OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mustafo Qutlu. Yulduz to’zoni (hikoya)

Yoz oqshomi.
Salqin bir yoz kechasi. Yulduzlar xuddi osmondan yerga enayotgandek. Go‘yo qo‘l cho‘zsang yetadi. 
Ukam Kenan bilan birga tomda yotardik.
Osmondagi yulduzlarni tomosha qilardik. 
Churq etib, og‘iz ochmasdik.
Tun qushlari o‘qtin-o‘qtin sayrar, ora-sira uzoqlardan itlarning vovullashi eshitilardi.
Kenan shu vaqt:
— Aka! — dedi
— Ha! — dedim men.
— Osmonda har bir odamning o‘z yulduzi bor deyishadi, shu gap ¬rostmi?
— Bilmayman, balki to‘g‘ridir.
— Qaysisi mening yulduzim ekan-a?!
— O‘h-ho‘... millionlab, milli¬ardlab yulduzlar bor, men qaerdan bilay.
— Bo‘ldi, men shu yulduzlarning birini tanlashni xohlayman, sen ham o‘zingga tanla.
Bu gap menga yoqib tushdi.
— Qani, tanlaymiz.

Kenanga yulduzlar haqida so‘z ochdim.
Maktabda o‘qiganlarimni birma-bir eslay boshladim. Qara, shu teskari kapkir shaklidagi yulduz Kichkina Ayiq, uning yonidagisi esa Katta Ayiq deyman va ukamning “Qani, qani, qaysisi” degan savoliga aniq-lo‘nda javob beraman.
Kenan hali maktabga bormagan, inshoolloh, bu yil boradi. 
U, nihoyat, yorug‘ bir yulduzni tanladi. «Mana bu — mening yulduzim» dedi. Naq Kashish tog‘ining tepasida tikka osilib turgan yulduz. Jo¬yini belgilab qo‘ydik.
Men ham bir yulduzni tanladim, bema’nilik, ha, mayli shunday bo‘la qolsin; hali u bola-da.

Shunday deb o‘ylashim bilan bir yulduz uchdi.
Ortidan nurli iz qoldirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Kenan hayajon bilan:
— Aka, qara, bir yulduz uchdi. Uchib, ko‘zdan yo‘qoldi. Yulduzlar uchib, qaerga ketadi? – dedi.
— Uni bilmayman, biroq...
— Nima, biroq?
— Deydilarki, agar yulduz uchsa, uning sohibi bu dunyoni tark etarmish.
— Hozir hammi?
— Shunday.
Kenan xafa bo‘lib menga yuzlandi:
— Qaramaylik, aka. Ular yana uchar, ehtimol...
— Mayli, qaramaymiz.

***

Tog‘am keldi.
Tog‘am Olmoniyadan menga velosiped, Kenanga koptok sovg‘a keltirdi. 
Tog‘am meni bolaligimdan biladi, Kenanni bo‘lsa hech ko‘rmagan. U ancha yillar ilgari Olmoniyaga ketgan, ko‘pdan beri uyga kelmagandi. Hozir ta’tilda. Kelishi bilan uyimiz nurga to‘ldi. Ammo tog‘am tez orada qaytib ketmoqchi, chunki ta’til muddati kam ekan. U meni quchog‘iga olib, havoda aylantirdi, yuzi qizarib, nafasi bo‘g‘ildi.
— Katta yigit bo‘lib qolibsan, — dedi.
Tog‘amning qo‘llarini o‘pdim, rahmatlar aytdim. Tog‘am Kenanning sochlarini silar ekan, onamga qarab:
— Voy-bo‘y, xuddi mening o‘zim, — dedi.
Onam:
— E-e... Aytadilar-ku, o‘g‘il tog‘aga, qiz bibiga tortadi, deb.
Biz tomonlarda ammani bibi deyishadi.

Mening ham velosipedim bo‘lishini ko‘pdan orzu qilar edim. Lekin badavlat yashamaganimiz uchun otam menga velosiped olib berolmasdi. Yoshim ulg‘aygani sayin shaharchamizdagi velosipedi bor bolalarga havasim kelib, ularning orqasidan yugurar, “Men ham bir marta uchsam nima bo‘ladi”, deya yolvorardim. Ular bermasdilar. Bizning shaharchamiz juda kichkina, sanoqli bolalardagina velosiped bor, ular ham o‘ziga to‘q oilalarning bolalariniki.

