Fransuz yozuvchisi, faylasuf va publitsist. Fransuz ekzistentsializmi namoyandasi.
1941—44 yillarda Fransiya Qarshilik ko‘rsatish harakatida qatnashgan. Sartrning siyosiy-mafkuraviy qarashlaridagi ziddiyat va o‘zgarishlar uning «Holatlar» nomli 9 ta kitobida ko‘rsatilgan.
1952 yil tinchlik tarafdorlarining harakatiga qo‘shilib, kolonial tuzum va irqchilikka qarshi ma’ruzalar o‘qigan. Sotsialistik mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlagan. 1952 yil Vengriya voqealaridan so‘ng Sartrning Sovet davlati va umuman sotsialistik mamlakatlarga bo‘lgan munosabati keskin o‘zgargan.
O‘zining nafosat va adabiyotga bag‘ishlangan «Adabiyot nima» (1947), «Bodler» (1947), «Avliyo Jene, masxaraboz va jafokash» (1952) kabi asarlarida Sartr oz-moz bo‘rttirib bo‘lsa ham, yozuvchining hozirgi zamon tarixida ro‘y berayotgan barcha hodisalar uchun javobgar ekanligini qat’iy ta’kidlab o‘tgan.
«Ko‘ngil aynash» (1938), «Devor» (1939), «Ozodlik yo‘llari» (1945—49), «Yopiq eshik ortida» (1945), «Iblis va Xudo» (1951), «Altona mahbuslari» (1960) kabi asarlarida falsafiy fikrlarini hayotiy tajriba bilan, afsonani jurnalistlarga xos bo‘lgan realistik qarashlar bilan birlashtirishga harakat qilgan.
Sartrning ijodi Fransiya va boshqa mamlakatlarning ma’naviy hayotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Nobel mukofoti laureati (1964).