OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kobo Abe. Xuddi odamdek (roman)

1

Bu antiqa odam biznikiga may oyining quyosh kulib boqqan kunlaridan birida tikuv mashinalarini sotadigan agent sifatida kirib keldi.
Shu kuni g‘arbdan shabada esib turgani yodimda. G‘arb shamoli dengiz tomondan kelardi, osmon musaffo. Barcha uylardagi doimo yopiq derazalar lang ochib qo‘yilgan. Kayfiyatimni esa yaxshi deb bo‘lmasdi. Xonamda hamma narsa boshqacha. Bu yer tamaki tutuniga to‘lgan, derazalar yopiq va pardalar bilan to‘silgan, xonani faqat stol ustidagi chiroq yoritib turardi.
Bunday tund makonga bosh suqishga tavakkal qilgan savdo agenti nimadan umidvor bo‘lishi mumkin?.. Bunaqa tashrif uxlab yotgan yo‘lbarsning dumini bosib olish bilan barobar. Mijoz alamini bechora savdo agentidan olish payida bo‘ladi, mijoz esa do‘lday yog‘ilayotgan haqoratlar ostida juftakni rostlab qoladi. Chunki bu kimsalarda dunyodagi eng beozor qurol — uch qarich sayroqi tildan boshqa hech vaqo yo‘q.
Ammo u savdo agenti emasdi. Bilmadim, ehtimol, haqiqatan ham unda tilidan boshqa hech qanday qurol bo‘lmagandir. Lekin hamma gap bu quroldan qanday foydalana bilishda. Chunki men ham tabiatimga ko‘ra bir kosa suvda cho‘kadiganlar toifasidanman. Ayniqsa, o‘sha kungi holatimda o‘zimni yo‘lbars qilib ko‘rsatishga ojiz edim. Agar menda yo‘lbarsga xos biror narsa bo‘lsa ham bu – hayajondan sarg‘ayib ketgan yuzim va parishonxotirlik sabab yechishni unutgan ustimdagi yo‘l-yo‘l pijama edi.
Nimasini aytasiz! Ko‘nglimga chiroq yoqsa yorimasdi. O‘tirib, hayajon bilan kutardim. Bukchayib, boshimni yelkam ichiga tortib, yovuz darakchi paydo bo‘lishi va baxtsiz hodisa ro‘y berishi kerak. Yer parchin bo‘lganman, bunday holatda menga bas kelish uchun bir qarich til ham kifoya edi. Yovvoyitabiat mehmon bu ojizligimdan ustalik bilan foydalanib qoldi.
Hammasining aql bovar qilmaydigan darajada bir-biriga to‘g‘ri kelib qolganiga o‘lasizmi? Jo‘rttagami? Tasodifanmi? Yo‘q, albatta, bu o‘zi shunaqa rejalashtirilgandi. Radioda raketaning Marsga yumshoq qo‘nganligi to‘g‘risida shoshilinch xabar uchinchi bor e’lon qilinishi bilanoq kiraverishdagi qo‘ng‘iroq jarangladi va yuragim “shig‘” etdi, o‘tda ko‘ygan qush bolasiday pitirlab ketdi.
Men nafas olmay tinglardim. Mehmonxonaning surilib ochiladigan eshigi tovushi... Xotinimning yo‘lakchadagi odimlari... Keyin ming‘ir-ming‘irlar... Xotinim eshikni taqillatmay xonamga bosh suqdi va menga tikilgancha tanbeh ohangida gap qotdi:
– Anavi yerda seni so‘rashyapti, marsliklar to‘g‘risida biron gap...
Buyog‘i nima bo‘ladi? Mana, hozir yozyapman. Lekin nimaga umid qilib bo‘ladi? Birinchidan, ushbu bitiklar qanday qilib sizning qo‘lingizga tegishini tasavvur ham qila olmayman. Agar qo‘lingizga tegsa ham, siz ularni telbaning aljirashi, deb o‘ylaysiz. Shunday fikrga kelishingiz aniq. Agar bu bitiklardan biri diqqatingizni tortsa-chi? Bunga umid qilish qiyin, balkim, bechora masxaraboz ustidan kularsiz... Nachora, mening bundan buyon ham bunaqangi behuda azoblarni tortaverishga to‘g‘ri keladi. Shu tarzda hech qutula olmagan ko‘ngilchangligim jazosini olyapman. Menga dushmanmisiz yoki xayrixohmisiz bilmadim, biroq noilojman.
... Bu bitiklar men kabi ODAMning – har bir qomus nazarda tutadigan, har bir inson tushunadigan ODAMning qo‘liga tushishini iltijo qilaman!..
Aslini olganda, niyatlarim ro‘yobga chiqib, bu bitiklarni ODAM o‘qiyotgan bo‘lsa ham, faqat shuning o‘zi uni menga xayrixoh qilishimga kifoya qilmaydi. Men tushib qolgan ahvol nafaqat nihoyatda g‘ayritabiiy, balkim, hatto bema’ni. Mayli, baxtimga siz ODAM bo‘lsangiz ham baribir tasavvuringizdagi ODAM bo‘lishimga shubhalanmoqdaman.
Qiyshiq ko‘zgu hamisha qiyshiq ko‘rsatadi. Qiyshiq ko‘zgudagi to‘g‘ri tasvir mantiqqa putur yetganidan darak bergan bo‘lardi. Ehtimol, Yevklid kengligidagi qaerlardadir o‘zaro parallel chiziqlar parallel bo‘lmay qolar, lekin hayotimiz voqelik doirasida kechganidan keyin...
Ha, yetar. O‘zimni ortiqcha oqlash faqat shubhani kuchaytiradi va meni noqulay ahvolga soladi. Xohlagancha o‘zimning sog‘lom fikrli ekanligim bilan maqtanchoqlik qilaverishim mumkin – buning zarracha foydasi yo‘q. Hozircha sizning qiyshiq ko‘zguni qiyshiq deb tan olishingiz men uchun yetarli.
Aytaylik, masalan siz. Agar sizdan chindan ham ODAM ekanligingizning ashyoviy dalillarini ko‘rsatishlarini talab qilganlarida... achchig‘ingiz chiqishi yoki kulib yuborishingiz aniq. Bu to‘g‘ri bo‘lardi. Odamning odam ekanligi avval boshdan isbot talab qilmaydigan narsa. Xuddi parallel chiziqlardek. Teoremaning aksiomadan farqi shundaki, uni isbotlab bo‘lmaydi. Qonning tarkibi, rentgen va shu kabi narsalar – faqat dastavval aksioma bo‘lgandagina ma’noga ega bo‘lgan xususiyatlar, xolos.
Endi esa og‘izda biron tushuntirish mantiqan qabul qilin-maydigan telba sudni tasavvur qilib ko‘ring. Sud telba, lekin shu qadar murasasoz emaski, gunohini faqat og‘izda inkor etgani uchungina aybsiz deb e’tirof qilsin. Masalan, sizni gumondor sifatida sudga tortishdi, sudyalarni esa faqat qo‘l bilan ushlab ko‘rsa bo‘ladigan dalillar ishontira olishi mumkin.
... “Tasavvur qiling”, – deyman men. Yo‘q, bu sizdan mening advokatim bo‘lishni iltimos qilish maqsadida aytilmayapti. Biroq, peshonangizga shu yozilgan bo‘lsa, unda buning adolatsizlik ekanligini to‘la his etish uchun sizga ham shu azoblarni totib ko‘rish nasib etsin!..

2

Endi esa, sizning irodangizga bo‘ysungan holda hikoyamni davom ettiraman. Shunday qilib, xotinim kirib kelib, mehmonimning maqsadini xuddi tanbeh berganday ma’lum qildi:
– Seni ko‘rishmoqchi, marsliklar to‘g‘risida biron gap...
Sog‘lom aql doirasidan tashqaridagi fantastik xabar, shunday emasmi? Siz, aftidan, busiz ham sho‘r peshonalik oqibatida uqubatda bo‘lgan mendagi qahr-g‘azab vulqonini kutgan bo‘lsangiz kerak. Agar siz meni besh qo‘ldek yaxshi bilsangiz, xuddi shuni kutgan bo‘lar-dingiz. Lekin biron vulqon otilmadi. Men faqat indamasdan xotinimga qaradim. Biroz vaqt biz bir-birimizga xuddi sudxo‘r otilib qarzini talab kirgan qarzdorlardek qarab turdik.
Ma’lum ma’noda aslida ham shunday edi.
Odatda odamlar chehrasida kasbiy manfaatdorlik o‘z aksini topadi. Xuddi shunday hol men bilan ham ro‘y bergandi... Bundan buyog‘iga o‘z ishlarim haqida hikoya qilishimga to‘g‘ri keladi. O‘zgalar uchun bunday narsalar zerikarli tuyuladi, ammo mazkur holda manfaatdor shaxs o‘zimman, shuning uchun iloj qancha. Ishlarim esa nihoyatda achinarli edi.
Shuni aytish kerakki, men radiokompaniyalardan birida dramaturg sifatida yakshanba kunlari soat o‘n birdan o‘n ikki yarimgacha eshittiriladigan “Salom, marslik!” doimiy dasturini olib borardim va bu barcha daromadlarning yarmidan ko‘prog‘ini keltirardi. Sa’y-harakatlarim natijasida muayyan muvaffaqiyatga erishgandim – kuniga tinglovchilardan kamida yigirmatagacha xat olardim. Shu tarzda deyarli ikki yil davomida tirikchiligimizni ta’minlayotgandim... Biroq bu raketa Marsga yo‘l olishi bilan hamma narsa mutlaqo o‘zgarib ketdi.
Ilk bor bu o‘zgarishni avvalgi oyning o‘rtalarida his etdim. O‘sha paytda raketaning orbitadagi harakatiga aniqlik kiritilganligi va kun tartibida raketani uchirish natijalari turganligini ma’lum qilishgandi. Ana shu kunlarning birida tahririyat bo‘limining mudiri koridorda yo‘l-yo‘lakay shunday deb qoldi:
– Endilikda hazillaringizni bevosita marsliklarga eshittiraverishingiz mumkin....
Umuman olganda, bu gapda biror muhim narsa yo‘q edi. Va agar gap ohangiga qarab mulohaza yuritilsa, unda biron yashirin ma’no sezilmasdi. Shunga qaramasdan bu gap kompaniyaning dasturimga nisbatan haqiqiy niyatlari qanaqa ekanligini anglatardi va nafsoniyatimga yomon tegdi.
Aslini olganda, bunday namoyishlar takrorlanmadi. Lekin uyg‘ongan xavotirni tinchlantirish oson emas. Men daf’atan avvallari chumchuqlarning ertalabki chirqillashidek beto‘xtov eshitib turadigan, bir-biriga zid bo‘lgan aralash-quralash tanqidiy mulohazalar, ko‘rsatmalar, maslahatlar qulog‘imga chalinmay qolganligini payqadim. Rejissyorim kutilmaganda o‘ta murosasoz bo‘lib qoldi, men navbatdagi eshittirishni tayyorlashda kechikayotganligimni va boshqa qusurlarimni umuman eslatmay qo‘ydi va hamma narsada fikrlarimga qo‘shila boshladi. Shubhasiz, meni shafqatsiz hukm kutayotgan va unda qay tarzda bo‘lmasin, kimningdir qat’iy irodasi aks topayotgandi.
...Ammo osonlikcha taslim bo‘lmoqchi emasdim. Bu xususda mening ham o‘z iddaom bor edi. Ha, yumshoq qo‘nishga mo‘ljallangan raketa, aftidan, avvalgi kuzatuvchi raketalardan sifat jihatdan farq qiladigan yangilik edi. Ha, uning yordamida Yerning zabt etilmagan Mars sirtiga qo‘l tekkizishi kutilayotgandi. Men bularning hammasini biron ikkilanishsiz tan olishga tayyor edim. Biroq, Marsda yuksak taraqqiy etgan hayotning mavjud emasligi ilgari “Mariner–4” tomonidan aniqlangan edi-ku! Qizil sayyora, sukunat va o‘lim sayyorasi, sahro va muzlagan karbonat kislotaning qirovlari sayyorasi... Bizning davrimizda kim ham marsliklar borligi haqida jiddiy gapirishi mumkin!
Endi mana bu narsa to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Yer yuzida, aytaylik, Sviftning “Gulliverning sarguzashtlari”ga real asar sifatida qaraydigan bironta kitobxon bormi? Agar bor bo‘lsa ham u, albatta, tasavvuri aynigan biron aqldan ozgan kimsadir. “Gulliver”ning fantastikaligi haqida bahs-munozara qilib o‘tirishning xojati yo‘q. Xuddi shuningdek, mening marsligim ham o‘ziga xos zamonaviy fantastik qahramon – Gulliverdir (agar siz biron marta bizning dasturimizni tinglagan bo‘lsangiz, bunga qo‘shilishingiz shubha-sizdir); u odamlarni mutlaqo boshqa mezonlar asosida baholar ekan, biz beixtiyor payqamaydigan kulgili va bema’ni narsalarni anglatishga harakat qiladi. U fantastik qahramon ekan, bu mavjud emasligiga qaror qilingan marslik bo‘lmasdan kim bo‘lsin va uning to‘g‘risida asossiz taxminlar qilishga ne hojat?
Shuning uchun agar menga faqat radiokompaniya ma’muriyati bosim o‘tkazayotganida bu darajada tushkunlikka tushmagan va ushbu ko‘ngilsizliklarga bir amallab chora topgan bo‘lardim. To‘g‘ri, fantastika bilan voqelik o‘rtasidagi farqni hech ham anglab yetmayotgan amaldor birodarlar fikrini o‘zgartirishim mumkinligiga ishonishim kulguli tuyulgan bo‘lardi. Ammo bu birodarlarning zaif joyi bor edi: ya’ni, go‘yoki hamma narsani yakkayu yagona mezon hal qilishi va bu mezon – radio tinglovchilarning xayrixohligiga ochiq ko‘ngillilik bilan ishonch edi. Va hozircha rahbariyatning xavfsirashi – Marsga yo‘naltirilgan raketa bevosita mening marsligimni mo‘ljalga olganligi va unga halokatli jarohat yetkazishi mumkinligi to‘g‘risidagi xudbinlarcha xavfsirashi o‘zining aniq isbotini topmagunicha o‘z fikrimda sobit qolish imkoniyati saqlanib turardi. Agar go‘yoki aniq mavjud bo‘lgan raketa fantastik marslikni yo‘q qilishga qodir deb hisoblasangiz, mag‘rurlanib mushohada yurgizgan bo‘lardim. Masalan, nima uchun siz kino ekranidan turib o‘q uzayotgan pulyomet tomoshabinni yaralashi yoki o‘ldirishi mumkinligidan qo‘rqmaysiz? Ha, men beparvo va soddadil edim. Mantiq bu uzoq davom etishi mumkin emasligini shipshitayotgandi. Va tez orada ma’muriyat kayfiyatiga hamohang ravishda radio tinglovchilarning g‘azabli xatlari va sharhchilarning kinoyali sharhlari yomg‘irdek yog‘ilib ketdi.
“... Shu yil yetmish olti yoshga to‘laman. Shifokorlar dam olish uchun menga kunduzi bir soat uxlashim kerakligini aytishgan. Biroq, bunday g‘ayriilmiy eshittirishni tinglab, xuddi qiyomat qoyim boshlangan degan o‘yga keldim. G‘azabimni jilovlay olmay qoldim, hayajondan tinchligim butkul yo‘qoldi, bu umrimni qisqartiryapti va sizdan o‘z asarlaringizni eng jiddiy tanqidiy ko‘z bilan qayta ko‘rib chiqishingizni talab etaman”.
“... Janob muallifning farzandlari borligini bilishni istardik. Bizning farzandlarimiz Mars raketasining muvaffaqiyatli qo‘nishini orzulamoqdalar, bu orzu ularning qalblarini junbushga keltirmoqda. Nahotki “Salom, marslik!” kabi eshittirishlar orqali qahrli tahqirlashlari bilan bolalarning musaffo qalblarini yaralayotganligi muallifning vijdonini hech ham qiynamayotmikin? Yagona farzandning onasi sifatida men sizlarga ana shu aksilpedagogik marslikdan tezroq “Alvido!” eshittirishini tayyorlash to‘g‘risidagi iltimos bilan murojaat qilmoqdaman”.
Ha, men tor-mor qilinayotgandim. Odamlar o‘rtasida hazilni tushunmaydiganlardan ham ayanchliroqlari va bechoraroqlari topilmaydi. Ular uchun dasturimni eshittirish maymunlar uchun maymunlar tsirkini ko‘rsatish bilan barobar edi. Qaysidir muallifni agar kuldira olmasang, faqat o‘lish yoki o‘ch olish imkoniyating qoladi degan so‘zlarini o‘qiganligim yodimda... Chin so‘zim: agar radiodan pulemyotdan otib bo‘lganida, bir xumorimdan chiqqan bo‘lardim!
Lekin men oila boqishim kerak: bu, endi xayolparastlik emas, bo‘lar-bo‘lmasga tajanglashishga yo‘l qo‘ya olmasdim.
O‘z ojizligim olovida qovurilardim, holbuki raketa soniyasiga o‘ttiz kilometr tezlikda Marsga yaqinlashayotgandi va raketa mavjudligining o‘zi qo‘rqinchli tushdek qalbimni vayron qilardi. Men boshi berk ko‘chaga kirib qolgandim va chiqish joyini topish uchun jonsarak edim. O‘z marsligimga boy berilgan mavqesini qanday qilib yana qaytarib berish mumkin? Buning uchun hamma narsaga – eng sharmandali kelishuvga, aldovga tayyor edim...
Ana shunday kunlarning birida qaysidir oqshom gazetasining oxirgi sahifasida kichikkina xabarga ko‘zim tushdi...

“Kecha kechqurun davlat temir yo‘lining N.bekatida uchar likopchalar bilan sodir bo‘lgan hodisa oqibatidagi vahima, hammaning hafsalasini pir qilgan holda, amalda gap reklama minorasidagi neon yog‘dularining quyuq tumandagi jilvasi haqida borayotgani to‘g‘risidagi xabar bilan nihoyasiga yetdi. Biroq, ayrim guvohlar yog‘du mutlaqo boshqa yo‘nalishda ko‘ringanini tasdiqlashmoqda va bugun bekat platformalarida yo‘lovchilar odatdagi bir necha barobar ko‘p bo‘lgan anqovlarga gavjum edi. Aytgandek, hatto Amerika senatining maxsus hay’ati ro‘yxatga olingan 20014 aniqlanmagan uchar inshootlardan aksariyati meteorlar ekanligi yoki turli ob-havo hodisalari bilan izohlanishiga qaramasdan 1021 ta holni ta’riflashning imkoniyati yo‘qligini tan oldi. Mamlakatimiz koinotdagi musobaqada orqada qoldi va biz o‘zga sayyoralardagi mavjudotlar bilan birinchi bo‘lib muloqotga kirishish baxtiga muyassar bo‘lganimizda, buni o‘zimiz uchun katta sharaf sifatida qabul qilgan bo‘lardik. Agar uchar likopchalar hududimizga qo‘nganida, biz o‘z xayrixohligimizni ifoda etish uchun sa’y-harakatlarimizni ayamagan va o‘zimizni o‘ylanmagan xatti-harakatlardan qat’iyan tiygan bo‘lardik...”
Va hokazo.

3

Chamasi, radiostudiyadan elektrichkada qaytayotgan paytda bu xabarga nigohim tushgan edi. Daf’atan butun vujudimni muzdek ter bosdi, o‘zimni hozir portlab ketayotgandek his qildim va xabarni boshqatdan o‘qishga tushdim. Satrlar ko‘z oldimda bikford simidek yonardi va men xabarni o‘qib bo‘lishim bilanoq ko‘zni qamashtiradigan darajadagi portlash ro‘y berdi. Portlash to‘lqini miyamga yetib borishi bilan g‘oyam aniq va ravshan shaklga kirdi.
Birinchi bekatdayoq elektrichkadan sakrab tushib, yaqin oradagi telefon budkasiga otildim. Ehtimol, shoshqaloqlik qilmaganim ma’qulroq edi. Balkim, rejamni qog‘ozga tushirib olish uchun avval studiyaga qaytishim yoki uyga shoshilishim lozim edi. Nima bo‘lganda ham avval taktikani sinchiklab ishlab chiqish, keyin qo‘ng‘iroq qilish kerak edi. Lekin raketa Marsga tomon yelib borar, qo‘nish uch haftalardan ham oldinroq bo‘lishi mo‘ljallanayotgandi, endi hamma narsadan umid uzib bo‘lgandim va ich-ichimni toqatsizlik o‘rtardi. Aslida gap bunda ham emasdi. Meni ajoyib g‘oyamning rohatbaxsh yuki bukib qo‘ygandi. Tezroq amaldor birodarlarimizning burniga chertish, xotinimni tinchlantirish, oilamda totuvlik va xotirjamlikni tiklash esa meni bundan ham ko‘proq shoshiltirayotgandi. Zero, ishonchni yo‘qotgan xotinga nisbatan ishonchni yo‘qotgan er uch karra baxtsizroqdir.
Telefon go‘shagida zolimim, tahririyat bo‘limi mudirining ovozi eshitilganda o‘zimni ham ajablantirgan qandaydir shilqim ohangda so‘z qotdim:
– Topdim. Ajoyib xiyla o‘yladim. Keyingi haftada boshlaymiz. Shakl, uslub – hamma-hammasi boshqacha bo‘ladi...ta’bir joiz bo‘lsa, bir yuz sakson darajaga burilish...
– To‘xta, – u zerikarli po‘ng ovozda gapimni bo‘ldi. – Dastur to‘laligicha senga ishonib topshirilganini bilasan-ku...
– Yo‘q, siz oldin eshiting. Hamma narsani quyidagicha o‘zgartiramiz... Lo‘ndasi, masalan... Kirish qismida boshlovchi bizga maslahat so‘rab yo‘llangan maktubni o‘qib beradi...
– Atrofingda nima guvillayapti? Elektrichkami?
– Guvillayapti? Balkim, boshqa joydan qayta qo‘ng‘iroq qilarman?
– Quloq sol, gap harholda jiddiy, kel, boshqa vaqt, shoshil-masdan...
– Bitta men emas, ikkalamiz shoshilishimiz kerak. O‘zingiz bilasiz, raketa bizni kutib o‘tirmaydi. Mayli, bu hech narsa emas, endi hammasi iziga tushib ketadi. Bizning marslik qat’iy qarshi hujum bilan tarozi pallasini biz tomon og‘dirdi. Shunday qilib, boshlovchi xatni o‘qib beradi... Mayli bu, masalan, ibratli oiladagi onaning astoydil iltijosi bo‘la qolsin... Hozir uni sizga o‘qib beraman.
– O‘qib beraman? Nima, bu rosmana xatmi?
– Yo‘g‘-a. Uni hozirgina o‘ylab topdim. – Men boshlovchi ohangiga taqlid qilgan holda nafas olmay bidirlab ketdim: — “... Bizning turmush qurganimizga o‘n bir yil bo‘ldi. To‘shakdoshim hamisha benuqson inson, mehribon er, yaxshi ota bo‘lgan. Biroq yaqinda u xizmatdan kelib, uchar likopchani ko‘rganini aytdi. Shundan buyon u ana shu uchar likopchadagi odamlardan signallar ola boshladi. Uni har gal o‘zlariga chaqirganlarida hatto tunda ham yo‘lga tushadi, uydan tashqarida necha soatlab vaqtini o‘tkazgan paytlar ham bo‘ladi. Undan qayoqqa borishini so‘raganman, ammo u uchar likopchadagi kishilar man etganlarini ro‘kach qilib, hech narsa demaydi. Xizmatida ko‘ngilsizliklar bo‘lishi mumkinligini aytib, uni o‘z xatti-harakatini o‘zgartirishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldim, lekin behudaga tashvishlanmasligimni va unga ishonishimni, chunki ertami-kech uchar likopchadagi kishilar hukumat bilan muzokara boshlashlari va o‘shanda erimni muzokara olib boradigan hay’atda muhim lavozimga tayinlashlarini aytdi. Shunga qaramasdan juda tashvishdaman va ko‘pincha kechalari uyqum kelmaydi. Endi esa u menga ko‘z olaytira boshladi va unga ishonmas ekanman, sen bilan ajrashaman deb do‘q qilish yo‘liga o‘tdi. Balkim erim aqldan ozgandir? Yana, iltimos, bu uchar likopchalar haqiqatan ham mavjudligi to‘g‘risida gapirib bersangiz...”
Menga simning narigi tarafida turganlar mayingina jilmayishganga o‘xshab tuyuldi. Ruhlangan holda ko‘kragimni havoga to‘ldirib davom etdim:
– Boshlovchi o‘qishni tugatib, studiyaga maktub egasi, shuningdek biz maslahatlashgan bir nechta mutaxassislarni taklif etganimizni e’lon qiladi. Ular bir nechta savol berish istagini bildiradilar... Mayli, ular, masalan, ruhshunos shifokor, fantast yozuvchi, astronom, uchar likopchalarni o‘rganish bo‘yicha qo‘mita a’zosi, Tashqi ishlar vazirligi xodimi bo‘la qolsin... ular qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi...
– Ularning hammasi, albatta, soxta kimsalar bo‘lsa kerak?
– Yo‘q, mutaxassislar haqiqiy bo‘lganlari ma’qul. Sizga hali hamma narsa avvalgilariga qaraganda mutlaqo boshqacha bo‘lishini aytdim-ku... Qisqa qilib aytganda, bizning butun umidimiz bundan buyog‘i hamma uchun o‘ta qiziqarli bo‘lishida. Tassavvur qiling-a, tillari burro bo‘lgach, bu yog‘i ham qoyilmaqom bo‘ladi-da! Ammo dasturning haqiqiy “mixi” oldinda. Bizning do‘stlarimiz ya’ni mutaxassislar o‘rtasidagi bahs tinglovchilarni kuldira boshlaganida suhbatga yana boshlovchi aralashsin. Ya’ni, kechirasizlar, biz hozirgina juda qiziq xabar oldik. Bu hozir davramizdagi xonim tomonidan yollangan xususiy izquvarning ma’lumoti... Xonim, agar siz e’tiroz bildirmasangiz, hozir bu ma’lumotni o‘qib eshittirsak. Maktub egasi bir soniyalik dovdirashdan keyin iymanibgina rozilik bildiradi. Shunda boshlovchi hammaning e’tiborini tortgancha izquvar ma’lumotini o‘qib eshittiradi... Nima deb o‘ylaysiz, bu nima haqidagi ma’lumot?
– Men qaerdan bilay...
– Ma’lum bo‘lishicha... – men serma’no tin oldim. – Ma’lum bo‘lishicha, bu voqeaga ayol aralashgan!
– Ayol?
– U bezbetlik bilan xotinini aldab kelgan. Uchar likopchadagi kishilar bir bahona bo‘lgan... aslida u boshqa xotinga ilakishib yurgan.
Men gapimni tugatdim va nafasimni rostladim. Men ana-mana qulog‘imga ma’qullovchi kulgi eshitilishini kutardim. Biroq kulgidan darak yo‘q, faqat nimadir shitirlardi. Tashvishlanib, suhbatdoshim joyida ekaniga ishonch hosil qilish uchun og‘zimni ochmoqchi bo‘lgandim, shu zahotiyoq u:
– Ijozat bersang, bosh qahramoning qaerda qoldi? Marsliging qani? — deb qolsa bo‘ladimi.
Bu ahmoqona ohang xohlagan kimsani gangitib qo‘yishi mumkin edi, lekin alpinizmning siri hech qachon pastga qaramaslikda. Men hech narsaga e’tibor bermasdan, hujumni tanlagan taktikaga muvofiq davom ettirishga qaror qildim.
– Hamma gap shunda-da. Aslini olganda, sizga shuning uchun ham qo‘ng‘iroq qilmoqdaman. Ha, marslik g‘oyib bo‘ldi... aniqroq aytsam, fotografiya negatividek astarini ag‘dardi... Shuning uchun, o‘zingiz tushunasiz, dasturimizning nomlanishi endi aldamoqda. Tabiiyki, nomni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Men bu haqda o‘ylab ko‘rdim va “Alvido, marslik!” nomini taklif qilaman. Siz qanday fikrdasiz?
– “Alvido, marslik!”?
– Ha. Menimcha, bir qadar muvaffaqiyatli, shunday emasmi?
– Ehtimol... Bilmadim, balkim, muvaffaqiyatlidir...
U gapimga kirganga o‘xshadi. Tanglik yumshadi va men avvalgi bosimimni pasaytirib davom etdim:
– Biz tajribamizdan odamlar hazilni yoqtirmasligini bilamiz. Marslik chippakka chiqqan hazil bo‘ldi. Men o‘zimga: chippakka chiqqan bu hazilni boshqatdan sahnaga olib chiqishga urinib ko‘rishga kim xalaqit beradi, dedim.
– Ha, bu haqiqatan ham go‘zal! – mudir nihoyat hamma narsaning tagiga yetganidek birdan jonlanib ketdi. – Qara, bu haqiqatan ham chakki emas! “Salom, marslik!” dasturining so‘nggi eshittirishini bu qadar bezash – noyob g‘oya! Biz botayotgan yulduzga loy chaplamayapmiz, biz uni munosib kuzatyapmiz, ishonamanki, bizning bu hissiyotlarimiz munosib baholanadi.
– Siz meni tushunmabsiz! – o‘zimni yo‘qotib qo‘ygan holda qichqirdim men. – So‘nggi eshittirish deganingiz nimasi? Axir bu faqat boshlanishi-ku! Biz faqat dasturni “Alvido, marslik!” deb ataymiz va uni yangi nomga muvofiq davom ettiramiz... Men yovuzlikni ezgulikka aylantirmoqchiman, tushunyapsizmi? Shuning uchun...
– Ahmoqgarchilik, – gapimni bo‘ldi u xuddi meni chetga surib qo‘yayotgandek. – Sen juda ko‘p narsani istaysan. Ishlarning umumiy ahvoli to‘g‘risida gapirmay qo‘ya qolay, ammo shundoqqina nomlanish-ni o‘zgartirish – bizning butun yorug‘ dunyo oldida o‘zimizga ishonmas-ligimizni tan olishni anglatadi. Nahotki sen buni tushunmasang? Bilasanmi, efir har holda umumiy mulk hisoblanadi. Bunday loqaydlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Qolaversa, nahotki senda o‘z qadr-qimmating hissi bo‘lmasa?
– O‘ylashimcha, shunga o‘xshash narsa bor. Shunday bo‘lsa ham nomni va uslubni o‘zgartirish, albatta, dasturning asosiy ruhini o‘zgartirishni bildirmaydi... Avval-boshdan meni yerdagi odam muammolari qiziqtirgan, har qanday marslik esa vositadan bo‘lak narsa emasdi...
– Juda unchalik bo‘lmasa kerak. Hatto odamsiz qutb ham tasavvurga ta’sir ko‘rsatadigan qandaydir jozibalarga ega. Marsga kelganda esa, mayli, u naqadar huvillagan, kekkaygan, manfur bo‘lmasin, shunchalik jumboqli va sirliki, buni faqat senga o‘xshagan oliftalar inkor eta oladi.
– Siz gapimni yaxshi tushunmayapsiz...
– Qisqasi, gap bunday. Men bo‘lim rahbari sifatida dastur nomini o‘zgartirishga rozi bo‘lolmayman.
Navbatini kutayotgan yoshgina ayol jahli chiqib, telefon budkasi oynasini chertardi. Uning yelkasi osha menga sochi o‘siq kishi norozi qiyofada o‘qrayib turardi.
–Kechirasiz, bir daqiqa kutib turing... Men avtomatdan qo‘ng‘iroq qilayotgandim, bu yerda navbat kutib qolishdi, shuning uchun hozir boshqa joydan qayta qo‘ng‘iroq qilaman...
– Yo‘g‘-e, nima keragi bor, keling, shu bilan gapga nuqta qo‘yaylik, – beparvogina e’tiroz bildirdi u. – Aytgandek, Mars – Oy emas, shuning uchun texnik sabablarga ko‘ra muvaffaqiyatsizlik ehtimoli ko‘proq, to‘g‘rimi? Shunday ekan, Mars raketasining qo‘nishi muvaffaqiyasizlikka uchraydi deb shubha bildirib qola-veramiz...

