OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ali Jamolzoda. Nasihatgo‘y (hikoya)

Uning odob-axloq borasidagi ma’ruzalarini tinglagan kishilar unga “Nasihatgo‘y” degan taxallusni berishgan. Janob Nasihatgo‘y mamlakatdagi eng nufuzli erkaklardan biri bo‘lib, uni hamma birdek hurmat qilar va hukumat doirasidagi kishi deb bilardi. Unga yaxshigina meros qolgan va u bu merosni tezda ko‘paytirib olgan (qanday ko‘paytirganini faqat Olloh biladi, xolos).
Yordam so‘rab keluvchilarga, ishbilarmonlarga va boshqa mehmonlarga uning eshigi doimo ochiq. Vazirlarni mansabga tayinlash, parlamentga nomzod ko‘rsatish kabi yuzlab muhim masalalar faqat uning uyida va ko‘magida hal bo‘ladi. Juda muhim shartnomalar, qarorlar ham xuddi vazirlikdagidek uning uyida qabul qilinadi. Bu kabi ishlar unga shon-sharaf va obro‘-e’tibor olib kelish bilan birga boyligiga boylik qo‘shadi.
Albatta, uni bekorga Nasihatgo‘y deyishmaydi. U “odob” so‘zini bekorga tilga olmaydi, qaysi mavzuda suhbat qurmasin, bu so‘zni tilga oladi va bu so‘zni ta’kidlashdan charchamaydi, chunki ko‘pgina jamiyatlar odob-axloq asosiga qurilganini u juda yaxshi biladi. Har bir dinning mazmun-mohiyatini ham odob-axloq tashkil etadi-da.
U bir necha mumtoz shoirlarning odob-axloqqa bag‘ishlangan she’rlarini yodlab olgan va mavzuga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, sharillatib aytaveradi. Ayniqsa, Sa’diyning: “Diyonat – xalqqa xizmat qilishdan boshqa narsa emas”, degan gapini mudom takrorlab turadi. Namoz o‘qish o‘rniga bir bayt she’r aytishni afzal ko‘rgani uchun ba’zi bir hazilkashlar uning orqasidan kulib yuradi.
Uning darvozasi peshtoqiga “Yashash – yaxshilik qilish demakdir!” degan so‘zlar bosma harflar bilan yozib qo‘yilgan. Ichkaridagi eshik va devorlarga esa Qur’oni karim suralari va taniqli shoirlarning hikmatga aylangan satrlari chiroyli chorcho‘plarga solib, osib qo‘yilgan. Bu yozuvlarning bari odob-axloq qonun-qoidalariga mos tushadi:
“Insoniylik hamma narsadan ustun turadi”;
“Yaxshilik qil va uni tezda unut”;
“Chumoliga ham ozor berma”...
Yaxshi eslayman, janob Nasihatgo‘yning uyiga mehmonga borganimda, uning o‘n-o‘n bir yoshlardagi o‘g‘ilchasi biz o‘tirgan xonaga kirib, xizmatkor bilan kinoga borib-kelishini so‘raganida, u mehmonlarni ham unutib, chuqur o‘yga botgancha:
– Ko‘radigan filmlaring odob-axloq qoidalariga to‘g‘ri keladimi? – deb so‘ragan.
– Albatta, otajon, – degan o‘g‘il, – aytishlaricha, film voqealari boshdan-oyoq odob-axloq asosida yaratilgan ekan.
 Xizmatkorlaridan biri Nasihatgo‘yning nasihatlaridan to‘yib, “Janob, men bu yerga ishlagani kelganman. Agar nasihat eshitadigan bo‘lsam, to‘g‘ri machitga borgan bo‘lardim”, degan ekan.
Uning isfahonlik bir xizmatkori bor edi. Men qachon Nasihatgo‘ynikiga borsam, u meni o‘ziga yaqin olib, xizmatimni qilar, botinkamni artar, hassa tutar, yelkamga qoqib qo‘yar, issiq-issiq choy tutardi. O‘ttiz yoshlardagi kelishgan bu yigit o‘ta ziyrak va kamtar edi. Uning husnini faqat qandaydir yaradan qolgan chandiq buzib turardi, xolos. (Nazarimda, o‘sha chandiq ham unga zeb berib turardi). Ismi G‘ulom Ali. Unga boshqa xizmatkorlar ko‘p tegishar, isfahonligi uchun ustidan kulishardi. U bilan suhbatlashish menga huzur bag‘ishlardi.
