OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Peter Nazaret. Qoyilmaqom Ferns (hikoya)

Goaliklar Xoras Fernandesni g‘alati odam deb o‘ylashardi. Bunga uning boshqalar bilan do‘stona munosabatga kirisha olmasligi sabab bo‘lolmasdi – aksincha, u kim bilan uchrashmasin, osonlik bilan chiqishib ketardi. Ammo, hamma gap shunda edi-ki, u o‘zi yashab turgan jamiyat qonun-qoidalariga bepisandlik bilan qarardi. U yozilmagan qonunlarga binoan odamlarni ziyorat qilmasdi, Goa oqsoqollariga, ya’ni davlat xizmatidagi mansabdorlarga nisbatan hurmat-e’tibor ham ko‘rsatmasdi.
Hammasidan ham o‘tib tushadigani – unda Xudodan qo‘rquv hissi yo‘q edi, shu bois cherkovga tez-tez bormasdi. Aytishlaricha, yakshanba kunlari u uyida kechgacha uxlar, lekin ba’zi odamlarning e’tirof etishlaricha, uni ba’zan cherkov orqasida o‘z-o‘ziga gapirib o‘tirganini uchratish mumkin bo‘lardi.  U aynan go‘sht yeyish gunohi kabira hisoblangan juma kunida go‘sht yerdi. Agar uni biron kishi o‘z nafsining gapiga kirib, jazosi o‘lim bo‘lgan gunoh ishni qilganlikda ayblasa, u «Qadimgi Rim katolik cherkovi juma kuni go‘sht yeyishni gunoh deb e’lon qilganligining sababi faqatgina bitta bo‘lgan, u ham bo‘lsa o‘sha vaqtda Rim bozorlarida baliq mahsulotlari tiqilib ketgan va juma kuni go‘sht yeyishni taqiqlash orqaligina baliq savdosining yurishishiga erishishgan» deya javob berardi. «Fernandes» umum tomonidan qabul etilgan oddiy ism bo‘lsa-da, uning o‘zi g‘ayrioddiy kishi edi. Hamma bu odamning g‘ayritabiiy ekanligini gapirardi va shuning uchun ham u «G’alati Ferns» nomini olgandi.
Yaqinda yomon bir ish sodir bo‘ldi. Hamma yoqda uning qandaydir sirli diniy guruhlarga qo‘shilganligi haqida gap tarqala boshladi. Nima qilish kerak ekan-a? Goalik bir necha xudojo‘y ayollar uni bu gap-so‘zlardan qutqarib qolishni zimmalariga oladigan bo‘lishdi. 
Odat bo‘yicha, muqaddas Bibi Maryamning haykali cherkov madhiyasini kuylab boruvchi bir guruh odamlar kuzatuvida uydan-uyga olib o‘tilar, mehmonxonadagi u o‘rnatilgan joy sharafli yer hisoblanar va uydagi oila a’zolari Bibi Maryam oldida uxlamasdan navbat bilan ibodat qilishar va qutiga pul tashlashardi. G’alati Ferns esa haykalni uyiga olib ketishni har safar rad etardi. Hozir esa bu ayollarda ajoyib g‘oya tug‘ilgandi. Ular qo‘shnilari dam olgani ketayotgan bir paytda haykalni Fernsning qo‘shnisinikiga olib kelishni rejalashtirishdi. Keyin esa Fernsning uyiga kelishdi va qo‘shnilarining dam olgani ketishganini va bu yerda boshqa yaqinroq qo‘shni yo‘qligini aytib, qo‘shnilardan biri qaytib kelgunicha bir kunga haykalni uyida saqlab turishini iltimos qilishdi. Ferns butlarga sig‘inmaganligi uchun ham haykalni olib qololmasligini aytib, uzrini bildirdi. Ular esa Bibi Maryamga bo‘lgan ishonchlariga ko‘ra, haykal bir kun uning uyida tursa, Bibi Maryam o‘zi uni panohida asrashini aytib, fikrlarida qattiq turib olishdi. Nihoyat Ferns ularga yordam berishga rozi bo‘ldi, ammo hech qanday cherkov madhiyalarisiz va ibodatsiz uyiga olib kirilishiga ruxsat berishini, haykalni uyiga o‘rnatish o‘rniga omborxonaga qulflab qo‘yishini aytdi.  Ayollar rozi bo‘lishdi; ular o‘zlaricha Bibi Maryam duolarimizni ijobat qila boshladi, deb o‘ylashardi. Ammo, afsuski, Ferns o‘zi nima degan bo‘lsa o‘shani qildi – u haykalni olib ketish uchun qo‘shnisinikiga borib, uni bir mato bilan urdi, xech kimga bilintirmasdan uyiga keltirdi va uni qaytarib olib ketilgunga qadar omborxonaga qulflab qo‘ydi. 
