Porto-Vekkodan shimoli-g‘arbga — orolning ichkarisiga qarab yo‘l olsangiz, ancha tik qiyaliklardan ko‘tarilishga to‘g‘ri keladi. Katta-katta xarsangtoshlar qalashib yotgan, ba’zi joylari o‘pirilib ketgan ilon izi so‘qmoqdan uch soatlar chamasi yursangiz, boshi keti ko‘rinmaydigan qalin makiga ro‘para bo‘lasiz. Maki — korsikalik cho‘ponlar bilan qonunga chap berib yurganlarning makoni. Aytish kerakki, korsikalik dehqon dalani o‘g‘itlash zahmatidan qochib, o‘rmonning bir chetiga o‘t qo‘yadi. Olov keragidan ortiqroq joyni yondirib yuborsa ham parvoyiga kelmaydi. Nega deganda, yondirilgan daraxtlarning kuli tushgan yerdan yaxshi hosil olishiga ishonadi-da. Boshoqlar yig‘ib olinganidan keyin (somoni qolaveradi, uni yig‘ib olish — mashaqqat), yer ostida omon qolgan daraxt ildizlaridan yanagi bahorda navqiron novdalar ko‘karadi. Bir necha yil o‘tib, ularning bo‘yi yetti-sakkiz futga yetadi. Mana shu qalin chakalakni maki deyishadi. Maki — bir-biri bilan ayqash-uyqash bo‘lib o‘sgan har xil daraxtlardan iborat. Odam ularning orasidan qo‘lida bolta bilangina yo‘l ochib yurishi mumkin. Ba’zan esa shunaqa qalin makilar bo‘ladiki, hatto olqorlar ham ularning orasidan o‘tisha olmaydi.
18... yilda Korsikaga borganimda Matteo Falkonening uyi ana shu makidan yarim milcha berida edi. U o‘sha yerdagi o‘ziga to‘q odamlardan edi. U son-sanoqsiz podalardan keladigan daromad hisobiga halol hayot kechirardi. Uning podalarini ko‘chmanchi cho‘ponlar tog‘ma-tog‘ o‘tib yurib boqishardi. Men uni uchratganimda ellik yoshlar chamasida edi. Hozir men sizga aytib bermoqchi bo‘lib turgan voqea esa undan ikki yil burun sodir bo‘lgan ekan. Uni o‘rta bo‘yli, lekin baquvvat, jingalak sochlari qoramoyday tim qora, qirra burun, lablari yupqa, ko‘zlari tiyrak, yuzi oshlanmagan terining rangidagi bir odam deb tasavvur qilavering. Bu o‘lkada usta merganlar ko‘p bo‘ladi. Ammo Matteo miltiqdan bexato otishda ularning hammasidan o‘tardi. Masalan, Matteo olqor ovlaganda hech qachon sochma o‘q ishlatmasdi, biroq uni bir yuzu yigirma qadam naridan istasa boshidan, istasa kuragidan otib, yer tishlatardi. Kunduzi qanchalik chapdast bo‘lsa, zim-ziyo kechasi ham shunchalik bexato otardi. Menga uning chapdastligini ko‘rsatuvchi bir voqeani aytib berishgan. Korsikada bo‘lmagan odamga bu mubolag‘adek tuyulishi mumkin. Undan sakson qadam nariga — tarelkaday keladigan yaltiroq qog‘oz ortiga sham yoqib qo‘yishipti, u mo‘ljalga olipti. Keyin shamni o‘chirib qo‘yishipti. Bir minut o‘tgach, qop-qorong‘u tunda o‘sha qog‘ozga qaratib o‘q otibdi. Shunda to‘rtta o‘qdan uchtasini qog‘ozga tegizibdi.
Ana shunaqa favqulodda mahorat Matteo Falkoneni mashhur qilib yubordi. Uni odamlar ham yaxshi do‘st, ham xavfli raqib hisoblashardi. Biroq u do‘stlaridan jonini ham ayamas, faqirlarga mehru shafqat bilan qarar, Porto-Vekko viloyatida hamma bilan inoq, tinch-totuv yashardi. Aytishlariga qaraganda, u xotinini Kortodan olgan ekan, u yerda jangda shaddodlik, muhabbat bobida esa epchillik bilan nom chiqargan xavfli raqibiga shafqatsiz zarba bergan ekan. Matteoning miltig‘idan uzilgan o‘q uni deraza yonida osig‘liq turgan ko‘zguga qarab turganida qulatgan emish. Bu voqea bosdi-bosdi bo‘lgach, Matteo uylandi. Xotini Juzeppa unga avval uchta qiz tug‘ib berdi (bundan Matteo rosa darg‘azab bo‘lgan edi), keyin o‘g‘il tug‘di. Unga Fortunato deb nom qo‘yishdi. Bu nomda oilaning umidi va urug‘ning davomchisi degan ma’no bor edi. Qizlarini u yaxshi joylarga uzatdi: biron xavf-xatar tug‘ilsa, ota kuyovlarining xanjari va miltiqlariga tayanishi mumkin edi. O‘g‘li esa endi o‘nga kirgan, lekin bo‘ladigan bola ekani hozirdanoq ko‘rinib qolgan edi.
