OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oskar Uayld. Xudbin Pahlavon (rivoyat)

Har kuni peshindan so‘ng maktabdan qaytgan bolalar Paxlavonning bog‘iga kelib o‘ynashni odat qilib olishgan edi.
Bu bog‘ juda keng, yam-yashil maysa bilan qoplangan, maysalar orasida esa, charaqlab turgan yulduzlardek, gullar ochilib turishardi, tag‘in bog‘da o‘n ikki tup shaftoli daraxti bo‘lib, ular ko‘klam chog‘i marvaridsimon gullarga berkanishar, kuzda esa g‘arq pishgan mevalari og‘irligidan pastga egilishardi. Daraxtlarga qo‘ngan qushchalar shunday yoqimli sayrashardiki, bolalar ko‘pincha beixtiyor o‘yinlaridan to‘xtab qushchalar ovoziga maxliyolarcha quloq solishardi. “Qanday mazza-a bu yerda!”, chug‘urlashishardi ular bir-birlarini quvlashib.
Kunlardan bir kun Paxlavon uyiga qaytib keldi. U o‘rtog‘i, odamxo‘r Korniuelnikida yetti yil mehmon bo‘lib, yetti yil suhbatlasha-suhbatlasha, oxiri, gapi tamom bo‘lgach, o‘z qo‘rg‘oniga qaytgan edi. Kelishi bilanoq uning ko‘zi, bog‘da o‘ynayotgan bolalarga tushdi.
“Nima qilayapsizlar bu yerda?”, deya o‘shqirdi u hirqiroq ovozda. Bolalar esa duch kelgan tomonga to‘zg‘ib, qochib ketishdi.
“Bu mening va faqat mening bog‘im, - dedi Pahlavon. - Hamma bilsinki, o‘zimdan boshqa hech kimga bu yerda o‘ynashga ruxsat yo‘q”.
Shundan keiin u bog‘ atrofini baland devor bilan o‘rab olib, ogohlantiruvchi taxtacha osib qo‘ydi:
RUXSATSIZ KIRGANLAR QONUNAN JAZOLANIShADI
Bechora bolalar endi qaerda o‘ynashni bilishmasdi. Ular bir-ikki katta yo‘l bo‘ylarida o‘ynab ko‘rishdi, lekin yo‘llar juda chang va mayda toshlar bilan qoplangani uchun ularning ko‘ngliga yoqmas edi. Ko‘pincha ular darslardan keyin baland devor tagida yurishib, ichkaridagi ajoyib bog‘ni qo‘msashardi. “Qanday mazza qilardik-a u yerda”, deya eslashardi.
Bahor kelib o‘lkaning hamma joylarida daraxtlar gul bilan qoplandi, qushlar uchib kelishdi. Faqat Xudbin Pahlavon bog‘ida hali ham Qish edi. Qushchalar sayrog‘idan darak ham yo‘q, chunki bolalardan darak yo‘q edi-da; daraxtlar esa go‘yo gullashni esidan chiqargandek. O‘sha haligi go‘zal gullar maysalar orasidan mo‘ralashib ogohlantirish taxtachasini ko‘rib qolishdi va shunchalar xafa bo‘lib ketishdiki, boshlarini yana o‘tlar orasiga olib, uyquga ketishdi. Bog‘da faqatgina Qor bilan Ayozni e’zozlaydigan o‘simligu jonzotlar qolishdi. “Bahor bu bog‘ni esidan ham chiqarib yubordi, - deb tantana qilishardi ular, - biz endi butun yil davomida shu yerda yashayveramiz”. Qor o‘zining oppoq choponi bilan maysazorlarni yopardi, Ayoz esa daraxtlarni kumush rangga bo‘yardi. Keyin ular Shimol Shamolini o‘zlariga sheriklikka chaqirishdi. U o‘zining momiq choponiga o‘ralib kelib, kun bo‘yi bog‘ ustida aylanar, kamin mo‘rilarining ichigacha kirib chiyillardi. “Bu ajoyib dargoh, - dedi u, - biz bu yerga do‘lni ham chaqirishimiz kerak”. Shunday qilib Do‘l ham bu yerda hozir bo‘ldi. U, kuniga uch soatlab, qo‘rg‘on tomi sopolini sindirguncha gumbirlatar, keyin ko‘rg‘on va bog‘ ustida chir aylana boshlardi.
