OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rabindranat Tagor. Taskin topgan rashk (hikoya)

I

Romanatx Shilga qarashli uch qavatli uyning eng yuqorisida Gopinatx Shilning xotini Giribala turar edi. Uning yotoqxona eshigi oldida guldonlarda jasmin va atirgullar o'sardi. Tomdagi maydonchaning atrofi baland qilib o'rab olingan, ko'chaga qarab turish uchun har yer-har yeridan darchalar ochilgan edi.
Yotoqxona devorida yevropalik xotinlarning kiyimda va yalang'och bo'lib tushgan suratlari osilib turardi. Uy to'ridagi katta oynada o'n olti yashar uy bekasining aksi ko'ringanda, u husnda suratlardagi go'zallardan sirayam qolishmas edi.
Giribalaning husni-jamoli to'satdan olamga ko'z ochish, qo'qqisdan yalt etgan shu'la yoki mo'jizaga o'xshab ketar, bir zumda kishini maftun etardi. Men Giribalani ko'rganda payqadimki, bunday uchrashuvga tayyorlanmagan ekanman. U, men o'z atrofimda uzoq vaqt ko'rib yurgan odamlarning hech biriga o'xshamasdi.
Giribala o'z go'zalligidan o'zi ham hayajonda edi. Yoshlik va go'zallik uning butun vujudini xuddi qadahdagi may singari limmo-lim go'ldirib turardi. Uning butun barmog'idan: liboslari, zeb-ziynati, yurishlari, qo'l harakatlari, sal egik bo'yni, shahdam qadamlari, oyoqlaridagi qo'ng'iroqchalari, bilaguzuklari, xandon urib kulishlari to'liqib so'zlashlari, otashin nigohi — hammasidan yoshlik va go'zallik barq urar edi.
Giribala yoshlik tuyg'ulari bilan mast edi. U go'zal qomatini chiroyli soriyga o'rab, hayajonda tez-tez torn bo'ylab yurar; a'zoyi badani qandaydir sokin va so'zsiz qo'shiq ohangida raqsga tushganday tuyular, turli vaziyatda o'ziga bino qo'yib turishlari esa, unga huzur baxsh etganday bo'lardi. Bu juvon o'z husnidan go'yo tevarakka to'lqinlar taratib, qizg'in qonida bebosh bir g'alayon his etar edi. U kutilmaganda daraxtdan bir yaproqni uzib, qo'llarini yuqoriga ko'tardi-da, uni shamolda uchirib yuborardi. Shunda bilaguzuklari jaranglab, soriysining etagi hilpirar, qafasdan qutulgan qush poyonsiz osmonning bulutlar saltanati tomon parvoz etganday, chiroyli qo'llari havoga talpinardi. Ba'zan Giribala guldondan bir siqim tuproq olib, sochib yuborar edi. Oyoq uchida turib darchalardan keng olamga yalt etib bir nazar solardi, so'ng o'girilib, soriysi bilan yuzini yashirarkan, etagiga bog'langan kalitlar jiringlab ketardi. U tez-tez katta toshoyna oldiga kelib, hech nimadan hech nima yo'q, sochlarini yoyib tarardi. Sadafday oppoq tishlari bilan tasmani tishlab turib, qo'llarini baland ko'tarib, sochlarini orqasiga turmaklab qo'yardi. Sochlarini tarab, o'rab bo'lgach, qiladigan ishi qolmasdi. Shundan so'ng yosh juvon oy nuri bilan chizilgan suratday bo'lib yumshoq karavotda yastanib yotardi. Giribalaning bolalari bo'lmagani uchun, bu badavlat xonadonda hech qanday g'am-tashvishi yo'q edi. U har kun yolg'iz, o'zi bilan o'zi qolib, axiyri bu tan-holik joniga tekkan edi.
Giribalaning eri bor. Lekin u xotinini sira o'ylamas, hatto uning balog'atga yetganini ham payqamas edi .
