. Kambag‘allarga yordam berish istagini mendagi qashshoqlikka bo‘lgan sabr-toqatimni adoi-tamom qilmoqda. Kelajakda kimlargadir qilmoqchi bo‘lgan yaxshiliklarim bugungi kunda tasodifan menga nisbatan amalda yovuzlikka aylanmasmikan, deb xavotirdaman.
Ko‘pchilik qashshoq odamlar xuddi menga o‘xshash fikrlaydilar degan ishonch meni biroz tinchlantiradi, lekin shunga o‘xshash fikr yuritadigan birorta ham boyni uchratmadim. Odamlarning moddiy ahvoli o‘zgarib, ezgu ishlarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lganda, ularning fikri o‘zgarib qandaydir sabablarga ko‘ra yaxshilik qilish istaklari ham chippakka chiqadi, degan shubham bor. Bu gumonlarni tarqatib aniqlik kiritish uchun boylik sari yurishingda senga hamroh bo‘lishga izn ber. Ezgulik ishlaringda senga to‘sqinlik qilish niyatim yo‘q. Bunday ishlarni o‘zim amalga oshirish haqida o‘ylab ko‘rmaganman, shuning uchun sen bilan yurish menga taskin berar deb o‘ylayman.
Dastlab men sezgan narsa boylik bilan kambag‘allik o‘rtasidagi ulkan masofa – buni nima bilan to‘ldirish kerakligini bilmayman. Boyib ketgach, o‘zingni qanday tutish haqida ko‘p gapirarding, lekin nima ish qilish kerakligi haqida aytmasding. Maqsadga erishgach, nima ishlar qilish to‘g‘risida fikr yuritish yetarli emas. Shu asnoda yo‘lda nimalar sodir bo‘lishi, nimalarga duchor bo‘lishni ham o‘ylash zarur. Masalan, o‘z maqsadingga erishish yo‘lida qanday usullardan va nimalardan foydalanmoqchisan, shunga e’tibor berish kerak.
Qo‘lga kiritayotgan boyligingdan odamlarga naf tegishi kerak, axir sen shu maqsadda harakat qilyapsan-ku, aks holda sen o‘zingga-o‘zing qarshi chiqqan bo‘lasan. Shuning uchun boyliging yanada ko‘payishni istasang uni to‘g‘ri yo‘lga sarfla, daromading ham, uning manbai ham halol bo‘lsin.
Boylik orttirish maqsadida noqonuniy, harom yo‘llarga kirib ketish ham mumkin, lekin do‘stlaring bunga yo‘l qo‘ymasliklarini bilaman, ular yordamida adolatsizlikka bormasdan yaxshigina daromad olish mumkin. Lekin o‘z e’tiqodlaringdan voz kechmasdan shuncha daromadni qanday qilib to‘plashingni ko‘z oldimga keltirishim qiyin. Bir kun kelib muruvvatli boyga aylanishing uchun yana qancha vaqt beshafqat bo‘lib yurishing kerakligini tushunishim qiyin.
Menga ayt-chi Xrizofil, boylik sari yuksalib borishing davomida sen uchun hayot oqimi to‘xtab qoladimi? Sen yordam bermoqchi bo‘lgan kambag‘alning boshiga balo-qazo yog‘ilmaydimi? Balki sen ko‘zlagan cho‘qqiga yetguningga qadar ular to‘xtab turar? Baxtsizlikning og‘ir yuki ostida ezilgan, tinka-madori qurigan halol odamlarga beradigan yordamingni to‘xtatib turarsan, balki? “Do‘stim, insoniylik nuqtai-nazaridan sizni shu ahvolda qoldirishim kerak, chunki men ko‘zlagan yuz ming livrni hali to‘plaganimcha yo‘q, o‘sha puldan sizga yordam ajratmoqchi edim. To‘g‘ri, biroz berahmligim bor, lekin hozirgi paytda, hatto inson zotini saqlab qolish uchun ham bir (tiyin) ekyu bera olmayman.
