OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karel Chapek. Moviy xrizantema (hikoya)

Bu voqeani menga ancha yillar ilgari bir knyazning uyida xizmat qilgan ashaddiy gul shaydosi keksa Fulinus aytib bergandi.
 -Men sizga o‘zimning Klaram qanday dunyoga kelgani haqida hikoya qilib bersam. U paytlarda Lubentsda, knyaz Lixtenberg ismli kimsaning bog‘ida xizmat qilardim. Keksa knyaz bog‘bonchilikka juda qiziqardi. U dunyoning turli burchaklariga buyurtma berib, eng sara gullarni olib keltirar va o‘z bog‘ilda o‘stirardi. O, uning bog‘ini bemalol jannat deyish mumkin edi.
 Kunlarning birida qandaydir ish bilan ko‘chaga chiqqandim. Tasodifan ro‘paramdan telbanamo, kar-soqov, o‘zining jununvash kulgusi bilan hammaning asabini qo‘zg‘ab yuradigan qariqiz Klarani uchratib qoldim. Qizig‘a, nega tentaklar hamisha xushvaqt bo‘lib yurisharkin? Men uning telbavor o‘pichlaridan qochish uchun o‘zimni panaga olmoqchi edim, qo‘lidagi ajabtovur guldastani ko‘rib taqqa to‘xtadim. Pala-partish dastalangan o‘t-o‘lanlar, ko‘katlar orasida... bilasizmi, nimani ko‘rdim? To‘g‘ri, dunyoda ko‘p gullarni ko‘rganman, ammo bunaqasini umrim bino bo‘lib endi ko‘rishim edi. Guldasta (agar shunaqa deyish mumkin bo‘lsa) ichidan moviyrang baxmal xrizantema manaman deb bo‘y ko‘rsatib turardi. Shunaqa chiroyli, shunaqa nafis... ta’riflab berolmayman. Men xrizantemalarning juda ko‘p turini bilaman. Ammo, dunyodagi eng qimmatbaho xrizantemalar orasida ham bunaqasi uchramasligiga amin edim..
 Ancha yil ilgari Londonda, qariya Jeyms Veychning uyida bo‘lganimda, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoydan olib kelingan, naparmon hoshiyali moviy xrizantemasi bo‘lgani, ammo bir yil ilgari qishda nobud bo‘lganini afsus bilan gapirib bergandi.
 Mana, hozir manavi tentakning qo‘lida xuddi o‘shanday qimmatbaho, gul yal-yal tovlanib turardiki, bu gulning nazokatini aslo tasavvur ham qilib bo‘lmasdi.
 Klara iljaygancha menga qo‘lidagi guldastani uzatdi. Men unga bir kron pul berib qo‘lidagi xrizantemaga imo qildim.
 -Klara, sen buni qaerdan topding?
 Klara quvonchidan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va allanasalarni g‘o‘ng‘illab kulishga tushdi. Men undan hech anrsani bila olmadim. Undan biror ma’lumot olishga tirishaman, u esa, hadeb meni quchoqlab o‘pmoqchi bo‘ladi.
 Xrizantemani ko‘tarib, to‘g‘ri knyazning yoniga yugurdim.
 -Zoti munavvaarlari, bu gul shu yaqin atrofda o‘sishi kerak. Balki birga izlarmiz?
 Keksa knyaz hovliqqanidan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va foytunni hozirlashni buyurdi, o‘zimiz bilan Klarani ham olishimizni aytdi. Bu paytda Klara qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Uni qidirmagan joyimiz qolmadi. Knyaz g‘azabdan endigina so‘kina boshlagan kezda Klarning o‘zi uzoqdan biz tarafga yugurib kela boshladi. Yuguraverib, bechoraning tili osilib qolgan, qo‘lida esa, bir dasta hozirgina yulingan moviy xrizantemani ko‘tarib kelardi. Knyaz unga yuz kronlik pul uzatdi. Klara esa, alamdan yig‘lay boshladi. Chunki u bechora umrida yuztalik pulni ko‘rmagan va pulning bunaqa bo‘lishini tasavvur qilolmasdi. Shunda o‘zim yonimdan bir kronlik pul chiqarib berishga majbur bo‘ldim. Bechoraning xursand bo‘lganini ko‘rsangiz.
 U sevinchidan g‘iringlab xirgoyi qilgancha, raqsga tusha boshladi. Biz uni bir amallab, foytunga o‘tqazdik va xrizantemani ko‘rsatib so‘radik. “Klara, qaerga boramiz?”