Bolalik chog'laridayoq eri murabbiylarning ko'zlarini shamg'alat qilib, kichkina xotiniga muhabbat izhor qilish uchun kimsasiz choshtgoh vaqtlarida maktabdan uyga qochib kelardi. Garchi ular bir uyda yashasalar ham, chi¬royli pochta qog'ozida bir-birlariga muhabbat maktublari yozishardi. Yigitcha bu maktublarni o'ziga yaqin maktabdoshlariga ko'rsatib faxrlanardi. Ular orasida hech qachon urish janjal bo’lgan emas.
Biroq tez orada Gopinatxning otasi o'lib, uning o'zi uy xo'jasi bo'lib qoldi. Yosh daraxtni darrov qurt yeydi. Gopinatx yoshligidan mustaqil hayotga qadam qo'ygach, atrofida juda ko'p turli-tuman odamlar paydo bo'la bosh-ladi va bora-bora u ichkari hovliga kamdan-kam kiradigan bo'lib ketdi.
Odamlar boshliq bo'lishga tirishadilar, ularni o'zgalar ustidan xokimlik qilish istagi mast qilib qo'yadi. Napoleonda behisob kishilarga va jahon tarixiga o'z ta'sirini o'tkazish ishtiyoqi juda kuchli bo'lgan ekan. Shunday ishtiyoq kichkina mehmonxonaning kichik xo'jayinida ham bor edi. Shunaqa odamlar bo'ladiki, ular qarzga botib, xonavayron bo'lib, shon-sharaflarini barbod etib bo'lsa ham, do'stlik bahonasi bilan, bir qancha pastkash odamlarni o'z atroflariga to'plab, ularni «gah» desa qo'lga qo'nadigan bir holga keltirib, so'ng shularning maqtovlarini eshitib yotishga ko'nikadilar, bu toifa odamlarning asosiy maqsadi mana shu!
Gopinatx jo'ravoshi darajasiga ko'tarilib, zavq-shavq ichra ko'klarda parvoz eta boshladi. Yoru birodarlari orasida ortib borayotgan obro'si tufayli, kun sayin o'ziga bino qo'yib gerdayaverdi. Uning tanishlari: «Gopinatxning o'z do'stlari orasida zo'r obro'si bor», deb gapirardilar. Bu baxtsiz yigit kibru havo va maqtovlarga uchib, boshqa ko'ngilli va ko'ngilsiz burchlarini ham tamomila unutdi-yu, girdobda aylanib qoldi.
Bu orada Giribala bo'shab qolgan yotoq taxtiga chiqib, uyning ichkari qismini zabt etgan bo'lsa ham, u nufuzi yo'q malika edi. Bilardiki, parvardigor saltanat hassasini uning qo'liga berib qo'ygan, u agar istasa, tomdagi to'siq darchasidan bir qiyo boqib, keng olamni zabt etadi, ammo shunga qaramay, u bu olamdan biror erkakni asir qilish imkoniyatidan mahrum edi.
Giribalaning chaqqon bir cho'risi bo'lib, uning ismi Shudxa yoki Shudxamukxi edi. U ashula aytar, o'yinga tushar, to'satdan she'r o'qir, bekasini ta'rif tavsif qilar, uning husni-jamolini madh etar, shuncha go'zallikning qadriga yetadigan kishi bo'lmagani uchun, bu nozanin juvonning umri zoe ketmoqda, deb zorlanar edi. Giribala Shudxasiz biror minut turolmasdi. U o'zining husni-jamoli va qaddi-qomati xususidagi ta'rif-tavsiflarai xijolatda qolib tinglardi. Ba'zan Shudxaning gapini bo'lib, hayajon ichida uni, tilyog'lama, aldamchi, deb urishib berardi. Shunda cho'ri xotin yuz xil qasam ichib, so'zlarining samimiyligiga dalillar keltirar, buni ko'rib Giribala ham unga ishona qolardi.
