OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mustafo Lutfiy Manfalutiy. Tolstoyga

Uzlatni ko‘ngling tusab, bu olamdan uzoqlashishni ixtiyor etgan ekansan, bir oz sabr qil, sen bilan vidolashib olaylik. Garchi bizning ota-onalarimiz boshqa bo‘lsa-da, garchi bizni ulkan masofa ajratib turgan bo‘lsa-da, axir biz ham sening farzandlaring emasmidik?! Seni va xalqingni ko‘rish bizlarga nasib etmagan bo‘lsa-da, uzoq yillar mobaynida biz sening do‘stlaring edik. Qadrdon do‘stlar orasida bo‘lganidek, chin yurakdan ko‘z yosh to‘kmay turib sendan ayrilish bizga juda og‘ir.
Aytishlaricha, sen jamiyatni har xil illatu qusurlardan xalos etib, uni o‘zgartirmoqchi bo‘lgansan-u, bu orzularing ushalmagach, odamlardan bezgansan, ular orasida yashash joningga tekkan va baridan baravariga qo‘l siltab yuz o‘girgansan, hatto o‘z oilangdan ham; sen yirtqichlarning o‘kirigidan boshqasi eshitilmaydigan yerlarga yoki qo‘ng‘irog‘ining ovozi sening birdan-bir yupanchingga aylanguvchi monastirga bosh olib ketding; sen odamlar orasiga boshqa qaytmaslikka va ular bilan har qanday aloqani uzishga qaror qilding. Biz seni kechirdik va bu ishing uchun seni koyimoqchi ham emasmiz, seni qo‘rqoqqa chiqarib, o‘z e’tiqodidan qaytgan inson deb ham o‘ylamaymiz aslo; axir sen hali qiliching qinidaligida, yelkangdan nayzang tushmagan paytlarda va o‘qdoningdagi o‘qing arimaguncha fidokorona jang qilding. Biroq dushmanlaring behisob va, ustiga-ustak, o‘lgudek o‘jar ham edilar, huda-behuda mardlik esa tentaklik bo‘lurdi va qaysarlikdan tug‘ilgan, sindirish mahol bo‘lgan sendagi orqaga qaytmaslik esa dushman bilan sakson yil davom etadigan jangu jadaldan ham oshib tushgandi. Agar sen ham jang maydonini umringning oxirigacha tark etmaganingda, balki sening ham qismating, o‘lim oldidan kishiga madad bo‘lg‘uvsi odamlar orasida ezgulik va adolatni ko‘rishni orzu etib, orzusiga yetolmay o‘lib ketgan buyuk faylasuflarning qismatiga o‘xshab ketgan bo‘larmidi?
Bu puch hayot senga nima berdi va qanday xulosaga kela olding? Shak-shubhasiz, gunohga botgan odam bolasi, uning bag‘ritoshligiyu nohaqdan- nohaq mulohazalarini, amallarini isbotlab beruvchi qani sendagi o‘sha fazilatu ilm, o‘z tiling, qalaming, o‘sha so‘zamolligingning kuchi qaerga ketdi?
Sen shohga murojaat etib shunday deding: xalq unga xizmat qilishing uchun seni taxtga o‘tqazdi; uning ko‘ngil orzusiga aylanishing uchun emas; taxtga egalik qilish, garchand senga nasib etgan bo‘lsa-da, yerning jonini kirgazayotgan dehqondan, yoki fabrikada mehnat qilayotgan ishchidan sening hech bir farqing yo‘q: kaltak oxir-oqibat boshingda sinmasidan burun har qaysingiz o‘z vazifangizni sidqidildan bajarishga majbursiz. Fabrika sohibi mukofot berishdan avval tuzukroq mehnat qilishni ishchidan talab qilganidek, xalqing huquqini himoya etyapsanmi, mavjud qonunlarni buzmay unga rioya qilyapsanmi, u sendan javob kutadi! Odamlarning kuchligiyu ojiziga ham, boyu faqiriga ham birday odil munosabatda bo‘la oldingmi? Muhabbating yoki nafrating xolisligingga putur yetkazib, sendan ustun kelishiga izn berib qo‘ymadingmi? Haddan tashqari xushomadu maqtovlarga e’tiborsiz bo‘lishni eplay oldingmi? Odamlarning g‘ururini toptab, sening oldingda qo‘rqib-qaqshab turishga majburlab, ularni yo‘ldan urmadingmi? Sendagi qahr-g‘azabni jilovlash ilinjida oxir-oqibat o‘zlarini tahqirlab, isnodga qo‘yuvchi har xil yolg‘on-yashiq va bo‘htonlarga, chaqimchilikka yo‘l qo‘yib, nopok ishlarga qo‘l urib qo‘ymadilarmikan? Agar bergan va’dangga sodiq qolishingga xalqing astoydil ishonganida edi, o‘zi bergan o‘sha toju taxt va hokimiyatni u sendan so‘rab ham o‘tirmasdi va bu xayr-saxovatingga mehr ila javob qaytarib, barini o‘zingga qoldirgan bo‘lurdi.
