Qahva piyolalari olti dona edi – ikkitasi qizil, ikkitasi qora, ikkitasi yashil. Bu nafis chinni idishchalarni Marianaga dugonasi Enriketa tug‘ilgan kunida sovg‘a qilgan edi. O‘sha-o‘sha bir tusli piyolani boshqa piyolaning taqsimchasiga qo‘shib ishlatish mumkinmi, yo‘qligi haqida bahs-munozara to‘xtamasdi. Enriketa qizil piyola bilan qora taqsimcha bag‘oyat go‘zal ko‘rinadi, degandi o‘shanda. Ammo tabiatan o‘jar Mariana bir xil rangdagi idishchalarni ishlatishni yaxshi ko‘rardi.
– Qahva tayyor. Olib beraymi? – eridan so‘ragan bo‘lsa ham, uning nigohi qaynisida edi. Qaynisi bu savolga javoban ko‘z qisib qo‘ydi, Xose Klaudio homuza tortdi.
– Tura tursin, hozircha. Bitta chekib olay.
Mariana bu safar eriga tikilib qararkan, doimgidek uning ko‘rmasligidan gumonsiradi. Darhaqiqat, Xose Klaudioning ko‘zlari ko‘r kishining ko‘zlariga o‘xshamasdi.
Xose Klaudio divanni asta paypaslay boshladi.
– Nima kerak? – deb so‘radi Mariana.
– Chaqmoqtosh qani?
– O‘ng tomoningda.
Xose Klaudio xotini aytgan tarafni paypaslab, chaqmoqtoshni topdi. Bir amallab uni yoqdi-yu, biroz taraddudlanib qoldi, aftidan, u alanga taftini yaxshi ilg‘ayolmayotgandi. Buni ko‘rgan Alberto gugurt chaqib, unga tutdi.
– Tashlab yuborishga ko‘zing qiymadimi? – deb so‘radi Alberto jilmayib. Xose Klaudio ukasining gap ohangidan ishlayotganini fahmladi.
– Yo‘q, tashlab yuborolmayman. Bu chaqmoqtosh men uchun juda qadrli, Mariana sovg‘a qilgan.
Mariana ohista tilini tishladi-da, beixtiyor xayolga toldi. O‘tgan kunlar esiga tushdi. 1953 yili Xose Klaudio 35 yoshga chiqqanda ko‘zi hali ravshan edi. Ular – Mariana bilan Xose bo‘lg‘usi qaynotasinikiga mehmonga borishgandi. Tushlikdan so‘ng ikkovi dengiz bo‘yiga jo‘nadi. Xose uning yelkasidan erkalab quchdi, Mariana o‘zini tetik va xushhol, hatto baxtiyor sezdi. Harqalay, uning ko‘nglini daf’atan hapriqtirib yuborgan tuyg‘u – baxtiyorlik tuyg‘usiga juda-juda o‘xshardi. Ular oqshomga yaqin uyga qaytishdi. Xose Klaudio uni bag‘riga bosib, har doimgidek erkalab, sochlaridan siladi. Ikkovi g‘ira-shira xonada o‘tirib, hozirgina sotib olishgan chaqmoqtoshni yoqib, sigareta tutatishdi. Ana o‘sha kuni Mariana chaqmoqtoshni Xose Klaudioga sovg‘a qilgandi. Endi chaqmoqtosh eskirib, ishdan chiqdi. Mariana irimchi emasdi-yu, lekin g‘alati, tan olish kerak, o‘sha davrdan esdalik sifatida hech narsa qolmagandi.
– Bu oy ham shifokorga bormadik, – dedi Alberto.
– Hechqisi yo‘q, – dedi Xose Klaudio.
– Bir gap aytaymi, senga?
– Ayt.
– Xafa bo‘lmaysanmi?
– Nega xafa bo‘lay.
– Menimcha, yaxshi qilmayapsan? Bu, tentaklikdan boshqa narsa emas.
– Borib nima qilaman. Hirsday baquvvatligimni, jigarim a’lo darajada o‘z vazifasini bajarayotgani, yuragim, asablarim joyida ekani haqidagi gaplarni eshitganimi? Shuning uchun boramanmi? Hech narsani ko‘rmagandan keyin, nima keragi bor bunaqa salomatlikning.
