OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ofoq Mas’ud. Inspektor Vaysman (hikoya)

G‘ulom Husaynli Fanlar akademiyasi hovlisiga qadam qo‘ydi-yu, kutilmagan manzaradan sarosimada qoldi. Chamasi, shaharni mo‘r-malahday bosib ketgan, duch kelgan muassasayu do‘kon va yemakxonalar peshtoqiga har turli lavhalarni osib, ko‘cha-ko‘yda beg‘amgina kavshanib yuradigan, yuzlari qip-qizil ajnabiylar, nihoyat, bu dargohga ham boshini tiqqan ko‘rinadi. Asriy sarvzor qo‘ynida joylashgan, rango-rang gulxonalari ko‘zni quvontiradigan muqaddas ilm maskanida, odatan, qalin-qalin papkalarni qo‘ltiqlab olgan olimlar salmoqlanib sayr etib yurishardi. Endi esa bejirim asfalt yo‘lkalarda tumshug‘iga xorijiy davlatlarning bayroqchalari qadalgan hashamdor qop-qora mashinalar tizilishib turardi. Ular yalt-yult etib ko‘zni qamashtirar, ulkan guldastalarni quchoqlab olgan ilmiy xodimlar o‘zlarini qo‘yarga joy topolmas edi. Bu holni ko‘rib G‘ulom Husaynlining kuraklari orasida sovuq ter tomchisi o‘rmaladi... Serrayib turish noqulay edi, u tez-tez yurib, ostonada uymalashib turgan odamlar orasidan ichkariga kirdi. Biroq foyeda ham soxta tantanavor manzaraga duch keldi. Hovlida hukmron bo‘lgan bayramona ko‘tarinkilik go‘yo opichlab ichkariga olib kirilgan edi.
Ikkinchi qavatga chiqiladigan marmar zinapoya tepasiga ajnabiy tilda bir nimalar yozilgan oppoq matolar, moviy bayroqlar osib qo‘yilgan.
G‘ulom Husaynli bu yerda his-hayajonini arang jilovlab turgan tarixchi, filolog professorlar davrasiga tushib qoldi. Ularning ko‘zlari allanechuk g‘amgin edi. Lekin bo‘lajak tadbir to‘g‘risida baland-baland tovushda safsata sotishar, tilyog‘lamalik bilan kimnidir maqtashar, bir-biriga quloq solmasdan savol berishar, javobini esa hech kim eshitmas edi — eshikdan baayni hazrati Xizr kirib kelishini hamma intiq bo‘lib kutmoqda. Bir kishidan naqd hammomdan chiqqan oqavadek zax hidi anqir, bulbuligo‘yolik qilayotgan bu kimsa shu tobda, kuppa-kunduz kuni chirib, po‘panak bosib borayotganga o‘xshar edi.
G‘ulom Husaynli professorlarning baqir-chaqirini eshitmaslik uchun o‘tgan kunlarni — unutilmas jo‘shqin yillarini eslab ketdi. U vaqtda endigina akademiyaning aspiranti bo‘lgan edi. O‘shanda bu dargoh unga muhtasham ilm ibodatxonasidek ko‘rinar, u kezlarda hali yosh bo‘lgan hozirgi ilmiy xodimlar institut direktorlariga yoki so‘roq alomatidek bukchayib qolgan akademiklarga taqlidan salmoq bilan odim otishga harakat qilar edi. Xotiralar G‘ulom Husaynlini to‘lqinlantirib yubordi, u mijjalarida paydo bo‘layozgan yoshni yashirish uchun foyening naqshinkor ustunlarini, shiftlarni talmovsirab tomosha qila boshladi.
Nafsilamrini aytganda, o‘tgan kunlar hali unchalik uzoqlashib ketmagan. Ammo, G‘ulom Husaynlining nazarida, bugun barhayot o‘sha professorlar avlodi nihoyatda abgor bo‘lib qolgan, go‘yo akademiyaning tovush o‘tkazmaydigan qalin devorlarini qulatib, vayron qilib beso‘naqay bir traktor o‘tib ketganu odamlarni ham ezib-yanchib yuborgan edi.
Akademiyaning o‘zi ham o‘zgarib ketgan. Xiyla cho‘kib, torayib qolganga o‘xshaydi. Yo‘laklari ham avvalgidek charog‘on emas, xira tortgan. U hozir G‘ulom Husaynliga tasodifiy yo‘lovchilar bilan to‘lib-toshgan besaranjom vokzal perronlarini eslatdi...
Hamma narsa ayanchli, xoru zor, tashlandiq.
Ikkinchi qavatdagi majlislar zaliga kirilgandan keyingina professorlarning jag‘i tindi. Bu zal allaqachon ta’mirtalab bo‘lib qolgan, nihoyatda aftoda edi. G‘ulom Husaynlining yon-veriga joylashib olgan ilm ahli savatchalarga solingan gullar bilan bezatilgan sahnani, tobora gavjumlashib borayotgan zalni betoqat qiyofada kuzata boshladi.
G‘ulom Husaynli ham sahnadan ko‘z uzmasdi, ammo u shu tobdagi dabdababozlikka qarab negadir “Qalam” adabiy sho‘‘basida o‘tayotgan nochor kunlarini, ochin-to‘qin kechayotgan hayotini o‘ylardi. Qadrdon “Qalam” sho‘‘basi sharti ketib parti qolgan eski trolleybusga o‘xshardi: o‘ydim-chuqur yo‘llarda har yonga tashlab og‘ib ketsa ham, davr sinovlariga mardonavor dosh berib, talay yillardan buyon o‘zining kamtarona yo‘nalishini o‘zgartirmas edi...