 Klara yumshoq o‘rindiqqa joylashib, o‘zida yo‘q qiyqirib yubordi. U bilan yonma-yon o‘tirgan takabbur kucherning biram joni chiqdi-ey! Klara jinnilarcha chinqiradi, bundan hurkkan otlar chunonam shataloq otadiki, o‘ldik ichimiz ezilib. O‘ziyam sayrmisan, sayr bo‘ldi. Bir yarim soat yo‘l bosdik hamki moviy xrizantemadan nomu nishon yo‘q. Oxiri chidab turolmajdim:
 -Zoti munavvarlari, biz o‘n to‘rt chaqirimdan ziyol yo‘l bosdik.
 -Nima farqi bor, - qo‘l siltadi knyaz. – Yuz chaqirim bo‘lmaydimi?
 -Mayli-yu, - dedim unga javoban. – Lekin Klara bir soatdan keyin yana bir dasta gul ko‘tarib keldi. Demak, xrizantemalar Lubentsdan nari borsa, uch chaqirimcha uzoqlikda o‘sishi mumkin.
 -Klara, - baqirdi knyaz xrizantemalarni ko‘rsatib. – bular qaerda o‘sadi? Qaerda uzib kelding?
 Klara javob o‘rnida nimalarnidir g‘o‘ldirab, oldinga imo qildi. Chamasi unga foytunda sayr qilish juda yoqib qolgandi. Nazarimda knyaz Klarani do‘pposlaydigandek edi, zotan u ham g‘azablanishni bilardi. Otlar jiqqa terga botib ketgandi. Klara hamon tushuniksiz shang‘illar, knyazb asabiy so‘kinar, kucher esa, yig‘lamoqdan beri bo‘lib borar, men esa, moviy xrizantemalar haqida bosh qotirardim.
 -Zoti munavvarlari, - deya knyazga yuzlandim. – bunaqada ish bitmaydi. Keling, Klarasiz qidirib ko‘raylik. Lubentsning uch chaqrim radiusgacha bo‘lgan yerlarning xaritasini olaylikda, hududlarga bo‘lib, uyma-uy izlab ko‘raylik.
 -Azizim, - dedi knyaz. –Lubentsdan uch chaqirimgacha bo‘lgan joyda birorta ham park yoki xiyobon yo‘q.
 -Menam shuni aytyapman, - darrov ilib ketdim. – Bu gulni park yoki xiyobondan topib bo‘lmaydi. Qarang, xrizantema butog‘ining quyi qismida ozroq qatqaloq yopishib qolgan. Bu parklarning tuprog‘iga o‘xshamayapti, menimcha go‘ng va qum aralashmasi bo‘lsa kerak. Manavi yaprog‘ida esa, kaptar tezagidan qolgan iz ko‘rinib turibdi. Demak, bu gulni aynan kaptarlar to‘planadigan joydan qidirish kerak. Menimcha, bu xrizentema qandaydir chetan devor tagida o‘sadi. Mana, barglari orasida archa po‘stlog‘i ham ilinib qopti.
 Ertasi kuni ertalab Klara yana bir dasta moviy xrizantema olib keldi. Shundan so‘ng mening tamomila asabim qo‘zidi. O‘z hududimni tamomila aylanib, har bir qovoqxonadan iligan pivo ichib, pishloq kavshab, moviy xrizantema daragini so‘roqlab yurdim. Voy, bu pishloqlarni hozir ham eslasam ko‘nglim ayniydi. Bir tomonda issiqni ayting, odamning enka-tinkasini quritvoradi. Yana qandaydir gulni surishtirishib yurishim odalarda shubha ham uyg‘otdi. Meni yo biror daydi, yo qandaydir agent deb o‘ylashganmi? Birovdan yaxshi gap eshitmadim hisobi, lekin hammasiga tishimni tishimga bosib, chidadim.
 Kechga yaqin shunga amin bo‘ldimki, men ishlaydigan hududda hech qanday xrizantema o‘smaskan. Yana uchta qo‘shni hududni ham tekshirib keldik. Klara esa yana bir bog‘lam moviy xrizantema olib keldi.
 Bilsangiz, bizning knyazz bu muzofotning eng obro‘li odamlaridan edi. Mahalliy politsiyalarni oyoqqa turg‘izib, har birining qo‘liga bir donadan moviy xrizantema gulidan berdi va qanday bo‘lmasin shunday guullar o‘sadigan hududni topishni buyurdi.
