OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rafiq Xolid Qoray. Yamoqchi (hikoya)

Kema sohildan uzoqlashib Marmar dengizi tomon yoʻl olganida yoʻlovchilarni kuzatishga chiqqanlar ustlaridan og‘ir yuk tushganday yengilladilar:
 — Bechora… Arabistonda yoʻlini topib ketarmikin… — dedilar Hasanni kuzatishga kelgan ayollar, qattiq qayg‘urayotganiga bir-birlarini ishontirmoqchiday yasama ohangda. Kelganlar mahzun bir kayfiyatda uylariga qaytdilar.
 Otasidan ayrilib yetim qolgan kichkina Hasan, onasi ham vafot etgach, uzoq qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilarining yordami bilan ammasining yoniga, Falastinning chekka bir qishlog‘iga yuborilayotgan edi.
 Hasanning o‘zi bundan bexabar, biroq kemaga chiqqanidan behad baxtiyor edi. Gʻirillab ishlayotgan chig‘irni, ustiga bir nimalar yozilgan qutqaruv halqalarini, quritishga osib qo‘yilgan ko‘ylaklardek arqonlarga bog‘langan qayiqlarni, navbat almashinish payti chalinadigan qo‘ng‘iroqni tomosha qilib to‘ymasdi. Hasan besh yoshda edi. Chuchuk tili bilan nimalarnidir chug‘urlab kemadagi yoʻlovchilarni rosa kuldirardi.
 Kema u yer-bu yerda to‘xtab, yoʻlovchilarni tushirayotganida bir xomush tortardi. Ayniqsa, issiq mamlakatlar tomon yaqinlashganda nihoyatda siqilgan edi. Kemada qolganlar u tushunmaydigan tilda gaplashishar edi. Unga Istanbuldagidek: “Hasan, kel!”, “Hasan, ket!” deyishmas edi. Ismi ham o‘zgargandek edi. Endi uni “Hasan” deb emas, “Hassan” deb chaqirishar edi: “Taal, hun ya, Hassan!” deyishardi. Hasan ham bu gapni eshitganida ularning yoniga chopib borar edi. “Ruh ya Hassan!” deganlarida ularning yonidan uzoqlashar edi.
 Hayfa shahriga [1] borishganida uni poezdga olib chiqdilar.
Endi ona tili tamoman eshitilmaydigan bo‘ldi. Hasan burchakka tiqilib olgancha indamay o‘tiraverdi. Kimdir savol bersa ham javob qaytarmasdi. Oynadan bog‘-rog‘larni tomosha qilib ketayotgandek ko‘rinsa-da xayoli butunlay boshqa yoqlarda edi. Ichini nimadir tirnayotgandek, bo‘g‘ziga nimadir tiqilayotgandek edi.
 Ma’lum vaqt o‘tgach, oqish gul va yam-yashil yaproqlarga burkangan apelsin bog‘lari tugadi. Zaytunzorlar ham siyraklashdi.
 Yon-bag‘rida echkilar o‘tlab yurgan qaqroq, chars va qurama tog‘lar orasidan o‘tib borishar edi. Echkilar qop-qora edi. Quyoshning ayovsiz tig‘i ostida xuddi moylangan mahsi misoli yaltirab ko‘rinardi.
 Bu yerlar ham ortda qoldi. Bepayon tekisliklardan o‘ta boshladilar. Atrofda na dov-daraxt, na suvli dara va na biron uy ko‘rinardi… Faqatgina ba’zi-ba’zida yirik-yirik hayvonlar uchrab qolardi. Uzun oyoqli, uzun bo‘yli, o‘rkachli, bukri bu hayvonlar poezdlarga qiyo boqmasdan yoʻlida davom etardi. Og‘zida oqimtir ko‘pik, nimanidir chaynab, xorib-charchab orqama-orqa tizilishib, ortida hech qanday iz qoldirmasdan og‘ir-vazmin ilgarilab borishar edi.
 Hasan bularning barini erinmay kuzatib boraverdi. Oxiri chiday olmadi. Yonida o‘tirgan askarga qo‘li bilan imo qilib so‘ragan bo‘ldi. Askar kulib javob berdi:
 — Gamal! Gamal!
