Eshikni astagina taqillatishdi. Uyqu o‘chib ketdi. U ko‘zini ochdi. Ko‘chadan tushayotgan yorug‘lik xonadagi sarishtasizlikni hamda ifloslikni yanada bo‘rttirib ko‘rsatardi. Pol ustiga karton bo‘laklari yoyib tashlangandi, unda shaftoli danagi, qog‘oz qiyqimlari sochilib yotar, qoq o‘rtada esa bir juft yozgi tufli turardi. Taqillatuv unda xosiyatsiz tuyg‘u uyg‘otdi va u devor tomonga sekin o‘girildi. Ko‘kimtir gulqog‘ozda uyqu paytida o‘ldirilgan chivinlarning qonli dog‘lari ko‘rinardi. Antennaning havorang simi esa radiopriyomnik turgan stolga qarab osilib turardi. Qo‘shni xonaning eshigi ochildi va tirqishdan boshdan-oyoq linoleum sirilgan pol ko‘rindi. Tong yog‘dusi polda yoyilib yotgan kir-chir kiyimlaru eski gazeta va jurnallarni hamda ko‘chish shoshqaloqligida esdan chiqqan kattakon dazmol taxtani yoritib turardi.
Eshikni astagina taqillatuv yana qaytarildi. U qo‘l soatiga qaradi. Endi yetti yarim bo‘libdi. Kallai saharlab kim kela qoldiykin? Balki, bu shunchaki kaptarlardir? Cherdakda kaptarlar behisob. Ular kun bo‘yi tomda sayr qilib yurishadi, boloxonaga o‘tib, narlari modalarini ko‘nglini olish payida kechgacha g‘uv-g‘uvlashadi. Ularning g‘uv-g‘uvi yotishiga xalal bergani sababli u o‘zini bir yonboshdan, ikkinchi yonboshga olishga majbur etar va yolg‘izlikni tag‘inam o‘tkir his qildirardi.
Yana taqillatishdi. Bu gal taqillash qattiqroq bo‘ldi va shu boisdan qattiqroq eshitildi. Uni besaranjomlik chulg‘ab oldi, hatto:«Kim u?»— deb baqirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin o‘zini tutdi. Kelgan odamni imi-jimida qadam bosishini ham ilg‘ab olish maqsadida diqqat bilan quloq sola boshladi. Qiziq: hatto qadam tovushi ham eshitilmasdi. Balki u haliyam uyqusirayotgandir, Odatda, u zinapoyaning tosh pillapoyalaridan bitta-yarimta chiqayotgan yoki tushayotgan bo‘lsa, eshikni taraqlatib yopishgandami yoki gazeta tarqatuvchi kelgandami, bo‘lmasam, teshikkulcha sotuvchining ovozini eshitgandami— ishqilib, ko‘chadan xonaga kirgan shovqin— uning uyg‘onishi uchun hamisha kifoya edi.
* * *
U o‘rnida yotganda xotinining salgina qimirlashidan ham uyg‘onib ketar, keyin esa uxlashga qancha harakat qilmasin, bari bir uxlolmasdi, o‘shanda xotini ham uyg‘onib ketardi-da, uyqusi bo‘lingandan jahli chiqib: «Voy, xudoyim-ey, muncha g‘imirlayvermasang!»— deya to‘ng‘illardi. U xotinining jahlini chiqazgisi kelmasdi, shuning uchun suvga tushgan toshdek miq etmay yotaverardi. Keyin u xotini bir me’yorda nafas olayotganini eshitardi. U tinchgina uxlar edi. Faqat azon paytidagi-na, ya’ni xo‘rozlarning qichqirig‘i tongdan darak bera boshlaganda uni uyqu elita boshlardi. Shunda u hali uning uchun boshlanmagan tongning qiyomida g‘aflat uyqusiga cho‘mardi. Karavotning g‘ijirlashi, tungi shippakning shitillashi, eski taxtalarning g‘ichillashi va krandan tushayotgan suvning jildirashi —bularning hamma-hammasi uyqu aralash qulog‘iga, chalinardi. Keyin: «Choy tayyor!»— degan baqiriq eshitilardi. U bu ovozni eshitsa ham, o‘zini eshitmaganga solib yotardi. Binobarin, qo‘shni xonadagi radioni bor ovozi bilan baqirtirib qo‘yishlariga dosh berib bo‘lmasdi. U joni hiqildog‘iga kelgandagina o‘rindan irg‘ib turib, radioni o‘chirardi.
