OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lui Aragon. Ko‘r odam (hikoya)

Yetmishga kirmay turib qulog‘im og‘irlashib qoldi. Mabodo biror kishi telefon qilsa, uzuq-yuluq jumlalar ma’nosini zo‘rg‘a ilg‘ab olaman. Biroq suhbatdoshimning kimligi va qaerdan sim qoqayotganini bilolmay garang bo‘laman. Bu holatni tushunarsiz — yot tilda she’r o‘qiganday bir gap. Ayrim rayonlardagi apparatlar avtomatlashtirilib, «Klober» yoki «Bagram» iboralari o‘rniga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 553 yoki 924 raqamlarini terish joriy etilgandan beri telefonda gaplashishim yanada mushkullashdi. Hikoyamdagi voqealar qaysi davrga aloqadorligini anglagandirsiz?! Nima haqda gapirayotgandim? Eh-ha, qarigan chog‘imda sevib qoldim. Mening yoshimda oshiq bo‘lish — kulgili! Buni qarangki, sevib qoldim. Kar oshiq! Xayolingizga «notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov» degan gapning kelishi tabiiy. Taqdir taqozosi...
Mahbubam menga taskin berib: «Zarari yo‘q, ko‘zlaring ko‘rmaganda nima qilardim?» deydi.
Ikki kundan beri yozuv stolida yotgan: biri Marsel, biri Yaponiyaga jo‘natiladigan maktublarni mahbubam yozgan. Kecha kechqurun u pochta bo‘limiga borib kelishimni iltimos qildi: «Bu xatlar aytarli shoshilinch emas... Shunday bo‘lsa-da, Marsel va Yaponiyadan javob kutaman. Yo‘qsa, ta’til kunlar boshlanib...»
Bu xatlarning ushovidan tushovi qimmatligini aytmaysizmi? Marselga yuboriladigan xatning ishi oson: eski qiymatdagi o‘n uch frankli marka yopishtirsam, bas. Yaponiyaga jo‘natiladigan noma, asti gapirmang, yuragim bezillaydi, «Avia» bo‘lgani uchun pochta bo‘limiga borishim, xat vaznini o‘lchatishim, qancha pul to‘lash zarurligini so‘rashim kerak. Keksa odam uchun bu naqadar mashaqqatli... Xalqaro maktublarni jo‘natish uchun beriladigan to‘lov-kuponlarning turgan-bitgani g‘urbat. Allaqaysi Massachusets yoki Kashmirga yarim enlik xat yo‘llash dunyoning puli turadi. Shuning uchun ham kuponlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Ulardan sadaqa chaqadan hazar qilgandek nafratlanaman. Buning sababi bor. Chet elga xat yo‘llamoqchi bo‘lgan kuponlarni biror yerda yoddan chiqarib qoldiraman, yo konvertga soldimmi, yo‘qmi, degan gumonga borib, bezovtalanaman. Bir qancha vaqt o‘tib, ajoyib kunlarning birida, kitob javonini tartibga keltirayotgan paytimda, qog‘ozlar orasida yotgan kuponlarni ko‘rib qolaman: Jahl ustida ularni yirtib qog‘ozdonga tashlayman.
Afsuski, bugun o‘z xohishimga zid ish tutishim shart. Qon-qoningga singib ketgan nafratdan xalos bo‘lish mushkul. Lekin tomirimda jo‘sh urayotgan oshiqona tug‘yon bu nafratni siqib chiqaroldi. Xullas, Yaponiya yoki Keniyaga xat jo‘natishga majburman.
Mana, nihoyat tong ham otdi. Omonatlar — maktub, kuponlarni olib uydan chiqdim. Zinapoyaning yarmisiga yetganimda kuponlar qo‘limdan sirg‘alib tushishiga sal qoldi. To‘xtab kartmonni, maktub va kuponlarni chap qo‘limga oldim. Ularni tushirib qo‘yishdan xavfsirab, ming bir azob bilan ko‘chaga chiqdim.
Birorta hujjatni yerga tushirmay, kupon va xatlarni kartmonga solish uchun yana to‘xtadim. Kartmonning qavatlaridan tashqari bir necha qavatchalari ham bor. Kuponlarni kartmon qavatchasiga solayotganimda bir narsa yerga tushdi. Bu mahbubamning nihoyatda go‘zal surati edi. Suratni avaylab olib, bloknotlar turadigan qavatga soldim. Qog‘ozlarim aralash-quralash bo‘lib ketdi.
