Kazarma binosida hayot-mamot masalasi hal bo‘layotgan bir odamni sud qilishardi. Bu – Oqbaliq daryosi sohillaridan kelgan chol edi. Cholning ko‘rilayotgan ishi butun Dousonni oyoqqa turg‘izdi, nafaqat Dousonni, balki oqim bo‘ylab ikkala tomonga minglab chaqirimlarga cho‘zilgan Yukon o‘lkasini-da junbushga keltirdi. Dengizda qaroqchilar, quruqlikda talonchilar ayshini surayotgan bir zamonda anglosakslar allaqachonlar itoatkor xalqlar hayotiga qonunni singdirib bo‘lishgandi va bu qonun shafqatsiz edi. Lekin Imberning ishiga kelganda qonun ilk daf’a muruvvatli bo‘lib ko‘rindi. Bu qonun oddiy hisob-kitob nuqtai nazaridan qaralganda mutlaq jinoyat bilan tenglasha oladigan bunaqangi jazoni mo‘ljallamagandi. Jinoyatchi oliy jazoga mahkum, bunda ikkilanishga o‘rin yo‘q aslo; biroq jazo qatl bilan yakunlansa-da Imber bor-yo‘g‘i o‘zining boshini kundaga qo‘ya olardi, xolos; bo‘ynida esa ko‘plarning hayoti qarz bo‘lib qolayotgandi.
Aslida Imberning qo‘li shu qadar qonga botgandiki, uning qurbonlari sanoqsiz edi. O‘lka aholisi qo‘nalg‘ada to‘xtab yoki pechka yonida yalqovlanib, mundshtuk burqsitgancha bu chol tushmagur nechtasining yostig‘ini quritganini cho‘tga solib chamalashardi. Baxtiqaro qurbonlarning barchasi hech bir mubolag‘asiz oq tanlilar edi; ular yakka-yakka, juft-juft va to‘dalashib halok bo‘lishdi. Qotilliklar shunchalik ma’nosiz va asossiz ediki, uzoq vaqt mobaynida Qirollik otliq politsiyasi bu jumboqning tagiga yetolmadi. Hatto daryo bo‘yida oltin qazilib, dominion hukumati aholidan o‘z boyliklari uchun soliq yig‘ishtirib olgani gubernatorni jo‘natganda ham yopig‘liq qozon yopiqligicha qoldi.
Biroq eng katta jumboq shu bo‘ldiki, Imberning o‘zi Dousonga – odil sud hukmiga bosh egib keldi. Bahorning oxirrog‘ida, Yukon o‘zining muz kishanlarini yechishga urinib hayqirib-bo‘kirganda mo‘ysafid hindu muz ustidagi yo‘lidan burildi-da, qirg‘oq tepaligidan amal-taqal o‘tdi va sarosima ichida shohko‘chada to‘xtadi. Cholga ko‘zi tushganlarning bari payqashdiki, u anchayin kuchdan qolgan. U gandiraklab yog‘och uyumiga yetib bordi-da, cho‘kdi. Yon-veridan o‘tib ketayotgan oq tanlilarning adoqsiz oqimiga razm solgancha uzzukun shu yerda o‘tirdi. Ko‘pchilik unga qarash uchun bot-bot o‘girilishar, g‘alati aft-angorli bu keksa sivash ba’zilarni o‘yga toldirardi. Keyinchalik o‘nlab kishilar hinduning g‘ayriqiyofasi ularni hayratga solganini eslab, kun bo‘yi ziyrakliklaridan gerdayib yurishdi.
Shunday esa-da asl qahramon Mitti Dikkensen bo‘ldi. Mitti Dikkensen bu yurtlarda ezgu umidlar-u cho‘ntagida bir dasta dollar bilan hozir bo‘lgandi, ammo cho‘ntakdagi aqcha ila umid ham havoga uchdi. Shtatlarga qaytishga mablag‘ yig‘ish uchun u “Xolbruk va Meyson” dallollik idorasida hisobchi kursisini egalladi. Ayni “Xolbruk va Meyson” idorasining ro‘parasida Imber joylashib olgan yog‘ochlar uyumi yotardi. Dikkensen uni nonushtadan avval derazadan ko‘rib qoldi, nonushtadan so‘ng qaytib kelib yana derazadan mo‘raladi: keksa sivash haligacha o‘sha yerda o‘tirardi.
Dikkensen tez-tez derazadan nazar tashlab turdi; keyinroq u ham ziyrakligidan faxrlanib yurdi. Mitti Dikkensen sal xayolparastroq edi, shungami, u qo‘zg‘almay o‘tirgan keksa majusiyda sivash xalqining timsolini, anglosaks bosqinchilariga boqib turgan tushuniksiz xotirjamlikni ko‘rdi.
Soatlar bir-birini quvalashar, Imber esa qilt etmay o‘sha holatda o‘tirardi. Dikkensen bir paytlar shohko‘cha o‘rtasida chana kelib to‘xtaganini, ustida shunday harakatsiz o‘tirgan kimsani esladi; uning tegrasida o‘tkinchilar uymalanishar, hamma uni dam olyapti, deb o‘ylar, keyin esa unga qo‘l tekkizib ko‘rishganda murdaga aylanganligi ma’lum bo‘ldi – sovuqda tarashaday qotib qolgandi. Jasadni to‘g‘rilash uchun – yo‘qsa tobutga sig‘masdi – uni gulxan yoniga keltirib, muzini tushirishga majbur bo‘lishgandi. Dikkensenning bu o‘ylardan eti jimirlab ketdi.
Bir ozdan so‘ng Dikkensen sigara chekib, shamollagani ko‘chaga chiqdi. Daqiqa o‘tib Emili Trevis paydo bo‘ldi. Emili Trevis latofatli, noziknihol oyimtilla edi, London yoinki Klondaykda bo‘lishidan qat’i nazar millionlarga ega tog‘ muhandisining arzandasidek kiyinardi. Mitti Dikkensen sigarasini deraza tokchasiga tashlab, shlyapasini andak ko‘tarib qo‘ydi.