Ko‘zi sog‘ paytda ham Xose Klaudioning salga achchig‘i chiqardi. Bu musibat boshiga tushmasdan avvalgi Xose Klaudioning sokin chehrasini Mariana hamon unutmagandi. Darhaqiqat, Xose Klaudioning aft-angori o‘sha paytda hozirgidek tashvishli va serajin emasdi. Umuman, Mariana Xose Klaudio bilan serzavq va osuda damlarni ko‘p boshdan kechirgan, u buni yashirolmas, yashirishni ham istamasdi. Afsuski, shu musibatdan keyin, Xose Klaudio xotinining o‘ziga suyanchiq bo‘lishini xohlamadi. Undan, uning qalbidan yupanch izlamadi. Xotin kishidan madad kutishni o‘ziga or bildimikan?! U o‘shandan buyon kamgap, ichimdagini top bo‘lib qoldi. Hatto ba’zan gapga tushib ketganda ham, uning dilidan nimalar kechayotganini anglab bo‘lmasdi.
– Baribir, shifokorga borishing kerak, – deya qaynisining gapini takrorladi Mariana. – Shifokor nima deganini unutdingmi?
– Unutib bo‘larkanmi? Hali umid qilsa bo‘ladi, degandi u. Yana bir gapi esimda qolgan: ilm-fan mo‘‘jizaga ishonmaydi. Esingdami? To‘ppa-to‘g‘ri aytgan, men ham ishonmayman mo‘‘jizaga.
– Noumid shayton. Umid qilish odam bolasiga xos narsa.
– Shuni aytgin-a?..
Xose Klaudio sigaretini burqsitib tortganicha xayolga botdi. Mariana tabiatan mehribon ayol edi, uning mehribonligidan, ochig‘i ko‘ngilchanligidan foydalanish, uni biron nimaga majbur qilish oson edi. Uning mehrini qozonish qiyin emasligidan tashqari, barcha ayollar kabi u ham juda ta’sirchan va beriluvchan edi. To‘g‘ri, odamning ko‘zdan qolishi – musibat, lekin eng yomoni bu emas, eng yomoni Xose Klaudio iloji boricha Mariananing g‘amxo‘rligi, mehribonchiligini istamasligi va bunga yo‘l qo‘ymasligi edi. Mariana esa, butun vujudi bilan uning dardiga malham, g‘amiga sherik bo‘lishni istar edi.
Afsuski, ilgari shunday edi. Hozir esa – yo‘q. Keyingi paytda hammasi o‘zgarib ketdi. Avvaliga mehr susaydi, e’tibor, erkalashlar, ko‘ngilni ko‘tarishlar sekin-asta oddiy burch nuqtai nazaridan qaraganda beixtiyor qilinadigan odatga aylandi. To‘g‘ri, u hozir ham erining tashvishida yelib-yuguradi, uni parvarish qiladi, shak-shubhasiz. Lekin bu unga ilgarigidek zavq-shavq baxsh etmasdi. Keyinroq, orada biron janjal chiqishidan, eru xotin o‘rtasida gap qochishdan qo‘rqish tuyg‘usi paydo bo‘ldi. Chunki Xose Klaudio jizzaki, serjahl bo‘lib qoldi, bora-bora u achchiq-tiziq gap bilan xotinining dilini vayron etishdan, shafqatsiz muomala qilishdan toymaydigan bo‘lib qoldi. Mabodo Mariana gap qaytarmay, erining injiqliklariga chidab, sabr-toqat bilan itoat qilsa ham, Xose Klaudio piching, kesatiq, har xil tahqiromuz gaplar bilan jonini olardi. Bularning barchasiga ko‘zining ojiz bo‘lib qolganligi, alamzadaligi sababdek tuyulardi.
Alberto oromkursidan turib, deraza yoniga bordi.
– Qanday yoqimsiz manzara, – dedi u. – Qara! – uning savoli Marianaga tegishli edi. Lekin Xose Klaudio javob berdi:
– Nimasiga qaray? Men uchun qarayver.