Erta kuz kunlaridan birida Matteo saharlab mollaridan xabar olib kelish uchun xotini bilan makiga jo‘nadi. Kichkina Fortunato ular bilan birga bormoqchi bo‘ldi, biroq yaylov ancha olis edi. Undan tashqari, uyni yolg‘iz tashlab ketib bo‘lmasdi. Shu sababga ko‘ra otasi uni qoldirib ketdi. Ota bu ishdan qanchalar pushaymon bo‘lgani hikoyamizning davomidan ayon bo‘ladi. Ular jo‘nab ketishgandan keyin bir necha soat o‘tdi. Kichkina Fortunato oftobro‘y joyda cho‘zilib yotib, moviy tog‘larga tikilganicha, yanagi yakshanba kuni shaharga sarorali2 amakisinikiga mehmonga borishini o‘ylardi. To‘satdan yangragan o‘q ovozi uning xayollarini to‘zg‘itib yubordi. U sapchib turib, o‘q ovozi eshitilgan sayhonlik tomonga o‘girildi. Yana o‘qtin-o‘qtin o‘q ovozi eshitildi. Otishma borgan sari yaqinlashib kelardi. Nihoyat, sayhonlikdan Matteoning uyiga olib keladigan so‘qmoqda juldur kiyimli, soqoli o‘sib ketgan, tog‘liklar kiyadigan uchli qalpoq kiygan odam paydo bo‘ldi. U hozirgina oyog‘idan o‘q yegan ko‘rinardi.
U porox olib kelgani kechasi shaharga ketayotib, korsikalik voltijerlar3 pistirmasiga duch kelib qolgan bandit4 edi. U jon-jahdi bilan otishib, qoya-toshlarni panalab, quvib kelayotganlarni bir amallab chalg‘itishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq soldatlar yaqin orada edi. U esa jarohati tufayli makiga yetib borolmadi.
U Fortunatoning oldiga kelib, so‘radi:
— Matteo Falkonening o‘g‘limisan?
— Ha.
— Men Jannetto Sanperoman. Orqamdan sariq yoqalar quvib kelyapti. Meni yashir. Yurgani holim qolmadi.
— So‘ramasdan seni yashirsam, otam nima deydi?
— Yaxshi qilibsan deydi.
— Qaydam?
— Meni tezroq yashir. Ular bu yoqqa kelishyapti.
— Otam qaytguncha kutib tur.
— Kutib tur? La’anati-e! Ular besh minutdan keyin yetib kelishadi. Qani, bo‘l, meni tezroq yashir. Bo‘lmasa, o‘ldiraman!
Fortunato pinagini buzmay javob berdi:
— Miltig‘ing o‘qlanmagan. Sarhera6da o‘q tugabdi.
— Xanjarim bor.
— Baribir menga yetolmaysan.
U bir sakrab xavfsiz joyga chiqib oldi.
— Yo‘q, sen Matteo Falkonening o‘g‘li emassan! Nahotki, uyingning oldida meni ushlab olishsa-yu, sen indamay turaversang?!
Bu, aftidan, bolaga ta’sir qildi shekilli:
— Seni yashirsam, menga nima berasan? — deb so‘radi u yaqinlashib.
Bandit belbog‘iga ilib olgan charm xaltasini titkilab, undan besh franklik tanga chiqardi. Bu pulni u porox sotib olish uchun yashirib qo‘ygan shekilli. Fortunato kumush tangani ko‘rib jilmaydi, uni qo‘liga olgach, Jannettoga gapirdi:
— Hech narsadan qo‘rqma.