* * *
Nihoyat, eshik taqillamay qo‘ydi. Balki, allakim o‘zini sezdirmay sekin yuqoriga ko‘tarilgandir? Lekin nima uchun? To‘g‘ri, keyingi oylarda uy egasiga ijara haqini o‘z vaqtida to‘lay olmagandi. Lekin, ikki kun muqaddam kontoraga kirib o‘tgan va hozirgi oyning ham haqini to‘lagan edi-ku, shunaqa emasmikin? Uy egasi go‘yo ularning ko‘chmoqchi bo‘lishganligi qulog‘iga chalingani uchun undan pul olishni xohlamay, bir oz tixirlik qildi. Ko‘chmasliklariga xo‘jayinni ishontirish o‘limdan ham battar edi, faqat xotinim bilan oramizdan olamushuk o‘tib qolgani uchun u birmuncha vaqt onasinikida turib turadigan bo‘ldi-da, yaqin orada kelib qoladi, dedi. U yana xotini haqida o‘y sura boshladi.
* * *
Odatda, bu vaqtda uning xotini uyg‘ongan bo‘lardi. Umuman, u erta turardi. Tura solib lash-lushlarini yig‘ishtirardi-da, xuddi jo‘nayotgan odam qiyofasiga kirib olardi. Xudoning bergan kuni zrtalab u bor bud-shudini to‘plab, tugunlarga tugib xonaning o‘rtasiga tog‘day qilib uyub qo‘yardi. Bir kuni u o‘zini tutolmay xotiniga:
— Seni haydayotgan joyim yo‘q-ku, axir. Xohlasang, qolaver. Faqat keyin o‘pkalamasang bo‘lgani. Mening turgan-bitganim shu. Men bilan ishing bo‘lmasin. Nima qilayotganimni o‘zim yaxshi bilaman. Agar meni birmuncha vaqt o‘z holimga qo‘ysang, ehtimol, hammasi boyagi-boyagidek bir izga tushib, ish ajralishgacha borib yetmasa kerak, deb o‘ylayman.
Xotini esa uning gaplariga parvo ham qilmay, tarelka hamda kosalarni joylashtirdi, keyin shkafdan kiyimlarini olib kattakon chamadonga taxlay boshladi. Eri uning piqillayotganini eshitib qolib, yana unga murojaat qildi:
— Hoy, bu nima, dam yig‘laysan, dam ketishga otlanasan. Yig‘layapsanmi, demak, ketma. Yana qaytaraman: zorim boru, zo‘rim yo‘q. Tanangga yaxshilab o‘ylab ko‘r — o‘zing nima qarorga kelsang, shuni qil.
