Jo‘rjiy Zaydon (1861.14.12, Bayrut — 1914.21.8, Qohira) — arab yozuvchisi, publitsist va olimi. Bayrutdagi tibbiyot kollejida o‘qigan (1881—82). 19-asr 80-yillarida Misrga ko‘chib kelib, «Al-Hilol» jurnalini (1892) tashkil qilgan. Zaydon yangi arab adabiyotida tarixiy roman janriga asos solgan. U «Islom tarixidan qissalar turkumi»ni tashkil etgan 17 ta tarixiy roman muallifi («G‘assonlik qiz», 1895 — 96; «Horun ar-Rashidning singlisi», 1906; «Farg‘ona kelini», 1907—08 va b.). Mazkur romanlarda 7—13-asrlarda ro‘y bergan tarixiy voqealar bayon qilingan. «Farg‘ona kelini» romanidagi voqealar Markaziy Osiyoda arablar istilosi davri (7-asr oxiri va 8-asr boshlari)da ro‘y bergan. «Mamluklar zulmi» (1893) romani tarixiy mavzuda, «Usmonli turklar davlat to‘ntarishi» (1911) romanida esa muallif o‘zi yashagan davrdagi voqealarni qalamga olgan. Zaydon ko‘pgina ilmiy asarlar muallifi: «Islom madaniyati tarixi» (1902—06); «Arab tili tarixi» (1904); «Arab adabiyoti tarixi» (1911—14) va boshqa asarlari dunyoning ko‘pgina tillariga, jumladan, o‘zbek tiliga tarjima qilingan («Farg‘ona kelini», 1971).