OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Janni Rodari. Vaqtni qo‘yib yuboring! (hikoya)

- Janob, hududimizga yaqinlashayotgan begona samolyot qo‘nishga ruxsat so‘rayapti.
- Begona samolyot deysizmi? Bu yerga qaerdan kelib qoldi u?
- Bilmayman, janob. Ilgari hech uchramagandi. U bilan hech qanday aloqamiz ham bo‘lmagan. U yoqilg‘im tugayapti, sizlar qarshilik ko‘rsatsangiz ham baribir qo‘nishga majburman, deb surbetlik qilyapti. Juda g‘alati, a, janob?!
- Qiziq.
- Tag‘in u hazillashdi ham.
- Nima deb hazillashdi?
- Meni hech kim to‘xtatib qo‘yolmaydi, deb hazillashdi.
- Shunday deng. Mayli, qo‘naversinchi.
Samolyot 23 dan 27 daqiqa o‘tganda poytaxt chekkasidagi kichkina yozgi qo‘nimgohga pastlab qo‘ndi. Yangi sana kirishiga bor-yo‘g‘i 33 daqiqa qolgan edi. Bu sana odatdagilaridan farqli o‘laroq muhim sana edi. Yangi yil eshik qoqayotgandi, hademay butun sayyorada 1 yanvar kirib keladi. Ayni dam butun dunyo hayajonu hadikda yangi yilni kutib turgandi.
 Notanish uchuvchi samolyot kabinasidan yerga sakrab tushdi-da, hech nimadan-hech nima buyruq bera ketdi:
- Yukni tushirishga yordamlashinglar. O‘n ikkita jomadon bor, birortasini ham unutib qoldirmanglar. Keyin taksi buyurtma bering. Balki telefonimdan foydalanarsizlar.
- Shoshmang,-mujmallik bilan dedi boshliq,-Avval masalaga oydinlik kiritib olsak yaxshi bo‘larmidi? Siz shuni unutmadingizmi?
- Shundoq ham hammasi ravshandek tuyilmayaptimi sizga,-jilmaydi notanish uchuvchi.
- Yo‘q,-asabiylashdi boshliq, so‘ng so‘radi.-Iltimos, menga hujjatlaringiz va bortjurnalingizni ko‘rsatsangiz.
- Kechirasiz, bu talabingizni bajara olmayman.
Notanish uchuvchi bu gapni shunday jur’at va surbetlik bilan aytdiki, boshliq g‘azabdan portlab ketishiga bir bahya qoldi.
- Mayli, siz aytgancha bo‘la qolsin,-hovuridan tushdi uchuvchi boshliqning vajohati o‘zgarganini ko‘rib. - Beriroq keling.
Uchuvchi bu gapni shunday sokin va nafis ohangda aytdiki, boshliq nazdida bildirilgani bu iltifot me’yoridan oshgandek bo‘lib tuyildi.
“Ustimdan kulyaptimi bu nusxa? Mayli, shoshmay tursin, tanobini tortib qo‘yaman...”
- Sizningcha meni kimdir kutyogan bo‘lishi muminkmi?-davom etdi ko‘rinishi jumboqqa lim sayohatchi.
- Hozir hamma Yangi yilni qarshi olishga shay bo‘lib o‘tiribdi. Siz ham bayramni munosib o‘tkazish uchun shoshilayotgandirsizda?
- Yanglishmadingiz, muhtaram janob.
- Ko‘rib turganingizdek men xizmat joyimdaman. Yangi yilni shu yerda, aeroportda kutib olaman. Mabodo o‘jarlik qilguday bo‘lsangiz, hujjatlaringizni ko‘rsatmasangiz, siz ham men bilan birga shu yerda qolishingizga to‘g‘ri keladi.