Bir kuni Nasihatgo‘yning uyiga taksida boribman-u, hamyonimni uyda unutib qoldiribman. Shunda G‘ulom Alidan qarz olishimga to‘g‘ri keldi. U darrov cho‘ntagidan uchta besh tumanlik pul chiqarib berarkan:
– Oling, qaytarish haqida o‘ylamang, – dedi. – Bizning shaharlarga yo‘lingiz tushsa – berarsiz...
– Esimdan chiqib ketsa-chi? – dedim hazillashib.
– Hechqisi yo‘q, – deya kuldi u ham. – Bu gapirishga arzimaydi. Sizga yordamim tekkanidan xursandman.
To‘g‘risi, u meni shunchalar to‘lqinlantirib yubordiki, Nasihat-go‘yning uyi devoridagi baytlarni o‘qib ham bunchalik zavq olmaganman.
Bu yaqin orada janob Nasihatgo‘ynikiga yo‘lim tushmay qoldi. Avvaliga qarzni birovdan berib yubormoqchi edim, keyin bu fikrimdan qaytdim. O‘zim olib borib, unga rahmat ham demoqchi bo‘ldim. Va bir kuni janob Nasihatgo‘y sakkizinchi imom maqbarasi ziyoratiga borib, tobi qochib kelganini eshitib qoldim. Shunda uni ko‘rgani borib, bir yo‘la qarzni ham berib qaytmoqchi bo‘lib yo‘lga tushdim.
Baxtga qarshi, eshikni boshqa xizmatkor ochdi. Men qabulxonada o‘tirganimda, u menga choy berdi, ketar chog‘imda, undan so‘radim:
– G‘ulom Ali ko‘rinmaydi?
Xizmatkor qo‘rquv bilan atrofga alangladi va hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, sekin shipshidi:
– Uni qamashdi.
– Nima uchun? – deb so‘radim hayratim oshib.
– Yolg‘iz Olloh biladi.
– Sen-chi?
– Sizga nima desam ekan? – kalovlandi u.
– Ehtimol, xo‘jayinga yoqmaydigan biror ish qilgandir?
– Anig‘ini Olloh biladi.
– Qaysi qamoqxonada u?
– “Qasr” qamoqxonasida bo‘lsa kerak, yana Olloh bilguvchidir.
Bildimki, u bahor shabadasida titrayotgan yaproqdek qaltiramoqda, zo‘rlab ham undan boshqa gap olib bo‘lmaydi.
Ertasiga G‘ulom Ali haqida bilish uchun to‘g‘ri qamoqxonaga bordim. Barcha rasmiyatchilikdan keyin u bilan uchrashuvga ruxsat berishdi. Yigitning qay ahvolga tushib qolganini aytib o‘tirmay. Gapirsam, yurak urishdan to‘xtaydi.
– Qaysi aybing uchun bu yerga tushib qolding? – deb so‘radim undan.
– Nasihatgo‘yning jazosini Xudoning o‘zi bersin, – dedi G‘ulom Ali yig‘lamsirab. – Hatto vahshiy hayvon ham bunday qilmaydi. Meni bu yerga kim tashladi, endi hech kim mendan xabar olmayapti ham. Olloh mening tilimni kesib olsin-ku, lekin qani uning mehribonligi, qani adolat?.. To‘g‘risi, bu dunyoning xo‘jayini yo‘q ekan! Birovning birov bilan ishi ham yo‘q ekan!..
– Olloh guvoh, – deya uni yupatdim, – bu yerdaligingni bugun bildim. Bilsam, seni bu ko‘yga tashlab qo‘yarmidim? Tushuntirib ber axir, nima bo‘ldi o‘zi? Ehtimol, biror yordamim tegar?
– Olloh umringizni ziyoda qilsin! Men kim bo‘libmanki, sizning mehribonchiligingizga arzisam. E, xudo, men sizga arz-dod qilgandan ko‘ra, o‘lganim yaxshi emasmi!.. Yo‘q... Yo‘q...