4

Men uyqudagi yo‘lbarsni bezovta qilgandim. Men qattiq kamsitilgandim, endi qarshi hujumni davom ettirishdan ma’no yo‘q edi va faqat bu yaramas raketaning muvaffaqiyatli qo‘ngani haqidagi xabarni intizorlik bilan kutishdan boshqa iloj qolmagandi.
Ammo bu xabar tom ma’noda meni larzaga soldi. Vujudimni egallagan o‘kinch va kamsitilish hissi deyarli yo‘qolib, o‘rnini butunlay parokandalikka bo‘shatib berdi. Shoshilinch xabarlarda “Barcha apparaturalar me’yorida ishlamoqda!” deb takrorlanar va har gal ko‘z oldimda xayolan bu raketa – oddiy mexanizm emas, balki inson tafakkuri mahsuli ekanligi gavdalanardi. Bir necha oy davomida u o‘zining qop-qora soyasi bilan sayyoraning ulkan kengliklarida yashaydi va Yerga ma’lumotlar jo‘natib turadi. Ha, bu ashyoviy dalil oldida mening marsligim bo‘m-bo‘sh va soxta ko‘lanka edi. Xayoliy qo‘rg‘onim xuddi arvoh singari ertalabki quyosh shu’lasi bilan g‘oyib bo‘ldi va bunda anqovlarning emas, bevosita mening tasavvurimning nochorligi asosiy rol o‘ynadi. So‘nggi daqiqagacha men yengilganimni tan olishga jur’at eta olmadim va mana, qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradim. Marsligim emas, o‘zim o‘ldirilgan edim.
Endi esa radiokompaniya ertami-kech yuborishi kerak bo‘lgan hukmni kutardim. Shuning uchun huzurimga kimdir kelib, marsliklar haqida gaplashib olmoqchi ekanligini aytishganida, tabiiyki, men bu studiyadan yuborilgan vakil degan xayolga bordim. Menga hamma narsa ravshan edi. Hamma narsa mening eng zaif joyimga kutilmagan zarba berilishidan dalolat berardi.
Xotinim qat’iylik bilan takrorladi:
– Uni seni oldingga olib kiraymi?
– Balkim, bu rejissyordir?
– Yo‘g‘-e, unga o‘xshamaydi.
– Bo‘lim mudiri ham emasmi?
– Men uni hech qachon ko‘rmaganman...
Mana shu joyda men sergak tortishim kerak. Studiyada avval telefondan ogohlantirmasdan oldimga qandaydir ko‘rimsiz, menga notanish bo‘lgan xizmatchini yuborishdek surbetlikka borishmagandir... Lekin irodam sindirilgandi, xunuk xabarlar kutayotgandim va butunlay madorim qurigandi. Hadik ortgandan ortib borardi.
– Mayli, uning oldiga o‘zim chiqaman.
Xotinimning nigohiga to‘qnash kelmaslik uchun o‘rnimdan turdim. Hozir boshimni kundaga qo‘ygani olib borilayotgan maqtul holatida edim. Raketaga la’natlar o‘qidim...
– O‘zingni qo‘lga ol, – dedi xotinim.
U buni mutlaqo xotirjam holda aytdi, biroq men buni uquvsizligim uchun ayblashayapti deb tajanglashdim.
– Nimani qo‘lga olishim kerak? – dedim. – Marslikni qaysidir AV–4 sayyorasida yashovchi bilan almashtirib qo‘yaman, xolos.
– Men faqat, o‘zingni qo‘lga ol dedim, chamasi... Bu xonadagi derazalarni ochsak yaxshi bo‘larmidi.
– Keragi yo‘q.
– Tamaki tutunidan ko‘z achishib ketyapti. Nima, sen marsliging janozasini qilyapsanmi?
– Marsligimni emas. O‘zimnikini.
– Ajab bo‘lsin. Lekin mehmonning ham kayfiyatini buzishning sira hojati yo‘q.
– Menga endi hech narsa yordam bera olmaydi.
Chekib tugatilmagan sigaretani to‘la kuldon chetiga bosib o‘chirib, o‘z-o‘zimga: “Marsliklarning afti qursin!” dedim-da, xonadan chiqdim. Shu on telefon jiringlab qoldi. Studiyadan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Demak, hammasi taxmin qilganimdek. Faqat ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq kechikkan yoki vakil ertaroq kelgan.
– Hozir chiqaman, – dedim men telefon go‘shagiga qo‘l uzatar ekanman. – Iltimos, mehmonga ayt, biroz sabr qilsin.
Eshik yopilishi bilan go‘shakdan qulog‘imga yosh ayolning shoshqaloq ovozi urildi:
– Allo, sensey, siz bilan marsliklar to‘g‘risida gaplashmoqchi bo‘lgan odam oldingizdami? Erkak kishi... U, bilsangiz, erim.
Antiqa-ku. Men butunlay boshqa narsani kutayotgan edim.
– Kechirasiz, siz studiyadan qo‘ng‘iroq qilyapsizmi?
– Studiyangiz nimasi? Men u – erim deyapman. Gap shundaki, u gumonsirash xastaligiga chalingan.
– Gumonsirash... Ya’ni, u aqldan ozganmi?
– U, sensey, sizning “Salom, marslik!” dasturingizning ashaddiy ixlosmandi. Bu yakkayu yagona sabab deb o‘ylamayman, albatta, lekin haqiqatdan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi, u o‘zining marslik ekanligini kallasiga joylab olgan... Harholda u bironta eshittirishingizni o‘tkazib yubormaydi, faqat sizning dasturingizni tinglaydi va boshqa narsani istamaydi. Ustiga-ustak raketa to‘g‘risidagi bugun ertalabki xabar... Bundan u juda hayajonlanib ketdi va ertalabdan beri siz bilan albatta gaplashib olishi kerakligini uqtirgani-uqtirgan...
– Qarang-a, telba... – sodali suvni to‘yib ichgandagi achchiq narsa tomog‘imga tiqildi.
– Ha, uning kasalxonadan chiqqaniga atigi uch kun bo‘ldi.
– To‘g‘ri, aqldan ozgan bo‘lsang ham kallangga o‘zingning marslik ekaning kelishi yaxshi emas, – vujudimni silkitib, qah-qah urib kulmoqchi edim-u, lekin menga buning o‘z holimga kulganimmi yoki qattiq jahlim chiqqanimi bilolmayotgandim. – Ogohlantirib qo‘yganligingiz uchun, rahmat. Haqiqatan ham qandaydir nusxa oldimga kelibdi. Biroq siz tashvishlanmang, darrov uning kavushini to‘g‘rilab qo‘yaman...
– Nima deyapsiz, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! – qichqirdi u go‘shakka va go‘shak membranasi xuddi gazeta varag‘ini qoq ikkiga bo‘lib yirtgandek sharillab ketdi. – Bu juda xavfli! Axir erim nihoyatda to‘polonchi...
Uning tovushi shu qadar samimiy, shu qadar muhabbat va xavotirga yo‘g‘rilgan ediki, men kalovlanib qoldim.
– Unday bo‘lsa... qanday qilib uni kasalxonadan qo‘yib yuborishdi?
– Rag‘bat juda kuchli bo‘lgan. Bu – o‘sha raketa. U o‘zini juda yuvvosh, xotirjam qilib ko‘rsatgan... Ammo siz hayajonlanmang, agar uning jahlini chiqarishmasa, hech qachon to‘polon ko‘tarmaydi. Siz faqat uning gaplariga quloq soling va hammasi joyida bo‘ladi. O‘zi ham nihoyatda beozor va qobil odam. So‘zlariga e’tibor berishmayotgandek tuyulsagina, ish pachava bo‘ladi. Shuning uchun tashvishlanmang. Men yarim soatdan keyin oldingizda bo‘laman. Kasalxonaga yoki politsiyaga qo‘ng‘iroq qila ko‘rmang, aks holda shunday to‘polon ko‘taradiki, keyin uni to‘xtata olmaysiz. Mendan boshqa hech kim unga bas kela olmaydi. Avvalgi gal arzimagan narsaga g‘azabi qo‘zg‘aganida uni tinchlantirish uchun uch nafar juda baquvvat erkak kerak bo‘ldi. Shunda ham sanitar mashinasi qaytib ketayotganida bir erkakning barmog‘i sindi, ikkinchisining peshonasi uch joyidan lat yedi, uchinchisi uchta tishidan ajradi. Siz uning ko‘rinishiga qarab yanglishmang, u nihoyatda kuchli. Xullas, unga go‘ldek quloq soling va u mamnun bo‘ladi... O‘tinib so‘rayman, atigi o‘ttiz daqiqa!
U mening javobimni kutib o‘tirmasdan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Ana tomoshayu mana tomosha! Mehmon studiyadan emasligini bilganimda yengil tortgandim. Lekin aqldan ozgan ixlosmand – kaminalari uchun malham bo‘lsa ham o‘lguday kuchlisi ekan. Vujudimda umidsizlik, g‘azab, dovdirashlik aralash-quralash bo‘lib, meni ayovsiz qiynardi. Men uzoq vaqt telefon go‘shagiga sehrlangandek qarab qoldim, undan yana qanday sado chiqarkin, bilmadim.

5

– Eshigimiz oldidagi nusxa studiyadan emas ekan.
– Unda kim ekan?
– Anavilardan. – Men peshonam oldida ko‘rsatkich barmog‘imni aylantirdim. – Mening ixlosmandim.
– Quvonadigan joyi yo‘q.
– Ha, yaxshi emas. Aytgancha, uni mening o‘rnimga sen qabul qilsang-chi?
– Shu tentakni-ya?
– Axir men fikrlarimni jamlab olishim va tayyorlanishim kerak...Studiyaning vakili ertami-kech – baribir keladi.
– Taqdirga tan bermayapsanmi?
– Men qo‘limdan kelgan hammasini qilishim kerak... Biznikiga kelgan nusxa esa buning ustiga to‘polonchilardan ekan.
– Faqat shu yetmay turuvdi! – Birdaniga uning jahli chiqdi. – Nima sen menga aqldan ozgan to‘polonchi bilan bir-ikki soat o‘tirib turgin demoqchimisan?
– Gapimni tushunmading. Agar jim quloq tutib, gapini bo‘lmasang, o‘zini mo‘min-qobil tutadi. Bundan tashqari, menga o‘ttiz daqiqadan so‘ng uni olib ketgani kelishga qat’iy va’da berishdi...
– Shunday ekan, o‘zing o‘tiraber. Mensiz.
– Bunga ko‘proq sen to‘g‘ri kelasan. Sen o‘zingning ayollik nafosating bilan uni yumshatasan.
– Yolg‘on ham evi bilan-da. Qolaversa, u mening emas, sening ixlosmanding.
– Gapimni eshit, hozir ixlosmandlar bilan pachakilashib o‘tiradigan vaqt emas. Buning ustiga u o‘zini marslik deb hisoblayotgan ekan.
– Hali marslik ham degin?! – U behayolarcha qah-qah urib yubordi. – Aytdim-a, peshonasining o‘rtasida uchinchi ko‘z nish otayotganday deb...
– Bu kuladigan narsa emas. Axir biroz hamdardlik ham ko‘rsatish kerak-ku. Agar unga do‘stona munosabatda bo‘linsa, qiziqish, ruhiy yaqinlik ko‘rsatilsa...
– Bir umr shunga orzumand edim! Sen menga umid qilishga jur’at etdingmi... Yo‘q, azizim, nima ekkan bo‘lsang, shuni o‘rasan.
Xotinim shunday deya darhol chiqib ketdi. Ehtimol, siz g‘azab otashidadirsiz: xotinlar qamal qilingan qal’ada o‘zlarini shunday tutishlari kerakmi? Biroq hammasiga o‘zim aybdorman-ku. Men avval- boshdan taslim bo‘lishga rozi bo‘ldim, avval-boshdan xotinim oldida ishonchni yo‘qotdim. Siz bunga shubha qilyapsizmi? Ammo men fojiamni bir chaqaga arzimaydigan hazilga aylantirgan telbaga xotinimni qalqon qilmoqchi bo‘ldim. Buning uchun erlar kechiril-maydilar. Ha, chindan ham yelkamga og‘ir zahmat ortmoqlandi. Bema’ni fikrlarga berilib, vaqtni cho‘zar ekanman, eshik tomondan ildam odimlar eshitildi. Men telefondagi muloqotni esladim va titrab ketdim. Agar mehmonimni quturish darajasiga keltirsam, hech bir kamsitishlar menga uningdek ziyon keltira olmaydi. “Ekkaningni o‘rasan” maqolini xotinim o‘ylab topgani yo‘q, biroq hozir hech qanday e’tirozning mavridi emas... Demak, jilpanglamaymiz va marsli-gimizning arvohiga “salom” deymiz!
Kelgan kishi dahlizdagi chiroqqa orqa qilib, xiyol bukchayib, ikki qo‘li bilan qora charm portfelni ko‘kragiga bosib turardi.
Yuzi chiroqqa teskari bo‘lganidan uni tuzukroq ko‘ra olmadim, lekin chehrasida faqat uy jihozlari bilan savdo qiluvchi agentlarga xos mayin tabassum jilva qilib turardi. Ammo flanel kostyumining bichimi va rangi savdo agenti uchun bir qadar nafis va yaltiroq edi.
U past bo‘yli va keng yag‘rinli odam edi. Ehtimol, u esi oqqan to‘polonchidir, lekin uning qiyofasida biron-bir qo‘rqinchli narsani payqamadim. Uning rafiqasi bilan telefonda so‘zlashganimdan keyin ko‘z oldimga keltirgan u dahshatli qiyofa ham yo‘q. Yengil nafas olganimni ko‘rib u past, hayajonli tovushda dedi:
– Sizni ko‘rishdan naqadar baxtiyorman, sensey!
So‘ng u qiyshayib, men tomon burildi va qiqirlab kuldi. Bu kulgi menga yomon ta’sir qildi va bir qadam ortga chekindim, u esa bidirlab ketdi:
– Men dasturingizning muxlisiman, sensey. Bu yaxshi, a’lo darajadagi ibratli eshittirishlar. Bugun men sizga mislsiz ashyoni tavsiya etishga qaror qildim, sensey... Chin so‘zim, bu haqiqatan shov-shuv bo‘ladigan ashyo, ayni sizning dasturingizga mo‘ljal-langan!
U buni tin olmasdan tarillatib gapirdi, ayni vaqtda jilpanglab qiqirlashning ham uddasidan chiqdi. Qarang-a, nahotki u butun o‘ttiz daqiqa davomida o‘zini shunday tutsa? Hozirning o‘zida bundan nafasim bo‘g‘zimga kelgandi.
– Shundaqami? – o‘zimni go‘llikka soldim.
– Yo‘q, menga minnatdorchilik bildirmang. Men muxlisingizman va sizga nafim tegadigan bo‘lsa, shuning o‘zi menga kifoya. Chin so‘zim!
– Rostdan-a?..
– Chin so‘zim, ta’magarlikdan asar yo‘q, aslo bunday emas! Siz faqat menga ishoning, rost, boshqa menga hech narsa kerak emas...
– Men sizga ishonaman, albatta. Sizga minnatdorchilik ham bildiraman. Chin qalbdan.
– Otangizga rahmat? – U boshini yoniga egib, kulib yubordi. – Men esa siz juda taajjublanasiz deb o‘ylovdim.
– Hechqisi yo‘q, tashvishlanmang. Har holda tajribam katta, endilikda meni biron narsa bilan hayron qoldirib bo‘lmaydi.
– Rostdanmi? U holda men sizga to‘g‘risini aytaman... – U tilining uchi bilan lablarini yaladi va beso‘naqaylik bilan portfelini qo‘ltig‘iga suqdi. – Gap shundaki, men qandaydir oddiy odam emasman. Men marslikman.
O‘ylab o‘tirmasdan:
– E-ha, shunaqami?...– dedim men o‘sha alfozda.
Go‘yo chiroq o‘chirilgandek birdan uning yuzi murdadek oqarib ketdi.
– Eh, jin ursin! – xatoyimni angladim men, ammo g‘isht qolipdan ko‘chgandi.
– Taajublanarli... – dedi u g‘amgin, siniq ovozda. – Siz hecham ajablanmadingiz.
Sarosima ichida xatomni to‘g‘rilamoqchi bo‘ldim, biroq ahmoqona bir jumla bilan ishning butkul pachavasini chiqardim.
– Bo‘lmasa-chi... Hayron qoldim, albatta... Mana, siz marslikman deyapsiz va men qotib qoldim...
– Ha, tushunarli... – U o‘sha o‘liktus yuzi bilan nigohini quti qopqog‘ini silayotgan barmoqlariga qadadi. – Faqat, bilsangiz, tik turgan holda gaplashish men uchun o‘ng‘aysiz. Har holda Yeringizda tortish kuchi Marsdagiga qaraganda ancha katta. Bu yerda biz darrov charchab qolamiz. Balkim siz menga xonaga kirishga ijozat berarsiz?
 Shunday deyar ekan, u gavdasi og‘irligini bir oyog‘iga o‘tkazdi va yengil nafas oldi. Juda nozik psixologik ustalik. Uning o‘z basharasini chaqqon boshqarishi menda qandaydir hushyor turishga, har daqiqada tashlanib qoladigan yirtqich hayvonni eslatdi va men juda qo‘rqib ketdim. Ehtimol buning sababi o‘sha telefondagi suhbat bo‘lsa kerak.
– Albatta, albatta... Marhamat... – ming‘illadim men.
Kutilmaganda u avvalgi ohangiga qaytdi.
– Maylimi? Bu – ajoyib!
U egilib, poyafzali iplarini yecha boshladi. Vujudim tarang-lashib, yo‘lakda u yoqdan-bu yoqqa yura boshladim. Men telba bilan suhbatlashish aqlli odamlar ishi emas, hamsuhbatingning gaplariga qachongacha “labbay” derkanman deya ko‘nglimdan o‘tkazdim. Va men o‘zimga xos tarzda e’tiroz bildirishga jazm etdim.
– Xotin! – baqirdim men. – Mehmonga choy olib kel!
Men e’tiroz dedimmi?.. Bu qanaqasiga e’tiroz bo‘lsin? Nari borsa qahrli vaysash, xolos. Vaysash... Ha, bu xotinimning aqldan ozgan marslikni aybimni yumshatishim uchun menga ro‘para qilgan nodonligiga javoban vaysash. Yana marslikka ilakishib, hammaning ko‘z o‘ngida qalbi va tanasini nobud qilgan odamning o‘z-o‘ziga halokatli vaysashi... Qarang-a, tag‘in bu marslik – o‘zim yaratgan xom- xayollik mahsuli!
Mayin kulgu va mayda odimchalarning ovozi keldi.
– Eshitdim! Hozir...

6

– Marhamat, bu yoqqa, mana bu divanga...
– Yo‘g‘-e, qo‘ysangiz-chi! – Mehmonim o‘ta shoshqaloqlik bilan orqaga tisarildi, sal bo‘lmasa tokchadagi gulli tuvakni to‘ntarib yuborayozdi. – Menga yo‘lakcha ham qulay, chin so‘zim. Iltimos, ovora bo‘lmang.
U meni keskin chetga surib, eshik yonidagi stulga intildi.
– Bu stul sizga to‘g‘ri kelmaydi-ku! Nega tortinayapsiz, tushun-mayapman?!
– Voajab... – dedi u yuzimga pastdan turib boqar ekan. – Sensey, siz nima, mendan qo‘rqayapsizmi? Xuddi xohlagan paytda xonadan qochib qolish qulay bo‘lishi uchun meni burchakka tiqib qo‘ymoq-chimisiz?
– Bo‘lmagan gap! – g‘azab bilan xitob qildim men, lekin bu qahr haqiqiylikka qaragandan jo‘shqinroq edi. Men bu niyatda emasdim va obro‘yimni tushirmaslik uchun so‘zimni amalda tasdiqlashdan boshqa ilojim qolmagandi.
Shu tariqa xohlasam-xohlamasam men divandan joy oldim, aqldan ozgan marslik esa eshik oldidagi stulni egalladi.
Derazalarga parda tortilgan, chiroq yog‘dusi ipak pardalardan mehmonning orqa tomoniga tushib turgan quyosh shu’lalaridan kuchliroq edi. Shunda ilk bor uning yuzini ko‘ra oldim. Kutganimdan farqli ravishda uning yuzi irodasiz va qandaydir behol tuyulardi. Qushnikidek uzun bo‘yin, pufakchalar bilan qoplangan suyakdor iyak, ayanchli osilib turgan og‘iz chetlari, kirtaygan, tuproqtus lunj, bemorlarnikiga o‘xshash uyilgan qovoqlar... Ammo u boshini yelkasi tomon tortib kula boshlaganida iymanishi bir onda shu qadar surbetlik bilan almashar ediki, men beixtiyor ko‘zimni olib qochardim.
Vaqtni cho‘zish uchun cheka boshladim. Shunda u go‘yo mo‘rt mum tayoqchani olgandek, ehtiyotkorona harakatlari bilan sigaretani ezg‘iladi va keyin uni tishlari orasiga tiqdi, so‘ng bo‘shashib, stulda cho‘zilib o‘rnashdi. U gavdasi og‘irligidan huzur qilib dam olar ekan, chuqur nafas chiqardi va burnilarini shishirib dedi:
– Xonangiz ajoyib ekan, sensey, bu yer menga juda yoqayapti...
Ajoyib xona degani nimasi! Eski kitob va jurnallar tartibsiz sochilib yotgan bo‘lsa... Qoralama bitiklar parchalari va ochilgan qalam qirindilari... Kuldon vazifasini o‘taydigan gul tuvagi va soch qasmoqlari to‘kilgan stol... Har kimning didi turlicha, biroq bunday takalluflarga javob qaytarish aslo shart emasdi va men sukut saqlab, sigaretamni tutatishda davom etaverdim.
– Ajoyib xona, ajoyib xona, ajoyib xona... – u kuylayotgandek buni bir necha bor takrorladi va birdan gavdasini tiklab dedi: – Bilasizmi, sensey, xonangiz nimasi bilan menga yoqayapti? Hozir-gidek kayfiyati bilan, bugungidek serquyosh kunda pardalar yopiqligi bilan... Yerliklar uchun bu, ehtimol, iflos teshikdir, ammo marsliklar uchun — ayni muddao. Sizning Yeringizdagi quyosh biz uchun juda nurli. Lekin sizning dahshatli tortish kuchingiz shunchalik yomon... Siz buni xuddi havo kabi payqamaysiz, albatta, biroq biz kabi boshqa dunyodan kelganlarning tanasi uchun bu tezligini keskin oshirib borayotgan tezyurar liftda turgandek gap. Biz tunlari bu lift shiftni teshib o‘tib, Koinot burchagiga olib ketayotgandek tushlar ko‘ramiz. Dahshatli yolg‘izlik hissi paydo bo‘ladi. Siz Yerda yashaydigan marsliklarda asab kasalliklari rivojlanishi muqarrarligini bilasiz. Ularga oyoqlari ostidagi qattiq yer yo‘q bo‘lib qolgandek tuyuladi. Oxir-oqibat ular ochiq joydan qo‘rqadigan bo‘lib qoladilar. Mana shuning uchun ham hozirgi muhitda, bu xonada men o‘zimni yaxshi his etyapman... Ha, sensey, siz marsliklarni a’lo darajada tushunasiz...
Qarang-a, qanaqa jinnilar uchramaydi, o‘ylardim men, ayni paytda esa uning yerning tortish kuchi haqidagi va boshqa fikrlaridan hayratga tushmasdan iloj yo‘q. Uning mulohaza yurgizishi nozik did va nafosatdan xoli emasdi. U o‘zi, tajribaga suyanmasdan shu darajada yorqin taassurotlarni shakllantira olgan ekan, aftidan marsliklar dunyoqarashi bilan juda apoq-chapoq bo‘lib ketgan ko‘rinadi. Masalan, men o‘z tasavvurimdagi marsliklar orasida uzoq vaqt bo‘lganimga qaramasdan bunday narsalarga duch kelmaganman. (Agar u menga bularni ilgariroq gapirib berganida, ehtimol, dasturim uchun uch-to‘rtta qo‘shimcha eshittirish tayyorlagan bo‘lardim). Xullas, u aqldan ozgan bo‘lsa ham, qoyilmaqom jinni... Mening diqqat-e’tiborim susaydi, xolbuki ogoh bo‘lishim kerak.
U narsalarni baholovchining xotirjam nigohi bilan xona burchaklarini ko‘zdan kechirar ekan, birdan menga qarab xufyona ohangda dedi:
– Nega biz gapni aylantirib yotibmiz o‘zi?.. Iltimos, sensey, ayting-chi, siz kutilmagan mehmonlarni yoqtirasizmi?
– Yo‘q, u qadar emas...
– Shunday deb o‘ylagandim. Hatto bu xonangiz ham sizning dilkash emasligingizdan dalolat berib turibdi. Siz aslida bosiq, shubhaparast, dunyoga tatiydigan g‘amginligingizga qaramasdan xudbin shaxssiz. Men kabi muxlislarni ostonangizga yaqinlashtirishingiz kerakmas, siz esa kutilmaganda meni o‘z xonangizga taklif qil-dingiz, hatto do‘stona suhbatlashishdek iltifot ko‘rsatayapsiz. Gapimga qo‘shilavering, bu g‘ayritabiiy emasmi?
– Aslo. Kasb nuqtai nazaridan muxlis aziz mehmon hisoblanadi... Bundan tashqari, bilishimcha, siz qandaydir shov-shuvli ashyo olib kelgansiz...
– Shov-shuv shundaki, men odam emas, marslikman...
– Ha-da... Bu, albatta, aql bovar qilmaydigan shov-shuv....
– Mana, siz yana bema’ni gaplarni gapirayapsiz. Yolg‘onni to‘qib tashlayverishdan uyalmaysizmi?
– Siz nimani nazarda tutyapsiz?
– Qanday? Yana qanday? Siz, mutaxassisning oldiga odam kelib, o‘zini marslik deb atayapti, siz esa bunga tirnoqcha shubha bil-dirmayapsiz. O‘zingiz ayting, bu bema’nilik emasmi? Xo‘sh, gap nimada? Yoki meni mayna qilishyaptimi?
– Siz juda oshirib yubordingiz. Qanaqasiga mutaxassis bo‘lay? Shunchaki radioga yozib turaman, u-bu narsalarga qiziqaman, albatta...
– Ammo aqldan ozmagansiz-ku, jinnimassiz-ku?
– Endi, bilasizmi... – g‘azabim qo‘zg‘agandi, lekin shu zahoti miyamga hamsuhbatim tentak ekanligi, agar uning ig‘vosiga uchadigan bo‘lsam, mehmonim emas, men ta’zir yeyishim mumkinligi urildi. Soatimga qarab, atigi besh daqiqa o‘tganini ko‘rdim. Yana yigirma besh daqiqa... Ishqilib Xudo sabr bersin-da, bu tezroq tugasin. – Bu haqda hatto gazetalarda yozishadi.
– Hozir Uells davri emas va Marsda yuksak taraqqiy etgan mavjudotlar yo‘qligi sizga ma’lum bo‘lishi kerak. Oddiy taxminlardan ancha ishonarliroq ma’lumotlar havo bosimi nihoyatda kuchsiz bo‘lgan va deyarli nol namlikda Yerdagiga biron tarzda o‘xshash hayot bo‘lishi mumkin emasligidan guvohlik beradi. Yoki... – U ovozini pasaytirib, yo surbetlarcha, yo mazax qilayotgandek, kulib davom etdi: – Ayting-chi, sensey, ehtimol, men sizga yuksak taraqqiy etgan mavjudot bo‘lib ko‘rinmayapmanmi, nima deysiz? Tortinmang, gapiravering! Qiyofamni qanday tasavvur qilyapsiz? Tortinmang, gapiravering! Qiyofamni qanday tasavvur qilyapsiz?
Qarang-a, naqadar charchatadigan va qat’iyatli tentak! Aqldan ozganlar shu qadar sillani quritadigan bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Uning gaplariga qanchalik uchsang, shu qadar ruhlanaveradi va faqat kalavani chigallashtiraveradi. Lekin, boshqa tomondan, suhbatni davom ettirishdan bosh tortish yanada xavfli bo‘lardi. Nima deyishimni bilmasdan chaynaldim:
– Endi... bilasizmi, bu masala juda nozik, murakkab... Qiyofangiz qanday deysizmi? Bilasizmi, inson ko‘zi fotoapparat emas, bu narsaga albatta sub’ektivlik unsurlari qo‘shiladi. Har kallada har xayol, deb bekorga aytishmaydi-ku, shunday emasmi? Qolaversa, kontseptsiyaviy me’yorlar uslubidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, xohlagan narsani aytish mumkin...
– Voy hazilkash-ey... – U gavdasini bukib, atayin, old-orqasiga chayqalib, qah-qah otib yubordi. – Demak, agar siz ko‘zingizni menga shunday qadamasangiz, kontseptsiyaviy me’yorlar ish bermaydimi? Nahotki men shu qadar odamga o‘xshamayman?
– Hecham. Aksincha, juda o‘xshashsiz. Agar ochiqchasiga aytadigan...
– Xuddi odamdek, shundaymi?
– Xuddi shunday.
– Deyarli farq qilmaydi...
– Ha, qat’iyan xuddi odamdek.
Kutilmaganda u stul o‘rindig‘iga gavdasini tashlab va chapak chalib, jag‘ini shu darajada katta ochdiki, tomog‘ining ichigacha ko‘rindi. Men unda tutqanoq xuruji boshlandi deb xursand bo‘lgandim, biroq bu, afsuski, shunchaki quvonch xuruji ekan. U egilib-bukilib, shamollagan itdek hurar, ko‘z yoshlarini flanel kurtkasining yengi bilan artar va uzuq-yuluq tovushda derdi:
– Voh, sensey, o‘ldirdingiz... “Xuddi odamdek” deydi... Voy, o‘lib qolaman!.. Axir men o‘sha haqiqiy odamman-ku, sensey! “Xuddi odamdek” deydi-ya... Yo‘q, siz meni bepichoq so‘ydingiz!..
– Nima siz meni laqillatyapsizmi?
– Nima, siz hali ham shubha qilyapsizmi?
– Sizga aytsam, juda antiqa ekansiz...
U yanada qattiqroq kulishga tushdi. Nima ham derdim, meni rosa bopladi. Yuragimni namakobga bo‘ktirgan darajada achchiq iztirobni his etdim, lekin kutilmaganda tanglik bo‘shashdi va hamma narsaga befarq bo‘lib qoldim, mehmonimning qahqahasi asta-sekin menga ham yuqa boshladi. Biz juft bo‘lib uch daqiqa davomida qahqaha otdik. U cho‘zilgan rezinadek dirkillab, men – bo‘shashib kulardim.