Endi mening ham velosipedim bor. Hammasining ko‘zini o‘ynataman, hech kimni uchirmayman. Har kuni yuvib, yaltiratib qo‘yaman. Aslida, top-toza, yap-yangi. Shaharchamizda eng chiroyli velosiped mening velosipedim. Hatto unda uchishga mening ham ko‘zim qiymaydi. Yo o‘zim yiqilib tushadigan, yo velosipedga bir narsa bo‘ladigandek. 
Ammo sabrim chidamadi, velosipedimda ora-chira ucha boshladim. Kenan yonimda yugurar, “Aka, meni ham uchir, menga ham o‘rgatsang nima qiladi”, deya yalinardi, lekin uni velosipedga sira yaqinlashtirmasdim. “Bo‘lmaydi, sen hali kichkinasan, oyoqlaring yetmaydi, ket, koptogingni o‘yna”, derdim. U bo‘lsa — yig‘lar, depsinar, “Nima qilaman koptokni, men velosipedda uchishni xohlayman”, deb ming‘irlagani ming‘irlagan edi.
— Yo‘q, bo‘lmaydi, — derdim men.
U borib onamga yomonladi, onam esa mening yaxshilab ta’zirimni berdi. Kenan butunlay menga qarshi edi, yig‘ladi-siqtadi va nihoyat, xafa bo‘lib, ovozi o‘chdi. Jahlidan tushmay tomga chiqdi, kaptarlarni uchirish bilan ovora bo‘ldi.
«Uf... Kaptarini uchirsin. Meni bir pasgina xoli qoldirsin».
Shaharcha ko‘chalarida velosipedimda uchar ekanman, hamma menga qarar, bolalar orqamdan yugurishib velosipedimni ushlab ko‘rishga intilardilar. “Qochinglar, iflos qo‘llaringizni tekkizmang”, deya bolalarni yozg‘irardim. Ularning velosipedlari eski-tuski. Ustiga-ustak, o‘zimizning mol. Meniki-chi, olmon moli!
Faqat Abdurahmonga minishga ruxsat berdim.
Keldi, velosipedning u yoq-bu yog‘ini ko‘rgandek bo‘ldi, qutlug‘ bo‘lsin, dedi. Uchirishni xohlamadi, aslida uchishni bilmasdi.
Abdurahmon yetim. Otasi yoshligidan hammol bo‘lgan ekan. O‘tgan yili vafot etdi. Ular juda faqir, onasi ham kasal. Abdurahmon maktabga bormay qo‘ydi, bozorda tilanchilik qila boshladi. Har holda, uch-to‘rt kurush topib keladi. Yaxshi bola, bilimi ham yaxshi edi. 
Abdurahmonga rahmim kelardi. 
Qaniydi, uchirishni bilsa, unga velosipedimni berib turardim.
***
Tog‘am Olmoniyaga jo‘nab ketdi.
Yozgi ta’til ajoyib o‘tdi.
Na soyga cho‘milishga bordim, na baliq oviga. Yoz bo‘yi umuman koptok o‘ynamadim. Faqat velosipedda uchish bilan kunim o‘tdi. Ikkita kichkina bayroq sotib oldim. Biri Turkiya bayrog‘i, yana biri «Fanorbog‘cha» bayrog‘i. Ularni rulga taqmoqchiman. Qani endi, bir hushtagim ham bo‘lsa, ya’niki, velosiped signali. Qo‘ng‘irog‘im bor, lekin uni nima qilaman. Otamga aytsam, shahardan menga velosiped signali olib kelib berarmikan?
Kenan men bilan gaplashmaydi, hanuz xafa.
Men velosipedni yetaklab uydan chiqqanimda u tomda turib menga qarab-qarab qo‘yardi. Aslida ukamni bunchalik xafa qilmasligim kerak edi. Ammo, nima qilay, u hali juda kichkina, gapga tushunmaydi.
Yonida yurib o‘rgatsam, uch kundan keyin o‘zim uchaman, deyishi turgan gap. Aytganini qildirmasdan qo‘ymaydi. Uni yaxshi bilaman. Uchishni o‘rganib olsa, velosipedni o‘ziniki qilib olishi tayin, keyin meni hatto yaqinlashtirmasligi ham mumkin. 
Hali shoshilmasin, bir oz kutsin. Salgina ishtiyoqim susaysin. Lekin susaymayapti sira. Hatto kechalari ham velosiped tushlarimga kirib chiqadi.
***
Bir kuni saharlab to‘satdan eshik taqilladi. 
Qanday taqillaganini ko‘rsangiz edi. Xuddi u kimsa uyni yiqmoqchidek. Bir eshik qo‘ng‘irog‘ini bosar, bir eshikning o‘zini urardi.