Ular o‘n daqiqacha valaqlashdi. Birdan Emili Trevis Dikkensenning yelkasi osha qarab qichqirib yubordi. Dikkensen shoshib o‘girildiyu, sapchib tushdi. Imber ko‘chani kesib o‘tib, qizdan ko‘zini uzmay soyaday ularning peshonasida turardi.
– Nima kerak? – jur’atlandi Mitti Dikkensen ovozi qaltirab.
Imber nimadir deb ming‘illab, Emili Trevisga yaqinroq keldi. U qizni boshdan-oyoq sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Ayniqsa qizning ipaksimon qo‘ng‘ir sochlari va ol yonoqlari cholda alohida qiziqish uyg‘otdi. U nigohini uzmay qizni aylanib o‘tdi, go‘yo otning bo‘y-bastini yoki qayiqni o‘rganayotganday. Nogahon u botayotgan quyoshning nurlari qizning qizg‘ish quloqlaridan o‘tib shu’lalanayotganini payqadiyu, taqqa to‘xtadi. Keyin yana uning yuzlarini “tekshirish”ga tushdi va qizning moviy ko‘zlariga uzoq tikilib qoldi. Tag‘in nimanidir to‘ng‘illab, bir qo‘li bilan nozikoyimning bilagidan ushlab, ikkinchisi bilan tirsagini bukib ko‘rdi. Hinduning yuzida nafrat va hayrat aks etdi, po‘ng‘illab Emilining qo‘lini qo‘yib yubordi. So‘ng bo‘g‘zidan qanaqadir tovushlar chiqarib, qizga orqa o‘girdi va Dikkensenga nimadir dedi.
Dikkensen uning so‘zlarini tushunmadi, Emili esa kulgudan o‘zini tiyolmadi. Imber qoshlarini chimirib dam Dikkensenga, dam Emiliga so‘z qotar, ular faqat bosh silkib qo‘yishardi. Endi ulardan nari ketmoqchi bo‘lgandi, qiz kimnidir chaqirdi:
– Hey, Jimmi! Bu yoqqa keling!
Jimmi ko‘chaning narigi tarafidan yaqinlasha boshladi. Bu oq tanlilar kabi kiyingan, boshiga Eldorado azamatlarining keng soyabonli katta shlyapasini qo‘ndirib olgan daroz, beso‘naqay hindu edi. Tutilib-tutilib Imber bilan gaplashdi. Jimmi sitxadan edi; o‘lkaning ichkarisida yashaydigan qabilalar tilida faqatgina eng oddiy so‘zlarni bilardi.
– U Oqbaliq qabilasidan, – dedi u Emili Trevisga. – Meniki uning tilini yaxshi bilmaydi. U eng katta oq tanlini ko‘rmoqchi.
– Gubernatorni, – to‘g‘riladi Dikkensen.
Jimmi Oqbaliq qabilasidan bo‘lgan odam bilan yana bir necha so‘z almashdiyu, yuzi taajjub va tashvishli tus oldi.
– Unga kapitan Aleksander kerak, deb o‘ylayman, – dedi Jimmi. – Aytishicha, u oq tanli erkakni, ayolni, bolani, ko‘pgina-ko‘pgina odamni o‘ldirgan. O‘zi ham o‘lishni istaydi.
– Aqldan ozgan, shekilli, – dedi Dikkensen.
– Bu nima degani? – so‘radi Jimmi.
Dikkensen bosh chanog‘ini teshmoqchidek barmog‘ini chakkasiga tiradi-da aylantirdi.
– Balki, balki, – dedi Jimmi hamon oq tanlilarning kattasini so‘rayotgan Imberga o‘girilib.
Qirollik otliq politsiyasidan mirshab yetib keldi (Klondaykda ular otsiz yurishadi), u ham Imberning talabini eshitdi. Mirshab keng yag‘rinli, devkor, oyoqlari baquvvat davangir edi; Imber qancha novcha bo‘lmasin, mirshab undan yarim kalla baland edi. Ko‘zlari sovuq va ko‘k, nigohi teran, kelbatidan huv, o‘sha asrlar osha ajdodlardan o‘tib kelayotgan o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch yog‘ilib turardi. Qoyilmaqom jasorati yoshini yashirib turardi – u hali yosh bola edi, silliq yonoqlarida qizillik qizaloqning yuzidagi kabi tezlik-la yugurardi.
Imber endigina mirshabga razm soldi. Yosh mirshabning iyagida shamshir dami qoldirgan chandiqni ko‘rib hinduning ko‘zlaridan o‘t chaqnadi. Shalviragan qo‘llarini mirshabning soniga olib bordi va uning mushakdor oyoqlarini paypasladi. Barmog‘i bilan gavdasini chertdi, keyin o‘spirinning yelkalarini sovut misol qoplab turgan baquvvat mushaklarni ushlab ko‘rdi. Ularning atrofida allaqachon o‘tkinchilar to‘planishgandi – oltin izlovchilar, tog‘ aholisi, yangi yer egalari – barchasi uzun oyoqli, keng yelkali irq farzandlari. Imber goh unisiga, goh bunisiga ko‘z tashlab, Oqbaliqlar tilida nimadir dedi.
– Nima deyapti? – so‘radi Dikkensen.
– U aytdiki – bu kishilarning barchasi mirshabga o‘xshagan daroz, bir toifadan ekan, – tarjima qildi Jimmi.
Mitti Dikkensen past bo‘yli edi, shu bois Trevis xonim qoshida bunday savol berganiga pushaymon bo‘ldi. Mirshab buni payqab, gapni boshqa yoqqa burdi.
– Bunda bir gap bor, shekilli. Uni kapitanning huzuriga olib boraman. Unga ayt, Jimmi, men bilan yursin.