Shudxa bekasiga ko'pincha «Nilufarning gul bargiday izlaringga sodiqman» degan ashulasini  aytardi. Giribala bu ashulada o'zining xina qo'yilgan nafis oyoqlari ta'rifini eshitar, uning ko'z o'ngida hamma narsadan mahrum etilgan qui siymosi namoyon bo'lardi. U tomda aylanib yurarkan, oyoqlaridagi qo'ng'iroqchalar ham jiringlab uni madh etar, ammo birorta irodasi bo'sh odam kelib uning oldida muhabbat izhor etmas, oyoqlariga yiqilmas edi.
Gopinatxning aqlu hushini band etgan ayolning nomi Lobongo edi. U aktrisa. Bu ayol sahnada behush bo'lib yiqilish holatini zo'r mahorat bilan bajarardi. U qaltiroq ovoz, soxta ko'zyoshlari bilan arang tilga kelib, dimog'i bilan: «Ey yuragimning sultoni!» deganida, zaldagi tomoshabinlar: «Qoyil. Rahmat!» deb qichqirardilar.
Giribala bu aktrisaning favqulodda qobiliyati haqida ilgari eridan ko'p ta'rif-tavsiflar eshitgan. U chog'larda eri Giribaladan hali unchalik sovimagan edi, u ham eriga yoq-may qolganini payqaganicha yo'q edi. Ammo yuragida rashk paydo bo'ldi. U boshqa biror ayolda unda yo'q fazilatlarning bo'lishiga sira toqat qilolmasdi. Giribala bir necha bor teatrga borish niyatida ekanini aytdi-yu, biroq erkaklar qila oladigan bu ish unga man etilgan edi.
Nihoyat, u Shudxaga pul berib teatrga yubordi. Shudxa qaytib kelgach, burnini jiyirib, peshonasini tirishtirdida, eng avval aktrisalar olamiga qadam bosgani uchun gunohiga ma'firat tilab. Ramaga  tavba-tazarru qildi. So'ngra ularning beo'xshov aft basharalarini, erkaklami ilintirish uchun qiladigan g'ayritabiiy nozu istig'nolarini gapirib berdi. Buni eshitib Giribala tamom xotirjam bo'ldi.
Biroq, eri unga butunlay qaramay qo'ygandan so'ng, unda yana shubha paydo bo'ldi. Giribala cho'risining so'zlariga ishonmaganini aytganda, u bekasining oyoq¬lariga yiqilib, aktrisalar chala yondirilib lattaga o'rab qo'yilgan g'o'laga o'xshaydi, yuzlari judayam beo'xshov, deb qayta-qayta takrorladi. Giri teatrning joziba kuchiga qarshi hech narsa o'ylab topolmadi, g'ururi poy-mol etildi.
Nihoyat, bir oqshom u Shudxa bilan teatrga bordi. Man etilgan narsaning jozibasi hamisha kuchli bo'ladi! Juvon hayratda qoldi, odamlar, muzika, bezatilgan sahna va charog'on zal unga ikki chandon fusunkor ko'rindi. O'zining kimsasiz, quvonchsiz, kar quloq devorlar bilan o'rab olingan ichkari hovlisidan bu yerga bu quvnoq go'zal olamga kelib qolgani unga xuddi tushday tuyuldi.
O'sha kuni «Taskin topgan rashk» operasi qo'yilmoqda edi. Muzika bir lahzada to'xtadi. Hayajonlangan odamlar jim bo'lishdi. Oldindagi chiroqlar ravshanroq yondi, parda ko'tarildi. Bir to'da chiroyli kiyingan ayollar qo'shiq aytib raqsga tushar, shu tariqa tangri Krishna yoshligida yashagan xayoliy Braj mamlakatini gavdalantirardilar. Teatr zalini vaqt-vaqti bilan ma'qullagan ovoz va qarsaklar qoplab turardi. Giribalaning badanida yoshlik qoni tug'yonga keldi. Muzika sadolari, chiroq nurlari, qimmatbaho, nafis buyumlar va go'zallik madhidagi xorni eshitib, u hamma narsani unutib yubordi. U go'yoki kishansiz, lekin go'zallik bilan to'la erkin bir olamga kirganday bo'ldi. Shudxa bir necha bor uning oldiga kelib, xavotirda qulog'iga shivirladi:
— Xonim, ketadigan vaqt bo'ldi, agar xo'jayin bilsa baloga qolamiz.