7

Eshik tuyqus ochildi va xotinim xonaga tashvishli yuzini suqdi:
– Qanaqa choy xohlaysizlar?
U beparvo ohangda gapirishga urinardi, lekin hamma narsa xotinim eshik orqasida quloq tutib turganligidan, o‘zi esa tashvishdaligidan dalolat berardi. Biz qahqaha otishga tushganimizda uning sabri tugab, paydo bo‘lgan birinchi imkoniyatdan foydalanib, izquvarlikka kirishgandi. Qizlar ahmoqona kulib turganimizda eshikni ochdi, bundan xiyol ranjidim, ayni paytda xotinimning mendan tashvishlanayotgani xush yoqmoqda edi. Men jang maydonida ittifoqchiga ega bo‘lganimni angladim va tashvishlanishga asos yo‘qligini bildirish uchun zo‘r berib unga imo qila boshladim, biroq xotinim buni tushunmayotgandi va yuzini battar tashvish alomatlari egallardi. Mehmonning asab tizimi mening imolarimni uqqan ko‘rinadi. Uning nigohi tennis hakamlariniki kabi bir necha bor rafiqamdan menga va mendan rafiqamga yo‘naldi, so‘ng go‘yo qoida buzilganini sezgandek, xotinimga tikilib dedi:
– Choy – ajoyib narsa... Tilingizdan ilintirdim, menga yevropacha choy bo‘lsa... Yevropacha choy – eng aldamchi va ichimliklarning beozori. Unga ko‘proq limon va shakar solinsa, ko‘k choy yoki, aytaylik, qahvaga nisbatan qimmatbaho navlimi yo arzon navlimi, hech anglab bo‘lmaydi...
Endigina men bu odam bilan muloqotda bo‘lish sirini tushuna boshladim. Bu masalaga rafiqamni aralashtirib, men nafaqat foizlarni, balki sarmoyamni ham yo‘qotaman. Imolarim ish bermadi va men go‘yo xotinimni kiftlarim bilan itarayotgandek qilib ko‘rsatish uchun tebrana boshladim va boshimni zo‘r berib chayqashga tushdim.
Xotinim qo‘rqib ketib, qanday kirgan bo‘lsa, shunday to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Mehmon yana nigohini menga tikdi, xuddi loyni ezg‘ilayotgandek qo‘lini qahr bilan ishqaladi va past-baland ohangda kulishga tushdi. Bilmadim, u mening ustimdan kulayotganmidi yoki meni ham sheriklikka chaqirib, xotinim ustidan kulayotganmidi, har holda uning bu kulgisidan biron yoqimli narsa sezilmasdi. Busiz ham boshim tashvishlardan g‘ovlab ketgandi va o‘zgalar ishi bilan mashg‘ul bo‘lishga toqatim yo‘q edi.
Ammo telefonda qo‘ng‘iroq qilgan ayol kelgunga qadar o‘zimning ichki, portlashga tayyor “men”imni tizginlab turishim kerak edi. Holbuki, bu “men” chiqarayotgan zahar vujudimga tarqalib borar va o‘tday yondirardi. Chidab bo‘lmas qichimadan beixtiyor tilimni chaqillatdim va tovushni niqoblash uchun yanada cho‘zibroq xiring-ladim.
– Ha, men – odamman, – dedi mehmon boshini xiyol eggan va atayin tortinchoqlikni namoyish qilgan holda. – Chindan ham ko‘chalarda qanday ko‘p yurmayin, hech kim meni boshqa narsaga o‘xshatmadi...
–Birov shubha qilayotgani ham yo‘q. Bularning hammasi ahmoq-garchilik!
Birdan uning lablari shalviradi va mehmon tantanavor ohangda dedi:
– Ha, mana, tan ham oldingiz. Demak avval-boshdan odam ekanimga ishonchingiz komil edi-da? Demak, siz bularni bo‘lmag‘ur narsa deb hisoblagan bo‘lsangiz, avval-boshdan menga nima to‘g‘ri kelsa, shuni safsata qilib sotgansiz. Nima uchun siz darhol menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri marslik xuddi odamdek bo‘lolmaydi deb ayta qolmadingiz?
O‘zimni qanday tutishni bilmasdan nimanidir deb ming‘irladim, u esa tahdidli ohangda davom etdi:
– Tushuntiring, bekitmang! Bu juda qiziq-ku. Yoki siz harholda marslik xuddi odamdek bo‘lishi mumkin deb hisoblaysizmi? Ishonmayman. Siz bunday hisoblashingiz mumkin emas. Istagancha yolg‘onni to‘qiy bering, baribir yolg‘oningizni fosh qilaman. Yaxshisi darhol kelishib olaylik: siz menga ishonmaysiz. To‘g‘rimi?
– Bilasizmi...
– Nimaga “Bilasizmi”?.. O‘zingizni begunoh qilib ko‘rsatmay qo‘ya qoling. Qattiq yolg‘on qo‘pollikdan boshqa narsa emas. Yaxshi, ana shu qo‘polligingizga javob berishga qaror qildim. Javobim ikki karra ikkidek jo‘n va ravshan. Qisqasi, sensey, siz meni aqldan ozgan deb hisoblagansiz. Ko‘zimga tik qarab meni aqldan ozgan deyishni istamadingiz. Siz hamma narsani risoladagidek qilib ko‘rsatib, mana shu gul tuvagi bilan boshimga tushirish uchun anqayishimni kuta boshladingiz...
– Bo‘lmag‘ur gap...
– Yana yolg‘on gapiryapsiz! Aslida, odamday mulohaza yuritganda, meni aqldan ozgan deb hisoblash juda tabiiy, shundaymasmi? Nega ko‘rinishingiz bunaqa? Ha, mana gap nimada... Endi tushundim... Siz mendan qo‘rqayapsiz. Siz xavfsirayapsiz – axir aqldan ozgan bilan gaplashyapsiz-da... Buning ustiga yana to‘polonchi bilan, to‘g‘rimi? Biror muruvvatpesha sizni ogohlantirib qo‘ygani shubhasiz. Ha, aytgancha, sizga yaqinda kimdir telefon qilganga o‘xshaydi... Tag‘in mening xotinim emasmikan?.. Qarang-a, keragi yo‘q, nimaga o‘zingizni yo‘qotib qo‘ydingiz? Endi yolg‘oningiz o‘tmaydi. Shunday qilib, rafiqam sizga nimalarni to‘qidi?
– Hech narsani to‘qimadi. Bu qisqagina muloqot edi, xolos... U siz keldingizmi yoki yo‘qmi bilmoqchi bo‘lgan ekan...
– Yomon, yomon... Bilasizmi, sensey, naqadar ajablanarli bo‘lmasin, siz nihoyatda samimiy inson ekansiz. Sizning basharangizdan hozir gapirganingizning teskarisi ufurib turibdi. Axir u sizga, go‘yoki men to‘polonchi ekanimni, kasalxonadan chiqqanimga atigi uch kun bo‘lganini aytdi-ku, shundaymasmi? Mana endi hammasi tushunarli. Xotinim bo‘lmag‘ur narsalarni bemalol to‘qib tashlayveradi. Siz, sensey, – u to‘satdan oldinga engashdi, – unga ishonmang. Sizga oilamizdagi sharmandachilik to‘g‘risida gapirishni istamasdim, lekin... Ko‘rinishidan u juda oddiygina ayol, menga ortiqcha tashvish tug‘diryapti deb aytmagan bo‘lardim, ammo unda qandaydir irsiyat bilan bog‘liq... Siz uning ovoziga e’tibor bermadingizmi? Bu tovush qandaydir g‘ayrioddiy...
– Hm...to‘g‘ri. Qandaydir... chinqiriqli...
 U stol chetini barmoqlari bilan cherta boshladi.
– Yana yolg‘on gapiryapsiz! Sizdan iltimos, sensey, bundan buyon meni asabiylashtirmang. Aks holda menda xuddi karavotim tagida ola-bula chivinlar in qurgandek his paydo bo‘ladi. Siz, albatta, menga emas, rafiqamga ishonasiz va bu juda tabiiy, shundaymi? Buni men, gumonparast tasdiqlayotgan ekanman, demak haqiqatan ham shunday va bu masalada chalg‘itishingizga hojat yo‘q. Va sizdan iltimos qilaman, keling endi jiddiy gaplashaylik.
– Xo‘p, mayli, keling jiddiy gaplashaylik.
– Shunday qilib, birinchidan... – U qo‘lini ko‘tardi va barmog‘ini bukdi. – Siz mening rafiqamga ishondingiz va meni kasalxonadan chiqqan ruhiy bemor deb hisoblaysiz. Shundaymi?
 – Ha, shunday...
– Davom etamiz, ikkinchi masala. – U ikkinchi barmog‘ini bukdi. – Agar men bu bo‘htonga qaramasdan marslik ekanimni tasdiqlashda davom etar ekanman... Yo‘q, hech qanday “agar”... Men haqiqatan ham buni to‘la qat’iyat bilan tasdiqlayman! Mayli, meni jinni deb hisoblay berishsin, men haqiqatdan voz kechmayman! Dalillar – qaysar narsa, shundaymasmi? Men marslik ekanim kabi, mening aqldan ozmaganim ham rad etib bo‘lmaydigan dalillardir. Siz esa, sensey, buni tan olgingiz kelmayapti. Siz shubhalari bilan erining joniga tekkan va u to‘g‘risida begona odamlarga fisqu-fasodlarni tarqatadigan sotqin xotinimga ko‘proq ishonishingizni hammaga eshittirib ovoza qilishga uyalmadingiz. Yo‘q, siz xotinim bilan jinoyatkorona aloqadasiz deb gumon qilyapman demoqchimasman, menga rashkning axloqsiz xayolparastliklari umuman yot... Shunday bo‘lsa ham ajablanarli... Bu haqda qancha ko‘p o‘ylasam, shuncha kam tushunayapman. Siz hech qachon ko‘rmagan ayol ovozini umringizda birinchi marta eshitdingiz va bu ovoz sizga ro‘parama-ro‘para o‘tirgan odam so‘zlariga qaraganda ko‘proq narsani anglatadi...
U qo‘llarini ko‘targanda barmoqlar mushtum bo‘lib shu qadar qattiq qisildiki, suyakchalari oqarib ketdi, mushtim ichida ter qaynab ketgan bo‘lsa, ajab emas. O‘t bikford simi orqali dinamitga yaqinlashib kelardi va men vahimada sochilayotgan uchqunlardan qutulish uchun juftakni rostladim.
– To‘xtang, axir hayotda romanlardagiga qaraganda ham shubhali dalillar bo‘ladi, – gapira ketdim men. – Haqiqiy voqelikda chinakamiga larzaga soluvchi narsalar bisyor. Masalan, o‘sha uchar likopchalar...
– Uchar likopchalar?
– Ha-da, ular haqida, ehtimol, kelasi hafta oxirlarida xabar bersalar kerak, siz buni eshitasiz... Yoki mutlaqo boshqa sohadan misol: Himolay qor odami...
– Bu bilan nima demoqchisiz?
– Sizdan so‘ramoqchiman: Kashf etilganga qadar Amerika bor edimi? Siz nima deb o‘ylaysiz? Hamma tomonidan qabul qilingan tasavvurlarga ko‘ra, Kolumb Amerikani u kashf etilganga qadar borligiga ishonchi qat’iy bo‘lgani uchungina shunga jazm qilgan. Yo‘q, aftidan, bu juda jo‘n... Men aslida nimani tasdiqlamoqchiman? Falsafa yoki kashf etish bilan mavjudlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tushuntiradigan uslubiyot... o‘ylashimcha, bu juda murakkab, chigal masala...
– Sensey, biz jiddiy gaplashishga kelishib olgan edik-ku.
– Albatta, jiddiy-da! Aytaylik, siz to‘la mas’uliyat bilan qor odam bor deb tasdiqlay olmaysiz, shundaymi? Turgan gapki, buning ehtimoli katta, masalan bu, aytaylik, sizni yoki meni kelgusi yili dunyoning eng go‘zal ayoli deb tanlashlaridan anchayin katta... Faqat bu narsa kashf etilgunga qadar uning mavjudligini e’tirof etishga yo‘l qo‘yib bo‘ladimi?..
– Nima, men siz uchun qor odammanmi? – bo‘g‘ildi mehmonim. U nimanidir qidirayotgandek cho‘ntaklarini qo‘li bilan paypasladi va davom etdi:
– Meni mazax qilishni bas qiling. Menga shallaqidek qarasha-digan bo‘lsa, toqatim toq bo‘ladi... Ha, qaerda edi u, nahotki uni yoddan chiqarib qoldirgan bo‘lsam? Jin ursin, boshim aylanyapti, hozir burnimdan qon ketadi...
U nimani qidiryapti? Burnidagi qonni artish uchun dast-ro‘molchanimi? Shunday bo‘lsa mayli-ya, ammo qo‘llarining haraka-tiga qaraganda u muayyan shakldagi narsani izlayapti. Ajablanarli, g‘alati... Men qizishib dedim:
– Shallaqi deganingiz nimasi? Shoshilmang. O‘ylashimcha, meni tushunmadingiz. Mana men – band odamman, shunga qaramay, sizga shuncha vaqt ajratyapman...
– Chunki menga teskari bo‘lishdan qo‘rqasiz.
– Bilasizmi, suhbatimiz xuddi soat kapgiridek bir narsa ustidagina chayqalmoqda...
– Bunga siz aybdorsiz. Siz sababli men bir qadam ham olg‘a bosolmayapman, chunki siz meni aqldan ozgan deb hisoblayapsiz.
– To‘xtang, bir daqiqa! Siz o‘zi mendan aniq nimani xohlaysiz? Siz mamnun bo‘lishingiz uchun nima qilishim kerak?
– Buni men sizga aytdim. Siz mening marslik ekanimga... hech bo‘lmaganda ana shu dalilga qiziqib qarasangiz deyman.
– Bu o‘z-o‘zidan ayon. Bilsangiz, men, mana, salkam ikki yildan beri marsliklar bilan yonma-yon yashayapman.
– O‘ylab topilgan marsliklar bilan...
– Albatta, o‘ylab topilganlari bilan. Lekin men uchun ular tashqi dunyodan kam bo‘lmagan holdagi voqelik. Sizdan go‘yoki marslik ekaningizni eshitish men uchun qiziqarli bo‘lmadi deb o‘ylamang. Marsliklar men uchun eng yaxshi do‘stlar va hamsuhbatlar.
– Demak, sizni faqat ko‘rinishi menga o‘xshash bo‘lgan marsliklar qiziqtirmaydi. Chunki xuddi odamdek marslik siz, sensey, shu qadar yaxshi ko‘radigan marsliklarga biron o‘xshash joyi yo‘q.
– Bu o‘rinda ham siz meni tushunmadingiz. Siz bilganingizdek, mening marsliklarim Yerda farqlari ko‘zga tashlanmaydigan qiyofada yuradilar. Agar aqlli mavjudotlar boshqa sayyoralarda bo‘ladigan bo‘lsalar, ularning bunga tafakkurlari yetishi kerak, shunday emasmi? Shu nuqtai nazardan sizning bu darajada evrilishingizni mantiqiy mukammallik namunasi deb atash mumkin. Siz men ixtiro etgan marsliklar orasida yetakchi mavqega ega bo‘lardingiz deb o‘ylayman.
– Buni jiddiy aytyapsizmi?
– Albatta, jiddiy. Eh, sigareta o‘chib qopti, men esa sezmabman...
– Agar bunga ishona olganimda, juda mamnun bo‘lardim.
– Qo‘ysangiz-chi, siz buni juda qoyilmaqom qilib uddaladingiz! Marsliklarimni shu darajada o‘zgartirishga, masalan, mening aqlim bovar qilmabdi. Qanchalik sinchiklab qaramang, sizni sira marslik deb aytib bo‘lmaydi. Qaerda bo‘lmang, hech kim sizning haqiqiy basharangiz qandayligini bila olmaydi.
– Shunday bo‘lsa ham, sensey, umidlaringizni oqlamaganim uchun uzrimni qabul etgaysiz... Gap shundaki, men o‘zimni mutlaqo o‘zgartirmaganman.
– Ya’ni, bu sizning haqiqiy ko‘rinishingizmi?
– Ha. Taassuflar bo‘lsinkim, agar badanimga tig‘ urishsa, qonim oqadi. Qizil qon, xuddi odamlarnikidek...
– Xo‘p, yaxshi, yaxshi. Buni ko‘nglingizga yaqin olmang. Deyishadi-ku, notabiiylikka yo‘l tabiiylik orqali o‘tadi, deb
– Shunga qaramasdan umid qilamanki... – U ko‘zini g‘ilay qildi, lablarini qisdi va to‘satdan, xuddi niqob almashgandek, chehrasi avvalgi, dastlabki farosatli va nufuzli ko‘rinishini oldi. Uning shu ongacha bo‘lgan – vahimali, tund, shafqatsizlik aks etib turgan qiyofasini tasavvur qilish ham mushkul edi. – Juda ajoyib-da, – dedi u. – Ko‘zim aldamaydi-da... Boshqalarni bilmadim-u, lekin siz, sensey, albatta meni tushunishingizga ishonardim.
Men yengil nafas oldim. Endilikda kuchlarimiz teng edi. Aqldan ozgan, agar u sofizm o‘yiniga qodir bo‘lsa ham, baribir aqldan ozgandan boshqa kimsa emas. So‘z ko‘zbo‘yamachiligida pixini yorgan mendek odam bilan bahslashish oson emas. Yelkamdagi zil-zambil yukni uloqtirib tashlab, sertashvish mehmonim cho‘ntagidagi narsa bilan bog‘liq masalani darhol hal etishga qaror qildim.
– Siz hadeb nimani qidiryapsiz o‘zi? – so‘radim men.
– Pichoqni. Menimcha, uni yoddan chiqarganga o‘xshayman.
– Pichoq?
– Ha. Pichoqni doim yonimda olib yuraman...

8

Qandaydir noxush sezgirlik meni ish stolimga qarashga majbur qildi. Bu mening xatoyim edi.
Qoralama bitiklarim dastalari tagidan alpinistlar pichog‘ining keng dami sovuq yaltillab ko‘rinib turardi. Bu pichoq zalvorli edi – men undan press sifatida foydalanardim va juda o‘tkir edi – men uni qaychi o‘rnida ishlatardim. Zarurat tug‘ilsa, u ajoyib qurol vazifasini o‘tashi mumkin edi. Nigohimni darhol pichoqdan oldim, biroq kech bo‘lgandi. Mehmonim nihoyatda epchil chiqib qoldi. Deyarli bir harakat bilan u stuldan sirg‘anib tushdi, stolni aylanib, xonani kesib o‘tdi va pichoq uning qo‘liga tushdi. Shuning o‘ziyoq meni behol qilib qo‘ydi.
Ammo men tarafga o‘girilganda uning basharasida hayajondan nom-nishon sezilmasdi. Shunisiga ham shukr. U pichoq damini tekshirib ko‘rdi. Ayni paytda u o‘zining avvalgi uyatchan tabassumi bilan kulib turardi. Aftidan, ahvol men xavfsiragandek rasvo emasdi. Axir tirnog‘ini tishi bilan g‘ajiydigan bolalar, tirnog‘ini pichoq bilan olishga odatlangan tentaklar bor-ku, buning nimasidan xavfsiraysan?
– Ajoyib pichoq, – dedi u. – Sopi haqiqiy bug‘u shoxidanmi?
– Haqiqiy.
– Uni biroz vaqtga menga berib turolmaysizmi?
– U sizga nimaga kerak?
– O‘ylashimcha, sensey, biz juda inoqlashib qoldik. Chin so‘zim, sizga minnatdorchiligimni qanday bildirishni bilmay turibman. O‘zingiz bilasiz, xohish-istaklarimizning chegarasi yo‘q... Agar o‘z so‘zlaringizni amaliy ish bilan isbotlashni zimmangizga olganingizda sizga boshqa hech qanday e’tirozim qolmagan bo‘lardi... Sizdan o‘tinib so‘rayman, sensey, menga shu marhamatingizni ko‘rsating, xo‘pmi? Siz bilan ruhan yaqinligimizni isbotlang... – Shunday deb u pichoq damidan ushlab tortinchoqlik bilan sopini menga uzatdi. – Juda jo‘n ish. Bor-yo‘g‘i sinab ko‘rish uchun tiqib ko‘ring...
– Qaerga tiqay?!
– Menga-da, albatta.
– Ahmoqona hazilingizni yig‘ishtiring!
– Axir men marslikman-ku.
– Lekin o‘zingiz aytdingiz-ku, agar sizni kesishsa, qon oqadi, deb.
– Biroq bu odamning emas, marslikning qoni bo‘ladi.
– Maynavozchilikni yig‘ishtiring!
– Juda qiziq-da... O‘z stsenariylaringizda, sensey, siz duch kelgan marslikni o‘ldirasiz. Faqat mening xotiramda bunday qotilliklarning kamida ikki yuztasi saqlanib qolgan. Ommaviy qirg‘inlar to‘g‘risida-ku, gapirmay qo‘ya qolay...
– Axir bu faqat og‘izda-ku...
– O‘ylashimcha, bu yerda boshqa bir narsa bor. Marsliklarni o‘ldirishga moyillik qoningizda bor, sensey. Shuning uchun ham tasavvuringiz qandaydir yuzoyoqliklar, ajdaholar, so‘galli sharlar ... jonli tutun, sakraydigan qum zarralari, shiftga sapchiydigan shilimshiq maxluqlar kabi dahshatli narsalarni yaratadi... Chunki ularni vijdonni hech qiynamay o‘ldiraverish mumkin.
– Yolg‘on! Sizga ko‘zga tashlanmaydigan, odam payqamaydigan shakllarni tanlashga harakat qilaman deb aytdim-ku!
– Nima uchun?
– Men qora qahva bilan aldamchi voqelik, aldamchi xotirjamlik allalaydiganlarni siylashga harakat qilaman.
– Urishqoqlikka undaydigan, qotillikka da’vat qiladigan qahvami?
– Sizga majoz nima ekanligi ma’lummi? Tushuntiraverish jonimga tegdi. Yaxshilab o‘ylab, chuqurroq mulohaza yuritib ko‘rishga harakat qilsangiz, anglab yetasiz: men hujum qilayotgan deyarli barcha marsliklar aslida vujudimizdagi insoniy yovuzliklarning ramzlaridir. Zero dushman – faqat va albatta tashqaridan hujum qiladigan bosqinchi emas...
– Quloqqa xush yoqadi. Amalda-chi? Agar xuddi odamdek bo‘lmaganimda, balki so‘gallar bilan qoplangan bahaybat shilimshiq maxluq bo‘lganimda biron iltimosimsiz ham, sensey, menga pichoq bilan tashlangan bo‘lardingiz, shundaymi?
– Shundaymi, shunday emasmi, faqat sizdan iltimos: pichoqni joyiga qo‘ying...
– Qarang-a, naqadar hiylakorsiz, sensey! Yaxshisi, sizga arzimas iltimos bilan murojaat qilganimni eslang. Marsliklarni o‘ldirishni man etadigan qonun bizda hech qaerda yo‘q... Tashqi ko‘rinishimdan xijolat tortmang, buning uchun sizga hech narsa deyishmaydi, shunday ekan, vijdonni qiynamay ishga kirisha-vering... – Shunday deb u bepisandlik bilan pichoq uchini biqiniga qadadi va xuddi taklif qilayotganidek ikkinchi qo‘li bilan sopiga urdi. – Mana shu joyga yaxshilab tushiring, tamom-vassalom.
– Meni tinch qo‘ying!
– Tushunmayapman... Siz, nima, meni laqqa tushirdingizmi, men esa el burutdan xursand bo‘lib yuribman.
– Shoshmang, – dedim men beixtiyor stolning qarshi tomoniga siljir ekanman. – Marslik sifatida sizga haqiqatan ham qiziqishim tabiiy. Lekin qiziqish – boshqa, sizga ishonch esa – mutlaqo boshqa. Qiziqishning ishonchga aylanish imkoniyati anchayin uzoq muloqot natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Shoshilish bizga faqat ziyon keltiradi. Ana shunaqa. O‘zingizni mening o‘rnimga qo‘yib ko‘ring...
– Sizning o‘rningizda men darhol tushirardim! – U qo‘lining qo‘rqinchli harakati bilan pichoqni aylantirdi va sopini qisdi. – Sizning sensey, yerlik ekaningizga zarracha shubha qilmayman. Shu narsani bilamanki, agar yerlikni o‘ldirsam, marsliklarning qonuni buzilmaydi.
– Bu mutlaqo boshqa narsa. Qo‘shiluvchilarning o‘rni o‘zgar-tirilganida yig‘indi hamisha ham o‘zgarmay qolmaydi. Siz doim bir qutbdan ikkinchi qutbga otilasiz. Bunday qilib bo‘lmaydi. Dunyoda faqat oq bilan qora mavjud emas, qandaydir o‘rtasi ham bo‘ladi. Har qanday kelishuv ham bevosita shu o‘rtadan boshlanadi. Anglashimcha, siz kelishuvga intilyapsiz... Sizdan iltimos qilaman, pichoqni bunday ushlamang! Qarang, qora terga botib ketdim. Ehtimol, oqarib ham ketgan bo‘lsam kerak. Menda kesuvchi narsalarga idiosinkraziya bor...
– Ha, darhaqiqat... Sizni qo‘rqitib yubordim, shekilli... – U pichoqni ohista pastga tushirdi. – Demak, sensey, o‘ylaganimdan farqli o‘laroq siz – insonparvarsiz? Men tomonimdan sizga marsliklarni o‘ldirish yoqadi deb xayol qilish ahmoqlik bo‘lgan...
– Ha-da! Muxlisim men to‘g‘rimda shunchalik xato qilishi ajablanarli....Pashshaga ham ozor bermayman desam lof bo‘lar, biroq hayotga ruhiy hurmat bilan qarashda hech kimdan qolishmayman.
– Lekin qurt-qumursqalarni o‘ldirsangiz kerak?
– Faqat zararlilarini.
– Bu yerda nimalar demadik, shunday bo‘lsa ham tashqi qiyofam meni o‘ldirishingizga xalaqit bermoqda. Agar men, mayli, qurt-qumursqa, shilimshiq maxluq bo‘lmay, ammo terim, masalan, yashil yoki siyohrang tusda yoxud quloqlarim uch qarich uzunlikda bo‘lsa, meni qurt-qumursqadek yanchib tashlardingiz, to‘g‘rimi?
– Siz meni haqorat qilyapsiz, bilsangiz. Nima, boshqa gapingiz yo‘qmi? Men hamisha kuch ishlatishga qat’iy tarzda qarshi bo‘lganman; agar ishonmasangiz, xotinimdan so‘rashingiz mumkin. O‘n to‘rt yil birgalikdagi turmushimiz mobaynida uni bor-yo‘g‘i uch marta do‘ppos-laganman, bu bir marta kaltaklash to‘rt butun o‘ndan yetti yilni tashkil qilishini ko‘rsatadi. E’tibor bering, bu indeks Yaponiya bo‘yicha o‘rtacha ikki yilda bir butun o‘ndan to‘rtga teng. Shu jihatdan men chinakamiga namunaviy insonman. Qolaversa, qurt-qumursqalar masalasiga kelsak, men faqat chivin va pashshalarni o‘ldiraman, chumoli, suvaraklarni esa to‘laligicha xotinim ixtiyoriga qoldiraman...
Shu joyda u ko‘zini yumib, bo‘g‘iq, vahimali kula boshladi. Agar u oddiy odam bo‘lganida, aqldan ozgan deb o‘ylardim. Biroq u shunday ham jinni edi va men gangib qolgandim.
– Mana bunisi qoyil! – kulgi orasida xirilladi u. – Demak, meni so‘yish uchun xotiningizni yuborsa bo‘larkan-da?
– Bo‘lmag‘ur narsalarni gapirmang! Aytganday, qurt-qumursqalarga doir misolim haqiqatan ham u qadar muvaffaqiyatli chiqmaganini tan olishim kerak. Tilimning uchida turgan edi. Axir bu juda jiddiy masala. Biz odam kim ekanini aniqlaganimizdan keyingina ishga kirishishimiz mumkin...
– Keragi yo‘q, tashvishlanmang. Hazillashdim. Nega bunday deysiz? – U kulishdan to‘xtab, nafasini rostladi. – Chin so‘zim, siz o‘z mashg‘ulotlaringizni yig‘ishtirib, men bilan shuncha valaqlashishga rozi bo‘ldingiz... Chinakamiga rosa maza qildim... Jiddiy suhbat ruh uchun ajoyib mashq hisoblanadi... Aytgandek, men uchun bu hayotiy tajribani oddiy mashqqa tenglashtirish kechirib bo‘lmas xato bo‘lur edi. Bu tajribani yanada boyitish uchun tegishli xotima talab qilinadi.
U rostakamiga xayrlashmoqchiga o‘xshardi va menga hatto xonadagi havo to‘satdan yorishgandek tuyuldi, o‘zimni esa ta’rif qilib bo‘lmaydigan darajada yengil his qildim. Har xil bo‘lmag‘ur gaplarni vaysashni xohlab qoldim, lekin o‘zimni qattiq tiyishga majbur edim va charchaganimni atayin ko‘z-ko‘z qilib, qiziqsinib so‘radim:
– Yana qanaqa xotima?
– Siz marslik ekanimni aniq va hech ikkilanmasdan tasdiq-laysizmi?
– Nima, yana hammasini boshidan boshlaymizmi?
– Aslo. Siz buni e’tirof etishingiz bilan tugallaymiz.
– Siz nihoyat tushunib yetishingiz uchun necha bor takrorlash kerak, axir? Dalillarsiz e’tirof etish aqida bilan barobar. Mayli, siz marslik bo‘la qoling, ammo siz ma’bud emassiz-ku, meni ishonti-rishingizdan sizga qanday naf? Agar haqiqatan marslik bo‘lsangiz, buni tasdiqlovchi qandaydir dalillarga ega bo‘lishingiz kerak. Shunday ekan, meni har narsada ayblayverishdan oldin, ehtimol, dalillaringizni taqdim etarsiz.
– Ammo buning imkoniyati yo‘q. Aksioma isbotni talab etmaydi, bu hatto oddiy geometriya darsligida ham qayd etilgan. Dalillar o‘rtasidagi munosabatlarnigina isbotlash mumkin, dalillarning o‘zini isbotlash esa kuchukni kuchuk deyish bilan barobar. Menga, iltimos, “necha bor takrorlash kerak”, demang. O‘zingizni insonparvar deb ataysiz-u, ojiz odam bilan qanday muomala qilayotganingizni ko‘ring.
– Yaxshi, men nima qilishim kerak?
– Siz menga ishonishingizni xohlardim. Chinakamiga ishonishin-gizni. Jo‘ngina “ishonaman” deb hamma ham aytishi mumkin. Bu pisanda, xolos, bunaqasi menga to‘g‘ri o‘tmaydi. Bu yerda kim agar Kolumb Amerika borligiga ishonmaganida uni kashf qila olmagan bo‘lardi deyayotgandi? Sizmi, sensey!
– Men bunday demadim. Buning juda nozik tomonlari bor... Shunday bo‘lsa-da, mayli. Tushunarli. Men endi ishonishga qaror qildim. – Agar ishonmayman desam, bu adi-badilarning oxiri ko‘rinadigan emasdi. – Ha, men ishondim. Siz – marsliksiz.
– Sizga rahmat, – dedi u bemaza spektakldagi artist kabi kibr bilan. – Uzoq davom etgan muzokaralar samarasini berdi. Men nihoyat Yer aholisi bilan teng huquqli muzokaralarda muvaffaqiyatga erisha oldim. Sizga barcha marsliklar nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.
– Barcha marsliklar nomidan? Nima, hali boshqalar ham bormi?
– Nima deb o‘ylayotgandingiz? Qaysi irq faqat birgina shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin? Ammo, kechirasiz... Siz ishongan ekansiz, men hamkorligingizga umid qilishga haqliman... Iltimos, pirovardida kichik testdan o‘tishga rozi bo‘lsangiz.
– Testdan?
– Bilasizmi, siz haqiqatan ham ishonganingizga dalil istayman. Ya’ni, avval boshdagi, aqldan ozgan hamsuhbatdan qutulish uchun bahona emas, aniq dalil kerak. Tashvishlanmang, bu menga pichoq urish kabi yovuz taklif bo‘lmaydi. Boshlasak bo‘ladimi?.. Yo‘q, yo‘q, sensey, qaerda turgan bo‘lsangiz, o‘sha yerda qolavering...
Shunday der ekan, u stolning narigi tomonida deraza bilan eshik orasidagi joyni egalladi, qaddini tikladi, sekin chap oyog‘ini oldinga qo‘ydi, o‘ng yelkasini tez orqaga tortdi, so‘ng pichoqni tepaga otib, epchillik bilan damidan ilib oldi. Pichoqni yelkasi ustida ushlab, haqiqiy nayza uloqtiruvchilar holatini egalladi.
– Bu nima? – lol qoldim men. – Yana pichoqmi?
– Ha, pichoqni ishlatish menga qulayroq. Qoidani tushuntiraman. Men ovoz chiqarib, o‘ngacha sanayman va “o‘n” deganimda uni otaman. Qayoqqa otishimni ayta olmayman. Ehtimol sizgadir, sensey, ehtimol, yana nimagadir. Buni o‘zingiz toping. Keyin. Sanayotganimda pichoqni otmayman, siz esa, sensey, nimani xohlasangiz, shuni qilishingiz mumkin. Siz nima qilmang, men e’tiroz ham bildirmayman, qarshilik ham ko‘rsatmayman. Sizga hammasi tushunarlimi? Menimcha, qoidalar juda aniq va oddiy.
– Tushunmayapman, bu o‘zi sizga nima uchun kerak?
– Siz bir qarorga kelishingiz kerak, sensey. Men – kimman? Marslikmanmi yoki o‘zini marslik deb tasavvur qilayotgan ongsizmi? Pichoqni qaerga otishim shunga bog‘liq... Agar marslik bo‘lsam, tashqi ko‘rinishimning odamga o‘xshashi siz bilan bizning ruhiy bir xilligimizni ham taqozo etishi shart emas... Bu holda menga insonparvarlik kabi tushunchalar yot va men mutlaqo o‘zga mafkura tarafdoriman. Ammo mafkuram yerliklarnikiga qaraganda inson-parvarliroq ekanligiga umid yuz imkoniyatdan ellikta... Agar men jinni bo‘lsam, marsliklar mafkurasini qanday tasavvur qilishimga qarab yoki zo‘ravonlik qilish tarafdori, yoki bunga qarshi bo‘lishim mumkin...
– Biroq men bu ushbu masala bo‘yicha sira xulosa chiqara olmasligimni anglatadi.
– Ha, masala shunday, jo‘n tarzda qo‘yiladigan bo‘lsa, aftidan, biror xulosaga kela olmaysan.
– Kichikkina izoh bersangiz. O‘zingiz marsliklar haqida qanday fikrdasiz?
– Hech qanday, axir men marslikman-ku.
– Bu bema’nilik-ku! – Bundan buyoq hayajonimni yashirmaslikka qaror qildim, chunki befarq bo‘lib qolgandim. – Nihoyatda murakkab masala, mushohada yuritib ko‘rish uchun hech bo‘lmaganda uch kun muhlat bersangiz...
– Agar o‘zingizga ishonch bo‘lmasa, men sanashni tugallaganimcha juftakni rostlashingiz, menga tashlanishingiz, o‘zingizni himoya qilish chorasini ko‘rishingiz mumkin.
– Unda nima bo‘ladi? Mana, siz qarshilik ko‘rsatmayman dedingiz, lekin bunga qanday ishona olaman?.. Menga yana qandaydir imo bering!
– Siz o‘z fikrlaringiz kuchini namoyish qilishingiz kerak. Agar men bilan halol munosabatda bo‘lgan bo‘lsangiz, qo‘rqadigan joyingiz yo‘q. Shunday qilib, boshlayman. Tayyorlaning. Bir... ikki... uch...
Kelishi kerak bo‘lgan ayol qayoqda qoldi? O‘ttiz daqiqa o‘tib bo‘lgandir. Bu mening so‘nggi umidim edi va soatga qaradim. Soat yigirma besh daqiqa o‘tganini ko‘rsatardi. Faqat soniya millari quturgandek jadal siljirdi va fikrlarimni chigallashtirardi.
–Uch...to‘rt... besh...
Mehmonning barmoqlari pichoqning sovuq damini tobora mahkamroq qisardi. Ularni men xuddi o‘zimning barmoqlarimdek his etmoqda edim. O‘ylashdan foyda yo‘q, faqat ichki hissiyotga tayanish qolgandi.
– Besh... olti... yetti...

9

Ichki hissiyot... Bu o‘y emas, aldov, unda biror jiddiy narsa yo‘q. Yanchilgan chayonning talvasasi ham qandaydir hissiyot. Hech narsa qilmaslik kerakligini shipshitadigan hissiyotning borligi ham shubhasizdir. Xuddi sehrlab qo‘yilgandayman, turgan joyimda qimir etmayman, yanagi harakatni kutgancha ko‘zimni pichoqni qisib turgan barmoqlardan uzmayman.
– Yetti... sakkiz... to‘qqiz...
 U anchayin sekin, ikki yarim yoki uch soniya oralig‘ida sanardi. Oramizdagi masofa ham yaqin, nari borsa uch metr edi. U sanog‘ini tugatmaguncha pichoqni otmaslikka ham kelishib olingandi. Shuning uchun azm qilsam, qarshi hujumga o‘tish imkoniyatim bor edi. Bundan tashqari, pichoqni otish uni ishlatishning yagona usuli emasdi. Balkim, meni to‘xtatib qolish uchun bunga ishora qilgandir.
Yo‘q, bu mantiqiy mushohadalar biron naf bermaydi... Shizofreniyaga chalingan odamning raso fikrlash qobiliyatini e’tirof etib, men faqat mag‘lubiyatimni tan olaman. Menda barcha kuchimni to‘plab, tasodifga bo‘ysunishdan boshqa chora qolmagandi.
Shundan keyin...
– O‘n...
Shu ondayoq stol tagiga sho‘ng‘idim. Yana ko‘zimning qirrasi bilan “o‘n” deganda mehmonimning qo‘li pastga siltangani va pichoqning oqish dami havoni kesib o‘tganini payqadim. Keyin zarb tovushi eshitildi – pichoqning uchi qandaydir qayishqoq narsaga borib sanchilgandi.
Miyamda “tegdi” o‘yi yalt etdi va men qattiq og‘riqni kutgancha g‘ujanak bo‘lib oldim. Lekin bu nima? Yiqilganda polga urilgan peshonam qaqshab og‘rirdi, tizzalarim zirqirardi... Boshqa hech qaerimda og‘riq yo‘q edi va ochig‘ini aytganda, o‘zimni o‘lgan deb his qilmayotgandim...
Ha. U meni mo‘ljalga olmagan ko‘rinadi. Mana, u jahlimni chiqarib qah-qah urib kulmoqda. Juda noo‘rin kulgu. Men hadiksirab boshimni ko‘tardim va ro‘paramda – boshim uzra turgan stulni ko‘rdim. O‘sha, eshik oldidagi stul. Uning suyanchig‘ida sopigacha sanchilgan pichoq turardi.
O‘zimni noqulay his qilgan holda o‘rnimdan turdim va tizzalarim-dagi changni qoqqan bo‘ldim. Hatto o‘zimda ovozim boricha bo‘kirmaslikka kuch topa olganimdan biroz g‘ururlanardim... (O‘sha onda bunday qilmaganim uchun endi afsuslanishga hojat yo‘q. O‘z qadr-qimmating, obro‘yingni o‘ylashning nima keragi bor? Qo‘rqoq kuchukdek uvillaydi deyishadi. Ammo ayni shu qo‘rqoqligi bilan kuchuk o‘ziga qilingan hujumdan himoyalanadi. Bordi-yu, siz ham shunday holga tushib qolsangiz g‘ururingizga erk bermang, mening ahmoqligimni takrorlamang. Bizning beburd asrimizda xuddi shu qo‘rqoqlik, ehtimol, eng oliy iste’dod, eng oliy fazilat bo‘lsa kerak...)
Mehmonim tantanavor nigohini stul suyanchig‘idagi pichoqdan menga va mendan yana pichoqqa qadadi. Keyin labini cho‘chchaytirib, ko‘zini qisib dedi:
– Juda chaqqon ekansiz, lol qoldim.
– Bo‘lmasam-chi, – dedim men qotib qolgan tilimni arang aylantirib. – Xo‘sh, nimaga erishdik? Testdan o‘tdimmi, o‘tmadimmi?
– Bunga tupuring. Bunday testlar, umuman olganda, hech qanday ma’noga ega emas.
– Hech qanday ma’noga ega emas?
– Albatta. Chunki test avval-boshdan bema’nilikni aniqlashga mo‘ljallangandi. Tabiiyki, bema’nilikni aniqlashga qaratilgan testlar ham ma’nosiz bo‘ladi.
– Bu nima deganingiz?
– Eh, sensey, siz haqiqatan ham ajoyib insonsiz...
– E, siz... agar siz buni faqat hazil tariqasida qilgan bo‘lsangiz...
– Tortinmang, marhamat... eshitaman...
– Yo‘q, avval o‘zlaridan bo‘lsin!
– Hay, mayli. Faqat aniqlik kiritish uchun yana bir bor sizdan, sensey, so‘ramoqchiman: siz mening marslik ekanimga chindan ham ishonasizmi?
– Jonimga tegdingiz. Axir men shu sababli ham testingizdan o‘tishga rozi bo‘lmadimmi? Endi esa buning ma’nosi yo‘q edi deb turibsiz... Axir mas’uliyatsizlik ham evi bilan bo‘ladi-da!
– Buni shunchalik jiddiy qabul qilganingizdan juda taassufdaman... – U boshini yelkasi tomon tortdi. – Siz faqat mendan achchiqlanmang, sensey. Men buni biron yomon niyatda qilmadim. Shunchaki spektakl juda jozibali chiqdi...
–Spektakl?
– Bilsangiz, hozirgi vaqtda mol sotish juda mushkul ish. Radio va televidenie orqali berilayotgan reklamalarning nafi kam. Nima ham derdik, maqsad unga erishishga xizmat qiladigan vositani oqlaydi. Mijozda qanday qilib taassurot qoldirish mumkin? Mayli, yaxshi taassurot, yomon taassurot – faqat kuchli bo‘lsin. Ammo dori shunday ta’sir qiladi deb o‘ylamagandim. Aftidan, biroz haddidan oshirib yuboribman... Lekin siz, sensey, shuni bilingki, men hamma vaqt sizga tirnoqcha ziyon yetkazmasligimga ishonchim komil edi...
U stulga yaqinlashib, pichoqni sug‘urib oldi va avaylab stol chetiga qo‘ydi. Shundan so‘ng ikki barmog‘i bilan ichki cho‘ntagidan tashrifnomasini olib, menga uzatdi.
– Nihoyat o‘zimni tanishtirishga ijozat bersangiz. Kaminangiz...
Tashrifnomaga qaradim. Unda quyidagilar bitilgandi.