Men uni yupatgunimcha u yana ancha javradi va ko‘z yoshlarini qo‘li bilan sidirib:
– Siz uning kimligini bilganingizda, uyiga yaqinlash-masdingiz, – dedi.
– Tinchlan, – dedim, – uning kimligi ma’lum. Unga ishim tushmaganida nomini ham tilga olmasdim. Buni qo‘y, sen yaxshisi, oralaringdan nima gap o‘tganini gapir.
– Yo‘q, janob, bu shaharda uning kimligini biladigan kam. U qo‘y terisini yopingan bo‘ri. Uning yuragida na shafqat, na oliyjanoblik bor. Bunaqa ablahlar vijdon nima, adolat nima – bilishmaydi. Bu vahshiyning qalbiga nigoh tashlasangiz, dahshatdan tosh qotib qolasiz!.. Men uni bildim va jirkanch basharasini ko‘rmaslik uchun yomon bo‘lsa ham boshqa joy izlamoqchi edim.
Vaqt o‘tib borar, qarasam, nazoratchi kelyapti, demak, uchrashuv tugayapti.
– Birodar, – dedim G‘ulom Aliga, – unga e’tibor berma, tezroq nima bo‘lganini ayt.
– Yaxshi, – dedi G‘ulom Ali, – eshiting. Bundan o‘n bir kun oldin u meni qizining xonasiga chaqirib, suhbatimizni hech kim eshitmasligi uchun eshikni mahkam yopdi va past ovozda: “G‘ulom Ali, sen yaxshi bilasan, men odob-axloqni hamma narsadan ustun qo‘yaman...” dedi. Men indamadim. U ko‘zimga qarab oldi va yo‘talgancha davom etdi: “Ha, bu dunyoning ustuni odob-axloq, qolgani – quruq safsata...” Men yana hech narsa demadim. “Nega jimsan?” – deb so‘radi u. “ Men nima deyishim mumkin? – dedim. – O‘zingiz bilasiz, arzimagan choy-chaqa uchun bu yerda ertadan-kechgacha ishlayman. Hatto bu yerdagi xizmatkorlardan ham kam haq olaman. Qornim to‘yib ovqat yemayman. Sizning dasturxoningizda qolgan ovqatlardan menga berishmaydi. Men bundan hech nolimayman, nolisam, isfahonlik noshukr va tili uzun deb ustimdan kulishadi”. 
“Haqsan, – dedi xo‘jayin, – buni yaxshi bilaman, lekin seni mendek hech kim qadrlamaydi. Nazarimda, nimadandir norozisan?” – “Siz bilasiz, sakkiz oy-u o‘n uch kundan beri uyingizda ishlayman. Men to‘rt oydan beri haq olmayman. Buni bir necha marta sizga aytmoqchi bo‘ldim, lekin...” – “Seni o‘z o‘g‘limday ko‘raman, – gapimni bo‘ldi u, – sen bo‘lsang allaqanday mayda-chuydalar haqida gapiryapsan”. – “Agar hamma gap menda bo‘lsa edi! Olloh guvoh, o‘n yetti oydirki, akam Aminullo kasal yotibdi – yanchish mashinasi ostiga tushib, oyoq-qo‘li singan. Agar u mening uyimda yotmaganida, men buni sizga aytmagan va sizni bezovta qilmagan bo‘lardim...”
“Eshit, birodar, – dedi xo‘jayin, – men nimani o‘yladim. Men seni yaxshi ko‘raman va seni baxtli, bekamu ko‘st hayot kechirishingni xohlayman”. – “Davlatingiz ziyoda bo‘lsin”, – deb alqadim va o‘zimcha o‘yladim: “Bu nega menga aridek yopishib oldi?” – “Sen bilsang, – davom etdi xo‘jayin, – bu dunyoda men yaxshilik deb yashayman”, – keyin yuzta qasr qurishdan ko‘ra, o‘zingdan yaxshi nom qoldirishni madh etuvchi bir bayt aytdi. Xullas, u Gulsumga uylanishimni so‘radi.
– Qaysi Gulsum? – so‘radim men.
– Cho‘riga, o‘n to‘rt-o‘n besh yoshli qishloq qiziga. Uning xo‘jayindan homilador ekanligini hamma biladi. U o‘z gunohlarini bo‘ynimga, qizni menga yopishtirmoqchi.
