OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Li Mi Ye. O'g'rincha dars (hikoya)

Bolalik chog’larimda qo’shni xovlida bir qo’li yo’q bola yashardi. U o’n ikki yoshlar chamasi bo’lib, biz maktabga boradigan maxalda o’z uyining tomiga chiqar va xovlimizni tomosha qilib o’tirar edi. Kimdir o’ziga nigoh tashlayotganligini sezsa, shu zahotiyoq o’zini panaga olar, negadir odamlarning ko’ziga ko’rinmaslikka harakat qilar edi. Ba’zan dadamga:
-Dadajon,anovi bolaning qo’li yo’q ekan. Shuning uchun maktabga olishmagan ekan, - derdim men. Dadam esa afsus bilan boshini sarak-sarak qilib qo’yardi. 
 Bir kuni kechqurun dadam yerto’lada yotgan siniq stol-stulni olib chiqdi va bolg’a-mix olib ta’mirlashga tushdi. Stol “oyoqchali” bo’lgach, xovlining qoq o’rtasiga o’rnatdi. 
-Qani, qizim, beri kel! – deya chaqirdi dadam. – Bugundan boshlab men o’zim mana shu joyda senga dars beraman.
 Shunday qilib kechalari dadmning q    o’li ostida dars qiladigan bo’ldim. Qor yoki yomg’irli kunlardan tashqari har kuni dadam menga shaxsiy muallimlik qilar edi. U qo’limga kitob tutqazarkan:
-Qani bugun maktabda o’rganganlaringni baland ovozda o’qib ber-chi, - derdi. 
Men esa vaqt allamaxalga qadar kuchanib-kuchanib kitob mutolaa qilardim. 
Bir kuni dadam ishdan kelib, gap topib keldi:
-Qizim,qo’shni bola bu yerdan ko’chib ketarkanmi?
Kunduzi qo’shni xovli oldida yuk mashinasini ko’rgandim. 
-Ha, shunaqa bo’lsa kerak,dedim men.
-Tushunarli, - dedi dadam afsus bilan. – Ishqilib qayerga borsa ham o’qishni tashlab qo’ymasinda bolakay.

 Men dadamning so’nggi so’zlarini unchalik tushunmadim. Lekin buni oradan bir necha yil yillar o’tgachgina angladim. 
 Kunlarning birida uyimizga pochta orqali bir quticha olib kelishdi. Yuboruvchining nomi ham, manzili ham noma’lum.Dadam hayronligini yashirolmay qutichani asta ochdi. Qutichadan yangi bir kitob va xat chiqdi. 
 “Yigirma yil avval sizga qo’shni xovlida yashagan bir nogiron bolani eslay olasiz,deb umid qilaman”, deb boshlanadi xat. “O’shanda xovlingizda qizingiz bilan olib borgan darslaringizni yashirincha kuzatib, juda qiziqqanligimdan tomda o’tirib ta’lim olgan edim. Kech bo’lasa-da minnatdorchiligmni qabul qiling”.
 O’sha nimjongina nogiron bolakay dadamning xovlidagi darslarini eshitib, o’rganib, bu yerdan ko’chib ketgandan so’ng hatto universitetga o’qishga kiribdi. Qutichadagi kitobni o’sha nogiron bola yozganligiga ishongim kelmasdi. O’sha kuni dadamning xonasidagi chiroq tonggacha o’chmadi.

Koreys tilidan Otabek Yo’ldoshev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.