OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Milorad Pavich. To‘rt shamol yo‘lidagi qabriston (hikoya)

Ter tomchilarining ikkinchi ko‘rinishi haqida mulohaza yuritish ancha qiyin. Oilamiz, nasl-nasabimizning tub tomirlariga borib tutashuvchi yomg‘irpo‘shni uzoq izladim. Unda mening shaxsiy hayotim sirli tabassum qilayotganini his qilib turardim. Ajdodlarimning qilgan ishlaridan menda qo‘rqinch tuyg‘usi, to‘g‘rirog‘i, vahimasi ko‘proq edi. Bobomning ayanchli vafot etganini, onamning yetim-esirlikda, ko‘ngli yarim holda katta bo‘lganini bilaman. Men sizga aytmoqchi bo‘lgan tarixiy hikoyani bobomning o‘limiga qadar Shabats shahri harbiy gornizonida xizmat qilgan shifokor buvimga hikoya qilib bergan. Bobomning iqrornomasi nimaga aynan shu ko‘rinishda bizga yetib kelganini hech tushunolmasdim. 
Kechqurun, 1929 yilda – shunday boshlangan edi bu voqea – men Shabats gornizonidagi bemorlarni ko‘rib chiqqach, uyga otlandim. Kechki ovqatga qovurilgan jigar tamaddi qilib olgandik. Tepalikka bormay foytunga o‘tirdim. Qattiq sovuq bo‘lganidan burnim ostidagi mo‘ylovlarim ustida muzlagan qush o‘tirgandek edi. Qushning xo‘l patlari yuz va burnimda vijirlayotgandek, qo‘llarim esa uni olib tashlashga urinayotgandek tuyulardi. Issiq shinel kiyib olganman, foytunning tepa qismi ko‘tarilgan, shamol bir yoqdan-ikkinchi yoqqa o‘zini urar, sovqotgan butoqlar ichkariga kiritishni so‘rab yalinar, foytun poliga to‘kilgan muz parchalari go‘yo restoranning singan oynasiga o‘xshab, etik ostida g‘ichirlardi. Izvoshchi menga adyol berdi. Adyolga o‘ranib, pinakka ketibman, hatto terlabman, shinelimdan esa kazarma, oshxona va sharobning qorishiq hidi anqirdi. Qovurilgan jigar hididan uyg‘ondim. Manzilga qachon yetib kelishimizni bilish uchun tashqariga qaragan edim, foytun tepasida kimningdir qo‘lini ko‘rib qoldim. Shubhasiz, kimdir qochishga, shamolga qarshi yurishga urinardi. “Bunday yog‘ingarchilikda kim bo‘lishi mumkin?”–deya o‘yladim, shu payt qulog‘im tagida qorong‘ulik qa’ridan bo‘g‘iq tovush eshitildi:
— Meni olib ket, ko‘cha judayam sovuq! Uygacha yetib borolmayman.
— Izvoshchiga to‘xtashni buyurdim. Otlar to‘xtashi bilan tashqaridan yopirilgan qo‘llar bittasi bilan mening qo‘llarimni, ikkinchisi bilan shamshirni ushladi. Tik turgan ko‘yi kamarini taqib oldiyu, ichkariga otildi. Mavsumga mos libosda kiyinmagan bu qiz judayam sovqotgandi. 
— Nega bunday kiyingansan? – so‘radim, qiz sovuqdan titrab-qaqshab javob berdi:
— Yil fasllari o‘zgarayotgan payt tashqarida qanday havo bo‘lishini bilib bo‘lmaydi.
Uni odeyalga o‘rab qo‘yish istagi tug‘ildi, odeyal oyoqlarim ostida changga belangandi. Qiz sovuqdan menga yaqin surildi, biroq bundan men negadir o‘ng‘aysizlandim.
Shinelimni yechib, qizni o‘rab qo‘ydim, birozdan so‘ng o‘ziga keldi. Undan so‘radim:
— Kimning qizisan?
— Ismim – Despina, ota – onam Koy va Dragina Lazarevlar, shu yerga yaqinroq Ilerovo tor ko‘chasi 7-uyda yashaymiz. 
Foytundagi qisqa jimlikni buzib, qorong‘ulikni barmoqlari bilan ko‘rsatdi:
— Ko‘ryapsizmi, Laylak quduqni* (shunday rasvo havoda kim ham suvga kelardi, o‘yladim men), shu yerda to‘xtating.
Biz to‘xtadik, qiz shinelni yechmoqchi bo‘lgan edi, ertaga gornizonga ketayotib, o‘zim olishimni aytdim. Izvoshchi otlarni uyiga haydadi, qiz oyoqlarini yerga qo‘yar-qo‘ymas tashakkur bildirdi, hovlidan ichkariga yo‘l oldi. 
Izvosh joyidan siljidi, ertasiga ishga ketayotib, Ilerovo tor ko‘chasi 7-uy eshigini taqillatdim. 