Bir zumda u uyning yonidagi pichan g‘aramini o‘yib, kovak yasadi. Jannetto g‘ujanak bo‘lib, unga kirib oldi, bola kovakning og‘ziga havo kirib turadigan qilib pichan bosdi. G‘aramga qaragan odam, uning ichida birov yashirinib yotganini xayoliga ham keltirmas edi. Bundan tashqari, bola yovvoyi odamlarga xos makkorlik bilan yana bir tadbir ishlatdi. U yaqinda bolalagan mushukni bolalari bilan olib kelib, g‘aramga joylab qo‘ydi — go‘yo g‘aramga anchadan beri hech kim qo‘l tekkizmaganday bo‘ldi. Keyin uy yonidagi so‘qmoqda qon izlarini ko‘rib, hafsala bilan ularning ustiga tuproq sepdi va yana hech narsa ko‘rmaganday oftobro‘y joyga cho‘zilib oldi.
Bir necha minut o‘tgach, sariq yoqali jigarrang forma kiygan oltita o‘qchi serjant boshchiligida Matteoning uyi oldida turishardi. Bu serjant Falkonega uzoq qarindosh edi. (Ma’lumki, boshqa joylarga qaraganda Korsikada qarindosh-urug‘chilikka qattiqroq rioya qilinadi.) Uning ismi Teodor Gamba edi. U juda faol odam bo‘lib, ancha-muncha banditlarni qo‘lga tushirgan va banditlar undan zir titrashardi.
— Yaxshimisan, jiyan! — dedi u Fortunatoga yaqinlashib. — Ancha katta bo‘lib qolibsan-ku! Bu yerdan yaqinda hech kim o‘tmadimi?
— Voy, amaki, men hali sizday bo‘lganim yo‘q-ku! — deb javob berdi bola o‘zini go‘llikka solib.
— Menga ham yetib olasan. Qani, ayta qol: hech kim o‘tmadimi?
— Bu yerdan hech kim o‘tmadimi, deyapsizmi?
— Ha, uzunchoq duxoba qalpoq kiygan, kurtkasiga qizil, sariq gul tikilgan odam.
— Cho‘zinchoq duxoba qalpoq kiygan, kurtkasiga qizil, sariq gul tikilgan?
— Ha, tezroq javob ber, savollarimni takrorlamay.
— Bugun ertalab uyimizning oldidan Pero degan otini minib kashish o‘tdi. U, otangning ahvoli qalay, deb so‘radi. Men aytdimki...
— Ha, yaramas. Mug‘ombirlik qilyapsan-a! Qani, bo‘l, tez javob ber: Jannetto qayerga g‘oyib bo‘ldi? Biz uni qidirib yuribmiz. Imonim komil, u shu so‘qmoqdan yurgan.
— Men qayoqdan bilay?
— Qayoqdan bilay? Lekin men bilaman — sen uni ko‘rgansan.
— Uxlab yotgan bo‘lsam, o‘tgan-ketganni qandoq ko‘raman?
— Uxlaganing yo‘q, mug‘ombir! O‘q tovushlari uyg‘otib yuborgan.
— Amakijon, miltig‘ingiz shunaqa qattiq varanglaydi deysizmi? Otamning miltig‘i qattiqroq gumburlaydi.
— Jin ursin sen la’natini! Men aminmanki, sen Jannettoni ko‘rgansan. Balki uni yashirib ham qo‘ygandirsan. Yigitlar, uyga kiring. Qochoqni tuzukroq qidirib ko‘ring. U zo‘rg‘a oqsoqlanib yuripti. Bu ablahning mayib oyoq bilan makiga yetib borolmasligiga aqli yetadi. Qon izlari ham shu yerga kelib tamom bo‘lgan.
— Otam nima derkin? — deb so‘radi Fortunato istehzo bilan. — Yo‘g‘ida uyimizga bostirib kirishganini bilsa, otam nima derkin?
— Muttaham! — dedi Gamba uning qulog‘idan cho‘zib. — Istasam, bir zumda boshqacha sayrab qolasan. Sening tilga kirishing uchun qilichning beti bilan jinday savalash kerakka o‘xshaydi.
Fortunato esa istehzosini davom ettiraveradi:
— Mening otam — Matteo Falkone! — dedi u ma’nodor qilib.
— Bilasanmi, shumtaka, istasam, seni Kortoga yoki Bastiyaga olib borib, turmaga tiqib qo‘yaman. Qo‘l-oyog‘ingga kishan urib poxolga yotqizaman-da, kallangni olaman. Yaxshisi, Jannetto Sanperoning qaydaligini ayt.
Bola bunday kulgili po‘pisani eshitib, qah-qah urib kulib yubordi. U hamon takrorlardi:
— Mening otam — Matteo Falkone.
— Serjant! — dedi pichirlab voltijerlardan biri. — Keling, qo‘ying. Matteo bilan o‘chakishib nima qilasiz?