“MARS” UYUSHMASI YER MAYDONLARINI SOTISHGA KO‘MAKLASHISH BO‘LIMI TANAKA ITIRO

Tashrifnomaning odatda manzil ko‘rsatiladigan chap burchagi qandaydir o‘tkir narsa bilan tekis qilib qirqib olingan edi.

10

– Nima, siz oddiy savdo agentimisiz?
– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi u mayin tabassum ila dastro‘moli bilan ter bosgan burnini artar ekan. – Bo‘lim asosan reklama bilan shug‘ullanadi, biroq qulay imkoniyat tug‘ilsa, savdo bitimlarini ham amalga oshiradi.
– Ammo bu quyushqondan chiqish bo‘ladi-ku! – Kutilmaganda vujudim qahrga to‘layotganini his etdim. Baqirmoqchi ham bo‘luvdim, ovozim chiqmadi. Zahar nihoyatda tez tarqalayotgan edi, u butun ongim kabi tomog‘imni falaj qilgandi. – Sizning uyushmangiz nimalarni sotishini bilmayman, ammo bunday hollarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! Axir bu firibgarlik-ku! Shaxsga qarshi jinoyat! Hoziroq qorangizni o‘chiring! Men bandman! Hamma narsaning ham chegarasi bo‘ladi!
– O‘tinib so‘rayman, sensey, – iymanib dedi u. – Agar bunday hayajonlanadigan bo‘lsangiz, bu menga ham yuqadi. Men juda qiziqqonman, buni sizga aytgandim...
– Bekorlarni aytibsiz! Endi bunaqasi o‘tmaydi! Qarang-a, goh u marslik emish, goh ongsiz to‘polonchi... Bilib qo‘ying, men hech ham siz o‘ylagandek bo‘shangmasman!
– Bu anglashilmovchilik, sensey... o‘kinchli anglashilmovchilik... Juda haddimdan oshganimni tan oldim-ku... Lekin bu yerda sizga aytganlarimning hammasi ham yolg‘on emas...
– Ha-da, Tanako Itiro ismli marslik – bu hazil emas, bu juda jiddiy! Agar siz marslikman deb aldamagan bo‘lsangiz, sizning tashrifnomangiz soxta. Nahotki, o‘zingizni oqlash uchun qilayotgan urinishlaringiz juda xunuk ko‘rinayotganini sezmayotgan bo‘lsangiz?
– Shunday bo‘lsa-da, yolg‘on gapirayotganim yo‘q. Haqiqatan ham ismimga qarab mushohada qilinadigan bo‘lsa, men – oddiy yerlikman. Ayni paytda men baribir marslikman. Gap shundaki, men – bo‘lajak marslikman, “Mars” uyushmasi meni Marsning bo‘lajak fuqarosi sifatida rasman ro‘yxatga olgan. Axir siz bir vaqtlar Amerikaga ko‘chib o‘tgan oq tanlilar hozir amerikaliklar deb atalayotganidan ajablanmaysiz-ku. O‘ylashimcha, Tanaka Itiro ismli marslikda ham hayratlanarli narsa yo‘q...
– Siz muttahamsiz!
– Iltimos qilaman, sensey... Sizni ogohlantirganman-ku...
U bu so‘zlarni betimga tik qarab, boshini yelkasi ichiga tortib, va xuddi og‘riqqa chiday olmayotgandek lablarini tishlagancha xirillab aytdi. Barmoqlarining uchi pichoq sopiga yetdi, keyin sekin stol chetidan o‘ng va chapga sirpandi. Bu uning eng yaxshi ko‘rgan nayrangi bo‘lsa, ajab emas... Biroq go‘yo nafas olishi to‘xtab qolgandek yelkalari ko‘tarilgan... qonsiz lablari oqarib ketgandi... Qiyofasidagi bunday o‘zgarish qandaydir mudhish hodisadan darak berar va men yana ikkilana boshlagandim.
Ahmoqona tomoshaning yuqori cho‘qqisida – pichoq otish – va darhol shundan keyin savdo agentining pastkash tashrifnomasi... Bunday kutilmagan o‘zgarish ko‘zimni ko‘r qilgani aniq. Xotinining telefondagi ogohlantirishini ham yoddan chiqarib bo‘lmaydi. Agar marslik bilan bog‘liq nayrangni hiylakorlik deb hisoblaganda ham bu nayrang chinakam aqlsizlikning mevasi emasligining dalili qani? Yo‘q, birinchi navbatda – ehtiyotkorlik va men yana o‘z qobig‘imga kirib oldim.
– Ehtimol, – dedim men, – agar shu nuqtai nazarda turib mushohada yurgiziladigan bo‘lsa, siz haqiqatan ham meni faqat yolg‘on bilangina siylamadingiz. Mars aholisi ro‘yxatga olinayotgan, xohlagan odam marslik bo‘lishi mumkin ekan, hammasi mantiqiy bo‘lib chiqmoqda.
Shu soniyadayoq uning chehrasi xira tortgan ko‘zgu artilganidek ochilib ketdi va u yana yengil tortib, tez gapga tushdi:
– Siz hamma narsani tushunganingizdan nihoyatda xursandman... Chin so‘zim, faqat yolg‘onni to‘qish xayolimda ham bo‘lmagan... Ish manfaati yuzasidan ba’zida ayrim mubolag‘alarga yo‘l qo‘yishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham nohalollikka qat’iyan qarshiman... Men xuddi shu tafovutni ta’kidlash niyatida edim...
Bunday behayolikdan yana achchig‘im chiqdi.
– Aytganday, – dedim men, – nima uchun tashrifnomangizdagi manzil yozuvi qirqib tashlangan?
– Ha, bumi?.. O‘zi shunday... Suhbatimiz davomida behudaga xavotirlanishingizni xohlamagandim...
– Xavotirlanish? Nimadan?
– Tashvishlanmang, keyin bilasiz.
Yana aldov. Ammo e’tiroz bildirishga urinish – uning tegirmoniga suv quyish bo‘ladi. Unga odamday muomala qilsang, aftingga changal solaman deydi. Bu xuddi maymun bilan daraxtda turib olishgan bilan teng – g‘olib chiqishga umid yo‘q. Darhol chekinish va jang maydonini raqibga qoldirish – eng oqilona qaror. Dam olmoqchidek, o‘rindiq suyanchig‘iga yastandim, yangi sigaretani tutatdim va hamsuhbatimni boshi berk ko‘chadan olib chiqishga urinib ko‘rdim.
– Mayli, aytganingizdek bo‘la qolsin. Ha, siz menga qandaydir qiziqarli yangilikni aytmoqchiydingiz, shekilli? Suhbatimiz boshida shunga o‘xshash biron narsa degandek bo‘luvdingiz, chamasi... yoki bu ham biroz mubolag‘amidi?
– Nimaga bunday deysiz, sensey! Har holda sizning ashaddiy ixlosmandingizman-ku. Oldingizga quruq kelishga jur’at etgan bo‘larmidim?
– Unda bu qanday yangilik ekan? – qiziqdim tutun halqachalarini shiftga buruqsitar ekanman. – Siz Marsda yer maydonlari bilan savdo qilishni boshlaganingizmi?
– Ha, boshladik. Agar siz xohish bildirsangiz, marhamat, xursand bo‘lamiz... Lekin tashrifim sababining bu savdo ishlariga biron aloqasi yo‘q. Men chin qalbdan ham sizga bir xizmat ko‘rsatish uchun keldim.
– Nihoyatda mamnunman... Agar toqatimni toq qilmasdan, sovg‘a solingan xaltangizni ko‘rsatsangiz, chakki bo‘lmasdi.
– Taajjub... Men uni darhol ko‘rsatgan edim, shekilli?.. Tushunyapsizmi, o‘zim – sovg‘aman! O‘zim!
– Siz?
– Nima, bu sizni qoniqtirmaydimi?.. Ha, aytganday, men muttaham bo‘lsam... Mendan biron naf tegishiga ko‘z tikib bo‘lmaydi, albatta...
 Uning yuzida aks etgan noumidlik shu qadar tabiiy ediki, men vaziyatni yumshatishga kirishdim:
– Nimalar deyapsiz, o‘zi! Buni hatto xayolimga ham keltirmaganman. Siz, masalan, juda kuchli taassurot qoldirasiz. Uyushmangizga siz haqingizda eng yaxshi fikrlar bildirilgan tavsifni bajonidil yo‘llashga tayyorman.
– Siz, sensey, hali ham tushunmayapsiz... Tashrifim siz uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanini tushunmayapsiz... Yo‘q, tushunmayapsiz. Men devorga gapirayotgandekman. Axir bahongizni besh qo‘lday bilaman-ku, sensey. Faqat bahongizni bilgan odamgina siz uchun men kim ekanimni anglab yetishga qodir. Tushunsangiz-chi, men sizning sadoqatli ixlosmandingizman. Qolaversa, men oddiy muxlisgina emasman. Mana, qarang, soat mexanizmiga ega radiom bor... – U portfelini ochib, qo‘l radiosini ko‘rsatdi. – Bu radio dasturingiz eshittirishi boshlangan ondayoq qo‘yiladi. Elektrichkada ketayotgan bo‘lmay yoki yayov yurmay, hech qachon dasturingizni o‘tkazib yubormayman. Siz menga ko‘p narsalar o‘rgatdingiz. Siz xizmat faoliyatim uchun ruhlanishning qudratli manbai bo‘ldingiz. Endi kutilmaganda xavotirga tushib qoldim. Aftidan, sizga jo‘shqin munosabatim meni juda ta’sirchan qilib yuborgan ko‘rinadi. Men eshittirishlaringizning mazmuni sekin-asta muayyan yo‘nalishda muttasil o‘zgarib borayotganini payqab qoldim. Va bu, sensey, noxush taassurot qoldirmoqda... Sezgim aldamaydi. Oxirgi eshittirishlarda bu, ayniqsa, quloqqa chalindi. Ahvolingiz xavf ostida... Agar chorasi ko‘rilmasa, hozirgi Mars raketasi taqdiringizni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Sizga shunday tuyulmayaptimi, sensey? Yo men mubolag‘a qilyapmanmi?
Men hang-mang bo‘lib qolgandim. Oldimda aqldan ozgan kishi o‘tiribdi deb o‘ylayotgandim, u esa birdan jarohatlarim yorig‘iga qo‘lini suqayotgandi. Gaplarini inkor qilishga jur’atim yetmadi.
– Hm... ha... Bularning hammasi studiyamizda ruhi qashshoqlar o‘tirgani uchun sodir bo‘lmoqda.
– To‘ppa-to‘g‘ri! – U junjikkandek bo‘ldi va tomoq qirib kuldi. – Ko‘nglimga kelgani to‘g‘ri chiqibdi... vaqtida kelibman... Shunday ekan, sensey, bugungi eshittirishingiz oxirgisi bo‘la qolsin. Yetar. Shunday iste’dodingiz bilan studiyadagi o‘sha nodonlar yo‘rig‘iga yo‘rg‘alashga majbur bo‘layotganingiz qonimni qaynatadi. Bu – iste’dodni haqorat qilish. Agar men shunday holatga tushganimda, darhol ishdan bo‘shab olardim.
U naqadar ustamon ruhshunos ekanligiga o‘zimcha hayratga tushdim, lekin kayfiyatim battar tushib ketdi.
– Menga ko‘rsatmoqchi bo‘lgan xizmatingiz shumidi? – so‘radim men.
– Bu narsaga juda yuzaki qaramang.
– Bunga umuman hech qanaqa nuqtai nazar bilan qaramayapman. Ammo studiyadan ketish ham siz tasavvur qilayotganingizdek oson narsa emas.
–O‘zingizni yaxshi bilmaganingiz uchun shunday deb o‘ylaysiz, sensey. Oddiy! Juda ham oddiy! Masalan... Aytaylik, sizga eng yaqin narsani olaylik. Romannavis bo‘lmoqchimisiz? Menimcha, bu sizga juda to‘g‘ri keladi, sensey. Radiodagidek tirnoq ostidan kir qidirishlar ham bo‘lmaydi. Nima deysiz?
– Bekorlarni aytibsiz... – Beixtiyor kulib yubordim. – Umrimda hech qachon roman yozmaganman.
– Xuddi shuning uchun ham, – tantanavor e’lon qildi u, – oldingizga keldim. Menga bir qarang! Endi bahomni bilib olasiz...
– Albatta, axir aytyapman-ku, yorqin shaxssiz deb...
– Bu mavhum narsalarni qo‘ya turing, sensey. Romaningiz uchun zarur siymo. Qarang, hammasi risoladagidek bo‘lyapti... Birinchi romaningiz qahramonining prototipi, obraz, mazmun, mavzu, g‘oya siymosi – marslik ro‘parangizda turipti. Biron narsani murakkablashtirish shart emas, meni qahramon sifatida oling-da, bugun ikkalamiz o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan narsalarni qog‘ozga tushiring, qarabsizki – hammasi joyida bo‘ladi. Ajoyib, bugungi kun ruhidagi purma’no roman chiqadi. Xotimasi o‘tkir istehzoli ma’noga ega bo‘lishini taxmin qilish mumkin...
– Siz shu qadar muruvvatlisizki, o‘zimni noqulay his etyapman. Biroq romanni yozish holva, uni sota bilish ham zarur. O‘ylashimcha, ulgurji xaridorlarni topish mushkul bo‘ladi.
– Bu haqda tashvishlanmang. Mars sayyorasi, albatta, hozircha fantastika, lekin “Mars” uyushmasi – haqiqiy voqelik. Uning turish-turmushi – ishchanlik. Umuman olganda... – U yana portfeliga qo‘l suqdi va bu gal bir dasta qog‘ozni oldi. Uni qimmatbaho narsadek ikki qo‘li bilan ehtiyotkorona ushlab turar ekan, davom etdi: – Kechirasiz, biroz kutilmaganga o‘xshayapti, ammo men hech gap ochishga jur’at etolmay turgandim... Hozirgacha gapimiz bir joydan chiqib turgan edi, bunisi ham oxiri baxayr bo‘lishiga umid qilaman... Sensey, bu – romaningizning qo‘lyozmasi. Agar tajriba jarayonini qayd etish kerak bo‘lsa, buni kim yozishining farqi yo‘q. Ustiga ustak, bugungi suhbatimiz va qo‘lyozma mazmuni deyarli so‘zma-so‘z bir xil. Aslini olsak, siz, sensey, o‘z davringiz uchun xossiz. Agar buni siz yozganingizda ham o‘rtadagi farq arzimas bo‘lardi. Qisqasi, ko‘nglingiz xotirjam bo‘lib, buni o‘z ijodingiz deb hisoblay-verishingiz mumkin. Xo‘sh, nima deysiz? O‘zimni ixlosmandlaringiz orasida eng buyuki deb atash juda faxrli.
– Lekin xaridor topilmasa, sizning xayrli niyatlaringiz sovun ko‘pigidek uchib ketadi.
– Meni shunchalik omi deb o‘ylaysizmi? Xaridoringiz to‘g‘risidagi masala hal bo‘lgan. Bu – “S.F. M” jurnali. Muharrir qo‘lyozmani o‘qib chiqdi va qoyil qoldi. U sizdan boshqa narsani kutmaganligini, radioda ham noyob ish olib borganigizni e’tirof qildi. Shu tufayli qo‘lyozmangiz har bir beti ikki yarim ming ienaga baholandi, ya’ni sizga yetakchi yozuvchilardek qalam haqi to‘lashadi. Bu yerda to‘qson uch bet, shunday qilib, jami... e-e ... ikki yuz o‘ttiz ming yana ikki yarim ming... Chakki emas-a? Agar oyiga shunaqasidan uch-to‘rttasi sotilsa, ishdan voz kechishga arziydi... Ha, yana aytgandek. Romanning nomi. U “Xuddi odamdek” deb atala qolsin. Ajoyib nom, to‘g‘rimi?
Bu kutilmagan hujum edi. A’lo darajadagi kutilmagan hujum. To‘g‘ri, bu gaplarning yarmigagina ishonardim, ammo shuning o‘zi ham meni hayajonlantirib yuborish uchun kifoya qilgandi. Biroq men bu xo‘rakka darhol tashlanmadim. Qanday qarorga kelishni bilmasdan dedim:
– Aytaylik, birinchi roman – o‘z yo‘liga. Keyin-chi? Keyingilariga ham xaridor topilganda zo‘r bo‘lardi.
– Hamma narsada meni orqa qilavering. “Mars” uyushmasining qo‘li uzun. Umidlaringiz aldanmaydi degan fikrdaman. Bizda hech kim sizga biron ko‘ngilsiz tashvish keltirish niyatida emas. Biroq agar shu qadar hadiksirayotgan bo‘lsangiz, keling, zimmangizga kichik bir majburiyat yuklaymiz. Siz bizga ayrim xizmatlar ko‘rsatasiz, masalan, vaqti-vaqti bilan asarlaringizda “Mars” uyushmasi, uning manzilini qayd etasiz, degan shart qo‘yamiz... Nima deb o‘ylaysiz? Siz xotirjam bo‘lasiz, biz hisob-kitoblarimizda buni uyushmamiz reklamasi uchun xarajatlar sifatida ko‘rsatishimiz mumkin. Bu holda oramizdagi munosabatlar qarzdor bilan qarz beruvchiniki kabi emas, balki zamonaviy shartnoma asosiga quriladi va bu haqda boshqa gap bo‘lishi ortiqcha, nima deysiz?
– Bu shu qadar notabiiyki, haqiqatan boshqa gap-so‘zning mavridi emas.
– Yana bir gap, siz uchun taxallus topib qo‘yganmiz, sensey... Koda Saruesi. Yoqdimi?
– Koda Saruesi? Menimcha, undan maynavozchilikning isi kelib turibdi.
– Ehtimol. Birinchi marta eshitganingda, ichki qarshilikni his etasan. Shunday bo‘lsa ham chakki emas degan fikrdaman. Aslida bu taxallus bilan norozilik hissini uyg‘otish ko‘zlangandi. Agar bu nomni bir marta eslab qolsangiz, keyin unutmaysiz. Nima desa-deyishaversin, biroq birinchi taassurot hamma narsani hal qiladi. Buning ustiga bizga bu taxallusni elektron mashina topib berdi. Qo‘yavering, sensey, o‘ylab o‘tirmang, xo‘p deyavering! “Xuddi odamdek”... Kimdan uyalasiz, bu sizning – daho asaringiz!..
Buning sababi tasavvurimmi yoki boshqa narsami, lekin birdan go‘yo loyqa suv tinib, hamma narsa oydinlashgandek va kalavaning uchi o‘z-o‘zidan topilgandek barcha g‘am-tashvishlar yo‘qoldi. Men hatto ozodlikka chiqish hissini tuydim.
– Hay, mayli... Unda hech bo‘lmasa o‘sha qo‘lyozmani ko‘rsating...

