Birinchi xat unga seshanba kuni keldi. Mayron Xettinger darrov tushundi: qandaydir ishkallik bor. Gap shundaki, u seshanba kunlari ertalab umuman xat olmasdi. Juma kuni jo‘natilgan xatlar dushanba kuni yetib kelardi. Dushanbada jo‘natilganlari chorshanba kuni kelar, kamdan-kam hollarda seshanba kuni ish vaqti tugayotganda kelardi. Bu xatni esa kurer ertalab olib keldi.
Xettinger xatni qo‘liga oldi, lekin ochmadi. Avval xatjildga nazar soldi. Uning manzili yozilgan. Oddiy yozuv mashinkasida. Pochta muhri yakshanba kuni qo‘yilgan. Xatjildga pochta boshqarmasi O‘rta Farbdagi mashhur kollejning yuz ellik yilligiga atab chiqargan to‘rt tsentlik marka yopishtirilgan. Jo‘natuvchining manzili esa yozilmagan.
U xatjildni ochdi. Uning ichidan xat emas, yarim yalang‘och ikki kishining fotosurati chiqdi. Yoshi ellikdan o‘tgan, to‘ladan kelgan, tepakal, burni uzun, labi ingichka erkak va uning qizi tengi, sohibjamol, jilmayayotgan mallasoch ayolning surati. Suratdagi erkak Mayron Xettingerning o‘zi, ayol esa Sheyla Biks edi.
Xettinger fotosuratga uzoq tikilib qoldi. So‘ng uni stolga tashladi, o‘rnidan turib xonasi eshigini qulfladi. Yana stol yoniga qaytib o‘tirdi, xatjildda suratdan boshqa narsa yo‘qligiga ishonch hosil qildi. Keyin esa suratni mayda-mayda qilib yirtib kuldonga tashladi, xatjildni ham maydalab kuldonga tashladi va yondirgichni yoqib olovni qog‘oz parchalariga tutdi.
Fotosurat tahdid emas, tahdidga ishora, olov borligini bildiruvchi tutun, xolos.
Xonaga noxush hid tarqaldi. Kuldondagi olov o‘chgach, Xettinger konditsionerni yoqdi.
***
Ikkinchi xatjild oradan ikki kun o‘tib, payshanba kuni ertalab keldi. Xettinger bu xat kelishini kutayotgandi. U xatjildni qalingina xatlar bog‘lami orasidan izlab topdi. Xuddi birinchisi kabi xatjild. Xuddi o‘sha yozuv mashinkasida yozilgan manzil, xuddi o‘shanday marka. Faqat muhr boshqa sananiki.
Bu safar fotosurat o‘rniga mashinkada yozilgan qisqagina maktub bor edi:
«Qog‘oz xaltaga o‘n va yigirma dollarliklardan 1000 dollar joylang va «Tayms-skver» stantsiyasidagi yuk saqlash kamerasidagi javonlardan biriga qo‘ying. Quti kalitini xatjildga solib, xatjildni «Slokam» mehmonxonasining qaydxonasidagi stol ustiga «janob Jordan uchun» deb qo‘ying. Bugunoq aytganimni qilmasangiz, fotosurat xotiningizga jo‘natiladi. Politsiyaga murojaat qilmang. Xususiy izquvar yollamang. Xullas, ahmoqlik qilmang».
Xat muallifi so‘nggi uchta ogohlantirishni yozishining hojati ham yo‘q edi. Xettinger politsiyaga murojaat qilmoqchi yoki xususiy izquvar yollamoqchi emasdi. Biror ahmoqlikka qo‘l urishi-ku aslo aqlga sig‘masdi.
Xat kuldonda kulga aylanib, konditsioner havoni tozalab bo‘lgach, Xettinger deraza oldida Sharqiy 43-ko‘chaga qaragancha uzoq o‘ylandi. Xat uni suratga nisbatan ko‘proq hayajonga solgandi. Unda yaqqol tahdid bor edi. Bu uning osoyishta hayotiga bo‘lgan tahdid edi.