Gamba nochor ahvolda qoldi. U soldatlar bilan shivir-shivir qilib allanimani gaplashdi. Soldatlar bir zumda uyni titkilab qarab chiqishdi. Bunga ko‘p vaqt ketgani yo‘q. Chunki korsikalikning kulbasi bitta chorburchak xonadan iborat bo‘ladi. Stol, kursi, sandiq, ba’zi bir uy anjomiyu ovchilik uskunalari — uning bor-yo‘q bisoti shu. Bu orada kichkina Fortunato mushukni silab o‘tirar va voltijerlar bilan amakisining dovdirab qolishganidan ichida kulayotganday edi.
Soldatlardan biri g‘aramning oldiga bordi. Mushukni ko‘rib, loqaydlik bilan pichanga nayza sanchdi, so‘ng baribir, bu behuda gap, degandek yelkasini qisdi. G‘aram ichida hech narsa g‘imir etmadi, bolaning chehrasida ham zarracha tashvish alomati sezilmadi.
Serjant va uning otryadi borgan sari betoqat bo‘la boshladi. Ular kelgan tomonlariga qaytib ketishga chog‘langandek, sayhonlikka nigoh tashlay boshlashdi. Lekin bu orada ularning boshlig‘i Falkonening o‘g‘liga do‘q-po‘pisalar zarracha ta’sir qilmayotganiga qanoat hosil qilgach, yana bir bor urinib ko‘rishga, endi muloyimlik bilan sinab ko‘rishga ahd qildi:
— Jiyan! — dedi u. — Sen o‘zing durust bola ko‘rinasan. Martabang ulug‘ bo‘ladi. Lekin hozir bekorga o‘jarlik qilyapsan. Agar birodarim Matteoni ranjitishdan qo‘rqmaganimda seni olib ketardim.
— Shunaqa deng!
— Hali Matteo kelganda, hammasini unga aytib beraman. Yolg‘on gapirganing uchun ta’ziringni berib qo‘yadi.
— Ko‘ramiz...
— Ha, ko‘rasan... Menga qara: aqlli bola bo‘lsang, men senga bir narsa berardim.
— Men bo‘lsam, amakijon, sizga maslahat beraman: agar sustkashlik qilsangiz, Jannetto makiga kirib ketadi. Undan keyin uni ushlab olish uchun sizdaqalardan yana anchasi kerak bo‘ladi.
Serjant kissasidan kumush soatini chiqardi. U kamida o‘n ekyu turardi. Soatni ko‘rib, kichkina Fortunatoning ko‘zlari yonganini sezgan serjant po‘lat zanjirning uchidan ushlab soatni osiltirganicha gap boshladi:
— Hoy, mug‘ombir! Ko‘kragingga shunaqa soat osib, Porto-Vekko ko‘chalaridan tovusday gerdayib yurging kelar-a? O‘tgan-ketgan sendan: «Soat necha?» deb so‘raydi, sen esa: «Mana, o‘zingiz ko‘ra qoling», deb soatni tutasan.
— Katta bo‘lganimda kapral amakim menga soat sovg‘a qiladi.
— Shundog‘u, lekin amaking o‘g‘liga hozirning o‘zida soat olib bergan... To‘g‘ri, u soat bunchalik chiroyli emas... Amakingning o‘g‘li hali sendan kichkina...
Bola chuqur tin oldi.
— Xo‘sh, nima deysan, soatni olging kelyaptimi, jiyan?
Soatga ko‘z qirini tashlab turgan Fortunato egasi jo‘jani ko‘rsatib ermak qilayotgan mushukning ahvoliga tushib qolgan edi. Mushuk g‘ashiga tegishayotganini sezib, jo‘jaga changal urishga botinolmaydi, vas-vasdan qochish uchun o‘qtin-o‘qtin undan ko‘z uzadi, daqiqa sayin tamshanadi va butun qiyofasi bilan xo‘jayinga qarab, «hazil ham shunaqa beshafqat bo‘ladimi?» deyayotganday bo‘ladi.
Ammo serjant Gamba chindan ham soatni unga sovg‘a qilmoqchi ko‘rinadi. Fortunato soatga qarab qo‘l cho‘zmadi-yu, lekin achchiq alam aralash gapirdi:
— Nega meni mazax qilyapsiz?7
— Xudo haqqi, mazax qilayotganim yo‘q. Jannettoning qayerdaligini aytsang, bas, soat — seniki.