Apil-tapil yugurib borib, eshikni ochdik: Abdurahmon. Yuzlari oqarib ketgancha, baqrayib turardi.
Otam:
— Nima bo‘ldi, Abdurahmon, bu qanday vahima? — deb so‘radi.
— Kenan yiqilib tushdi amaki, yuguring, — dedi. 
Hayron bo‘lib, hammamiz bir-birimizga qaradik.
— Kenanga nima qildi?
— Kenan uyda emasmidi?
— Kenanga nima bo‘ldi?
Otam pijamada, onam tungi ko‘ylagining ustidan shoshilgancha nimanidir kiydi, men esa kalta ko‘ylakda edim. Hammamiz tashqariga otildik.
Yo‘lda ketayotib “Kenan qaerda?” — deb so‘radi otam.
Abdurahmon “Oldinda, yo‘l chetida pastlikka dumalab ketibdi”, — dedi. 
Otam bilan onam shunday yugurdilarki, biz — Abdurahmon ikkimiz orqada qolib ketdik. Ular muyulishda qayrilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. 
Men Abdurahmondan “Kenan erta-sahardan tashqarida nima qidirayotgan ekan?”, — deb so‘radim. Abdurahmon yerga qaradi. “Velosipedingni olibdi, uni uchiribdi, balandlikdan pastga enayotib to‘xtata olmay, pastlikka qulabdi. Men uni ketayotganida ko‘rdim. O‘zi bir tomonda, velosiped boshqa tomonda, boshi qonab ketibdi”, — deya zo‘rg‘a nafas olardi u.
Biz voqea joyiga yetib bormasdan onam bilan otam muyulishda ko‘rindi. Otam Kenanni quchog‘iga olgan, Kenanning boshi otamning qo‘li ustida go‘yo jonsizdek pastga osilib turardi, onam tizzalariga urganicha “Ketti o‘g‘lim, ketti”, — deya dod-voy solardi.
Otam yonimizdan o‘tar ekan, “Bor, buvingga xabar ber, biz kasalxonaga ketayotirmiz, xavotir olmasin”, — dedi.
Abdurahmon ikkimiz turgan joyimizda qotib qoldik. Birpasdan keyin u yelkamga turtib: ”Xafa bo‘lma, balki faqat hushidan ketgandir”, — dedi.
Bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandek bo‘ldi, ho‘ngrab yig‘lab yubordim. o‘zimni hech to‘xtata olmayman: ko‘z yoshlarim tinimsiz oqadi. Abdurahmon ham yig‘ladi. 
Qo‘lini yelkamga qo‘ydi. Qishloq kasalxonasida shifokor yo‘q. Ikki doya, bir hamshira bor, xolos.
 Bolani zudlik bilan shaharga, kasalxonaga olib borish kerak, debdilar. Bir jip mashina topib Kenanni shaharga olib ketibdilar. Buvim esa derazaning oldiga cho‘kkalagancha ko‘zini yo‘ldan uzmasdi. Tinmasdan duo o‘qirdi. Qo‘shnilar ham uyimizga chiqdilar.
 Abdurahmon bilan borib velosipedni ko‘rdik. Egri-bugri bo‘lib ketibdi: rul qiyshaygan, chirog‘i singan. Hech ko‘z oldimdan ketmayotir. 
Velosipedni sudrab uyga keltirdik, hovlining bir burchagiga suyab qo‘ydik.
Oh Kenan, oh! Nega bunday qilding?
Ammo ayb menda. Uni velosipedga mindirganimda edi, havasi sal bo‘lsa-da pasayarmidi! Shunda bu falokat ham sodir bo‘lmagan bo‘lardi. Ayb menda. 
Tuz ham totmadim. Ayvonda o‘tirib qoldim. Ko‘zlarim velosipedda. Ming la’nat. Kenanga bir narsa bo‘lsa-chi? Ukam o‘lib qolsa-ya. 
Siqilib ketdim. Ortiq yig‘lashga holim qolmadi. Nima qilsam ekan? Shahardan ham biror xabar yo‘q. Kenanning ahvoli yaxshi, xavotir oladigan joyi yo‘q degan xabar kelsa, qaniydi. 
Tomga chiqib kaptarlarga don sepdim. Vaqt tezroq o‘tsin deb tovuqxonani tozaladim, suvlarini yangiladim. Kenanning taxtadan yasalgan eski bir o‘yinchoq mashinasi bor edi. G‘ildiragi singan, u ham bir tomonga ag‘darilib yotardi. Unga yangi g‘ildirak yasab, o‘rniga qo‘ydim. Chiroyli bo‘ldi. Ammo Kenan endi buni o‘ynamaydi, kichkina bola emas. U endi ulg‘aydi, bu yil maktabga boradi.
Buvim ayvonda turib ovoz berdi: “Nabiraginam, kel, bir-ikki luqma ovqat yeb ol”, — dedi. “Qornim to‘q mening”, — deya javob berdim. Tomdan pastga tushishni xohlamadim, u velosipedni yana ko‘rishni istamayman.