Sho‘‘ba a’zosi bo‘lmish qalamkash birodarlari bir-bir xayolidan kechdi. O‘tgan hafta Shoirning tavallud kuni nishonlandi, ammo “chaqaloq” bayramni qizitish o‘rniga — sovutdi: totarib-bo‘zardi, dardini sirtiga chiqarmadi, So‘z qudrati haqida lom-mim demadi; undan keyin nutq irod qilgan kaltatoy Faraj ham kalavasining uchini yo‘qotib qo‘ydi — bir nimalarni ming‘irlab, tezgina minbardan tushib ketdi; oxirida Og‘aali tasavvuf durdonalarini dunyoviy adabiyotga almashtirmayman deb, ikki oyog‘ini bir etikka tiqib oldi, so‘ng kutilmaganda Sadayning yuziga shapaloq tortib yubordi... G‘ulom Husaynli ana shunga o‘xshagan noxush voqealarni eslarkan, sochlari orasida chumoli o‘rmalab ketdi — xijolatdan boshi terladi.
Go‘yo ahli zamon es-hushidan ayrilgan, dunyo ostin-ustun bo‘lgan, hamma narsa pul bilan o‘lchanadigan, hech kimni qorin dardidan boshqasi qiziqtirmay qo‘ygan edi. Hatto muqaddas maskan sanalmish, g‘arazli maqsadlardan nihoyatda uzoq hisoblangan akademiya ham nafsi ammora yo‘lida allaqanday ajnabiylar bilan hamkorlik qilishga majbur. Qadrdon “Qalam” sho‘‘basi esa na odamlarga, na adabiyotga bir chaqalik foyda keltiradigan abadiyat qonunlarini tadqiq etish bilan ovora! Balandparvoz da’volar shu zamonda kimga kerak, axir?! Undan ko‘ra ko‘rpaga qarab oyoq uzatgan ma’qul emasmi?.. Bariga o‘zi, o‘zining o‘jarligi sababchi. Adabiyotga mutaassiblarcha sajda qiladi, shu bois boshi balodan chiqmaydi. Faqat o‘zi qiynalsa go‘rga edi, sho‘‘baning barcha a’zolari, yor-do‘stlari ham yelkasiga oftob tegmay o‘tib ketyapti. “Baliq boshidan...” degan naql bekorga aytilmagan ekan.
Ajablanarli joyi shundaki, G‘ulom Husaynli balchiqqa botib qolganini juda yaxshi biladi, jonholatda undan xalos bo‘lishga intiladi, ammo qimirlagan zahoti botqoq battar komiga tortib ketaveradi. Hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. U go‘yo yomon tush ko‘rib, alahsirab yotgan odamga o‘xshardi — uyg‘onib uyg‘ona olmas, uxlab orom neligini bilmas edi; bir chigallikdan qutulsa, ikkinchisi ro‘parasida ko‘ndalang bo‘laverardi. Xullas, adabiyot qurbonlik talab etar, uni uncha-muncha narsa bilan rozi qilib bo‘lmas edi.
“Xo‘sh, abadiyat qonunlarining kimga keragi bor o‘zi? — deb ba’zan o‘tirgan joyida xunob bo‘lardi u. — Bu sufiyona vasvasalardan nima foyda?!”
Aslini olganda, o‘zi ham, do‘stlari bo‘lmish kaltatoy Faraj, Shoir, Dengiz va sho‘‘baning boshqa a’zolari ham qandaydir shubhali mazhabning mutaassib muridlariga o‘xshardi. Sirtdan qaragan odam ularni jinni-pinni bo‘lsa kerak deb o‘ylamog‘i tayin.
Boshqa yozuvchilar esa kechayu kunduz tadbirkorlik bilan puxta rejalar tuzib, qanday qilib farovon turmush kechirish to‘g‘risida bosh qotirar, kitoblarini chet ellarda bostirib pul topish payida edi. Bular-chi, tamaki tutuniga to‘lib, dimiqib ketgan xonalarida badiiy so‘z qudrati, biron bir asarning fazilatlari to‘g‘risida, teran ramziy ma’nolar haqida tomoqlari xirillab qolguncha bahslashar, biror so‘zning ma’nodoshini qidirib antak-tentak bo‘lar, so‘ngra ko‘zlari kosasidan chiqqudek bir alfozda bu kashfiyotlarini bir-biriga aytib ma’qullatar edi... Haqiqatan ham, bunday yig‘inlar adabiy kechadan ko‘ra, yashirin mazhab a’zolarining maxfiy uchrashuviga ko‘proq o‘xshab ketardi.
Mana shularni o‘ylaganda G‘ulom Husaynlining yuragi har gal g‘alati hapriqib tushadi. Lop etib qalamkash do‘stlarining dilbar misralari, mumtoz shoirlarning shohbaytlari xayoliga keladi. Bular uni nafaqat ma’naviy halokatdan, balki rasmona ajal changalidan ham asrab qolgan. O‘lim — haq, hech kim undan qochib qutula olmaydi. Lekin o‘lim boshqa, o‘z joniga qasd qilish boshqa narsa. Xudkushlik o‘yiga borgan onlarida G‘ulom Husaynli mardlik qilyapman deb, aslida nomardlik qilmoqchi bo‘lganini daf’atan his etar, so‘ngra es-hushini yig‘ib olib, shum niyatini qog‘ozdek g‘ijimlab, keraksiz qoralama nusxa kabi uloqtirib yuborar edi...