Notanish uchuvchi boshliq bilan birga uning bo‘lmasiga kirib kelguncha bir og‘iz ham so‘z qotishmadi. U bo‘sag‘adan o‘tib, iltifot ham kutmasdan boshliqning yumshoq kursisiga cho‘kdida, sigaret tutatib, so‘ng yon-veriga alangladi. O‘ziga savol nazari bilan tikilib turgan boshliqqa jilmayib dedi:
- Darvoqe, hujjatlarni so‘ragandingiza? Ularni sizga bergandim, ko‘rib bo‘ldingizmi?
Aeroport boshlig‘i tong qotdi.
- Hali bunaqa hunaringiz ham bormi, lo‘ttibozman deng. Hoynahoy, sezdirmay cho‘ntagimga solib qo‘ygandirsizda, a? Ehtimol quloqlarimdan soat yo burnimdan tuxum ilashtirib chiqarishga urinib ko‘rarsiz?
Notanish yigit boshliqning jig‘ibiyron bo‘layotganini sezdi, ortiq adi-badi aytishni lozim ko‘rmay, stol ustida turgan yangi taqvimga imo qildi:
- Mana mening hujjatim. Men – Vaqtman. Xodimlaringiz tashib keltirgan o‘n ikkita jomadonimda o‘n ikkita oy bor. Bu oylar, xo‘sh, -uchuvchi bilagidagi soatga bir qarab oldi,-yigirma to‘qqiz daqiqadan keyin harakatga tushadi.
- Siz chindan ham Vaqt bo‘lsangiz,-vazmin ovozda so‘z qotdi boshliq,-unda men uchqur samolyotman. Rosa hazilkash ekansiz. Siz bilan zerikib qolmasligimga imonim komil. Unda Yangi yilni birga kutib olamiz, nima dedingiz. Televizorni yoqishimga qarshi bo‘lmasangiz kerak, har holda. Bayrambop ko‘rsatuvlar bo‘lyotgandir.
- Qarshiligim yo‘q. Yoqavering. Lekin shuni aytib qo‘yishim kerak. Meni bu yerda ushlab turar ekansiz, hech qanday Yangi yil ham bo‘lmaydi.
Boshliq notanish uchuvchini eshitmadimi yo uning gaplarini inobatga olmadimi, javob bermadi.
Televizorda bayram kontserti namoyish etilayotgandi. Ko‘rsatuv tugagach, diktor allanimalar haqida ma’lumot berdi, so‘ng sahna oldida orkestr jamoasi paydo bo‘ldi.
Notanish uchuvchi sira zerikmadi. Televizordagi orkestr kuy-qo‘shiqlariga hamohang xirgoyi qildi, zavqi kelib oyoqlarini polga sekin tapillatib urdi. Bir-ikki latifalar aytib, boshliqni kuldirdi ham.
- Mana, yangi yil kirishiga bor-yo‘g‘i bir daqiqa qoldi. –jilmaydi boshliq.-Afsus, sizni shampan vinosi bilan siylashni istagandimu, yo‘qda. Undan keyin men xizmatdaman, mumkin emas.
- Iltifotingiz uchun rahmat. Shampan vinosiga hojat yo‘q, chunki men ham ichmayman,-notanish uchuvchining keyingi gaplari baraban sadosidan ham baland jarangladi.-Vaqt to‘xtab qoldi. Hech qanday Yangi yil bo‘lmaydi endi. Soatingizga qarang.
Boshliq beixtiyor soati tsiferblatiga qaradi, so‘ng soat taqilgan bilagini qulog‘iga yaqin olib bordi.
“Qiziq,-pichirladi u,-chiqillayapti, ammo nega sekund mili qimirlamayapti, buzildimikan, a?”
Boshliq bir daqiqani o‘tkazish uchun oltmishgacha sanadi. So‘ng soatiga tag‘in ko‘z tashladi. Soatning daqiqa mili ham qilt etmay, o‘sha-o‘sha, bir kam o‘n ikkiligacha turganini ko‘rib, battar ajablandi. Televizordagi vaqtni ko‘rsatayotgan soat ham harakatdan to‘xtab qolgandi. Bir mahal televizorda diktor ko‘rindi.