11

Toqatsizlik va qat’iyatsizlikdan qaltirayotgan qo‘limni qo‘lyozmaga uzatdim, ammo kutilmaganda...
– Hey, shoshilmang, bunaqasi ketmaydi! – dedi u birdan o‘zgarib qolib surbetlarcha ohangda va qo‘lyozmani olib, qo‘ltig‘iga suqdi. – Tipirchilaydigan gadoyga kam sadaqa beradilar... he-he... Bu yerda siz, sensey, qovun tushirdingiz.
Yo‘q, shu zahotiyoq uning kallasiga gul tuvagi bilan solib qolmadim. Pashshaga ham ozor bermaydigan insonparvar bo‘lganim uchun emas. Pichoq hali ham uning qo‘li oldida turgani uchun ham emas. Shunchaki, eshik taqillatilib, xonaga xotinim buyurtma berilgan yevropacha choy olib kirgani uchun. O‘z-o‘zidan tushunarliki, xotinim oldida jangga kirishishga qurbim yetmasdi. Hayotimda hali biron marta mushtlashishda g‘olib chiqmaganman.
Aftidan, xotinim xonani to‘ldirgan tanglikni his etgandi. Hatto idishlarni uzatayotgan qo‘llarining harakati ham uning xavf-sirayotgani va bu yerda nimalar sodir bo‘layotganini anglashga urinayotganini sezdirib turardi. Biroq mehmon hech narsa bo‘lmagan-dek, unga ohista o‘girilib, mayin tabassum bilan dedi:
– Rahmat, juda iltifotli odamkansiz... Qarang-a, naqadar yoqimli hid... – U kimyoviy tajribalar o‘tkazilayotganda qilishadigandek, kafti bilan yelpib, idishdan ko‘tarilayotgan bug‘ni burni tomon hayday boshladi. – Sensey esa xuddi hozir xayol suryapti, o‘ylashimcha, to‘g‘risi bu mutlaqo bosh qotiradigan masala emas. Ehtimol, siz, rafiqa sifatida o‘zingizning hal qiluvchi fikringizni aytarsiz? Bilasizmi, men eringizni Marsda yer maydoni sotib olishga ko‘ndirmoqchiman...
Lekin bu yerda men chekinishni xohlamadim.
– Bunga sening aloqang yo‘q, – dedim xotinimga mehmonni pisanda qilmasdan. – Ketaverishing mumkin.
– Kechirasiz, gapimni tushuntira olmadim. – U ham menga yon bosgisi kelmayotgandi. – Bilasizmi, men yer maydonlarini sotish bo‘yicha agentman. “Mars” uyushmasi. Ismim – Tanaka Itiro. Sensey Marsning juda bilimdoni bo‘lganligi uchun biz tashabbusni o‘z qo‘limizga olib, unga marsliklarga qo‘shilishni taklif etishga jazm qildik... Masalan, Taytan kanali atrofidan ola qoling. Eng past harorat – sakson daraja sovuq, ajoyib joy... Hozir esa yer maydoni sotib olishning ayni payti... Bu yerga yoz mavsumida yo‘l olasiz... Bu bolajonlar uchun qanday quvonch keltirishini tasavvur qiling...
Men quturib ketdim. Meni kamsitganliklari yetar. Bunga xotinimni nega aralashtirishadi? Biroq xotinim ham bo‘lgan-bo‘lmaganga yerga urishlariga qarab turadigan anoyilardan emasdi. Beparvo, go‘l ohangda qiziqdi:
– Nima uchun sizni olib ketishga kelishmayapti? Axir o‘ttiz daqiqa o‘tib ketdi-ku...
Ha, uyg‘oq ong mana qanday javob qaytarishi kerak. Xotinimning so‘zlari meni go‘yoki g‘irt mastlikdan uyg‘otgandek bo‘ldi. Suhbat-lashayotgan odamimni jiddiy qabul qilmaslik kerak, xolos. U bor-yo‘g‘i xayollar va farazlar bilan puflab shishirilgan havo sharidir, qilish kerak bo‘lgan yagona narsa – undagi zaharli islardan imkon qadar nafas olmaslik uchun sharning uchini mahkam ushlab turish.
– Nima, biron yoqqa otlanyapsizmi?
U o‘zini xotinimning savoli go‘yoki o‘ziga qaratilmagandek ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, ammo bu uyatsizligi endi ahmoqona tuyulardi. Xotinimni tinchlantirish uchun unga imo qildim, u ham imo bilan javob qilib, eshik tomon yo‘naldi. Shu ondayoq mehmon ikkalamizni ham ko‘z o‘ngidan qochirmaslik uchun qulay bo‘lgan joyga o‘tdi va shiddatli so‘z oqimini yog‘dirib tashladi.
– Tushunishimcha, siz ham, sensey, siz ham, xonim, hali ahvolni yetarlicha his etmayapsizlar. – U juda tez gapirardi, lablari butun yuza uzra ilon izidek o‘rmalardi. – “Mars” uyushmasining qudratini hech vaqoga olmaslik mumkin emas. Uyushma hozirning o‘zida Tinch okeanining janubida N. orolini sotib oldi va u yerda ulkan raketa bazasini qurishni boshlagan. Insoniyatning eng buyuk aqli rasolari bu ishda bizga bevosita yoki bilvosita yordam qo‘llarini cho‘zmoqdalar va biz bilan hamkorlik qilmoqdalar, shuning uchun har bir mamlakatda koinot sohasida o‘tkazilayotgan tajribalar ayni paytda bizning ham tajribalar hisoblanadi. Muvaffaqiyatga erishishga oz qoldi. Aftidan, yaqin yillar ichida oraliq baza – yo‘ldosh qurilishi nihoyasiga yetadi, shundan uch yillar chamasi keyin Marsga odam boshqaradigan raketa qo‘nadi, so‘ng Marsga ketma-ket raketalar uchira boshlanadi va ko‘pi bilan o‘n yildan keyin yo‘lovchilarning doimiy parvozi yo‘lga qo‘yiladi. Yo‘q, biz sizlarning ko‘chmas mulk bilan savdo qiluvchi muttahamlardan emasmiz.
Balkim, u gapini tugatishiga izn berilsa yaxshiroq bo‘lardi, lekin xotinim so‘zini bo‘ldi.
– Biroq biz... – deb boshladi u. – Siz bizga Venerada yer maydoni taklif qila olmaysizmi?
Uning afti tomir tortishgandek taranglashdi. U javob qildi:
– Kechirasiz, xonim, sizga “erga mulk egaligi huquqi” tushunchasi ma’lummi? Bizga tegishli bo‘lmagan narsani qanday sotamiz? Axir bu muttahamlik bo‘lardi-yu.
Bu joyda xohlasam-xohlamasam xotinimga yordamga kelishga majbur bo‘ldim.
– Bu juda adolatli, – dedim men. – Ammo jahon davlatlari uyushmangizning Mars hududiga huquqi borligini tan olganini negadir eshitmaganman. Qanday bo‘lganida ham bu bolalarning xaridor-sotuvchi o‘yinlariga o‘xshab ketadi.
– Bolalar o‘yini? Zaharxanda qilmoqchiga o‘xshaydilar.
– Hecham. Shunchaki, Mars xuddi Oy va Antarktida kabi xalqaro nazorat va boshqaruvi ostida bo‘lishi kerak.
Lekin mehmonim o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Ayyorona ko‘zlari bilan menga tez qarab, choydan ho‘pladi, dastro‘moli burchagini lablariga bosdi va bu safar so‘zamol va’zxon ohangida zerikarli maslahatomuz ohangda cho‘zib ketdi:
– Bilasizmi, sensey... Hamma gap shundaki, har qanday davlat – uning shiorlari qanchalik balandparvoz bo‘lmasin – eng ochko‘z va ziqna xususiy tadbirkordan yuz karra amaliyotchiroqdir. Sizning radiodasturingizga ko‘ra, sensey, Mars juda yaqin va unga borish oson, biroq davlat uchun u avvalgidek atigi uzoqdagi ertakcha. Jo‘ngina qilib aytganda, Marsni o‘zlashtirish uchun davlat byudjetidan beqiyos xarajatlar talab qilinadi, bundan ham iqtisodiy, ham harbiy naf esa zig‘ircha ham emas. Chindan ham hozir nimaga umid qilsa bo‘ladi? Nari borsa – yumshoq qo‘nishni amalga oshirishni. Har qanday hukumatning ishi boshidan oshib yotibdi. Ularning Mars xususida xalqaro bitim kabi arzimas ishlarga vaqti topilmaydi. Bilmadim, sizga ma’lummi, sensey... Ochiq dengiz to‘g‘risidagi qonunchilikda qo‘riqlanadigan akvatoriya tushunchasi mavjud... Uni qirq beshinchi yilda baliq resurslarini saqlash maqsadida kiritgan edilar. Yerdagi dengizlaringizga taalluqli, aniq foyda va zararlarga bevosita aloqador bo‘lmagan yagona xalqaro bitim sifatida hanuzgacha ko‘hna “Kema qatnovi erkinligi to‘g‘risidagi deklaratsiya” saqlanib turibdi. Axir hozir hech kim Tinch okeanidan ballistik raketalarning sinov maydoni sifatida foydalanilayotganligi haqida biron narsa demaydi-ku.
– Biroq har holda Tinch okeanini sotuvga qo‘yish mumkin emas, to‘g‘rimi?
– Albatta, mumkin! Xohlaganingizcha pullayvering, faqat xaridor topilsa bo‘lgani. Tabiiyki, sotuv bilan davlat shug‘ullanganida, bu xalqaro huquqni buzishni anglatgan bo‘lardi. Lekin davlatdan tashqarida bo‘lgan, biron davlat bilan bog‘liq bo‘lmagan mutlaqo mustaqil tashkilot Tinch okeanini ostin-ustin qilib yuborishi mumkin – buni taqiqlovchi qonun mavjud emas. Uni nima uchun javobgarlikka tortasiz? Dengiz bosqinchiligi uchunmi? Imkoniyati yo‘q... “Mars” uyushmasiz faoliyatining sohasi esa umuman koinotda, bu yerdan yuzlab million kilometr uzoqlikda. U jahonning barcha mamlakatlaridagi eng yirik siyosiy va moliyaviy korchalonlar, shuningdek siyosat va moliya sohasidagi eng yetakchi mutaxassislar tomonidan boshqarilayotgan xalqaro kompaniya ekanligini gapirmay ham qo‘ya qolay. Bu kompaniya chinakamiga universal... Qolaversa, ashaddiy ochko‘zlik, qo‘yilgan sarmoyaga muvofiq yog‘liqroq nimtani yulib olishga intilish, aftidan, uning uchun rag‘bat bo‘lmoqda. Uning kuch-qudrati ham shunda, chunki kompaniya biron davlat uddasidan chiqa olmagan ishga qo‘l urgan. Biroq u kamchiliklardan ham xoli emas. Ba’zan sarmoya yetishmasligi seziladi. Turli taassublar, tarafkashliklar xalaqit beradi. Vaziyat shunday bo‘lib qoldiki, uyushma chakana savdo bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelyapti. “Yovuzlik yaratish asnosida ezgulik yarataman” – buni kim aytgani yodimda yo‘q. Mefistofel emasmidi? Qisqasi, Marsda yetakchi rol uyushmaga tegishli, u yerda kompaniya o‘ziga xos muvaqqat hukumat hisoblanadi, shuning uchun siz, sensey va siz, xonim, xuddi okeanda suzadigan kemaga chiqqaningizdek, unga bemalol ishonavering. Sizlar madaniyatli kishilarsiz-ku, shunday ekan barcha bema’ni qaysarligingizni, bolalar o‘yiniga doir gaplarin-gizni yig‘ishtiring...
U miyig‘ida kulib qo‘ydi, kafti bilan iyagidagi terni artdi. Bejirim taxlangan lablari baliq lablaridek do‘rdaydi. U nima deyishimizni kutardi.
Birinchi bo‘lib xotinim tilga kirdi.
– Eh, anavi yerda hamma narsam kuyib ketadigan bo‘ldi! – shoshib qoldi u va xonadan yugurib chiqib ketdi.
“Hamma narsaning kuyib ketishi” “Mars” uyushmasi ko‘lamlariga qarshi qo‘yilgan edi. Bu yaqqol qarama-qarshilik naqadar ajoyib edi, to‘g‘ri emasmi? Zaharli bug‘lar bilan to‘ldirilgan havo shari uchini, mana, kim mahkam ushlab turishi kerak edi! Xotinimning kutilmagan bu iste’dodi meni lol qoldirdi, men nihoyatda zavqlanib ketdim.
Xotinim juda ustalik bilan qutulgan mehmonimning bashara-sidagi qat’iyatsizlikni saqlab turishga muvaffaq bo‘ldi. Men uning o‘zini yo‘qotib qo‘yganiga yaxshisi e’tibor bermaslik kerak va xotinim ketidan chiqib ketsam bo‘lardi, degan o‘yga keldim. Har ehtimolga qarshi o‘zimni xuddi xotinim chaqirayotgandek qilib ko‘rsatdim.
Haqiqatan ham xotinim yo‘lak oxirida deraza oldida kutib turgandi.
– Xo‘sh, hammasi yaxshilik bilan tugadimi?
– Bilasanmi, u meni o‘ldirayozdi. U jinni bo‘lsa ham barcha masalada o‘ta ustamon ekan. Kurakda turmaydigan, ochiqdan-ochiq safsatani boshlaydi, keyin qarabsanki, bu safsatadan chiroyli suratdagidek aniq va ravshan tasvir gavdalana boshlaydi. Masalan, o‘sha “Mars” uyushmasini olib ko‘raylik – agar sergak bo‘lmasang, unga rostdan ishonib qolish mumkin, shunday emasmi? Naqadar ajablanarli bo‘lmasin, menda u ziyolilardan degan tasavvur paydo bo‘ldi.
– Jinni – jinni-da.
– Har holda, o‘ylashimcha, u mulk huquqi, qo‘riqlanadigan akvato-riyalar kabi o‘z mushohadalarini to‘qib chiqaryapti deyish adolatdan bo‘lmasdi. “Mars” bilan bog‘liq hamma narsalarning mantiqiyligini qara.
– Bo‘pti, bo‘pti, nima, sen uni himoya qilishga tushyapsanmi? Undan senga ham yuqmadimi, ishqilib?
– Hm... Bilasanmi, uning ma’lum darajadagi ishontirish kuchiga tan bermasdan ilojim yo‘q.
– Yaxshisi, ayt-chi, va’da berishgan ekan, nimaga uni olib ketgani kelishmayapti?
– Hamma gap shunda-da! Eng asosiysi, u shu qadar qiziqqonki – qo‘yaverasan. Buning ustiga pichoqni ishlatishga chapdastligini ko‘rsayding!.. Senga gapirib berishga ulgurmadim, lekin bir necha bor jonim qil ustida turgandi. Ammo rostini aytsam, men ham anoyilardan emasman...
– To‘xta! – hayajon bilan dedi xotinim bir narsa ko‘ngliga kelgandek. – Men uni tanidim!
– Nima deyapsan?
– Choy olib kirgan paytimdagi uning turishi... ayniqsa kulishi.. Yanglishmayotganga o‘xshayman... Unga bir necha marta zinapoyada duch kelganman...
– Qaysi zinapoyada?
– O‘zimiznikida-da, albatta. Zinapoyadagi maydonchani supura-yotganimda u tepadan tushayotgandi. Ehtimol, u uchinchi yoki to‘rtinchi qavatda yashasa kerak.
– Negadir ishongim kelmayapti. Anavi ayol boshqa joydan qo‘ng‘iroq qilgani aniq. Agar ular shu uyda tursalar, qo‘ng‘iroq qilishning nima keragi bor edi? To‘ppa-to‘g‘ri shu yerga kelardi-qo‘yardi. Yana o‘ttiz daqiqa kutish... Qanchalik ivirsima, bu uch daqiqadan ortiqcha vaqtni olmasdi.
– Qanday o‘ylasang o‘ylayver-ku, uning bir balosi bor.
– Sen uni boshqa birovga o‘xshatmadingmi?
– U juda o‘ziga xos gapiradi. U bilan so‘zlashayotganingda yuzi tinmay qimirlar edi.
– Nima sen hatto u bilan gaplashganmisan?
– Faqat bir marotaba... U men bilan so‘rashdi, sug‘urta haqida gap ochdi, keyin xayrlashdi... O‘zi sug‘urta haqidagi gapi ham qandaydir g‘alati bo‘lgandi. Shu qadar g‘alatiki, esimda saqlanib qolgan... Emishki, uning kompaniyasi telbalik hollarini sug‘urtalashga qaror qilganmish, shuning uchun u aholi o‘rtasida bunday sug‘urtalashni nima deb atash haqida so‘rov o‘tkazayotganmish. Buning uchun ikkita nom taklif qilinayotganmish: telbalikni sug‘urtalash va sog‘lom aqlni sug‘urtalash. U bu ikkisidan qaysisi sizga ma’qul degan savol berdi.
– Haqiqatan, g‘alati-ya... Agar o‘sha odam u bo‘lmaganida ham ular o‘rtasida qandaydir o‘xshashlik bor, bu – shubhasiz.
– Xotini telefonda so‘zlashganida ovozi qanaqa edi? Senda yaqin oradan qo‘ng‘iroq qilishayotganga o‘xshab tuyulmadimi? Ovoz yaxshi eshitildimi?
– Bilasanmi, bular yodimda yo‘q. Ha, aytgandek, ahvol shunaqa bo‘lsa... Uning tashrifnomasidagi manzil ko‘rsatilgan joy qirqib tashlangan... Agar aytishingcha, u bizdan bir yoki ikki qavat yuqorida yashasa, hamma narsa tushunarli!
– To‘g‘ri aytyapsan, xuddi shunday! – qiziqib gapimni ilib ketdi xotinim.– U biz rafiqasi qaerda yashashini bilib qolishimizni xohlamagan, shuning uchun bu kichik hiylani ishlatgan.
– Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, xotinining boshidanoq bu ishlarda qo‘li bor. Ular oldindan bu kimsa xonamda kamida o‘ttiz daqiqa qoqqan qoziqdek turishini kelishib olishgan, boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
– Shuning uchun yana kutish behuda. Endi hamma narsa oydinlashgan ekan, darhol politsiyani xabardor qilish zarur.
– Yo‘q, shoshilma. Ikki kishi til biriktirishi uchun ular yo telbalar, yo aqli rasolar bo‘lishlari kerak. Er bilan xotin yakkayu yagona telba g‘oya ta’sirida devona bo‘lishganini tasavvur etib bo‘lmaydi, shu sababli ularni hamma singari odamlar deb hisoblashimizga to‘g‘ri keladi. Biror vajsiz oddiy odamlarni politsiya qo‘liga topshirish...
– Sababi bor. Va juda jiddiy sabab. U uyimizga taklifsiz, kuch ishlatib kirdi. Bu o‘zganing turar joyiga noqonuniy bostirib kirish hisoblanadi.
– Nima deyapsan! To‘g‘ri, uni taklif qilmagandik, ammo kelishiga monelik ham qilmaganmiz...
– Chunki u go‘yo to‘polonchi deb bizga yolg‘on gapirganlari uchun!
– Bizning guvohlarimiz ham yo‘q... U hamma narsani rad etaveradi, bor-yo‘g‘i shu.
– Nima, bundan buyog‘iga ham unga toqat qilaveramizmi?
– Biz uni aqli sog‘lom deb ishongan ekanmiz, bu yerdan qanchalik ertaroq tuyog‘ini shiqillatsa, shunchalik yaxshi bo‘lishiga aniq-ravshan sha’ma qilsa bo‘ladi...
– Aqli sog‘lom emish! Nahotki chindan aqli sog‘lom bo‘lsa! U shunchaki ayyor, muttaham, boshqa hech kim emas... Marsda yer maydonlari, telbalarni sug‘urtalash... Bu bezbet savdogar uni bu yerdan ketiga tepib quvib chiqarib bo‘lmasligini juda yaxshi biladi, o‘ziga qolsa bamaylixotir o‘tiraversa katta xolasining uyidagiday.
– Hay, hay, bunchalik qizishma. Tipirchilagan devonalarga sadaqani kam berishadi... – Mehmonimning bu so‘zlari beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi va o‘sha zahotiyoq kamsitilishning achchiq hissini tuydim. Seni juda yaxshi tushunib turibman va kayfiyatingni ham bilaman... Yo‘q, bu haqiqatga o‘xshaydi va shunday bo‘lishi ham mumkin. Biroq bizda faqat bilvosita dalillar bor va bironta hal qiluvchi, o‘ta ishonarli dalil yo‘q...
– U buni his etishi kerak emish... – Xotinim hovurdan tushdi-da, deyarli o‘tinch ohangida dedi: – Agar sen unga gapiradigan bo‘lsang, bundan biron naf chiqmaydi. Gapingning ohangi u yoki bu tarzda jur’atsizligingni sezdirib qo‘yadi. U joyidan qo‘zg‘almaydi va baribir xohlasang-xohlamasang politsiyaga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
– Sen hech narsani bilmaysan. Sen u bilan yakkama-yakka gaplash-magansan, shuning uchun qandaydir ilinjga umid qilasan. U naqadar so‘zamolligini va pichoqni ishlatishda chapdastligini bir ko‘r-ganingda edi!
Shu daqiqadayoq, xuddi so‘zlarimga javob tariqasida, ish xonamdan qandaydir og‘ir narsaning “taraq” etib polga qulagani eshitildi. Aytgandek, “qulagan” so‘zi menga umid baxsh etgandek bo‘ldi: odam hushidan ketib yiqilsa, tovush bo‘g‘iqroq bo‘ladi. Aniqrog‘i, odam bo‘yi balandligidan qalin jildlar taxlami qulab tushgan bo‘lsa kerak, degan o‘yga bordim. Garchi mehmonim to‘ntarilib tushmagan bo‘lsa-da, baribir biron kor-hol ro‘y bermadimikan deya shoshib qoldim. Xotinimning yuzi esi toshdek qotib qolgandi.
– Hal qiluvchi dalil topiladi, – dedi u. –Hozir yuqori qavatlarni aylanib chiqaman va hamma narsani bilib olaman.
– Bunga hojat yo‘q. Bu o‘sha odam ekanligi aniqlansa, menimcha, chakki bo‘lmasdi. Uning nomi ma’lum – Tanaka Itiro, faqat pastdagi pochta qutilariga ko‘z yugurtirib chiqilsa bo‘ldi.
– Buning foydasi yo‘q. Uchinchi va to‘rtinchi qavatlarda yashovchilar nima uchundir qutilarga o‘z lavhalarini ilib qo‘yishmagan. Tashvishlanma, u yerda bor-yo‘g‘i ikkita xonadon bor, shekilli, men hozir...
– Tushunsang-chi, u ayol qanaqa – kim biladi. Agar xotini uning sherigi bo‘lsa, aftidan, juda sharmsiz chiqib qolishi mumkin...
Ish xonamdan yana g‘alati – bu gal xuddi polda mening kartotekali qutimni yoki devor soatini sudrashayotgandek uzun, lekin uzuq-yuluq tovush eshitildi. Bu nimaning ovozi ekanini tushunish qiyin bo‘lgani uchun u, ayniqsa, vahimali va tahdidli edi.
– Ha, buni bas qilish kerak. O‘zimizni xavf ostiga qo‘yishning hech keragi yo‘q.
– O‘zimizni xavf ostiga qo‘yish?
– Bunga azm qilish uchun surbetligi kifoya bo‘lgan ekan... U o‘zini qanday tuzoq kutayotganini tasavvur ham qilmagan... va o‘shanda, masalan... – o‘zim ham nima deyayotganimni bilmasdan, ongimda paydo bo‘layotgan yangi fikrga quloq tutgan holda bo‘lmag‘ur narsalarni valaqlardim. – Albatta, bunday narsa... o‘ylashimcha bo‘lishi mumkin emas, biroq...
– Nima bo‘lishi mumkin emas?
– Aytmoqchimanki... Masalan, bu nusxa qandaydir o‘zini oqlovchi dalilni aniqlash uchun bu yerga kelgan deb faraz qilsak... Telefonda xotinining o‘zi emas, tasmaga yozilgan tovushi eshitilgan bo‘lsa... Magnitofon soat mexanizmi orqali qo‘yilsa... Anglayapsanmi? U xotinini o‘ldirgan va o‘zini oqlaydigan dalilni topish uchun...
– Bu holda qanaqa dalil bo‘ladi?
– Juda oson. Agar u bizning eshigimiz ostonasida turganida xotini tirik va telefon qilgan bo‘lsa-chi.
– Yo‘q, men u haqda gapirayotganim yo‘q. Soat mexanizmi bo‘lgan magnitofon qanday qilib telefon raqamlarini tera oladi?
– Buyam to‘g‘ri, - dedim men biroz hafsalam pir bo‘lib. – Haqiqatan ham telefondan qo‘ng‘iroq qilish uchun kimdir raqamlarni terishi kerak...
– Sening bir qusuring bor – o‘lguday vahimachisan. Holbuki, qo‘rqadigan va bosh qotiradigan narsaning o‘zi yo‘q, hammasi juda oddiy. Masalan, o‘sha ayol endi biz tomon otlanmoqchi bo‘lib turganida qorni og‘rib qolgan yoki uni kir yuvish mashinasidan tok urgan, yo eshigining ostonasida tsement polda sirg‘anib ketib, yiqilib tushgan...
Ehtimol, vahimachidirman. Balkim, menda xotinimning tasavvuri yetishmayotgandir. Har holda u bilan juda bahslashgim bor edi, ammo oilaviy tortishuvlar vaqti emasdi. Xuddi shu daqiqada ish xonamdan eshitilayotgan shovqinni bir nimaning qulagan tovushi bosib ketdi. Hamma belgilarga ko‘ra ofat qudratining eng qizg‘in pallasi edi.
– U xonada hamma narsa ostin-ustin qilinayotgan ko‘rinadi.
– Toshoyna tagida gayka buraydigan asbob yotibdi. Cho‘ntagingga solib ol.
– Sen ham ehtiyot bo‘l. Bo‘lar-bo‘lmasga o‘chakishma.
Xotinim menga bosh irg‘adi, yoqasini to‘g‘rilab, koridordan pisib ketdi. Eshik yopilishini kutib, mehmonxonaga gayka buraydigan asbobni olgani bormoqchi bo‘lgandim, birdan taraq-turuq ovozlar to‘xtadi va hammayoq suv sepgandek jim-jit bo‘lib qoldi. Men darhol ish xonamga yugurdim. Meni agar hoziroq bu ko‘p qiyofalikni joyida qo‘lga olmasam, yuzidagi niqobini yulib olish imkoniyatidan umrbod mahrum bo‘laman degan o‘y qiynardi.

13

Eshikni shartta ochib, ostonaga qadam qo‘ydim va tahdidkor nigoh bilan xonaga ko‘z yugurtirdim. Biroq mening jangovar ruhim shu zahotiyoq nom-nishonsiz g‘oyib bo‘ldi.
Men o‘ylagan vayrongarchilikdan asar ham ko‘rinmasdi.
Mehmonning o‘zi o‘sha joydagi stulda, tizzalarini keng yoyib o‘tirardi va u yaqindagina qandaydir shiddatkor harakatlar qilganini mutlaqo tasavvur qilib bo‘lmasdi.
– Oila kengashi qanday qarorga keldi? – qiziqdi u. – Menda sizning, sensey, rafiqangizga ishonsa bo‘ladi degan taassurot tug‘ildi.
– Mug‘ambirlikni yig‘ishtiring, – dedim men nihoyat o‘zimni xiyol qo‘lga olib. – Hozir bu yerda qanaqa qiliq qilayotgandingiz?
– Ha, anavimi?..
U beparvo bosh irg‘adi, keyin ikki qo‘li bilan suyanchiqni ushlab, o‘rnidan turmasdan, stul bilan birga ahmoqona o‘mbaloq osha boshladi, bunda u o‘z o‘qi atrofida ham aylanardi.
Shunday qilib, yiqilgan tovush – tovonining polga taqillab tegishi ekan.
Shunday qilib, go‘yo nimaningdir sudralishi – bu stulning aylanayotganida oyoqchalari bilan polga tegishi ekan.
– Bu mening ixtirom – stul bilan gimnastika... ayni paytda bu – Mars gimnastikasi. Marsda, bilasiz, tortish kuchi ancha kam va men har kuni shunday mashqlarni bajaraman.
U stulida o‘mbaloq oshib, vahimali taraq-turuq bilan xonani kesib o‘tdi va deraza oldigacha yetib bordi. Men shoshilib, u hozirgina egallab turgan joyga o‘tib oldim. Bu, birinchidan, eshik yonida, ikkinchidan, pichoqqa ancha yaqin joy edi.
– Marsingiz ham, gimnastikangiz ham jonimga tegdi, – qichqir-dim men. – Siz, yaxshisi... Keling, gapning po‘skallasiga o‘taylik. Siz bizdan bir yoki ikki qavat yuqorida yashaysiz, shundaymi? Yashirmang, endi hammasi ma’lum. Ha-ya, mana tashrifnomangiz ham... Endi menga nima uchun manzil ko‘rsatilgan joyni qirqib tashla-ganingiz mutlaqo ravshan!
Uning javob berishiga umid qilmayotgandim, faqat unga ruhiy zarba bermoqchi, bir yo‘la o‘zimni ham tinchlantirmoqchi edim.
Mehmon oldiga, stolga tashlagan o‘z tashrif qog‘oziga hayratlanib boqdi. Keyin yelkalari behol osilib qoldi va u stulida bir yoniga qiyshayib dedi:
– Demak, sizga hammasi ma’lum bo‘libdi-da?
Endi men og‘zimni ochib qoldim – u kutilmaganda shunchalik tez iqror bo‘ldi. U shu onda o‘zimni yo‘qotib qo‘yganimdan foydalanib qoldi, zarbasini berdi.
– Buni sizga rafiqangiz aytdimi? O‘zi xotinlar boshga bitgan balo bo‘lishadi.
– Buning sizga daxli yo‘q.
Men hujumni qaytarmoqchi bo‘ldim, ammo uning zarbasi mo‘ljalga tekkan edi. Mehmonning gap ohangidan u o‘zim va xotinim o‘rtasida qandaydir menga noma’lum bo‘lgan munosabatlar borligiga ochiq shama qilayotgandi. Oyog‘imdan boshlab butun tanam bo‘ylab birdan balandlikdan qo‘rqishga o‘xshash his tarala boshladi va men butun kuchim bilan o‘zimga yopishib oldim.
Faqat e’tibor berma, xayolan o‘zimga-o‘zim uqtirardim, muvo-zanatni yo‘qotmaslik uchun yelkangni tut... Bu bor-yo‘g‘i saflarimizni parokanda qilish maqsadini ko‘zlagan bo‘hton, o‘rtamiyona taktik usul... Bu xo‘rakka aldansang bas va biz darhol qarmoqqa ilinamiz... Mayli, faqat xotinim kelsin, men xuddi shu yerda, joyida uni fosh etaman, jirkanch niqobini yulib tashlayman...
– O‘ylashimcha, sensey, bu yerda bir tushunmovchilik bo‘lgan. Rafiqangiz juda ham shoshilgan. Chin so‘zim, menda biron yomon niyat yo‘q.
– Boshimni qotirmang ko‘p ... Xotinim to‘g‘risida hech vaqo deya olmaysiz. Ammo o‘zingizning rafiqangizga kelsak-chi? Yonma-yon yashaymiz, qo‘shnilarmiz, hatto necha bor uchrashgan bo‘lishimiz mumkin, u esa azzi-bazzi meni aldadi! Shunchalik ham uyatsizlik bo‘ladimi...
– Aldadi? Mening xotinim-a? – uning qoshlari peshonasiga o‘rmaladi va butun basharasini chinakam, chuqur hayrat egalladi. – Bo‘lishi mumkin emas. Aql bovar qilmaydi... Mayli, buni qo‘ya turaylik... Xotinim to‘g‘risida, sensey, boshqa og‘iz ochmang, iltimos... Aks holda siz meni qattiq xafa qilasiz...
– Iya, men sizni xafa qilaman? Siz u yoqda fitna uyushtirasiz, odamlarni laqillatasiz, men esa siz to‘g‘ringizda og‘iz ochmaymi? Juda-juda uyatsizlik, o‘zi tamg‘a bosadigan joy ham qolmagan!
– Nega siz shunday... Axir sizga aytmovmidim? Axir u telba-ku... Sizga aytgandim, sensey, yaxshiroq eslang... Qanchalik ayanchli bo‘lmasin, u juda aqldan ozgan.
– U esa sizni aqldan ozgansiz deydi!
– Ha... – dedi u xo‘rsinib. – Taassuflar bo‘lsinkim, uning bunga ishonchi komil. Shunday ekan, sensey, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, biz – bir-birimizni o‘zaro telbalikda shubha qiladigan baxtiqaro er-xotin, biz, siz marhamat qilib ta’riflaganingizdek, fitnalar uyushtirish va boshqa narsalar qilishga qodirmizmi? – U birdan jonlanib ketdi. – Bunga aql bovar qilmaydi... Chin so‘zim, bu tushga o‘xshaydi...
Sofizm maynavozchiligi... So‘z o‘yinining o‘zgarib borishi. Muzlatilgan baliqdek sovuq va qotgan tilimni arang aylantirib dedim:
– Rafiqangiz nima uchun yolg‘on gapirdi?
– Bas qiling! Sizga aytdim-ku, buni eshitishni ham istamayman, deb. Soddadil, Budda kabi pok ayolni shunday shubhalar bilan ta’qib etish... Men bunga chiday olmayman...
– Mayli, yolg‘on gapirmagan deylik, lekin...
– Sizningcha, u nimani yolg‘on dedi?
– U sizni olib ketish uchun o‘ttiz daqiqadan keyin kelaman dedi, ammo kelmadi. Ishonavering, bu shubha uyg‘otmaydimi?
– Va’da berdi? U rostdan ham va’da berdimi?
– Hamma gap shunda-da. Siz unga sodiqsiz, siz uning barcha buyruqlariga itoat etasiz. U sizga o‘ttiz daqiqa qandaydir tarzda ko‘nglingizni yozishni taklif qilganida...
– Bu gapi rost. – U yelkasini ko‘tardi va birov qitiqlayotgandek xiringladi. – U nima demasin, men hech qachon gapini ikki qilmayman. Unga juda rahmim keladi. Har bir odam hamdardlikka va uni tushunishlari huquqiga ega. Buning ustiga u menga qo‘limdan kelgan narsalarnigina qilishni buyuradi.
– Men vaqt haqida gapirayotgandim...
– U hozir qanchaga kech qoldi?
– Kech qoldi? Mayli, kech qolgan bo‘la qolsin... O‘n besh daqiqa bo‘lyapti.
– Bor-yo‘g‘i o‘n besh daqiqa...
– Bor-yo‘g‘i? Siz uchun bu ko‘z ochib-yumgandek o‘tgani yaqqol bilinib turipti. Men esa o‘ttiz daqiqadan keyin kelaman deb yana o‘n besh daqiqaga kechikadigan bo‘lishsa, ba’zi shubhalarga boraman.
– Men esa ishonaman.
– Nima, siz baribir berilgan va’daning ustidan chiqiladi demoqchimisiz? U, ehtimol, hali sizni olib ketgani kelishi mumkinmi?
– Albatta. Bo‘lmasam-chi? Kechikish uchun, aftidan, jiddiy sabab bo‘lgan. Shubha qilgan gap nimada ekanini bilgan zahoti uyatdan kuyib kul bo‘ladi...
– Har kim o‘ziga yoqqan narsaga ishonadi.
– Xo‘p, mayli. Unda keling, biznikiga borib kelaylik. Qolaversa, sizga hamma narsa ayon, sizdan berkitadigan narsam yo‘q. Rafiqamni ko‘rgan zahoti barcha shubhalaringiz shu ondayoq tarqab ketadi. Ketdik. Kiyinishning hojati yo‘q, chunki bu shu yerda, shu uyda.
– Sabr qiling. Hali sizga aytganim yo‘q... Bilasizmi, hozirgina xotinimni yashayotgan joyingizni ko‘rib kelgani yubordim, u tez orada keladi. Men avval u nima deyishini eshitmoqchi edim. Shundan keyin biz ishonsak yoki ikkilansak ham fikrlarimiz uzil-kesil bir joydan chiqishi lozim.

14

Bir pas mehmon olisdagi manzarani tomosha qilayotgandek menga tikilib qarab turdi. Dilida achchiqlanayotgan bo‘lsa ham buni sezdirmayotgandi. Barmoqlarini qirsillatib qisgancha, bo‘g‘iq, ifodasiz tovushda dedi:
– Hammasi tushunarli... Faqat bu siz o‘ylaganchalik oqilona ish bo‘ldimikin, sensey?
– Qaysi ma’noda? Siz xotinimning gaplariga ishonmasligim kerak edi demoqchimisiz?
– Bu yerda men uning fazilatlarini muhokama qilishga jur’at eta olmayman, biroq...
– Insofli odamlar bunday qilmaydilar... Siz rafiqangizning hamma ishlarini oqlaysiz...
– Axir men aslo rafiqangiz yomon odam demoqchi emasman. Aksincha, u juda sezgir va nihoyatda aqlli ayol. Buning ustiga juda lobar. Faqat...
– Nima “faqat”?
– Shundoq, miyaga turli narsalar keladi... Hozirgi paytda odamga ishonib bo‘lmaydi deyishadi. Men bunga qat’iyan qarshiman. Odamga ishonish oson. Boshqa odamni senga ishonishga majbur qilish esa anchayin qiyin. Mana hozir sizni, sensey, menga ishonishingiz uchun jon-jahdim bilan kurash olib bormoqdaman... Biz ham-suhbatimizni o‘z qarichimiz bilan o‘lchashga odatlanib qolganmiz va bundan aslo tortinmaymiz. Tabiiy ehtiyotkorlik – yaqin kishimizni o‘lchash uchun o‘z qarichini saqlab qo‘yish – qaysidir sahhof do‘konining burchagidagi eski kitoblardek mog‘or bosib yotibdi... Shuning uchun hatto rafiqangiz sizning, sensey, aqlingiz raso-ligiga shubha qilgan hollarda ham... Bo‘lgani bo‘ldi, sizga hammasini gapirib beraman... Faqat ko‘nglingizga olmaysiz. O‘pkalashga hojat yo‘q va ayblashga shoshilmang...
– Borib turganingiz maynavozchilik. Shubhalanmayotgan odamdan shubhalanmaslikni so‘rash – undan shubhalanishni so‘rash bilan baravar.
– Yoqimli gaplarni eshitish maroqli. Zero, shubha bevosita haqiqat huzuriga kiriladigan darvoza hisoblanadi. Buning ustiga rafiqangizda faqat siz to‘g‘ringizdagina noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lmagan, sensey. Hatto mendek mutlaqo tasodifiy odam ham unda o‘zim to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otish balosiga duchor bo‘ldim. Rafiqangiz qaysidir sababga ko‘ra... – shu joyda u oldinga engashdi va ovozini pasaytirdi, – go‘yo men sug‘urta agentiman degan qarorga kelibdi.
– O‘zi shunday emasmi?
– Bo‘lmagan gap. Bu ishga mutlaqo aloqam yo‘q. Shunchaki, xotinim kallasiga buni joylab olgan, uning gapini esa ikkita qilib bo‘lmaydi, u bilan muomala qilganingda sarob dunyochasiga ziyon yetkazmaslik uchun nima desa “labbay” deb turishing, uni ehtiyot qilishing kerak... Ammo rafiqangizdek odam kattagina miqdorda pul berib, telbalik sug‘urtasiga buyurtma berayotganda ko‘z-quloq bo‘lib turish zarur...
– Telbalik sug‘urtasi?
– Ha, telbalik sug‘urtasi. Bu haqda eshitganmisiz?
– Bu – g‘irt shallaqilik!.. Agar siz bu bema’nilikni xotinimning qulog‘iga quymaganingizda, bunday ahmoqgarchilik uning xayoliga ham kelmagan bo‘lardi!
– Men.. – u aybiga to‘la iqror bo‘lgandek g‘uldiradi, – men rafiqangizga buni gap orasida, hazil tariqasida aytgandim. U buni rostakam qabul qilishini tasavvur ham qilmagandim. Rafiqangiz, aftidan, ruhiy-asab xastaligiga chalingan. Kutilmagan savolim uchun afv qiling, sensey, lekin rafiqangiz sizning o‘ta janjal-kashligingiz guvohi bo‘lmaganmi? Bu uning hadiksirashlari sababiga oydinlik kiritgan bo‘lardi. Yoki, ehtimol, uning tomirlarida shunday qon oqayotgandir...
– Og‘zingizga kelganini valaqlayvering. Xotinim kelgan zamon bu sariq chaqaga arzimaydigan yolg‘on-yashiqlaringiz kuz yaprog‘idek salgina shamoldan chirt etib uziladi-ketadi.
– Ha, xotiningiz bo‘hronning o‘zginasi, – dedi u yodiga bir narsa tushgandek, kulgidan chayqalib. – Aslini olganda, yolg‘izlik va qondirilmagan hissiyotlar kabi narsalar bo‘hron singari odam qalbini ship-shiydon qiladi. Rafiqangiz menga murojaat qilganida, darhol bu bo‘lmag‘ur ish degan o‘yga borib, fikridan qaytarmoqchi bo‘ldim... Men, deydi u, erimni telbalik sug‘urtasidan o‘tkazmoq-chiman. Nahotki, eringiz ruhiy holatidan shunchalar xavotirda bo‘lsangiz, so‘radim undan? Bo‘lmasam-chi, deydi u. Men, deydi u, buni so‘z bilan tushuntirib bera olmayman, biroq uning turish-turmishida ataladagi suyakdek qandaydir ishkallik borligini his qilaman... Shu ondayoq xotiningizning og‘ziga urdim: juda nobop ish bo‘ldi, dedim. Ma’lumingiz bo‘lsinkim, hayotni sug‘urtalashning sharti – jismoniy salomatlikdir. Xuddi shunday telbalik sug‘urtasi uchun ruhiy salomatlik, ya’ni aqli rasolik talab qilinadi. Siz esa, dedim unga, hozir menga bu masalada shubhangiz borligini aytdingiz. Buni o‘z og‘zingizdan eshitganim uchun, nachora, bunga ko‘z yumish kompaniyamga nisbatan sadoqatsizlik bo‘lardi. Aytaylik, keyin sud bo‘lsa, qayoqqa qochasan? Sug‘urta qilganing uchun mukofot olish u yoqda tursin, g‘irromlik uchun qamoqqa tiqilishing hech gap emas. Kuvabara-kuvabara. Yo‘q, to‘xtang, dedim, avval eringizning aqli rasoligiga ishonch hosil qilaylik.
– Notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov!
– Rostgo‘y – xotiningiz. Ammo bu suhbatdan keyin u, aftidan, har kuni sizning ruhiy holatingizni kuzatib yurganga o‘xshaydi. Kutubxonada kitob titkilaydi, kasalxonalarga qatnaydi, ruhshunos vrachlar gap-so‘zlariga quloq tutadi... Yaqindan buyon esa ruhiy xastalikka duchor bo‘lganlarning tanish-bilishlari bilan yaqinlasha boshladi. Lekin kulfatga qancha yaqin bo‘lsang, uni nigohing bilan qamrab olishing shunchalik mushkul. Men, deydi xotiningiz, erimni kuzatayotganimda, shamol quvayotgan bulutni ko‘rayotgandek boshim aylanadi. Ha, aqli raso bilan telba o‘rtasidagi chegarani aniqlash, aftidan, u qadar oson emas... Aytgandek, o‘zimdan, duolaringiz bo‘lsin, xavotirdamasman, men – shubhadan istisnoman va endi yengil nafas olishim mumkin.
– Agar aytayotganlaringiz rost bo‘lsa, mendan ham ko‘ra xotinimni tekshirib ko‘rish kerak bo‘ladi.
– O‘zingiz bilasiz, biroq... O‘z tajribamdan kelib chiqqan holda taqdirga tan berishni ma’qul ko‘rgan bo‘lardim...
– Men esa tan bermayman! – baqirdim men stolga musht urib. Zarbdan pichoq polga sakrab tushdi, o‘zim titrab-qaqshab so‘rashda davom etdim: – Yo‘q, tan bermayman, gaplaringiz g‘irt yolg‘on. Siz odamlarni baxti qaro qilishda ustasi farangsiz. Menga qarang, tashrifnomangizni oling-da, shu bilan hammasiga nuqta qo‘yaylik. Siz shunchalik ishonadigan xotiningiz bu yerga baribir kelmaydi. Siz menga qanchalik tixirlik qilsangiz, o‘zingizning shunchalik obro‘yingiz ketadi.
Kutganimdek, u xijolat tortib stoldan tashrifnomasini oldi va to‘satdan dedi:
– Xotinimni qo‘ya turing. Biroq sizning xotiningiz-chi, sensey?
Birdan o‘zimni yomon his qila boshladim. Aftidan, o‘n daqiqa chamasi o‘tgandi. Aytgancha, mehmonimning joningni sug‘urib oladigan gaplari meni shu qadar junbushga keltirgan ediki, vaqtni butkul his etmay qo‘ygandim. Endi esa he yo‘q-be yo‘q “tugadi” bir onda “hali”ga aylanib turibdi. Darhol turli-tuman xavotirlar va tusmollar bakteriyalar kabi shiddat bilan ko‘paya boshladi. Mehmonim tomonidan tayyorlangan shamalar muhitida meni aql bovar qilmaydigan xayollar chulg‘ab oldi va buni haqiqiy voqelik sifatida tasavvur qila boshladim.
Ruhim qamishzorda chivinlar galasi bilan kurashayotgandek, qo‘l-oyog‘ini urib nochor chirillardi, o‘zimga-o‘zim qat’iyat bilan yakkash derdim: “Men ishonaman... men ishonaman...ishonaman... Boshqa biron narsa bo‘lishi mumkin emas...”
Mehmon chaqmoqtoshini chirt etib yoqdi va unga nimanidir yaqin olib keldi. Barmoqlarida qizil shu’lali olov o‘t oldi. Bu “Mars” uyushmasi nomi bitilgan tashrifnoma edi. Yonib bo‘lgach, mehmon qog‘ozni kuldonga tashladi. Olov bir lopilladi-da, o‘chdi, tashrifnomadan faqat bir chimdim kul qolgandi.
– Ashyoviy dalillarni yo‘qotyapsizmi?
– Ma’nisiz o‘yinchoq, – ovoz berdi u. Biron narsa uning yuzini tundlashtirmagan, qaytanga chehrasi yorishgandek edi. – Nahotki, bularni jiddiy narsa deb o‘ylasangiz, sensey?
– Nimalar deyapsiz? Meni ishontirishga o‘zingiz jon-jahdingiz bilan urindingiz-ku.
U javob bermadi. Xuddi rolini ijro etib bo‘lgan artistdek tabassum bilan menga ta’zim qildi, keyin orqa tomonidan portfelini olib, qo‘ltig‘iga suqdi.
– Ehtimol, biznikiga borarmiz? – taklif qildi u. – Ehtimol, siz xotiningizdan xavotirdasiz?
– Demak, biz o‘z kamchiliklarimizni tilga olmaymiz. Shu qadar katta ketish.
– Borimiz shu.
– Xotinim deb siz bilan bahslashmoqchi emasman.
– Bekor gap.
U jiddiy qiyofada imo qildi, o‘rnidan turadi deb o‘ylagandim, aksincha, joylashibroq o‘tirib oldi. Keyin portfelidan yana bir dasta qog‘ozni chiqardi, birdan basharasi o‘zgardi va menga qahrli tikildi.
Bu o‘sha qo‘lyozma edi. Meni azbaroyi tamom qilgan va portlash darajasiga olib borgan “Xuddi odamdek” romani edi. Og‘zimga g‘o‘r mandarinning nordon ta’mi to‘ldi, Nimadir deyish kerak edi va men dedim:
– Bu narsa bilan tashrifnomangiz kabi ish qilib bo‘lmaydi. Bu yerda o‘choq yo‘q va u qadar o‘ng‘ay bo‘lmaydi. Biz tutundan bo‘g‘ilib qolamiz.
– Bema’nilik! – bardam so‘z boshladi u va qo‘lyozmani silkitdi. – U safar betakalluflik qildim, aybdorman... Ammo siz, sensey, qo‘lyozma mazmuni bilan tanishib chiqqan zahoti lol qolasiz. “Xuddi odamdek”... Bu, albatta, hech qanaqa roman emas va sizning nomingizdan bitilmagan. Atalishi ham o‘zgacha: “Inson fojiasining topologik tadqiqoti”... Shunday qilib, sensey, “Mars” uyushmasi kulga aylangan ekan, muqaddima nihoyasiga yetdi deb hisoblaymiz va asosiy masalaga o‘tamiz.
– Nima, nima? Hali asosiy masala ham bormi?
– Ha, mayli, agar «asosiy masala» – juda jiddiy nom bo‘lib tuyulsa, «masala hal bo‘ladigan bob” bo‘la qolsin. Bobning hajmi biz xotinlarimiz kelgunicha qo‘lyozmaning tanishishga ulguradigan qismi bilan o‘lchanadi. – U barmog‘iga tuflab, birinchi sahifani varaqladi. – Aytgancha, ishonadigan odam uchun vaqt – hamisha lahza. U bir necha yil bo‘ladimi yoki o‘nlab yillarmi – muhim emas...