Mayron Xettinger o‘z muvaffaqiyatlaridan haqli ravishda faxrlanishi mumkin edi. Ajoyib ish: oliy toifali auditor, har xil jismoniy va huquqiy shaxslarning soliqlari miqdorini kamaytirib berish hisobiga yaxshigina pul topardi. Ajoyib oila: o‘zidan ikki yosh kichik xotini Eleonor uyni saranjom-sarishta tutar, pazanda ayol bo‘lib, erining ishlariga burnini suqmasdi. Nihoyat, ajoyib ma’shuqa. O‘sha, fotosuratdagi ayol. Sheyla Biks. Bu ayol o‘zini judayam kamtarona tutar, ba’zida kiyim-kechak uchun kattaroq pul so‘rashini aytmasa, talab qiladigani uy haqi, mayda-chuyda xarajatlar uchun pul so‘rash edi. Endi esa manavi shantajchi, janob Jordan Mayron uchta tosh ustiga qurgan billur qasrni vayron qilmoqchi. Agar anavi la’nati surat Xettinger xonimning qo‘liga tushsa, u eri bilan ajrashadi. Bunga shubha yo‘q. Agar bu ajrashish janjalli tus olsa, biznesiga putur yetadi. Oxir-oqibat esa Sheyladan ham mosuvo bo‘ladi.
Xettinger stol yoniga o‘tirib ko‘zlarini yumdi, stol yuzasini barmoqlari bilan cherta boshladi. U mijozlaridan ham, xotinidan ham, ma’shuqasidan ham ayrilishni istamasdi. Eleonor va Sheyla singari ishini ham juda yaxshi ko‘rardi. Nima qilmoq kerak?
Bu savolning javobi esa juda oddiy edi. Tush payti Xettinger xonasidan chiqib bankka bordi, hisob raqamidan ming dollar oldi, pulni sigaradan bo‘shagan qutiga joylab «Tayms-skver» stantsiyasidagi yuk saqlash kameralaridan biriga qo‘ydi. Saqlash kamerasi kalitini janob Jordanga atalgan xatjildga solib, «Slokam» mehmonxonasidagi qaydxona xizmatchisiga berdi va tushlik ham qilishga ulgurmasdan ishga qaytdi. Kechki payt janob Jordan sabablimi yoki tushlik qilmagani uchunmi, Mayron Xettingerning oshqozoni og‘rib qoldi.
***
Uchinchi xat oradan bir hafta o‘tgach keldi. Keyin esa surunkasiga to‘rt hafta davomida har payshanba xuddi shunday xat keldi. Xatlarning mazmuni bir xil, so‘ralgan pul miqdori va uni berish tartibi ham o‘zgarmagan, faqat janob Jordan kalit solingan xatjildni oladigan mehmonxona nomi o‘zgarardi.
Mayron Xettinger o‘z vazifasini aniq bajarardi: bankka borar, u yerdan yuk saqlash kamerasiga, so‘ng aytilgan mehmonxonaga, undan keyin ishiga qaytardi. Har safar tushlik qilolmas, oqibatda kechki payt oshqozoni bezovta qilardi.
Bu narsa unga odat bo‘lib qoldi.
Umuman olganda, Xettinger odatga qarshi emasdi. Odat qandaydir voqealar yoki harakatlarning qat’iy bir tartibini anglatar, Mayron Xettinger esa tartibni qadrlardi. U o‘zining shaxsiy xarajatlar kitobida janob Jordan uchun alohida sahifa ochgan, har payshanba kuni chiqim qilingan ming dollarni qayd qilib borardi. Bunga ikkita sabab bor edi. Birinchisi va eng asosiysi, Xettinger ko‘zda tutilmagan chiqimlarga yo‘l qo‘ymasdi. Uning hisob-kitob daftarida chiqim va kirim doimo qayd qilinardi. Ikkinchidan, u janob Jordanga ketayotgan xarajatlarni qoplash yo‘lini topishiga chin ko‘ngildan umid qilardi.
Payshanba kungi yo‘l yurishlarni hisobga olmaganda, Xettingerning hayoti hech o‘zgarishsiz davom etardi. Mijozlarning buyurtmalari o‘z muddatida aniq va sifatli bajarilar, haftaning ikki oqshomini Sheyla bilan, qolgan beshtasini xotini bilan o‘tkazardi.