Fortunato ishonqiramay jilmaydi, uning qora ko‘zlari yeb qo‘ygudek bo‘lib serjantning ko‘zlariga qadaldi. Bola uning ko‘zlaridan gapiga ishonsa bo‘lish-bo‘lmasligini uqib olmoqchiday edi.
— Agar soat seniki bo‘lmasa, epoletimdan ayrilay, — deb qichqirdi serjant. — Mana, soldatlar guvoh bo‘lsin, men so‘zimdan qaytmayman.
Shu so‘zlarni aytar ekan, u soatni Fortunatoga tobora yaqin olib kelar, soat bolaning rangi o‘chgan yuziga tegay-tegay deb turardi. Bolaning qalbida soatni olish istagi bilan mehmondo‘stlik burchi o‘rtasida jo‘sh urayotgan kurash uning yuziga ham tepgan edi. U go‘yo hozir bo‘g‘ilib qoladigandek, hansirab nafas olardi. Soat esa qarshisida chayqalib, zanjirda aylanib, burnining uchiga tegay-tegay deb turibdi. Nihoyat, Fortunato soatga jur’atsizgina qo‘l cho‘zdi, o‘ng qo‘lining barmoqlari soatga tegdi, mana serjant zanjirni qo‘yib yuborgan bo‘lmasa-da, soat bolaning kaftiga qo‘ndi... Moviy tsiferblat. Yaraqlab turgan qopqoq... Quyosh nuriga yonaman deydi... Bunday o‘ljadan voz kechish amrimahol edi.
Fortunato chap qo‘lini ko‘tarib, bosh barmog‘i bilan yelkasi osha o‘zi suyanib turgan pichan g‘aramiga ishora qildi. Serjant darrov tushundi. U zanjirning uchini qo‘yib yubordi. Fortunato endi soat o‘ziniki bo‘lganiga chindan ishondi. U kiyikday chaqqon sakrab turdi-da, voltijerlar tita boshlagan g‘aramdan o‘n qadamcha nariga yugurib bordi. Pichan g‘imirladi va g‘aram ichida qonga belangan odam qo‘lida xanjar bilan o‘rmalab chiqib keldi. U o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, lekin oyog‘idagi jarohati bunga imkon bermadi. U yiqildi. Serjant unga tashlanib, xanjarini tortib oldi. Rosa qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, shu zahoti uning qo‘l-oyog‘ini chandib tashlashdi. Qo‘l-oyog‘i bog‘liq, bir bog‘ o‘tinday yerda yotar ekan, Jannetto oldiga kelgan Fortunatoga yuzini o‘girdi-da:
— ... O‘g‘il emish! — dedi. Uning ohangida g‘azabdan ko‘ra nafrat kuchliroq edi.
Bola undan olgan kumush tangani qaytarib oldiga tashladi — bu in’omni olishga haqqi yo‘qligiga aqli yetdi. Lekin jinoyatkor uning bu ishiga zarracha ham e’tibor bermadi. U juda bosiq ohangda serjantga murojaat qildi:
— Muhtaram Gamba! Men yurolmayman. Meni shahargacha ko‘tarib borasizlar.
— Hozirgina echkiday shataloq otib yugurib yuruvding-ku! — dedi shafqatsiz g‘olib. — Mayli, xotirjam bo‘l, qo‘limga tushganingning xursandchiligiga o‘zim seni bir milya joyga opichib borishga tayyormanu, lekin ancha charchaganman. Mayli, oshna, sen uchun shox-shabba bilan plashingdan zambil yasaymiz. Krespolidagi xonadonlardan ot olamiz.
— Mayli, — dedi bandi. — Lekin zambilga bir oz poxol solinglar. Menga qulayroq bo‘lsin.
Voltijerlardan ba’zilari kashtan shoxlaridan zambil yasayotgan, ba’zilari Jannettoning yarasini bog‘lash bilan band bo‘lib turgan paytda, makiga olib boradigan so‘qmoqning burilishida to‘satdan Matteo bilan xotini paydo bo‘ldi. Xotini kashtan yong‘oqlari solingan katta qanorning og‘irligidan egilib zo‘rg‘a qadam bosar, eri esa qo‘lida bitta miltiqdan boshqa yuki yo‘q — yengil va shaxdam yurib kelardi. Erkak kishiga quroldan boshqa yuk nomunosib-da!