Ajoyib quyoshli kun bo‘lsa-da, uning uchqur ignalari qo‘lqop va sochlarimizdan tishlab tortqilayotgandek edi. Eshikni ochgan mo‘ysafidga ismini aytib murojaat qilarkanman, chol tarsaki yegan odamday sapchib tushdi, o‘z ismidan qo‘rqqan odamni ilk marta ko‘rganimdan hayratlandim. Kecha uning qizi Despinaga bergan shinelimni ola ketmoqchiligimni aytdim. U hech nima demasdan o‘girilib, ichkaridan kimnidir chaqirdi. Orqasidan keksa bir kampir ko‘rindi, soch o‘rimining biri oq, ikkinchisi qora edi. 
— Afv eting, janob, Despinamizning yorqin xotirasini asrab-avaylab yashayotganimizga yaqinda uch yil bo‘ladi. Siz qanday qilib qizimizga o‘z shinelingizni berib turishingiz mumkin?
Ular meni kalaka qilishyaptimi, deb o‘yladim. Qariyalar indamay qizining o‘limi haqidagi guvohnomani qo‘limga tutqazishdi: guvohnomada uning ismi, berilgan sanasi, suvrati hamda 97-qabr maydoni qayd etilgan edi. “Nima qilish kerak - o‘yladim men, - bu yerni izlab topaman, shinelim bu hangomaga arzish-arzimasligini bilishim kerak”. Chol-kampir bilan xayrlashib, kazarmaga tushkun kayfiyatda kirib bordim. Kechqurun uyga qaytayotib kechagi quduq yonidan o‘tmadim. “To‘rt shamol yo‘nalishi”da qad rostlagan mehmonxonaga burildim, u qabriston ro‘parasida joylashgan. Mehmonxona restoranida ovqatlanmoqchi, biroz isinmoqchi, shu bilan birga o‘lim guvohnomasida ko‘rsatilgan joyning bor-yo‘qligini aniqlamoqchi bo‘ldim. 
Ichkariga kirdim. Zobit Iliya Verkovich bilan kapitan Mark Vranesh domino o‘ynab o‘tirganiga ko‘zim tushdi. Ularning yoniga o‘tirib, buyurtma berdim va ovqatlandim. Stol ustida pul solingan etik, yonida likopchalar turardi. Tamaddi qilib bo‘lgach, ular nimaga shinelsiz kirganimni so‘rab qolishdi. Bo‘lgan voqeani gapirib berdim. Kapitan Vranesh iljayib shunday dedi:
— Ikki yarim kumush tanga tikaman, shunday qorong‘i va tumanli havoda qabriston darvozasiga ham yaqin borolmaysan.
— Garov o‘ynayman, janob kapitan, qo‘rqmaydi, - xijolatomuz e’tiroz bildirdi podporuchik Verkovich. – Bu voqeada ajablanadigan g‘ayritabiiylik yo‘q, deb o‘ylayman.
U meni kichik lavozimda deb o‘yladimi yo tushkun kayfiyatda ko‘rib ruhlantirmoqchi bo‘ldimi, tushunolmadim. 
— Bo‘lmagan gap, – dedim ularga, – qancha bahslashmang – sizning ishingiz, meni faqat bir narsa qiziqtiradi – shinel. Shu uchun bu yerga keldim. 
— O‘rtoq kapitan, – tinchlanay demasdi Verkovich, – sizning u yerda bo‘lganingizni qayerdan bilamiz? 
— Bu – sizning ishingiz, – dedim. Qolaversa, xohlasangiz maydonga 97 shamshir suqib chiqing, keyin o‘zingiznikini izlab toping. Ertalabgacha ularni tozalab menga qaytarishingizni kutaman.
Biz bir-birimizning qo‘limizni siqdik, restorandan chiqdim. Qo‘limda o‘lim haqidagi guvohnoma, qabriston tomon ildam yurib ketdim. U yerda qabrlar bir-biriga tegib, zich joylashgan, bo‘sh joy yo‘q edi. Bosh xiyobondan chapga burildim. Maydonlarni raqamlar bo‘yicha izlay boshladim. Mana, nihoyat, 97-qabr joylashgan maydon. Hushim o‘zimda emas, qo‘rquv va hayajonda dag‘-dag‘ titrardim. O‘lim guvohnomasini yeng manjeti orasiga tiqdim, shamshirni g‘ilofdan olib, yerga sanchdim. Qabrlar orasidan sal uzoqroq ketishga shaylangandim, kimdir shinelim baridan tutib, qattiq siltadi. Baqirib yubordim, biroq tovushim o‘zimga eshitilmadi. Yotgan ko‘yi menga yaqinlashgan fonar nurlarini ilg‘adim, aralash-quralash tovushlar eshitildi. Bularning hammasi menga juda yaqin joyda, yonginamda ro‘y berdi. Menga yaqinlashgan odamlar engashib, to‘lqinlanib gapirishardi:
— Bechora, — dedi harbiy zobit o‘z hamrohiga, - qarang, o‘rtoq kapitan, hammasi kaftdagiday ayon, bu yerda g‘ayritabiiy hech nima yuz bermagan. U shamshirni yerga suqayotib, shinelining ham yarmini qo‘shib sanchganini payqamagan chog‘i. Oldinga harakat qilganida shamshir esa uning baridan mahkam ushlab qolgan, qo‘rqib, o‘z zarbiga yiqilgan. Inson – finjon kabi. Bu juftlikka xulosa yasab bo‘lmaydi. Afsus, g‘alaba qozonishimni bilgan edim. 