Bugungi dabdabayu as’asalar avvalgilariga o‘xshamasdi. Shu tobda akademiyada hukmron bo‘lgan muhit, uddaburonlik namoyishi ko‘ngilni aynitib yuborgudek darajada edi. Beixtiyor allaqachon ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan sho‘‘ba binosi, uning g‘alvirdek ilma-teshik tomi, bechorahol xodimlarning ozib-to‘zib ketgan qiyofalari bir yondayu adabiyotni tirikchilik manbaiga aylantirib olgan semizqurtlar yana bir yonda namoyon bo‘ladi...
Nimadir qilish, nimanidir o‘zgartirish kerak. Ehtimol, Adabiyot Qal’asining bulutlarga qadalib turgan biror arkonini qulatish kerakdir? Sho‘‘bani ham bulut bosgan, bulut ostida ingrab yotibdi. Zohiran batartib akademiyaning majlislar zalida ham oqimtir bulutlar ko‘zga tashlanadi. Xuddi kafanga o‘xshaydi.
Zal odamlar bilan limmo-lim bo‘ldi.
G‘ulom Husaynli keyingi o‘n yil mobaynida bu yerga qadam bosmagan edi; akademiya a’zolarining tarkibi deyarli yangilanibdi. Yig‘ilganlarning ko‘pchiligi yoshlardan iborat, keksa yoki o‘rtayashar kishilar ham bor, lekin aksariyat yangi odamlar G‘ulom Husaynliga notanish edi. Ular amaldor ustozlariga taqlidan qator oralab kekkayib yurishar, kiborlar misoli tishlarining oqini ko‘rsatib bir-biriga ta’zim bajo keltirar, qandaydir hujjatlarni oldingi qatorda o‘tirgan zotlarga qo‘lma-qo‘l uzatishar edi.
Ahli ilm orasida bir necha tanish akademik ham ko‘zga chalinardi; ular allaqachon keksayib, bukchayib qolgan edi. Akademiya kazo-kazolari yon tarafdagi pastak eshikdan engashib kirib, chumoli galasidek tizilgancha, ehtiyotkorlik bilan sahna yonidan o‘tdi-da, qat’iy tartib bo‘yicha birinchi qatordan joy oldi, handalakdek vaznsiz kallalarini har yonga burib past tovushda o‘zaro ming‘irlasha boshladi. Chamasi, ular boshqalar tushunmaydigan xos bir lahjada so‘zlashardi. G‘ulom Husaynlining esida: ular bundan o‘ttiz yil ilgari ham xuddi hozirgidek rangpar va bujmaygan ko‘rinardi. O‘tgan yillar mobaynida yanada bukchayib, yanada zahil tortib, zamon va makondan chetda qolib ketishibdi.
Nihoyat, anjuman boshlandi. Sahnada akademiyaning vitse-prezidenti paydo bo‘ldi — miqtidan kelgan, o‘rtayashar bir gumbaz; u shodligidan lab-lunjini yig‘ishtira olmas, go‘yo anovi “yangilik”ni tezroq aytmasa, naqd yuragi yorilgudek edi. Sahnaga chiqqach, teatru qoidasiga ko‘ra, noma’lum nuqtaga tikilib xiyla sukut saqladi-da, so‘ng vazmin ohangda so‘z boshladi. Aftidan, mog‘or hidi anqib turgan eski sahnada vitse-prezident o‘zini noqulay his etardi. Shu bois g‘ayritabiiy ravishda ovozini baland qo‘yib gapirishga harakat qildi. Nutqining o‘rtalarida allomaligini pisanda qilib murakkab ilmiy istilohdan foydalanmoqchi bo‘ldi-yu, oddiygina nayrangbozlikni ham eplay olmadi — duduqlanib qoldi, qiyshanglab nodonligini xaspo‘shlashga urindi. Boz ustiga, birinchi qatorda qotib o‘tirgan keksa akademiklar uni battar sarosimaga solib qo‘ydi. G‘ulom Husaynli ham o‘z faoliyati davomida mana shunday loqayd nigohlarga ko‘p bora duch kelgan. U dimog‘dor vazirlarning kabinetlarida, yuqori mansablarga qo‘qqaytirib qo‘yilgan amaldorlarning huzurida adabiyot sho‘‘basining og‘ir iqtisodiy ahvoli, tomdan chakki o‘tayotgani, yo‘laklarda yelvizak o‘ynayotgani, bir chetga uyub qo‘yilgan bebaho qo‘lyozmalar po‘panak bosib, yaroqsiz holga kelayotgani to‘g‘risida gapiraverib charchagan. Uning diydiyolarini cho‘yanbashara kimsalar qilt etmasdan eshitardi, G‘ulomboy esa bitta gapni to‘tiqushdek takrorlayverardi, ba’zan tutilib qolar, jahli chiqar, ichida o‘zini so‘kar edi. Goho asablari chatnab, chakka tomirlari bo‘rtib ketar, oxiri ovoz chiqarib bir nimalar deb do‘ng‘illardiyu kalovlanib tashqariga otilardi. Barcha tavallolari yana-tag‘in havoga sovurilganini ostonadayoq his etardi.
O‘lik ko‘zlarning bunday loqaydligi birpasda har qanday ishtiyoqni so‘ndiradi, unga duch kelgan odamning qo‘li ishga bormay qoladi.
