Faqat hasadchilar, behudaga ovoza tarqatishni kasb qilganlargina, Guruchoron oigan paytda uning xotini ichkarida qarta o'ynash bilan mashg'ul edi, deb aytishlari mumkin. Yo'q, aslida, bu mahal u zo'r ishtaha bilan ziravor sepilgan sovuq shovla va baliq yeb o'tirgan edi. Chaqirayotganlarini eshitib, chaynab turganini tupurdiyu qolgan shovlani naryoqqa surib qo'yib, zarda bilan:
— Ikki osham shovla yegani ham vaqt yo'g'-a! — deb po'ng'illadi.
Guruchoron jon bermoqda edi. Doktor ham endigina chiqib ketdi. Guruchoronning ukasi Ramkanai bemorning bosh tomonida turib:
— Aka, agar xohlasangiz, vasiyatingizni menga ayting, yozib qo'yay, — dedi.
— Mayli, yoz, — dedi bemor zaif tovush bilan. Ramkanai qog'oz, qalam tayyorladi.
— Butun mol-mulkimni qonuniy rafiqam Shrimoti Borodashundoriga vasiyat qilib qoldirdim, — dedi Guru¬ choron.
Ramkanai qo'li bormasa ham vasiyatnomani yozdi, lekin u, farzandsiz akasi mol-mulkini o'z o'gii Nobodipga vasiyat qilib qoldirar, deb o'ylagan edi.
Aka-uka boshqa-boshqa yashasalar ham, Ramkanaining xotini qaynog'asining merosiga zo'r umid bogiagan edi. U hatto o'giining xizmatga kirishiga ham rozi bo’lmay, uni yoshgina uylantirib qo'ygan edi. Tabiiyki, nikoh samarasiz qolmadi: yoshlar bola-chaqalik ham bo'ldilar.
Mana vasiyatnoma tayyor. Unga imzo chekish uchun Ramkanai akasiga uzatdi. Jon uzayotgan bemorning qaltiroq qo'l bilan ilang-bilang qilib chizgan chizig'idan Guruchoronning nomini o'qib olish qiyin edi.
Xotini shovlani tashlab yugurib chiqqanda, Guru¬choronning gapirishga majoli yo'q, tildan qolgan edi. Borodashundori yigiay boshladi. Merosdan noumid bo'lganlar, bu — yolg'on ko'zyoshi, deb pichirlashdilar, ammo siz bunga inonmang!
Ramkanaining xotini vasiyatnomani eshitgach janjal boshladi.
— Chol aqldan ozibdi! — deb jig'ibiyroni chiqdi uning, — tuppa-tuzuk jiyani turib-a...
Ramkanai xotinining izmidan chiqmasdi, uning bu hislati shu darajada ediki, boshqalar buni qdoqlik deb atardilar. Ammo bu o'rinda u ham chidolmadi:
— Jonim, axir sen aqldan ozgan emassan-ku! Nega o'zingni tutolmaysan? Akam o’lgan bo’lsa men hayotman, axir. Bu gaplarni keyin gaplashamiz. Hozir bunaqa gap-so'zning mavridi emas.
Amakisining kasalligini eshitib, Nobodip oshig'ich ravishda yetib kelganda, Guruchoron jon bergan edi.
— Ko'ramiz, kim senga urf-odatga muvofiq dam gulxani yoqarkan, — deb tahdid qildi u, oigan amakisiga qarab, — men seni dafn qilib bo'pman!
Marhum dovdirroq odam bo'lib, afkori omma bilan uncha hisoblashmas edi. Shastrlarda makruh sanalgan ovqatlarni iste'mol qilish unga ayniqsa yoqar edi. Agar buning uchun uni kofir deb atasalar, u:
— Men kofir bo'lsam, mol go'shti yeganim bo'lsin, — deb, suhbatdoshining battar g'ashiga tegar edi.
U umr bo'yi shunday yashadi. Binobarin, urf-odatga muvofiq dafh etilmaganda ham, uning narigi dunyoda och qolishdan qo'rqadi deb o'ylash behuda. Ammo Nobodip shundan boshqa yo'l bilan undan o'ch ololmas edi. «Toki men tirik ekanman, — deb o'ylardi yigit, — amakimning merosisiz ham nonimni topib yeyman, qani u, narigi dun¬yoda bir to'g'ram non topib ko'rsin-chi...» Tirik odamlarda imkoniyat ko'pda!
Ramkanai Borodashundoriga bunday dedi:
— Xonim, akam hamma molu mulkini sizga qoldirdi. Mana vasiyatnoma. Uni temirsandiqqa mahkam bekitib qo'ying.
Shu payt tul xotin uzundan-uzoq aytib yig'ladi. Unga bir necha cho'rilar qo'shilishdi. Fig'onu nola butun qishloq aholisini uyg'otdi.