Jimmi tag‘in keksa hinduni siquvga oldi, Imber bir nima deb to‘ng‘illadi, lekin yuzidan mamnuniyatni uqish mumkin edi.
– Undan so‘ra-chi, Jimmi, qo‘limni ushlaganda nimalarni o‘ylagan ekan?
– Uning aytishicha, siz qo‘rqoq emassiz.
Bunday javobdan Emili Trevis huzurlanib ketdi.
– Aytdiki, siz skukum emassiz, shunday noziksizki, xuddi murg‘ak boladek. U sizni qo‘llari bilan ming bo‘lakka bo‘lib tashlashi mumkin. Manov mirshabdek azamatni dunyoga keltira olishingizga lol qolyapti.
Emili Trevis ko‘zlarini tik qadab turishga o‘zida qat’iyat topa oldi, ammo yuzlari alvon tus oldi. Mitti Dikkensen esa anorga aylandi, yosh mirshabning yuzi esa lolazorga.
– Hoy, sen, qani, yur-chi, – dedi birdan mirshab olomonni yelkasi bilan tisarib.
Shu tariqa Imber o‘z ixtiyoriga ko‘ra barcha-barchasiga iqror bo‘lgan hamda keyin u yerdan qaytib chiqmagan Kazarmaga kelib qoldi.
Imber qattiq toliqqan ko‘rinardi. U qartayib qolgan, umid uchqunlari o‘chgan, bu uning rang-ro‘yidan ma’lum edi. U munkayib, ko‘zlari nursizlanib qolgandi; sochlari oppoq oqarishi lozim edi, biroq quyosh va yog‘in-sochin sochlarini shunaqangi kuydirgandiki, endi ular tussiz, patakka aylangandi. Atrofidagi hodisalarga unda zig‘ircha qiziqish topilmasdi. Xona oltin izlovchilarga, ovchilarga liq to‘lgan, ularning vahimali shovqinlari Imberning quloqlari ostida qirg‘oqqa urilgan dengiz to‘lqinlaridek shovullardi.
U deraza yonida o‘tirar, loqayd nigohi dam-badam ko‘z oldida namoyon bo‘lgan, yurakni entiktiradigan manzarada to‘xtardi. Ko‘kni bulutlar egallagan, chor atrof rutubatga cho‘mgan. Yukonda bahorgi toshqin boshlangandi. Muzlar erib, shaharni suv bosgandi. Shohko‘chadan ikki tarafga hech tinim bilmas kishilar eshkak eshishardi. Goh u, goh bu qayiq ko‘cha tomondan Kazarma oldidagi suv bosgan harbiy maydonga qayrilar; yaqinroqqa suzib kelib ko‘zdan yo‘qolar, Imber qayiq yog‘och devorga urilganini sezib turar, eshkakchilar binoga deraza oshib kirar edilar. Keyin esa suv shaloplatishib yuqori qavatga ko‘tarilishayotgani eshitilardi. Shlyapalarini yechishib suvga bo‘kkan dengizchilar etigida xonaga kirib, sudni kutayotgan olamonga qo‘shilib ketishardi.
Hinduning munosib jazolanishidan mamnun bo‘layotgan bu kishilar unga yovqarash tikilishar ekan, Imber ularning udumlari, mezonlari, Qonuni, qaysiki yaxshi zamonda ham, yomon zamonda ham, toshqinu ochlikda, kulfatni-da o‘limni pisand qilmay azal-azaldan yashab, asrlar davomida qo‘llanib kelinayotgan Qonun borasida o‘y surardi.
Allakim stolni taqillatdi; g‘ala-g‘ovur tinib, zal suv quygandek jimib qoldi. Imber stolga mushtlagan nusxaga e’tibor qaratdi. Bu kimsa hokimlik qudratiga egadek tuyuldi, biroq Imberga boshqasi, sal nariroqda o‘tirgan keng manglayli barchasining ustidan boshliq bo‘lib ko‘rindi. Stol ortidan yana bittasi turib, qo‘liga anchagina qog‘ozlarni oldi-da baland ovozda o‘qiy ketdi. Keyingi sahifaga o‘tishdan avval u barmoqlarini tupuklab, bir tomoq qirib olardi. Imberga uning so‘zlari begona, ammo qolganlar tushunar, qoshlari o‘rtasida chuqurcha paydo bo‘lardi. Ba’zan shunday darg‘azab bo‘lishardiki, hatto bittasi Imberni haqorat so‘zlar bilan siyladi, ammo stol ortidagi kishi stolga mushtlab, tinglovchining unini o‘chirdi.
Va’zxon uzoq javradi. Uning zerikarli ma’ruzasi ostida Imberni mudroq bosar, bayonnoma nihoyasiga yetganda qariya allaqachon tush ko‘rayotgandi. Kimdir uni oqbaliqliklar tilida ismini aytib chaqirgandi, chol uyg‘onib, singlisining o‘g‘li – qachonlardir o‘z qabilasini tashlab, oq tanlilarga qo‘shilib ketgan hindu yigitga ko‘zi tushdi.
– Sen, shubhasiz, meni eslolmaysan, – dedi hindu yigit salomni ham nasiya qilib.
– Yo‘q, eslayman, – javob qaytardi Imber. – Sen Xaukansan. Ko‘p yillar burun bizni tark etganding. Volidang ham omonatini topshirganiga ancha bo‘ldi.
– U keksayib qolgandi, – o‘zini oqladi Xaukan.
Imber javobni ham eshitmay pinakka ketdi, biroq Xaukan yelkasidan silkib uyg‘otdi.
– Manavi odam nimalar o‘qiganini senga bildirmoqchiman. U sen qilgan barcha jinoyatlarni, qaysiki, o tentak, kapitan Aleksanderga iqror bo‘lganlaringni o‘qib eshittirdi. Sen yaxshilab o‘ylab ko‘rib, shular to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aytishing darkor. Senga shunday amr etildi.