Bahsga kirishganlarning ikkinchisi – kapitan Vranesh sukut saqlab, javob berdi:
— Siz ikki tomonlama g‘olib bo‘ldingiz. G‘ayritabiiy hech nima yo‘q, deganmidingiz? Shamshirni shunchaki shinelimga qo‘shib yerga sanchganman, deyapsizmi?
— Ha, shinel. Ko‘rmayapsizmi, shamshirning uchi shineldan chiqib turibdi. 
— Men-ku, ko‘rayapman, sizning ko‘zingiz qayerda? Kapitan qabristonga otlanganida egnida hech qanday shineli bo‘lmagan. U shinelsiz edi.

* * *

Uchinchi – eng asosiy qatlam – ter tomchilari yoki yomg‘irpo‘sh astari mening qo‘limda bo‘lgan asos va uydirmani baribir topolmadim. Uzoq vaqt, aniq xulosaga kelolmay ma’yus boshimni egdim. Bu esa yomg‘ir-po‘shning eng muhim, eng “eski” qismi, agar askarning so‘zlarini aniq eslolgan bo‘lsam – uning tashqi ko‘rinishi bo‘lmagan, badanga yopishib turardi. Aynan bizning “qahramonimiz”—yomg‘irpo‘sh haqida aytilganday: o‘z ko‘ylaging — vujudingning yaqin sirdoshi. Biroq uchinchi qatlam hech qayerda yo‘q edi. Kunlarning birida dengiz to‘lqinlari rangidagi yomg‘irpo‘sh yana tushimga kiribdi. To‘yib ichibman-u, karavotga cho‘zilib, ko‘zim ilinibdi. Hushimga kelayotgan lahzalar ham tushimga kirganmish. Hech qachon yurib ko‘rmaganim – Istriya yarim orollari bo‘ylab poyezdda sayohatga chiqibman. Bu yo‘llardan hecham o‘tmagan bo‘lsam-da, tinimsiz yog‘ingarchiliklardan so‘ng uning to‘satdan o‘zgarganini his qilibman – dengizni, orollarni, Triyest, Alpni, hatto tikilib qaray olmaganim – Dvogradni ko‘ribman. Uyga emas, Italiyaga ketayapman, deb o‘ylayotganmishman. Bir-biriga o‘xshamaydigan holatlarda hushimga keldim, uyg‘ondim. Shularni esladimki, ortimda nimalar qolayotgani, oldimda nimalar kutayotganini aniq va ayon tushda ko‘ribman. Shunda tushundimki: dengiz to‘lqinlari tusidagi yomg‘irpo‘sh—qachonki biz xarid qilolmagan – uchinchi, eng so‘nggi ter tomchilari edi. To‘g‘rirog‘i, yomg‘irpo‘shimning astari, yanayam anig‘i unda astar yo‘q, biz uni topa olmagandik. Hech nima menga haqiqiy ter tomchilaridek ta’sir qilgan emas. U esa mavjud. 
Bugungi kun havosidan to‘yinib fikrlayotganlaridek, yaxshi ki-yinish – badanning ko‘rinmas qismini to‘ldirishi yoki himoya qilishiga ishonmayman. O‘sha paytlari mening mohiyatimga bekinib olgan sirli borliq: yelkalarimning mukammal orzulari, qalbimning tirsak va tizzalariga mos kiyim topilmagani – natijada ularning bir umrga taqdir zo‘ravonliklarida yalang‘och, himoyasiz, tashlandiq bir ahvolda qolganini tushunib yetdim. Ular mening hayotimda asosiy o‘rin tutishi, yashash tarzimga ta’sir etishi mumkin edi. Mavjud bo‘lmagan kamzulning tushimga kirishi – o‘zimda bir umr tarbiyalay olmagan barcha yovuzliklarday qahraton sovuqdan asraydigan tuyg‘uning ismidir balki...
Agar o‘sha mahalda biz dengiz to‘lqinlari tusidagi yomg‘irpo‘shni topganimizda edi, yelkalarim uzra boshqa qushlar kuy chalar edi, demoqchimasman.
Kimningdir bir xil tushni qayta-qayta ko‘rishini oddiy hol deb bo‘lmaydi. Bu bekorga emas.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi

____________ 
* L a y l a k – quduqdan suv chiqaradigan richag shaklidagi moslama.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.