Biroq sendan bunday so‘zlarni eshitgan shoh, bularning barini qo‘pollik va surbetlikdan o‘zga narsa emas deya hisoblaydi, negaki, uning yaqin kishilari orasida bunday so‘zlarga og‘iz juftlashga bironta odamning jur’ati yetmagan; shu bois ham, xuddi o‘ylaganimizdek, sen uning g‘azabini keltirgansan. Seni ta’qib etishda ham u, uning zulmidan qalblari shikastlangan va u qaram qilishga erisha olgan, endi esa unga qarshi chiqib, adolat uchun kurashmoqqa layoqatlari allaqachonoq so‘nib bo‘lgan odamlargagina tayanardi.
Rus asilzodasiga sen shunday deding: farovon turmushing huzuridan mast bog‘u rog‘laring bag‘rida, daraxtlaringning soya-salqiniyu, ko‘lning bo‘ylarida yayrab yurgan bir paytingda, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, izg‘irinu jaziramada peshonasiga bir qarich ham yer bitmagan qanchadan-qancha mehnatkashlarning yakka o‘zinggagina qarashli million fed*dan iborat salmoqli yer maydonlarini obod qilish uchun yer maydonlarini haydab, unga ishlov berib, ekin ekib, mevali daraxtlarni parvarishlab, mol-hol boqib yurishlari, seningcha, insofdanmi? Bunda ularning ham haqlari borligini tan ol-da, sening huzur-halovating uchun ularning qiynalayotganlarini yoki faqat sening joning omon bo‘lishi uchun ularning nobud bo‘layotganini ko‘rib, yuraging o‘rtanmasligi uchun adolat yuzasidan bu tuproqda yetishtirilgan hosilni ular bilan baham ko‘r. Shuni yodda tutki, bu zaminning egasi Olloh va unga egalik qilmoqqa ham yolg‘iz Ugina qodir.
Yo‘q, sen asilzodaga biror narsani o‘rgatish yoki unga pand-nasihat qilishning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmading; yerda ishlash uchun o‘z yeringni dehqonlarga taqsimlab berib, o‘zing ibrat ko‘rsata olding; bu bilan ham ko‘ngling tinchimadi: ketmoningni, mol-holingni olding-da, o‘zingbop chokqina yerni topib, hamma bilan bab-baravar ishlash uchun u yerga ketding! O‘zingdagi bu ulkan ibrat ila so‘zlaringga quloq solmagan o‘sha bag‘ritoshni ishontirishga umid qilding. Biroq u faqat sening va odamlarga bo‘lgan rahmdilliging ustidan kuldi; odam zerikkanda yoki ranjigan kezlari qiziqarli kitob o‘qishga qanday ehtiyoj sezsa, u bilan bo‘lgan sening suhbatingga ham u shunday ko‘z bilan qaradi.
Sen ruhoniyga shunday so‘zlarni aytding: Iso Masih ne-ne qiyinchilik va quvg‘inlarga uchrab, mashaqqatli hayot yo‘lini bosib o‘tdi, chunki u ba’zi bir bandalarning boshqalari ustidan jabr-zulm o‘tkazishiga ko‘nikolmadi; u qo‘lida yonib turgan chiroqni yashirmadi, uni yopinchig‘i bilan to‘sib ham o‘tirmadi, o‘zidagi illatlarni chiroqning yaraqlagan nurlaridan berkitishga erisholmagan podshohning g‘azabidan ham qo‘rqmadi, chiroqni boshi uzra dadil ko‘tardi. Nega endi sen, o‘zingni uning izdoshi, vazifasining davomchisi va ta’limotining tarafdori deya fahmlab, zolim hukmdorlikni qo‘llab-quvvatlaysan? Sening noming va hozir sen ushlab turgan muqaddas diniy kitobning panohiga yashirinib, jazo olmasdan istagan payt xohlaganni talab, ko‘ngling tusagancha jabr-zulm o‘tkazish uchun xuddi orangizda shartnoma tuzilgandek, o‘z sadoqatingu roziligingni namoyish etib, nega bu qadar unga yukinmoqdasan? Seni jannatga doxil etib, ko‘nglingga xush kelmaydiganni u yerdan quvib chiqarishga izn beradigan sendagi qanday vakolat bo‘ldi ekan? Bu hashamatli uy-joylar, kimxob ust-boshlar qaerdan keldi? Nega sen maqsadsiz yashaysan? Axir sen Parvardigori olamga xizmat qilish uchun dunyoning barcha huzur-halovatlaridan voz kechgan taqvodor, rohib bo‘lsang.
Ruhoniyda bunday huquq borligini sen tan olmasligingni garchi ruhoniy fahmlasa-da, unga aytgan gaplaringga javoban u seni cherkovdan haydashni buyurdi; seni qoralashga, senga tuhmat qilishga urinib, g‘ururingni tahqirlab, xalqni senga qarshi oyoqlantirsa-da, sen unga g‘iring etib gap qaytarolmading. Mehribonliging va xayrli pandu nasihatlaring uchun bu sening haqing.