Xotini bufetdan yupqagina stakanlarni, kofe likopchalarini, suvdon, bokallarni, kumush qoshiqlarni olib, bularning hammasini toza lattalarga ehtiyotlik bilan o‘rab korzinkaga joylardi. To‘satdan eshik ochildi va ostonada hammol hamrohligida darg‘azab bo‘lgan qaynana ko‘rindi. Shunda u shovqin ko‘tarmasdan astagina botinkasini kiydi-da, uydan sirg‘alib chiqib ketdi. Pillapoyadan pastga tushib, shundoqqina . eshik tagida turgan yuk mashinasi oldidan o‘tib, chorrahada odamlar to‘dasiga qo‘shilib ketdi. Qayoqqa borishga, nima qilishga aqli bovar qilmay, birmuncha vaqt ko‘chalarda maqsadsiz sanqib yurdi. Uylarning biri oldida yuk ortilgan avtomobilni ko‘rib qoldi. Aftidan, birorbir oila ko‘chayotganga o‘xshardi. Yaqinroq borib, qo‘lida maneken ko‘tarib chiqayotgan hammolga ko‘zi tushdi. Bu lash-lushlarning egasi, hoynahoy, tikuvchi bo‘lsa ham ajabmas. Aftidan, u er-xotin qo‘sh xo‘kiz, degan aqidaga amal qilib, eriga yordam berayotgan bo‘lsa kerak. Har holda, qo‘ni-qo‘shnilarga tikib tursa kerak. Shu tikish-bichishi bilan shubhasiz, ro‘zg‘orning og‘irini yengil qilib tursa kerak.
* * *
Birmuncha vaqt o‘tar-o‘tmas, eshik yanada qattiqroq taqillay boshladi. Bu, uning xunobini oshirib yubordi. Xuddi birov uning uyda yakka-yolg‘iz qolganini bilganu, pirovard natijada, eshikni ochishga majbur qilmoqchi-ga o‘xshardi. Naqadar surbetlik bu! Nahot, eshikni do‘mbira qilayotgan odam, tanho qolgan kishi borib unga ochadi, deb o‘ylasa. Bu nima qiliq, ishqilib, xudo insof bersin unga! Avvaliga sekinroq zshitilgan taqillash, borgan sari qattiq hamda qat’iyroq dukurlay boshladi. Pastki qavatda yashovchi ijaradorlar bezovtalanib, bu yoqqa yugurib chiqishlari mumkin. U yana bir bor xonani ko‘zdan kechirdi.
Uyning yig‘ishtirilmaganiga, supurgi betini ko‘rmaganiga bir oydan oshdi. Shiftdan is osilib turardi. U kechqurun allamahalda kelar, ertalab esa hatto o‘rnini ham yig‘masdan jo‘nab qolardi. Stol ustidagi yuvilmagan sut idishlardan taralayotgan achimsiq hiddan butun xonani qo‘lansa hid tutib ketgandi. Balkonda o‘sadigan gullarning anchadan beri suv quyilmaganidan qurib qolgan barglari shamolda uzilib, ochiq qolgan eshikdan xonaga yopirilib ketgandi. Birdan unda bir sapchib, eshik orqasida turgan bezbetning boplab adabini berib qo‘yish istagi tug‘ildi. Bu surbet uning sabr-bardoshini sinamoqchi bo‘lgandek, jon-jahdi bilan taqillatishini qo‘ymasdi. Taqillatayotgan odam kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ochishi kerakmi? U mehmon kutmayotgandi. U, umuman, hech kimni kutmayotgandi. Yolg‘izlik — o‘lim bilan barobar, deyishadi. Yolg‘izlik yuki kun-bakun qo‘rg‘oshinmisol og‘irlashib borar va uni yer bilan yakson qilgudek bo‘lardi. Kun sayin o‘z yog‘ingga o‘zing qovurilaversang — osonmi? Yilma-yil o‘z yolg‘izligingni his qilgan holda begona odam bilan yashash, darhaqiqat, mushkul. Ertalablari nonushtasi, qishda, u kech kelgan vaqtlari esa issiq o‘rni doim tayyor turardi. Uni ovqatga chaqirishsa borar, turish kerak, deyishsa, turardi. Gapirayotgan odamning og‘zi bor edi-yu, lekin unga tushunarli bo‘lgan tili yo‘q edi. Er-xotinlik yillari ham uning yolg‘izligi qolmadi. Adolagsizlik! Shunday gapirishning o‘zi adolatsizlik! Axir, shu besh yil badalida uning yolg‘izligi bahorda tog‘dagi qorlar eriganidek, asta-sekin yumshay boshlaganini his qilmaganmidi? Lekin, pirovard natijada: nima bo‘ldi? Bari bir yolg‘izligicha qolaverdi.