Yuqorida zikr etilgan bir parcha qog'ozning paydo bo'lishi bu tovushning ohangdoshligini buzdi, yig'i-sig'i tartibdan chiqdi.
— Oh, namuncha baxtsizman, baxti qoraman! — deb aytib yig'lardi Borodashundor. — Aka, — derdi u ba'zan to'xtab, — vasiyatnoma kimning nomiga yozilgan? Sizning nomingizga bo'lsa kerak?.. Oh, endi menga kim qaraydi? Endi mening holimdan kim xabar oladi? Hammalaring birdan baqirmanglar. To'xtanglar, men eshitay, — deb hayqirdi beka va tag'in davom etdi:
— Nega men oldinroq o'lmadim, nima uchun ham men tirik qoldim, voydod...
Ramkanai ichida: «Ha, bu taqdirning sovuq qilig'i bo'lsa kerak», — deb uh tortib qo'ydi.
Uyda xotini Ramkanaini burovga oldi. Arava bilan ariqqa tushib ketgan ho'kiz, aravakashdan kaltak yeb, mo'ltillab turgandek, Ramkanai ham xotinining ta'nalarini xomush turib eshitdi.
Nihoyat, u g'amginlik bilan gapirdi:
— Axir ayb mendami? Men Guruchoron emasman-ku!
Xotini yana bobillab ketdi:
— O'zingcha odamoxunlik qilgansan-da. Akang «yoz!» desa, o'ylab-netmay yoza bergansan. Hammang bir go'rsan... Ehtimol sen ham uning izidan borarsan — men o'lganda, bitta badburush alvastini uyga yetaklab kelib, mening tilladek bolamni ko'chaga haydab yuborarsan. Bundan umidingni uzib qo'ya qol. Men hali beri o'lmayman.
Ayol, erining kelajakda qilishi mumkin bo'lgan shuningdek adolatsizliklari haqida so'zlarkan, borgan sari g'azabi oshib borardi.
Bu xayoliy ayblashlarga qarshi zarracha e'tiroz bildirgan taqdirda, badtar baloga qolishni Ramkanai tajribadan yaxshi bilardi. U go'yo chindan xotini o'lib, Nobodipni mahru meros etib, butun mol-mulkini ikkinchi xotinga vasiyat qilgan-u, endi o'zini oqlashga iloj topmagan aybdorday xomush o'tirardi.
Eru xotin janjallashib turganda Nobodip tajribali do'stlari bilan maslahat qilib kelib onasiga bunday dedi:
— Amakimning mol-dunyosi bari bir meniki bo'ladi, sen behudaga qayg'urma, lekin otamni vaqtincha biror yoqqa yuborish kerak. Agar u shu yerda bo'lsa, hech ish chiqarib bo'lmaydi.
Nobodipning onasi erini tentak deb bilardi. Shuning uchun o'g'lining dalillarini darrov ma'qulladi.
Xotini bir bahona topib, noshud, nodon va go'l erini hol-joniga qo'ymay, Banorasga jo'natdi. Bu orada Nobodip yangasi Borodashundorini soxta vasiyatnoma yasashda ayblab sudga berdi. Yangasi ham Nobodipni xuddi shunday ayblab sudga berdi. Nobodip o'z nomiga yozilgan vasiyatnomani ko'rsatdi, unda Guruchoronning nomi aniq yozilgan edi; u yana bir necha «xolis» guvohlar ham topib qo'ydi.
Borodashundorining yagona guvohi Nobodipning otasi edi. Undagi vasiyatnomada esa, vasiyat qiluvchining imzosini aniqlash g'oyat mushkul bo'ldi. Ayolga dalda beradigan birdan-bir kishi uning uyida yashab turgan o'gay ukasi edi, xolos.
— Tashvish qilmang, opa sudda o'zim tarafingizni olaman, boshqa guvohlar ham topaman, — dedi u.
Hamma narsa tayyor bo'lgach, Nobodipning onasi erini Banorasdan chaqirdi. Qo'lida soyaboni, yelkasida xurjuni bilan bu yuraksiz janob uyga kirib keldi. U kishi andak hazil-mutoyiba qilmoqchi bo'lib, qo'l qovushtirdi va ta'zim vaziyatida turib:
— Kamina qulvachchalari keldilar. Xonimning qanday amru farmonlari bo'ladi? — deb so'radi. Ammo xotini jiddiy tus olib:
— Hazilga balo bormi, bas, bo'ldi. Qaerdagi bahonalar bilan Banorasda yurib-yurib, birdan bizni eslab qolibdi, — dedi.
Keyin, eru xotin bir-birlarini qanday izzat-hurmat qilishlari haqida yana uzoq gaplashib, nihoyat, boshqa mavzuga o'tdilar.
Xotini, erlarning xotinlarga munosabatini musulmonlarning tovuqqa munosabati bilan taqqosladi. Eri esa, xotinlarning lablari kishini maftun etadi, ammo yuraklari o'tkir ustaraga o'xshaydi, dedi.