Xaukan missionerlar orasida kun ko‘rar, yozuv-chizuvni o‘shalardan o‘rgangandi. Ayni damda anov va’zxon o‘qigan yupqa qog‘ozlarni ushlab turar – ularga Imberning Jimmi ko‘magida kapitan Aleksander huzurida aytgan barcha so‘zlri tushirilgandi. Xaukan o‘qishni boshladi. Imber picha tingladi, yuzida taajjub paydo bo‘ldi va darhol jiyanining so‘zini bo‘ldi:
– Bu mening so‘zlarim, Xaukan, ular sening lab-laringdan uchib chiqyapti, quloqlaring esa so‘zlarimni eshitmagan.
Xaukan mag‘rurona iljaydi, farqi ochilgan sochlarini silab qo‘ydi.
– Yo‘q, o Imber, ular qog‘ozdan chiqyapti. To‘g‘ri, quloqlarim ularni eshitmadi. So‘zlar qog‘ozdan chiqib, ko‘zim orqali miyamga yetib boradi, so‘ngra lablarim ularni senga yetkazadi. Mana, ular qaerdan chiqadi.
– Shunaqa degin. Demak, ular qog‘ozda? – shivirlardi Imber va qog‘ozni egallagan belgilarga hadiksirab ko‘z tashlab, ushlab ko‘rdi. – Bu g‘aroyib jodu. Sen, Xaukan, chinakam afsungar ekansan.
– Qo‘ysang-chi, – dedi yigit kalondimog‘ligini yashirolmay.
Xaukan tavakkaliga bir varaqni tanlab oldi-da, o‘qiy boshladi:
– "O‘sha yili, muz ko‘chishidan ilgari, bola yetaklab olga bir oqsoch chol paydo bo‘ldi. Ularni ham o‘ldirdim, o‘shanda chol joni boricha o‘kirgandi…"
– Bu bo‘lgan gap, – dedi Imber hayajonlanib. –U uzoq qichqirdi, qarshilik ko‘rsatdi, o‘lishni istamagandi. Biroq sen bularni qaerdan bilasan? Senga oq tanlilar boshlig‘i aytgan, chog‘i? Ularni o‘ldirganimni hech zog‘ ko‘rmagandi, buni faqat oq tanli boshliqqa aytgandim.
Xaukan ranjigansimon bosh chayqadi.
– Bularning bari qog‘ozga yozilgan deb aytyapman-ku senga, tentak.
Imber siyohli belgilar to‘la qog‘ozga sinchiklab boqdi.
– Ovchi yerga yastangan qorga qaraydi-da aytadi: mana bu yerdan tunov kuni quyon yugurib o‘tgan, anavi yerda, butalar orasida, qulog‘ini ding qilgan, keyin esa nimadandir hurkib rasmini chizgan; manavi joydan ortga qayrilib, irg‘ishlab-irg‘ishlab qochib qolgan, huv, ana u yerda silovsin quyonni dog‘da qoldirgan; shu yerda, oyoqlari chuqur botgan yerda, silovsin uzun-uzun sakrab shalpangquloqni quvib yetgan; qolganiga faqat silovsinning izlari ketgan. Ovchining o‘tkir ko‘zlari qordagi izga tushishi bilanoq nima bo‘lganini aytib bera oladi, sen ham qog‘ozga qarab u yerda unaqa, bu yerda bunaqa bo‘lgan va barchasini qariya Imber qilgan, deyapsan.
– Ha, shunday, – javob qildi Xaukan, – endi esa ruxsat berishmaguncha tilingni tiyib, jimgina quloq sol.
Xaukan Imberning ko‘rsatmalarini uzoq o‘qidi, chol bo‘lsa o‘yga tolgancha, mum tishlab o‘tirdi. Qabiladoshining uni o‘chgach, Imber shunday dedi:
– Bularning bari mening so‘zlarim. Bular – haqiqat, Xaukan. Lekin men anchayin qartayib qoldim. Shunday esa-da anov boshliq bilishi darkor bo‘lgan hamda allaqachonlar unutilgan ishlarni yodga olayapman. Eshit. Bir safar Muztog‘ ortidan kimsa keldiki, qo‘llarida makkor temir qopqonlar bor edi; u Oqbaliq daryosi bo‘ylarida qunduz ovlardi. Uni o‘ldirdim. Keyin daryodan oltin izlab uch kishi paydo bo‘ldi. Ularni ham gumdon qildim. Fayv Fingerda ham odam o‘ldirdim – u solda suzib yurar, anchagina go‘sht g‘amlagandi.
Imber xotirasini kavlashtirib jim qolganda Xaukan uning so‘zlarini tarjima qilib turar, klerk ularni yozib olardi. Olomon Imberning cho‘pchagi toki mallasoch g‘ilay kishi uzoqdan turib kamon bilan mahv etiladigan joyiga yetib kelmaguncha xayollarida mayda ko‘ngilsizlik bo‘lib tuyulgan bu "oddiygina" hikoyaga beparvo bo‘lishdi.
– Jin ursin, – oldingi qatordagi tinglovchilardan biri o‘zini tutib turolmadi. Uning nidosida kulfatu nafrat baravar yangradi. – Jin ursin, – takrorladi, – axir bu mening jigarim Bill-ku!
Ahyon-ahyon zalda serzarda "jin ursin" yangrab turdi – na hay-haylashlar, na ogohlantirishlar mallasochni tinchlantira oldi.
Imber tag‘in boshini xam qildi, ko‘zlari tevarak-javonibni ilg‘amasdi. Yolg‘izgina keksalik yoshlik, jo‘shqinlikning hadsiz besamarligi borasida mulohaza yurita olganidek chol ham o‘y-xayollari sahrosini kezardi.
Xaukan sudlanuvchini yana turtdi.
– Turgil, o Imber. Senga mazkur jinoyatlarga qo‘l urganing hamda bu yoqlarga Qonun izlab kelishing boisini tushuntirib berish buyurildi.
