Adam Karlsonning qulog‘iga itning hurigan ovozi bazo‘r chalindi, oradan o‘n besh soniya o‘tib esa uchib o‘tayotgan samolyotning tovushi keldi. Dvigatellar tovushi birdan balandlab, so‘ng eshitilmay qoldi. Samolyot shundoqqina uy ustidan uchib o‘tgandi.
U soatga qaradi: tungi ikkiyu o‘ttiz ikki.
Adam karavotga o‘tirdi va xonani yana bir marta diqqat bilan ko‘zdan kechirib chiqdi. Uch yarimga to‘rt metrli xona. Bironta ham derazasi yo‘q. Devor, pol va shifti mustahkam betondan. Qalin eshikli. Tashqaridan kelgan ovoz deyarli eshitilmaydi.
U qancha vaqtdan beri bu yerda? Xuddi bir necha kundek tuyulsa-da, aslida, bu yerga kelganiga sakkiz soatcha bo‘ldi. Hammasi kecha kechki payt sodir bo‘ldi. Buning oxiri qanday tugaydi?
***
Adam mashinani garajga qo‘ydi va uzun yo‘lak bo‘ylab uyiga yo‘l oldi. Birdan qorong‘ilik qa’ridan yuziga faqat ko‘zlarigina ko‘rinib turuvchi niqob kiygan, qo‘llariga to‘pponcha ushlagan ikkita kimsa paydo bo‘ldi.
U cho‘chib ketdi, lekin vahimaga tushmadi. Qo‘llarini ko‘tardi va «Pullarimni olinglar, hujjatlarimga tegmasanglar bo‘ldi», dedi. U ayni paytda agar hujjatlarini olib ketishsa, ularni qayta tiklash mashmashasi haqida o‘ylayotgandi.
Lekin bosqinchilarni pul ham, hujjat ham qiziqtirmadi. Bo‘yi baland erkak to‘pponchasi bilan unga yurishga imo qildi. Ular orqaga qaytishdi, darvozadan ko‘chaga chiqishdi va yo‘l chetida turgan mashinaga o‘tirishdi.
Adamning ko‘zi va qo‘l-oyoqlarini bog‘lashib, orqa o‘rindiqqa yotqizishdi. Avvaliga u harakat yo‘nalishini aniqlashga urinib ko‘rdi, biroq mashina shunchalik ko‘p burilishlardan o‘tdiki, u hisobdan adashib ketdi.
Taxminan bir soatcha yurgach, avtomobil to‘xtadi. Adamning oyoqlarini yechishdi.
Ko‘zlari bog‘liq holda qaergadir yetaklab borishdi. Eshikning ochilgani eshitildi. Zinalardan pastga tushib, uni mana shu xonaga olib kirishdi. Uning qo‘llarini arqondan bo‘shatishib, ko‘ziga bog‘langan matoni olishganida ko‘zlari chiroq yorug‘idan qamashib ketdi. Xonada bitta karavot, stol-stuldan boshqa hech narsa yo‘q edi. Stol ustida bir varaq qog‘oz va ruchka turardi.
Baland bo‘yli erkak so‘z qotdi.
-O‘tir,-buyurdi u.-Xotiningga xat yoz. Bizga ikki yuz ming dollar kerak.
Adam ko‘zlarini pirpiratdi.
-Ikki yuz ming?
-Xuddi shunday. Endi bilgandirsiz, nima uchun bu yerga olib kelganimizni,-dedi baland bo‘yli kinoya bilan.
Adam qurib qolgan lablarini yaladi.
-Xotinim o‘tgan haftada onasi bilan Yevropaga ketgan.
Niqoblilar bir-birlariga qarashdi. Baland bo‘yli erkak to‘pponchasini o‘qtaldi.
-Bizga ikki yuz ming kerak. Kim orqali berishingizning farqi yo‘q.
Adam stulga o‘tirdi.
-Pulni faqat Garold Bannister orqali olish mumkin. U mening advokatim va maslahatchim.
Yana u tomon to‘pponcha o‘qtaldi.
-Ruchkani ol. Men aytganimni yoz.
Adam bunday deb yozdi:
«Hurmatli Garold!
Menga ikki yuz ming dollar kerak bo‘lib qoldi.
Pulni nima qilishingizni telefon orqali aytishadi.
Politsiyaga xabar bermang. Agar politsiyaga murojaat qilsangiz, meni qaytib tirik holda ko‘rmaysiz.
Adam Karlson».
Daroz erkak matnni o‘qib chiqdi va bosh irg‘adi. So‘ng ikkala niqobli xonani tark etishdi va eshikni qulflashdi.