Giribala uning so'zlariga quloq solmadi. Hozir u hech narsadan qo'rqmasdi.
Tomosha eng qizigan payt. Radxa ranjigan, Krishna bu rashk dengizining tagiga sira yetolmasdi. Shuncha itoat-korlik iltijolar, ko'zyoshlari hech kor qilmadi! Giribalaning yuragi g'urur bilan to'lib-toshdi. U go'yo o'zi Radxaga aylanib, Krishnaning yalinib-yolvorishlariga qaramay, o'zining og'ishmas qat'iyatidan zavqlanardi. Unga hech kim hech qachon bu qadar yalinmagan! Giri tashlandiq, e'tibordan qolgan bir xotin edi, biroq u o'ziga cheksiz ishonch bilan, men ham shunday qat'iy turib zor-zor yig'lata olaman, degan fikrga keldi. Yosh juvon go'zallikning qanday zo'r kuchi borligini ilgari ham payqardi. Bukun esa bezatilgan sahnada, chiroqlarning ravshan yorug'ida, muzika sadolari ostida Giri¬bala buni yana ham aniq ko'rdi. Zavq-shavqdan boshi aylandi.
Mana parda tushib, gaz chiroqlar ham xiralashib qoldi. Giribala sehrlanganday joyida o'tirardi. U endi turib uyga ketish lozimligini ham unutdi. Unga tomosha hali tugamaganday, parda yana ko'tariladiganday, olamda Krish¬naning Radxa oyoqlari ostida xo'rlanishidan boshqa hech narsa yo'qday edi.
Shudxaning ovozi eshitildi:
— Xonim, siz nima qilyapsiz? Turing, hozir hamma chiroqlar o'chadi.
Kecha allamahal bo'lganda Giribala o'z yotog’iga qaytib keldi. Burchakda miltillab chiroq yonardi. Xonada na bir jon, na sas-sado bor. Bo'sh karavot ustidagi eski pashshaxonani shamol sal tebratardi. Giribalaga kundalik hayoti o'ta qashshoq, qizig'i yo'q, ahamiyatsiz ko'rindi. U nom-nishonsiz, tashlandiq va xo’rlangan xotinlar bo'lmaydigan go'zal va quvnoq hayotni qayerdan topishi kerak, u qaerda shuhrat ko'klarida parvoz etib, diqqat markazida bola oladi? Shu kundan boshlab u haftada bir teatrga boradigan bo'lib qoldi. Asta-sekin ilk sarxushlik o'tdi. U aktyorlarning grimiga qarab, ularning chiroyli emasligini ko'rdi, sahnadagi soxtaliklarni payqadi, lekin san'atga e'tiqodi sovimadi. Parda ko'tarilganda urush ovozasini eshitgan jangchiday hayajonga kelardi. Barchani fath etuvchi go'zal malika uchun dilbar suratlar bilan bezatilgan, atrofi nurli gulchambarlar bilan o'rab olingan, she'riyat va qo'shiq sehri bilan kishini lol etadigan, son-sanoqsiz tomoshabinlar yig'ilg maxfiy mojarolar to'lib-toshgan bu go'zal va erkin olamdan ko'ra shaffof bir taxt yana qaerda topiladi?
Giribala birinchi marta erini teatrda ko'rib, qandaydir bir artistkaning paydo bo’lishi bilan uning oh-voh qilishini eshitgach, yuragi nafratga to'lib-toshdi. U alam bilan, erim qanoti kuygan parvonaday bo'lib, oyoqlarim ostiga yiqilgandagina, mening foydasiz chiroyim, keraksiz yoshligim ma'no kasb etadi, unda men nafrat nurini sochib, viqor bilan undan uzoqlashaman, deb o'yladi.