15
 
Qo‘pol hazillarga ajoyib moyillik. Ammo men maqbul javob topishga ulgurmadim. Mehmonim o‘qishga kirishgandi.
U qo‘lyozmani ko‘z oldida ushlagan, tovushiga ifoda berish uchun boshini orqasiga tashlagancha balandparvozlik bilan qiroat qilardi:

Xufiyona topshiriq olgan,
O‘ttiz ikki vakil,
So‘z aytolmay turar lol,
Ularni mayna qilishar,
Telbalarning sovuq go‘riga,
Urib-turtib tiqishar.

U bu she’rni ikki bor ohista takrorladi, so‘ng teatr sahnasida turgandek uzoq tin olib, so‘z qotdi:
– Bu – “Vakil sanosi” deb nomlanadi... Muallifi noma’lum... Shunga qaramasdan sermulohaza odamga she’rning mazmuni nimadan iborat ekanligi tushunarli, sensey. Jumboq kalitlari satrlar uzra betartib sochib yuborilgan...Sirli yozuvda dahshatli haqiqat yashiringan... Xohlasangiz, aytib beraman, sensey. Faqat sizga, asta-sekin... Bilasizmi, bu vakillar – ajablanmang – marsliklar. Ular olisdan, koinotning yaydoq sahrosidan Yerga alohida topshiriq bilan yuborilgan...
– Agar bu Mars haqida bo‘lsa yetar! – baqirdim men xuddi aldab og‘zimga yelimdan yasalgan pishiriqni tiqishgandek azbaroyi bo‘g‘ilib. – Hozirgina siz “Mars” uyushmasi kulga aylandi deb va’zxonlik qilayotgan emasmidingiz...
– Ha, “Mars” uyushmasi kulga aylandi... Ammo buning unga mutlaqo aloqasi yo‘q! – U bezori o‘quvchilar kaftini cho‘g‘ bilan kuydirib bo‘shang o‘qituvchi oldida shumlik qiladigandek hovliqib, bar-moqlarini yuzi oldida silkita ketdi. – Hozir men gapirayotganim, sensey, haqiqiy marsliklar haqida! Bu yerda yaqinda radio orqali yumshoq qo‘nish haqida xabar berishgandi...Men haqiqatan ham xuddi ana shu sayyorada yashaydigan marsliklar haqida gapiryapman!
– Aftidan, siz yana go‘yo marslik ekanligingiz haqida bekorlarni to‘qimoqchisiz, shekilli. Qo‘ysangiz-chi... Marsliklar – eski matohga aylandi. Eskirdi, chiridi, kuyib kul bo‘ldi. Bunday narsalar haqida siz bilan hatto bolakaylar ham suhbatlashmaydilar.
– Xo‘sh, nima qilish kerak? Dalil – dalil-da.
– Dalil? Qo‘ysangiz-chi, kulgimni qistatmang. Axir sizning turgan-bitganingiz – oddiy yaponsiz.
– Buning ahamiyati yo‘q. Men yaponga o‘xshayman va bu – tabiiy. Siz meni shunday deb bilasiz va bunga hech kim e’tiroz bildira olmaydi. Buni biz o‘z achchiq tajribamizdan bilamiz. Tipologik o‘xshashlik – bu marsliklar tushib qolgan iblisona tuzoq. Biz bu tuzoqdan chiqib ketmoqchi bo‘ldik, ammo buning uddasidan chiqa olmadik. Sizdan o‘tinib so‘rayman, men qanchalik qat’iyali bo‘lmay, marslik ekanligimga ishonmang.
– Iltimos qilmasangiz ham bo‘ladi, shundoq ham ishonmayman.
– Chin so‘zingizmi, ishonmaysizmi?
– Albatta, ishonmayman.
– Men esa gapimda qat’iyman. Men – marslikman. Mars ittifoqi hukumati tomonidan Yerga vakil qilib yuborilganlarning biriman... Xo‘sh, bunga nima deysiz, sensey.
– Undaymi-bundaymi, ishonmayman. Xulosa ham yakkayu-yagona bo‘lishi mumkin. Bevosita siz, boshqalarni tahqirlaydigan va haqorat qiladigan siz – haqiqiy va so‘zsiz borib turgan telbasiz. Qo‘pol gapirganim uchun uzr so‘rayman.
– Qarang-a... Telba... Mayli. Rafiqangiz qismatiga sherik bo‘lishni tanlabsiz-da, shunday emasmi?
– Bas qiling! Bu boshi berk ko‘cha tinkamni quritdi. Ikkimizga ham bahsimiz cheksiz davom etishi, ammo bundan biron natija chiqmasligi aniq-ku.
– Gapimni eshiting, sensey, so‘nggi umidimni uzmang. Natija chiqmasligi, masalan, men uchun juda katta yutuq. Ishonishga majbur qilish qiyin, buning uddasidan chiqmaslik mashaqqat, ammo topologik muhabbat... Biz shubhaga yetib keldik, holbuki bevosita shubha – haqiqat sari ochilgan eshik. Nahotki, bizning bu eshikdan kirib, olg‘a bosishimizga qurbimiz yetmasa? Hech qanday boshi berk ko‘cha yo‘q, buning isboti mana, sensey, hozirgina siz meni telba deb atadingiz, bu ilgari bo‘lmagan, kelajakda ham bo‘lmaydi.
– Agar hamma gap shunda bo‘lsa, buning biron yangiligi yo‘q... Shunchaki rafiqangiz meni telefonda qo‘rqitib yubordi.
– Qo‘ying, sensey, bunaqa tobelik sizga yarashmaydi. Qo‘rqitib yubordi... Mana, sizga boshi berk ko‘cha – uni o‘zingiz yaratasiz. Ammo vaqtimiz ziq, behuda gap sotishni yig‘ishtiraylik. Iltimos, sensey, birinchi bo‘lib siz boshlasangiz...
– Nimani boshlay?
– Nimani? Siz meni telba deb e’lon qildingiz. Men esa o‘z tarafimdan marslik ekanligimda qat’iy turibman. Shu tariqa biz bir-biriga zid chiziqlar kesishadigan nuqtaga egamiz. Shunday ekan, mening shaxsimga aniqlik kirita oladigan biron narsa bo‘lishi kerak. Sizga, sensey, topologik tahlilda o‘z san’atingizni namoyish etish imkoniyati berilyapti.
Hech vaqoni tushunmayman. Suhbat ohangi, he yo‘q-be yo‘q, o‘zgardi. Vaqtni cho‘zish uchun sigaretani jo‘rttaga uquvsizlik bilan chekishga kirishdim, keyin uni ezg‘iladim. Meni boplab chuv tushirishganini his etardim, ammo bu qanday ro‘y berganini tasavvur qila olmasdim. O‘zimni tamoman yo‘qotib qo‘ygandim. Jirkanchli, yuraksiz, irodamga qarshi iltijoli tovushga qiziqdim:
– Kechirasiz, bu nima degani? Siz tez-tez “topologiya”, “topologik” so‘zlarini tilga olasiz... Bu sohada biron narsadan xabardor emasga o‘xshayman.
– Bu davriy handasaning xuddi o‘zi.
– Afsuski, o‘qiganim atigi shartli geometriya bilan chegaralangan, xolos.
– Unday bo‘lsa, kechirasiz... Tamoyili juda oddiy... Lo‘ndagina qilib, buni “xuddi” matematikasi deb atab qo‘ya qolaylik... “Xuddi odamdek”dagi “xuddi”. Eski matematika, masalan, kriket yo‘sini va kriket koptogi kabi buyumlar o‘rtasida tenglik belgisini qo‘yishni xayoliga ham keltira olmagan. Topologiyada esa ular Bettining bir o‘lchamli raqami orqali gomeomorfli sath sifatida aniqlanadi va ular o‘rtasida tenglik belgisi qo‘yiladi. Ehtimol, bu sizga ajablanarli tuyular, ammo odamlarning hissiy formulalari orasida bunga o‘xshashlari ko‘p uchraydi. Boshqa misolni olaylik. Patir va buxanka non. Topologiya uchun ular Bettining bir o‘lchamli sonlari bo‘yicha ikkiga teng bo‘lgan sathlardir. Oddiy odam uchun patir – u doira yoki boshqacharoq shaklda bo‘ladimi – patirligicha qolaveradi. Elektron mashinada doira shaklidagi patirning formulasini tahlil qilish osonroq. Itga esa, masalan, unga patir yoki buxanka non berishadimi, u butunmi yoki bo‘laklanganmi – baribir, asosiysi bir xil undan yopilgan bo‘lsa bas. Topologik yondashuv xuddi insoniy yondoshuvni yodga soladi, shunday emasmi?.. Boshqa tomondan, topologiya tufayli avvallari ikkilanishlarga olib boradigan, qandaydir umumiy g‘oya bo‘lgan “xuddi” rivojlandi va nozik mantiqiy tarkibga ega bo‘ldi. Topologiyagacha bo‘lgan matematikada bunday tushunchada tarkibning o‘zi bo‘lishi mumkin emasdi. Endilikda “xuddi” bilan hazillashib bo‘lmaydi. Masalan, men, u tufayli hozir rostakam kulfatga tushib qoldim...
– Siz, yaxshisi, ayollarimiz...
– Gapimni oxirigacha eshiting... Shunday qilib, bu ikki chiziq – telba va marslikni nima birlashtiradi? Quyidagicha topologik tasavvur fikrga kelyapti. Miyasiga o‘zining marslik ekanligini quyib olgan Yerdagi telba...
– Bor-yo‘g‘i shumi?
–... yoki miyasiga xuddi u Yerdagi telba ekani, o‘zi esa miyasiga marslik ekanini quyib olgan marslik...
– Bularning hammasi ahmoqgarchilik! Shunday ekan, topologiya-ngizga balo bormi?
– Men sizga nima degandim? Bu shu qadar hissiy tasavvurni yodga soladiki, lol qolmay ilojing yo‘q.
– Bularning hammasini faqat hissiyot doirasiga sig‘dirib bo‘ladimi? Uni cheksiz davom ettiradigan bo‘lsak... Miyasiga o‘zining marslik ekanini quyib olgan Yerdagi telba yoki miyasiga xuddi u Yerdagi telba ekani quyilgan, o‘zi esa miyasiga marslik ekanini quyib olgan marslik, Miyasiga o‘zining marslik ekanini quyib olgan Yerdagi telba yoki miyasiga xuddi u Yerdagi telba ekani quyilgan, o‘zi esa miyasiga marslik ekanini quyib olgan marslik...
– Yetar. Agar sizning topologiyangiz yordamida bu kalima qaytari-laversa, ish muvaffaqiyat bilan tugashiga umid qilib bo‘ladimi?
– Topologiyaning mohiyati ham shunda-da. Agar biz, masalan, dastlabki muayyan modelni tayyorlab olsak, ixtiyoriy ravishda murakkab usul bilan davriy holatini unga teng bo‘lgan har qanday topologik shaklga sola olamiz. Biz ko‘rib chiqayotgan holatda oldimizda “miyasiga o‘zini marslik deb quyib olgan yerlik” tarkibiy modeli turibdi. Keling, bir urinib ko‘raylik va bundan nima chiqishini bilaylik. Aqldan ozgan bu yerlik – ya’ni sizning, sensey, tasavvuringizdagi men – avval-boshda bechora omadsiz kimsa bo‘lgan. Aftidan, shuning uchun unda voqelikdan qochishga moyillik paydo bo‘lgan. Ammo qochadigan joyning o‘zi yo‘q, karmonida bir miri ham yo‘q va u evrilish xayoliga borgan. Kimga aylangani ma’qul? Itgami? Qushgami? Yoki toshga aylanib qolsinmi? Ammo jismoniy evrilish fikri o‘ziga yoqmagan. Uzoq va uqubatli o‘y surishlar natijasida u pirovardida tubdan o‘zgarmasdan evrilishi kerakligi haqidagi xulosaga kelgan. Boshqacha qilib aytganda, xuddi odamdek bo‘lsin-u, ayni paytda odam bo‘lmasin... Masalan (shu joyda mehmonimning ovozi shivirlash darajasida pasaydi), marslik bo‘lib qolsin... Ha, xuddi odamdek marslikka aylansin... Bizning yerlik telbamizning topologik evrilishi shu tariqa nihoyasini topdi.
– Nima ham derdim, bunga e’tiroz bildirib bo‘lmaydiganga o‘xshaydi...
– Hozircha bu modelni “marslik kasalligi” deb ataylik. Qarshi emasmisiz?
– Umuman olganda, menga baribir...
– Ajoyib... Bu yog‘iga ham qo‘rqmay menga ishonavering...
Uning bu so‘zlari meni yana hadiksiratib quydi va yana mubham xavotirni his etdim. U meni yana sezdirmasdan ko‘z ilg‘amas to‘rlari bilan chirmaganga o‘xshardi. U ko‘zbo‘yamachi va artist ekanligini bilaman, uni chetlab o‘tishga urinaman, biroq, marhamat, mana – yana sahna oldida qoqqan qoziqday bo‘lib turibman. Bir vaqtlar qaysidir qishloq bekatida attorlik mollarini xarid qilishga da’vat qilayotgan jarchini ko‘rganman. U xaridorlarni mol xarid qilishga go‘yoki mayda toshlarni osmonga otib, ularni irodasi kuchi bilan havoda muallaq ushlab tura olishi haqidagi baqir-chaqirlari bilan jalb etayotgandi. Mehmonimning qiliqlari shu g‘irt aldamchini esga solardi. Axir havoda muallaq turishi mumkin bo‘lgan toshga qaysi ahmoq ishonadi? Ishonmaydi va shuning uchun chetlab o‘tib ketmaydi. Ishonmayman, ishona olmayman va ishonishni xohlamayman. E’tiroz hissi ortib boradi, sen beparvolik holatidan chiqasan va o‘z ko‘zing bilan ijrochining yuzi shuvut qilinishiga guvoh bo‘lishni qo‘msaysan, unga esa xuddi shu kerak – sahnaga otilib chiqadi-da, oldingda raqs tushib ketadi. Ha, xavotir kuchli bo‘lganligidan, aftidan, yanglishdim, o‘zimni o‘zim chalg‘itdim. Haqiqatan ham shartlarni va ehtiyotkorlikni vaziyat bilan chog‘ishtirish kerak.
– Marhamat, shunday desa ham bo‘ladi. Juda odatiy hol, har qadamda uchratish mumkin...
– Endi, sensey, sizga o‘qib bergan “Vakil sano”siga murojaat qilamiz... – dedi u yiqilgan raqibga so‘nggi zarba berishga tayyorgarlik ko‘rayotgandek vahimali-sokin ohangda. Mehmon qo‘lyozmani stoldan olib, tizzasiga qo‘ydi va uni tirnoqlarining uchi bilan ohista chertdi. – Telba yerlikning tarkibiy modelini tan olib, siz o‘z-o‘zidan “Vakil sanosi” mazmunini ham qabul qildingiz.
– Siz nimaga bir bog‘dan... bir tog‘dan kelyapsiz...
– Unday emas. Patirning ichiga qaraladigan bo‘lsa ham patir patirligicha qolaveradi. “Vakil sanosi” va marslik kasalligiga duchor bo‘lganning tarkibi topologiya nuqtai nazaridan bir xil.
– Siz bu she’r haqida gapiryapsiz, u nima to‘g‘ridaligi esa mutlaqo yodimdan ko‘tarildi.
– Hozir xuddi shuni tushuntirmoqchi bo‘lib turuvdim. U o‘ziga xos kriptogramma bo‘lib, tegishli tushuntirish berilmas ekan, u haqda gapirishning ma’nosi yo‘q.
– Tushuntirsangiz chakki bo‘lmasdi. She’ringizdan og‘zim ochilib qolgani yo‘q, sizga esa, hali aytganimdek, ishonishni xohlamayman.
– Hechqisi yo‘q, ishonmasangiz-ishonmang. Agar menga ishon-ganingizda bunday so‘qmoqlarda turtinib yurishga hojat yo‘q edi. Endi siz bilan masxarabozlik o‘yinini boshlaymiz. Kayfiyat sho‘x, marslik kasaliga chalinganning ko‘zbo‘yamachiligidan ko‘ngil ochamiz. Bu narsada yuzim shuvut bo‘lib qolmaydi, buni va’da qilishim mumkin... Kechirasiz, sinchkovlik – faqat odamlarga xos bo‘lgan xislat deyishadi. Anavi yerdagi narsa nima? – U birdan barmog‘i bilan radio oldidagi shisha idishni ko‘rsatdi. – Unda shirinlik saqlaysizmi? Yoki yeryong‘oqmi?
– Yo‘q, unga eski chiptalarni solib qo‘yaman. Nimaydi?
– Buning ahamiyati yo‘q, men shunchaki... Ammo rafiqangizga nima bo‘ldi? To‘ppa-to‘g‘ri Marsga yo‘l olmadimikan? Mayli, sabr qilamiz. Men hatto ayollarimiz kechikayotganlarini ma’qullayman. Chunki, bilsangiz, sensey, men hali suhbatimiz mavzusini oxiriga yetkaz-ganimcha yo‘q...

16

– Ha, men “Vakil sanosi”ni bitta u qadar odatiy bo‘lmagan joydagi u qadar odatiy bo‘lmagan bino devorlarini yuvayotganimda topib olganman.
Mehmonim hikoyasini tin olmasdan davom ettirar, uning yuzida ruhlanib ketadiganlarga xos, men uchun yangi ifoda paydo bo‘lgandi... Tizzasidagi qo‘lyozmani siqayotgan qo‘llari, stulga suyangan himoyasiz gardani, – go‘yoki tabassum ulashardi. Men o‘zimni nihoyasiz to‘r bilan chirmashga muvaffaq bo‘lganlarini his etardim... Dashtga bunday devor qurish faqat meni to‘rga tushirish uchunmikan? Axir men... Endi “labbay” deb turish ham, haqoratlash ham menga vaziyatning sohibi bo‘lishga yordam bera olmaydi. U nima deyayotganini iloji boricha aniq yozib olishdan boshqa choram yo‘q.
– Bu odatiy joy emasdi, – davom etardi mehmonim, – aytishim mumkinki, bir ruhiy bemorlar kasalxonasidagi palata edi... Nima uchun u yerga borib qolganligim, nima uchun devorni yuvganligim – bu savollarga javob berishni sizning tusmollaringizga havola etaman... Avvaliga bu yozuvlar e’tiborimni tortmadi. Bu mitti jimjima belgilar telbalardan birining aji-bujilariga o‘xshaydi degan xayolga bordim.
Ammo “O‘ttiz ikki vakil” jumlasi... Bu satrga ko‘zim tushishi bilan favqulodda iztirobga tushdim. Men hayajonlanib she’rni qayta o‘qib chiqdim. Ha, shubhaga o‘rin yo‘q edi. Bu “erlik kasali”ning belgisi bo‘lmay – nima edi?

Xufyona topshiriq olgan,
O‘ttiz ikki vakil,
So‘z aytolmay turar lol,
Ularni mayna qilishar,
Telbalarning sovuq go‘riga,
Urib-turtib tiqishar.

Xato bo‘lishi mumkin emasdi. Nihoyat qo‘limga dalillar tushgandi. Nihoyat bizga bu qadar shafqatsizlik bilan yuqayotgan “erlik kasali”ning haqiqiy sababini aniqlagandim. Zero, “Vakil sanosi” “marslik xastaligi” bilan ruhiy bemorlar kasalxonasiga tushib qolgan vakillardan birining nomasi edi. Bu dahshatli edi! “Marslik xastaligi”ning tub o‘zginasi bo‘lgan “erlik xastaligi”... Uni “topologiya nevrozi” deb atayman, e’tirozingiz yo‘qmi? Va quyi-dagini ma’lum qilishga ijozat bersangiz. “Vakil sanosi”ning muallifi oxir-oqibat haqiqiy “erlik xastaligi”ga chalindi... Ya’ni Yerdagi vrachlarning nuqtai nazaridan “marslik xastaligi”dan sog‘ayib ketdi. Kasalxonadan chiqib, noma’lum tomonga yo‘l oldi.
Shunday qilib, jumboqning kaliti sehrli “o‘ttiz ikki” raqamida... Nima uchun bu raqam menga shunchalik ta’sir qildi? Hamma gap shundaki, men o‘ttiz uchinchi vakil qilib tayinlangandim va Yerga “Sano” muallifidan keyin keldim. Bu o‘ttiz ikkinchi talabalik yillarimdayoq do‘stim va quvnoq ulfatim bo‘lgan, u hozir qaerda ekan-ligi va boshidan nima kechayotganligi haqida o‘ylasam yuragim uvishadi. U behudaga jafo chekdi deb bo‘lmaydi, albatta. Chunki u qoldirgan noma tufayli men hozir o‘zimga yuklatilgan vazifalardan birini muvaffaqiyatli bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdaman.
Ha, bu shubhasiz. Noma bor, nomi men tomonimdan o‘ylab topilgan bo‘lsa ham “topologik nevroz” ixtirochisining nomasi bor... U ana shu nom bilan asrlar xotirasida mangu qoladi. Shuning uchun ham eng muhim ma’ruzaning birinchi sahifasini ana shu she’rga ajratdim. Sharaf va shonni bab-baravar taqsimlash kerak.
Ha, bizning bu “Xuddi odamdek” romanimiz amalda ma’ruzam hisoblanadi. Bu – men Mars hukumati e’tiboriga havola qilishni niyat qilgan ma’ruza. Uning birinchi qismi – dalillarni bayon qilish va tahlil etish. Ikkinchi qismi – zarur tadbirlar rejasining loyihasi va muallif fikrining bayoni... Misol tariqasida quyidagilarni eshitib ko‘rishni istamaysizmi?
“Mars taqvimi bo‘yicha falon yil, 2/3 mavsumi, davr 6, uchinchi kun.
Anjumandan qaytib kelib, xotinim boshiga sabu-kineni (Izoh: shirin xayollar namoyishchisi) qo‘ndirib olgani va zavq-shavqda ekanligidan xabar topdim. “Gapimni eshit, – dedim unga. – O‘ta muhim yangiliklar bor. Hozir shirin xayollarga g‘arq bo‘lish vaqti emas”.
U javob bermadi. Shunda men ortiqcha gap-so‘z qilmasdan sabu-kineni o‘chirib qo‘ydim va boshidagi qalpoqni yulib oldim. “Nima qilyapsan! – baqirdi u bo‘g‘ilib. – Meni tinch qo‘y!”
Shundan keyin meni ko‘zdan kechirib, ajablanib so‘radi: “Aytgancha, nega kuppa-kunduz yerlik kiyimida sayr qilib yuribsan? Yoki anjuman o‘rniga tomosha ko‘rgani bordingmi?”
“Yanglishyapsan, – e’tiroz bildirdim men. – Hamma gap shundaki, bugungi anjumanda meni topshiriq bilan Yerga yuborishga qaror qilishdi”. “Nahotki?” – hayron qoldi xotinim. “Bu hali hammasi emas, – davom etdim men. – Shuningdek, men bilan sening ham ketishingga qaror qilishdi”. “To‘xta, to‘xta... – baqraygancha valdiradi u. – Biroq Yerni tadqiq etish juda xavfli deyishadi-ku!”
“Bu haqda hech kim hech narsa bilmaydi. Faqat shu narsa ma’lumki, keyingi o‘n yil ichida u yerga o‘ttiz ikki vakil yuborilgan, ammo ulardan birontasi qaytib kelmagan. Lekin bunga yerliklar aybdor deb o‘ylamay-man. Ular xuddi bizga o‘xshaydilar, shuning uchun ularning maxluq va yovvoyi bo‘lib chiqishi mumkin emas”.
“U holda biron dahshatli kasallik bo‘lsa-chi?”
“Bunaqa nazariya ham bor. Rahbariyat, umuman olganda, buni istisno qilmayapti. Lekin bu kasallikning tabiati haqida biron taxmin yo‘q. Uni faqat “erliklar xastaligi” deb atashga kelishib olindi. Bizning topshiriqqa kelganda, u quyidagilardan iborat. Birinchidan, oldimizga Yerda savdo bekatimizni tashkil etish to‘g‘risida muzokara boshlash vazifasi qo‘yilgan. Menga bu juda muhim va o‘ta shoshilinch ekanligini aytishdi, chunki u yerda yaqin orada uzoqqa otiladigan raketalar ishga solingan holda noqonuniy bezorilik ur-to‘poloni boshlanishi mumkin. Ikkinchidan, biz bedarak yo‘qolgan o‘ttiz ikki vakilimiz qayoqqa g‘oyib bo‘lganligini aniqlashimiz, shuningdek odamlarni Yerga zanjirband qilgan “erliklar xastaligi”ning haqiqiy tabiatini aniqlashimiz zarur...”
“Bu menga yoqmayapti, hammasi juda tajjubli”.
“Biroq boshqa bir nazariya ham bor – “erliklar xastaligi”ning sababi yerlik ayollar emish. Yerlik ayollar xuddi marsliklardek, faqat, ehtimol, sal-pal farq qilarmishlar. Hamma gap ana shu “sal-pal”da emasmikan? Shu vaqtgacha biz yuborgan vakillarning hammasi erkak bo‘lganliklarini yoddan chiqarmaslik kerak”.
“Qanday jirkanchlik!”
“Mana shuning uchun anjuman hamma holatlarni hisobga olgan holda bu safar juftlikni – erkak va ayolni yuborishga qaror qildi. Mening raqamim o‘ttiz uch, seniki, tegishli ravishda, o‘ttiz to‘rt bo‘ladi. Mana yerlik ayol libosi. Kiyib ko‘r, senga loyiqmikan”.
“Mavsum 2/3, davr 8, birinchi kun.
Salkam butun bir davr o‘tdi. Karaxt qilish usuli bilan yapon tilini o‘rganib oldik. Uchish kuni keldi. Biz xotinim bilan tirik mavjudotlarni majburiy yetkazish transpozitori (Izoh. Tirik mavjudotlarni qabul qilib olish bekatlari bo‘lmagan joylarga yetkazishga mo‘ljallangan maxsus moslama) kabinasidagi joylarni egalladik.
Nazoratchi apparaturani sozlash boshlanganini e’lon qildi, bu vaqtda ekranda boradigan manzilimiz tasviri paydo bo‘ldi.
“Yer... – dedi nazoratchi. – Tokio, Yaponiyaning poytaxti... Kech tun... Boshlang‘ich maktab hovlisi, atrofda biron tirik jon yo‘q... Xalaqit beradigan deyarli hech bir narsasi yo‘q, xavfsiz joy tanlangan. Daydi it kabi biron narsa bilan to‘qnashish ehtimolini istisno etish uchun qo‘nish joyi tuproq sathidan sakson santimetrga ko‘tarilgan... Buni yodda tuting, ehtiyot bo‘ling, yiqilib tushmang... Uch daqiqa qoldi. Umid qilamanki, hech narsani yoddan chiqarmagansiz...”
Unutadigan narsaning o‘zi yo‘q. Mars manzaralari tushirilgan bir dasta surat va ba’zi bir shaxsiy buyumlar. Va yana yapon ienalari. Aytishadiki, Yerda pul yordamida har qanday muammoni hal qilsa bo‘larkan.
Qizil chiroq yonib, gravitatsiyaga qarshi qurilma (Izoh: gravita-tsiyaga qarshi qurilma ixtiro etilgunga qadar gravitatsiya kuchi ta’sirida sof mineral jismlarni faqat transpozitsiya qilish mumkin edi. Tirik mavjudotlar esa kuchli bosim ostida qolib, bu ularning ichki organizmida qon quyilishi va yoriqlar paydo bo‘lishiga olib kelardi. Noldan me’yorgacha va teskarisiga bir lahzalik gravitatsiya sakrashlari kosmik raketalar uchirilayotgan paytdagi kabi oqibatlarga olib kelardi. Gravitatsiyaga qarshi yostiq ixtiro etilgandan so‘ng esa hatto Plutonga yangi tuxumlarni o‘z holidek yetkazish imkoniyati paydo bo‘ldi) ishga tushganligini ko‘rsatdi.
Gravitatsiya deyarli nolga tushib qoldi va daqiqalar sanashga o‘tildi. Xotinim “O‘zimni yomon his etyapman...” deb ingradi. Unga besh milligrammli benzotsiazepin aralashmasi suyuqligi kiritildi.
O‘n soniya qoldi... Nihoyat vaqt bo‘yicha siljish boshlandi (Izoh. Transpozitsiya vaqtning diskretligi tamoyiliga asoslangan. Vaqt uzluksiz emas. Bu ijobiy yo‘nalishdan salbiy yo‘nalishga va teskarisiga uyg‘un harakatda bo‘lgan oddiy, o‘ziga xos quvvat to‘lqinidir. Odatdagi sharoitlarda yo‘nalishlarning har biriga o‘z voqeliklari muvofiq bo‘ladi, bunda ijobiy yo‘nalishga bizning voqeligimiz, salbiy yo‘nalishga esa muayyan voqelikning aksi mos tushadi. Shuning uchun ham bizning voqeligimizga mansub kuzatuvchi uchun vaqt uzluksiz bo‘lib tuyuladi. Vaqt to‘lqinlari modda to‘lqinlariga nisbatan beqarorroq. Modda to‘lqinlari yorug‘lik tezligiga yetgunga qadar barqarorligini saqlab qoladi, ko‘p o‘lchovli vaqt to‘lqinlari esa nisbatan osonlik bilan beqarorlashadi; bunda ular davriyligini o‘zgartiradilar va davriylikda modda to‘lqinlariga nisbatan orqada qolish holatlari bo‘ladi. Ana shunday hollarda oddiy zarralarning paydo bo‘lishi va parchalanishi ro‘y beradi. Transpozitor davriylikda siljishni sun’iy ravishda yaratishga mo‘ljallangan qurilmadir. Bu siljish bilan yangitdan bir-biriga mos tushish oralig‘ida vaqtning o‘ziga xos tuynugi paydo bo‘ladi. Buni hisoblab chiqish qiyin emas. Siljishlar orasidagi bu tuynukka joylashtirilgan moddiy jism makonda, bir onda xohlagan joyga yetkazilishi mumkin. Aytgancha, “bir onda” deyilishi biroz mavhumroq. Vaqt to‘lqinlarining o‘zida vaqt o‘tmaydi va transpozitsiyaga yorug‘lik tezligidan ham yuqori tezlikdagi harakatlanish sifatida qarash tabiiyroqdir).
Siljish tezligi tobora ortmoqda. Xotinim “O‘zimni yomon his etyapman...” deb ingrashda davom etyapti. Ikkalamizning ham sayohat qilishga toqatimiz yo‘q, agar odatdagi bir bekatdan ikkinchisiga o‘tishni hisobga olmaganda, majburiy transpozitsiyaga xos bo‘lgan vaqt bo‘yicha siljish tajribasiga ega emasmiz, transpozitsiya bizda go‘yo yuragingni kir yuvish taxtasida ezg‘ilayotgandek his paydo qiladi. Ortiqcha chiday olmaymiz. Menga tanalarimiz xuddi buzuq televizor ekranidagi tasvirga o‘xshab tasmalarga bo‘laklangandek tuyulmoqda.
Qizil, ko‘k, yashil chiroqlarning lipillashi, soniyalarni sana-yotgan nazoratchining ovozi – hammasi lahza eshigi ortidagi zulmatda g‘oyib bo‘ldi, singib ketdi. Va biz bir-birimizning qo‘limizni ushlagan holda boshlang‘ich maktab hovlisiga shalop etib tushdik. Tanamizga tushayotgan og‘irlik tasavvur doirasidan tashqarida. Kayfiyatimiz tepaga shiddat bilan ko‘tarilayotgan tezyurar liftda-gidek. Biz darhol mushaklarga kuch beradigan eritmani ichamiz.
Qanchalik taajjublanarli bo‘lmasin, qilt etgan shabada yo‘q. Ayrim olimlarimizning go‘yo Yer – bo‘hronlar sayyorasi deganlari xato ekanligi oshkor bo‘ldi (Izoh: Yerning suratlarida deyarli hamisha ulkan suv to‘lqinlari ko‘rinib turadi, shu sababli ushbu sayyorada doimo shiddatli shamol esadi degan hovliqma xulosa chiqarilgan). Yerdagi tun osuda edi.
“Sassiqni qara-ya!” – hayqirdi xotinim burnini qisar ekan. Ehtimol, bu biz ko‘p bor eshitgan, ammo, ochig‘ini aytganda, qo‘lamsaligi sezilib turgan “xushbo‘y Yerning ifori” bo‘lsa kerak. Bu tuproqda chuvalchanglar, qumursqalar va boshqa jonzotlar, shuningdek behisob tuproq bakteriyalari chiqindilari mo‘lligidan dalolat berib turardi. Yerda sayr qilib kelgach, darhol qo‘lni yuvish va tomoqni chayish zarur...”