Oqshom bo‘ldi, hamon xabar yo‘q.
Qo‘shnilarimiz buvimga sho‘rva keltirishdi, xabar bormi, deb so‘radilar. Xabar — yo‘q.
Men hamon tom ustida edim. 
Keyin pastga tushdim. Yugurib velosiped yoniga bordim. Rulga og‘irimni tashladim, bir oz to‘g‘rilandi, sudrab Abdurahmonning ¬uyiga keldim.
Abdurahmon hayron bo‘ldi. Nima bo‘ldi, dedi, xabar bormi? Yo‘q, dedim. E-e, dedi. Bu velosipedni senga olib keldim, pochchang temirchi-ku, balki tuzatar, dedim. Yo‘g‘-e, dedi; u nima deb tushundi, bilmadim. Men buni senga bermoqchiman, dedim. Abdurahmon qanday bo‘lar ekan, ta’mirdan chiqarib yana minarsan, dedi. Yo‘q, yo‘q, dedim; men bu velosipedni endi minmayman, seniki bo‘lsin, dedim.
Shunday deyishim bilan ko‘zlarim yana yoshga to‘ldi. Boshqa gaplashmadik. Abdurahmonni shu yerda, eshik oldida hayron qoldirgancha undan uzoqlashdim.
Kelib yana tomga chiqdim.
Osmonga qarab yotib ko‘zlarimni Kashish tog‘ining ustida porlab turgan yulduzga tikdim. Bu — Kenanning yulduzi, ikkalamiz tanlagan edik.
Yulduzga tikila-tikila kechgan kunlarni xayolimdan o‘tkazdim. O‘tgan yozni. Ariqda tutgan baliqlarimizni. Pastki mahallani matchda 6—2 hisobida yutganimizni.
Yulduz uchdi.
Yulduz uchib pastlay boshladi.
Kenanning yulduzi uchayotir.
Kenan o‘layotir.
Ollohim, Ollohim, Kenan o‘layotirmi?
O‘rnimdan uchib turdim, bir ko‘zim yulduzda. Yulduz ortidan nurli iz qoldirib yaqinlashayotir. Makkajo‘xori dalasi yoniga, Sulton pichanzori ustiga to‘g‘ri tushayotir. 
Tomdan o‘qdek otilib tushdim. Oyoqlarim yalang. Yugura boshladim. Shaharcha ko‘chalarida yeldek uchdim. Bir ko‘zim yulduzda. 
U tushayotir, men yugurayotirman. 
Shaharchadan chiqdim, makkajo‘xori dalasiga ro‘para bo‘ldim. 
Makkajo‘xorining bo‘yi menikidan baland, barglari yuzimni tirnardi. Yulduzni ko‘rmayotirman, yulduzga nima bo‘ldi? Makkajo‘xorizordan chiqdim, pichanzor tomon yurdim. Atrof kunduzdek yorug‘, moviy-yashil ajib yorug‘lik. Suv yanglig‘, dengiz yanglig‘. 
Yulduz tushayotir. 
Shukrki, sekin-sekin enayotir.
Bir fazo kemasi kabi yorug‘lik taratgancha enayotir. 
U qo‘ndi, men yaqinlashdim; u tushdi, men bordim. Pichanzorning o‘rtasiga yetdim.
Yulduz tushib keldi, keldi, kelayotib porladi, porlab zarralarga aylandi, men qo‘llarimni uzatdim, ikki kaftimni ochdim, yulduz kelib kaftimga qo‘ndi. 