Imber arang oyoqqa turdi, madorsizlikdan oyoqlari qaltirardi. Yo‘g‘on va biroz titragan ovozda gap boshladi, biroq Xaukan uni to‘xtatib qo‘ydi.
– Bu chol aqldan ozibdi, – murojaat qildi yigit inglizchalab kengpeshonaga. – Yosh boladay valdiramoqda.
– Biz uning valdirashlarini eshitmoqchimiz, – dedi kengpeshona. – Biz uni so‘zma-so‘z oxirigacha eshitmoqchimiz. Tushunarlimi?
Imber qahrli qarash qildi – jiyani oq tanli bilan nimalarni gaplashganini fahmlagandi. U yana tazarrusini – qaysiki kelgusi avlod uchun bronzaviy zarvaraqlardan joy olishga loyiq bo‘lgan qora tanli fidoyining g‘ayrioddiy hikoyasini boshladi. Olomon jodulanganday tosh qotdi, kengpeshonali sudya esa boshini qo‘liga tirab go‘yo hinduning ko‘nglini eshitardi. Sukunat aro tilmoch keskin bo‘lib turgan Imberning nidosi kezar, vaqti-vaqti bilan mallasochning "jin ursin"i ibodatxona qo‘ng‘irog‘iday yangrardi.
– Men kim – Imber, Oqbaliq qabilasidanman, – cholning so‘zlarini Xaukan begona tilga o‘girardi; Imberning nutqidagi tanish marom hamda qiroat qulog‘iga chalinishi zahoti missionerlik tarbiyasi-la sug‘orilgan taraqqiyot alomatlari to‘zg‘ib ketdi va unda odamyovvoyi uyg‘ondi. – Otam Otsbaok bahodir jangchi edi. Hali go‘dakligimda quyosh nurlarini ayamas, yurak-larimizda shodlik kezardi. Odamlar noma’lumlik-lar tomon chopishmas, begona ovozlar quloqqa chalinmas, ajdodlar udumi bizning udumimiz edi. Yigitlar qizlardan ko‘z uzishmas, mohporalar-da ko‘zlarni quvontirardi. Ayollarimizning etagi to‘la bola-baqra edi. Qabilamiz ko‘payar, erkaklarimiz ham o‘sha zamonlar asl azamatlar edi. Ular urush va tinchlikda ham, ochlik va to‘qlikda ham er kishi edilar.
U zamonlar baliqlar va parrandalar mo‘l edi. Itlarimiz bo‘ri zotli, yunglari qalin, na qahratondan, na bo‘rondan hayiqishardi. Ayozu dovullar yuraklarimizga qo‘rquv sololmasdi. Pelli qabilasi yerlarimizga oyoq qo‘yishlari zamon o‘rtada qonli olishuv ketardi. Negaki, biz asl erkaklar edik, Oqbaliq qabilasining qo‘rg‘onlari; ota bobolarimiz pellilar bilan kurashib kelishdi, tuprog‘imiz sarhadlarini himoya qilishdi. Biz ularning ishini davom ettirardik.
Kunlardan bir kuni diyorimizga birinchi oq tanli tashrif buyurdi. U qorda emaklab kelardi – mana bunday qilib. Eti ustixoniga yopishib qolgan, bunaqasini sira ko‘rmagandik. Qaerdan, qaysi qabiladan keldi ekan, deya hayron bo‘lardik. U norasidadek nimjon edi. Biz mehmonni gulxan yoniga o‘tqizdik. Po‘stinga o‘rab, osh-non berdik.
Kelgindi o‘zi bilan bizning itlarimizga uchta keladigan itni ergashtirib olgandi. Jonivor ham egasi kabi kuchdan qolgan, yunglari kalta, dumi muzlab qolgandi. Bu g‘alati jondorni ham qornini to‘yg‘izdik. Gulxan atrofidan joy berib, itlarimizni nari haydadik, yo‘qsa begona itni tilka-pora qilishlari turgan gap edi.
Bug‘u va baliq go‘shtini yeb, kelgindi va iti ancha kuchga kirdi. Jir bitib, kelgindining ovozi ko‘tarildi. Qariya va yigitlarimiz ustidan kulib, qizlarimizga ko‘z olaytira boshladi. Iti esa biznikilar bilan olishar, yunglari yumshoq va kalta bo‘lsa-da, bir marta uchta itimizni g‘ajib tashladi.
Bu odamdan qaysi qabiladansan, deb so‘raganimizda u: "Mening og‘a-inilarim bisyor", – dedi-da, sovuq iljayib qo‘ydi. Nihoyat kuchga to‘lgach, o‘z yurtiga ravona bo‘ldi. U bilan Noda, sardorimizning qizi ham ketdi. Tez orada bir urg‘ochi itimiz bolaladi. Biror marotaba bunday kuchukbachchalarni ko‘rmagandik – xumbosh, baquvvat jag‘li, kalta yungli, buning ustiga ojizu nochor. Otam bu notavon kuchuk bolalarini ko‘rib fig‘oni falakka yetgani hamon yodimda. Otam qo‘liga tosh olib kuchukbachchalarni majaqlab tashladi. Ikki yildan so‘ng Noda ham qo‘lida yosh bolasi bilan qaytib keldi.