...Vitse-prezident darhol o‘zini qo‘lga olib, shakarguftorlik bilan nutqini poyoniga yetkazdi. Keyin ajnabiy sarmoyadorlarning gumashtalari sahnaga taklif qilindi. Balandparvoz maqtovlardan dovdirabroq qolgan vakillar sahnaga chiqdi. Ovrupocha olaquroq shim kiygan ikki yigit birin-ketin o‘z tilida bir nimalar deb chuldiradi. Yuz-ko‘zini sepkil bosgan, qotmagina mallatob yigitchani G‘ulom Husaynli zimdan kuzatdi. Mallatob ajnabiy Olmoniya elchixonasining bir xodimiga juda-juda o‘xshardi; besh-olti oydan buyon G‘ulom Husaynli salmoqdor kitob nashr etishga buyurtma olish ilinjida inspektor Vaysman huzuriga zuv-zuv qatnaydi. O‘sha inspektorning yuzini ham sepkil qoplagan, ammo suhbatdoshidan hazar qilayotganini basharasidagi sepkil ham yashira olmasdi.

* * *

Elchixona shahar markazidagi muhtasham binoning quyi qavatida joylashgan. Mana shu balkonlari oynavand binoda bir vaqtlar xokisor Xalq shoiri istiqomat qilardi. U nihoyatda odamoxun inson edi. Hozir imoratning devorlari qayta suvoqdan chiqarilgan, negadir kulrang tusga bo‘yalgan, olisdan xo‘mraygandek ko‘rinadi, tovush o‘tkazmaydigan oynavand eshiklari doim yopiq turadi. Xuddi o‘lim lagerlariga qamalgan mahbuslar misoli oyoq uchida yuradigan elchixona xodimlarining tund basharalari G‘ulom Husaynliga bolalik chog‘larida ko‘rgan olachalpoq filmlardagi fashistlarni eslatardi.
“Olmon adabiyoti antologiyasi”ni tayyorlashga qaror qilgan sho‘‘ba nomidan elchixonaga rasmiy xat bilan murojaat etildi. Biroq hozircha olmonchadan bir misra she’r ham ozarboyjon tiliga o‘girilmagan. Xavfsizlik yuzasidan devorlari zirhlangan elchixona qabulxonasida har gal G‘ulom Husaynlini chiroyli bir ozarboyjon qiz kutib oladi. U oynavand to‘garak stol yonida alchayib o‘tiradi, uyat-puyatni bilmaydi, allaqachon olmonlashib ulgurgan; ona tilida zo‘rg‘a chaynalib gapiradi, dudmal javoblari kishining ensasini qotiradi. Ustiga ustak, uchlari o‘tkir tuflisi bilan goh oyoqqa tepib, goh o‘tkir tirnoqlari bilan yuzni chimdib olayotgandek tuyuladi. U sizga gumonsirab qaray-qaray, tovush yutadigan yumshoq to‘shama qoplangan yo‘lak bo‘ylab mallavoy xodim o‘tirgan xonaga boshlab boradi. Inspektor bilan uchrashuvga qadar kechadigan bu savdolar G‘ulom Husaynlining ta’bini har gal tirriq qiladi.
Allaqanday vahimali elektr asbobiga o‘xshagan Vaysmanning hapdori hidi anqib turgan xonasiga kirib, uning ro‘parasida ikki-uch daqiqa mulzam bo‘lib o‘tirganidayoq G‘ulom Husaynli bu yerga bekor kelganini anglaydi, ichidan zil ketadi. La’nati rasmiy xatni xayolan yuz marta mayda-mayda qilib yirtib tashlaydi, lekin endi Vaysmanning baqraygan sovuq ko‘zlaridan qochib qutulishning iloji yo‘q.
O‘sha xat yuzasidan inspektor Vaysman yana bir necha marta G‘ulom Husaynlini huzuriga chorladi. Inspektorning xonasi vaznsizlik holatida muallaq osilib turgan kosmik kemaning kayutasi kabi tor, dimiqib ketgan edi. U qildan qiyiq axtaradigan bezbet tergovchiga o‘xshab suhbatdoshini erinmasdan so‘roq qiladi; “Agar Olmoniya elchixonasi antologiya chop etish uchun mablag‘ ajratsa, pul qay yo‘sinda, nimalarga sarf etiladi?..” deb qayta-qayta so‘raydi. Odamning jonini hiqildog‘iga keltiradi. Antologiya xarajatlariga ajratiladigan puldan hali darak yo‘g‘-u, o‘tgan haftadan beri Vaysman har kecha G‘ulom Husaynlining tushiga kirgani kirgan. Boz ustiga, tasqara bir qiyofada namoyon bo‘lardi: gohida mahalliy kampirlarning etaklari yer supurib yuradigan ro‘dapo ko‘ylagiga burkanib, sap-sariq tuk qoplagan qo‘llari bilan G‘ulom Husaynlining bo‘ynidan quchoqlab, yuzini yuzlariga bosgancha erkalanib ozarboyjon tilida bir nimalar deb chuldirasa, gohida politsiyachilar libosida ro‘parasida o‘tirib olib, G‘ulomning basharasiga qizil chiroqni to‘g‘rilab ko‘zlarini qamashtirar, she’r-pe’rni eslatadigan allaqanday matnni olmon tilida o‘qib berar edi. Keyingi marta ko‘rgan tushida G‘ulom Husaynli Vaysman olkishlab turgan eshakdek tozidan zo‘rg‘a qochib qutuldi. So‘ng chag‘ir toshloq bo‘ylab yuguraverib o‘pkasi bo‘g‘ziga tiqildi, yalang oyoqlari tilinib ketdi; qandaydir ilonizi so‘qmoqlardan o‘tib, tong mahali holdan toyib yerga quladi va shu zahoti yana ustiga quturgan it tashlandi...