Axir, unga yordam qo‘lini cho‘zishmaganmidi, lekin u har gal uni rad etardi-ku? Mana, shuning jazosiga yolg‘iz qoldi. Bir oydan beri kirlari, idish-tovoqlari yuvilmagan, qo‘lansa hiddan oshxonaga bosh suqib bo‘lmaydi, xonalar chang, iflos.
* * *
Birdan u qadam tovushlarini eshitib qoldi. Eshik ortida ikki kishi: biri og‘ir qadam tashlar, ikkinchisi esa yengilginayurardi. Demak, ular ikki kishi ekanda? U yana quloq soldi. Qadam tovushlari tindi. U adyolni itqitib, o‘rnidan shosha-pisha turdi-da, yuvindi. U ertalabki choyni odatda ishga ketayotib yo‘l-yo‘lakay qahvaxonada ichardi. Lekin bu gal odatiga xilof ravishda nonushtani uyda tayyorlamoqchi bo‘ldi. Gazni yoqmoqchi bo‘lib, anchagacha urindi. Nihoyat, yoqdi. Olov ustiga choy-nakni qo‘yib, kiyina boshladi. Keyin o‘rnini yig‘di. Sut shishalarini oshxonaga olib chiqib qo‘ydi. Uy o‘rtasida yoyilib yotgan kirlarni burchakka yig‘di. Birdan miyasiga, hali-hozirgina kelgan bezbet mehmon yoki mehmonlar bir oz o‘tgandan keyin yana kelishlari va hatto eshikni buzib kirishlari mumkin-ku, degan fikr keldi. U holda, ish chappasiga aylanib ketishi mumkin. U bugun qilishi lozim bo‘lgan ishlarni eslay boshladi. Tikuvchiga kirib, uzilib ketgan tugmalarini qadatishi kerak. Ishxonasida ham ishi boshidan oshib yotibdi. Bir nechta dorivor preparatlarning prospektini turk tiliga tarjima qilishi, keyin mashinkada ko‘chirishi lozim. Qechqurun ishdan keyin Taqsim maydoniga kirib o‘tishi kerak, u yerda xususiy darsi bor, darsdan keyin esa Taqsimdan Beshiktoshga o‘tsa ham bo‘ladi — onamni ko‘rib kelsam yomon bo‘lmasdi, deb o‘yladi u.
* * *
Onasi bundan uch kun avval kelgandi. U tug‘ilib o‘sgan, lekin vaqt o‘tishi bilan yodidan chiqara boshlagan uzoq shaharchadan kap-katta bolasini ko‘rgani kelgandi. Kap-katta bola. U ona uchun bolaligicha qolgan, uni avvalgicha sevar va undan onalik mehr-oqibatini darig‘ tutmaslikka intilardi.
— Xotining bilan munosabating qalay,— kelgan zahoti surishtirdi u.— Hammasi joyidami?
— Ha, oyijon.
— Ajrashibsizlar, deb eshitdim.
— Yo‘q, oyijon.
— Sen mendan nimanidir berkityapsan, o‘g‘lim. Axir, men onangmanmi, yo‘qmi?
— Men sizdan hech nimani yashirmayapman, oyijon. Biz ajralishganimiz yo‘q.
— Kelishimdan oldin xolangni ko‘rgan edim. U aytdiki, murosalaring kelishmay ajralishayotganmishsizlar. U bu gapni Selmadan eshitibdi, Selmaga esa aytishlaricha, o‘zing aytgan ekansan.
Uning joni hiqildog‘iga kelib, onasiga ham keskin javob berdi.
— Oyijon, bunday g‘iybatlarni bas qiling! Xudoga shukur, hammasi joyida. Kelganingiz juda yaxshi bo‘libdi, bu yerda xohlaganingizcha turib, dam oling.