“Vo ajab, nega Bahor kelmayapti, - derdi Xudbin Pahlavon deraza yonida o‘tirib oppoq va sovuq bog‘iga tikilarkan. - Lekin ob-havo o‘zgarib qolishidan umidim bor”.
Ammo bog‘ga na Bahor va na Yoz keldi. Boshqa bog‘larga Kuz ko‘pdan-ko‘p shirin-shakar mevalarni to‘kib soldi, lekin Pahlavoiga hech nima bermadi. “U o‘ta xudbin-ku”, derdi Kuz. Shunday, uning bog‘idan Qish arimadi va Shimol Shamoli, Do‘l, Ayoz va Qor daraxtlar atrofini aylanib raqsga tushaverishdi.
Bir kuni ertalab Pahlavon, endigina uyqudan uygonib to‘shagida yotganida, nafis bir musiqani eshitib qoldi. U shunday yoqimli ediki, bunday kuylarni faqatgina shu atrofdan o‘tib ketayotgan Qirol sozandalarigina chalishi mumkin edi. Haqiqatda esa, bu, tashqaridagi mitti urug‘xo‘r qushchaning sayrog‘i edi. Lekin Xudbin o‘z bog‘ida qush ovozini shunchalik ko‘pdan beri eshitmagan ediki, bu unga dunyodagi eng dilrabo kuydek eshitilardi. Shu topda uning tepasida raqsga tushayotgan Do‘l to‘xtadi, Shimol Shamoli esa o‘kirishni bas qildi va ochiq derazadan xushbo‘y hid taratib kirib keldi. “Shubhasiz, nihoyat Bahor keldi”, dedi Pahlavon va o‘rnidan irg‘ib tashqariga qaradi.
Hayhot?!
Uning ko‘zi tashqaridagi g‘aroyib bir manzaraga tushdi. Bog‘ devoridagi kichkina bir tirqishdan biqinib bolalar kirib kelishar va bog‘dagi daraxt shoxlariga tirmashib chiqib olishardi. Uning ko‘z o‘ngidagi har bir daraxt shohida bittadan bolakay o‘tirardi. Daraxtlar esa, bolalar qaytishganidan shunchalik xursand bo‘lishgandiki, ularniig shoxlari bolalarning boshlari ustida mehribon qo‘llar misoli mayin tebranishardi. Qushchalar atrofda aylanib quvnoq sayrashar, gullar esa o‘tlar orasidan yuqoriga qarab xursand bo‘lishardi. Bu o‘ta orombaxsh manzara edi, lekin bog‘ning uzoqdagi bir chekkasida hali ham qish hukm surardi. U yerdagi daraxt ostida bir bolakay yurardi. U shunday kichkina ediki, daraxtning shoxlariga bo‘yi yetmasdan uning atrofida aylanib, achchiq-achchiq yig‘lardi. Bechora daraxt esa haligacha Ayoz va Qorning zabtida bo‘lib, Shimol Shamoli uning ustida aylanib esardi. “Ustimga chiqib olaqol, bolakay”, derdi daraxt va shoxlarini imkoni boricha egib unga uzatardi, lekin bola juda mitti edi.
Bu holni ko‘rdi-yu Paxlavonning yuragi ezilib ketdi. “Qanchalar ablah ekanman-a! Bu yerga nega Bahor kelmaganini endi tushundim. Hozir anavi bolakayni ko‘tarib anavi daraxtning baland shoxiga o‘tkazamanu, keyin lanati devorni buzib-buzib tashlayman, bundan buyon bog‘im bolalar uchun o‘yin maydonchasi bo‘ladi”.
U qilmishidan astoydil pushaymon tortdi.
Alqissa Pahlavon zinadan tushib, tashqi eshikni ohista ochib bog‘ga chikdi. Lekin uni ko‘rgan bolalar qo‘rqib har tomonga to‘zg‘ib ketishdi va shu zahoti bog‘ga yana Qish kirib keldi. Faqat mitti bolakaygina ko‘zlari yoshga to‘la bo‘lgani uchun Paxlavonni ko‘rmadi va qochib ketmadi. Pahlavon uning orqasidan ohista yaqinlashib, uni avaylab qo‘liga oldi va daraxtga o‘tkazib qo‘ydi. Va shu zahotiyoq daraxt gul bilan qoplandi, bolakay qo‘llarini cho‘zib Pahlavonning bo‘ynidan quchoqlab olib o‘pib qo‘ydi. Boshqa bolalar Pahlavonning darg‘azabmasligini ko‘rib chopqillashib qaytib kelishdi va ular bilan Bahor ham qaytib keldi. “Bu endi sizlarning bog‘ingiz, bolakaylar”, dedi Paxlavon va o‘zining ulkan boltasini olib devorni parchalab yiqitdi. Va shu kunning choshgohida, bozorga ketayotganlar, odam aqlini lol qoldiradigan bu ko‘rkam bog‘da, bolalar bilan o‘ynayotgan Pahlavonni ko‘rishar edi.