Soldatlarni ko‘rib, Matteo avvaliga, ular meni qamagani kelishgan, deb o‘yladi. Bunday fikr qayoqdan keldi? Nahotki, Matteoning hukumatga manzur bo‘lmaydigan biron kirdikori bo‘lsa? Yo‘q, u yaxshi odam, deb nom chiqargan. U o‘z aravasini tinchgina sudrab yuradigan fuqarolardan. Ammo u, ayni choqda, korsikalik ham, tog‘lik ham edi. Qaysi bir korsikalik — tog‘lik o‘z xotirasini tuzukroq kovlashtirib ko‘rsa, o‘tmishda qilib qo‘ygan biron gunohini topolmaydi? Birovni otib qo‘yishmi, chavaqlab ketishmi yoki shunga o‘xshash biron mayda gunohdan soqit odam bormi? Matteoning vijdoni hammanikidan ham toza edi, chunki, mana, o‘n yil bo‘ldi, odam bolasiga miltiq o‘qtalgani yo‘q, lekin shundoq bo‘lsa-da, u sergaklanib, zarur bo‘lsa, o‘zini matonat bilan himoya qilishga chog‘landi.
— Xotin! — dedi u Juzeppaga. — Yukingni qo‘yib, tayyorlanib tur.
Xotini darhol uning aytganini qildi. Eri yelkasida osig‘liq miltiqni olib unga uzatdi — u xalaqit berishi mumkin edi-da. Ikkinchi miltiqni o‘qtalgancha, yo‘l bo‘yidagi daraxtlarni panalab, ohista uyiga yaqinlasha boshladi. Soldatlar sal-pal qaltis harakat qiladigan bo‘lsalar, u darhol yo‘g‘on daraxt panasiga yashirinib, u yerdan otishishi mumkin edi. Juzeppa ikkinchi miltiq bilan o‘q xaltani ko‘tarib, uning izidan kelardi. Yaxshi xotinning burchi — jang vaqtida eriga miltiq o‘qlab berib turish bo‘ladi.
Matteoning miltiq o‘qtalib, tepkini bosishga tayyor holda ohista yaqinlashib kelayotganini ko‘rgan serjantning yuragiga g‘ulu tushdi.
«Bordi-yu, — deb xayolidan o‘tkazdi u, — Matteo Jannettoning qarindoshimi, do‘stimi bo‘lsa-yu, uni himoya qilib qolsa-chi? Unda birdan ikki kishi uning ikkita o‘qiga uchishi turgan gap. Qarindoshligimizga qaramay, menga o‘q uzsa nima bo‘ladi?»
Nihoyat, u dadillik bilan bir fikrga keldi — Matteoga peshvoz chiqib, hamma gapni qadrdon do‘stiga aytganday, oqizmay-tomizmay aytib berishga ahd qildi. Matteodan ajratib turgan qisqagina masofa unga haddan tashqari uzunday ko‘rindi.
— Ha, oshna! — deb qichqirdi u. — Ahvoling qalay, do‘stim? Men Gambaman, qarindoshing!
Matteo bir og‘iz so‘z aytmay, joyida to‘xtadi. Serjant gapirar ekan, u miltig‘ining og‘zini sekin-asta yuqoriga ko‘tara boshladi. Serjant yaqinlashib kelganda uning miltig‘i osmonga qarab turardi.
— Yaxshimisan, birodar!8 — dedi serjant ko‘rishishga qo‘l cho‘zib. — Uchrashmaganimizga ham ancha bo‘ldi.
— Yaxshimisan birodar!
— Men yo‘l-yo‘lakay sen bilan ham, singlim Peppa bilan ham ko‘rishib ketay deb kelgan edim. Bugun juda ko‘p yurdik, lekin ovimiz baroridan keldi. Noshukurchilik bo‘lmasin, charchasak ham go‘rga, hozirgina Jannetto Sanperoni qo‘lga tushirdik.
—Xudoga shukur! — deb nido qildi Juzeppa. — O‘tgan hafta sog‘in echkilarni o‘marib ketgan edi.
Uning gapi Gambani xursand qildi.
— Bechora! — dedi Matteo. — U och edi!
— Bu ablah sherday olishdi, — deb davom etdi serjant bir oz ensasi qotib. — U mening o‘qchilarimdan birini otib o‘ldirdi, kapral Shardonning qo‘lini mayib qildi. Mayli, bunisiga chidasa bo‘ladi. Shardon fransuz... Keyin desang, u shunaqa ustalik bilan yashirinib olibdiki, uni alvasti ham topolmasdi. Agar jiyanim Fortunato bo‘lmasa, men uni ikki dunyoda ham topolmasdim.
— Fortunato? — deb qichqirdi Matteo.
— Fortunato? — deb takrorladi Juzeppa.