 Politsiyachilar juda savodli odamlar bo‘lishadi. Ular tez-tez gazeta o‘qib turishadi, o‘zlari ishlaydigan hududni, bu yerning odamlarini ham besh qo‘ldek bilishadi. O‘sha kuniyoq, desangiz, oltita politsiyachi qishloq faollari, nazoratchiyu qorovullari, o‘qituvchi va o‘quvchilar hatto bir guruh lo‘lilarni ham ergashtirib uch chaqirim radiusdagi maydonni tekshirishga tushishdi. Qanaqa chechak topishgan bo‘lsa, hammasini knyazning oldida opkelishdi. Ehhe, knyazning uy gullarga to‘lib ketganini bir ko‘rsangiz edi.
 Ular orasida faqat moviy xrizantema ko‘rinmasdi xolos. Klaraning orqasidan kuni bilan kuzatib yurdik. Kechgacha uning izini yo‘qotib qo‘ydik. Yarim kechasi esa, u menga yana bir quchoq xrizantema ko‘tarib keldi.
 Biz xrizantemalarni bitta qo‘ymasdan yulib kelmasligi uchun vaqtincha Klarani ushlab turishga qaror qildik. Biroq, bu bilan ish bitmasdi. O‘lay agar, qanaqadir vasvasaga tushib qolgandik. Axir bu qanqasi, hammayoq kaftdek tekis bo‘lsa…
 Davomini eshiting. Agar odamzotning ishlari umuman yurishmay qolsa, u qo‘pol va darg‘azab bo‘lishga taomian haqli – buni tushunaman. Lekin, baribir izzat nafs degani hammadayam bor-da! Knyaz menga nima deganini bilasizmi? Men hatto Klaradan ham battar tentak emishman. Nima derdim. Har qanday qari eshakning haqoratlarini indamay etishib ketaveradigan anoyi emasman, dedimu, lash-lushimni ko‘tarib, to‘ppa-to‘g‘ri vokzalga yo‘l oldim.
 Endi Lubentsda mening qoramni ham ko‘rishmaydi. Vagonga chiqishimni kutib turgandek, poezd ham qo‘zg‘aldi. Shu payt xuddi boladek o‘pkam to‘lib yig‘lab yubordim. Nima uchun, aytaymi? Moviy xrizantemani endi boshqa hech qachon ko‘rmasligimni, u bilan mangu xayrlashayotganimni o‘ylab yig‘ladim.
 Oynaga qaragancha hiqillab borarkanman, beixtiyor ko‘zim shag‘al to‘kilgan ko‘tarma yo‘lak yonida qandaydir moviyrang gullarga ko‘zim tushdi.
 Bunaqa paytda o‘zimni boshqara olarmidim? Qanday qilib o‘rnimdan qo‘zg‘alganimu vagondagi tormoz tutqichiga chang solganimni eslolmayman. Poezd chinqirgancha to‘xtadi, men esa, qarama-qarshi tarafdagi to‘siqqa urilib, manavi barmog‘imni sindirib ham olganman, mana qarang!
 Bir payt konduktor chopib keldi. Men esa, to‘ng‘illab, zarur bir narsam esimdan chiqib qolganini aytdim. Xullas, kattagina miqdorda jarima to‘lashga to‘g‘ri keldi.
 Ko‘zimga chalingan moviy chechaklar ortidan, shag‘al yo‘lak bo‘ylab chopib borarkanman, o‘zimni-o‘zim so‘kardim. «balki bu kuzgi qo‘qongul yo shunga o‘xshash biror boshqacha gul bo‘lsa-chi? Sen bo‘lsa, shuncha pulni havoga sovurib o‘tiribsan!».
 Besh yuz metrlar chamasi yo‘l yursam-da, moviy gullarga yetib borolmadim. Balki, u umuman yo‘qdir? Ko‘zimga shunday ko‘ringandir?
 Shu choq kichik bir tepalikda yo‘l nazoratchisining kulbasiga ko‘zim tushdi. Uning shundoq qarshisida moviyrang manzara. Qarasam, ikki tupgina xrizantema shunaqa ajoyib tovlanib turibdiki, endi qo‘yavering.
 Qorovullarinng bog‘chasiga nimalar o‘sishi mumkinligini yosh bola ham biladi. Qovun-tarvuzmi. Qovoqmi, sholg‘ommi, nari borsa, ikki tup atirgul yoki nastarin o‘sar. Yo‘q, bu bog‘chada o‘shalar ham yo‘q, bir tupdan kartoshka bilan loviya, na’matak butasi va… ikki tup moviy xrizantema…
 -Birodar, - qichqirdim chetan osha nazoratchiga qarata. – Manavi gullarni qaerdan opkelgansiz?
 -Bularmi? – so‘radi qorovul. – Oldingi o‘lib ketgan nazoratchidan qolgan. Bu yo‘lakdan yurish taqiqlangan, taqsir! Ana yozib qo‘yilgan «temiryo‘l ustidan yurish qat’iy taqiqlanadi» deb.  Siz nima qilib yuribsiz?