Xuddi tushdagidek suhbatlasha boshladik:
— Sen Kenanning yulduzisan, shundaymi?
— Shunday.
— Xush kelibsan, ahvoling qanday?
— Yaxshiman, ammo quladim, uchib kelayotib quladim.
— Hechqisi yo‘q, men seni yugurib tutdim. 
— Tashakkur. Ozgina kech qolganingda yerparchin bo‘lardim. 
— Buncha yengilsan, nega yulduzlar uchadi?
— Har jonzotning bir umri bor, umri oxirlasa nur so‘nadi. 
— Biroq men seni tutdim, qara, hali ham porlayotirsan.
— Demakki, bir umrning vaqti-soati tugamagan. 
— Xo‘sh, endi nima qilamiz. Seni hamisha kaftimda bunday tutib turolmayman-ku. 
— Ma’qul. Nima qilmoqchisan?
— Nima qilay?
— Meni bir oz balandga ko‘tar-da, keyin butun kuching boricha “Yo, Olloh! Bismilloh!”, deb menga qarab pufla!
Yulduz par yanglig‘ osmonga yuksaldi, so‘ngra tezlasha-tezlasha, yorug‘lik tezligida ko‘k sari o‘qdek to‘g‘ri ketdi — eski joyiga yetib bordi, u makondan menga bir ko‘z tashlagandek bo‘ldi, go‘yo tashakkur bildirdi.
Voy-bo‘y!
Kenanning yulduzi yana Kashish tog‘ining qoq tepasida, eski o‘rnida — yana oldingidek porlab turardi.
Yelkamdan og‘ir bir yuk tushgandek bo‘ldi.
Yulduzga qo‘l silkidim, keyin bir qattiq hushtak chaldim, so‘ngra kelgan yo‘limdan sollana-sollana orqaga qaytdim.
Uyga kelganimda eshik oldi to‘la olomon edi.
Bir jip turardi va Kenan yana otamning quchog‘ida edi. Hayajon bilan otilib, ularning yoniga bordim. Kenan tuzalgan, kulardi. «Juda yomon yiqildim, aka», dedi. Bu safar sevinchdan ukamning bo‘yniga osilib ho‘ng-ho‘ng yig‘ladim.
U yerga to‘plangan hamma yig‘lardi. Nima sababdan, anglamadim. Otam yetar, bo‘ldi, deb meni Kenandan ayirdi. Olomon «Ko‘rganingiz shu bo‘lsin» deb, sekin-sekin tarqaldi.

Hovliga kirishim bilan onamning ko‘zi menga tushdi va qo‘llarimga ishora qilib:
— Sening qo‘llaringga nima bo‘ldi? — dedi.
Men ham qaradim.
— Nima bo‘libdi, nima bor ekan, — dedim.
—    Xuddi yulduz to‘zoni to‘kilgandek porlayapti. Oppoq.
Olloh gunoh yozmas, deb yolg‘on gapirdim:
— Hanifa xolaning somonini tashigan edik, shundan bo‘lsa kerak, — dedim.
Qaerdandir Abdurahmon paydo bo‘ldi.
— Ha, somon tashidik, — deya meni qo‘llab-quvvatladi u.
Hech kim bilan gaplashadigan holim qolmagan edi. Hamma qandaydir horg‘inlik bilan uyga kirdi.

Tashqarida Abdurahmon bilan ikkimiz qoldik.
— Kenan yaxshi, — dedim unga. — Hech narsa bo‘lmapti.
— Bilaman, — dedi. Shahardan kelgan jipni u kutib olgan edi.
Boshimni ko‘tarib Kashish tog‘ining ustida to‘g‘ri osilib turgan yulduzga qaradim. O‘yga toldim. Abdurahmon:
— Kech bo‘ldi, men ketaman, — dedi.
— Sog‘ bo‘l, — dedim, — ertaga ko‘rishamiz.
Abdurahmon to‘xtab qoldi, qo‘llarimga qarab so‘radi:
— Qo‘llaringga nima bo‘ldi?
Kulimsirab:
— Bir kun kelib tushuntiraman, — dedim.
— So‘z berasanmi? — dedi Abdurahmon.
— So‘z beraman, — dedim men.

Turk tilidan Poshshojon Kenjayeva tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.