— Ha, Jannetto anavi g‘aramning ichiga yashiringan ekan. Jiyanim uning hiylasini aytib berdi. Men buni kapral amakisiga gapirib beraman. U jiyanimni taqdirlab, yaxshi sovg‘a yuboradi. Men esam prokuror nomiga yozadigan axborotimda seni ham, uni ham tilga olaman.
— Ming la’nat! — dedi Matteo eshitilar-eshitilmas.
Ular otryadning oldiga kelishdi. Jannetto zambilda yotardi. Soldatlar jo‘nash taraddudida edilar. Matteoni Gambaning yonida ko‘rib Jannetto g‘alati bir istehzo bilan kuldi-da, keyin uy tomonga yuzini o‘girib, ostonaga tupurdi.
— Sotqinning uyi! — dedi u ijirg‘anib.
O‘limini bo‘yniga olgan odamgina yurak yutib, Falkoneni sotqin deb atashga jur’at qilishi mumkin edi. Xanjarning bir zarbi bilan bu haqoratga javob bersa bo‘lardi. Birgina zarbi bilan!
Ammo Matteo nogahoniy kulfatdan singan odamday mushtini peshanasiga tiragancha dong qotib qoldi.
Fortunato otasini ko‘riboq uyga kirib ketgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, u bir kosa sut ko‘tarib ichkaridan chiqdi va yerga tikilib turib, uni Jannettoga uzatdi.
— Yo‘qol ko‘zimdan! — dahshatli ovoz bilan hayqirdi mahbus.
Keyin voltijerlardan biriga yuzlanib, iltimos qildi:
— Oshna! Menga suv ber.
Soldat unga suvlug‘ini uzatdi. Bandit hozirgina raqibi bo‘lgan odamning qo‘lidan suvluqni olib, suvdan bir-ikki qultum ho‘pladi. So‘ngra qo‘lini orqasiga qayirib bog‘lamasdan, ko‘kragi ustiga bog‘lashlarini so‘radi.
— Qulayroq yotishni ma’qul ko‘raman, — dedi u. Bir zumda uning iltimosini bajo keltirishdi, so‘ng serjant qo‘zg‘alishga ishora berib, Matteo bilan xayrlashdi, lekin undan sado chiqmagach, sayhonlikka qarab tez-tez yurib ketishdi.
Oradan o‘n minutcha o‘tdi, Matteo esa hamon indamas edi. Bola xavotir ichida goh onasiga, goh otasiga termulib qarab qo‘yardi. Otasi miltiqqa suyangancha, bosib kelayotgan g‘azabini tizginlayolmay, qahr bilan o‘g‘liga tikilardi.
— Boplabsan! — dedi nihoyat Matteo xotirjam ohangda. Ammo bu odamni bilganlar xotirjamlik zamiridagi qahr-g‘azabdan voqif edilar.
— Ota! — deb qichqirib yubordi bola. Uning ko‘zlaridan yosh tirqiradi. U tiz cho‘kmoqchi bo‘lganday, old tomonga bir qadam qo‘ydi.
Lekin Matteo birdan hayqirdi:
— Yo‘qol!
Bola ho‘ngrab yig‘lagancha otasidan bir necha qadam narida toshdek qotib turib qoldi.
Juzeppa ularga yaqinlashdi. U Fortunato ko‘ylagining etagidan uchi chiqib turgan soat zanjirini ko‘rib qoldi.
— Soatni kim berdi senga? — deb so‘radi u qahr bilan.
— Serjant amakim.
Falkone soatni yulqib oldi-da, jon-jahdi bilan toshga urdi. Soat mayda-mayda bo‘lib ketdi.
— Xotin! — dedi u. — Mendan bo‘lganmi shu bola?
Juzeppaning bug‘doy rang chehrasi g‘ishtdan ham qizilroq tusga kirdi.
— Esingni yig‘, Matteo! Kimga gapiryapsan bu gapni?
— Demak, bu bola bizning urug‘imizdan chiqqan birinchi sotqin ekan.
Fortunatoning yig‘isi avj oldi, Falkone esa silovsinnikiga o‘xshash o‘tkir ko‘zini hamon undan uzmay turardi. Nihoyat, u miltig‘ining qo‘ndog‘ini yerga bir urdi-da, keyin uni yelkasiga olib, Fortunatoga, «orqamdan yur», deb buyruq berdi va makiga yo‘l oldi.
Bola itoat qildi.
Juzeppa Matteoga tashlanib, qo‘llariga osildi:
— O‘z pushtikamaringdan bo‘lgan zurriyoting-a! — deb qichqirdi u titroq ovozda. U qora ko‘zlarini erining ko‘zlariga tikib, ulardan erining qalbida kechayotgan gapni o‘qib olmoqchidek edi.