—Axir sen mening bolamsan-ku,— xafaomuz davom etdi onasi.
— Nega tushunishni xohlamaysiz, oyijon, aytyapman-ku, ajrashganimiz yo‘q, hammasi joyida, deb tushunyapsizmi?
O‘z gumonlari tasdiqlanganiga ta’bi xira bo‘lgan ona g‘amgin dedi:
— Demak, xotining seni hecham sevmas ekan-da?
— Sevadi, oyijon, — deya qaysarlik bilan e’tiroz
bildirdi o‘g‘li.
— Agar sevganda, meni ko‘rgani sen bilan chopqillab kelgan bo‘lardi.
— Otasi betob bo‘lib qolgan, o‘shanga qarab o‘tiribdi.
— Xotining biznikiga, Tarsusga borganida, nuqul tog‘angning qarindoshlarinikidan beri kelmagandi. Uyimizga zo‘rg‘a olib kelgandim. Yo‘q, u bizni hecham sevmaydi.
— Hozir bu haqda gaplashmaylik, oyijon, xudo haqqi, keragi yo‘q!
Ona istar-istamas jim bo‘ldi, uning mo‘‘jazgina dumaloq yuzi cho‘zilib, ko‘zida yosh aylandi. Kattalar gap bilan ovora bo‘lishganidan foydalangan — buvisi o‘zi bilan birga olib kelgan besh yoshli nabirasi oyna rafiga chiqib oldi. Buvisi uning qo‘lidan ushlab o‘zining yoniga o‘tqazib qo‘ydi, lekin qaysar qizaloq shu zahoti o‘rnidan sakrab turib, qo‘shni xonaga yugurib kirib ketdi.
Ha, u avvalgidek onasi uchun katta bola bo‘lib qolavergandi.
— Bir necha kun sen bilan uyingda yashamoqchiman, — dedi onasi, u oxirgi ,marta onasining oldiga kirganda.
— Lekin Gunar uyda yo‘q-da, — deya e’tiroz bildirdi o‘g‘il. — U har kuni otasini ko‘rgani kasalxonaga boradi.
— Gunaring bo‘lmasa bo‘lmas, sen bo‘lsang bo‘lgani,— deya o‘z gapida turib oldi ona.
— Oyi men vohlik ketib, kech qaytaman. Biznikida kechgacha bir o‘zingiz nima qilasiz? Yaxshisi, shu yerda yashayvering, dam oling, men har kuni sizni ko‘rgani kelib turaman.
— Yo‘q,— dedi qat’iy tarzda ona.— Men albatta senikiga borib, bir necha kun turib kelishim kerak.
* * *
U suv qaynab ketganini eshitdi-da, oshxonaga yugurdi. Choygumning tagidagi olovni pasaytirdi. Birmuncha vaqt plitaga to‘kilgan suv tomchilarining vishillayotganini kuzatib turdi. Tokchadan choy qutini olib, qaynayotgan suvga bir siqim quruq choy tashladi. Keyin idish-tovoqlarni yuvishga kirishdi. Oshxona tor-tanqis va qorong‘i bo‘lib, qo‘lansa hiddan turib bo‘lmadi. Xotini bo‘lsa mana shu katalakday, iflos, dim oshxonachada ertalabdan-kechgacha kuymanib unga ovqat, choy tayyorlar, yana ish qilayotib qo‘shiq ham xirgoyi qilardi. Ba’zida oshxonaning eshigini ochib, unga murojaat qilgancha so‘rardi: «Eshitmadingmi yoki menga shunday tuyuldimi, kimdir eshikni taqillatayotganga o‘xshaydimi?» U bo‘lsa, hatto kitoblaridan boshini ham ko‘tarmay, to‘ng‘illardi: «Yo‘q, senga shunday tuyulgandir».