Alberto Marianaga qaradi. Ular bir-biriga jilmayib qo‘yishdi. Umuman, keyingi paytda Mariana xonada Xose Klaudio bo‘lsa ham qaynisi bilan bemalol ko‘z urishtirar, unga sabab-besabab jilmayib qo‘yar edi. U hatto qaynisi o‘ziga tikilib qaraganda, yuziga qizillik yugurishini, ko‘zlari chaqnab ketishini sezardi. Darhaqiqat, Albertoning nigohi ostida Mariana gul-gul ochilib ketardi. Bu haqda qaynisining o‘zi bundan roppa-rosa bir yilu sakkiz kun avval, 23 aprel kuni kechki payt ilk bor aytgandi. O‘sha kuni Xose Klaudiodan tanbeh eshitib, yuragi siqilgan Mariana boqqa chiqib yum-yum yig‘lagandi. U o‘shanda birinchi marta erining bu qilig‘ini ich-ichidan kechirolmagandi. Ana shu paytda Alberto kelib, uni yupatgandi. Umuman, Alberto yupatishga, ko‘ngilni ko‘tarishga mohir yigit edi. Ba’zan u bir-ikki og‘iz so‘z yoki shunchaki bir nazar solish bilan Mariananing dilidagi g‘ashlikni sidirib tashlardi. “Rahmat senga”, – degandi Mariana o‘shanda. Ammo bugun ham u ich-ichidan, dilining qat-qatida alohida bir minnatdorchilik tuydi. Dastlab Albertoga bo‘lgan mehri minnatdorchilik tuyg‘usidan nariga o‘tmasdi. Bir qaraganda, uning bu tuyg‘usi, to‘g‘rirog‘i, munosabati Albertoni qanoatlantiradigandek edi. Holbuki, Mariana uchun sevish, yoqtirish qaysidir ma’noda kimdandir minnatdor bo‘lish va kimningdir yuragida minnatdorlik tuyg‘usini qo‘zg‘ata olishni bildirardi. Hayotining eng yaxshi damlarida u Xose Klaudiodan tadbirkorligi, aqlli ekani, uzoqni ko‘ra bilishi va o‘zidek ko‘zga unchalik tashlanmaydigan qizni tanlab uylangani uchun behad minnatdor bo‘lar edi. Ammo erining qalbida ham mana shunday minnatdorchilik tuyg‘ularini uyg‘otaman deb yanglishgan ekan. Uning nazarida qachon bo‘lmasin, o‘z oilasi, hayotining bezagiga, ziynatiga aylanishi mumkin bo‘lgan minnatdorlik tuyg‘usi, faxrlanish va faxrlanish barobarida sevish Xose Klaudioning qalbida ham uyg‘onadigandek edi. Mariana, o‘simlik olamiga quyosh nurlari qanchalik zarur bo‘lganidek unga shunchalik kerakman va u mensiz bir kun ham yasholmaydigan bo‘ldi, deya ich-ichidan ishonardi. Afsuski…
Albertodan esa, u bir og‘iz iliq so‘zga muhtoj bo‘lib, umidsiz va nochor ko‘yga tushganida qo‘llab-quvvatlagani, ovuntirgani va yuragiga umid solgani uchun minnatdor bo‘lardi. Zotan, ayni choqda Alberto ham Marianadan behad minnatdor edi, buni u yaxshi sezardi. Mayli, Alberto og‘ir-vazmin yigit bo‘la qolsin, mayli, u o‘z akasini hurmat qila qolsin, o‘z tinchligi va betashvish hayotini yaxshi ko‘ra olsin, lekin hammadan burun Alberto yosh, sog‘lom va bo‘ydoq yigit edi. Mariana bilan Alberto uzoq vaqt o‘zaro hurmat tuyg‘usi bilan yashab kelishdi. Ular bir-birini ko‘rganda beixtiyor qandaydir tuyg‘ular ikkovining ham yuragida tug‘yon qilar, lekin ma’lum vaqtgacha bu tuyg‘ularni yashirib kelishgandi. Ehtimol, Alberto akasining baxtiga havas qilar, uni Marianadek suluv qizga uylangan baxtli yigit, deb hisoblardi. Yaqinda, Alberto Marianaga bo‘ydoqlik hayotiga hech narsa soya solmayotganligi haqida gap ochib qolganda Mariana o‘zicha quvonib ham qo‘ydi.
– Kecha Treles kelgandi, – deya gapida davom etdi Xose Klaudio. – Bunday takallufning kimga keragi bor ekan? Bir oyda fabrikadan uch marta ko‘rgani kelishadi. Tavba, ularning qur’a tashlab kim yutqizsa, omadidan nolib biznikiga kelayotganini tasavvur qilyapman.
– Nega unaqa deysan, seni rostdan ham hurmat qilishar, – dedi Alberto. – Ehtimol, sen rahbar sifatida yaxshi bir xotira qoldirgandirsan, shuning uchun ular sening salomatliging haqida qayg‘urishar. Odamlar sen o‘ylaganchalik bu qadar tubanlashib ketishmagan. Nimagadir, keyingi paytda shunaqa o‘ylaydigan bo‘lib qolding.