O‘ttiz yillardan keyin bir xabar oling, o‘shanda men boyib ketgan bo‘laman, muruvvatli ekanimni ana shunda bilasiz”. Xayrli ishning g‘aroyibligini qarang – ezgulikka yo‘lni yovuzlik ochib bersa-ya! Yaxshilikni yo‘qqa chiqaradigan illatlar-ku bu! Nahotki, shundan keyin ham tabiat ato qilgan ko‘kragingdagi yuraging urib tursa, axir sen uning nidosiga quloq solmading-ku? Nahotki, o‘ttiz yildan so‘ng toshga aylangan yuraging tabiat da’vatiga quloq tutib rahm-shafqat uchun, hamyoning esa xayr-sadaqa uchun ochiladi, deb o‘ylasang? Eh, do‘stim! Agar sen qariganingdagina insoniy fazilatlarga ega bo‘lishni istasang, Xudodan uzoq umr tila, kuning bitib o‘lib qolishing hech gap emas! Yo‘qotgan bir kuni uchun afsuslanib yurgan qo‘rqoq imperator (Mark Avreliy nazarda tutilgan)ga nafrat bilan qarashing kerak, axir sen yoshlik davringni, hayotingni to‘rtdan uch qismini boy bermoqchisan, nari borsa ularni yo‘qolgan deb hisoblash mumkin. Yodingda bo‘lsin, bevaqt o‘limdan tashqari intilishlaring hech qanday natija bermaslik xavfi ham bor.
Taqdir injiqliklari senga ma’lum bo‘lsa kerak, u o‘z bilganidan qolmaydi, harakatlaring intilishlaring uning oldida hech narsa emas? U o‘jar qizga o‘xshaydi, quvganlarni yo‘lda qoldirib ketadi, yomon ko‘rganlarni ta’qib qiladi. Sergaklik, qobiliyat, hatto, omad ham uni o‘z yo‘lidan qaytara olmaydi. Ba’zan uning injiqligi tutganda Aristippni tashlab, Diogenga (qadimgi grek faylasuflari – tarj.) osiladi, chang bosgan faylasuf xonasiga o‘zini uradi. Leybnits* boyib ketganda, Las esa qashshoqlanib qolganda o‘lim chang soladi. Qilgan harakatlaring muvaffaqiyatli yakunlanishiga kim kafil bo‘la oladi?
O‘zingga yuklangan vazifalarni bajarishda o‘z kuchingga ko‘pam ishonaverma, uning samarali bo‘lishi senga bog‘liq emas, shubhali ishlarni yaxshi yakunlanishiga umid bog‘lama, hayoting davomida qilayotgan halol ishlaring qanday yakun topishi ham noma’lum. Ey, bebaxt! Beqaror taqdirni boylik yordamida o‘z izmingga solmoqchi bo‘ldingmi? Agar sen bevaqt o‘lim topsang yoki ishlaring baroridan kelmasa, xomxayolga berilib yosh umringni bekorga sarflasang, umring oxirida umidsizlikka tushib sharmanda bo‘lasan.
Boylik ketidan bekorga quvib, hech narsaga erisha olmasdan, o‘zgalarning duosini olmasdan, o‘zingdan ham ko‘ngling to‘lmasdan, hamma narsasini boy bergan omadsiz, hayotida birorta ham odamni baxtli qila olmagan insonning o‘limi qanday dahshat!
Siz hozir kambag‘alsiz, lekin insofli odamsiz. Boyib ketgach, kimga aylanib qolishingizni bilasizmi? Mavqeingiz o‘zgargach, fikringiz ham, aqidalaringiz ham irodangizga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘zgaradi, o‘zligingiz ham hozirgisiga o‘xshamaydi, o‘y-fikrlaringiz ham boshqacha bo‘ladi. Siz hozircha boyishdan maqsad beva-bechora va muhtojlarga yordam berish, boylikni ezgu maqsadlarga ishlatish istagim bor, deb aytasiz. Go‘yo eng birinchi ezgulik – yovuzlikka yo‘l qo‘ymaslik ekanligini bilmagandek. O‘zgalarning kambag‘allashuvi evaziga emas, balki o‘z holicha boyib ketish iloji bormikan? Qo‘ni-qo‘shnilarini talab boyib ketgan, keyin ularga shu hisobdan sadaqa ulashgan “muruvvatli odam” haqida nima deya olardingiz? Shunday deb o‘ylaydigan odamni, kim bo‘lishidan kat’iy nazar, aldanib qolgan yoki munofiq deb atagan bo‘lardim. Bunday odam o‘zgalarni aldaydi yoki uni o‘z qalbi aldaydi, xasis ekanligini inson qiyofasi ostiga yashiradi.