Ammo ayollar baribir bo‘sh kelishmadi. Ular Fernsning uyiga kirishga va uni o‘zlariga og‘dirib, popugini pasaytirib qo‘yish uchun yana bir bor harakat qilishga qaror qilishdi. Xoras Fernandes ularni eshik oldida juda iliq kutib oldi, mehmonxonaga boshladi va qahva tayyorlab berdi. U ayollarning Xudo oldida mutavoze bo‘lishga, Xudoning insoniyatga baxsh etgan ne’matlari uchun shukur qilishga chorlovchi so‘zlarini sabr bilan tingladi. Ayollardan biri burchakda jim o‘tirar, barmoqlari bilan tasbeh o‘girardi. Nihoyat, Ferns ayollarga dedi:
"Menga ko‘rsatayotgan bu qadar g‘amxo‘rligingiz uchun sizlarga rahmat. Men haqimda bunchalik tashvishlanayotganingizdan ko‘p ta’sirlandim, albatte men sizning e’tiqodingizni hurmat qilaman. Biroq, nega endi sizning o‘zingiz ishonishni xohlagan narsaga ishonishingizni va mening o‘zim ishonishni xohlagan narsaga ishonishimni qabul qilmasligimiz kerak?" 
"Qanaqasiga sen aytganday bo‘ladi?" ayollardan biri baqirib yubordi. "Axir faqatgina bitta Xudo bor xolos-ku!" Keyin esa u Injildan "bu xoin yahudiylar" jumlasi bilan bog‘lik oyatlarni keltirdi. Xoras Fernandesning sabr kosasi to‘lib borardi. 
"Yahudiylar nega bunday hukm qilinganlar?" dedi u. "Iso Payg‘ambar ham nasroniy emas, balki yahudiy bo‘lgan-ku. U avvalgi dinni chiqarib tashlash uchun kelmagan.  Nima bo‘lganda ham, boshqa har qanday yaxshi yahudiylar kabi u ham sunnat qilingan."
Atrofga shu kadar jimlik cho‘kdi-ki, uni faqatgina tasbeh o‘girib o‘tirgan qari xudojo‘y ayolning tasbehidan chiqayotgan ovozgina buzib turardi. Nihoyat, ulardan jur’atlirog‘i gap boshladi: "Xo‘p, shunday ham deylik! Unda boshi ochiq ayollar bilan jinsiy munosabatda bo‘ladigan Xudo bexabar kishining ahvoli nima bo‘ladi? Pop…"
"Popning nima degani bilan necha pullik ishim bor" dedi Ferns. "O’n beshinchi asrda bu yerlarda Pop Aleksandr yashagan ekan. Uning nikohsiz tug‘ilgan qizlari bo‘lib, u shu qizlardan biri bilan jinsiy munosabatda bo‘lar ekan."
Tasbehli ayol o‘rnidan turdi. Fernsni xudojo‘y ayollarning uning gapidan bunchalik dovdirab qolishgani taajublantirdi. Buning ustiga, Injilda o‘z qizlaridan farzandlari bo‘lgan biror kim yozilmaganmi?
Ayollar uning savollariga javob topolmay qolishdi chog‘i, qochib qutulishdi. Shundan keyin ular Fernsning uyiga yo‘lamay qo‘yishdi, ammo uni kuchliroq da’vat qilishga qaror kilishdi. Cherkovda bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlarni saqlagan holda, hudud rohibi yakshanba kungi ma’ruzalarni o‘qish uchun qo‘shni hududlardagi rohiblarni ham taklif etish jadvali bilan tanishtirdi. Doimiy rohib o‘z ma’ruzasini aytadi, keyin esa Injildan o‘qiladi, tashrif etuvchilar kelib, va’z o‘qiydilar.