– Juda g‘alati! Har kuni biron yangi gap eshitasan kishi.
Doimo Albertodan mehr, maslahat, shirin so‘z kutib yurgan Mariana tez orada Alberto ham o‘zi kabi shularga muhtoj ekanligini, qolaversa u ham vijdonan qiynalayotgani, balki o‘zi kabi u ham o‘zini aybdor his qilayotganini sezib qoldi. Umuman, u Albertodan o‘zining his-tuyg‘ularini hurmat qilgani, qadr-qimmatini, izzat-nafsini himoya qilishga chog‘langani, tashna qalbini qondira olgani, umidsizlik, xayollar og‘ushida qolgan kechalarda, iztirob chekib yurganida umidvor qila olgani uchun behad minnatdor bo‘lardi. Go‘yo, o‘sha paytda hayotlaridagi hamma narsa ularni qovushtirishga, bir-biriga iqror bo‘lishga xizmat qiladigandek edi. Ular bir nigohning o‘zidayoq nimani istayotgani, nima demoqchi ekanliklarini fahmlashardi. Mana shunday kunlarning birida ular xufiyona uchrashishdi. Mana shunday kunlarning birida Mariana daf’atan dunyoda o‘zi bilan Albertodan bo‘lak hech kimsa qolmaganini his qilib qoldi.
– Ana endi, qahvani qaynatsang bo‘ladi, – dedi Xose Klaudio. Mariana bilinar-bilinmas xo‘rsinib, qahva tayyorlashga unnadi. U har xil rangdagi uchta piyola keltirib qo‘ygandi. Piyolalarga qarab turib, ularning bir-biridan bir xil masofada joylashganini payqab, o‘zicha ajablandi.
So‘ngra u oromkursiga yaslandi. Zum o‘tmay, xuddi o‘zi kutganidek yelkasida, bo‘ynida Albertoning qaynoq kaftini sezdi. Naqadar ajoyib! Mariana xuddi shuni kutayotgandi, Alberto ham uning dilidagini payqagandek, sochlarini silay boshladi. Alberto ilk bor sochlarini silashga jur’at qilganida Mariana qo‘rqib ketgan, tashvishga tushgan, shuning uchun Albertoning erkalashlaridan zarracha huzurlanmagan edi. Hozir esa u osoyishta o‘tirar, shuning uchun Albertoning har bir xatti-harakati unga behad huzur baxsh etardi. Hatto Klaudioning ko‘zi ko‘rmasligi ham unga taqdirning bir in’omidek tuyulardi.
Xose Klaudio ularning qarshisida jimgina o‘tirardi. Vaqt o‘tishi bilan Alberto Marianani mana shunday erkalash va quchishlarga odatlanib qolgandi. U hamisha ilojini qilib Marianani erkalab quchar, Mariana ham uning bu odatiga juda-juda o‘rgangandi. Hozir ham Alberto uning bo‘yin-elkalarini, yonoqlari va iyagini siladi. Nihoyat, uning barmoqlari Mariananing lablariga kelib to‘xtadi. Mariana har safargidek bu oqshom ham Albertoning barmoqlari, kaftini minnatdorlik bilan o‘pdi va ko‘zlarini yumdi. Ko‘zlarini ochganda Xose Klaudio hamon qimir etmay o‘tirardi. Erining yuzida qandaydir begona, noma’lum ifoda bor edi. Garchi u hissiz o‘tirgan bo‘lsa ham, Mariana daf’atan bir cho‘chib tushdi. Zum o‘tmay tashvish chekish uchun hech qanday sabab, asos yo‘qligini fahmlab yengil tortdi.
– Qahva qaynab ketmasin, – dedi Xose Klaudio. Alberto qo‘lini tortib oldi, Mariana choynakni olib, piyolalarga qahva quydi. U hech kimga ikki kun ketma-ket bir xil rangdagi piyolada qahva bermasdi. Bugun Xose Klaudio yashil, Alberto qora, o‘zi esa qizg‘ish piyolada qahva ichishi kerak edi. U yashil piyolani olib, eriga uzatish uchun taraddudlandi. Ammo uzatolmadi. Endi, yashil piyolani qo‘liga olgan ham ediki, erining beo‘xshov iljayganiga ko‘zi tushdi. So‘ngra eri boshini ohista chayqab:
– Yo‘q, azizam, – dedi. – Bugun qahvani qizil piyolada ichsam deyman.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
«Jahon adabiyoti», 2014 yil, 9-son