– A-ha! Sen unga nima deding? – qiziqsinib so‘radim.
– Avvaliga hayron bo‘ldim, nima deyishimni bilmadim. Keyin: “Albatta, janob, siz nima desangiz – shu, lekin men o‘zimni zo‘rg‘a boqaman, uylanishga yo‘l bo‘lsin”. – “Bu tomonini o‘ylama, – dedi u. – Senda hamma narsa bo‘ladi: ovqat, kiyim, uy”. U meni ko‘ndirishga urindi. Shunda jahlim chiqib, baqirib yubordim: “Meni o‘ldirishingiz mumkin, lekin sizning gunohingizni bo‘ynimga ololmayman!..” – deya xonadan chiqib ketdim.
– Keyin nima bo‘ldi? – qiziqishim yanada ortdi.
– Oradan ikki soat o‘tmay, eshigimni ikkita mirshab taqillatdi va o‘zlari bilan mahkamaga borishimni so‘rashdi. Ma’lum bo‘lishicha, xo‘jayin tahorat olayotganda hovuz bo‘yida tilla soatini qoldirib ketgan ekan-u, soat yo‘qolib qolibdi, shuni mendan ko‘rishibdi. Qancha yalinmay, xudoni o‘rtaga qo‘yib qasam ichmay, gapimga quloq solishmadi. Ular aybni bo‘ynimga qo‘yish uchun rosa kaltaklashdi. Qarasalarki, bo‘ynimga olmayapman, so‘ng meni bu yerga olib kelib tiqishdi. Endi umidim Ollohdan ...
G‘ulom Alini qancha tinchlantirmay, unga hech qanday yordam berolmadim. Ko‘z yoshlari shashqator oqib, yuzini yuvardi. Mirshab kelib, uchrashuv vaqti tugaganini aytdi. Men zo‘rg‘a:
– Noumid bo‘lma! Seni bu yerdan chiqarib olish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman, – degan gapni aytishga ulgurdim.
Uyga kelib o‘yga cho‘mdim: “Xudo ko‘tarsin bu dunyoni! Ming marta parchalanib ketsin bu la’nati yer, shunda u yaxshi bo‘lar. Shunaqa odamlar ham bo‘ladimi? Bu zamin yirtqich hayvonlar va odamxo‘rlar yashaydigan to‘qayzorga aylangan... Hatto bu vijdonsiz Nasihatgo‘y bilan qanday til topishishni bilmaysan. U boy, undan hamma qo‘rqadi. U bilan kurashish oson emas, hatto xavfli ham; boshingni qaysi devorga urma – befoyda”. Bir necha marta guvohi bo‘lganman, inson adolatsizlik va zo‘ravonlikka chiday olmaydi.
Kechasi bilan mijja qoqmadim. Ko‘z oldimga ko‘z yoshlari shashqator yigit, nohaq xo‘rlangan inson kelaverdi, men aziz avliyolardan unga madad so‘radim.
Ertasi kuni ertalab to‘g‘ri mahkamaga bordim. Ularning men bilan gaplashgilari ham kelmadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri: “Janob Nasihatgo‘yning yolg‘on gapirmasligi hammaga ma’lum. Uning odob-axloq masalasida injiqligini butun shahar biladi. U hatto chumoliga ham ozor bermaydi”, deyishdi.
Men to‘polon qilishga harakat qildim, lekin quloq solishmadi, bari befoyda ekanligini aytishdi. Boshqa eshiklarni ham taqillatdim – ochilmadi. Nasihatgo‘yning ismini eshitgan borki, kar va soqovga aylanaverdi. “U bilan yuzma-yuz gaplashsammikan”, dedim va shu zahoti bu fikrimdan qaytdim. Unga yalinish – bo‘ridan shafqat tilaganday gap. G‘ulom Aliga qiladigan yordamim – undan xabar olib turishim, ko‘nglini ko‘tarib, kelajakka umid uyg‘otishim mumkin. 
Har kuni bu mamlakatdagi zo‘rlik va boylikka qarshi kurashdim, ursalar ham, so‘ksalar ham o‘z maqsadimdan qaytmadim.