- Texnik nosozlik yuzaga keldi, sizlardan uzr so‘raymiz,-xijolat tortgan ko‘yi dedi diktor.
Aeroport boshlig‘i qarshisidagi notanish mehmonga xavotiromuz ko‘z tashladi. Uchuvchi unga jilmagan ko‘yi dedi.
- Ana, ko‘rdingizmi? Bunga siz aybdorsiz!
- Men? Mening bu texnik xatoga nima daxlim bor?
- Axir men Vaqt ekanimga ishonmayapsizku? Mana bu atirgulga qarang...
Stol ustidagi guldonda qizil atirgullar barq urib ochilib turardi. Boshliq gullarni yoqtirardi.
- Hozir mana shu gullarga teginsam, nima hodisa ro‘y berishini sezyapsizmi?
Notanish uchuvchi o‘rnidan irg‘ib turib, stol yoniga bordi va xiyol engashib gullarga xuddi olov o‘chirayotgandek kabi “puf” deb yubordi. Shunda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea sodir bo‘ldi. Bahor havosini ufurib turgan atirgullar ko‘z yumib-ochguncha burishib, gulbargaklari bandidan bir-bir uzilib, stolga to‘kildi va shu onning o‘zida bari qovjirab, bir siqim kulga aylandi qoldi.
Boshliq qo‘rquv ichida telefon go‘shagiga yopishdi.
Bir necha daqiqadan so‘ng aeroport boshlig‘ining vazirga qilgan qo‘ng‘irog‘i sabab, Amerikayu Singapurda ham, Tanzaniya, Novosibirskda ham, umuman, hamma joyda odamlar kichkina aeroportda talab qilingan hujjat ko‘rsatilmagani bois vaqt to‘xtab qolganligi haqidagi sirdan voqif bo‘lishdi. Biroq bu xabar Yangi yilni nishonlash arafasida bo‘lgan millionlab odamlarning kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Ular o‘z sevinchu quvonchlarini shampan vinosi bilan “yuvishga” kirishdilar.
- Vaqt to‘xtab qoldi!-hayqirishardi odamlar.-Biz endi keksaymaymiz. Mangu yoshligimizcha qolamiz. O‘lim bizdan chekindi!
Aeroport boshlig‘ining bo‘lmasida esa telefon uzluksiz jiringlardi. Odamlar boshliqqa o‘z niyatlarini ochiq-oshkor izhor etishardi:
- Vaqtni qo‘yib yubormang!
- Uni kishanlab tashlang!
- Uyqu dorisidan ichiring!
Bosh vazir barcha vazirlarni yig‘ib, kengash o‘tkazibdi. Unda Vaqt masalasi muhokama qilinibdi. Kengashdagilardan ayrim vazirlar “Vaqtni mangu hibsda tutish kerak” deb taklif bildirishsa, boshqalar “Vaqtga ozodlik berish kerak” deyishibdi. Shunda Ichki ishlar vaziri tutoqib ketibdi:
- Ozodlik? Hech qachon! Hujjati yo‘q har qanday odamni qo‘yib yuboraversak, oqibati nima bo‘lishini o‘ylayapsizlarmi? Bu nusxa bizga o‘z shaxsiyati haqida to‘la-to‘kis ma’lumot bersin: ism-sharifi, tavallud joyi, turar joyi, fuqaroligi, millati, pasporti seriyasi va hokazolar....
Xiyla vaqt o‘tgach (uzr, vaqt axir to‘xtab qolganku, nimalar deyapman), xullas shovqinu suronlarda gap nima haqida borayotganini anglagan bir bolakay ( u maktab o‘quvchisi bo‘lsada haligacha ikki karra ikkining hisobini bilmasdi) ning jahli chiqib ketibdi:
- Nima? Endi doim Hozir bo‘lib qolaveradimi? Bundan chiqdi, men ulg‘aymas ekanmanda? – u vaqtning to‘xtab qolganidan darg‘azab bo‘lib, bir talay orzulari bor o‘rtog‘iga sim qoqib, bo‘lgan voqeani yetkazibdi. O‘z navbatida u boshqa jo‘rasiga aytibdi. Shu tariqa vaqtning to‘xtab qolganiga qarshi chiqqanlar safi kengayib, ko‘cha-ko‘yda oshkora namoyish o‘tkazibdilar.