Hammasi shundan boshlandi. Keyinroq kalta yungli it bilan ikkinchi oq tanli keldi. U ham bizning diyorimizda uzoq turmadi. Ammo itini qoldirdi. Ustiga-ustak eng zo‘r oltita itimizni o‘zi bilan olib ketdi. Ularni Ku-So-Ti – onamning ukasidan ajobtovur to‘pponchaga alishtirib olgandi – olti marta ketma-ket o‘q uzadigan to‘pponcha. Ku-So-Ti yangi quroli bilan gerdayar, o‘q-yoylarimizni xotinlar ovunchog‘i derdi. Ku-So-Ti qo‘lida to‘pponcha bilan ayiq oviga otlandi. Endilikda to‘pponcha bilan ayiq ovlash ahmoqlik ekanini hamma biladi, lekin o‘shanda biz buni qayoqdan bilardik? Ku-So-Ti qayoqdan bilsin edi? U ayiq qoshiga shahd-la bordi-da, to‘pponchasidan olti marta o‘q uzdi. Yirtqich bo‘lsa bo‘kirib Ku-So-Tini tuxum po‘chog‘iday ezg‘ilab tashladi, asalari inidan oqqan asalday Ku-So-Tining miyasi oqib tushdi. U mohir ovchi edi, endi uning oilasini qoramog‘iga oladigan qo‘rg‘on yo‘q. Biz barchamiz chuqur qayg‘uga botib: "Nimaiki oq tanlilar uchun yaxshi bo‘lsa, bizni halokatga yetak-laydi", – degan xulosaga keldik. Chindanam shunday. Oq tanlilar tufayli qavmimiz kamayib ketdi, ular sababli cho‘pday ozidik.
Kutilganidek uchinchi oq tanli ham paydo bo‘ldi. U turli yeguliklar va ajib mollar evaziga yigirmata zotdor itlarimizni ergashtirib ketdi. Ortidan sovg‘alar va va’dalarga uchib o‘n nafar ovchi yigitlarimiz ham yo‘lga tushishdi. Ammo qayoqqa – birov bilmaydi. Aytishlaricha, ular Muztog‘da qor ostida qolishgan yoki kurraning bir cheti – odam qadami yetmagan Sukunat Tepaliklarida ajalga yo‘liqqanmish. Nima bo‘lgan taqdirda ham oqbaliqliklar itlar va ovchi yigitlarni qaytib ko‘rishmadi. Oq tanlilarning qadami yerimizdan uzilmas, sovg‘a-salomlarini unutishmas, yosh yigitlarimizni olib ketishni ham kanda qilishmasdi. Ba’zan yigitlarimiz qaytib kelishar va biz Pelli qabilasining yeri ortidagi qiyinchiliklar hamda xavf-xatar haqida jon qulog‘imiz bilan eshitardik, ba’zan yigitlarimiz ortga qaytishmasdi. Shunda: "Modomiki, oq tanlilarga qo‘rquv begona ekan, bu ularning ko‘pligidan. Bizlar oqbaliq qavmi ozchilikmiz. Shunday ekan, yoshlarimiz ortiq bizni tark etishmasin", deya qaror qildik. Lekin yigitu qizlarimizni ushlab turolmadik.
To‘g‘ri, biz un va tuzlangan cho‘chqa go‘shtini tanovvul qilardik, choyxo‘rlikni xush ko‘rardik; lek agar bu tansiq yeguliklar yetmay qolsa, tomoshani ko‘ravering – jahlimiz chiqib, aqlimizni yo‘qotardik. Kelgindilar oldi-berdi qilish uchun olib keladigan matohlarni qo‘msay boshlardik. Savdo! Savdo! Biz birgina savdo-sotiqni o‘ylardik. Bir yili qishda g‘amlab qo‘ygan bari ilvasinlarimizni yaroqsiz soat, o‘tmas arra va zanglagan to‘pponchaga almashtirib yubordik. Shundan so‘ng ochlik ta’zirimizni berdi, qirqtacha yor-birodarlarimiz bahorga yetmay uzildi.
"Ana endi kuchsizlanib qoldik. Pelli qabilasi yerlarimizni tortib oladi", deb tahlikaga tushdik. Biroq ofat birgina bizda emaskan – pellilar ham darmonsizlangan, biz bilan jangga kirolmasdilar. Otam Otsbaok u vaqtlar xiyla keksayib qolgan bo‘lsa-da, donoligini yo‘qotmagandi. O‘shanda otam rahnamomizga shunday dedi: "Ko‘rib turibsan, itlarimiz hech narsaga yaramay qoldi. Qalin yunglaridan asar qolmadi, o‘z vazifalarini ado etib bo‘lishdi, chana ham tortolmaydilar. Yaxshisi, ularni so‘yamiz, faqat bo‘ri zotli urg‘ochilarni o‘rmonga qo‘yib yuboramiz. Balki shunda qalin yungli, baquvvat itlarimiz avlodi yana davom yetar ".
Tez orada otamning bashorati to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Oqbaliq qabilasi kurraning yeng zo‘r itlari bilan dong taratdi. Itlari bilan – odamlari bilan emas. Yigit-qizlarimiz oq tanlilar ortidan noma’lum so‘qmoqlaru daryolar ortiga g‘oyib bo‘lishardi. Qizlarimiz ortga qaytishni minba’d xayollariga keltirishmas, qaytganlari ham Noda singari dardmand, qarimsiq bo‘lardi. Yaqinlari davrasiga qaytgan yigitlarimiz esa xonadonlariga sig‘masdilar. Sayohatlari davomida qo‘rslik va badfe’llikdan o‘zgasini o‘rganishmagan, iblis suviga qul bo‘lishgan, kunu tun qartadan bosh ko‘tarishmasdi; ilk uchragan kelgindi chaqirig‘i bilan yana begona o‘lkalarga oshiqardilar. Kattalarga hurmatni unutishgan, kishini mensishmas, ko‘hna urf-odatlarimizni mazax qilishar, sardorimiz va shomonimiz ustidan kulishardi.
Oqbaliq qabilasi tobora kuchini yo‘qotar, zaiflashib borardi. Tamaki, viski, yupun kiyim-kechak o‘rniga mo‘yna va po‘stinlarimizni jon-jon deb tutqazardik. Yo‘tal bizga hujum boshlagan, erkagu ayollar birday kasalmand, kechasi surunkasiga yo‘talib chiqishar, ovchilarimiz o‘rmonga chiqiboq qorga qon tupurishardi. Goh unimiz, goh bunimizning bo‘g‘zimizdan qon kelar, oqibat ko‘pchilik jon taslim qilardi. Tug‘ilish keskin kamaygan, dunyoga kelgan chaqaloqlar ham dardchil edi. Kelgindilar biz hali duch kelmagan boshqa tushunarsiz xastaliklarni olib keldilar. Keyinchalik bilishimcha, bu kasalliklar chechak va qizamiq deb atalarkan – biz kasalliklar "sharofati" bilan kuzda uvildirig‘ini tashlagandan so‘ng yashashining hojati qolmagan baliq kabi halok bo‘lardik.