Oradan oylar o‘tdi. Bir kuni ishim o‘ngidan keldi. Qarasam, eshigim oldida G‘ulom Ali turibdi. Ko‘rinishi aftodahol, terisi suyagiga yopishgan. Uni quchoqlab uyga kiritdim, eski kiyimlarimni kiydirib hammomga olib bordim.
Hammomdan kelgach, u o‘z boshidan o‘tkazganlarini so‘zlab berdi.
Bir kuni Gulsum janob Nasihatgo‘yning o‘rnini yig‘ishtirayotib, yostig‘i tagidan tilla soat topibdi va xursand bo‘lib ketganidan uni bekaga olib borib beribdi. Uydagilar hayron. Buni, xo‘jayinning o‘zi atayin yashirgani ma’lum bo‘ladi. Bundan xabar topgan Nasihatgo‘y g‘azablanadi, hammani so‘kadi, xotinini shunaqangi uradiki, bechoraning qo‘li sinib kasalxonaga tushadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu g‘avg‘oning barini Gulsumning bo‘yniga qo‘yishadi. Xo‘jayin bundan foydalanadi. Avval Gulsumning narsalarini ko‘chaga uloqtiradi, keyin uning qorniga tepib, uyidan haydab chiqaradi...
– Endi nima qilmoqchisan? – deb so‘radim men.
– Men u ablahning shunday ta’zirini berayki...
– Birodar, – dedim men, – kuchingni bekorga sarflama. Bu muttaham o‘zining odob-axloq haqidagi safsatalari bilan butun shaharni o‘ziga qaratib olgan, uni hech bir kuch bilan yengib bo‘lmaydi. Jonsiz devorga musht urishdan nima foyda, faqat qo‘lingning singani qoladi, xolos. Xudoga sol, jazosini o‘zi bersin. Gulsumning soatni topgani, sening begunohligingni isboti emasmi?
– Ha, to‘g‘ri, – dedi G‘ulom Ali. – Lekin, birinchidan, qasos olaman, ikkinchidan, men undan o‘z haqimni undirib olishim kerak. U millionerga arzimas chaqamni berib qo‘ymayman. O‘z haqimni ololmasam, otamning o‘g‘li emasman!
Ertasi kuni G‘ulom Ali kiyinib, janob Nasihatgo‘ynikiga yo‘l oldi. Men qiziqish bilan uning qaytishini kutdim. Peshinda u qaytib keldi va cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib ko‘rsatdi.
– Men sizga aytmaganmidim, o‘z haqimni bu muttahamdan olaman, deb! – dedi G‘ulom Ali. – Endi Gulsumni topishim kerak. Bechora qiz bu shaharda yo‘qolib ketadi. Uning qarindoshlari bug‘doy bozorida savdo qiladi. Ularning oldiga borib so‘ray-chi, Gulsum haqida biror narsa bilishar.
– Sen hali quvvatga kirganing yo‘q. Bir necha kun sabr qilsang bo‘lmaydimi? Kuchga kirsang, ana undan keyin uni qidirib toparsan.
– Siz haqsiz, – rozi bo‘lganday bo‘ldi G‘ulom Ali, – lekin inson o‘zidan ko‘ra, o‘z birodarlari haqida ko‘proq qayg‘urishi kerak. Shunday ekan, ruxsat bering, men hozirdan u baxtsiz qizni qidirib topay.
– Mayli, omadingni bersin! Bor, uni qidirib top. Bu uyning eshigi sen uchun doimo ochiq. Gulsumni topsang, uni ham bu yerga boshlab kel!
G‘ulom Ali mendan minnatdor bo‘lib ketdi va tezda Gulsum bilan qaytib keldi. Uni o‘n to‘rt yoshli qizcha deyishgan edi, lekin ko‘rinishidan o‘n-o‘n bir yoshdagi qizchaga o‘xshardi. Men Gulsumni ichkariga, ayollar xonasiga kiritdim.
– U hali bola-ku, – dedim men. – Homiladorlikni qanday ko‘taradi? Ehtimol, uni shifokorga ko‘rsatish kerakdir?
– Ikki kun damini olsin, qolgani keyin ma’lum bo‘lar, – dedi G‘ulom Ali. – O‘zi bola, yana qo‘lida bola... uni qanday taqdir kutyapti, tasavvur qilolmayapman...
– Olloh marhamatli! Tish beribdimi, rizqini ham beradi!
