Azizim, xafa bo‘lmagin-u, hammasiga o‘zing aybdorsan. Menga bu so‘zni aytish qiyin, nima bo‘lganda ham onang tengi kelaman. Yaratgandan bolalarimning, nabiralarimning sog‘ligini tilayman. Lekin agar turmushga chiqish to‘g‘ri kelib qolsa, hech ikkilanib (Xudo saqlasin) o‘tirmasdim. Sen nimaga qayg‘uryapsan, tushunmayman? «Vaqti soati bilan» deganing nimasi? To‘g‘ri, yoshlik yillaringni shamolga sovurgansan. O‘zing o‘ylab ko‘r, qurtlagan yong‘oq na sichqonga, na odamga kerak bo‘ladi. Lekin senga hali ham kech emas. Har xil bo‘lmag‘ur xayollarni kallangdan chiqarib tashla.
To‘g‘risini aytsam, azizim, hech kimga, hech narsa, hech qachon kech emas. Faqat qalbing buyurgan ishni qilsang bas. Ey Xudoyim-e, nima deganing bu, vaqtida turmushga chiqolmadim, emish. Hech kimning «men rosa urindim, juda ham xohlagan edim, lekin qo‘limdan kelmadi”, deyishga haqqi yo‘q. Bularning hammasi yolg‘on. Bunday deyish yaramaydi. Boshingizga tushgan har bir kulfat uchun taqdirni ro‘kach qilaverish kerak emas. Peshanamga yozilgan emish, bo‘lmagan gap. Peshanangizga yozilmagan, faqat o‘zingiz jur’at qilmagansiz. Taqdirning arzimagan sinovlariga dosh berolmagan bo‘lishingiz mumkin. Hammangiz o‘z orzuimdagi kuyovni izlab topolmaganman, deysiz. Uchramasa-chi?
Sen o‘z imkoniyatingni hisobga olganmisan? O‘zingning qanaqaligingni yaxshi bilasanmi? Darrov tushkunlikka berilasan. O‘z orzuingdagi yigit uchramadimi, boshqa bo‘lmag‘ur narsalarga berilib, o‘z umringni xazon qilishing kerak, shundaymi? Yo‘q, unday emas, ko‘zingni kattaroq och. Sevgi deysanmi? Sevgi bor narsa, uning mavjudligiga men ham ishonaman. Katta sevgi katta qurbonlikni talab etadi. Sevgi ham o‘xshamadimi, tushkunlikka tushish kerak emas. Mening kuzatishimcha, kamdan-kam ayollar o‘z sevgisiga sodiq qoladi. Sen esa hech kimni sevolmadim, shuning uchun turmushga chiqmadim, deb o‘zingni oqlamoqchi bo‘lasan. Bu nima deganing, sevdim-u, lekin ersiz qoldim? Demak, sening sevgi haqidagi tushunchang to‘liq emas ekan. Sen o‘zingni katta tutgansan, sevgingga bepisandlik bilan qaragansan. Bu xudbinlikdan kelib chiqadi.
Katta sevgi bu Yaratganning in’omi, bu iste’dod. Bunday sevgi menga berilmagani uchun nima, sochimni yulishim kerakmi, turmushga chiqmasligim kerakmi? Sevgi ba’zan to‘ygacha (bu yaxshi), ba’zan esa to‘ydan keyin keladi. Sen esa katta sevgini kutib umringni yelga sovuryapsan. Kutib-kutib mana, qirqqa ham kirib qolding. Bilasanmi nima? Men hayotda ketidan manaman degan yigitlar ergashib yurgan hurliqolarni ko‘rganman. Ajablanarli tomoni shundaki, ko‘pi turmushga chiqolmay qolib ketgan. Ko‘p qizlar o‘ziga haqiqiy shahzodani qidiradilar. Shahzodaga tegish uchun haqiqiy malika bo‘lish kerakligini esdan chiqaradilar. Tanlab-tanlab tozisiga uchrabsan, degan gap bor. Ko‘p tanlayverish kerak emas. Unisi undoq ekan, bunisi bundoq ekan. O‘zing qanaqasan? Har qanday maymun ham oynaga qarab o‘zini go‘zal deb o‘ylaydi. Hayotga hushyorroq nazar solish kerak. O‘zingning kamchiliging yo‘qmi? Kamchilik faqat Yaratganning o‘zida bo‘lmaydi.