Kelajakda xayrli ishlarga sarf qilmoqchi bo‘lib harom yo‘llar bilan boylik orttirsang, Xudo yo‘liga deb, yaqinlarini talab, pulini cho‘ntakka urgan soxta xudojo‘yga o‘xshab qolasan.
Bag‘ritoshlik odatga aylanib qoldi ham deylik, u holda xayrli ish uchun to‘plagan boyligingni chegarasi bormi? Qaysi o‘lchovdan kelib chiqib buni belgilaysan, vijdoning uyg‘onib, “etarli” deyishga tiling boradimi? Agar sen o‘ylagandek, oldin yetarli darajada boylik to‘plab olib, keyin xayrli ishlarga sarflamoqchi bo‘lsang, u holda hech qachon to‘play olmaysan. Senga o‘xshaganlar tufayli odamlar boshiga tinmay balo-qazolar yog‘ilib turadi, sen esa cheksiz boylik to‘plashga butun umringni ketkazasan, oqibatda birorta odamga ham nafing tegmay, o‘z boyliging, qariliging va xasisliging yuki ostida ezilib o‘lasan.
Uning o‘rniga chaqqon va jonkuyar bo‘l, topgan boyligingni beva-bechoralarga tezroq tarqatib ber, chunki vaqt sening izmingda emas, u o‘taveradi. Ey, Xrizofil! Boylikka ega bo‘lish bilan uni xayrli ishlarga sarflash orasida vaqt masofasi bor, ana shu masofani cho‘zib yuborishdan qo‘rq, xayrli ishda barqaror bo‘l. Ana shunda nafs balosidan qutulasan.
Odamlarning fikrlash tarzi ko‘pincha atrofidagi yaqinlariga bog‘liq. O‘z aqidalariga sodiq bo‘lish juda qiyin, chunki atrofidagilar ham, o‘zining istak-xohish, ehtiroslari ham unga putur yetkazishga tinmasdan harakat qiladilar. Agar sen vijdoningga va haq so‘zlarga quloq solib yashayotgan bo‘lsang, ortiqcha noz-ne’matlar seni uncha qiziqtirmaydi. Shuning uchun boy bo‘lib ketgach ikki yo‘ldan birini tanlashing kerak: yoki boy odam sifatida yashashing yoki kulgiga qolib bo‘lsa ham, kambag‘alligingcha qolishing kerak. Falak ato etgan mavqega ega bo‘lsang, u holda kamtarona, o‘zingni kamsitmasdan, muruvvatli bo‘lib yashashing mumkin, bunga kurashsiz ham erishasa bo‘ladi. Bu afzallikni arzimas bir narsa deb hisoblamasang kerak?
Sen o‘z boyliging bilan nimalarga qodir ekanligingni ko‘rsatarsan? Agar senga quloq soladigan bo‘lsak, o‘zgalarga muruvvat ko‘rsatish baxti faqat boylargagina nasib etgan, kambag‘allar bundan mahrum demoqchimisan.
Seningcha, faqat boylikkina insoniylikka yaxshi xizmat qila olar ekanda? Bunday fikrga boradigan odamlar ezgulikning manbai mening sandig‘imda deb o‘ylaydilar, haqiqiy ezgulik qidiruvchilar boshqacha fikrdalar. Katta boylik katta istaklar keltirib chiqaradi degan Favoriius dono fikr aytgan. Sen uchun zarur bo‘lgan eng yaxshi vosita – sendagi ortiqcha boylikni tortib olishdir.
U men uchun nima ish qildi? Menga ovqat beradi. Nima, shusiz yashay olmaymanmi? Bu qullik bilan barobar-ku. U meni sharmanda qildi, qobiliyatimni oyoqosti qilib, g‘ururimni yerga urdi, ovqat bilan emas xo‘rlik bilan boqdi, o‘limimga ham rozi edim. Ayni paytda, men uning uchun nima ish qildim? Men uning manmanligini boqiy semirtirdim, qotib qolgan qalbiga jon kiritdim. Meni boqish uchun u faqat xamyonidangina pul sarf qilgan bo‘lsa, men butun qobiliyatimni, erkimni, butun borlig‘imni sarfladim: ovqatga deb sarflagan puli evaziga u qonimni ichdi.