Xotiniga u albatta shantajchi haqida lom-mim demadi. Ahmoq ham bunday qilmasdi. Shuningdek, Sheylaga ham indamadi. Mayron Xettinger shaxsiy muammolarini hech kimga doston qilmasdi.
Janob Jordandan pul talab qilingan oltinchi maktub kelgach, Xettinger eshikni ichidan qulflab olib xatni yoqib tashladi va kresloga yastangancha uzoq o‘y surdi. Shu ko‘yi u bir soat o‘tirdi.
Uni har hafta ming dollardan ayrilish aslo qoniqtirmasdi. Mayron Xettingerning chamasida bu kattagina pul edi. Ish shu tarzda ketadigan bo‘lsa, bir yilda ellik ming dollardan ortiq pul havoga sovurilishini hisoblash uchun auditorlik diplomi shart emasdi. Bu chiqimga chek qo‘yish kerak.
Xettinger bu muammoni ikkita yo‘l bilan hal qilishi mumkin edi. Shantajchining anavi la’nati suratni Xettinger xonimga jo‘natishiga yo‘l qo‘yish yoki shantajga barham berish. Birinchi yo‘l noxush oqibatlarga olib kelishi aniq edi. Ikkinchisi... lekin buni qanday amalga oshirish mumkin?
Xettinger janob Jordanga xat jo‘natib uni insofga chaqirishi ham mumkin edi. Ammo bundan hech qanday naf chiqmasligini juda yaxshi anglab turardi. To‘g‘ri-da, shantajchida insof bo‘ladimi?
U janob Jordanni o‘ldirishi kerak.
Shantajchini to‘xtatishning yagona yo‘li faqat shu edi. Faqat buni qanday amalga oshirish mumkin? Mayron Xettinger mehmonxonada janob Jordanning kalit solingan xatjildni olib ketish uchun kelishini kutib o‘tirolmasdi: shantajchi uni tanirdi. Yuk saqlash kamerasi oldida turishdan ham foyda yo‘q edi.
Umringda ko‘rmagan odamingni qanday o‘ldirsa bo‘ladi?
Shu payt Xettingerning miyasiga bir fikr urildi. U jilmayib qo‘ydi. O‘ta murakkab vaziyatdan chiqish yo‘lini topgan odamgina shunday jilmayadi.
***
O‘sha kuni Xettinger tush payti xonasidan chiqdi. Bankka bormadi. Buning o‘rniga kimyoviy moddalar sotiladigan do‘konga bordi, bir nechta dorixonalarga bosh suqdi.
U hojatxonaga kirib bomba yasadi. Sigara qutisiga kimyoviy moddalarni joyladi. Xettinger bombani quti ochilishi bilan yoki bo‘lmasa yerga tushib ketganda portlaydigan qilib tayyorladi.
Mayron tayyor bo‘lgan bombani qog‘oz xaltaga soldi va «Tayms-skver» stantsiyasining yuk saqlash kamerasidagi javonlardan biriga joyladi. Kalit solingan xatjildni «Blekmor» mehmonxonasiga qo‘ydi. Xonasiga qaytdi.
Kunning ikkinchi yarmida uning qo‘li ishga bormadi. U janob Jordan uchun mo‘ljallangan sahifaga bugungi xarajatlarni shoshib-pishib yozarkan, ertadan boshlab bu sahifa butunlay yopilishini o‘ylab iljayib qo‘ydi. U o‘ylab topgan fikridan xursand edi.
Bomba unga pand bermasligi aniq edi. Xettinger kimyoviy moddani ayamay solgandi. Bu modda nafaqat janob Jordanni, balki o‘n metr masofadagi barcha narsani parcha-parcha qilib tashlashga yetardi. Albatta, boshqa odamlar ham halok bo‘lishi mumkin. Bu ehtimoldan xoli emas. Masalan, shantajchi qutini metroda ochsa yoki gavjum joyda qo‘lidan tushirib yuborsa.