* * *
Birdan uning jahli chiqib ketdi. Choyning dam yeyishini kutib qo‘lida piyola ushlab turarkan, jahli borgan sari pasayib, o‘rnini qayg‘u-hasrat egallayotganini his qildi. Faqat o‘zini ayblashi kerak. U qalbida allaqanday kuydiruvchi, lekin yengillik tug‘diradigan hissiyot ko‘tarilayotganini his qilardi. Vijdonini qiynaydigan, negaligini o‘zi ham bilmay bema’ni qiliq yomonlik qilishni xohlamas, lekin buni o‘z xohishiga qarshi o‘laroq qilishga majbur edi. U dilida ham aybdorlik, ham aybsizlik tuyg‘usini his qilardi. Ko‘zida yosh aylandi. Shundoqqina ro‘parasida oyna osiqlik edi. Uning chang bosgan sirtida yoshli ko‘zlarining aksini ko‘rib qolib, o‘zini qo‘lga oldi. Agar shu oyna bo‘lmaganda, o‘zining shunchalik og‘ir-bosiqligiga qaramay, hissiyotlariga erk bergan bo‘lardi. U choynakni ko‘tarib oshxonadan chiqdi. Keyin piyola va qanddonni olish uchun yana qaytdi. Oshorna ostonasidan hatlashga ulgurmovdiyamki, yana eshik taqillagani eshitildi. U turgan joyida qotib qoldi. Qisqa-qisqa qilib taqillatishardi. U eshikdan uch qadam narida turgancha jimgina kutib turardi. Birdan xavotirlanib ketdi. Yuragi qattiq urib, turgan joyida u yoqdan-bu yoqqa beixtiyor tebranayotganini sezib qoldi. Balki unga shunday tuyulgandir. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, sirayam eshikni ochmaslikka ahd qildi. U hech kimni ko‘rishniyam, gaplashishniyam xohlamasdi. Eshikka tikilgancha, eski pol taxtalari g‘irchillab ketmasligi uchun bor kuchi bilan joyidan qimirlamaslik-ka harakat qilib, eshikka tashlanishga bo‘lgan o‘zidagi ulkan istakni bosib, yarim soat oldin ilk bor taqillatganlaridayoq ochish kerakligini, o‘zining nohaqligi-ni borgan sari kuchliroq his qilgancha kutib turardi. Birdan taqillash to‘xtab, jimib qoldi, aftidan, taqillatayotgan odamning qo‘li tolib ketdi, shekilli. Sukunat cho‘kdi. U hamon kutib turardi. Eshik ortidan o‘ziga yaxshi tanish, lekin begona bo‘lib qolgan, muhabbat, dashnom, xijolat sezilib turgan ovoz naq qalbining qa’riga singib borar va yuragini yanada qattiqroq urishga majbur qilardi. Sokin, umidsiz, kechirishga tayyor va shu bilan birga qat’iy, hech narsani: na o‘tib ketgan g‘azabni, na ozorni, na muhabbatu va na azob-uqubatni unutishga qo‘ymovchi eshik ortidan eshitilayotgan va ichkariga kirib kelgan, oyoq-qo‘lini shol qiluvchi ovoz yana eshitila boshladi. U birdan o‘zining ismini aytib chaqirishayotganini anglab qoldi. Tushunmay ham bo‘larkanmi? O‘z xohishiga qarshi qalbida eshikni ochishga ulkan istak tug‘ildi-yu, lekin u buni yengdi. Eshik oldida qaqqayib turish tentaklik edi, shuning uchun u oyoq uchida orqasiga tisarila boshladi. Shu vaqt u shivirlash ovozini eshitdi, keyin kimdir eshik tagidagi tirqishdan qaramoqchi bo‘layotganini ko‘rdi. Shundoqqina eshik oldida uning yozgi oq tuflisy turardi. Tirqishda harakat sezilayotganga o‘xshab tuyuldi. Keyin: «Xo‘sh, nima ko‘ryapsan?»— deb so‘ragan keksalarga xos ovoz eshitildi. Bunga javoban, nimanidir ko‘rganligidan bo‘lsa kerak, o‘zida yo‘q xursand bolakayning ovozi eshitildi: «Tufli ko‘ryapman, buvijon. Shundoqqina eshikning oldida».