G‘ulom Husaynli qora terga botib uyg‘ondi, bezgakka chalingan bemor misoli vujudi dag‘-dag‘ titrardi; qalin ko‘rpani ustiga tortib o‘ranib oldi. Endi elchixonasiga qadam bosmayman, u yerlarni yelkamning chuquri ko‘rsin, deb qasam ichdi; Vaysmanni esa ashaddiy bir dushmandek xotirasidan batamom o‘chirib tashlaydi. Afsuski, oradan ikki soat o‘tar-o‘tmas sho‘‘baga bordiyu zinapoyada qisilib-qimtinib, mung‘ayib turgan, saratonda suvsiz qolgan gullardek so‘lib-sarg‘aygan xodimlarga ko‘zi tushib, beixtiyor elchixonaning qadimiy qal’a darvozasiga o‘xshash og‘ir-vazmin temir qopqalarini, tovush o‘tkazmaydigan qalin oynalarni, Vaysmanning malla basharasini yana esladi, yana undan umidvor bo‘ldi...

* * *

Professorlardan birovi alam bilan bosh chayqab, asta engashib yonida o‘tirgan sherigining qulog‘iga nimanidir shivirladi. Ularning sadaqa tilab o‘tirganidan G‘ulom Husaynlining ko‘ngillari aynib ketdi. “Namuncha yaltoqlanadi? Odam bolasi shu qadar ham tubanlashadimi?..” Uning yuragi duk-duk urar, asablari charsillar edi. O‘zini bosib o‘tirishga harakat qilardi-yu, lekin eplayolmasdi.
Nima uchun ko‘plab kitob, stsenariy va yirik tarjima asarlar muallifi bo‘lgan G‘ulom Husaynli kelib-kelib qandaydir chalasavod ajnabiyga hovuchini cho‘zib tilanchilik qilishi kerak? Vaysman kim bo‘pti — Olmoniyaning gadoytopmas bir kandigida tug‘ilgan, oilasi ham elektr asboblari jamuljamiga o‘xshasa ajab emas, o‘zi amal-taqal qilib birorta o‘quv yurtini tamomlagan bir ko‘ppak, xolos! Nega ana shu galvarsning bema’ni savol-so‘roqlariga chidashi kerak ekan? Undan ko‘ra, yer yorilib, yerga kirib ketgani ming marta afzal emasmi?! Dod, ming dodkim, o‘sha la’nati dargoh ostonasiga bosh urib borishga majbur. Insoniy or-nomusini toptab, betini qattiq qilib elchixonaga borib kelganidan so‘ng har gal yana navbatdagi uchrashuv to‘g‘risida bosh qotiradi. Bundan ortiq haqorat bo‘lmas...
Umr bo‘yi o‘zlarini olimu fuzalo hisoblab kelgan, rahbarlikni ham o‘rniga qo‘ygan, uyum-uyum ilmiy asarlar yaratgan kalondimog‘ professorlar nima uchun sochlari oqargan bir vaqtda betayin, yengiltak ajnabiylar qarshisida dumlarini lik-lik o‘ynatyapti?..
Og‘ir o‘y-xayollarga g‘arq bo‘lib o‘tirgan G‘ulom Husaynli qanday qilib diqqinafas akademiyani tark etganini ham sezmay qoldi. U g‘ir-g‘ir shabada esayotgan so‘lim ko‘chalar bo‘ylab ohista odimlab borardi.

* * *

Bu gal Vaysman xonasida yolg‘iz emas ekan, yonida baland bo‘yli, istarasi issiq yana bir olmon o‘tirardi. U nimasi bilandir mashhur bastakor Shtrausni eslatardi. Ular G‘ulom Husaynliga bir qarab olgach, o‘zaro olmonchalab past ovozda g‘o‘ng‘irlay boshladi. Olmon tilini bilmagani uchunmi yoki keyingi vaqtlarda Vaysman to‘g‘risida ko‘p o‘ylagani sababmi, G‘ulom Husaynlining nazarida olmonlar uni kalaka qilayotgandek tuyuldi. Ikkinchi olmonning ko‘z qorachig‘ida, qizlarnikidek qirmizi lablarining burjida istehzo alomatlari paydo bo‘ldi.