Ammo Xettingerni janob Jordan o‘zi bilan birga yana necha kishini narigi dunyoga olib ketishi zarracha tashvishlantirmasdi. Boshqa erkaklar, ayollar, bolalarning halok bo‘lishi uni mutlaqo qiziqtirmasdi. U faqat bitta narsani bilardi: janob Jordanning o‘limi Mayron Xettingerning yashashini bildirardi. Qolgan barcha narsalar esa uning uchun sariq chaqaga ham arzimasdi.
Soat beshlarda Xettinger o‘rnidan turdi. Xonadan chiqib pastga tushdi, yo‘lakda bir oz turib qoldi. Uyga borgisi kelmayotgandi. U yechimi yo‘q muammoni hal qildi. Bunday g‘alabani nishonlash kerak.
Eleonor bilan o‘tadigan oqshom bayramga o‘xshamaydi. Bunaqa bayramni Sheyla bilan nishonlagan ma’qul. Ammo u o‘rnatilgan tartibni buzgisi kelmasdi. Odatda u Sheylaning uyiga dushanba va juma kunlari borardi. Qolgan kunlari uyiga ketardi.
To‘g‘ri, bugun u tartibni bir marta buzdi: xaltaga pul o‘rniga bomba soldi. Bu yog‘i bo‘lganicha bo‘lar.
U xotiniga qo‘ng‘iroq qildi:
-Men shaharda bir necha soatga ushlanib qolaman. Judayam muhim ish chiqib qoldi.
Eleonor qanday ishligi bilan qiziqmadi ham. Faqat uni sevishini aytdi. U ham xotiniga shunday javob qaytardi.
Go‘shakni qo‘yib, taksi to‘xtatdi va haydovchiga Farbiy 73-ko‘chaga eltib qo‘yishni buyurdi.
Sheyla to‘rt qavatli uyning uchinchi qavatida turardi. Xettinger zinalardan ko‘tarilib, eshikni taqillatdi. Hech qanday javob bo‘lmadi.
Agar dushanba yoki juma kuni shunday bo‘lganida, Mayron Xettinger xafa bo‘lgan bo‘lardi. Ammo u payshanba kuni, hech qanday ogohlantirishsiz keldi, shuning uchun Sheylaning uyda yo‘qligi uni tashvishga solmadi.
Tabiiyki, unda ham uyning kaliti bor edi. Xettinger eshikni ochdi va ichkariga kirdi. Viski shishasini ochib stakanga quydi. Dushanba va juma kunlari unga Sheyla viski quyib berardi. Kresloga yaxshilab joylashib oldi va Sheylani kuta boshladi.
Xettinger yigirmata kam oltida kresloga o‘tirgandi. Soat yettidan yigirma daqiqa o‘tganida tashqarida avval qadam tovushlari, so‘ng eshikning ochilgani eshitildi. U «Salom» deyish uchun og‘iz juftladi, lekin so‘nggi lahzada og‘zini yumdi. U Sheylani hayron qoldirmoqchi edi.
Ichkariga Sheyla Biks kirib keldi. O‘ynoqi qadamlar bilan, ko‘zlari chaqnagan holda. Qo‘llari esa ikki yoniga uzatilgandi. Muvozanat saqlash uchun. Chunki uning boshida qog‘oz xalta turardi.
Xaltani tanish uchun Xettingerga soniyaning mingdan bir ulushi kifoya qildi. Sheylaga ham uni ko‘rish uchun shuncha vaqt yetarli bo‘ldi. Ikkalasi ham birdaniga harakat qilishdi. Xettinger hammasini birdaniga bajarishga urindi. Xonadan qochib chiqmoqchi, shuning barobarida xaltani yerga tushmay turib turgan joyida, ya’ni Sheylaning boshida tutib qolmoqchi bo‘ldi. Sheyla esa qo‘rquvdan o‘zini orqaga tashladi va xalta uning boshidan tushib ketdi.
Xettinger g‘ayritabiiy tarzda o‘zini oldinga otdi. Yerga tushayotgan sigara qutisini tutib qolish uchun qo‘llarini uzatdi.
Portlash tovushi Mayron Xettinger eshitgan oxirgi ovoz bo‘ldi.
Lourens Blok. Auditorning qasosi (hikoya)
Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.