***
Adam karavotga yotdi va ko‘zlarini yumdi. Balki ular pulni olganlaridan keyin uni o‘ldirishmoqchidir? Agar o‘ldirish niyatlari bo‘lsa, u holda niqobda yurishning nima keragi bor? Adam mana shu fikrga yopishib oldi. Ular yuzlaridagi niqobni yechmagunlaricha uning hayoti xavf ostida emas.
Adam eshik qulfining shiqirlashidan uyg‘onib ketdi. U soatga qaradi. Sakkizdan o‘n besh daqiqa o‘tgandi. Uning yuragi dukillab ura boshladi.
Baland bo‘yli erkak patnis ko‘tarib kirdi. Niqob hali ham yuzida edi.
-Nonushta,-dedi u.
U Adamning nonushta qilib bo‘lishini kutib turdi, so‘ng cho‘ntagidan mato chiqarib uning ko‘zlarini bog‘ladi.
-Ishxonangga qo‘ng‘iroq qilasan. Kotibangga bir haftadan keyin kelishingni aytasan. «Safarga chiqaman» deysan.
Uni xonadan olib chiqishdi.
-Kotibangning telefon raqamini ayt,-dedi daroz.
Adam aytdi va telefonda raqam terilishini eshitib turdi. Go‘shakni unga berishdi. Kotibasining chaqiriqqa javobi eshitildi.
-Maj,-dedi Adam,-men bir hafta ishga kelmayman. Ozgina dam olaman, sayohatga chiqmoqchiman.
-Xo‘p, ser,-dedi kotibasi.-Agar zaruriyat tug‘ilsa siz bilan qanday bog‘lanamiz?
-Zaruriyat tug‘ilmaydi,-dedi Adam.-Barcha ishlar va uchrashuvlarni bekor qiling.
Baland bo‘yli go‘shakni uning qo‘lidan tortib oldi.
-Balki yana birortasiga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yarsan? Yaxshilab o‘yla, bizga politsiya yordamida seni qidirib yurishlarining keragi yo‘q.
Adam birpas o‘yladi va dedi:
-Uy xizmatchisiga.
U raqamni aytdi va baland bo‘yli unga go‘shakni berdi.
-Rigan xonim?
-Ha,-javob berdi ayol.-Sizmisiz, janob Karlson?
-Ha.
-Qaerdasiz? Nonushtaga tushmadingiz, xavotirlanib Jeymsga aytdim. U sizni topolmadi. Kecha kechqurun kelgan ekansiz, chunki hamma mashinalar garajda turibdi.
-Ha, kelgandim. Tong saharda tanishim kelgandi. O‘sha bilan chiqib ketganman. Rigan xonim, men bir haftacha uyda bo‘lmayman. Dam olishga ketaman.
-Yaxshi. Kecha xotiningizdan xat kelgandi. Stol ustiga qo‘ygandim, ko‘rmabsiz.
-Ha, e’tibor bermabman.
Baland bo‘yli uni yana xonaga qaytarib olib kirdi va ko‘zini yechdi. Kechki payt Adamga darozning sherigi ovqat olib kirdi.
«Aftidan, ular eshik oldida navbati bilan qo‘riqchilik qilishadi: kunduzi baland bo‘yli, kechqurun bo‘yi pastrog‘i», o‘yladi Adam va so‘radi:
-Bannisterdan xabar bormi?
Past bo‘yli inkor ma’nosida bosh chayqadi. U Adam ovqatlanib bo‘lishini sabrsizlik bilan kutdi. Ora-orada esa o‘ng qo‘li barmoqlarini qisirlatib qo‘ydi.
Ertalab daroz Adamga nonushta olib kirdi.
-Pulni oldingizlarmi?
Baland bo‘yli bosh chayqadi.
-Yo‘q. Bannisterga payshanbagacha muhlat berdik.
***
Soatlar, kun va tunlar imillab o‘tardi. Payshanba kuni kechqurun baland bo‘yli erkak xonaga kirdi va jahl bilan dedi:
-Bannister ishni cho‘zyapti.-U cho‘ntagidan mato chiqardi.-Unga ayt, ertaga o‘n ikkigacha pulni tayyorlasin, aks holda kech bo‘ladi. Tushundingmi?
Adamning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi.
-Ha, tushundim.
Adam Bannisterga qo‘ng‘iroq qildi:
-Garold, nimaga pulni tayyorlamadingiz?
-Adam,-dedi Bannister,-bu sizmi?
-Ha.
-Tuzukmisiz?
-Ha,-javob qaytardi Adam.-Ular ishni cho‘zayotganingizni aytishdi.
Bannister darrov javob qaytarmadi.