Vaysmanning qiyofasida yaxshilikdan nom-nishon ham ko‘rinmasdi. U yum-yumaloq itko‘zlari bilan G‘ulom Husaynlining qop-qora mo‘ylovini, tugunchasi g‘alvayib turgan, ertalab apil-tapil bog‘langan bo‘yinbog‘ini, ohori to‘kilgan ko‘ylagining sho‘r bosgan yoqasini birma-bir ko‘rikdan o‘tkazdi; oppoq barmoqlari esa zo‘r hafsala bilan stolga taxlab qo‘yilgan hujjatlarni silab-siypalardi. Bu silliq janoblar ko‘zini lo‘q qilib o‘tirgani sari G‘ulom Husaynli o‘zini noqulay his etar, yuzi qip-qizarib, sochlarining ostidan ham ter chiqa boshlagan, boshi g‘uv-g‘uv aylanar, allanechuk qichishar edi. Nogahon bugungi uchrashuvga kelishdan oldin tuflisini yaraqlatib artganini esladi. Odatda ko‘chaga chiqayotib oyog‘idagi poyabzalga qiyo ham boqmasdi. Bu gal negadir “do‘st boshga, dushman oyoqqa qaraydi” degan naqlga amal qildi. Oyog‘idagi poyabzal yaraqlab turgan bo‘lsa-da, uchlari pachoq. G‘ulom Husaynli buni bir oycha muqaddam shahar markazidagi olmonlarning do‘konidan sotib olgan edi. Mana, bir oy o‘tar-o‘tmas, avvalgi hashamidan asar ham qolmadi. Battar bo‘lsin. Aslida, xotin kishining gapiga ahmoq ergina quloq soladi. Uning xotini ham arzonroq poyabzal xarid qilgin deb quloq-miyasini yeb qo‘yadi, bir oydan so‘ng esa tumshug‘i pachoq, poshnasi yemirilgan tuflini keraksiz buyumdek, qo‘li yupqaroq biror qarindoshiga in’om etib yuboraveradi...
Vaysman hamon yoqimtoy olmon bilan shivir-shivir qilib muzokarani davom ettirardi. Aftidan, ular ro‘parada bir odam muntazir bo‘lib o‘tirganini ham eslaridan chiqarib yuborgan ko‘rinadi. Zero, birortasi G‘ulom Husaynli tarafga qiyo boqmasdi... Nihoyat, boyadan beri Vaysman siypalab o‘tirgan papkani ochib, hujjatlarni ko‘zdan kechira boshlashdi; ba’zan olamshumul sir saqlanayotgan qutichadan ilon chiqib qolgandek ko‘zlarini ola-kula etib yuborishar, shunda qog‘ozlardan ko‘z uzib G‘ulom Husaynliga yovqarash qilib qo‘yishar, go‘yo har xil belgilaru so‘roq-undov alomatlari bilan to‘lib-toshgan hujjat asl nusxasiga — G‘ulom Husaynlining basharasiga taqqoslanar edi. G‘ulom Husaynli o‘tirgan joydan Vaysmanning botinkasi baralla ko‘rinardi: poyabzal yap-yangi bo‘lsa-da, narigi olmonning botinkasidan siporoq; xuddi ikki juft botinka do‘kon peshtaxtasidan unga tikilib turgandek... Har ikkala olmonning bilaklari xivichdek ingichka, bo‘yni qiltiriq, kasalmand kishiniki kabi sarg‘imtir edi. G‘ulom Husaynli ularning boshqa tana a’zolarini ham ko‘z oldiga keltirdi; oyoqlari tovuqnikiga o‘xshasa kerak, deb o‘yladi. So‘ng birdan fikri ravonlashdi: ha-a, gap bu yoqda ekan-da, olmonlarning poyabzali qiltiriq oyoqlarga mo‘ljallangan, unday oyoq mo‘rt poyabzalni yirtmasdan, poshnasini yemirmasdan bir yil sudrab yurishi mumkin... Inspektorlarning ko‘ylaklari ham yap-yangi edi: yoqalari asl holida tikrayib turibdi, hali dazmol nimaligini bilmaydi, demak, tog‘oraga tushmagan, yuvilmagan. Ularning kiyim-boshi aslida yangi emas... G‘ulom Husaynli xayol surib o‘tirib ro‘molchasi bilan bo‘ynidan oqayotgan terni artib oldi... Ammo badanga yopishib turgan bu sho‘rlik kiyim-kechak chinakam hayotdan bexabar, shu bois eskirmaydi, yitmaydi...
— Bu nima?!
Tuyqus berilgan savoldan G‘ulom Husaynli cho‘chib tushdi. Vaysman qoqshol qo‘lida unga tanish hujjatni tutib turardi. Bu antologiya nashriga mo‘ljallangan xarajatlar hisob-kitobi edi. Vaysman ayniqsa mana shu qog‘ozni juda yomon ko‘rardi. Har gal savol-javob hujjatlar orasidan ajratib olingan mana shu hisob-kitobdan boshlanar, G‘ulom Husaynli esa ijikilab izoh berar edi. U yod bo‘lib ketgan gaplarni to‘tiqushdek takrorlashga kirishdi: “Biz antologiya nashr etmoqchimiz, ozarboyjon kitobxonlarini olmon adabiyoti bilan tanishtirmoqchimiz, shu yo‘sin olmon-ozarboyjon madaniy aloqalarini rivojlantirishga munosib ulush qo‘shmoqchimiz” va hokazo. Bosiq, past tovushda gapirdi, o‘zini ziyolidek tutdi, ovrupoliklar kabi kulimsirab turdi, dona-dona qilib so‘zladi, iboralar orasida sukut saqladi, ishqilib, jizzaki elchixona xodimining jinini qo‘zitmaslikka harakat qildi. Biroq u gapirayotgan paytda Vaysman qog‘oz ushlab turgan qo‘lini pastga