- Vaqtni qo‘yib yuboringlar!-qichqirishibdi bolalar.-Bir umr shunday bolaligimizcha qolishni istamaymiz!
 - Men muhandis bo‘lishim uchun vaqt kerak!
- Yoz kelishini istayman!
- Dengizda cho‘milgim kelyapti!
Safda boryotganlardan biri bu so‘zni eshitib, kulib qo‘yibti.
- Ahmoq, dunyoda nima gaplar bo‘lyaptiyu, bu bo‘lsa cho‘milaman deydiya?
- To‘g‘ri-da,- cho‘milishni istagan bolaning fikrini quvvatladi boshqa bir bolkay,-axir hozir qish. Vaqt shu holicha qolib ketsa, hech qachon yoz kelmaydi, dengizda cho‘milish armonga aylanadi. Oftob chiqishini tushingda ko‘rasan.
- Nima? Unda 31 dekabr mutloq va yagona sanaga aylanadimi? Istamayman.-Boshini changalladi boshqa bir bola.
To‘shakda yotgan bemorlar ham nima voqea yuz berganidan darak topishgach, ular ham vaqtning to‘xtab qolganidan jahli chiqibdi.
- Bir umr to‘shakda yotamanmi endi? Bu og‘riqlar arimaydimi? Istamayman!
Shu tariqa panjara ortida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham, bahor kelishini orziqib kutyotgan dehqonlar ham, umuman ertangi kunidan umid qilyotgan barcha umidvor ko‘zlar tezroq vaqtning harakatga kelishini so‘rab, aerovokzalga bot-bot sim qoqishibdi.
- Vaqtni tezroq qo‘yib yuboring.
- Vaqt bizga juda zarur.
Xalq g‘alayonga kelganidan tinchi buzildi boshliqning.
- Ketishingizga jon-jon deb ruxsat berardimu, ammo toki yuqoridan buyruq bo‘lmasa, ilojim yo‘q, - Vaqtga yuzlandi boshliq qo‘limdan hech narsa kelmaydi degan ma’noda bo‘m-bo‘sh kaftlarini ko‘rsatarkan.
- Ixtiyoringiz, bu yer menga ham yoqib qoldi, to‘g‘risini aytsam.
Shu dam tag‘in telefon jiringladi. Boshliq telefon go‘shagini ko‘targan on kimdir hovliqib gapira ketdi:
- O‘t tushdi, o‘t. Hamma yoq olov olib yonyapti. Vaqtni qo‘yib yubormasangiz, o‘t o‘chiruvchilar kelmaydi. Keyin yonib kulga aylanadi hamma yoq. Axir, bu yerda yosh bolalar, qari-qartanglar bor. Xudo yarlaqasin sizni, Vaqtjonni qo‘yib yubora qoling, iltimos.
Boshliq mushti bilan stulga urdi.
- Nima bo‘lsa bo‘ldi, javobgarlikni zimmamga olaman. Siz ozodsiz. Ketavering.
Janob Vaqt kursidan qaddini rostlab, boshliqqa yaqinlashdi.
- Qo‘lingizni siqib qo‘yay, janob. Siz dunyoda tengi yo‘q odam ekansiz!
Boshliq eshik dastasidan tortib, ochdi-da Vaqtga qaradi:
- Qani, imillamang. Fikrimdan qaytmasimdan keting, tez.
Shunday qilib janob Vaqt bo‘lmadan tashqariga chiqdi. Shu onning o‘ziyoq soat millari harakatga tushdi. Oltmish soniya ortda qolgach, osmonda mushaklar chaqnadi, yon-tevarakni quvnoq qiyqiriqlar tutdi. Yangi yil boshlandi.

Umid Ali tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.