Bir necha kundan keyin G‘ulom Ali o‘ziga ish axtardi. Uyimiz yaqinida bir do‘koncha bor edi. Oilamiz bilan unga yordam berdik, u shu do‘konchani ijaraga olib ta’mirladi, tartibga keltirdi va sabzavot sota boshladi. Tez kunda ishi yurishib ketdi.
– Endi men o‘zimga xo‘jayinman! – dedi xursand bo‘lib. – Isfahondagi akamga pul jo‘nata olaman.
Bir haftadan keyin Gulsum o‘zini yaxshi his eta boshladi. Biz uni ishga joylashtirmoqchi edik, G‘ulom Ali qarshilik qildi.
– Janob, – dedi u xijolat bo‘lib, – agar homilador qizni yana begonaning qo‘liga bersak, bu ishimiz Ollohga xush kelmaydi. Men uzoq o‘yladim: bu qizni taqdir qo‘liga tashlab qo‘ymayman. Unga uylanmoqchiman... Xudo rahmdil, amallab bir kunimizni ko‘rarmiz. Men yoshman, bir burda nonimizni toparman. Do‘kon chekkasida bir uycha bor, to‘g‘ri, u qorong‘i va dim, lekin ozgina tartibga keltirilsa, yashasa bo‘ladi. Men hozircha o‘sha yerda yashab turarman. Agar siz Gulsumni shu yerda yashab turishiga ruxsat bersangiz, bu vaqt ichida birorta uycha topishga harakat qilaman. U yerda to‘y qilamiz. Ojiza ayolni ko‘chaga tashlab qo‘yish insofdan bo‘lmas.
– Ey, yigit, kel, seni bir bag‘rimga bosay! – dedim bag‘rimni ochib. – Sen meni insonlarda hali ham insof-diyonat borligiga yana ishontiryapsan. Xudoga shukr, bu mamlakatda hali mehribon va vijdonli odamlar bor ekan! Sen kabilar ko‘payaversin! Menga suyanishing mumkin. Senga ishonaman, ishing yurishib, qaddingni tik tutib olasan. Bir narsa meni o‘yga toldiradi, bola nima bo‘ladi? Sen Gulsum kimdan homilador bo‘lganini bilasan-ku!
– Bilaman, hammasini bilaman, – dedi G‘ulom Ali ensasini qashib. – Bilaman, u ablahdan o‘z bolasiga yordam berishini so‘rasang, janjal qilishdan ham toymaydi. Men baxtsiz yetimlikdan qo‘rqaman. Bechora bolada ayb yo‘q, axir biz bir e’tiqoddagi odamlarmiz-ku! Men uni o‘z bolam deb, unga ismimni bersam, hech kim ayb qilmas. Mayli, u noqonuniy bo‘lsin, axir u ham kimdandir mehr-muruvvat ko‘rishi kerak emasmi? Uni o‘z urf-odatlarimizga ko‘ra tarbiyalayman. Shunday qilib, men Gulsumga uylanib, bolasini tarbiyalashga qaror qildim. 
– G‘ulom Ali, – xitob qildim men, – agar sen o‘sha paytda bolani o‘zimniki deganingda, janob Nasihatgo‘y seni zarga o‘rardi-ku. Sen bo‘lsang bunga rozi bo‘lmay, qamoqni tanlading. Endi qancha sarson va azoblardan keyin nafaqat bolaga otalik qilish, balki uning onasiga ham uylanishga rozilik bildirayapsan.
– O‘shanda, – dedi u, – bunga kuch bilan majbur qilishgan edi, lekin to‘g‘ri odamni hech narsa bilan bukib bo‘lmaydi...
Gulsum o‘lik bola tug‘di va o‘zi ham tug‘ish vaqtida vafot etdi. Biz uyimizda aza ochdik. G‘ulom Ali mulla yolladi, mulla kun bo‘yi Gulsumning qabri tepasida Qur’on tilovat qildi.
Janob Nasihatgo‘y esa hayot va hech narsa bo‘lmagandek, kundan-kunga semirib, nufuzi, boyligi oshib boryapti. To‘g‘risini aytsam, bu dunyoda adolat borligiga ishonmay qo‘ydim.

Rus tilidan Ilhom Zoyir tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.