Bilaman, o‘zlarini eng vijdonli deb xisoblab yurgan pastkash odamlar o‘zlaricha nozik hissiyotlardan nafratlanishadi. O‘zlarini halol odamlar qatoriga qo‘shishadi-yu, ammo o‘zgalar hisobidan boyib ketishdan hazar qilishmaydi. Lekin sen, azizim Xrizofil, yuksak darajada fikrlaysan, ezgulikning eng birinchi ko‘rinishi, o‘zgalarga yomonlik qilmaslik ekanligini bilasan. Adolat qoidalari bilan ezgulik qoidalari orasida uzoq masofa bor. Sen olayotgan foyda qanchalik qonuniy bo‘lmasin unga muhtoj bo‘lgan odamlar atrofingda to‘lib yotipti, ularning ham haqqi bordir, ularning zarari hisobiga bo‘lsa kerak bu boyliklar? Boylik to‘plash yo‘lida o‘zing bilmagan holda o‘zgalarga zarar yetkazmadimmikan degan xavotir senda ham, yaxshi niyatli boshqa odamlarda ham bo‘lishi kerak.
Boy bo‘la turib inson bo‘la olmagan odamni qanday qilib haqiqiy inson deyish mumkin?
Ko‘p odamlar boylikni xayrli ishlarga sarflash kerak deb xisoblashadi, lekin boylikka erishgach, uni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishadi.
Insoniyat boshiga tushadigan falokatlarni o‘ylaysan-u, amalda ularni his qilmaysan. Muruvvatli bo‘lish maqsadida boy bo‘lishga intilayotgan o‘rtamiyona odamlar yo‘liga to‘siq qo‘yishga ehtiyotkorroq bo‘lardim. Sen ham shu maqsadda boy bo‘lmoqchisan, bu yo‘lda senga ham turli to‘siqlar uchrashii mumkin, lekin sen ularni bartaraf qila olasan.
Hurmatga sazovor odamlarning tan olishicha ko‘pchilik o‘zgalarning firibgarlik yo‘li bilan topganlarini o‘zlashtirishdan hazar qilmaydilar. Ular o‘zlarini muruvvatli insonlar qatoriga qo‘shadilar. Aslida ular boshqa barcha odamlar adolatli bo‘lsalargina, shundan keyin men ham adolatli bo‘laman deb fikrlaydiganlar toifasiga kiradi. Ey, Xrizofil! Seni yaxshiroq bilganimda, shu tariqa kechirim so‘rab o‘tirmagan bo‘lardim, chunki bunday fikrlashga botina olmagan bo‘larding.
Qulf-kalitli, tambalangan, zanjirli temir eshiklar sonini ko‘paytiring, qorovullar, qo‘riqchilar qo‘ying. Qatl qilish uchun dorlar, kundalar o‘rnating, qiynoqlarning yangi-yangi usullarini o‘ylab toping, azob-uqubat chekayotgan yo‘qsillarni ko‘rganda qalbingiz toshga aylansin. O‘zingiz amal qilayotgan qonun-qoidalarni o‘rgatish uchun o‘rinbosarlar tayyorlang. Bu ishga yangidan-yangi yozuvchilarni jalb qiling, ularga yaxshi haq to‘lang, toki o‘g‘irlik uchun qashshoqlar qattiq jazoga tortilsin, boylar esa yalla qilib yuraversinlar.
Bunday tartibni qonun darajasiga ko‘taring. Xavotir olmang, yeb-to‘ymas nafsingiz o‘zgalarning nafslari xakalak otishiga xizmat qiladi, firibgarligingiz atrofingizda o‘zingizga o‘xshash firibgarlarni to‘playdi, qilmishingiz xuddi shunday yo‘l bilan yana o‘zingizga qaytadi. Tuban niyatlaringizni amalga oshirayotgan atrofingizdagi buzuq ayollar sizning hisobingizdan jirkanch xaridorlaringizga xizmat qiladi, hissiyotlaringiz razillikdan oziqlanadi, dasturxoningizdagi sarqit ovqatlar sizga muntazir bo‘ladi.
Ochko‘z xizmatkorlaringiz katta pul evaziga tezakni tansiq taom sifatida qo‘lingizga tutqazadi, sezgingiz aynigani sababli siz buni bilmay qolasiz. Tekinxo‘r hamtovoqlaringiz tezak yeb rohatlanganingizni ko‘rib, yashirincha ustingizdan kulishadi, siz esa ziyofat uchun katta pulga tushganingizdan maqtanib qolaverasiz.