Pochta bo‘limi joylashgan Grenel ko‘chasiga burildim. Xayolimda hamon kuponlar charx uradi. Qo‘limga qarayman. Kartmon va maktublar... Kuponlar qaerda qoldi?.. Ha-ya, kartmonga solgandim, ha, ha kartmonga solganman. Ishonchim komil bo‘lishi uchun kartmonni ochdim. Bir dasta pul — ming frank yerga sochildi. Franklarni inqillab-sinqillab yig‘ib, bloknotlar orasiga tikdim. Kuponlarni kartmonga solmay, konvertlarga qo‘shib, qisimlab oldim. Ortiqcha dahmaza bo‘lmasligi uchun kartmonni kostyumimning ichki cho‘ntagiga soldim. Tarki odat amri mahol-kerakli hujjatlarni kostyumim yoki nimchaning ichki cho‘ntagiga solaman, markalarni yo‘qotaman, maydachaqalarning farqiga bormayman, xatlarni egasiga jo‘natishni unutaman... Alahsisam, qilayotgan ishimni unutib qo‘yaman. Xayolimni bir joyga jamlolmay garang bo‘laman. Qariganingda esing kirdi-chiqdi bo‘lib qolarkan-da...
Burgon ko‘chasi tarafdan, yo‘lning chetidan hassasi bilan paypaslanib, mayda qadam tashlab kelayotgan bir mo‘ysafidga ko‘zim tushdi. Oramizdagi masofa bir qadar qisqarganda uning hassasi oq ekanligini ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketdim. Chol ko‘r edi... Qulog‘im og‘irlashgandan beri ko‘rlarni ko‘rsam, ichimni it tatalaydi. Karning yo‘rig‘i boshqa, ammo bir vaqtning o‘zida ham ko‘zdan, ham quloqdan ajralish — hayhot! Dushmanimga ham ravo ko‘rmayman bu dardni... Meni ko‘rmayotgan kishiga boqarkanman, xayolan o‘zimni uning o‘rniga qo‘ydim. Bundan ortiqroq baxtsizlik bo‘lmasa kerak...
Xayolimga kelgan yangi asarning bosh qahramoni — qolaversa, bosh yoki ikkinchi darajali bo‘lishining aytarli ahamiyati yo‘q — ojiz, anchadan beri, balki tug‘ilganidan buyon yorug‘ dunyoni ko‘rish baxtidan benasib... Zulumot bandasi... Biroq u his qiladi, eshitadi. Bu toifadagi ko‘rlar odamlarni ovozidan, boshqa xususiyatlaridan taniydilar, hatto sizu men ilg‘amagan narsalarni his qiladilar, sezadilar... Yangi, yozilajak asarim ko‘z yoki ko‘rish haqida emas, aslo. Mening asarim — dunyo va atrof muhit bobida o‘z tasavvuri, nuqtai nazari bo‘lgan ko‘r to‘g‘risida... Miyam ari uyasidek g‘uvillaydi... Bir necha daqiqa ichida xayolimda ming bir o‘y g‘ujg‘on o‘ynadi... O‘ylarimni jilovlab olishga irodam ojiz... Ko‘r odamning xotini, bola-chaqasi borligi ehtimoldan xoli emas. Xotini unga: «O‘ksinma, ko‘zlaring ko‘rmasligi baxayr, kar bo‘lganingda nima qilardim...» deyishi va bu so‘zlar basirga taskin bo‘lishi aniq. Bu notavonning ko‘rligi bir, boz ustiga kar bo‘lganda nima qilardi... Xotinining yonida turgan begona erkakning yurak urishini qanday sezardi... Ko‘zlar barcha narsani birdek ilg‘ay olishi mushkul...
Mo‘ysafid yo‘lak chetiga biqinib, oq tayoqchasini taqillatib kelyapti. Uning soch-soqoli o‘siq, yuz suyaklari bo‘rtib chiqqan, chakkalarida oq, ko‘kish nuqtalar bor.