Ramkanaining xotinlarga bunday fasohat bilan muomala qilishni qachon o'rganganini aytish juda qiyin edi.
Bu orada, hech kutilmaganda, Ramkanaiga chaqiruv qog'ozi kelib qoldi: uni guvoh tariqasida sudga chaqirgan edilar. Tashvishga tushgan er, buning tagida nima gap bor ekan, deb behuda xayol surardi. Bu vaqt xotini kelib, badburush alvasti ovsini Nobodipni mehribon amakisining merosidan mahrum qilibgina qolmay, bu tillo bolani yana turmaga ham o'tkazishga urinayotganini yig'lab turib xabar qildi...
Nihoyat, gap nima ustida ekanini payqab, Ramkanai:
— Yaxshi qilmabsizlar, bu xayrli ish emas, — dedi baland ovoz bilan.
Shunda xotini har qanday yasamalikka xotima berib, muddaoni ochib soldi:
— Axir Nobodipning nima gunohi bor? — dedi u, — nahotki u amakisining mol-dunyosini ololmasa? Bir og'iz gap bilan shuncha narsadan voz kechadimi? Qani, marhamat qilib ayt-chi, qayoqdandir bir yalmog'iz, er qotili, moxov qizi uchib kelib uyni egallab olsa, ajoyib, go'zal, adabli voris nima qilmog'i kerak? U ayol sehr-jodu bilan amakini o'lim oldida yo'ldan ozdirdi. Endi uning ajoyib jiyani bu anglashilmovchilikni tuzatishga urinyapti, xolos. O'zing o'ylab ko'r, axir, bu adolat emasmi?
Sho'rlik Ramkanai, ona-bolaning tili bir ekanini bilgach, peshonasiga urib, xomush bo'ldi. Boyoqish chol yemoq-ichmoqdan ham qoldi.
Shu tariqa ikki kun tuz totmadi. Nihoyat, sud boshlandi. Nobodip tahdid va va'dalar qilib, Borodashundorining o'gay ukasiga shunday ta'sir qildiki, u darrov Nobodip foydasiga guvohlik bera qoldi.
Omad qushi Borodashundorini qoldirib, ikkinchi tarafga parvoz qilay deb turganda, sud Ramkanaini guvohlikka chaqirdi.
Ochlikdan madori qurigan chol arang o'rnidan turib guvohlar kursisining orqa suyanchig'iga tayandi. Uning lablari va tili tashnalikdan quriqshagan edi.
Tajribali advokat har taraflama murakkab so'roqlar berishga kirishdi. U uzoqdan boshladi, ehtiyot bilan so'roqlar berib, masalaning mohiyatiga yaqinlashdi.
Ramkanai sudga o'girilib, ikki kaftini bir-biriga qo'ydi-da, iltijo qilgandek:
— Janoblar, men majoli qurigan cholman. Uzoq gapirolmayman, qisqacha so'zlab beray. Mening marhum ukam Guruchoron Chokroborti o'lim oldida hamma mol-mulkini xotini Borodashundori xonimga vasiyat qilib qoldirdi. Bu vasiyatnomani u aytib turdi, men yozib oldim. Keyin imzo chekdi. O'g'lim olib kelgan vasiyatnoma esa — soxta! — Shu so'zlarni aytgach, cholni qaltiroq bosdi va xushdan ketib yiqildi.
Prokuror yonida o'tirgan advokat taajjub bilan qoshlarini chimirib, pichirladi:
— Ish chappa ketdi-ku! Bu odam o'zini yo'qotib qo'ydi!
O'gay uka bo'lsa, sevinganidan chopgancha uyga kirdi-da, opasi Borodashundoriga:
— Chol hamma ishni rasvo qildi. Sud mening guvohligim tufayli bizning foydamizga hukm chiqardi, — dedi.
— Rostdan ham, odamning ichidagini bilish qiyin. Men bu cholni halol odam deb yurardim, — dedi Borodashundora.
Qamoqqa olingan Nobodipning tajribali do'stlari uzoq fikrlashib, ishning bunday chappa ketishiga faqat cholning qo'rqoqligi sabab bo'ldi, chindan ham u sud huzurida turganda aqldan ozgan edi, bunaqa ahmoq shaharimizda boshqa topilmasa kerak, degan xulosaga keldilar.
Ramkanaining isitmasi oshib ketdi. Bu tentak, bemaza, befoyda ota jon berguncha aljirab, o'g'lining nomini tildan qo'ymadi. Qarindoshlarning ba'zilari — men ularning nomlarini zikr qilishni istamayman — cholning vafotidan keyin:
— U shu safarga bundan bir oz ilgariroq otlanganda, juda yaxshi bo'lardi, — dedilar.
Rabindranat Tagor. Tentak Ramkanai (hikoya)
1891-yil