U hayajonlanib ketdi. Tirqishdan uning oyoqlarini ko‘rib qolishlaridan qo‘rqib, ohista bir qadam orqaga tashladi. Eski taxtalar g‘irchillab ketdi. U tishini tishiga bosdi, yuzi esa bujmayib, qiyshayib ketdi. U hali qadam qo‘yishgayam ulgurmovdi, onasining ovozini eshit-di: «Uydaligingni shundog‘am ko‘rib turibman!» U nima qilishni bilmasdi, shuning uchun ham o‘zidan jahli chiqardi. Onasi bu gal ham ovozida oshkora gina-kudurat bilan gapida davom etdi: «Biz qancha joydan oldingga keldik-a. Oyog‘imda oyoq qolmadi. Shu turishda o‘zimdan ketib qolishim hech gapmas. Qani, tezroq ocha qol! Eshik oldida bizni kutishga majbur qilma, bu yaxshi emas!»
— Ochmayman!—dedi u nihoyat jim turishga sabri chidamay.
— Nega endi ochmas ekansan?
— Ochmayman, dedimmi, ochmayman,— deya keskin ravishda qaytardi u.
— Endi nima qilishimiz kerak, qaytib ketamizmi? Shuncha yo‘ldan bekordan bekorga kelgan ekanmiz-da?
— Ketaveringlar! Bari bir men sizlarni kirgizmayman! Tushunyapsizmi, siz mening uyimga kirmaysiz!
— Axir, sen mening o‘g‘limsan-ku!
— Ochmayman, bekor kutyapsiz!
— Qaysarlik qilma, och! Onaga ham shunday muomala qilishadimi hech zamonda?
— Ochmayman, dedimmi, ochmayman! Ketinglar.
— Xo‘p, mayli, hech bo‘lmasa, kir-chirlaringni bergin, yuvib beraman.
— Kir-chirlarim yo‘q. Keting bu yerdan! Umuman, bu yerga hecham kelmang!
Jimlik cho‘kdi. Keyin uzoqlashayotgan onasining
og‘ir hamda bolakayning yengil qadam tovushlari eshitildi. Bittasi qarilarga xos, charchagan, ikkinchisi yengil, soddi. Shundagina u eshikni ochdi. Pastki qavatdagi pillapoya maydonchasida qadamlar bir narsani kutgandek to‘xtadi. Buvi bilan nevara nima haqdadir shivirlashib maslahatlashib oldilar. Yana qadam tovushlari eshitildi. O‘g‘il ular tinguncha kutib turdi. Choy ichib o‘tirmay, tez-tez kiyindi-da, uydan chiqdi. O‘g‘il ularga avtobus bekatida yetib oldi.
— Nega keluvdingiz? — bir oz yumshoqlik bilan, lekin haliyam zarda bilan so‘radi. — Men sizni chaqirganmidim? Nega endi bekordan-bekorga koyinaverasiz?
— Ha, yo‘q, xavotirlanganim yo‘q, qayerdan olding bunday gapni,—deb javob berdi onasi. Ko‘z yoshlari esa beixtiyor yonog‘idan oqib tushardi.
— Bo‘lmag‘ur narsalarga xafa bo‘lishning hojati yo‘q, oyi,— deya uni yupatmoqchi bo‘ldi o‘g‘li.
Avtobus keldi.
— Pulingiz bormi?— deb so‘radi u onasidan va javobini kutmayoq o‘n so‘mlik qog‘ozni uzatdi.
Avtobus eshiklari bekilgach, bechora ona ranj-alam hamda charchog‘ini o‘g‘liga bo‘lgan muhabbat bilan bosish maqsadida unga
— Ovqatlanishga kelib tur, o‘g‘lim!—deb baqirdi.