17

– Bir daqiqa tin oling, – muqarrar g‘alaba nashidasini surish ishtiyoqida jo‘rttaga ezg‘ilanib dedim men. Ichi qoralikdan tilim eshilardi. Mehmonimning qartalari kaftimda ochiq turgandek edi. – Men tomondan hikoyangizni, yana ayni qiziq joyida bo‘lish odobdan emas, albatta, lekin... Tushuning, bu kundaligingizga, afsuski, ishonish juda qiyin... Aftidan, o‘zingiz ham ishonishimga umid qilmagan bo‘lsangiz kerak... Bilsangiz, ziddiyalar. Ha, buni ziddiyatlar deb atay qolaylik. Bu kundaligingizda tub, hech nima bilan oqlanmaydigan ziddiyat bor. Sezishimcha, kundalik yapon tilida bitilgan. Ammo nima uchun? Agar siz uni Mars hukumatiga mo‘ljallab yozgan bo‘lsangiz, birdaniga uni marscha bitish tabiiyroq emasmidi? Yoki , ehtimol, marsliklarning umuman o‘z tillari yo‘qdir?
Mehmonim labini do‘rttaytirib, qo‘lyozmasini yashirmoqchi bo‘lgandek yashin tezligida harakat qildi, ammo darhol o‘zini qo‘liga oldi. Yuzi oldida o‘rta barmog‘ini ko‘rsatib, shodon bidirlab ketdi:
– Atitobiti kuti ratta kutibiri biri abiratti bitikuti biridakkunoreti kuti...
Bu g‘uldirashni aniq ifoda etganligimga kafolat bera olmayman, biroq u shunday – yoqimli tilyog‘lamalik bilan shivirlardi. Men baqrayib qolgandim, u esa ko‘zini qisib, yapon tilida davom etdi:
– Bu – marscha “Bilishimcha, bu sizni juda tashvishga solyapti” degan jumla. Matnni mahalliy tilda bitishimga kelsak, ma’ruzam – maxfiy. U yaponcha yozilgani uchun hamma buni “mars xastaligi”ga duchor bo‘lgan telbaning alahlashi deb qabul qiladi va unga ahamiyat bermaydi. Ahmoqlik qilib, marscha yozganimda, qo‘lyozma darhol ko‘zga tashlangan bo‘lardi. Tillar aynanlashtirishga moyil, bu qo‘lyozmani elektron mashinada o‘girish – oddiy ish. Mayli, dum ko‘zga tashlana qolsin, asosiysi – boshning pinhonligi.
– Xo‘p, siz aytganday bo‘la qolsin, – dedim yana mo‘ljalni xato olganimdan jahlim chiqib. – Lekin siz xuddi shundan manfaatdorsiz-ku. Siz bu yerga biz, yerliklarni Marsda aholi yashashini tan olishga majbur qilish uchun maxsus kelgansiz-ku.
Uning yuzi yana niqob kiyib olgandek bo‘ldi. Menga uning bet terisi suyakka yopishib qolganga o‘xshab ketdi.
– Biz – urushqoq irq emasmiz, – tundlashib dedi u. – Biz boshqa xalqlarga, birinchi navbatda, xuddi o‘zimizdek bo‘lgan yerliklarga biron ziyon yetkazmaslikka astoydil intilamiz...
– Siz nimani nazarda tutyapsiz?
– Bu narsa maxfiy bo‘lganligi uchun u haqda og‘iz ocha olmayman, lekin.... Siz, masalan, quyidagi holatni tasavvur qilib ko‘ring. Tokioga hushsizlantirish san’atini egallagan xufiyona jangari tashkilot a’zolari to‘plangan va bir vaqtda ishga kirishish uchun buyruqni kutishyapti, ammo ularni fosh etishning mutlaqo imkoniyati yo‘q. Bu nimaga olib keladi?
– Marsliklarda bunday rejalar bo‘lishi ehtimoldan xolidir?
– Albatta. Va yana jangarilarning bu guruhi olgan topshiriq, aytaylik, butun aholini bir vaqtning o‘zida aksirtirish yoki xomush torttirish ekanligini tasavvur qilib ko‘ring.
– Mana bunisi – g‘irt bo‘lmag‘ur narsa!
– Oshiqmang, axir gap ular nima qilmoqchi bo‘lganlarida emas. Gap shundaki, odamlar ular orasida, o‘zlari bilan yonma-yon, qo‘lga tushmaydigan va o‘zlaridan farq qilmaydigan jangarilar bor-ligidan xabar topishlari bilan bir-birlariga ishonmay qo‘yadilar, bir-birlarini fosh qilishni boshlaydilar, bir-birlariga tuhmat qilishga kirishadilar va oxir-oqibat butun mamlakat yashirin politsiyaning haqiqiy uyasiga aylanadi. Pirovard-natijada butun mamlakat kimdir aksirishi bilan qurt kemirgan daraxtdek qulaydi. Biz marsliklar xuddi odamlar ekanligini tan olsak, yerliklarning muqarrar o‘z-o‘zini zaharlashlariga daxldor bo‘lishimiz mumkin.
– Bu holda nima uchun meni safsatangizni tinglashga majbur qilyapsiz? Siz biz uchun xavfli ekanligingizni bilar ekansiz, bunday gap sotmasdan bu yerdan tezroq, tuyog‘ingizni shiqillatmaysizmi?
– Yo‘q, buning iloji yo‘q. Men topshiriq olganligimni unutmang. Men savdo shartnomasi tuzish uchun mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solib bo‘lmagunimcha qaytib keta olmayman.
– Tushunmayapman. Hozirgina siz bilan aloqa o‘rnatish bizga zarar keltirishini uqtirmayotganmidingiz.
– Bo‘lmasam-chi. Buning ikki yo‘li bor. Birinchisi: Yaponiyani Mars ittifoqiga qo‘shib olish, Shu tariqa yaponlar xuddi marsliklarga o‘xshab qolmasdan, haqiqiy marsliklarga aylanadilar.
– Bema’nilik. Bu bosqinchilik-ku!
– Siz shunday deyishingizni bilardim va gapingizga qo‘shilaman. – U kekkayib, ko‘zini qisdi, so‘ng yo‘talib, davom etdi: – Bu muammoni hal etishning boshqa yo‘li ham bor... U shundan iboratki, biz umuman sahnaga chiqmaymiz va o‘zimizning yerlik vakilimiz orqali ish yuritamiz. Biz marsliklar xuddi odamdek tushunchasining teskarisiga amal qilamiz. Bu — bema’nilik, bunga qo‘shilaman, biroq hammasi umumiy manzaraning dilbar va xayrli xayoliyligi bilan o‘zini oqlaydi. G‘arb – bu G‘arb, Sharq – bu Sharq, hamma tinch uxlayverishi mumkin. Hech kimda hech qanday e’tiroz yo‘q, to‘g‘rimi? Va shu joyda biz asosiy masalaga yetib keldik. Sizdan, sensey, Mars hukumatining vakili lavozimiga rozi bo‘lishingizni iltimos qilsam bo‘ladimi?
– Behuda gap. Bu aslo menga to‘g‘ri kelmaydi. Siz odam tanlashda adashibsiz.
– Mars bilan savdo-sotiqning istiqbollari cheksiz, ishga kirishishingiz bilan buni o‘zingiz tushunib yetasiz. Mukofot masalasiga kelsak, sensey, uni radio eshittirishlari, qo‘lyozmalar va shu kabilar uchun to‘lanadigan sariq chaqalar bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi.
– Shunga qaramasdan, tanlashda adashgansiz. Bunday vazifalar uchun ajoyib mutaxassislarni tashqi ishlar vazirligi yoki tashqi savdo aloqalari vazirligi kabi joylardan topa olasiz.
– U yerlarda bo‘lganman. Hech narsadan xabarim yo‘q, qalbim bizning “xuddi” do‘stlik va o‘zaro anglashuv garovi ekanligi haqidagi anoyilik bilan to‘lib-toshgan paytlarda bo‘lganman. Va hamma joyda eshik og‘alarining mushtlariga duch kelganman. Eshik og‘asining xorijiy hukumat vakilini do‘pposlagani diplomatik munosabatlarni uzish uchun kifoya qiladi...
– Menga ortiqcha baho berganingizdan afsusdaman. Men ham sal bo‘lmasa sizni do‘pposlamoqchi bo‘lgandim, bundan tashqari sizga ishonmayman va hech qachon ishona olmayman.
– To‘xtang, nima deyapsiz...
– Faqat munosabatlarimizni aniqlamaylik. Siz hamma vaqt ojizligimdan foydalanyapsiz. Siz bilan umumiy til topishish uchun jon-jahdim bilan harakat qilganligimni bilsangiz edi...
– Bo‘lmasam-chi, bo‘lmasam-chi... Siz jon-jahdingiz bilan menga ishonmaslikka urindingiz. Buni sezmasligimning aslo iloji yo‘q edi. Tushunsangiz-chi, agar menga shunchaki hisobchi – ekspert yoki ustasi farang hisobchi kerak bo‘lganida, bu muammoni allaqachon pul yordamida hal etgan bo‘lardim. Lekin men qanday qilib bo‘lsa ham butun boshli sayyoraning vakilini topishim zarur! Vaziyatni topologik baholashga qodir bo‘lgan odamni! U, tabiiyki, o‘zini xuddi marslikdek his etishi kerak. Hamma gap ana shunday anglash sifatida. Yana bir o‘ylab ko‘ring. Umid qilishimcha, har holda to‘g‘oningizda nina uchidek bo‘lsa ham teshik paydo qila oldim. Kundalik o‘qishni davom ettiramizmi?
– Biroz to‘xtab turing, Sizga yana ikki og‘iz so‘zim bor.
O‘zimga imkoni boricha hujumkor tus berdim. Lekin qalbim tubida bu masala haqida gapirish istagi unchalik yo‘q edi. Vaqt to‘lqinlari, modda to‘lqinlari – chakki to‘qilmagandi va kasbiy rashk hissidan o‘zimni tizginlay olmadim. Bu – g‘irt yolg‘on ekanligiga shubham yo‘q edi, albatta. Mehmonim bu atamalarni juda tabiiy holda qalashtirib tashlagani ishonchimga zig‘ircha ham putur yetkazmagandi. Ro‘paramda yo hiylakor telba, yo telba hiylakor turardi. Ammo bu bilan uning aldamchilikda chinakamiga tengi yo‘q usta ekanligini sukut saqlab tan olayotgandim. Yolg‘onni yo‘l-yo‘lakay bu qadar batartib va silliq to‘qish hammaning ham qo‘lidan kela bermaydi. Agar marslik xastaligiga uchragan bu bemorni fosh qilsam, menga hujum qiladi, buning ustiga bu nafsoniyatimga og‘ir botadi... Shuning uchun shu shartmikan?
– Qulog‘im sizda, sensey. Bir nima demoqchimidingiz?
– Kundaligingizdagi izohlar xususida. Tushunishimcha, Marsdagi hukumatingiz uchun bu tranzistorlar va boshqa narsalar ikki karra ikki degandek narsalar ekan. Agar ma’ruza yerlik uchun yozilgan bo‘lsa, ularga izoh berish Buddaga va’z o‘qish bilan barobar. Siz marslik xastaligidan qanchalik azob tortmang, yerlikning dumi qaerdadir ko‘rinib qoladi. Hamdardligimni qabul etgaysiz. Bilasizmi, ahmoq qilish san’ati har holda ba’zi ko‘nikmalarni talab etadi.
Ammo mehmonim tap tortmasdi. U hech narsa bo‘lmagandek dedi:
– Izohlar sizga, mo‘ljallangandi, albatta. Chunki siz – yerliksiz, biroq Mars vakili bo‘lsangiz, yarim marslikka aylanasiz. Sizni hukumat xizmatiga tayinlashgandan keyin esa, boshlig‘imiz bo‘lasiz va shuning uchun...
Har gal shunday bo‘ladi. U “Chap berishni xohlovchilar uchun – hamma narsa”ga ixtisoslashgan do‘kon ochganida savdosi juda baroridan kelgan bo‘lardi. Men sahroda saroblardan tinkasi qurigan yo‘lovchidek nihoyatda charchoq his etdim, hammasiga tupurib, uzala tushib yotib olish istagi tug‘ildi va dedim:
– Ha mayli, tushunarli... Ayting-chi... Mana bu gapingiz: “Diskretli vaqt tamoyili”... U qaerdan paydo bo‘ldi?.. Siz uni qaerdan qazib oldingiz?
– Bizning Mars institutlari uchun qaysidir o‘quv qo‘llan-masidan...
Asab tizimimning qaeridadir qisqa tutashish ro‘y berdi. Kuygan narsaning hidi sezildi. Hissiyotlarim voltmetri strelkasi sakrab ketdi.
– Qo‘lyozmangiz juda antiqa-da. Hech tushuna olmayapman: uni bola yozganmikan yoki hazilkash. Birinchidan, unda qiyofa tasvirlanishiga oid biron narsa yo‘q. Adabiyot muallif qiyofasini aks ettiradi deyishadi, asaringiz esa sizni ishonib bo‘lmaydigan kimsadek to‘la-to‘kis fosh etadi.
– Shunday deng? – U ko‘zini qisdi, labini yaladi va mamnun ohangda davom etdi: – Aslini olganda bu... Rosti, menga noqulayroq... bilsangiz, men bir mashhur romanchining uslubiga taqlid qilishga intilgandim...
Endi asablarimdagi barcha himoya qoplamalari tutab ketdi. Teridagi alanga shu’lasi jug‘rofiya xaritasi kabi naqsh hosil qilib, kengayib borardi. Bu yaralarimni qanchalik jahl bilan qashlasam, raqibim uchun shuncha zaif joylarimni ochishimni bilardim, lekin qashlamaslikning iloji yo‘q edi.
– Yaxshi, bir masalada yon bosa qolaylik, aytaylik, sizning ta’kidlashingizcha haqiqatan ham nochor ahvolga tushib qolgansiz. Ammo siz doimo o‘zingizning zaif tomonlaringizni pesh qili-shingiz, masalan, siz – xuddi odamdek ekanligingizni qayta-qayta takrorlashingiz tajjublanarli emasmi? Nima uchun siz hamisha zorlanasiz? Nima uchun ishonchliroq dalillar keltirmaysiz? Nahotki, siz taqdim qila olishingiz mumkin bo‘lgan yagona narsa – tanangiz bo‘lsa? Biz, masalan, chet elga sayohatga chiqadigan bo‘lsak, hamma vaqt qanday sovg‘alarni olib ketish haqida bosh qotiramiz. Kundalik zarurat buyumlari qanchalar oddiy bo‘lmasin, ularda bularni yaratganlar madaniyati belgisi qoladi, Bu belgilar har bir mamlakatda o‘ziga xos. Tabiiyki, siz ham yo‘lga otlanishdan avval buning g‘amini yeb qo‘ygan bo‘lsangiz kerak.
– Bu xuddi shunday bo‘lgandi, albatta... – U mo‘min-qobil boladek nigohini chetga oldi va burnini ishqalar ekan, davom etdi: – Shaxsimizni tasdiqlashning eng oson yo‘li – sizlarga transport vositamizni ko‘rsatish bo‘lardi. Lekin, afsuski, bizning transport vositamiz – qabul qiluvchi bekat bilan jihozlanmagan majburiy transpozitordir. Men sizlarga uni ko‘rsatgan bo‘lardim, biroq transpozitor qiyofaga ham, shaklga ham ega emas. Men bu masalani qo‘mita bilan muhokama qilganman, biz o‘zimiz bilan ayrim buyumlarni olgandik, lekin bu behuda ekan. Nima desangiz deyavering, ammo yerliklar – juda uddaburon, ular hatto qalbaki pul yasashni ham boplashadi. Ochig‘ini aytganda bundan hayratga tushdim. Bizdagi hamma narsa – tugmachali suv quvuri jo‘mraklari, elektr uqalash asboblari, yangi urfga kirgan stullar, ayollarning yuqori qismi ochiq cho‘milish kiyimlari – bularning barchasi sizlarda ham bor...
– Tilga olgan bu narsalaringizning hammasi Marsda ham xuddi shundaymi?
– Avvaliga men ham bu tasodifiy o‘xshashlik deb o‘ylagandim. Biroq o‘xshashlik faqat shaklda ekan, foydalanish usuli esa sizda mutlaqo boshqacha. Masalan, tugmachali suv quvuri jo‘mraklari Marsda pochta markalarini tangalarga maydalash avtomati vazifasini o‘taydi. Birinchi bor qaysidir univermag hojatxonasiga kirib, tugmachali jo‘mraklar qatorlashib turganini ko‘rganimda hayratga tushganim esimda. Elektr uqalash asbobi bizda eng ommabop musiqa asbobi, yuqorisi ochiq cho‘milish kiyimlari – havo o‘tkazmaydigan kostyum ostida kiyiladigan ich ko‘ylakdir. Stullar Marsda ham stul vazifasini o‘taydi, lekin sizning eng yangi “kyasya” urfli buyumingiz tusmollab ko‘rishimga qaraganda, tortish kuchi kam bo‘lganda Mars talablariga to‘la javob beradi. Bu masalani o‘rganib chiqib, ana shu nusxa buyumlar sizda keyingi o‘n yil davomida paydo bo‘lganidan og‘zim ochilib qoldi. Bunda shuni yodda tutish kerakki, xuddi o‘n yil avval Yerga mening buyuk o‘tmishdoshim, birinchi raqamli vakilimiz kelgandi.
– O‘shandan buyon Mars vakillari har yili Yerga uchtadan kelib, bizga Mars buyumlari namunalarini keltirishganmi?
– Sizning, sensey, bu surbetlarcha hamlangizga javob qaytar-mayman. Aytgancha, mening yonimda ham kamtarona namuna bor... Ko‘rasizmi? Uni o‘zim bilan olganimda ishonchim komil edi... Ha, mana u... Xo‘sh, taassurotlar qanday?
U portfelidan gugurt qutisidek keladigan oddiy o‘yinchoq avtomobilni portfelidan olib, stolga qo‘ydi.
– Bilishimcha, bu oddiy plastmasssa o‘yinchoq, – dedim men.
– Mutlaqo... Bu – “Toy art” o‘yinchoqlar maktabi ustalari tomonidan yaratilgan haqiqiy san’at asari. Bu maktab ob’ekti – haqiqiy hayotdan o‘rin olishi mumkin bo‘lmagan narsalardir. Masalan, bu nodir asarga “Turmush dahshati” nomi berilgan. Agar o‘yinchoq maktabi ustalari bu shunchaki plastmassa o‘yinchoq ekanligini eshitganlarida dahshatdan kasal bo‘lib qolardilar.
– Yaxshisi, haqiqiy marscha plastmassa o‘yinchoqlarini olib kelsangiz bo‘larkan...
– Afsus, o‘yinchoqlar xayolimga kelmabdi. Endi bu narsaga qarang. Tushunaman, bundan bir naf chiqmasa kerak, har holda...
U ikkilanmasdan burchaklari ishqalangan, kattaligi tashrif-nomadek oq-qora suratni uzatdi. Ha, surat shu qadar oddiy ediki, darhol u nimaligini anglab yetmadim.
– Ijozatingiz bilan... Bu oddiy telefon budkasiyu...
– Haqiqatan ham, afsuski, juda o‘xshash, biroq bu mutlaqo boshqa narsa. Ko‘rib turganingiz – Mars tsivilizatsiyasining asosi deb atalishga to‘la huquqi bo‘lgan transpozitsiya bekati. Bunday ko‘rinishni ham sizlar ko‘chirib olgansizlar.
– Lekin uning ichkarisida chinakam telefon apparatini ko‘rib turibman-ku.
– Vahimali, to‘g‘rimi?.. Buning ustiga undan xuddi sizlardagidek foydalanishadi... Go‘shakni ko‘tarishadi, raqamlarni terishadi, kerakli bekatni chaqirishadi va u bo‘sh ekanligiga ishonch hosil qilgach, o‘ngdagi tirqishga tanga suqishadi. Gravitatsiyaga qarshi moslama ishga tushadi, qo‘ng‘iroq chalinadi... va shu zahotiyoq buyurtma bergan bekatingizda paydo bo‘lasiz.
Menga uzatgan ikkinchi surati qaysidir ilmiy-fantastik film kadrlarini yodga solardi. Bu filmni ko‘rgandayman. Ijodi o‘g‘irlangan rejissyor xususida javrash, aftidan, ahmoqlik bo‘lardi va men birinchi bo‘lib zarba berishga qaror qildim.
– Yerliklarning qalbakilikka moyilligi haqida boshqa gapirmay qo‘ya qolaylik. Lekin nusxa olinishini tasavvur qilib bo‘lmaydigan narsalar ham bor-ku.
– Masalan?
– Masalan, marslik itlar, marslik qushlar, marslik cho‘chqalar... va boshqa tirik mavjudotlar... Ular ham xuddi biznikidek deya olmaysiz-ku.
– Siz menga xushomadgo‘ylik qilyapsiz.
– Mayli, siz o‘zingiz bilan cho‘chqani olib kelmassiz. Lekin qumursqalar namunalari-chi? Yoki ular ham siz uchun juda og‘ir yuk bo‘ldimi?
– Rostini aytganda ular bizda yo‘q.
– Yo‘q?
– Axir biz tub marsliklar emasmiz. Sizga yaxshi ma’lum, Marsda suv juda kam va u yerdagi sharoitlar hayvonot dunyosining rivojlanishi uchun u qadar maqbul emas. Biz Marsga yetti avlod ilgari qaysidir yulduzdan ko‘chib o‘tganmiz. O‘sha vaqtda biz o‘zimiz bilan biron tirik mavjudot olmaganmiz, faqat odamlar ko‘chib o‘tgan. O‘sha paytdayoq biz neftdan sun’iy ravishda oqsil olish usulini o‘ylab topgandik, shuning uchun uy hayvonlarini boqishga hojat yo‘q edi. Aftidan, gullarni o‘zimiz bilan olishimiz kerakmi yoki yo‘qligi haqida bahs bo‘lgandi...
– Mana shu joyda nihoyat qo‘lga tushdingiz. Oqsilni sun’iy yo‘l bilan olish – bunisiga chidasa bo‘ladi deylik, biroq xomashyoni qaerdan olgansiz, sizda neft qayoqdan paydo bo‘ldi?
– To‘ppa-to‘g‘ri, – g‘udurladi mehmonim. U kiftlarini tizzalari orasiga suqib oldi va ortiga chayqala boshladi. – Lekin siz tomoningizdan o‘ta iltifotsizlik, sensey... bu qadar qahr... Bu eng zaif joyga zarba!
– Sizga ahmoq qilish muayyan san’atni talab etadi, deb aytgandim-ku.

18

Zarba boplab berildi. Aftidan, uni biribir yakson qildim. Mehmonimga lotereya chiptasiga yutuq chiqmagan odamdek qarab turibman-u, tomog‘imga g‘azab achinish bilan ayqash-uyqash bo‘lgan behuzur kulgu tiqiladi. Shafqatsiz xo‘rlashlar hisobiga erishilgan g‘alaba og‘izda noxush ta’m qoldirgan. Bor-yo‘g‘i urib o‘ldirilgan pashshani supurib chiqarish bilan yakun topadigan besamara yoqalashish bo‘ldi. Biroq g‘olib tanti bo‘lishi kerak: supurishdan avval mag‘lub bo‘lganni sigareta bilan siylash darkor.
Ammo u sigaretadan voz kechdi. Kiftlarini tizzalari orasiga suqqan holda chayqalishni davom ettirar ekan, o‘zini oqlamoqchi bo‘lgandek quloqqa arang eshitiladigan tarzda shipshitdi:
– Ahmoq qilish nimasi... Hech hamda... Shunchaki, betga aytadigan narsalar bor, aytilmaydiganlari ham bor...
– Sizdan tortinib nima qilaman? – e’tiroz bildirdim shiftga tutun burqsitarkanman. O‘zi pishirgan oshni o‘zi qanday ichishini tomosha qilish zavqida xayolan qo‘llarimni bir-biriga ishqalardim. To‘satdan u kulib yubordi va shoshilgancha gapga tushdi:
– Chindan ham nimadan tortinamiz? Agar siz, sensey, men bilan bir umr do‘st bo‘lib qoladigan bo‘lsangiz, ko‘nglingizga kelganini gapiraverishingiz mumkin. Shunday qilib... Bu majburiy transpozitor... Bilasizmi, u qaytishga ham xizmat qiladi. Oyda bir marta muayyan joyda belgilangan soatda vaqt tuynugi ochilib, bizni kutadi. Agar shunday bo‘lmaganda, bekat qurilgunga qadar bu yerda biz o‘zimizni surgundagidek his etardik. Shunday qilib... majburiy transpozitorning qaytish imkoniyatidan foydalanib... Xullas, siz, sensey, tushundingiz, to‘g‘rimi?
– O‘g‘irlik bilan shug‘ullanasizmi?
– Bunga qanday qarashga bog‘liq. Axir biz foydali qazilmalarni quruqlikda, hech kimga qarashli bo‘lmagan akvatoriyalardan olamiz, ular hech kimning mulki emas. Bundan tashqari biz muayyan haroratdagi havo, dengiz suvi va Antarktidadan biroz muz olamiz. Buni o‘g‘irlik deb atab bo‘ladimi, nima deysiz? Agar xohlasangiz, hozirning o‘zida biz juda qonuniy asosda ish ko‘rayotganimizni isbotlab berishim mumkin... Aytgancha, agar hukumatimiz sizlarning barcha mamlakatlaringiz bilan rasmiy savdo bitimlari tuzishga muvaffaq bo‘lsa, u bu yerda olingan suv va havo qiymatini to‘la qoplashga tayyor. Buni o‘zimni mo‘min-qobil boladek qilib ko‘rsatish uchun aytayotganim yo‘q. Bizning moddiy manfaatlarimiz – bu o‘z-o‘zidan tushunarli... Ammo siz bir daqiqa tasavvur qilib ko‘ring: yerliklar hozirgi vaziyatda Marsga qo‘ndilar. Endi “topologik asab kasalligi”ga chalinish – ularning navbati, endi ularni mayna qilib, telbalar uchun mo‘ljallangan mozorga haydaydilar. Shunday ekan, bu – insonparvarlik muammosi. Biz uni hisobga olmasligimiz mumkin emas. Hozirgi vaziyatda biz yo Marsni tark etib, vatandoshlaringiz ko‘z o‘ngida g‘oyib bo‘lishimiz, yo barcha vositalar bilan raketalaringiz qo‘nishiga xalaqit berishimiz kerak bo‘ladi. Yerliklar bilan marsliklar o‘rtasida betartib aloqalarning ziyoni ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Hozirgi vaqtda sayyoralarimiz o‘rtasida shartnoma imzolash moddiy va ma’naviy nuqtai nazardan hayotiy zaruratga aylangan. Lo‘nda qilib aytganda, masala quyidagicha: sayyoralarimizdagi vakillarning roli qanchalar katta bo‘ladi? Agar siz, sensey, Mars vakili bo‘lsangiz, buning xavfsiraydigan joyi yo‘q, bu bilan o‘zingizni kamsitmaysiz. Aksincha, har ikki sayyorada sizni buyuk inson sifatida hurmat qilishadi. Shuning uchun, sensey, rozi bo‘lishingizga umid qilaman.
Shu tariqa, ko‘z ochib-yummasdan nimadan boshlagan bo‘lsak, o‘sha yerga qaytib keldik. Faqat bu safar uning suhbatni yaroqsiz plastinkaning bir joyda aylanaverishi kabi holatga olib kelgan xiraligi menda zaharlangan qumursqa singari his uyg‘otdi. Bu qumursqa allaqachon nobud bo‘lishi kerak edi, u esa tinimsiz sakrayveradi, vizillaydi, raqibiga tashlanadi. Bir zum rozilik berib, bu bilan yangi ahmoqona nayranglarga izn beraman va oddiy telbadan raqsga tushayotgan jinniga aylanaman degan o‘yga keldim... Qani endi shishgan burnini tishlaring bilan g‘ajisang – doim olazarak ko‘zlari peshonasiga chiqib ketardi!.. Yoki bu hadeb baland-pastga asabiy siltanadigan o‘ydim-chuqur iyagi... Qani qo‘limdan kelsa! Ich-ichimdan ezilganimni ham yashirib o‘tirmasdan dedim:
– Radioni yoqsakmikan. Balkim, raketa haqida biron yangilikni xabar qilishar...
– Yangilik? – haqoratlangandek qichqirib yubordi u. – Qanday yangilik bo‘lishi mumkin? Bu rejaning oxiri voy. Agar raketa qo‘nadigan joyda diqqatga sazovor biron narsa bo‘lsa u yerga yo atom bombasi tashlashgan, yo hammani shoshilinch ko‘chirib ketishgan. Har qanday holda ham raketa faqat yap-yaydoq, qizil temir tus sahro manzarasi tasvirini uzatadi.
Shundan so‘ng bir narsa yodiga tushgandek, soatiga qaradi.
– Nima, hozir yangilik eshittirishlari kerakmi?
Men ham beixtiyor soatimga qaradim va birdan haqiqiy vaqt hissi go‘yo to‘g‘onni o‘pirib, tog‘ sharsharasidek ustimga quyildi. Xotinimdan hadik ohista boshini ko‘tardi va tomog‘imdan tutdi.
– Nima gap? Qirq daqiqa o‘tdimi?
– To‘ppa-to‘g‘ri. Agar biz qo‘lyozmaning qancha joyini o‘qib bo‘lganimizni e’tiborga oladigan bo‘lsak – juda ko‘p.
“Hammasi sen sababli”, – g‘azab bilan xayolimdan o‘tkazdim. Ammo bu barcha narsaga barham berish uchun yaxshi sabab edi va sal bo‘lmasa stulni to‘ntarayozib, o‘rnimdan sakrab turdim.
– Ha, yo‘lga tushish kerakka o‘xshaydi.
– Buni avval boshdan taklif qilayotgandim, sensey...
U shoshilmay portfelini joylay boshladi, men esa unga mahliyo bo‘lganimcha tikilib turardim. Gap faqat mening aynigan tasavvurim-da emasdi. Uning qisilgan lablaridan o‘zini zo‘rg‘a kulgidan tiyib turganligi sezilayotgandi. Menga uning o‘z tantanasini yashirishga harakat qilayotgani yoqmayotgandi. U xuddi yo‘lga tushishni men taklif qilishimni kutib turgandi degan xayolga borish mumkin edi. Shu paytgacha u tomondan menga qo‘yayotgan tuzoqlarining hammasi faqat og‘izda edi. Endi esa vaziyat birmuncha o‘zgargandi. Bu nusxa nimani rejalayapti? Tamaki tutuni ko‘zni achishtirardi, ezilgan va xavfsirar edim, yo‘lga tushishni va ayni paytda joyimdan jilmaslikni istardim.
Mehmonim qo‘lyozmani portfeli ustiga qo‘yib, ularni qo‘ltig‘iga suqdi, meni qistamasdan shoshilmay eshikka yo‘l oldi. Lekin eshikning oldida to‘satdan to‘xtadi va keskin orqaga o‘girildi. Sal bo‘lmasa, unga urilib ketayozdim. Biz bir-birimizga shu qadar yaqin turardikki, uning yuzi nimani ifoda qilayotganligini payqay olmadim.
– Sensey, – gap boshladi u noxush hayajonli ohangda. – Siz biznikiga qadam ranjida qilishdek iltifot ko‘rsatyapsiz, chin so‘zim, bu men uchun katta sharaf. Hech mubolag‘a qilmasdan, chin qalbdan aytyapman... Ko‘zimga bir qarang va buni juda jiddiy gapirayotganimga ishonch hosil qilasiz.... Shuning uchun ham keyinchalik sizda xunuk taassurot qolishini xohlamasdim...
– Nima deyayotganingizni tushunmayapman... – Men beixtiyor bir qadam orqaga tisarildim. – Nima, sizni kelajak qo‘rqinchi bosyaptimi?
– Hammasi risoladagidek bo‘lishini istardim. Lekin vaziyat qanday bo‘lishini hech qachon oldindan bilib bo‘lmaydi. U menga nima deyishini bilmayman. Faqat nima demasa, hammasini ado etishimni bilaman. Masalan... Masalan deylik... Aytaylik, u sizni, sensey, shundoq ust-boshingiz bilan vannaga tiqishga buyruq bersa, qanchalik achinarli bo‘lmasin, buni bajarishga majburman.
– Siz rafiqangiz haqida gapiryapsizmi... Xavotirlanmang. Siz bilan eshigingiz oldigacha boraman-da, o‘sha yerda xayrlashamiz.
– Iloji yo‘q. Xotinim bunga aslo ko‘nmaydi.
– Men faqat xotinimdan xabar topsam bo‘lgani, boshqa hech narsa...
– Buning farqi yo‘q. Agar u siz kirishingizni istasa, xohishin-gizga qarshi bo‘lsa ham sizni olib kirishga majburman. Qisqacha aytganda, sensey, keling, hozir janjallashmaylik... Faqat sizni oldindan ogohlantirib qo‘ymoqchi edim, xolos. Marhamat ko‘rsatsan-giz, biron narsada xotinimning gapini ikkita qilmasangiz...
– Ammo agar rafiqangiz... o‘sha ma’ruzangizga ishoniladigan bo‘lsa... U ham marslik ayol bo‘lishi mumkin emasdir... U ham siz kabi juda antiqami...
– U yuqori qavatda, bu yerdan borish uchun atigi bir daqiqa kifoya qiladigan joyda turadi, shunga qaramasdan sizni o‘ttiz daqiqa bilan aldadi, buning ustiga rafiqangizni oldida ushlab qoldi...
– Tan olaman, bizni juda laqillatishdi, albatta, ammo buning qandaydir sababi bordir... Bo‘lmag‘ur bema’nilik emas, haqiqiy sabab...
– Bema’nilik, ma’nilik – bularning hammasi nisbiy tushunchalar.
– Siz o‘taketgan darajada izchil emassiz. Rafiqangiz – telba deb ishontirayotgan ekansiz, bu bilan o‘zingizning ham kallangiz joyida emasligini tan olyapsiz!
– Izchil emas... Izchil emas... – iztirob bilan dedi u menga tikilganicha. Keyin portfelini qo‘pollik bilan polga uloqtirdi va shoshilib terlagan barmoqlari bilan qo‘lyozmasini varaqlashga tushdi.
– Yetar, – tushunib qoldim men. – Hammasini tushundim! Qolganini xonadoningizga borganda gaplashamiz.
Ammo u kerakli betni topib bo‘lgandi va xuddi qasamyod matnini o‘qiyotgandek tiniq ovoz bilan, tantanali ohangda o‘qishga tushgandi.
“Mavsum 3/3, davr 2, qirqinchi kun.
Navbatdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyib charchab va juda ezilib kelganimda xotinim ich kiyimlarni dazmol qilardi. U o‘girilmasdan “Ishlar qalay?” deb so‘radi. Suvni shimirib, javob berdim: “Juda yomon. Maktub kelmadimi?”
U kelmaganligini aytdi va men javrashda davom etdim: “Biron yorug‘lik kun yo‘g‘-a. Bugun o‘zimcha naq menbop deb o‘ylagan bir faylasuf va rasadxonada ishlaydigan olimni ilintirdim. Ularning yuragiga qo‘l solib ko‘rdim. Odatiy savollar: fikringizcha, marsliklar mavjudmi...”
Xotinim mayna qilib, gapimni bo‘ldi: “Ular senga qaysi ko‘z bilan qarashganliklarini tasavvur qilyapman!”
Men asta kulib qo‘ydim. “Hechqisi yo‘q, tashvishlanma. Hozir bu yerda suvdagi baliqdekman. Imi-jimida ish tutyapman, mendan shubhalanishmaydi”. Xotinim menga tikilib qaradi. “Sen biron narsa qildingmi”, – so‘radi u mendan. “Bizning ishimizda o‘ta ehtiyotkorlik zarur. Hatto sen ham xavf ostidasan va seni ham tuzoqlar kutyapti. Bizga juda murakkab topshiriq berilgan”.
Xotinim labini tishladi va tashvishlanib qovoq uydi. “Sen nima deyayotganligingni yaxshi tushunmayapman”.
Taajjub, o‘yladim men. Xavotirlanishga tushdim. “Nimani tushunmaysan? Senga mamlakatdagi barcha kasalxonalarni tekshirib chiqish va asab xastaligiga uchrab, o‘zlarini marsliklar deb hisoblagan bemorlar haqida ma’lumot to‘plash topshirig‘i berilgan. Aytgancha, bir necha kundan beri shunchalik betoqat kutayotgan maktub nima to‘g‘risida?”
Xotinimning yuzi vahimadan o‘zgarib ketdi “Senga nima bo‘ldi? – dedi u. – Biz sug‘urta agentlarimiz-ku...”
“Sug‘urta agentlari?!” – qichqirib yubordim men. Va tilimni tishladim. Gapirishga so‘z yo‘q edi. Shunday qilib, yerliklar xastaligining zaharli tili oxir-oqibat bizgacha yetdi. Eh, bechora xotinginam! Sen bizning yerliklar xastaligiga chalinganlarni qidirib, topa olmading va mana, o‘zing betob bo‘lib qolding!
“Atebiti kuribiti kuritabari kuti!”
Biroq men devorga gapirardim, da’vatim faqat xotinimning lablarini muzlatgandi. Oh, xotinginam, nahotki olgan topshiri-g‘ingni unutgan bo‘lsang? O‘z qadrdon sayyorang, qizil qumliklar sayyorasini unutgan bo‘lsang? Nahotki seni kasalxonadan olib kelgandan keyin tun bo‘yi suhbatlashganimiz – “Vakil sanosi” xotirangdan ko‘tarilgan bo‘lsa? Meni kechir, shunchalik yolg‘iz ekanligingni mutlaqo bilmas ekanman!
Ont ichaman, azob-uqubatlaring besamar ketmaydi. Yerliklar xastaligi zarbasiga ko‘ksingni qalqon qilib, topshirig‘ingni a’lo darajada bajarding. Yerliklar kasalligiga chalingan tirik namuna sifatida sen o‘zingni Mars madaniyati ravnaqi yo‘lida qurbon qilding. O, Mars! Asrlar uzra qadrdon rafiqamning iztirobli ruhini shon-sharaflarga burka!
Ha, sen qanchalik yolg‘iz ekanligingni bilmasdim. Seni telbalar uyining zimiston xonasida asab kasalligi oyoqdan yiqitgani yo‘q, yo‘q, yerliklar xastaligi bilan shunday yolg‘izlikdan ham bedavo bo‘lib qolish mumkin! Xotinginam, qasamyod qilaman, bugun sening yolg‘izliging tugadi. Men sening quling bo‘laman, bundan buyon sen yolg‘iz bo‘lmasliging uchun quling bo‘laman. Yerliklar xastaligi senga yaqinlashganda qoqilishi uchun robotga aylanaman. Agar qaysidir muttahamning kallasini ikkita qilish kerak bo‘lsa, menga buyur! Agar qaysidir muttahamni nimta-nimta qilish kerak bo‘lsa, menga buyur. Oh, xotinginam. Biroz sabr qil. Sen o‘z topshirig‘ingni a’lo darajada bajarding, men ham o‘z topshirig‘imni bajarish uchun kuchimni ayamayman. O‘shanda ikkalamiz Marsga qaytamiz. Vaqt tuynugi bizni bir onda qadrdon Marsimizga eltib qo‘yadi. Biz bu “xuddi do‘zaxdek”ni ortda qoldiramiz va alvido – “topologik asab kasalligi!”
Uning burni uchidan bir tomchi ter qo‘lyozmaga tushdi. U shoshib yengi bilan bu joyni artdi va menga zimdan tikilib dedi:
– Endi tushungandirsiz? Men hech kimning xotinimni haqorat qilishiga yo‘l qo‘ymayman.
– Qo‘ysangiz-chi, qanaqa haqorat!
– Hech kim uning gapini ikkita qila olmaydi... Sensey, siz ham, boshqalar ham... Zero, u jahannam azobini so‘nggi tomchisigacha shimirdi.
– Bu kundaligingiz bo‘yicha tasavvur qilishimcha, rafiqangiz juda mantiqiy telba. Agar “xuddi odamdek” qoidasi olib tashlansa, aftidan, xastalikning biron alohida alomatlari yo‘q.
Mehmonim bosh irg‘adi va o‘ychan dedi:
– Boshqacha aytganda... Ya’ni, siz xotinim, ehtimol, soppa-sog‘ demoqchimisiz?
– Xuddi shunday. Bilsangiz, agar shunday bo‘lsa, xulosaga kelish...
– Aniqroq qilib ayting. Agar xotinim telba deb taxmin qilinsa, unda men aqli raso bo‘lib chiqaman. Shunday ekan, Mars vakili lavozimidan voz kechishingizga jiddiy asos bo‘lishi mumkin emas. Mana bunisi ajoyib... O‘ta xursandman, albatta... Shu bilan barcha ishlarim tugaydi va men xotinim bilan topshiriqni uddalaganimiz to‘la hissi bilan vaqt tuynugiga kiramiz. Bitim matnini tayyorlab qo‘yganman, imzo cheksangiz bo‘ldi...
– Yo‘q-yo‘q, afsuski, menga rafiqangiz soppa-sog‘ ekanligi tusmoli ma’qulroq.
– Bu holda, sensey, nimadan xavfsirayapsiz? Agar u oddiy yerlik ayol bo‘lsa, nimadan qo‘rqasiz? Yoki boshingizdan biron o‘ta azob-uqubatli narsani o‘tkazganmisiz?..
– Hech narsadan qo‘rqmayman.
– Unda ketdikmi?
– Bo‘pti. Ketdik.