Eng achinarlisi, oq tanlilar o‘lim lashkarini boshlab kelishardi, barcha udumlari ajal yoqasiga yetaklardi, nafaslari o‘lim olovini purkar, o‘zlarini esa jin ham urmasdi. Ularda viski, tamaki, kalta yungli itlar bilan birga chechak, qizamiq, yo‘tal ham bor; ular oq tanli va ular qahraton, bo‘rondan zir titrashadi; qurollari ham ahmoqona: paydar-pay olti marta o‘q uzadimi-ey. Butun boshli kasalliklariga qaramay ular et olib, kuchayaverishadi, qo‘llari hamma yoqqa yetadi, barchani ezg‘ilab-toptaydilar. Ayollari esa sumbatidan noziknihol ko‘rinsa-da, aslida sabotlidirlar – alpkelbat erkaklarni dunyoga keltirishardi. Demak, noziktabiatlilik, kasallik, zaiflik kuch-qudrat va hukmronlik qobig‘iga o‘ralar ekan. Oq tanlilar yo iloh, yo iblis – bunisini bilmayman. Oqbaliq qabilasidan bo‘lgan men, Imberdek chol, nimaniyam bilardim? Faqat bir narsani bilamanki, bu jahongashta oq tanlilarni tushunib bo‘lmaydi.
Yuqorida aytganimdek, o‘rmonda qushlar ovozi tinib qoldi. Tan olish kerak – kelgandilar quroli uzoqdagini urib tushiradi, biroq otishga hech vaqo bo‘lmasa, quroldan ne naf? Bolaligimda bug‘ular har tepalikda uchrar, sanog‘i-da hisobsiz edi. Endi esa o‘n kunlab tepalik oshsang ham birorta bug‘uni uchratmaysan.
Shunday qilib, men, Imber Oqbaliq qabilasining tanazzulini, Pelli qabilasining halokatini, umuman o‘lkaning barcha qavm-qabilasini tugab bitayotganini ko‘rib, uzoq o‘y-xayolot dunyosida kezdim. Shomon va dono keksalarimiz bilan musohaba qildim. Odamlar shovqin-suroni o‘ylashimga halal bermasin uchun o‘rmon ichkarisiga kirib ketdim, me’damga og‘irlik qilmasligi va ko‘z-qulog‘imni zaiflashtirmasligi uchun go‘shtdan voz kechdim. Uyquni unutib, o‘rmonda uzoq vaqt o‘tirdim, ko‘zlarim ishora kutar, quloqlarim barchasini bartaraf qilishga imkon beruvchi so‘zni ilib olishga shay edi. Tunlari shamol nola qilayotgan, yomg‘ir ko‘z yosh to‘kayotgan bir paytda daryo yoqasiga yolg‘iz chiqdim. Allaqachonlar rixlatga ravona bo‘lgan dono keksalar va shomonlar sharpasini uchratib, ulardan maslahat olish niyatida edim.
Alaloqibat sharpalar ko‘rindi – kalta yungli jirkanch itlar – va nima qilmoq kerakligini darhol angladim. Ovulga qaytib jangchilarimizga shunday dedim: "Oq tanlilar – juda ulkan qabiladirlar. O‘z yerlarida yemak qolmagach, bizning zaminimizga ko‘z olaytirishmoqda. Ular tufayli zaiflashib, halok bo‘lmoqdamiz. Ular yeb-to‘ymas yuqodirlar. Agarki, biz tirik qolmoqchi ekanmiz, itlariga qanday chora qo‘llagan bo‘lsak, o‘zlariga ham shuni qo‘llashimiz darkor".
Men kurashishni taklif qildim. Oqbaliqliklar menga quloq berishdi, biroq birortasi mard bo‘lib o‘rtaga chiqmadi. Yigitlarimiz yuraksizlik qilishdi, lekin lom-mim demay o‘tirgan chollarning ko‘zida uchqunni payqadim. Kechqurun, ovul uyquga ketgach, yashirincha qariyalarni o‘rmonga chaqirdim. Uzoq fikr almashib, bir to‘xtamga keldik. Zaminimiz erkin nafas olgan yoshlik onlarimizni, shod va farovon kunlarimizni yodga oldik. Bir-birimizni og‘a-ini deb atadik, sir-rozimizni fosh etmaslikka hamda tuprog‘imizni yovuz kelgindilardan tozalashga qasamyod etdik. Endi ravshanki, bular axmoqlikdan boshqasi emasdi, ammo o‘sha damlar bizlar, Oqbaliq qabilasining qariyalari buni qayoqdanam bilardik?
Ularga namuna bo‘lish va ruhlantirish uchun birinchi bo‘lib o‘zim qotillikka qo‘l urdim. Yukon qirg‘og‘iga pisib berkindim-da, oq tanlilar kanoesini kutib turdim. Qayiqda ikki kishi o‘tirardi. O‘rnimdan turib qo‘limni ko‘tardim. Ular qirg‘oq tomon suzishdi. Qayiq burnida o‘tirgan kishi nima gapligini bilish uchun boshini ko‘targani zamon qo‘limdagi paykon uchib borib haligining bo‘g‘ziga qadaldi. Ikkinchisi, qayiq quyrug‘idagisi, qurolini olishga ham ulgurmadi – nayzamni gardaniga sanchib qo‘ydim.
"Bu boshlanishi, – dedim qasoskor birodarlarimga. – Biz hali barcha qabilalarning barcha qariyalarini, keyinroq yuragida o‘ti bo‘lgan yigitlarini ham birlashtiramiz. Ana unda ishimiz jadallashib ketadi".