Har holda kutganing erkak kishi. Uni ko‘rgazma uchun qo‘yib qo‘ymaysan-ku. Inson Yaratganning bandasi. Ehtimol, bo‘yi pastdir yoki novchadir. Yoki burni uzundir. Uning qalbiga ham ozgina nazar sol. Balki yoqib qolar. Bunaqa injiqlik bilan er tanlasang, umuman ersiz qolasan. Har qanday bekamu-ko‘stman, avliyoman degan odamingda ham albatta biror kamchilik bo‘ladi. Beayb Parvardigor. Ko‘pincha bu dunyoda mehmonligimizni unutib qo‘yamiz. Nimani kutasan?! Yetar endi shuncha tanlash. Nahotki bu dunyoda senga yoqadigan birorta odam bo‘lmasa?!
Taqdiring ketidan yugurib umring o‘tib ketganini ham bilmay qolasan. Bunday qarasang, qarib qolibsan. Oynaga qarashga ham yuraging betlamay qoladi. Bir soatning ichida qarib ketishing mumkin. Qarabsanki, atrofingda na ering, na bola-chaqang bor. Bilasanmi, sendek go‘zal qizdan «shu paytgacha turmushga chiqmadim”, degan so‘zni eshitsam, yuragim uvishib qoladi. Negadir, hatto jahlim ham chiqib ketadi. O‘zimga ba’zan aralashib nima qilasan, sening nima ishing bor, deyman.
Lekin sen kabi odamlarning o‘zi haqidagi fikri juda ham yuqoriligini ko‘rib, jim turolmayman. Yana bittasini bilardim, hech kimni o‘ziga munosib ko‘rmadi, mana qariqizligicha qoldi. Gunoh bo‘lsa ham gapiraman, nima qilay? O‘zi sog‘lom, ko‘rkam, hech qanaqa kamchiligi yo‘q, lekin bunaqalar qandaydir ahmoqona sabablarni ro‘kach qilib turmushga chiqmaydilar yoki uylanmaydilar. «Sevmayman», «sharoit yo‘q emish…» Hoy, xom sut emgan banda, vaqti soati bilan sevib qolganingni o‘zing ham bilmay qolasan. Sharoitni o‘zing yaratishing kerak. Menga bundaylar hecham yoqmaydi, to‘g‘risini aytsam.
Agar vaysashlarim joningga tegmagan bo‘lsa, men senga o‘zimning qanday qilib turmushga chiqqanimni gapirib beraman. Senga ham xuddi menga o‘xshab ish tutgin demayapman, meniki juda qiziq bo‘lgan, eshit.
Hozir nimani ham maslahat berasan, zamon butunlay boshqacha bo‘lsa. Yigitlar ham, qizlar ham o‘zgarib ketgan. Har narsaning o‘z davri bo‘lar ekan. Bu voqeani aytib berishimdan maqsad seni hayotda ozgina faolroq bo‘lib, o‘z hayotingni ko‘ngildagidek qurishingni istayman. Bir dono odam aytgan ekan: «men yuguryapman, lekin vaqt menga yetib olishi kerak», deb. Bu degani biz o‘z hayotimizga o‘zimiz xo‘jayin bo‘lishimiz kerak, degani.
