Jeyms Oldrij (1918.10.7, Uayt-Xils, Viktoriya shtati, Avstraliya) — ingliz yozuvchisi va jamoat arbobi. London universitetida o‘qigan. 2-jahon urushi davrida jangovar reportaj va ocherklar yaratgan. «Dengiz burguti» (1944), «Diplomat» (1949) kabi romanlari va «O‘zga vatan o‘g‘loni» (1962), «Xavfli o‘yin» (1966) romanlaridan iborat dilogiya muallifi. «Cho‘l ufqi qahramonlari» (1954), «Uning o‘limini istamayman» (1957), «So‘nggi quvg‘in» (1961) romanlarini Sharq mavzuiga bag‘ishlagan. «Yangi Misr» (1967) ocherkida uyg‘onayotgan mamlakat hayotini realistik manzaralarda ifodalagan. Oldrijning siyosiy ruhdagi publitsistik maqolalari ham bor. Bir qancha asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan: «Alvido, Antiamerika» (1973), «Farzandlarga saboq» (1966) va b. U 1979 yilda O‘zbekistonda bo‘lgan.