Ular kun bo‘yi, to‘yguncha o‘ynab, kechqurun xayrlashish uchun Paxlavonning yoniga kelishdi.
“Iya, anavi kichkina o‘rtog‘ingiz qani? - so‘radi u. - Men uni daraxtga o‘tqazib ko‘ygandim”. Pahlavon o‘zini o‘pib qo‘ygayi uchun uni juda yaxshi ko‘rib qolgan edi.
“Biz bilmaymiz, - javob berishdi bolalar. - U bu yerdai ketib qoldi”.
“Siz uni topib aytib qo‘ying, u ertaga albatta kelsin”, - dedi Pahlavon. Lekin bolalar, uning qaerda yashashini bilmasliklarini va uni ilgari hech qachon ko‘rmaganliklarini aytib qasamga tayanishdi.
Har kuni bolalar maktabdan kelib Pahlavon bilan o‘ynashardi. Lekin u, mehri tushib qolgan o‘sha kichkina bolakayni boshqa ko‘rmadi. Pahlavon bolalarni ko‘rganidan xursand bo‘lardi, lekin shunga qaramasdan o‘zining birinchi o‘rtog‘i mittivoyni kutar va uni juda ko‘p eslardi. “Uni ko‘rishni istardim”, - derdi u entikib.
Yillar o‘tdi. Pahlavon qarib, darmonsizlandi. U boshqa deyarli o‘ynay olmas, o‘zining chayqaluvchi kursisida o‘tirgancha, bolalar o‘yinini tomosha qilib, bog‘ining ko‘rinishidan lazzatlanardi. “Mening gullarim benihoya chiroyli, derdi u, - lekin bolalar ularning hammasidan ham go‘zalroq”.
Qish tonglaridan birida, o‘ o‘z derazasidan, bu faslning libosini kuzatar edi. U endi Qishni ko‘rgani ko‘zi yo‘q, uning uchun bu, uxlayotgan Bahor bo‘lib, gullar esa dam olishayotgandek edi.
Birdan u hayronlikdan ko‘zlarini ishqab-surtib tashqariga tikilib qoldi. Bu chindan ham g‘aroyib bir ko‘rinish edi. Bog‘ning uzoq bir chekkasidan oppoq nafis gul bilan qoplangan daraxt ko‘rinardi. Uning shoxlari oltindan bo‘lib, ulardan kumush mevalar to‘kilib turar, pastda esa o‘sha, Pahlavonning mehri tushib qolgan mitti bolakay yurardi.
Quvonchini ichiga sig‘dirolmagan Pahlavon yugurib zinadan bog‘ga tushdi. U shunday shoshardiki, maysazorlarni bosib-yanchib bolaga yaqinlashdi. Uning tepasiga kelganida esa, shu ondayoq g‘azabdan qizarib ketgan yuzini unga yaqinlashtirib so‘radi: “Qaysi manfur seni jarohatlashga jur’at qildi?” Bolakayning kaftchalarida ikkita mixdan qolgan jarohat izlari bo‘lib, yana boshqa Ikkita mixdan qolgan izlar uning oyoqchalarida ko‘rinardi.
“Qaysi manfur seni jarohatlashga jur’at qildi? - deb hayqirdi Pahlavon. - Ayt menga, toki men uni katta qilichim bilan chopib tashlay!”
“Kerakmas, - javob berdi bola, - bular, axir, Mehr jarohatlari-ku”.
“Aslida kimsan o‘zing?” - dedi Paxlavon va g‘alati bir iltifot bilan bolakay qarshisida tiz cho‘kdi.
Shunda bola Pahlavonga jilmayib javob berdi: “Bir kuni, sen menga o‘z bog‘ingda o‘ynashga ruxsat bermaganding, bugun esa sen men bilan mening Jannatdagi bog‘imga ketasan”.
Tushlikdan keyin bog‘ga kelgan bolalar Pahlavonning oppoq gullab turgan daraxt tagida o‘lib yotganini ko‘rishdi.

Inglizchadan Eldor Fozilov tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2001 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.