OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oles Gonchar. Sirli maktub (hikoya)

Qish fasli oxirlab, dilni yayratuvchi bahor keldi. Truxanov orolidagi daraxtlar asta-sekin kurtak yoza boshladi. Kkeng yalangliklarda maysalar nish urdi. Qalblarda yoqimli, kishiga rohat baxsh etuvchi his-tuyg‘ular uyg‘ona boshladi. Usmon va Marta! Ular hozir qaerda ekanlar? Hayotlari qanday kechdi ekan? Asta-sekinlik bilan kirib kelayotgan so‘lim Kiev bahori ular haqidagi xotiralarni yodimga soladi.
Bu voqea Latviyada ikkinchi jahon urushi paytida ro‘y bergan edi. Holdan toydiruvchi hujumlardan so‘ng, nihoyat, bizga dam berildi. Batareyamiz bilan botqoqliklar orasida qolib ketgan yarim vayrona bir qo‘rg‘onda to‘xtadik. Qo‘rg‘on xo‘jayini bizni yaxshi kutib olmasa-da, malla sochli qizi barchamizni ochiq chehra bilan qarshiladi. Koshona bo‘lmasa-da, tin olishga imkon beradigan bir qo‘nalg‘a topganimizdan xursand edik.
Marta ismi bu epchil bu qiz barcha ishlarga ulgurardi. Shaloladay oltinrang sochlari yurganida u yoqdan-bu yoqqa borib-kelardi. U hovlida yurganida ko‘nglimiz yorishib ketardi.
Bizni ko‘rganda qizning yanoqlari qip-qizarib ketardi. Ayniqsa, eng yosh, qaddi-qomati kelishgan aloqachi askar Usmonga ko‘zi tushganida qorachiqlarida o‘zgacha bir o‘t yonardi.
Usmonni barchamiz yoqtirardik. U ko‘z o‘ngimizda o‘zgara boshladi. Ha, uning dunyosiga boshqa bir fasl kirib kelgan edi. Usmon qanday ishga qo‘l urmasin, qoyillatar, chehrasi botiniy bir nurdan porlay boshlagan edi. Usmon Martani yoqtirib qolganini bizdan sir tutmasdi. Ularning muhabbati tonggi shafaqdek butun batareyaga nur socha boshladi.
Har birimiz o‘z muhabbat tajribalarimizdan gapirib, Usmonni “qurollantirmoqchi” bo‘lardik. Ular ko‘pincha quduq yonida suhbatlashib turishardi. Marta bo‘sh chelakni ushlab olgancha Usmonga tabassum hadya qilardi, bu sehrli onlarni ajib bir zavq bilan tomosha qilardik. Axir, barchamiz muhabbatni sog‘ingan edik-da!
Bizni bir narsa hayron qoldirardi: qiziq, ular bir-birining tilini tushunmasa, qanday gaplashishayotgan ekan-a? Yigit samarqandlik, oltin sochli Marta esa latiyalik edi.
Bir kuni hammomga tushadigan bo‘ldik. Hammomni navbatma-navbat qizdirardik. Avvallari Usmon istar-istamas bajarardi. Bu gal ishga jon-jahdi bilan kirishdi. Ho‘l o‘tinlarni arang yoqish, achchiq tutundan bo‘g‘riqib olish − bunday noxushliklar sevimli qizining ko‘zlari osmondagi yulduzdek chaqnab, unga tikilib turgani uchun yigitga aslo sezilmasdi.
Ular birga o‘tin tashib kelar, tutayotgan nam o‘tinni bolalarcha “puf”lab alanga oldirishga harakat qilishardi… Kechqurun Usmon hayajon bilan kapitanning yoniga bordi.
− O‘rtoq kapitan, murojaat qilishga ruxsat eting! – dedi.
− Ruxsat!
− Hammom yuvinishga tayyor!
Komandir va uning yonida turganlar Usmonning behad hayajonlanayotganini sezdilar:
− Hoy, bola, sarxushga o‘xshaysan, mabodo, u yerda birortasi bilan ichmadingmi?
− Yo‘q, ichganim yo‘q, o‘rtoq kapitan!
− Unda nega lolaqizg‘aldoqdek qizarib ketding?
− Men… men… men… undan…
− Olov yoqayotgan edik, o‘txona tutab ketdi, hech narsa ko‘rinmay qoldi… Keyin, shu… voqea sodir bo‘ldi.
Biz uning “bo‘sa oldim” degan so‘zni ayta olmayotganini his etdik.
Yon-atrofdagilar xoxolashdi. Komandir ham bosiqlik bilan jilmayib qo‘ydi.
− Nimayam derdim… Endi unga uylanishingga to‘g‘ri keladi. Shu haqda o‘ylab ko‘rdingmi, Usmon?
