OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mark Tven. Kuchukcha va uch dollar pul (hikoya)

Men hammavaqt odam halol yashashi kerak, deb ishonib kelganman. Doimo bitta gapni takrorlardim: “Hech qachon o‘zing ter to‘kib topmagan nonni og‘zingga olmagin”.
 Hozir sizga butun umrim mobaynida nechog‘lik halol yashaganimni isbotlab beruvchi bitta hikoyani aytib bermoqchiman.
 Bir-ikki kun ilgari yaqin do‘stimning uyida Mayls ismli general bilan uchrashib qoldik. General Mayls tengi yo‘q odam ekan, u bilan tezda til topishib oldik.
 “Siz mabodo 1867 yilda Vashingtonda yashagan emasmisiz?”- deya dabdurustdan so‘rab qoldi general.
 “Ha, yashaganman”, - deb javob berdim men.
 “Buni qarang-a, o‘shandan beri hech yuz ko‘risha olmadikmi?”- dedi general afsuslanib.
 “General”, - deya uning gapini bo‘ldim men. “O‘shandan keyin biz yuz ko‘risha ololmasdik. Siz o‘sha paytdayam allaqachon katta general bo‘lganingizni, meni esa hali nomi chiqmagan va kitoblariniyam hech kim o‘qimaydigan bechoragina yozuvchi bo‘lganimni unutgan ko‘rinasiz. Siz meni eslay ololmaysiz, deb o‘ylayman, lekin biz o‘sha vaqtda Vashingtongda bir martagina ko‘rishib qolgandik”.
 O‘sha uchrashuvni men hozirgiday yaxshi eslayman. Unda men rosa g‘arib yashardim, hatto nonga ham tez-tez pul topolmay qiynalardim. Mening bir do‘stim ham bor edi. U ham mendan qolishmaydigan kambag‘al yozuvchi edi. Biz birga yashardik. Hamma ishni birgalashib bajarardik: ishlardik, kitob o‘qirdik, birgalikda sayr qilardik. Qornimiz och qolganida ham ikkalamiz barobar och bo‘lardik. Bir marta uch dollar pulga rosayam zoriqib qoldik. Nima uchun aynan uch dollarga muhtoj bo‘lganimizni hozir eslay olmaymanu, biroq o‘sha pulni kechgacha topishimiz zarur bo‘lgani yodimda qolgan.
 “Biz darhol uch dollar topishimiz shart”, - dedim do‘stimga. “Men bu pulni topishga harakat qilaman, lekin sen ham jim o‘tiraverma.”
 Uydan chiqib ketganim bilan qaerga borib, qanday qilib uch dollarni topa olishimni bilmay boshim garang edi. Bir soatcha Vashington ko‘chalari bo‘ylab sandiroqlab yura-yura, axiyri tinka-madorim quridi. Nihoyat bitta katta mehmonxona oldiga keldim. “Ichkariga kirib, biroz nafasimni rostlab olay”, - deb xayol qildim o‘zimcha.
 Mehmonxona zaliga kirib, divanga o‘tirdim. To jajjigina, yoqimtoy bir kuchukcha zalda paydo bo‘lib qolgunicha o‘sha yerda o‘tiraverdim. Kuchukcha nimanidir qidirib yurardi. Ha, chindanam g‘aroyib kuchuk ekan, deya xayolimdan o‘tkazsam-da, biroq qo‘limdan hech nima kelmasdi, oxiri men uni yonimga chaqirib, u bilan birga o‘ynay boshladim.
 Notanish bir erkak mehmonxonaga kirib kelganida men haliyam it bilan o‘ynab o‘tirardim. Boyagi erkakning egnidagi ko‘rkamgina formasidan men darhol uni General Mayls ekanligini fahmladim. Men ilgaridan uni gazetalardagi suratlari orqali yaxshi tanirdim.
 “Voajabo! Qanday chiroyli kuchukcha ekan-a!”- deya hayratlandi u. “Siznikimi?”
 Endi javob aytish uchun og‘iz juftlagan edim:
 “Kuchugingizni sotmaysizmi?”- deb so‘rab qoldi u.
 “Uch dollar”- deb yubordim bexosdan.
 “Uch dollar?”- deya ajablandi general. “Judayam arzon-ku. Men sizga kuchugingiz evaziga 50 dollar taqdim etaman”.