19

Xullas, ish oxirlab qolgandek edi. Ayni paytda men o‘z ish xonam ostonasidan g‘alati odam bilan hatlab o‘tdim va shu daqiqadan boshlab taqdirim to‘ppa-to‘g‘ri telbalik sudiga olib kelgan qiyalikdan pastga shiddat bilan dumalab ketdi.
Siz, aftidan, ularning tuzog‘i qanday ekanini tushunib yetgan bo‘lsangiz kerak... Qopqonni ishga tushiradigan asosiy murvat bu sirli rasmning qaysi joyida yashiringan va nima uchun tuzoqdan qochib qutula olmadim ekan...
Deyishadiki, katta yolg‘onni yashirishning eng yaxshi yo‘li – uni mitti aldovlar buluti bilan qoplashdir. Aftidan, men xuddi shu qarmoqqa tushib qoldim... Yo‘l ikki soat vaqtni ham olmadi, lekin u to‘kilgan yolg‘on yaproqlari bilan to‘shalgandi. Men esa so‘nggi daqiqagacha o‘zimni chetda turgan kuzatuvchining xavfsiz joyini egallab turgandek hisoblayotgandim... Sahnadagi yolg‘onni ko‘rib turardim, bu tomosha uchun narxi qancha bo‘lsa shuncha to‘layman deb o‘ylardim... O‘zimni esa o‘z qo‘llarim bilan qopqonning bosh murvati bo‘lgan sahna to‘g‘risidagi o‘rindiqqa chirmab tashlagandim...
Kirish yo‘lakchasidan hatlashim bilan menga kunduzgi mo‘l yorug‘lik, haqiqiy voqelik, kundalik xayollar, kundalik xunoblik yopirildi. Bo‘g‘ma xastaligiga chalingan bemorning va tutqunning makoni bo‘lgan ish xonamdan keyin zax, badbo‘y yo‘lak, zinapoya ham xuddi achchiq qahvadek meni tetiklashtirib yubordi. Deyarli o‘zimga kelgan va kinoni tomosha qilgandan so‘ng sayr qilayotgandek beparvo kayfiyatda edim. Hozir men ko‘tarilayotgan zinapoyalar boshqa dunyoga olib borayotganligini va ulardan orqaga qaytib tushmasligimni tasavvur ham qilmasdim.
Hozir ham bu aniq-ravshan yodimda. Zinapoya maydonchasidagi to‘rtburchak derazadan tushayotgan, sariq oynasimon qoyatoshga o‘xshash yog‘du, unda aks etayotgan murakkab shaklli soyalar yodimda. Mehmonim oldimda zinadan zinaga qat’iyatsizlik bilan ko‘tarilar ekan, shimidagi g‘ijimlar taxlanib va cho‘zilib borayotganligi yodimda... Haqiqiy dunyoning men uchun so‘nggi nomsiz belgilari...
Shundan keyin uchinchi qavatdagi “V” harfi yozilgan oq, shunchaki oq emas, balki oq bo‘yoqdagiga o‘xshash yashil tus qo‘shilgan oq eshik. Bu eshik endi nomsiz belgi emasdi. Qo‘ng‘iroqqa javoban zanjir jarang-ladi, tutqich g‘irchillab buraldi... Va ayol chehrasi... Ko‘zni qamash-tiradigan darajadagi, bolalarnikidek musaffo ayol ko‘zlari... Mushukdek uyatni bilmaydigan, balog‘atga yetmagan, biroq odatdagi katta yoshdagi odamdan uch karra katta yoshdagi ayol... U mehmonim menga gapirib bergan va qo‘lyozmada ta’riflangan ayoldan shu qadar keskin farq qilar ediki, avvaliga u bilan qanday muomalada bo‘lishni bilmadim.
Ayni paytda nigohim kirish yo‘lakchasida xotinimning poyabzali-ni izlardi. Menga poyabzalning o‘zi kifoya qilardi. Bu xotinimning shu yerda ekanligi belgisi bo‘lardi. Ammo poyabzal ko‘rinmasdi...
– Bunchalar hayallab ketding... U sizga xalaqit berganga o‘xshaydi... – gap boshladi u bir yo‘la ikkimizga murojaat qilar ekan.
Uning ovozining jarangdor ohangi xotinim to‘g‘risidagi xavotirga sira mos tushmayotgandi va men, rostini aytganda, voqealar o‘z oqimi bo‘yicha oqaverishiga izn berib, hamma narsaga qo‘l siltadim. Bu ayol osmondan oyoqlarini osiltirib tushganlar toifasidan edi. U kislotaga qarshi ishqor, ishqorga qarshi kislota bo‘ladigan daf etuvchi ayol bo‘lib, insondagi har qanday hisni inert gaziga aylantirardi. Aftidan, mehmonimning biron masalada xotinining gapini ikkita qilmaslik haqidagi bo‘lmag‘ur eslatishlari yodimdan ko‘tarilishidan xavfsiramasam bo‘lardi.
Aytgancha, meni mehmonxonaga olib kirishlari bilan... Agar mendan nimaga orqamga o‘girilib, chiqib ketmaganimni so‘rashsa, chiqib ketishga sabab yo‘q edi degan javobni bergan bo‘lardim. Faqt bir g‘alati narsa ziyraklantirdi.
Ayol menga dzabutonni taklif qilib, ventilyatorni men tomonga yo‘naltirdi va yoqdi, keyin eriga dedi:
– Hammasi joyida, dushga tushaverishing mumkin.
Shu vaqtda mehmonim barmog‘ini labiga qo‘yib, menga o‘z sherigidek yashirincha ko‘z qisdi. Men yana og‘zimda yelim shirinlikning qo‘lansa ta’mini sezdim. Ammo ayol erini nigohi bilan kuzatib, mayingina jilmaydi.
– U, aftidan, bakteriyani yuqtirishdan xavfsirash xastaligiga chinakamiga chalinganga o‘xshaydi, – dedi u. – Uyga kelgach, qo‘lini yuvmaguncha o‘zini qo‘ygani joy topa olmaydi.
Mezbon va mehmon o‘rinlarini almashtirishgan edi. Shabada va yorug‘lik bilan limmo-lim bu mehmonxonada xavf va tasodif abjirlariga o‘rin yo‘q edi, bu yerda qog‘ozdan yasalgan qo‘g‘irchoqlar saltanati hukm surardi. Aftidan, ayol qo‘g‘irchoqlar bilan ovunardi. Xonaning hamma joyida osilib, sochilib yotgan, raqsga tushayotgan anoyi, beo‘xshov bo‘yalgan bu o‘yinchoqlar faqat uning uchun qadrli edi. Menga, mana, endi mehmonimning butun abjirligi tutun kabi tarqab ketib, u parishon va xuddi qog‘ozdan yasalgan odamdek hech vaqoga arzimaydigan bo‘lib qolgan, bechora ayol esa oltin baliqchalar o‘rniga bu zerikarli qog‘ozdan yasalgan odamchalarni ushlab turgandek tuyula boshlagandi.
– Yaxna ichimlik olib kelaymi?.. – dedi ayol o‘rnidan turayotib, lekin men uning gapini bo‘ldim:
– Eringiz biznikida uzoq vaqt ushlanib qolganligi hech narsa emas. Buning ahamiyati yo‘q. Biroq mening xotinim sizni bezor qilmadimi? Har holda qirq yoki ellik daqiqa...
– Xotiningiz shunday dilbarki... – Ayol kulib-yashnab ketdi va chapak chaldi. – Siz ham juda mehrlisiz, sensey, bir-biringizga shunchalik mossizlarki.
– Demak u huzuringizda bo‘libdi-da?
– Siz mendan xafamisiz, sensey? Siz mening to‘g‘rimda yaxshi fikrda emassiz, albatta... O‘ttiz daqiqadan keyin kelaman degandim...
– Aldadingiz. Hech qachon siz bunday ahmoqgarchilik bilan shug‘ullanasiz deb o‘ylamagan bo‘lardim. Umuman bu bo‘lmag‘urliklarni nima maqsadda qilib yuribsiz?
– Rafiqangiz esa buni juda yaxshi tushundi. Nima ham derdim, barcha xotinlarning tashvishlari bir xil. Bilasizmi, erimga mutlaqo ishonib bo‘lmaydi, ammo u it emas-ku, tashlab keta olmayman-ku. Buning ustiga birga yashayotgan ekanmiz, har holda ayolman, uni yaxshi ko‘raman...
– Iltimos, aniq qilib ayting. Nima maqsadda meni aldadingiz?
– Chunki unga achinaman.
– Achinaman?
– Unga oshna kerak. Kim bo‘lsa ham. Unga hamsuhbat kerak.
– Mayli, oshna bo‘la qolsin.
– Biroq siz, sensey, u bilan gaplashmaganingizda, suhbatdoshi bo‘la olmasdingiz...
Qiya eshikdan dushdan oqayotgan suvning sharillashi eshitildi. Bu ayoldagi libos g‘alati romantik bichimda edi, bu asabni xuddi bormashina milklarga tekkandek timdalardi.
– Nimaga bu bilan bevosita men shug‘ullanishim kerak?
– Bu haqda ko‘pam o‘ylamaganman. Shunchaki u bugun ertalab raketa haqidagi xabarni eshitib, nihoyatda hayajonlanib ketdi. Menimcha, barcha orzulari chil-parchin bo‘lishidan qo‘rqib ketgan. Axir u odam-ku, kim bilandir gaplashgisi kelgan. Unga kim bo‘lishidan qat’i nazar oshna kerak bo‘lgan. Masalan, bola o‘ynaydigan hech kim bo‘lmasa, yig‘lashga tushadi.
– Xotinim bu gaplaringizning hammasiga qo‘shildimi?
– Ha, sal bo‘lmasa ikkimiz yig‘lashga tushayozgandik.
– Safsata! Siz quyushqondan chiqib ketyapsiz.
– Birgalikda yig‘lash haqida biroz oshirib yuborgan bo‘lishim mumkin.
– U qayoqqa ketdi?
– Buni menga aytgani yo‘q... U faqat erim siznikida ekan, bechora biroz ko‘nglini bo‘shatib olguniga qadar sayr qilmoqchiligini aytdi, xolos.
– Bo‘lmagan gap! Nima bo‘lganda ham xotinimning fe’lini yaxshi bilaman. U och insonga qaraganda, och kuchukka joni achiydigan darajada ikkiyuzlamachi emas.
– Kuchukchamasdir... Lekin ayol qalbi bilan hamisha ayolligicha qoladi.
 – Siz hech narsani tushunmaysiz, xonim, – dedim men. Kuchayib borayotgan g‘azab og‘zimda xuddi yo‘tal dorisidek tiqilardi. – Ha, hech narsani tushunmaysiz... Eringiz siz aytayotgandek bechorami, bilmayman, ammo u g‘alati odam. Agar bilmoqchi bo‘lsangiz, u oliy darajada o‘ziga bino qo‘ygan va o‘jar. U – ajoyib sofist va bu, ha deyavering, tomi ketganlik bilan qovushmaydi.
– Lekin u shunchalar yolg‘izki.
– Xonim, siz topologiya nimaligini bilasizmi?
– Suv qo‘ng‘izlaridan tayyorlanadigan qandaydir dori bo‘lguv-chiydi...
– Mutlaqo. Topologiya – davriy geometriya, eringiz hatto bu sohadan ham xabardor. Bunday odamga achinish kulgili. Sizning, xonim, shunday qudratli miyaga achinishingiz bema’nilik.
– Axir u go‘yo marslik ekaniga jiddiy ishonadi.
– Juda ajoyib! Agar sizda bunday emasligini ikkilanmasdan tasdiqlashingiz uchun asoslaringiz bo‘lsa, albatta... Faqat quruq gap bo‘lmasin... Rostini aytganda, eringiz marslik xastaligiga duchor bo‘lgan yerlikmi yoki siz yerliklar xastaligiga chalingan marslik ayolmisiz – hal qilish oson emas...
– Kasalxonada berilgan diagnozda ko‘rga hassa qilib erim bemorligi yozib qo‘yilgan.
– Nima qipti? Kasalxonada eringizni yerlik deb bilishgan, shuning uchun u telba degan qarorga kelishgan. O‘ziga xos xato fikr.
– Axir u odam-ku...
– Qo‘shilaman, “xuddi odamdek”... Ammo u marslik emasligining dalili ham yo‘q-ku!
– Bu – ahmoqgarchilik...
Uning baliqlarnikidek yumaloq, tor qorachiqli ko‘zlari najot tilab iltijo qilayotgandek kengayib ketdi va boshqa hamma narsa jaydari orsizligi bilan birga bir lahzada so‘lib qoldi va qaltirashga tushdi. Dushdan tushayotgan suv bir maromda shovullardi. Dahshatli zo‘riqishdan guvillayotgan boshim bilan vahshiyona shavq oqimiga otildim.
– Dunyodagi hamma narsa to‘g‘risida tashqi ko‘rinishiga qarab baho berib bo‘lmaydi-ku. Agar ibtidoiy odamga kit – baliq emas deyilsa, u sizga telbaga qaragandek qaragan bo‘lardi.
– Bu nima deganingiz, sensey... Sizningcha, men ham, ehtimol marslik ayoldirman...
– Juda ham bo‘lishi mumkin. Yoki sizda, xonim, shunday emasligi to‘g‘risida tosh bosadigan dalillaringiz bormi? Bilmadim. Shuning uchun dalillar bo‘lmasa, hamisha imkoniyat saqlanib qoladi.
– Naqadar ajablanarli. Bu holda siz ham yerliklar xastaligiga chalingan marslik emasligingizni tasdiqlay olmaysiz.
– Bu – tabiiy. Amalda menda marslik emasligim to‘g‘risida biron dalilim yo‘q.
– Yetar... Sizni tinglashning o‘zi dahshat.
– Siz juda betoqatsiz, xonim. Tag‘in marslikning rafiqasi!
To‘satdan u qaddini tik qildi, qo‘llarini ko‘kragi oldida siqib, mushukdek uvillashga tushdi. Buni kutmaganimdan uni jazavaga tushdi deb o‘ylagandim, biroq shu zahoti chinqiriq qahqahaga aylandi va nihoyat miyamga: o‘zgalar emas, bevosita men o‘zim tomonimdan aytilgan – tashqi ko‘rishga qarab baho berib bo‘lmasligi haqidagi so‘zlarimni yaxshilab hazm qilishim kerakligi fikri urildi.
– Qanday ajoyib... bunday... bunday anglay olish, sensey... – dedi u kulgu bilan uzilib turgan chinqiriqli tovushda. Keyin orqamga, qaergadir qarab dedi: – Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek o‘tdi. Demak, nimalargadir umid qilsak bo‘ladi.
– Bo‘lmasam-chi. Mo‘ljalim xato ketishi mumkin emasdi.
Taajjublanib o‘girildim. Vannaxonada bo‘lishi va dushda cho‘milishi kerak bo‘lgan mehmonim eski brezent chamadonga o‘xshash narsa ustida orqasi bilan devorga suyangan va qo‘llarini tizzasiga qo‘ygan holda o‘tirardi. Ammo suvning tovushi hali ham eshitilib turardi. Men ularning ikkovini ham nigohimdan qochirmay eshik tomon o‘z-o‘zimdan surildim, o‘rnimdan turdim va dedim:
– Nima gap? Nega haddingizdan oshyapsiz?
Erkak kishi faqat ko‘zini qisib kuldi, lekin javob qaytarmadi. Ayol unga sarxush ovoz bilan murojaat qildi:
– Suhbatni tasmaga yozib oldingmi?
– Buni boy berib bo‘ladimi.
– Hozircha taassurot beshga beshmi?
– Endi yettiga uch bo‘lib qolar.
– To‘la muvaffaqiyat! Vaqtida ulgurdik.
– Ha, ulgurganimiz aniq.
Ikki miyasi aynigan o‘rtasida qolgan hozirgi vaqtda o‘yimda bir narsa — bu yerdan tezroq juftakni rostlash fikri bor edi, xolos.
– Xo‘sh, – dedim men, – ijozatingiz bilan xayrlashsak. Qiladigan ishlarim ko‘p, o‘ta bandman... Hali-zamon uyga vakil kelishi kerak... Umuman kvartirani egasiz qoldirish yaramaydi.
– Endi bularning hammasining ahamiyati yo‘q, sensey. Siz marsliksiz, sensey! – xuddi tennischilarni ruhlantirayotgandek quvnoqlik bilan xitob qildi ayol.
– Endi u sensey emas, – sekin qo‘shib qo‘ydi erkak. – U bizning bechora oshnamiz.
– Siz tushlar olamida dafn etilgan, “erliklar xastaligi”ga chalingan marsliksiz...
– Siz o‘zingizni radio eshittiruvlarining ayanchli muallifi deb hisoblaysiz, amalda esa bu niqob ostida Mars vakili yashiringan...
– Sizga shuncha hikoya qilib berishdi, nahotki haligacha hech narsani eslay olmayapsiz?
– Aftidan, o‘zini ehtiyot qilmoqchi. Ha, mayli. Uni shu holida olib borishga to‘g‘ri keladi.
Butun kuchim bilan polga tiralib, sakrab turdim. Shu lahzadayoq erkak qo‘lidan pichoq otildi, ayol esa epchillik bilan uni ilib oldi. Men orqaga tisarildim, erkak ostidagi eski chamadonga o‘xshash narsani olib menga tashlandi. Chap berish uchun bir soniya ham vaqtim bo‘lmadi, to‘qnashishimizni kutib bukchaydim, shu ondayoq erkak qo‘lidagi narsasini boshimga kiygizdi. Endi qo‘limni ham, oyog‘imni ham qimirlata olmasdim. Bu tutqanog‘i tutgan telbalarga kiygizila-digan ko‘ylak edi.
– Bemazagarchilik! – baqirdim men. Hayajonlanganimdan noroziligimni ifoda etish uchun so‘z topolmasdan, qahr bilan faqat bir siyqasi chiqqan gapning ustiga boshqalarini qalashtirardim. – Bu – bemazagarchilik! Bemazagarchilik! Axir bu bemazagarchilik emasmi!.. Axir men busiz ham, ehtimol, bitimni imzolardim... Bunday zo‘ravonlik bilan faqat o‘zingizga jabr qilyapsiz...
– Bu juda behuzurlik, – bardam tovushda dedi ayol. – Agar u yer-bu yeringiz qichishadigan bo‘lsa, darrov ayting. Uyalmang. Men qashlab qo‘yaman.
– Biz vaqt tuynugiga kirgunga qadar biroz sabr qilib turishga to‘g‘ri keladi... – tashvishlanibroq dedi erkak. – Axir sizni topguncha biz ham rosa qiynaldik. Aytgancha, siz – to‘qqizinchisiz. Sizgacha biz yana sakkiztasining iziga tushgandik. Ularning uchtasi kelish vaqtida avariyaga uchradi. Ular portlab ketdi. Biz yong‘inni o‘chirish boshqarmasidan so‘rab-surishtirgandik, bu hodisa ularda noma’lum sabablarga ko‘ra portlash sifatida ro‘yxatga olingan ekan. Qolgan beshovlonning hammasi jinnixonaga ravona bo‘lishdi. Aftidan, ular marslik ekanliklarini e’lon qilishga juda shoshilgan ko‘rinadilar... Hukumat bilan bevosita muzokaralarga kirishishga urindilar, parlament a’zolarining oldiga kirishga tiqilinch qildilar, hatto ko‘chalarda nutq ham so‘zladilar shekilli... Telbalar kasalxonasida esa ularning hammasi aqldan ozishdi... O‘shanda ularni sog‘aydi hisoblab, kasalxonadan chiqarib yuborishdi. Ular esa g‘oyib bo‘ldi, sahroda sochib yuborilgan qum zarralaridek yo‘qolib ketdi. Biz kunu tun haqiqiy ovchi itlaridek hamma yoqlarni iskab yurdik.
– Odamni ko‘ryapsanmi – marslik deb o‘yla...
– Keyin, ikki yilu sakkiz oyda nihoyat sizning izingizga tushdik...
– Biz atayin sizning ustingizda joylashdik....
– Biz sizga soyangizdek ergashib yurdik, so‘rab-surishtirdik...
– Endi, nihoyat, zahmatlarimiz mukofotini oldik.
Tutqanog‘i tutganlar ko‘ylagida qoqqan qoziqdek turib, tomog‘im qurib ketganidan bo‘g‘ilib dedim:
– Yaxshi, tushundim. Vakilingiz bo‘lishga roziman. Men imzo chekaman va tovon pulini to‘layman. Agar kerak bo‘lsa, buni hoziroq qilishga tayyorman.
– Nima deyapsiz. Tag‘in marslik emish...
– Men insonman!
– Ha, “xuddi odamdek”.
– Vaqt tig‘iz, – dedi erkak soatga qarab va ayolni shoshiltira boshladi. Ular ko‘ylagimning ikki tomonida osilib turgan tutqichlarni tutishdi. – Ketdik.
– Meni qayoqqa olib ketyapsizlar?
Agar buni bilganimda ham qarshilik ko‘rsatish befoyda edi. Tutqichlar tortildi, men qiyshaygancha behol osilib qoldim va ular meni sudrab ketishdi. Mehmonxonadan chiqishdi, yo‘lakdan o‘tishdi, oshxonadagi stol yonidan qisilishib yurishdi... ortida suv shovul-layotgan oq eshik... Vannaxona.
– Cho‘milish vaqti keldi, – hazilomuz ohangda dedi ayol.
Qarshilik ko‘rsatish maqsadida oyoqlarimni tirab oldim.
– Xotinimga nima bo‘ldi?
– Uni esdan chiqarganingiz ma’qul.
– U bilan biz shug‘ullanayotganimiz yo‘q, shuning uchun anig‘ini bilmaymiz.
– U sizga katta yordam ko‘rsatdi, shuning uchun u bilan biron ko‘ngilsizlik bo‘lmasa kerak.
Ayol asov otni tinchlantirmoqchi bo‘lgandek, bir qo‘li bilan ko‘kragimga ohista qoqib qo‘ydi, ikkinchisi bilan eshikni lang ochdi. Shu vaqtning o‘zida erkak orqamdan tizzasi bilan turtdi va men kutilmaganda vannaxonaga kirib qoldim.
Chapda – vanna, o‘ngda – qo‘l yuvadigan joy, oldimdagi devorda dush tutqichi... oddiygina, xuddi xonadonimdagidek. Yo‘q, qachonlardir mening kvartiramda bo‘lganidek... Bu joy boshqa vannaxonalardan farq qilmasdi. Faqat bir narsa bilan... Har holda farq qilishi kerak... Dushdan sovuq suv ham emas, issiq suv ham emas, balki tutun yoki oqish-yashil tusdagi neylon iplariga o‘xshash narsa tushardi. Va o‘tkir ozon isi tarqalardi.
Bu yashiltus tutunni ko‘rib, ozonga to‘yingan lahzada xotiram, go‘yo unga o‘tkir pichoq tortgandek, chirt uzildi.
Ko‘zimni ochganimda shu yerda qiyshiq ko‘zgular xonasida edim.
 Oddiy tilda aytganda, ruhiy bemorlar kasalxonasida. Men faqat bu yerda oddiy tilda gaplashishadimi-yo‘qmi bilmayman.
Har holda kuniga, muayyan vaqtda meni ko‘rgani vrach keladi. Uning yuzining rangi menga suv pufagini yodga soladi. Unga tibbiy hamshira hamrohlik qiladi. Hamshiraning lunji yetilib pishgan shaftoliga o‘xshaydi. Vrach menga har kuni bir xil savollarni bergani kiradi. Hamshira haroratim va yuragim urishini o‘lchar ekan, vrach semiz qo‘llarini siqib va bo‘shatib, so‘roqni boshlaydi.
– Bu yerga qanday kelib qolding?
Faqat birinchi safar unga boshimdan nima kechganini butun tafsilotlari bilan gapirib berishga harakat qildim. Hamma narsani – tushunganimni ham, tushunmaganimni ham yashirmasdan bayon qilishga urindim. Ammo vrach yigirma daqiqaga ham sabri chidamasdan, biror ifodasiz bosh irg‘adi va darhol navbatdagi savolga o‘tdi.
– Nima deb o‘ylaysan, hozir qaerdasan? Yerdami? Yoki Marsdami?
O‘zimni yomon his qila boshladim. Lekin hali “haqiqat” so‘zining qadriga shubham yo‘q edi va rostini aytdim.
– Aqlimga ishonadigan bo‘lsam, men – Yerdaman.
Bu gal ham vrach betidagi biron mushak qimir etmadi. Faqat hamshira kasbiy tabassumi bilan namoyishkorona kuldi.
So‘ng uchinchi savol.
– Sen kimsan? Odammisan? Marslikmisan?
Bu yog‘iga javob bera olmasdim. Shubha qurti birdan tuxumdan chiqib, qalbimni so‘rishga tushdi... Agar bu vrachning o‘zi “topologik” asab kasalligiga chalingan bo‘lsa-chi? Bu holda unga aslo bu joy Mars emasligini aytib bo‘lmaydi. Chunki Mars Yerda ham ajoyib holda bo‘lishi mumkin... Xuddi shu sababga ko‘ra Yer tomonidan bosib olingan Mars...
Va nihoyat, so‘nggi savol.
– Seningcha, men kimman? Marslikmanmi? Yoki yerlikmanmi?
Menga faqat sukut saqlash qoladi. Hamshira vaqt o‘lchagichi bilan sukut saqlashim davomiyligini o‘lchaydi. Ular nigohida sukut saqlashning o‘zi muayyan belgi va javob hisoblanadi. Men buni tushunaman, biroq sukut saqlashdan boshqa javob o‘ylab topa olmayman.
Har kuni muayyan vaqtda oldimga shifokor va tibbiy hamshira kiradi. Shifokor bir xil savollarini takrorlaydi. Men sukut saqlayman va hamshira sukutim davomiyligini asbobi bilan o‘lchaydi.
Siz mening o‘rnimda bo‘lganingizda javob bera olarmidingiz? Shifokor mamnun bo‘lishi uchun qanday javob berish talab qilinishi, balkim, sizlarga ma’lumdir? Agar ma’lum bo‘lsa, menga o‘rgatinglar. Chunki sukut saqlash menga yoqishi uchun indamayotganim yo‘q...
 Men nima qilib bo‘lsa ham shuni bilmoqchiman. Mening voqe-ligim – o‘zi qanaqa narsa? Haqiqiylikning xayoliylik ustidan g‘olib chiqishimi? Yoki xayoliylikning haqqoniylik ustidan g‘olib chiqishimi? Men sizdan so‘rayapman: siz qaerdasiz? Haqiqiy dunyodami yoki xayoliy dunyodami?

Rus tilidan Erkin Ernazarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.