− Albatta, juda ko‘p o‘yladim!
− Xo‘sh, qanday qarorga kelding?
− Qarorim qat’iy, unga uylanmoqchiman.
Usmonning har bir gapiga kulardik.
Biroq uning hazillashishga vaqti yo‘q edi, uchrashuvga shoshayotgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Marta kechki ovqat paytida Usmonni uyidagilarga tanishtirmoqchi bo‘lgan ekan.
Qizning ota-onasi Usmonga xuddi kuyovlariday iltifot ko‘rsatishibdi.
Ertasi kuni qismimizga yo‘lga tushish haqida buyruq keldi. Havo rutubatli edi, atrofda qarg‘alar qag‘illar, shamol qayin barglarini yulardi. Hamma narsa ketishga taxt qilib qo‘yilgandi. Barchaning ko‘z o‘ngida Usmon bilan Marta xayrlashishardi.
Martaning ko‘zidan shashqator yosh oqsa-da, yomg‘ir ortidan chiqqan quyoshdek yigitga tabassum bilan boqar, uning kaftini yuzlariga bosardi, Usmon esa sehrlangandek qizdan ko‘z uzmasdi.
Yigit qizning qo‘lini qattiq siqdi-da, mashina tomon yugurib ketdi. Marta mashina ortidan yugurib borarkan, qo‘lini siltagancha Usmonga nimalardir der, sochlari esa shamolda bayroqdek hilpirardi. Usmon ham qizga javoban nimalardir derdi…
Jang maydonlarida, okoplarda Usmon Martadan orziqib xat kuta boshladi. U xat tashuvchini holi-joniga qo‘ymasdi.
— Sen xatimni adashib, boshqaga berib yuborgansan! — deya pochtachini koyirdi.
Nihoyat, xat keldi.
Usmon xatni bor ovozi bilan o‘qib, shodligini barcha bilan baham ko‘rmoqchi edi. Birdan tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi, xat latish tilida yozilgandi.
Nima qilsa ekan? Kimdan yordam so‘rasin? Afsuski, oramizda latish tilini biladigan askar topilmadi.
Usmon bu holatga ham ko‘nikdi. Muhimi, Marta o‘z qo‘li bilan yozgan xat keldi-ku! U xatda yozilgan biron so‘zni tushunmasa-da, tanga topgan gadoday suyunardi. Demak, Marta uni unutmabdi!
Usmon Martadan kelgan xatlarni ko‘ksidagi cho‘ntagida saqlab yurar, kaftlarida silab qo‘yardi. Askar bir yerda turarmidi? Yana yo‘lga tushdik.
Usmon o‘tirgan mashina shahardan o‘tayotganda sheriklari uning odamlar orasidan kimnidir qidirib, bezovta bo‘layotganini sezib qoldilar.
− Usmon, senga nima bo‘ldi?
− To‘xtang! − u to‘satdan komandiri o‘tirgan mashina tomini ura boshladi. − To‘xtang! Bir daqiqaga! Bir daqiqaga! Iltimos, to‘xtang! − derdi tinmay.
− Ha, nima deysan?
− Marta! Marta! − deya qo‘lini silkitardi Usmon.
Mashina to‘xtadi. Usmon undan o‘qdek otilib tushdi-yu, odamlar orasiga kirib ketdi va po‘stinli bir kishini qo‘lidan tortib, o‘ziga qaratdi.
− To‘xtang! − dedi Usmon va xatni chiqarib, unga uzatdi. — Siz latishsiz-a?
— Ha, nimaydi?
— Mana bu xatni o‘qib bering!
− Kechirasiz…
− O‘qing! O‘qing! Iltimos!
Ularning atrofida odamlar to‘plana boshladi. Haligi kishi Martaning xatini ovoz chiqarib, o‘qib, yigitga tarjima qilib berdi. Qiz xatida Usmonning qiyofasi ertayu kech uning ko‘z o‘ngida ekanligi, tushlarida tez-tez ko‘rayotgani haqida yozgandi. Xullas, boshdan-oyoq sevgi satrlariga to‘la ishqiy maktub edi.
Usmon xatni o‘qib berayotgan kishidan muhabbat to‘la ko‘zlarini uzmas, uning do‘rillab xat o‘qishini go‘yo yoqimli musiqadek, erta bahorda sayrayotgan bulbul navosidek bor vujudi bilan berilib tinglardi.
Orqamizda turna qator bo‘lib qolgan mashinalar “did-did”lab, bizdan yo‘l so‘rardi. Biz esa muhabbat dunyosida muhabbat so‘zidan, muhabbat isidan mast yigitga qarab, hayotning bor mashaqqatini unutgandek edik. Ishq oldida qolgan barcha hissiyotlarimiz taslim bo‘lgandek edi.

Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.