 “Yo‘q, yo‘q, kerak emas. Atigi uch dollar kifoya qiladi, janob”.
 “Mayli, nimayam derdim. Kuchuk sizniki. Modomiki faqat uch dollargina istar ekansiz, kamina itingizni jon-jon deb sotib olaman”.
 General Mayls menga uch dollar berdi-da, itni olib, xonasiga chiqib ketdi.
 Oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas bir qariya zalga halloslagancha yugurib kirdi. U zal uzra zirillab ko‘z yugurtira boshladi. Cholning nimadir qidirayotganini tushundim.
 “Aftidan, bir kuchukchani qidirayotgan ko‘rinasiz, janob?” – deya iltifot qilib so‘radim.
 “O, ha! Uni ko‘rdingizmi?”- deb so‘radi qariya suyunib ketib.
 “Itingiz atigi besh daqiqa avval shu yerda edi, uni bir erkak bilan ketganiga ko‘zim tushganday bo‘luvdi”, - dedim men shosha-pisha. “Agar yo‘q demasangiz, uni topishda sizga ko‘maklashib yuboraman”.
 Qariya xursand bo‘lib ketdi va unga yordamlashishimni iltimos qildi.
 “Sizga yordamim tegsa, boshim osmonga yetardi, biroq bu hol andak vaqtimni o‘g‘irlaydi-da, shunga...”
 “Ketgan vaqtingiz hisobini o‘zim to‘layman”, - dedi qariya jonholatda. “Qancha istaysiz?”
 “Uch dollar”- deb hozirjavoblik bilan javob berdim men.
 “Uch dollar”, - xuddi general kabi ajablandi qariya ham. “Biroq bilasizmi, mening itim bebaho kuchuk edi. Agar uni menga topib bersangiz, sizga o‘n dollar ham to‘lashga roziman”.
 “Yo‘q, janob, men faqat uch dollargina istayman, xolos, undan ortiq bir tiyini ham kerak emas”, - deya hotamtoylik qildim men.
 Shundan so‘ng men to‘ppa-to‘g‘ri General Mayls xonasiga ko‘tarildim. General yangi mehmoni bilan o‘ynab o‘tirgan ekan.
 “Itni qaytarib olgani keldim”, - deb ma’lum qildim men qat’iy.
 “Lekin endi bu it sizniki emas – uni men sotib oldim. Buning evaziga sizga uch dollar pul ham in’om etdim”, - deya hayron qoldi General.
 “Sizga bergan pulingizni qaytarib beraman, lekin itni olib ketishim zarur”, - deb oyog‘imni tirab oldim men ham.
 “Ammo siz kuchukni menga pullab bo‘ldingiz, u endi mening itim”.
 “Afsuski, uni sizga sota olmas ekanman, janob, negaki u meniki emas edi”.
 “Bunisi bilan nima ishim bor, biroq siz kuchukni uch dollar evaziga menga sotib bo‘lgansiz”.
 “Buni qarang-a, it o‘zimniki bo‘lmasa, uni sizga qanday qilib sotib yuboraman? Siz mendan kuchuk uchun necha pul istaysiz, deb so‘radingiz, men esa uch dollarga zoriqib turganimni aytdim, bo‘lgan gap shu, xolos. Lekin sira-sira it meniki, degan gapni og‘zimga ham olmadim”.
 Endi General Maylsning tepa sochi tikka bo‘ldi.
 “Bergan uch dollarimni cho‘zib qo‘ying-da, itingizni olib ketavering”, - deb baqirdi u.
 Kuchukchani o‘z egasiga olib borganimda, boyoqishning boshi ko‘kka yetdi, quvonchi terisiga sig‘may, va’da qilgan uch dollar pulini qo‘limga tutqazdi. Mening ham ko‘nglim joyiga tushgandi, zero mana endi peshona terim bilan ishlab topgan uch dollar pulga ega bo‘lgandim.
 Ana endi siz nima sababdan mening halollik borasidagi aytgan so‘zlarimni anglab yetgandirsiz, zero oshing halol bo‘lsa ko‘chada ichgin , deydilar, odam hech qachon beli og‘rib topmagan nonni og‘ziga olmasligi joizdir.
            
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.