— Bas qil! — dedi Matteo. — Men uning otasiman!
Juzeppa o‘g‘lini o‘pdi va yig‘laganicha uyga kirib ketdi. U ichkariga kirishi bilan Bibi Maryamning surati qarshisiga tiz cho‘kib, sidqidildan ibodat qila boshladi. Bu orada Falkone so‘qmoq bo‘ylab ikki yuz qadamcha yurganidan keyin, chog‘roqqina chuqurga duch keldi. Qo‘ndoq bilan yerni urib ko‘rib, uning yumshoqligiga, kovlash oson bo‘lishiga ishonch hosil qildi. Bu joy niyatini bajo keltirish uchun qulay tuyuldi.
— Fortunato! Anavi katta toshning oldiga bor.
Uning buyrug‘ini bajargan Fortunato tiz cho‘kdi.
— Ibodat qil!
— Ota! Otajon! O‘ldirma meni!
— Ibodat qil! — g‘azab bilan takrorladi Matteo.
Bola duduqlana-duduqlana, ko‘zida yosh bilan ikkita duo o‘qidi. Har qaysi duoning oxirida otasi qat’iy ohangda «omin» deb qo‘ydi.
— Boshqa duoni bilmaysanmi?
— Ota! Yana bir duoni bilaman. Bibi Maryam haqida. Xolam o‘rgatgan edi.
— Juda uzun duo... Mayli. O‘qi.
Bu duoni o‘qir ekan, bola ovoz chiqarishga ham majoli qolmadi.
— Tugatdingmi?
— Ota! Rahm qil! Meni kechir! Hech qachon bunaqa qilmayman! Jannettoni afv qilishini kapral amakimdan yalinib so‘rayman.
U yana nimalardir deb g‘udurladi. Matteo miltiqni ko‘tarib, mo‘ljalga olar ekan, gapirdi:
— Seni xudoning o‘zi kechirsin!
Fortunato jon-jahdi bilan sapchib turmoqchi, otasining oyoqlariga o‘zini tashlamoqchi bo‘ldi, lekin ulgurolmadi. Matteo o‘q uzdi, bola jonsiz yiqildi.
Matteo jasadga qayrilib ham qaramay, o‘g‘liga go‘r qazigani belkurak olib kelish uchun so‘qmoqdan uy tomonga yo‘l oldi. Bir necha qadam qo‘yib ulgurmay, u o‘q ovozidan xavotirlanib, yugurib kelayotgan Juzeppaga duch keldi.
— Nima qilib qo‘yding? — deb qichqirdi u.
— Adolat qaror topdi!
— Qani u?
— Chuqurda. Men uni hozir ko‘maman. Imoni o‘zida ketdi. Men uning xotirasiga janoza o‘qittiraman. Kuyovimiz Teodor Byankiga aytish kerak, biznikiga ko‘chib kelsin.
_____________
1. * Pilone (avtor izohi)
2.*Caporali — Ilgarigi vaqtlarda feodal senorlarga qarshi isyon ko‘targan Korsika kommunalari o‘zlari saylab oladigan rahnamolarini kapral deb atashardi. Hozirgi vaqtda o‘zining molu mulki, oshna-og‘aynilari, mijozlarining ko‘pligi tufayli Pieke, ya’ni kantonda katta obro‘ga ega bo‘lgan, hatto ko‘p mojarolarga qozilik qiladigan odamni ba’zan shunday deb atashadi. Qadimiy odatga ko‘ra, korsikaliklar besh tabaqaga bo‘linadi: dvoryanlar (ularning ba’zilari magnifishi, boshqalari — signori), caporali, grajdanlar, plebeylar va kelgindilar. (Avtor izohi).
3.* Voltijerlar — o‘qchilar otryadi bo‘lib, yaqindan beri hukumat jandarmlar bilan birga politsiyaga yordam bersin uchun bunday otryadlarga odam yollamoqda. (Avtor izohi).
4. *Bandit — bu o‘rinda yashirinib yurgan jinoyatchi ma’nosida.
5. *Sariq yoqalar — U paytlarda voltijerlar sariq yoqali jigarrang mundir kiyishardi. (Avtor izohi).
6. *Carhera — o‘qdon va xalta o‘rnini bosuvchi charm belbog‘. (Avtor izohi).
7. *Perche me c... (Avtor izohi) — nega meni mazax qilayapsiz.
8. *Yaxshimisan, birodar! — Buon giorno, fratello — korsikaliklarning odatdagi salom-aligi (avtor izohi).