Biroq, bu porloq kun qachon keladi? Endilikda Gopinatxni ko'rish ham qiyin edi. U o'z telbaligi shamolida uchib, bir stakan suvdagi kichik shamaday gir aylanib qoldi, qandaydir bir to'garak ochish uchun qayoqqadir jo'nab ketdi, qayoqqa ekani noma'lum.
Giribala choytro oyida , bahorning oydin oqshomida tomga chiqib o'tirgan edi. Janub shamoli uning to'q-sariq soriysini hilpillatardi. Garchi eri uyga kelmasa ham, Giri har kun yashirin bir umid bilan taqinchoqlarini taqib, o'ziga oro berardi.
Sadaf va olmosdan yasalgan taqinchoqlari jimirlab tovlanar, atrofga nur sochib jaranglar edi. U qo'llariga bilaguzuk, bo'yniga olmos va yoqut marjon taqdi. Sinchalog'ida zumrad uzuk porlardi. Shudxa uning oldida o'tirib, vaqti-vaqti bilan uning xina qo'yilgan chiroyli oyoqlarini silab, samimiy xo'rsinib gapirardi:
— Eh, xonim agar men erkak bo'lganimda bu oyoqlarni ko'kragimga bosib jon berardim.
— O'ylaymanki, erkak bo'lsang mening oyoqlarimni ko'kragingga bosmayoq o'lishga to'g'ri kelardi, — mag'rur kulgi bilan javob berdi Giribala. — Nahotki men bunga yo'l qo'ysam? Bas endi! Yaxshisi, bir ashula ayt.
Bo'm-bo'sh tomda, oydin kechada qo'shiq yangradi:
Nilufar gulbargiday izlaringga sodiqman, 
Hamma dugonalaring Brindabanga  kelsin.
Kech soat o'n edi. Uydagilar hammasi uxlagani ketgan. Hammayoqqa atir hidini buruqsatib, balo-qazoday birdan Gopinatx kirib keldi. Shudxa tilini tishlab, boshiga ro'molini tashlab qochib qoldi.
Giribala endi xonasi keldi deb o'yladi. U Gopinatxdan yuzini o'girdi. Xuddi Radxaday, o'ta mag'rurlik bilan qimir etmay turaverdi. Biroq, sahnadagi singari parda ko'tarilmadi, Krishnaning boshidagi tovus parlari uning oyoqlari ostiga tushmadi, hech kim:
Oy yuzingni yashirib, oydin kechani xiralatma, 
— deb qo'shiq ham kuylamadi.
Buning o'rniga Gopinatx qo'pol va beparvo ovoz bilan:
— Kalitlarni berchi, — dedi.
Bir necha kunlik judolikdan so'ng, bahorda oydin kechada uning topgan gapi shu bo'ldi! She'rlarda, dramalarda, romanlarda yozilgan hamma gaplar boshdan-oxir yolg'on ekan! Sahnada sevgi qo'shiqlarini aytib, oyoq ostiga yiqiladilar, buni ko'rib tomoshabinlarning ko'ngli yumshaydi, shu tomoshabinlarning biri, oydin kechada tomda paydo bo'lib, o'zining yosh, genial qaylig'iga: «Kalitlarni berchi!»dan boshqa so'z topolmaydi. Na muzika, na sevgi, na xushomad, na dilbarlik! O'ta e'tiborsizlikdan boshqa narsa yo'q!
Shu paytda janub shabadasi shitirlab, barcha xo’rlanganlarning chuqur xo'rsinishidek kelib yurakka qadaldi. Guldonlarda o'sgan atirgullar tomga xushbo'y hid taratdi. Giribalaning parishon sochlari yuziga yoyilib, ko'zlariga tushdi. Uning xushbo'y to'q-sariq soriysini shamol hilpillatar edi. Giribala g'ururni unutdi. U erining qo'lidan ushlab:
— Kalitlarni beraman, ammo siz uyga kiring, — dedi. 
Endi u yig'lab, erini ham yig'latmoqchi edi. U tanholikda yuragida saqlab kelgan dardlarini aytib, iltijo qilib, uni insofga keltirmoqchi bo'ldi.