Men bozor oldidagi Ninoshvili ko‘chasidagi sakkizinchi tor ko‘chaning o‘ninchi uyida istiqomat qilardim. Otam tunukachi edi, o‘tgan yili qazo qildi. Joyi jannatda bo‘lsin. Yaqinda bir yil bo‘ladi. Eshitgandirsan, Turdzeladze nomidagi Kutaisidagi yagona maktabni, men o‘shani tamomlaganman. Keyin esa hamshiralikka o‘qidim. Yigirma birimdan temiryo‘lchilar kasalxonasida ishlay boshladim. Hozir ham o‘sha yerda ishlayman. Men oilada yagona farzand edim. Yigirma yoshida hamma qizlar go‘zal bo‘ladi, deyishadi. Hammayam bunday emas. Maqtanyapti demagin-u, lekin o‘shanda men haqiqatdan yomon emas edim. Qaddi-qomatim kelishgan, oy desa oydekkina. Bularning hammasi endi yoshlikda qolib ketdi. Shartim ketib, partim qoldi. Har kimning o‘z ta’bi bor. Erkaklarni tushunib bo‘ladimi? Qo‘shnilarimiz faqat o‘g‘il bolalar edi. Ularning orasida o‘sganim uchun tabiatim ham o‘g‘il bolaga o‘xshab ketgan edi. Lekin nimagadir hech qaysisiga ko‘ngil bermagan edim. Nazarimda, ular ham menga befarq edilar.
Hozir o‘sha do‘stlarimdan ba’zilari vafot etib ketishgan. Ba’zilari hali ham o‘sha yerda yashaydi. Ularni hozir ko‘rib qolsam, xuddi akamni yoki ukamni ko‘rib qolgandek xursand bo‘lib quchoqlashib ko‘rishaman. Bunday olib qarasang, ular haqiqatdan ham akam yoki ukamdek bo‘lib qolgan edilar. Axir birga o‘sganmiz, birga koptok tepishardik. Onam urishgani-urishgan edi. «Qanaqa qizsan o‘zi, o‘g‘il bolalarga qo‘shilib ertayu kech koptokning ketidan yugurganing-yugurgan», derdi. Juda sho‘x bo‘lsam-da, oqko‘ngil edim. Dadam esa onamga qarab, bu qizingni kim ham olardi, deb boshini changallagani-changallagan edi.
Dadamning aytgani to‘g‘ri chiqishiga ozgina qoldi. Yillar qanday tez o‘tib ketganini sezmay ham qoldim. O‘zimcha shoshib nima ham qilardim, deb yigirma sakkizga kirganimni sezmay ham qolibman. Nazarimda, xuddi hali ham yosh qizdek edim. Atrofga qarasam, men tengi qizlar allaqachon turmushga chiqib ikki, uch bolali bo‘lishgan. Hatto, ba’zi men tengdosh yigitlar ikkinchi marotaba ham uylanib ulgurganlar. Men esa hammaning eng yaxshi do‘sti edim, ularning to‘yida yelib-yugurib xizmat qilardim. Oxirida o‘zim bilan o‘zim qoldim.
Esimni yig‘ib qarasam, bunaqasi ketmaydi. Men bilan hamma do‘sti, yaqin kishisi sifatida munosabatda bo‘lardi-yu, lekin hech kim o‘zingning holing qanaqa, deb so‘ramasdi. Xudo sening ham baxtingni bersin, deyishardi, tamom vassalom. O‘zimcha hali ham kech emas, endi o‘zim uchun jiddiyroq harakat qilmasam bo‘lmaydi, deb o‘yladim.
Ko‘chamizning oxiridagi kasalxonaga yetmasdan beriroqda Otar Chimburidze degan yigit yashardi. Uning ota-onasi Obcha degan joyda yashar, o‘zining esa bir xonali kvartirasi bo‘lib, u pedinstitutni tamomlab, o‘sha yerda assistent bo‘lib ishda qolgan ekan. Men u bilan tasodifan to‘yda tanishib qoldim. Shunaqangi ozg‘inki, burnidan tortsang, yiqilib tushgudek. Ba’zan kostyumining tugmachalari osilib qolganiga e’tibor berdim. Lekin bo‘yinbog‘siz yurmasdi. Nima qilsa ham assistentda. Juda ham oddiy kiyinar edi. U o‘rta bo‘yli, bir tomonga ozgina oqsardi. Ko‘zlari muloyim, lekin hushyor boqardi. To‘g‘risini aytsam, uning tashqi ko‘rinishi menga yoqmasdi. Lekin u bilan suhbatlashganimda uning qalbi teran, gap-so‘zlari mantiqli ekanligiga e’tibor berdim. U bilan yo‘lda uchrashib qolsak so‘rashadigan, ozgina u yoq-bu yoqdan gaplashadigan bo‘lib qoldik. Uning menga qarab bechorahol jilmayishimi yoki mazmunli suhbatlarimi, nimasidir yoqib qoldi. Ba’zida qisqa salom-alik qilib, u ham o‘z yo‘liga, men ham o‘z yo‘limga ravona bo‘lardik.