tushirmadi, kiprik qoqmasdan, yum-yumaloq ko‘zlarini lo‘q qilib o‘tiraverdi. Boz ustiga, narigi olmonning lablarida yana zaharxanda alomati zohir bo‘ldi. G‘ulom Husaynli rasmiy xat mohiyatini batafsil izohlagach, og‘ir jinoyatning ashyoviy dalilidek, boyadan beri Vaysman qo‘lidan qo‘ymay turgan hujjat haqida tushuncha berdi. Gapirayotib, bular hozir menga bir balo bo‘lishini kutyapti, deb o‘yladi negadir. Xo‘sh, menga nima bo‘lishi mumkin?.. G‘ulom Husaynli birdan to‘xtab, o‘ylanib qoldi. Vaysman esa hamon hisob-kitob yozilgan qog‘ozni tutganicha unga qarab o‘qrayib turardi. Sas-sadosiz ta’na-dashnom G‘ulom Husaynlining suyak-suyagidan o‘tib ketdi. U yana terlay boshladi. A’zoyi badanidan quyilib kelayotgan ter yupqagina chit ko‘ylagini birpasda jiqqa ho‘l qildi. Terlab-pishib ketganini sezib o‘zidan uyaldi, asabiylashdi, natijada battar terlay boshladi. Bir necha oy muqaddam shosha-pisha, buxgalter bilan antologiya xarajatlarini hisob-kitob qilganini esladi. Shu narsa boshga bitgan balo bo‘ldi-ku, deb o‘yladi ijirg‘anib. Undan voz kechsam qutulamanmi?.. G‘ulom Husaynlining nazarida, olmonlar uning terlab-pishib xijolatdan qovurilayotganini maroq bilan tomosha qilib o‘tirgandek tuyuldi. Kutilmaganda Vaysman G‘ulom Husaynlining izohlaridan qoniqish hosil qilgandek qo‘lini pastga tushirib, hisob-kitob yozilgan qog‘ozni papkadagi hujjatlar orasiga avaylabgina tiqdi-da, boshqa varaqni olib yoqimtoy olmonning oldiga qo‘ydi. G‘ulom Husaynli uzoqdan turiboq o‘zlari olmon tilida tuzgan — antologiyaga kirishi rejalashtirilgan yozuvchilar ro‘yxatini darrov tanidi.
— “Kristian” so‘zi noto‘g‘ri yozilibdi. Olmonchada bu atoqli ot “Xh” harfi bilan yoziladi, sizlar “K” bilan yozasiz...
Shtrausga o‘xshagan yoqimtoy olmon chuchukroq tilda so‘zlar ekan. Hechqisi yo‘q, ajnabiylar talaffuzidagi nuqson kechirimli. Muhimi, u ozarboyjoncha gapirdi. Ammo nutqida xiyla qusur seziladi. Xususan, undosh tovushlarni olmoncha yo‘sinda halqumidan chiqarib, tishlarining orasidan o‘tkazib o‘qday otib yuborsa, yumshoq unli tovushlarni qattiq ohangda talaffuz etardi. Bolalik chog‘laridan quloqlariga o‘rnashgan mayin, musiqiy tovushlar xuddi bir arava shag‘aldek G‘ulom Husaynlining ustiga ag‘darilardi.
“Shtraus” gapini tamomlab zo‘raki jilmaydi, lekin bu jilmayish mamnunlikni emas, qahr-g‘azabni ifodalardi.
— Qolaversa, bizga taqdim etilgan hujjatda qayd etilishicha, kitobning yuz nusxasi har xil idoralarga sovg‘a qilinar ekan. Buni nima deb tushunish kerak?..
“Yo‘q, endi chidab bo‘lmaydi! — deya xayolan e’tiroz bildirdi G‘ulom Husaynli g‘azabini arang jilovlab. — Nima, bular meni muttaham deb o‘ylayaptimi?!”
Yoqimtoy olmon birdan Vaysmanga o‘xshab G‘ulom Husaynliga o‘qrayib tikildi; G‘ulomboyning yuragi tovoniga tushib ketdi go‘yo, tizzalari bilinar-bilinmas qaltiray boshladi, tomog‘iga mushtdek bir nima qadalib qoldi. Ajabo, u hech qachon bunday ahvolga tushmagan edi. Lekin odamning tizzasi qachon qaltirashini yaxshi biladi... Voy ablahlar-ey, odam bolasini shu qadar xo‘rlash kerakmi?!.
Yillar davomida so‘lib-so‘nib qolgan to‘fon birdan ko‘krak qafasini larzaga keltirib yubordi.
— Nima demoqchisiz o‘zi? — dedi G‘ulom Husaynli o‘smoqchilab. Guldurak yanglig‘ ovozidan o‘zi ham ilhomlanib ketdi. Bir juft amaldorvachcha baqrayib o‘tirgan bu xonada, darhaqiqat, uning tovushi momoguldirakdek yangragan edi. — Balki o‘sha idoralardan ishonchnoma ham keltirib berishim kerakdir? Nima balo... — deb birdan aytmoqchi bo‘lgan gapini unutgandek to‘xtab qoldi. — Siz... meni kim deb o‘ylayapsiz o‘zi?!
G‘ulom Husaynli hayajon girdobiga tushgan, hiqildog‘iga qadalib qolgan mushtdek bir narsa hamon tovushini bo‘g‘ib turar, shu boismi, so‘zlari olmonlarga deyarli ta’sir etmas edi. Ular ko‘zlarini lo‘q qilib, qilt etmay o‘tirardi. Haddan ziyod hayajonlanganidanmi yoki o‘zi aytgan so‘zlar ta’siridami, G‘ulom Husaynlining ko‘z oldi qorong‘ilashib qoldi.
— Odamni yana qancha xo‘rlash mumkin?! Sizlar beradigan o‘sha hisob-kitobli pulni o‘marib ketamanmi?! Nima, meni hech narsani tushunmaydigan ahmoq deb o‘ylayapsizlarmi?! Siz...
