- Haliyam qorong‘umi? Osmon oqarishmadimi? – og‘ir – og‘ir nafas olganicha so‘radi qariya. Qanaqa uzun yillar bo‘ldi bu yillar... Vaqt qanchalar uzoq cho‘zildiya... hayolidan o‘tkazdi qariya. Chol hayotining intihosi yaqinlashayotganini sezar va mangu safarga tayyorlanar edi. Har holda u o‘z burchini uddaladi. Eng muhimi u yolg‘iz emas... - Qarachi, haliyam qorong‘imi? Zulmat tarqalmayaptimi? – so‘radi yana qariya.
- Hozircha yo‘q. Lekin biror soatdan keyin tong otib qolsa kerak - javob berdi uning sherigi derazadan quyuq zulmatga boqib - Agar qorong‘ulik sizga yoqmayotgan bo‘lsa chiroqni o‘chirishim mumkin.
- Yo‘q, kerak emas, Dziro. Men tong yorug‘ini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman – dedi chol. - Bu yerda kechalar juda uzoq – dedi Dziro – Sizga yanada uzoq tuyulyapti. Chunki siz tunni yoqtirmaysiz. - Yo‘q, Dziro. Bu kecha men uchun o‘zgacha axamiyatli. Men tug‘ilgan o‘lkalarda bu kechani yangi yil kechasi deyishadi. Men yangi yil tongini kutayapman - dedi oqsoqol.
- Yangi yil? Nima u ? – so‘radi xirildoq ovozda Dziro. - Ha, Dziro, yangi yil. Bilaman, sen buni tushunmaysan. Menimcha buning uncha ahamiyati ham yo‘q. Lekin xozir men aytmoqchi bo‘lgan gaplarga yaxshilab quloq solishingni xoxlardim... Bilasanmi, bizda xar yili odam bir yoshga ulg‘ayadi. Yillar aylanib kelaveradi. To qarib olamdan o‘tgunimizgacha... Qariya shunday deb bir zum jimib qoldi. So‘ng yana davom etdi: - Qachonlardir men ham yoshgina yigitcha bo‘lganman va har yil bir yoshga ulg‘ayganimdan xursand bo‘lardim. O’sha chog‘lar men bir guzal qizni sevar edim. U qiz ham meni sevar edi. Ehhe, necha yillar bo‘ldi bunga... Ha, biz juda yosh bo‘lganmiz u paytlar. Deyarli bola edik... Eshityapsanmi, Dziro?
- Ha eshityapman. Lekin unchalik tushunmayapman – dedi Dziro.
- Buning ahamiyati yo‘q. Sen faqat eshit. Shunday qilib desang, biz deyarli bolalar edik va biz birga yashay olmasdik. Shuning uchun ham tezroq ulg‘ayishni hoxlardik. Eski yil tugab yangi yil boshlansa rosa xursand bo‘lardik. Har yili yangi yil arafasida biz yashirincha uydan chiqib bog‘da uchrashardik. So‘ng shu bog‘da yangi yil tongi yorishishini birga kuzatardik...
- Yangi yil tongi yorishishini? - xayron bo‘lib cholning gapini bo‘ldi Dziro. Chol gapida davom etdi: - Dziro, bechora, sen bunaqa narsalarni tushunmaysan. Lekin aytayapmanku, sen uchun bu narsalar hech qanday ahamiyatga ega emas. Sen faqat eshit, eshit, Dziro... Bilasanmi, yangi yil tongining yorishishi qanaqa bo‘ladi? Avvaliga tun osmoni siyoxday qaro, yulduzlar esa yirik – yirik, yorqin. Keyin u yulduzlar oqara boshlaydi. So‘ng sharqda , osmon bilan tutashgan joyda ingichka yorug‘lik chizig‘i paydo bo‘lardi. Osmon asta – sekin pushtirang shu’lalarga qorishib bu iloxiy manzarani kuzatayotgan odam yuragi yorishib ketardi, Dziro. Biz ana o‘sha tongi yog‘duni jimgina kuzatar edik. Xursand bo‘lib bir – birimizga mamnun jilmayib qo‘yardik. Keyin uy – uyimizga ketardik. U qiz bir kuni menga: - Yana bir yangi yil tongini qarshilasak balog‘at yoshiga yetamiz. Undan keyin har doim, har doim birga bo‘lamiz – degandi. Eshityapsanmi, Dziro?
- Ha – javob berdi Dziro.
Shu mahal cholning ovozi uzilib qoldi. Keyin Dziro qandaydir g‘aroyib tovushni eshitdi. Aftidan qariya yig‘lar edi. - Dziro, sen hech kachon bu narsalarni tushunmaysan. Hech qachon... O’sha qiz ko‘p o‘tmay o‘lib qoldi. Eshityapsanmi?.. Dziro jim edi.
- Bu juda qayg‘uli o‘tmish. Olamdagi eng qayg‘uli o‘tmish... Axir sevgan yoringning o‘limidanda qayg‘uliroq qayg‘u bo‘ladimi? Baribir sen bu gaplarga tushunmaysan... Shuning uchun ham men bu yoqlarga kelib qolganman. Chidab bo‘lmas qayg‘udan qochib kelganman, Dziro. Tunlari 50 soatga cho‘zilguvchi shu sayyoraga kelib qolganman...
Kutilmaganda Dziro: - A-a... – dedi. So‘ng davom etib: - Nazarimda tong otyapti - deb qo‘ydi. Bu gapni eshitib qariya o‘rnidan turish uchun taraddudlandi. Lekin azobli yo‘talib o‘ringa qayta yiqildi.
- Dziro, o‘rnimdan turolmayapman, yordamlashvor - dedi u. Dziro qariyaga yordamlashdi. - Rahmat, Dziro. Sen menga uzoq vaqt sadoqat bilan xizmat qilding. Rahmat. Nazarimda osmon asta sekin oqarishayotganday. Lekin mening ko‘zlarim qandaydir tumanli. Dziro, tuzukroq qarachi, zulmat tarqalyaptimi?
- Ha – dedi Dziro.
- Bulutlar cheti shaffof pushtirang tus olyaptimi? - so‘radi yana qariya. - Ha, atrof pushtirang bo‘lib ketdi - javob berdi - Dziro. Qariya qoniqish bilan bosh irg‘ab qo‘ydi: - Minnatdorman, Dziro. Endi mening ustimni o‘rab qo‘y. Negadir sovqotyapman... Dziro cholning ustini o‘rab qo‘ydi. Qariya ko‘zlarini yumib yotar, quyosh chiqqanini ham so‘ramas, qimirlamasdi. Uning yuzlarida sokinlik va halovat qotib qolganday edi. Dziro qariyaga bir zum qarab turdida, qo‘liga chelakni olib tashqariga chiqdi. Bu mahal Yangi yil tongi o‘nqir – cho‘nqir sayyora uzra yoyilib yotar, pushtirang tong yog‘dulari toshlardan qurilgan pastak kulba tomi uzra jilvalanardi. Dzironing metal ko‘ksi tongi quyosh nurlarida yaraqlar, elektron miyya ato qilgan marxum xujayini, koinot ritsariga sadoqat bilan xizmat qilgan, yangi yil, muhabbat, o‘lim nimaligini bilmaguvchi bu temir odam qo‘lida chelak “G’iyt - g‘iyt” degan tovush chiqarardi. Ha, ayni paytda Dziro xotirjam va beg‘am edi. U o‘zi har doim suv olib keladigan havza tamon ketib borar, lekin endi suvning hech kimga keragi yo‘q edi.
Morio Kita. Tonggi yog'du (hikoya)
Xoldor Vulqon tarjimasi.