Keyin haligi ikki murdani daryoga tashladik. Kanoeni esa – kanoe eng yaxshi qayiqlardan edi – ichidagi buyumlari bilan yoqib yubordik. Lekin avval buyumlarni ko‘zdan kechirdik. Teri xaltalarini pichoq bilan yirtib ko‘rganimizda ichi to‘la sening o‘qiganlaringga o‘xshagan, o Xaukan, belgilar bilan qoplangan qog‘ozlar edi; chandon urinsak-da, belgilarni tushunmadik. Endi esa aqlim kirib, ularni tushuna olaman: bu, sen aytgandek – bani basharning so‘zlari…
Xaukan kanoedagi ikki oq tanlining o‘limini arang tarjima qilib ulgurdiki, zalda g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir boshlandi.
– Bu to‘qson birinchi yili g‘oyib bo‘lgan pochta-ku! – kimningdir ovozi yangradi. – Uni Piter Jeyms va Dileni olib ketishayotgandi. Ikkovini so‘nggi marta La-Barj ko‘lida Mettyuz ko‘rgandi.
Klerk barchasini shosha-pisha yozarkan, Shimol tarixiga yangi bob qo‘shilardi.
– Bu yog‘i oz qoldi, – so‘zini davom ettirdi Imber. – Nimaiki karomat ko‘rsatgan bo‘lsak, barchasi qog‘ozga tushirilgan. Biz qariyalar o‘sha paytda nima qilayotganimizni bilmasdik. Biz faqat o‘ldirardik; biz ustomonlarcha o‘ldirardik. Negaki yashab o‘tgan yillarimiz o‘z ishimizni shoshmasdan bitirishga o‘rgatgan edi. Bir kuni oq tanlilar huzurimizda paydo bo‘lishdi. Ular bizga g‘azab-la tikilib, haqoratli so‘zlar yog‘dirishdi. Oltita o‘spirinimizni qo‘liga kishan solib, olib ketishdi. O‘shanda tushunib yetdikki, biz yanada makkorona va ko‘proq o‘ldirishimiz kerak. Biz daryo bo‘ylab yuqori va quyiga, begona o‘lkalarga tarqaldik. Bunday tavakkalchilik uchun otning kallasidek yurak bo‘lishi talab qilinardi. Qarib-qartayib qo‘rquvni yuraklarimizdan o‘chirib tashlagan bo‘lsak-da, uzoq va begona yurtlar oldida hadiksirashimiz tabiiy edi.
Shu tarzda jinoyatlarimizni amalga oshirardik – shoshmasdan, ayyorona. Biz Chilkutda ham, Deltada ham, dovonda ham, qirg‘oqlarda ham – qaerda bo‘lmasin, oq tanlining manzilgohi uchrasa yoxud so‘zmoq solgan bo‘lsa, bir odamning hayotiga zomin bo‘lardik. Ha, oq tanlilar qirilardi, lekin bundan nima naf ko‘rdik? Ular tog‘ ortidan tushib kelishar, kun sayin ko‘payib borishardi, biz chollarning esa, aksincha, safimiz kamayib borardi. Yodimda, Bug‘u Dovonida bir oq tanli qo‘nalg‘a qurib joylashdi. U pakanagina edi. Uyqudaligida uch nafar qotil-chollar hujum qildi. Ertasi kuni uch qariyaning jasadiga duch keldim. Oq tanli esa hali ham nafas olar, o‘limi oldidan, hatto meni la’natlashga ham irodasi yetgandi.
Bor gap shu. Bugun bir oqsoqolning umri poyoniga yetadi, ertaga boshqasining. Ba’zan talay vaqt o‘tib o‘zimiznikilarning vafoti haqida eshitib qolardik. O‘zga qabila chollari quyonyurak edilar, bizga madad berishni o‘zlariga ep ko‘rishmadi. Shunday qilib, qariyalar birin-ketin to‘kila boshladik – birgina men qoldim. Men kim, Imber, Oqbaliq qabilasidanman. Otam Otsbaok bahodir jangchi edi. Oqbaliq qabilasi tugab bitdi. Men ushbu qabilaning so‘nggi vakiliman. Erkak va ayollar o‘z maskanlarini tark etishdi – kimdir Pelli qabilasiga, kimdir Losos qabilasiga, aksariyati oq tanlilar yurtiga gumdon bo‘lishdi. Men anchayin qarib qoldim, juda ham charchadim. Qonunga qarshi behuda kuch sarfladim. Sen haqsan, Xaukan – men bu yerlarga Qonun izlab keldim.
– Sen chinakamiga tentaksan, o Imber, – yakun yasaganday dedi Xaukan.
Biroq Imber xayolot olamiga sho‘ng‘ib, quloqlari tom bitgandi. Keng manglayli sudya ham chuqur o‘yga tolgandi: ko‘z o‘ngidan sovut kiygan, qonun o‘rnatuvchi hamda boshqa xalqlar taqdirini belgilovchi butun boshli elati savlat to‘kib o‘tdi. Bu sudya janoblari o‘z elatining qorong‘u o‘rmonlar va sokin dengiz sayhonliklari uzra arg‘uvon shu’lalar ila bosh ko‘targan o‘tmishining subhini ko‘z oldiga keltirdi. U tantanavor ravishda yog‘du sochayotgan kunduz bilan almashib, tepaliklar osha qonga to‘yingan qum misol soya tashlab, tun ortiga yugurgilayotgan shafaqni ko‘rdi… Va shularning barchasi ortida adolat tarozisi, qaysiki Uning nomi ila ish ko‘radigan yoxud Uning zalvori ostida jon taslim etuvchi haqir inson zotidan-da qudratliroq, qaysiki yuragi shafqat tilayotgan hakamning o‘zidan-da kuchliroq, mutlaq va yovuz Qonun qad ko‘tardi.
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 9-sonidan olindi.