— Men uzoq turolmayman, — dedi Gopinatx, — kalitlarni ber.
— Men kalitlarni beraman, ammo siz bu kecha hech yoqqa bormaysiz.
— Bo'lmagan gap. Men albatta ketishim kerak.
— Unday bo'lsa, kalitlarni bermayman.
— Bermayman? Hali shunaqami? Ko'ramiz, qanday qilib bermas ekansan.
Shu so'zlarni aytib, Gopinatx uning soriysi etagiga nazar soldi, kalitlar yo'q edi. Uyga kirib pardoz stolining g'aladonini ochib qaradi, u yerda ham kalitlarni topmadi. Shunda u taroqlar turadigan qutichani sindirib boqdi. Biroq unda qosh, kiprik va labga surkaydigan bo'yoqlar bilan tasmalardan boshqa hech narsa yo'q edi. U karavotni ag'dar-to'ntar qildi, matraslarni ko'tarib ko'rdi, shifon-erni ag'dar-to'ntar qildi — kalitlar hech yerda yo'q edi.
Giribala eshik oldida tosh haykatday qotib qoldi. Behuda urinishlardan so'ng Gopinatx g'azab bilan unga yaqin kelib o'shqirdi:
— Kalitlarni ber, bo'lmasa yomon bo'ladi!
Giribala hatto javob ham bermadi. Shunda eri uning
bilaguzuk, marjon va uzuklarini yulib olib, kaltak bilan savalab ketdi.
Uyda hech kim uyg'onmadi, qo'shnilardan hech kirn hech narsa sezmadi, oydin kecha ilgarigidek jimjit edi. Agar bu kechaning qulog'i bo'lib, uydagi qichqiriqni eshitganda, u qattiq faryod qilib, ming bo'lakka bo'linar edi. Salobatli sukunatda er boyoqish juvonni it azobiga solib kaltakladi.
Bu kecha ham o'tdi. Giribala bu sharmandalik, bu haqoratni hatto Shudxaga ham aytolmadi. U xo'rlangani uchun qasos olish niyatida o'zini o'ldirmoqchi, o'z qo'li bilan bebaho yoshligini, mislsiz go'zalligini barbod etmoqchi ham bo'ldi. Ammo shu zahotiyoq, bu qasosni hech kim sezmay qoladi-ku, deb o'ylab qoldi. Bu dunyoda birovning musibati bilan birovning ishi yo'q. Na hayotda — baxt, na o'limda — osoyishtalik.
Giribala otasining uyiga ketadigan bo'ldi. Otasi Kalkuttadan ancha yiroqda yashardi, ammo juvon ham-maning noroziligiga qaramay, o'zi yolg'iz jo'nadi. Gopinatx bu vaqtda uyda yo'q, ulfatlari bilan qayiqqa tushib bir necha kunga qayoqqadir ketgan edi.

II

Lobongo bosh rolni o'ynaydigan «Monoroma» nomli muzikali drama qo'yilganda Gopinatx hamisha teatrda hoziru nozir edi. U o'z ulfatlari bilan birinchi qatorda o'tirib: «Qoyil!» deb qattiq qichqirar, sahnaga guldastalar tashlardi. Uning doimiy qichqiriqlari asta-sekin tomoshabinlarning g'ashiga tega boshladi. Biroq teatr direksiyasi uning bu qilig'ini man etishga jur'at etmasdi.
Bir kun Gopinatx mastlik bilan sahna orqasiga o'tib, u yerda janjal qo'zg'adi. Qandaydir ahamiyatsiz bir narsa uchun o'zini haqoratlangan hisoblab, bir raqqosani tutib urdi. Qizning faryodi va Gopinatxning haqoratlaridan butun teatr sarosimaga keldi.
O'sha kuni teatr direktorining toqati toq bo'lib, politsiya Gopinatxni chiqarib yubordi.