Bu orada qalloblik bilan qo‘lga kiritgan boyligingiz sovuriladi, siz esa baxtga emas, afsus- nadomatga erishasiz. Boyligingiz manbani o‘ylab vijdoningiz qiylanadi, uni yo‘qotganligizdan afsusda qolasiz. Eshiklar buzilgan, zanjirlar uzilgan, sandiqlar ochilgan – hafsalangiz pir bo‘ladi. Ko‘rgan ehtiyot choralaringiz aksiga xizmat qiladi. Biror ishonchli halol odamni tasodifan uchratib qolsangiz, yuzlab firibgarlar kelishib olib butun aybni unga yuklashadi, qulay vaziyatdan foydalanib talonchilikni davom ettirishadi. Boyligingizni sovurayotgan minglab odamlarni ko‘rib tursangiz-da, birortasini ushlay olmaysiz. Ular butunlay boshqa shaklga kirib olgan bo‘ladi, o‘zlarini sadoqatli qilib ko‘rsatishadi, amalda nafrat bilan qarashadi.
Muruvvatli odamlar uchun dilingizda joy qolmaydi, faqat ayyor, yaramas odamlargina unga tilyog‘lamalik bilan kirib olishadi. Harom yo‘llar bilan topgan boyligingizni yaxshilikka sarflamoqchi bo‘lganingizda ham, ular yangi jinoyatlarga yetaklaydi. Siz uchun jonini ham berishga tayyor turgan minglab makkor va ablah do‘stlaringiz, amalda sizni o‘lim talvasasida yotganingizni ko‘rish istaginda yuradilar. Ular sizni tuzalib ketishingizni kutib o‘tirishlariga umid qilmay qo‘ya qoling. Ochko‘zlik ularni shu darajaga yetkazganki, o‘lim sizni kutib turmaganidek, ular ham kutib turishmaydi, vaqtini bekorga ketkazmaslik uchun ularni sizga nima bog‘lab turgan bo‘lsa, uning izidan ketishadi. Hali ajal kelmasidan siz qashshoq ahvolga tushasiz, xor-zor bo‘lasiz. Eng yomon tomoni shuki, ahvolingizni ko‘rib achinadigan inson topilmaydi.
Huzur-halovat avjiga chiqqan paytida yengib bo‘lmas xijolatpazlik dilingizga qayg‘u urug‘ini sochadi. Sershovqin ziyofat uchiga chiqqan paytida xotirangizdagi minglab achchiq voqealar jonlanadi, vijdon azobi qalbingizni qiynoqlarga soladi, ziyofat qatnashchilarini shovqin-suroni ham ularni bosa olmaydi. Ziyofatdagilarning quvonchlari soxta ekanligi bir lahzada bilinib, ko‘z yoshlaringiz qalqib turadi. Ko‘nglingizdagi qadahda xushbo‘y sharob emas, balki beva-bechora, baxtsizlarning qoni ekanligini tasavvur qilasiz, ularni shu ahvolga o‘zingiz solganligingizni o‘ylab o‘zingizni ayblaysiz. Agar shu asnoda boshingizga musibat yog‘ilsa nima qila olardingiz?
O‘zingga nisbatan ko‘ngilchan o‘zgalarga nisabatan rahmsiz bo‘lganligingiz sizni shunday yomon ahvolga soldi deb o‘ylamang. Pushaymonlik va vijdon azobi qanchalik azob-uqubatli bo‘lmasin, qalb sirlaringizga aylangan, demak, sizda ezgulikka va maftunkor hissiyotlarga bo‘lgan muhabbatingiz so‘nmagan. Qalbingiz buzuqlikka to‘lishidan, uning toshga aylanishidan, sharmandalarcha tubanlikdan, tabiiy hissiyotlaringizni boy berib, nodon va hissiz to‘nkaga aylanib qolishdan ehtiyot bo‘ling.
Mayli, boyligidan ajralib qolishni istamagan xasis odamlarga ular hamroh bo‘lib qolaversin! Ularga xushomad yoqadigan bo‘lsa, xizmatkorlari bilan birga yuraversinlar!