Yakshanba kungi Qoyilmaqom Ferns uchun uyushtirilgan da’vatning uchinchi kuni, tashrif etajak rohib o‘z vaqtida yetib kelolmadi. Odamlar esa olazarak holda ma’ruza o‘qimoqchi bo‘lib turgan rohibdan xavotirlanib, adashib ketmasmikan, tayyorlanmagani uchun mavzudan tashkari va’z aytib yubormasmikin ishqilib, deya sabrsizlik bilan kutishardi. 
Oh, ana u! O’sha kutilgan rohib. U minbarga ko‘tarildi. 
"Mening aziz birodarlarim" deya gap boshladi u. "Boshqalarning o‘zingizga kanday muomalada bo‘lishlarini xohlasangiz, o‘zingiz ham boshqalarga shunday muomalada bo‘ling. Bugungi ma’ruzamiz ana shu haqda! Biz biron marta bo‘lsa ham Iso payg‘ambarning mazkur dono so‘zlari nima ma’no berishi ustida tafakkur qilib ko‘rganmizmi? Hozir, Iso payg‘ambar osmonga ko‘tarilganligining 50 kunligiga bag‘ishlangan muhim bir marosimda u payg‘ambarning ushbu so‘zlari nimani anglatishini tafakkur qilishga yana bir bor o‘zimizni bag‘ishlaylik. 
"Aziz birodarlar, biz ushbu yig‘inning mohiyatini to‘laqonli tushunib yetishimiz zarur. Bizning mehribon Xudoimiz bizga qanday ne’matlarni in’om qilganini tafakkur qilib ko‘ring. Ushbu marosimning ajoyib qurbonisiz biz o‘zimizni ilohiy O’zlikka, bizning Yaratuvchimizga bog‘liqligimizni qanday qilib his qilgan bo‘lardik? O’zimizni haftada loaqal bir kun Xudoga bag‘ishlamasak, qanday qilib o‘zligimizni taniymiz? Biz bir gunohkor banda o‘laroq, Xudo bizga bergan buyuk ne’matlarni tushunib ham yetmaymiz."
Odamlar uz o‘ylariga g‘arq bo‘lib o‘tirishar, ba’zilarni esa mudroq bosgandi.
"Eh!" dedi voiz. "Tafakkur kiling. Siz har yakshanba cherkovga o‘zingizning eng yaxshi kiyimlaringizda kelasiz, va bu yerda nimalar bo‘layotganiga zarra qadar e’tibor ham bermaysiz. Siz uchun Xudo go‘yoki bir biznes hamkordir, agarda U haftada loaqal bir marta xushnud etilmasa, o‘zi kiritgan sarmoyani qaytarib olgan bo‘lardi. Sizlar esa xuddi avtomatlashtirilgan mashinalar kabi jonsiz, buruhsizlar, yurib turib uxlaysizlar! Boyadan beri men butunlay uzuq-yuluq so‘zlarni gapiryapman, sizlar esa buni hatto payqamadingiz ham! 
"Rohib do‘stlarimning ko‘plari o‘zi va’z aytadigan qurilmaga ega ekanliklarini bilasizlarmi, ahli jamoat? Har bir qurilma jumla va gaplar yozilgan kartochkalarni o‘z ichiga olgan. Mening maslakdoshlarim esa sizlarning ular nima deyayotganlariga ahamiyat ham bermasligingizni juda yaxshi bilishadi, shuning uchun ham ular har bir va’zdan oldin qurilmaga bir necha kartochkani qo‘yishadi, keyin rohiblik kiyimlarini kiyishadi, qarabsizki, ma’ruza tayyor!"
Bu paytga kelib jamoat hushyor tortib qolgandi. Hatto va’z aytayotgan rohib xam g‘alati ko‘rinayotgandi. 