Qo‘limda xat va xalqaro kuponlarni qisimlagancha yo‘limda davom etarkanman, xayolga cho‘maman. Xayol qurg‘ur ushovini tutqazmaydi. Keyingi vaqtda ko‘p faromush bo‘lib qoldim. Mana shu ikki-uch daqiqa ichida kallamga ne-ne ajoyibotlar kelmadi, deysiz. Shu lahza yangi, yozilajak asarimda aks etadigan voqealar ko‘z oldimda jonlandi... Qolaversa... Qaysar xayollar... Xullas, avgust janglarining birida u quloqdan qoladi. Nima uchun avgust deysizmi? Chunki bugun ham ayni avgust tongi-da. Bunday paytlarda odatda Parij ko‘chalarida mashinalar qatnovi, shovqini ancha kamayadi. Avvaliga bunday osoyishtalikda quloqdan qolganini sezmaydi... Eng dahshatlisi, bir vaqtning o‘zida ham ko‘zdan, ham quloqdan ayrilish-a... Ro‘paramdagi basir mo‘ysafidni xayolan kar tasavvur qildim... Tashqi dunyo bilan so‘nggi, yagona aloqa vositasidan mahrum bo‘lish... Hatto o‘z ismining jaranglashini eshitmaslik... Gumrohlikka yuz tutish... To‘q-to‘q. Hassaning to‘qillashi fikrimni bo‘ldi. Yonimdan ko‘r o‘tib boryapti... Kitobdagi garang yoki basir emas. Grenel ko‘chasidagi oddiy avomlardan biri bo‘lgan ko‘r odam... bir nafas ortimga, ko‘r cholga qarab qolaman. Nihoyat, pochta bo‘limiga ham yetib oldim. Ochig‘i o‘z boshimizga o‘zimiz ortiqcha g‘alva orttirib yuramiz. Mana shu dardisar kuponlarni aytaman-da! Hatto nazarga ilishga noloyiq, oddiy narsa... Yoshim oltmish sakkizga kiribdiki, hamon bu g‘urbatdan qutulolmayman. Nima uchun? O‘z-o‘zimdan so‘rayman, sizlardan so‘rayman. Balki bu inson tabiatidagi kaltafahmlikdir, ha, shubhasiz kaltafahmlik... Yaponiyaga yuboriladigan xatni jo‘natish maqsadida «Avia pochta» lavhali darchaga murojaat qilasan, xodima xatni olib tarozi pallasiga qo‘yadi. Oraga bir nafaslik jimlik cho‘kadi. Oddiy xat pochta xodimasining e’tiborini o‘ziga bunchalik tortishi seni ajablantiradi... Xodima bir varaq qog‘oz olib hisob-kitobni
boshlaydi. Xalqaro kuponlarni unga xat bilan birga berganman. Ha, aytmoqchi kuponlarning qiymati qaysi narxda: o‘zimizning frank yoki santimdami yoki... oting qurg‘ur yapon puli qanday atalardi? Ko‘rsatilganiga qaramabman-u... 1905 va 1910 yillarda marka yig‘ardim, o‘sha vaqtda yapon pulining qiymati yen bilan belgilanardi. Darcha ro‘parasida o‘tirgan xodima eski yoki yangi qiymatdagi yenlarning farqini yaxshi bilar... Qarang-ki, to‘g‘ri xomcho‘t qilibman. Xodima: «Uch kupon yetadi, istasangiz qaytimiga pochta markasini beray», dedi. Axir marka yig‘ishni tashlaganimga ancha bo‘ldi-ku. Javob berishga shoshilmadim. Qo‘limda Marselga yuboriladigan xat bor. Shuning uchun ham xodimaning taklifiga e’tiroz bildirmadim. U menga qaytim o‘rnida ikkita o‘ttiz frankli, ya’ni, o‘ttiz santimlik marka berdi. Bechora yapon, javob xati uchun atigi uch kupon kerakligini bilmay, hisobda adashibdi-da... Zarar-zarar — uning hamyoniga zarar... Axir Marselga yuboriladigan xat puli yonimga qolayapti-ku, nega endi kuyinishim kerak...
Grenel ko‘chasidan uyimga qaytayotganimda xayolimda pishayotgan roman yodimga tushdi. Qaysi voqeada to‘xtab qolganimni eslashga urinaman... Chigirtkaning ko‘rish yoki ko‘rmasligini hech kim bilmaydi. Ammo u eshitadi, sezadi. Provans xiyoboniga tungi sayrga chiqqanimda bunga to‘la ishonch hosil qilganman... Maysazorda chirillayotgan chigirtka tomon yurasiz. Chigirtka bilan orangizdagi masofa qisqarganda u chirillashdan to‘xtaydi. Siz chigirtkani ko‘rmaysiz, u sizni. Lekin u chirillashdan to‘xtaydi. Bu xatti-harakatni yuz bora takrorlasangiz ham natija bir xil bo‘ladi. Xulosa shuki, siz to‘xtagan nuqtada chigirtka qadam tovushini bemalol sezadi. Bu tavsifning romanga qanday aloqasi bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sabr qiling, voqeaning davomini diqqat bilan tinglab, mushohada qilsangiz, bas...