-Yo‘q, Adam. Buncha pulni topish uchun vaqt kerak. Bundan tashqari, sizga qarashli «Oltilayn Kemiklz» firmasining aktsiyalari narxi bugungi kurs bilan bor-yo‘g‘i yigirma sakkiz yarim dollarga baholanyapti. «Dushanbagacha narxi ko‘tarilib qolarmikin» deb o‘ylagandim.
-Aktsiyalarni zudlik bilan soting,-dedi Adam qat’iy.
Bannister xo‘rsindi.
-Xo‘p, Adam. «Shor Apartment» firmangizning aktsiyalariga esa Rojers atigi yetmish besh ming bermoqchi.
-Mayli.-Adam go‘shakni mahkam qisdi.-Garold, ertaga o‘n ikkiga pulni yetkazib kelish kerak. Aks holda kech bo‘ladi.
Bannister bir necha soniya jim qoldi.
-Tushunarli, Adam. Pulni albatta topaman. Menga ishonavering.
***
Ertasiga kunduzgi soat birda baland bo‘yli tushlik olib kirganida Adam so‘radi:
-Bannister pul topibdimi?
Baland bo‘yli ming‘irladi:
-Unga qo‘ng‘iroq qildik, topganini aytdi. Kechqurun pulni olsak bilamiz anig‘ini.-U stol ustiga patnisni qo‘ydi.-Hammasi yaxshi bo‘lishini Xudodan so‘rab tur.
***
Kechqurun Adam eshik qulfining shiqirlaganini eshitdi. Uning yuragi qinidan chiqib ketgudek ura boshladi. Xonaga daroz bilan pastak bo‘yli odatdagidek niqobda kirib kelishdi.
O‘n daqiqadan so‘ng Adam ko‘zi va oyoq-qo‘llari bog‘liq holda mashina ichida yotardi. Ular juda uzoq yo‘l yurishdi. Nihoyat mashina to‘xtadi, uni yo‘l chetidagi o‘tloqqa tushirishdi.
Adam endi nima bo‘lishini qo‘rquv bilan kutardi. Bir ozdan so‘ng u mashinaning ketayotganini eshitdi.
Bir necha daqiqa yotgach, u tushovdan qutulishga urindi. Arqon va matoni yechgach, atrofga alangladi. Oy yorug‘ida nariroqda uy borligini ko‘rdi. U yordam so‘rash uchun uy tomonga yo‘l oldi.
***
Tungi ikkilarga yaqin politsiya Adamni so‘roq qilishni tugatdi va ketishiga ijozat berdi. Tashqarida uni Garold Bannister kutib turardi.
Bannister ko‘rinishidan judayam holdan toygandi.
-Politsiya meni qiynab yubordi. Sizni o‘g‘irlab ketishganini bilganim zahoti ularga xabar berishim kerak ekan.
Ular Bannisterning mashinasiga o‘tirishdi. Adam ko‘zlarini ishqaladi. U judayam charchagan, ammo qattiq hayajonlanganidan uyqusi kelmasdi.
-Biror narsa ichgim kelyapti.
Bannister mashinani yurgizdi.
-Hammayoq yopilgan, uyimga boramiz.
Yigirma daqiqadan keyin Adam Bannisterning uyida o‘tirardi. Bannister ichimliklar turadigan javon oldiga bordi.
-Menga qo‘ng‘iroq qilgan odam shevasidan xuddi O‘rta g‘arblikdek tuyuldi. Sherigining shevasini bilmadingizmi?
-Bilmadim,-dedi Adam.-U umuman gapirmadi.
Shu payt Adamning qulog‘iga itning hurigani eshitildi.
Yaqinlashib kelayotgan samolyotning ovozini eshitgach esa, qotib qoldi. Samolyot shundaygina uy ustidan uchib o‘tib ketdi.
Adam soatga qaradi. Tungi ikkidan o‘ttiz ikki daqiqa o‘tgandi.
Uning ko‘zlari chanog‘idan chiqib ketay dedi. Itning hurishi va samolyotning ovozini u o‘tgan dushanbadan boshlab har tun xuddi shu vaqtda eshitib kelgandi.
Bannister javonning ichidagi shishalarni ko‘zdan kechirayotgandi.
-Vermut qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykin?-U shunday deb o‘ng qo‘li barmoqlarini qisirlatib qo‘ydi.-Mana!-Bannister shishani oldi va Adamga o‘girildi.-Politsiya sizni o‘g‘irlab ketganlarni topishiga umid qilaman.
Adam polga tikildi va unga pastda yerto‘la bordek tuyuldi. So‘ng pastak bo‘yli advokatiga qaradi.
-Ha,-dedi u jilmayib,-menimcha politsiya ularni albatta topadi.
Jek Ritchi. Odam o'g'rilari (hikoya)
Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.