U diydasida yosh aylanayotganini sezdiyu ajnabiylar oldida yig‘lab yubormaslik uchun sapchib o‘rnidan turdi.
Bu dimiqqan binoda yo‘q bo‘lib ketishni, insoniy sha’nini yer bilan yakson etishni istamadi — yana birpas tursa, yo‘laklarga to‘shalgan qalin gilamlar qadam tovushlariga qo‘shib uni ham yutib yuborishi hech gap emasdi go‘yo!
Yugurib ko‘chaga chiqdi.
Ko‘chalar gavjum edi. Yengil-elpi kiyinib olgan odamlar qahvaxonalardan taralayotgan musiqa sadolari ostida sayr etib yurishardi.
U halloslab borib muyulishdan burildi-da, Favvoralar maydoniga chiqdi. Endi eslab ko‘rsa, hali ko‘zlarida yosh halqalanib o‘rnidan turayotgan paytda olmonlardan birining labi titrab ketgan, so‘ng loqayd basharasida qoniqish alomatlari paydo bo‘lgan ekan. U buni ko‘z qiri bilan ko‘rgan, yaqqol his etgan edi.
Xudo bilsin, bir insonning xor-zor bo‘lishini, ikki qo‘lini tos ko‘tarib maydondan chiqib ketishini lo‘ttiboz amaldorvachchalar qancha kutgan ekan! Mana, endi ular murodiga yetdi.
“Xuddi rasmona urushga o‘xshaydi-ya!” dedi ichida G‘ulom Husaynli.
U tamaki tutatib chekdi. O‘sha la’nati uchrashuvni tezroq unutishga ahd qildi.
Ko‘chalarda bamaylixotir aylanib yurdi: birovning boshiga qaradi, birovning oyog‘iga... Goh-goh miyig‘ida kulib qo‘yardi: bosh yoki oyoqqa qarab do‘st kim, dushman kim — bilib bo‘lmaydi-ku, birodar!
Ko‘cha-ko‘yda odamlar kiyib yurgan poyabzallarni G‘ulom Husaynli olmonlarning o‘sha poyabzal do‘konida ko‘rgandek edi. Ularning barchasi Vaysmanning botinkasidek yarqirar, g‘ashingizni keltirib g‘irchillar edi.
Hamma olmon tuflisini kiyib olgan, mana, o‘zi ham o‘shanaqa boshmoqni sudrab yuribdi. G‘ulom Husaynlining yuragi siqildi, tezroq uyga ketgisi keldi — ajnabiy poyabzallarini ortiq tomosha qilishni istamasdi.
U sigaretini axlatdonga otib yuborib, qadamini tezlatdi.
“Eng ajablanarli joyi shundaki, mana shu bema’ni hodisaning ham qandaydir ma’nisi bor, — deya yo‘l-yo‘lakay xayolidan o‘tkazdi G‘ulom Husaynli. — Vaysman har qancha pastkash bo‘lmasin, lekin u ham o‘zicha haq...”

* * *

Oradan bir hafta o‘tgach, G‘ulom Husaynli shaxsan elchi janoblarining nomiga maktub yo‘llab, saforatxona xodimi uni nechog‘liq xo‘rlagani, sarson-sargardon etganini batafsil bayon qildi.
Keyingi haftada elchixonadan javob keldi. Elchixonaning madaniy ishlar bo‘yicha vakilasi frau Zibek uni suhbatga taklif etgan edi.
“Ular kim bilan o‘ynashayotganini bilgan bo‘lsa kerak!..” Bu fikr G‘ulom Husaynliga xiyla taskin berardi. Adabiy mushohadalardan, jiddiy dalil-dastaklardan iborat maktub har qanday fahm-farosatli odamni befarq qoldirmaydi.
...Belgilangan kuni u elchixonaga yetib bordi. Har ehtimolga qarshi, Vaysman bilan “Shtraus”ning xurmacha qiliqlari, olmonlarning e’tiborsizligi haqida muxtasargina, ammo sermazmun nutq qoralamasini ham hozirlab olgan edi.
Qabulxonaga kiraverishda oynavand to‘garak stol ortida alchayib o‘tirgan, allaqachon olmonlashib ulgurgan anovi ozarboyjon qiz telefonda kim bilandir shivirlashib gaplashayotgan ekan. Unga ko‘zi tushgan zahoti go‘shakni kafti bilan to‘sib:
— Qulog‘im sizda, — dedi.
— Men soat o‘n uchga taklif etilganman, — dedi G‘ulom Husaynli ich-ichidan g‘ururlanib. Aslida, shu choqqacha mana shu qizga ham tilyog‘lamalik qilishga majbur edi; endi hammasi boshqacha bo‘ladi — eski teraklar kesilib ketgan.
— Kim taklif etgan?
— Frau Zibek.
Qiz narigi telefon go‘shagini ko‘tarib, bir tugmachani bosdi va kim bilandir olmon tilida qisqagina gaplashib, go‘shakni joyiga qo‘ydi.
— Siz to‘rt daqiqa kechikdingiz, — dedi u keyin. — Hozir frau Zibek bandlar. Qayta uchrashuv tayin qilinishini so‘rab elchixonaga ariza bilan murojaat etishingiz mumkin...
G‘ulom Husaynli chap tomon devorga osib qo‘yilgan soatga qaradi.
Darhaqiqat, soat o‘n uchdan to‘rt daqiqa o‘tgan edi...

Rus tilidan Nabijon Boqiy tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2006 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.