Boyagi ko‘r mo‘ysafid yana qarshimdan, bu safar Bek ko‘chasi tarafdan kelyapti. U boshqa ko‘r bo‘lishi ham mumkin. Bir marta ko‘rgan kishini uzoqdan tanish qiyin... Bir-birimizga chigirtka chirillashdan to‘xtagan nuqtadagi masofacha yaqinlashganimizda, hassaning to‘qillashi eshitila boshladi. Pochta bo‘limiga ketayotganimda qulog‘imga o‘tirib qolgan tanish — ikkita bir xil, uchinchisi cho‘ziqroq, yana ikkita bir xil zarbli to‘qillash ovozi... Ayrim so‘zlarni zo‘rg‘a ilg‘aydigan quloqlarim hassasining bir maromda to‘qillashini aniq eshitdi... Odamlar bir-birlarini yuz-ko‘ziga, mo‘ylab-qoshiga qarab ajratishlari kabi, men ham hassaning to‘qillashidan boyagi ko‘rni tanidim. Gapim sizga g‘alati tuyulmasin, binobarin o‘zimni ko‘rning o‘rniga qo‘yib ko‘ryapman. O‘y-maqsadimning ma’nosini anglagandirsiz? Ojizligi yetmagandek, quloqdan ham qolsa, xotinining vafodorligiga qanday ishonch hosil qiladi?.. Inson yuragining tepkisini eshitmaydi. Boz ustiga hidni ham sezmasa, insoniy muloqatdan mahrum bo‘lgani...
Basir bilan ro‘baro‘ kelib undan uch-to‘rt qadam uzoqlashganimda meni kimdir chaqirayotgandek tuyuldi. Ko‘r imo-ishora bilan meni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. O‘yga tolganim uchun uning imo-ishorasini ilg‘amagandirman. Basirning ma’sum ovozini eshitmasligim tabiiy... Ammo hassaning to‘satdan to‘qillashdan to‘xtashi e’tiborimni o‘ziga tortdi... Orqamga o‘girildim. Ko‘r menga qarab, xuddi soppa-sog‘ kishidek, dadil ohangda:
— Janob! Janob! Sizmisiz? Sizni tanidim shekilli? — deb so‘radi.
Hayratdan yoqa ushladim. Tavba,ko‘r meni qanday tanishi mumkin?! Balki kiyimimga o‘tirib qolgan qahva hididan tanigandir?! U menga allaqanday qog‘ozni uzatdi.
— Bir necha daqiqa ilgari siz bilan uchrashgandik. Men u tomonga ketayotgandim. To‘g‘rimi? Demak, bu... Buni siz tushirib qoldirmadingizmi?
Mahbubamning surati... Xalqaro kuponlarni kartmonga solayotganimda yana tushirib qoldiribman-da?! Ammo meni boshqa narsa ajablantirdi. Yo‘lini zo‘rg‘a topib yuradigan ko‘r odam suratni qanday ko‘rgan?!
— Go‘zal juvon ekan... Rafiqangizmi? Tengdoshingizmi? Omadingiz bor ekan!
Basir shunday deb yo‘lida davom etdi. Hassaning to‘qillashiga mahliyo bo‘lib, uning izidan qarab qoldim. Mo‘ysafid mendan chigirtka chirillashdan to‘xtaydigan masofachalik uzoqlashganda, hassaning to‘qillashi ham eshitilmay qoldi. Bu manzara menga tungi Provans xiyobonini, chigirtkalarning chirillashini eslatdi...
G‘ayritabiiy voqea ta’sirida mahbubamning suratini solish uchun emas, aksincha qog‘ozlarning joyida-joyidamasligini tekshirish maqsadida ichki cho‘ntagimdagi kartmonni oldim...
Xayriyat, qaytimga berilgan markalar o‘z o‘rnida ekan...

Rus tilidan Muzaffar tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1987 yil, 11-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.