 -Amaki, dedim unga. – Sizning yoningizga qanday o‘tsam bo‘ladi.
 -Mana shu yo‘l bilan, - dedi u. – Ammo bu yo‘ldan yurish mumkinmas. Mening yonimda nima bor? Bor yo‘lingdan qolma. Faqat shpallarning ustidan yurma!
-Qayoqqa boraman?
-Menga baribir, - baqirdi qorovul. – Faqt bu yo‘ldan yurma. Mumkinmas.
 Men yerga o‘tirvolib, gap qotdim:
 -Menga qarang, amaki, manavi moviy gullaringizni menga soting!
-Sotmayman, - o‘shqirdi chol. Tuyog‘ingni shiqillat, dedim. Bu yerda o‘tirish mumkinmas.
 -Nega mumkin emas ekan? – mahmadonalik qildim. – Lavhada bunaqa deb yozilmagan-ku?
Qorovul shoshib qoldi. Faqat to‘ng‘illab so‘kinish bilan cheklandi. Chamamda chol yolg‘iz o‘zi yashardi. Keyin uning ovozi ham o‘chib qoldi.Yarim soatlar chamasi o‘tgach, yo‘lni tekshirish uchun chiqib keldi va meni ko‘rib yana tutaqdi:
 -Ketasizmi bu yerdan yo yo‘qmi?
-Ketolmayman, - dedim. - Temiryo‘ldan yurish mukmin emas. Yurishga bu yerdan boshqa yo‘l bo‘lmasa...
 Chol bir daqiqa o‘ylab qoldi:
 -Bilasizmi, - dedi u nimanidir kashy etganday hovliqib. – Men mana bu so‘qmoqchaga kirib ketaman. Go‘yoki, sizni ko‘rmagan kishi bo‘laman, siz esa, shu yerdan katta yo‘lga chiqib ketasiz.
Men unga minnatdorchilik bildirdim. U so‘qmoqqa kirib ko‘zdan yo‘qolgach, chetan devordan oshib o‘tdimu, chetda turgan belkurani olib, har ikki tup gulni qo‘porib oldim. Ha, janob, men ularni o‘g‘irladim. O‘zi halol odamman, bor-yo‘g‘i yetti marta o‘g‘irlikka qo‘l urganman va yettovida ham faqat gul o‘g‘irlaganman.
 Bir soatdan so‘ng men poezdda o‘tirgancha, o‘g‘irlangan moviy xrizantemalarim bilan ketib borardim. Qorovulxona devori yonidan o‘tarkanmiz, boyagi cholning darg‘azab holatda bayroq ko‘tarib turganini ko‘rdim. Men unga qarab, shlyapamni silkitdim, u meni ko‘rmadi chamamda.
 Endi gap nimadaligini tushundingizmi, taqsir? Axir u yerda kattakon lavha osilib turardi. “Bu yerdan yurish taqiqlanadi”. Shuning uchun na men, na politsiyachilar, na o‘quvchiyu o‘qituvchilar, na lo‘lilar bu yerni qidirishni xayollariga ham keltirishmagan. “Taqiqlanadi” so‘zining qanchalik qudratga egaligini ko‘rdingizmi?
 Kim bilsin, temiryo‘l nazoratchisining uyi yonida eng noyob chechaklar, mehrigiyo, oltin paporotnik yoki hayot daraxti o‘sar? Ammo, uni hech kim topolmaydi, chunki, bu yo‘ldan “o‘tish qat’iy taqiqlangan” - vassalom!
Klara aqli noraso, telba bo‘lgani, o‘qishni bilmagani uchun ham byuu yo‘ldan yurib, moviy xrizantemaga duch kelgan.
 Men shuning uchun ham bu nodir chechagimga Klara deb nom berdim. Va uni o‘n besh yildan beri avaylab, parvarishlab kelaman. Men unga keragicha mehr va e’tibor ko‘rsatdim shekilli. Anavi galvars qorovul bo‘lsa, uni hatto tuzukroq sug‘ormagan, tagini yumshatmagan ham.
Mening xrizantemalarim bahorda uyg‘onadi, yozda kurtak ochadi, avgust oyiga borib, so‘lib qoladi. Tasavvur qilasizmi, men bunday ajoyib gulga ega bo‘lgan yagona insonman. Bu gullarimni biror ko‘rgazmaga yubormayman. Dunyodagi hech bir gul nafosat va latofatda mening erkatoylarim bilan tenglasholmaydi. Chunki bu mening Klaram. U gullagan chog‘da butun olam beqiyos go‘zallikka burkanadi.

Rus tilidan Rustam Jabborov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.