Necha kundirki, tinmasdan sovuq yomg‘ir quyadi. Bog‘da namxush shamol shovullaydi. Kunduz soat to‘rtlardanoq kerosinli chiroqlarni yoqdik. Shunda beixtiyor yoz butunlay tugaganligi, yer tobora tumanlarga qorishib borayotgani, atrofni izg‘irin, ayni paytda, g‘alati qorong‘ulik bosib kelayotganini ilg‘ab qoldik.
Noyabr oxiri — qishloqdagi eng hazin palla. Eski oromkursiga joylashib olgan mushuk kun bo‘yi uxladi, yomg‘irning qop — qora tomchilari deraza oynalariga shitob bilan urilganda bosinqiraganday uchib – uchib tushardi.
Yo‘llar ho‘llandi. Daryo bo‘ylab sarg‘ish to‘nkalar qalqib o‘tar, suv tekis oqardi. Qushlar bo‘g‘otlar ostiga yashirinishdi. Mana, hafta o‘tdi hamki, meni hech kim yo‘qlab kelmadi: na Mitriy bobo, na Vanya Malyavin, na o‘rmonchi. Hammasidan ham kechki payt yoqimli kechardi. Biz pechga o‘t yoqardik. Olov gurlab, qizg‘ish nurlari yog‘och devorlar, Brlyullovning eski suvratida mavjlanardi. Oromkursiga o‘rnashib olgan musavvir bizga tikilib turardi: qo‘lida ochiq kitob, ko‘zlari o‘ychan, sharillab oqayotgan yomg‘ir kuyiga quloq tutganday.
Chiroqlar yorqinlashib, samovar qo‘shig‘iini boshladi. U bilan xonamiz to‘lib qoldi. Oynalar namlandi, qayin barglari oynaklarga tinimsiz uriladi. Choy ichib bo‘lgach, pechka yoniga o‘rnashib, kitob o‘qiy boshladik. Bunday paytlarda Dikkensning uzundan — uzoq , qalbni titratuvchi romanlari, «Niva» va «Rang – tasvir» jurnallarini o‘qish maroqli edi. Funtik – mallarang, mitti, qiyshiq oyoqli mushugimiz uyqusida tez – tez yig‘lardi. O‘rnimizdan turib, uni issiq qalin mato bilan o‘rab qo‘yardik, u esa minnatdorchilik bildirganday qo‘llarimizni yalab, ho‘rsinib, yana pinakka ketardi. Devor ortida qorong‘ulik hayqirar, yomg‘ir shovqin solar, shamol kuchayardi. Shunday havoda ko‘z ilg‘amas keng o‘rmonlarda qolib ketganlarni o‘ylash qo‘rqinchli edi.
Bir kuni tunda g‘alati sezgi bilan uyg‘onib ketdim. Tushimda kar bo‘lib qolgan emishman. Ko‘zlarimni yumganncha uzoq tingladim. Bildimki, eshitayapman. tashqarini o‘xshashi yo‘q sukunat qoplab olgan. O‘rnimdan turib, deraza yoniga bordim – oynalar qorli va jim – jit. Tumanli osmonga qarasang, boshing aylangudek yuksaklikda — yolg‘iz oy, uni sarg‘ish – tilla gardish o‘rab turardi. Birinchi qor qachon yerga tushdiykin? Devordagi soatga yaqinlashdim. Shu qadar yorug‘ ediki, hatto soat millari tim qora bo‘lib ko‘rinib turardi. Vaqt tungi – ikki.
Ko‘zim ilinibdi. Ikki soat ichida yer yuzi shu qadar o‘zgaribdiki, dalalar, o‘rmonlar va bog‘lar quyun ichida. Oyna ortidan bog‘dagi zarang daraxti butog‘ida o‘tirgan katta kulrang qushni ko‘rdim. Shox chayqaldi, shovullab qor to‘kildi. Qush asta qo‘zgaldi — da, uchib ketdi. Oynakka urilgan qor sochilib – sochilib ketardi. Atrof birdan jimib qoldi.
Ruvim uyg‘ondi. U oynadan tashqariga tikilib turdi — da, chuqur nafas olib:
— Birinchi qor yerga juda yarashdi. U iboli qizday oq libosiga o‘ranibdi. – dedi.
Tongda hammayoq billurdek yarqirardi: muzlab qolgan daraxtlar, to‘kilgan yaproqlar, qor ostida tarvaqaylab yotgan daraxt tomirlari. Choy ichayotganimizda Mitriy bobo keldi, bizni ilk qor bilan tabrikladi.
— Yer qor suvi – kumush suv bilan tozarib oldi, — dedi.
— Mitriy, bunday so‘zlarni qaerdan olasan — a? — so‘radi Ruvim.
— To‘g‘rimasmi? – kulimsiradi bobo. — Onam aytardiki, burungi zamonlarda qizlar kumush ko‘zalardagi birinchi qor suviga yuzlarini chayisharkan. Shuning uchun ham ularni go‘zallik tark etmas ekan.
Qishning birinchi kuni. Uyga sig‘may ketdik — o‘rmon ko‘llari tomon yo‘l soldik. Bobo bizni o‘rmon etagigacha kuzatib bordi. U ham ko‘lga borgisi keldi — yu, lekin sovuqdan «suyaklarining zirqirashi» bunga yo‘l qo‘ymadi. Suv tiniq, tim qora. Yuzada nimaiki qalqib turgan bo‘lsa, qish payti suv tagiga cho‘kib ketardi. Qirg‘oqlarda muzliklar oynaday tovlanib, qad kerishdi. Muzlik shu qadar shaffof ediki, yaqindan qarasang, ko‘zing tinib, uni birdan ilg‘ab olish qiyin. Qirg‘oqbo‘yi suv yuzasida chavaq baliqlar galasini ko‘rdim. Ular tomonga mayda – mayda toshlar otdim. Toshlar muzliklarga borib tegib, jaranglab ketdi. Yog‘ochli to‘g‘onlarda baliq tangalari yaltirab – yaltirab ketar, sollar ichkarilab boradi. Muzlikda ularning ortidan oq izlar qolardi. Shundagina muzlik qatlamlari paydo bo‘lganini payqadik. Qo‘llarimizni uzatib, muzchalardan olishga urindik. Ular qarsillab, barmoqlarimizda qor va buta mevasining qorishiq bo‘yi anqidi.
Yaqin — yiroq yalangliklarda qushlar ko‘tarildi, qanotlarini g‘amg‘inlik bilan silkib qo‘yishdi. Ko‘k juda yorug‘ va oppoq. Quyuqlashib borayotgan ufq rangi qo‘rg‘oshinga g‘xshardi. Qorli bulutlar asta – asta silkinib kelardi. o‘rmon qorong‘ulashib borar, atrofda — jim – jitlik. Qalin qor yog‘di. U ko‘lning qop — qora suvlarida erib, yuzlarni chimchilar, o‘rmonni kulrang tutun bilan qoplardi.
Qish boshlandi. Ammo g‘ovak — g‘ovak qorni yoyib, tozalab tashlansa, yangi gurkirab turgan o‘rmon gullariga ko‘zingiz tushardi. Bilardikki, chittaklar qishlab qolishsa, pechimizda olov chirsillab tursa, bunday qishning zavqiga hech ne yetmaydi! Shunda qish ko‘zimizga yoz kabi yanada maftunkor ko‘rinib ketdi.
1940 yil
Konstantin Paustovskiy. Yoz bilan hayrlashuv (hikoya)
Oygul Suyundiqova tarjimasi