Tinimsiz mashaqqatli mehnat qilib, evaziga bir burda qotgan qora non bilan kun kechiruvchi betaxtlarning ahvoliga u befarq qaraydi. Daromad adolatsiz, sarflangan mehnatga teskari nisbatda taqsimlanayotgan bo‘lsa, unga nima? Shafqatsiz va shahvoniy xirsga berilgan kimsa esa og‘ir mehnatdan ezilgan, muhtojlik botqog‘iga botgan millionlar hisobiga semirib yotsa mayli. Peshonaga yozilgani shu, bular odat tusiga kirgach, hamma ko‘nikib yashaydi. Ular poxol tomli kulbalarda, ho‘kiz molxonada yotgandek, yashayotgan bo‘lsalar, men ham naqshinkor saroylarda yashashga ko‘nikishim kerak.
Ammo, gap yovvoyi mamlakatlar aholisi to‘g‘risida, ular og‘ir mehnat qilmasdan, ehtiyoj nimaligini bilmasdan tashvishsiz hayot kechirayotganligi haqida ketganda-chi? Unda o‘sha yovvoyilarga achinib ketamiz: qanday qilib o‘zgalar uchun qulay va yaxshi sharoit yaratmasdan yashash mumkin, xalq qonini so‘rayotgan hurmatli boyonlar bo‘lmagan mamlakatda qanday yashab bo‘ladi? G‘am-tashvish nimaligini bilmay yashayotgan yovvoyini bizga keragi bormi? Boylikni ko‘klarga ko‘tarib, kambag‘allikni yomonlovchi bizning pastkash donishmandlar o‘rtasidagi ziddiyatlar ana shunda. Ular pul evaziga, berilgan buyurtmalar bo‘yicha o‘z falsafalarini qulay sharoitlarga moslab to‘qishadi.
Eng ajablanarli tomoni shuki, serg‘alva, sertashvish kambag‘allar bilan yonma-yon yashashdan qutulish uchun ancha-muncha pul sarf qilishga tayyor turgan bunday nozikta’b odamlar amalda birorta bechorani qashshoqlikdan qutqarish uchun bir tiyin ham bergisi kelmaydi. Boy bilan kambag‘al o‘rtasidagi kelishmovchilik shu darajadaki, birinchisi ikkinchisining ahvolini yaxshilagandan ko‘ra, o‘zi noqulay ahvolga tushib qolishni afzal ko‘radi.
Muruvvat ko‘rsatishdagi eng qulay va arzon to‘lov – bu puldir.
Tuban yo‘llar bilan boylar davrasiga kirishdan ko‘ra yaxshilikka sazovor bo‘lgan odamlar orasida qolganing ma’qul, tabiat tomonidan ajratilgan bu ikki sinf orasiga tajovuz qilma.
Kimdir do‘stligini bildirish uchun faqat kissasidan pul chiqarishni biladi, boshqasi esa o‘zgalar uchun tashvish chekadi, vaqtini, qobiliyatini,his-tuyg‘ularini, hatto xayotini ham ayamaydi. Shunday tengsizlik bo‘la turib nonko‘r boy arzimas sadaqasini pesh qilib maqtanadi, uyalmay-netmay surbetlarcha minnatdorlik talab qiladi.
Bizning qobiliyatimiz bor, hech bo‘lmaganda oyoq-qo‘limiz butun-ku, ke qo‘y,ularga nopok boyliklarini qoldiraylik-da, erkimizni asraylik, Xrizofil,menga ishon, ularning ahvoli biznikidan ham qiyinroq bo‘ladi. Eng yaxshi kunlarimiz ham bizni taqdir bevafoligidan asray olmaydi: biz hech qachon uni o‘zimizga bo‘ysundirolmaymiz, hatto uning o‘z qurolidan foydalanganda ham. Uni yengish uchun boshqa quroldan foydalanish kerak, o‘shanda ham u toblangan, sinalgan bo‘lishi zarur.
…Eng qulayi chiroyli va yumshoq aravachada taltayib o‘tirgan holda kambag‘alni yuziga loy sachratib o‘tib ketish.
Insoniyatga yanada foydaliroq ish qilmoqchimisan? Boylikka intilma, usiz ham yashashni o‘rgan; boyning takabburligidan hazar qil, oliyjanob maqsadlar yo‘lida odamlarni baxt izlashda beg‘araz bo‘lishga o‘z misolingda o‘rgat, ularga namuna bo‘l.

Rus tilidan Abdunabi Abduqodirov tarjimasi.
______________________
* Bu qaydlar, mazmuniga qaraganda, Russoning Berndagi Iqtisod jamiyatiga qilgan murojaati bilan bog‘liq.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.