Seni yig‘latgan Sibirga surgun qilinganlarning ayanchli ahvoli, haddan ziyod azoblari va chidab bo‘lmas mashaqqatli hayotlari bo‘ldi; va sen shunday dod soldingki, ovozingni asilzodalar ham, avom ham birday eshitdi. “Ey, odamlar! — deb hayqirding sen. — Yovuzlikka yovuzlik bilan barham berib bo‘lmaydi, axir jinoyatchilar — bu nosog‘lom kishilar-ku, shuning uchun ulardan o‘ch olish emas, ularning dardiga malham darkor. Oqilona tarbiya jinoyatchilikning ildizini quritadi va ayni paytda intiqom singari yana u tomonga undaydi. Qamoqxonalar o‘rniga maktablar bunyod eting, turma nazoratchilarining o‘rniga o‘qituvchilarni yuboring”. Biroq bu dod-faryodingni hech bir zog‘ eshitmadi va hech kim senga qo‘shilib ko‘z yosh ham to‘kmadi. Sudlar o‘sha-o‘sha hukm chiqarishda, mirshablar o‘zboshimchalik qilishda, turma nazoratchilari xo‘rlashu tahqirlashda, mahbuslar esa azob-uqubatda kun kechirishda davom etyaptilar.
Jang maydonida jonlarini nima uchun fido qilayotganlarini ham bilmay qurbon bo‘layotgan erlariga, o‘g‘illariga yoki aka-ukalariga aza ochgan ayollarni ko‘rganda, shafqatsiz xunrezlik bilan sodir bo‘layotgan bu bema’ni urushga nisbatan g‘azabingni tiyolmasding. Nafrat va adovatning zo‘ridan dushmanlar bir-birinini ko‘zini o‘yishga tayyor ekaniga yagona sabab — shafqat bilmas siyosatdonlarning yolg‘iz o‘zlarigagina e’tiqod qilishga da’vat etuvchi tuyg‘uni ularning yuraklariga singdirib, xatoga yo‘l qo‘yilgani bo‘lgandi. Odamlar o‘z liboslarini tashlab, vahshiy hayvon terisini yopinib olardilar-da, bir-birlarining yuraklarini sugurishni mo‘ljallab, unga chang solardilar va shu zayl o‘z insoniy qiyofalarini yo‘qotib borardilar. Agar odamlar o‘zlarining buzuq niyatlaridan voz kechib, rahmsiz siyosatdonlarga quloq osmaganlarida, qanchadan-qancha yuraklar omon qolib, muhabbat ila urishda davom etgan bo‘lurdi. Biroq ko‘z yoshlaringning bari behuda edi, na arz-dodlar yordam berdi va na oh-vohlar: urushlar barham topmadi, na faqat yerda, ko‘kda ham jangni davom ettirish uchun ajal fabrikasi qurol-yarog‘ ishlab chiqarishda bir zum ham o‘z faoliyatini to‘xtatmadi…
Ey buyuk zot, baxtli bo‘l, bu hayotdan qutulishga urinib tanlagan yolg‘izlikdagi tinch va bexavotir turmushing hafsalangni pir qilmasin. Bunday paytda mulohazali inson qanday yo‘l tutgan bo‘lardi? G‘azabini yengib, faqat sukut saqlaydi yoki musibatdan o‘lar holatga yetib tilga kiradi!
Bilimsizlikni ma’rifatga aylantirish va jaholatdan qutulib, ro‘shnolikka yuz tutish, qorani esa oqqa o‘zgartirish, ehtimol, bironta oqil kishining qo‘lidan kelar; balki dengiz bilan yerning o‘rnini almashtirib, u yerdan lahm kavlash yoki osmoni falakka yetgulik zinapoya bunyod etishning ham kimdir uddasidan chiqar, biroq odamlar orasida sodir bo‘layotgan qabihliklarni oliyjanoblikka, yovuzliklarni ezgulikka aylantirish esa hech kimning qo‘lidan kelmaydi.
O‘z kuch-qudratiga bino qo‘ygan bu odam bolasi o‘zi kabilarga azob berishda hali davom etar ekan, o‘z yon-veridagilarga mehr-oqibat ko‘rsatishni o‘rganmas ekan, xudbinlik balosi yosh demay, qari demay har bir odamning boshida tegirmon toshini yurgizishda davom etar ekan, bugungi inson o‘rmon va chakalakzorlarda kun ko‘ruvchi o‘sha-o‘sha kechagi inson bo‘lib qolaveradi. Mavjud tafovut esa shundan iboratki, shu bugunning odami, o‘zidagi bor qahr-g‘azab, nuqsonu kamchiliklar bilan oynavand uylarda yashaydi. Nahot mana shu shaffof shisha oynalar o‘zini uning panasiga olganlarning axloqsizliklarini yashirib qololsa?!
_______________
* Fed — Yarim gektar atrofidagi yer maydoni o‘lchovi.

Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2013 yil, 7-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.