 Hasanni bir bekatda tushirib qoldirishdi. Bo‘ynida, peshonasida, qo‘llarida va quloqlarida turli-tuman, shoda-shoda oltin taqinchoqlar osilib turgan qora chorshafli, qora qayrilma qoshli, katta qora xolli yapasqi ayol Hasanni quchoqlab ko‘ksiga bosdi. Yalhak bolakay onasinikiga o‘xshamagan, g‘alati xidli, yumshoq va bahaybat ko‘krak ichiga ko‘milib ketdi. Ayol u tushunmaydigan tilda tinmay: “Ya, habibi! Ya ayni!” derdi.
 Ammasining yonidagi xotinlar ham birin-ketin uni bag‘riga bosishardi. Quchoqlab o‘pishar, aylanib-o‘rgilishar, quvonib alqashardi. Ular bilan birga bir necha bola ham kelishgan edi. Uzun ko‘ylaklari ustidan hirqa o‘rniga kamzul kiygan, sochlari jingalak, boshiga do‘ppi kiyib olgan bolalar…
 Hasan, begonasiragancha ularni kuzatib turardi.
 Oradan bir necha hafta o‘tsa hamki, hech kim bilan gaplashmay, og‘ziga tolqon solgandek indamay yuraverdi.
 Arab tilini sekin-asta tushuna boshlagan edi, biroq mittigina qalbida paydo bo‘lgan isyon sabab gapirmay yuraverdi. Hasan katta bir ofatdan qochib dengizga sho‘ng‘igan va suv ostida nafas olishga harakat qilayotgan odamday qiynalayotgan edi. Shunday bo‘lsa-da sukutini buzmasdi.
 Jim yuraverdi.
 Endi uning ham belbog‘li uzun ko‘ylagi, nimchasi, do‘ppisi va qizil kovushi bor edi. Sochlarining o‘rtasidan kaftdek joyini qoldirib aylanasiga taqir qilib kesishdi. Peshonasida bir tutam kokil qoldirishdi. Hasan qattiq va barkashday patir nonga ham ko‘nikdi. Yerga solingan dasturxon atrofida o‘tirib ham qoshiq, ham sanchqi, ham non o‘rniga o‘tadigan bu patirni qanday yeyishni ham uddalay boshladi.
 Kunlarning birida ammasi ko‘chadan baqirib o‘tib borayotgan yamoqchini to‘xtatib uyga taklif qildi.
 Xovliga yelkasida kattakon bir qop ortib olgan, qo‘liga ixchamgina kursi va temir qolipni ko‘tarib olgan, eski kiyimli qotmagina bir odam kirib keldi. Qopida zich qilib o‘ralgan uzun teri tasma ham bor edi.
 Ammasi yamoqchi bilan gaplashgandan keyin, uning oldiga tovoni yemirilgan, tagi ko‘chgan bir necha oyoq kiyimni olib kelib qo‘ydi.
 Yamoqchi kursisiga o‘tirdi. Hasan ham qiziqib uning qarshisiga cho‘kkaladi. To‘rt yoni devor bilan o‘ralgan, pastak qumsuvoq uyda siqilgan Hasan hayrat va qiziqish bilan yamoqchining harakatlarini kuzatib o‘tirdi. Qalin teri tasmaning ikki yoni keskir, ingichka edi. Sopsiz pichog‘i bilan rezinani qanday kesishini, og‘ziga bir xovuch mixni to‘ldirib olishini, keyin ularni birma-bir (xuddi Istanbulda bir maymunda ko‘rganidek) tishlari orasidan chiqarib oyoq kiyimlarning tagiga tez tez mixlashini, teri qiyqimlarini kir suvga botirib yumshatishini, tosdagi qatronga barmog‘ini botirib tagcharmga qanday surtishini, hech birini ko‘zdan qochirmay kuzatib o‘tirdi. Jimgina qarab o‘tirdi.
 Bir mahal qaerda va kimlar bilan o‘tirganini unutib, shunchalik berilib ketganidan ona tilida so‘radi:
 — Mixlar tilingizga sanchilmaydimi?
 Yamoqchi hayratlanib boshini ko‘tardi. Hasanning yuziga uzoq tikildi:
 — Turkmisan?
 — Ha, Istanbuldan keldim!
