To‘satdan otilgan o‘q ovozi sokin kuz oqshomi tinchini buzib, qattiq jaranglab ketdi. Doktor Chevaler ofisi oshyon topgan ko‘rimsizgina kvartal ichida bexosdan bunday o‘q ovozining yangrashi hech kutilmagan holat edi. Chinqiriqlar to‘pponcha sadosi bilan birga ko‘milib ketdi. Qorong‘u ko‘chada hech zog‘ ko‘rinmasdi.
Shu payt ibodatxona minorasidagi katta qo‘ng‘iroq ham allaqachon yarim tun bo‘lganini ta’kidlab, yana bir marta bong urib qo‘ydi.
Doktor shunday qoq tunda erinibgina o‘qiyotgan kitobini asta yopdi-da, politsiya mashinalarining ovozini poylagancha o‘tirib qoldi, axir qurol sadosiga albatta, politsiya yetib kelishi aniq-ku.
Kutilganiday, politsiyachilar ham, maxfiy tashkilot xodimlari ham yetib kelishdi, oradan biroz vaqt o‘tgach, doktorning o‘zini ham voqea joyiga zudlik bilan chaqirib olishdi, uyga kirib kelgan doktor Chevalerning nigohi bu kabi hodisalarning bir xil manzarasiga tushdi. Tahlikadagi tashkilot xodimlari u yoqdan-bu yoqqa zir yugurishar, yoqimsiz mish-mishlaru asossiz shubha-gumonlar tobora avj olardi, bir tomonda zinapoya panjarasi osha uy ichiga bo‘ylayotgan ayollarning sarosimali yuzlari ko‘rindi – ular voqea tafsilotlariga o‘lguday qiziqayotgan edilar; ha, ba’zi ayollarning mana shunaqa noxushliklarga sira suyagi yo‘q bo‘ladi, bunday ayollar hatto xotin kishiligiga borib, ozgina ko‘z-yoshi ham qilib qo‘yishmaydi-ya, ular katta qiziqish bilan ko‘rishga urinayotgani uy ichida cho‘zilib yotgan jasad tanasi edi, murda afsuski, qiz bola bo‘lib chiqdi.
Negadir voqea juda sirli edi. Shubhasiz, qiz o‘lib bo‘lgandi; unga qarata otilgan o‘q bechora qizning naq chakkasiga borib tekkandi. Lekin baribir sabab hali noma’lum, biron-bir dalil ham topilmasdi. Bu yerdagi chehralarning aksariyati doktorga notanish edi, ularning bari bu kabi o‘lim alomatlaridan juda bezishgan ko‘rinardi. Ammo bu o‘limda aniq nimadir borga o‘xshardi.
o‘ala-g‘ovurli shunday to‘s-to‘polon ichida doktorning xayoliga birdan yarq etib bir voqea tushdi. O‘sha voqeaga endigina bir yilcha vaqt bo‘lib qolgandi. Arkanzas shtatidagi o‘rmonlardan birida, xarobgina bitta kulba ichida doktor bilan uning bir xamrohi mehmon bo‘lib o‘tirishardi. Ular birgalikda ov ekspeditsiyasiga chiqqandilar.
Kulbada soddagina oila istiqomat qilardi. Tirikchilik tegirmonida yanayam qo‘pollashib, og‘ir mehnatdan ezilib ketgan zahmatkash ota-ona ko‘zlarining oqu qarosi bo‘lmish bitta-yu bitta qizlarining husnu jamolidan ko‘zlari quvonib, faxrlanib yashashardi, chindanam qizning husni to‘kis edi, nafaqat chiroyi balkim, uning aqlu farosati-da g‘oyatda o‘tkir edi. Qiz bir umr bunday kulba ichida qolib ketolmayman, deya uzoq-uzoqlarga ketishni, katta shaharga borib, o‘z baxtu saodatini qidirib topishni orzu qilardi.
— Mana o‘sha qiz, shu yerda, lekin afsuski, o‘lib yotibdi, — deya xayolidan kechirdi doktor Chevaler. Ke¬yin to‘satdan atrofdagilarga qaradi-da: “Bu qizni men yaxshi taniyman, uning dafn marosimiyu qolgan ma’rakalarini-da o‘zim bo‘ynimga olaman”, — deb aytdi.
Ertasi kuni doktor Arkanzasga, qizning ota-onasiga xat yozib yubordi. Albatta, bu xat o‘sha olis o‘rmondagi xarob kulba ichiga ulkan qayg‘u olib borishi tayin edi, biroq ularni xabardor etmaslik yana-da vijdonsizlik bo‘lgan bo‘lardi. Doktor xatida qizni og‘ir xastalikdan so‘ng jon berganini ma’lum qildi. Marhumaning bir tutam sochi bilan uning arzimas lash-lushlari ham xat bilan qo‘shib jo‘natib yuborildi. Doktor imkon qadar g‘arib ota-onani yupatib, ularning qayg‘usiga hamdard ekanligini bildirib o‘tdi. Shubhasiz, doktor Chevalerning o‘lgan qizga bunday mehribonlik ko‘rsatishi odamlarda, ayniqsa, ayollarda biroz gumon tug‘dirdi.
Lekin aniq haqiqatni bilmaganliklari uchun ular noiloj yelkalarini qisib qo‘ya qoldilar. Ba’zi birovlar, ehtimol, jinoyatda doktorning o‘zining qo‘li bordir, degan xayolga borib, uni jazoga tortilishini kutdilar. Ammo qandaydir sabab bilanmi yoki boshqa bir nima bo‘ldimi, hartugul, doktor Chevaler jazolanmay qoldi, o‘sha jinoyat esa sirliligicha qolib ketaverdi.
Inglizchadan Qandilat Yusupova tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.