Gopinatx o'ch olishga qattiq ahd qildi. Pudja bayramidan bir oy ilgari, «Monorama» spektakli qayta qo’yiladi, degan shov-shuv bo'ldi. Butun Kalkutta e'lon bilan qoplandi. Drama avtorining nomi katta harflar bilan yozilgan afishalar shunday ko'p ediki, go'yo shahar namavali  kiyganga o'xshardi.
Gopinatx xuddi shu kuni spektaklda bosh rolni o'ynashi kerak bo'lgan Lobongoni olib qayiqda sayhatga jo'nadi. Uning qayoqqa g'oyib bo'lganini sira aniqlay olmadilar. Teatr direksiyasi nihoyat tajang bo'ldi. Lobongoni ko'p kutishdi, ammo oxiri Monoroma rolini o'ynash uchun yangi artistka chaqirishga majbur bo'ldilar. Shu sababli premera ancha kechikdi.
Xohlaganlarning hammasi ham teatrga kirolmadi. Yuzlab odamlar noumid bo'lib qaytdi. Gazetalar yangi ijrochini maqtash uchun so'z topolmasdilar.
Bu maqtovlar Gopinatxning qulog'iga yetdi. U chidolmay, qiziqish va hasad bilan spektaklni ko'rgani keldi.
Pesaning mazmuni mana bunday edi: birinchi ko'rinishda gadolarday kiyingan Monoroma qaynotasining uyida cho'ri holida. Ro'molga ofcralgan, bukilgan, qunishgan bir ahvolda ish bilan ovora. U lom-mim demaydi, yuzlari ham ko'rinmaydi.
Oxirgi ko'rinishda Monoromaning eri uni otasining uyiga jo'natib, bir millioneming yagona qiziga uylanish taraddudiga tushadi. To'ydan keyin nikoh xonasida kuyov kelinga qarasa — u o'z xotini Monoroma bo'lib chiqadi. Ammo endilikda u cho'ri kiyimida emas, malikalarday kiyingan. Qimmatbaho ziynat asboblari bilan bezalgan bu sohibjamol juvonning chehrasidan nur yog'ilib turadi. Monoroma bolaligida boy ota-onalari uyidan o'g'irlanib qashshoqlikda o'sgan edi. Ko'p yillardan so'ng, yaqindagina, uni otasi topib uyiga olib keldi, yangidan zo'r dabdaba bilan ilgarigi eriga to'y qilib berdi. Shundan so'ng nikoh xonasida yalinib-yolvorib, kechirim so'rash navbati erga keldi.
Biroq shu paytda tomoshabinlar orasida shovqin ko'tarildi. Hozirgacha Monoroma ro'molga o'ralib, iflos cho'ri kiyimda turganda Gopinatx jim o'tirdi. Ammo u qizil nikoh kiyimida, qimmatbaho zeb-ziynatlari porlab, boshidan ro'molini tushirib, go'zallik nurlarini sochib, ko'rilmagan bir viqor bilan boshini tik ko'tarib, yuzidan pardani tushirib tomoshabinlarga, ayniqsa, birinchi qatorda o'tirgan Gopinatxga nopisandlik bilan yashinday chaq-nagan ko'zlarini tikkanda, hayajonlangan tomoshabinlarning gulduros qarsaklaridan teatr larzaga keldi, shunda Gopinatx: «Giribala! Bu mening Giribalam!» — deb baqirganicha chopib sahnaga chiqishga urindi, ammo muzikachilar uni ushlab qolishdi.
Tomoshabinlar uning qilig'idan juda darg'azab bo'lgan edilar. Ingliz va bengal tilida shovqin ko'tarildi: «Uni olib chiqib keting! Uni hay dab yuboring!»
— Men uni o'ldiraman! Tirik qo'mayman! — deb Gopinatx ham titroq ovoz bilan baqirdi.
Politsiyachilar pay do bo'lib, Gopinatxni olib chiqdilar.
Butun Kalkuttadan to'plangan tomoshabinlar nafas chiqarmay Giribalaning chiroyli o'yinini tomosha qildilar. Endi Gopinatx ularning orasida yo'q edi.

1885-yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.