 — Men ham o‘sha yoqdan kelganman. Izmitdan! [2]
 Yamoqchining soch-soqoli o‘sgan, ko‘ksi ochiq, shimining tizzalariga yamoq tushgan, tishlari kemtik va yuz rangi ham sapsariq edi. Ko‘zlarining oqi ham sarg‘ayib ketgandi. Hasan yamoqchining turk tilini bilgani va Istanbulga yaqin joydan kelgani uchun faqat ishiga emas ko‘rinishiga ham diqqat bilan razm sola boshlagan edi.
 Kemtik tishi bois gapirganda xushtak chalayotgandek tovush chiqarardi:
 — Bu do‘zahdan battar qishloqda nima qilib yuribsan?
 Hasan o‘zi bilganicha javob qaytargan bo‘ldi. Keyin Qonlichadagi[3] uylarini tasvirlay ketdi. Qo‘shnisining o‘g‘li Mahmud bilan baliq ovlaganlarini, onasi bilan doktorga ketayotib tunneldan o‘tishgani, bir marta eshiklari oldiga oppoq tez yordam mashinasi kelganini, ichida yotoqlar borligini… Hammasini to‘lib-toshib hikoya qildi. Bir mahal yamoqchidan so‘radi:
 — Siz nima qilib yuribsiz bu yerlarda?
 Yamoqchi “tarixi uzoq” deganday boshini sarak-sarak qildi va ming‘irladi:
 — Bir ayb ish qilib qo‘ygandim, qochishga majbur bo‘lganman!
 Aslida gapirgan Hasan edi, olti oydan beri soqovday yashagan Hasan… Tinmay, uning nima deganiga ham quloq osmay, yonoqlari quvonchdan qizarib, nafas olishni ham unutib, lablarini cho‘chchaytirib, billurday ovozi bilan bidir-bidir gapirgan Hasan edi. Tiliga nima kelsa qaytarmay gapirgan edi. Yamoqchi esa ham ishlar, ham ora-sira “Ha, shundaymi?” deya gapga aralashib qo‘yar va Hasanning hikoyasini berilib tinglardi. Endi qaytib bora olmaydigan ona tuprog‘ining, vatanining bir darasini, bir shamolini, bir qo‘shig‘ini tinglayotganday ham zavq, ham g‘amga botib tinglardi. Oʻtgan umrini, yoʻqotgan yurtini ko‘z oldiga keltirib, to‘lg‘onib-to‘lg‘onib tinglardi.
 Yana-da ko‘proq tinglash uchun ham atayin sekin ishlardi.
 Eskirgan oyoq kiyimlarni yamab-yasqab bo‘lgach, usta o‘rnidan turib yig‘ishtirina boshladi. Temir qolipini yerdan olib erinmay tozaladi. Keyin qorayib ketgan bir matoga o‘radi. Mixdonni yopdi. Mayda-chuyda anjomlarini xaltasiga o‘rab joyladi. Qolgan buyumlarini ham shoshmasdan to‘pladi.
 Hasan, yig‘lagunday bo‘lib so‘radi:
 — Ketyapsizmi?
 — Ketyapman, ishim tugadi…
 Anjomlarini saranjomlab bo‘lgach, qarasaki, jajji hamyurti piq-piq yig‘lamoqda…
Sassiz, titrab-titrab yig‘lamoqda. Uning ko‘z yoshlari xuddi vagonning toza oynalaridan suzilayotgan yomg‘ir tomchilari misoli bir-biriga urilib-surilib, tez-tez oqib tushmoqda edi.
 — Yig‘lama! Qo‘y, yig‘lamagin!
 Yamoqchi boshqa so‘z topolmadi. Buni eshitgan bolakay bor ovozi bilan xo‘ngrab yig‘lay boshladi. Qaytib turk tilida gapiradigan odam topolmasligini bilgani uchun ham yig‘lardi.
 — Yig‘lama, dedim senga! Yig‘lama!
 Bu gaplarni aytayotib, uning ko‘ngli yumshadi, to‘lib-toshdi. Oʻzini tutishga harakat qildi, ammo eplay olmadi. Ko‘zlaridan shashqator oqqan yoshlari soqollaridan oqib Arabiston cho‘llarida toblangan ko‘ksiga tomib, seskantirganini sezdi…
__________
[1] Isroilning shimolidagi shahar.
[2] Istanbulga yaqin bir shahar.
[3] Istanbuldagi bir mavze nomi

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.