"Keling, Iso payg‘ambar haqiqatdan ham nima deganligi haqida bir o‘ylab ko‘raylik," dedi va’zxon. «Sizga boshqalar qanday muomala qilishlarini xohlasangiz, siz ham ularga shunday muomalada bo‘ling» - bu hozirgi Injilning so‘zlari emas, balki aynan Iso payg‘ambarning xitobi bu! E’tibor qiling – Iso payg‘ambar «Sizga qanday muomalada bo‘lishgan bo‘lsa, siz ham nasroniylarga nisbatan shunday muomalada bo‘ling» demagan – u «boshqalarga ham», degan. Bu esa barcha kishilarga insoniylik nuqtai nazaridan muomalada bo‘lishimiz kerakligini anglatadi, hatto ular cherkovga ishonishmasa ham! Masalan, hatto salobatli cherkov va soborlar qurish uchun ehson qutisiga pul tashlash o‘rniga, uni faqirlarga qorinlarini to‘yg‘azishlari uchun berishimiz kerak. Uning o‘rniga, faqirlarga boshpana qurishlarida, ish topishlarida yordam bersak, hollaridan xabar olib tursak yanada yaxshiroq bo‘lardi. Barcha kishilar ham faxrlanishga va o‘zlarini hurmat qilishga haqlidirlar». 
"Nega biz cherkov va sanamlarga bu qadar ko‘p ehtiyoj sezamiz? Iso payg‘ambar butun vaqtini cherkov va ibodatxonalarda o‘tkazganmidi? U cherkovni bezash uchun bironta butga mayl ko‘rsatganmidi? U ibodat qiluvchilar uchun alohida kunlarni va alohida kiyimni belgilab qo‘yganmi edi, bunga amal qilmaganlarni jazoga muhkum qilganmidi?  Xushaxloq samariyalik kishi haqidagi rivoyat bizga faqatgina nasroniylar yaxshi odamlar deb o‘rgatganmi? Safsata! Bu gaplarning orqasida Iso payg‘ambar turgan deyish umuman yolg‘on gap!"
Jamoat ko‘zlari ola-kula bo‘lib, baqrayib o‘tirardi. Ayni shu lahzada boshqa bir rohib kirib keldi. 
Bir kishi uzini tutib turolmadi: "Qoyilmaqom Ferns! Bu o‘sha-ku! Bu odam rohib emas!" deya baqirdi u.
Ha, rohib qiyofasidagi kishi Xoras Fernandesning aynan o‘zi edi. Rohib va jamoatning oqsoqollari baqir-chaqir qilib, minbarga tomon yaqinlashishdi. Ferns ilk marotaba o‘z-o‘zini yo‘qotib qo‘ygandek ko‘rinardi. 
"Iso payg‘ambar guvohlik beradi!" baqirdi u. "Bu cherkov sizniki emas! Sizning nomingiz bilan portugaliyalik imperialistlar Goani mustamlakada ushlab turishgan va ajdodlarimizni qiynoqqa solishgan, o‘ldirishgan. Qolgan-qutganlari esa Hindistonning nasroniylik haqida umuman hech narsa eshitmagan haqiqiy nasroniylar yashaydigan boshqa shtatlariga qochib qutulishgan!"
Bu paytga kelib bir necha odam Qoyilmaqom Fernsni pastga tushirish uchun minbarga tirmashgandi. Minbar esa ustiga to‘dalashib chiqib olish uchun emas, balki diniy birodarlikni targ‘ib qilish uchun qurilgandi, shu sababli u sinib ketdi. Oqibatda bir to‘da odam yerga uchib tushdi. Ushbu g‘ala-g‘ovurdan foydalanib qolgan Qoyilmaqom Ferns qochib qolishga ulgurdi. Odamlarning qadr-qimmati yerga urilgani qoldi xolos.
Tashrifi kutilayotgan rohibning mashinasi yo‘lda buzilib qolishini va uning cherkovga o‘z vaqtida yetib kelolmasligini Qoyilmaqom Ferns qaerdan bila qoldi ekan? U qanday qilib cherkov qorovuliga sezdirmasdan rohib kiyimini olib chiqib kiyib oldiykin? Yo...balki..Bibi Maryamning Fernsning uyida bo‘lganligi uni ko‘rinmas bo‘lishini ta’minladimikan..?
Shu shu xudojuy kampirlar Qoyilmaqom Fernsga da’vat qilishni to‘xtashdi. Shaytonni chuv tushirish oson ish emasga o‘xshaydi yov.
 
* Goa – Ugandadagi kichik bir shaharcha. 
 

Ingliz tilidan Muhammadjon Sobirov tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.