U menga nimadir muhim bir so‘zni aytmoqchi-yu, lekin jur’at qila olmayotgandek tuyulardi. Otar shunaqangi uyatchan va tortinchoq ediki, uning biron marotaba qizlar bilan gaplashib turganini ko‘rmaganman. Shunday qilib besh yil o‘tdi. Men ham o‘ttiz uchni urib qo‘ydim. U ham o‘zining hayotiy tashvishlari, men ham o‘zimning tashvishlarim bilan ovora edik. Shu besh yil ichida tuzukroq gaplashmadim ham. Kutaisida deyarli hamma bir-birini biladi. Otar Chumburidze haqida, uning uyatchanligi, tortinchoqligi, hatto uning yuradigan qizi ham yo‘qligi haqida orqavorotdan so‘zlar eshitdim.
Gapning qisqasi, hecham esimdan chiqmaydi, yigirma sakkizinchi sentyabr kuni edi. Otar Chimburidzening eshigini qoqdim. U xuddi mening borishimni kutib turgandek, eshikni ochib, hecham ajablanmadi. Ichkariga taklif qildi va stulni surib qo‘ydi. Quvonchini yashirolmasdi, nuqul kulardi. Xonaning betartibligiga – yuvilmagan idish-tovoqlar, deraza raxining chang bosganligiga e’tibor berdim. Bo‘ydoq erkakning xonasi nima ham bo‘lardi? Xotin kishi bu uyga umuman oyoq bosmaganligi bilinib turardi. Polga tikilib turib, «Boshqa iloj topolmadim, oxiri o‘zim kelib seni sevishimni bildirib qo‘yishga qaror qildim. Sen menga uylanishing kerak», dedim. O‘sha damni eslasam, haligacha kulgim qistaydi.
U xuddi qiz bolaga o‘xshab qizarib ketdi. Keyin kula boshladi. U meni hazillashyapti, deb o‘yladi. Hazillashmayotganimni bilib:
– Men seni boshqa ish bilan kelgansan, deb o‘ylabman, – dedi.
Men:
– Hayotda eng asosiy ish shu emasmi, bugundan boshlab sening xotiningman, ortiqcha so‘zning keragi yo‘q, – dedim.
U esa:
– Esing og‘ib qolganmi nima balo, kim o‘rgatdi senga bunaqa bemazagarchilikni, shunaqa qilib ham turmushga chiqadimi? – dedi.
Qarasam, meni haydab yuboradigan. Mening jahlim chiqib ketdi, nima bo‘lganda ham qiz bolaman, o‘zimga yarasha g‘ururim bor.
– Sen esi yo‘qqa nimam yoqmasligini bilishni istardim. Axir besh yildan beri meni orqamdan kuzatishingni bilaman-ku, yigit kishi ham shunaqa bo‘ladimi? Ko‘rib turibman-ku axir ahvolingni. Ayt-chi, sendan nima kamim bor? – dedim.
Qisqasi, unga ichimdagi bor gapimni to‘kib soldim. U esa kula boshladi. Keyin esa boshini qashib turib muloyimlik bilan menga tanbeh bergansimon:
– Nimaga jahling chiqadi, axir sen yaxshi qizsan, bu axir hayot-mamot masalasi, jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerak, shoshqaloqlik yaramaydi. Ozgina vaqt o‘tsin, bir-birimizga to‘g‘ri kelmasak-chi, unda nima bo‘ladi, – dedi.
– Hech qanday o‘rganishning keragi yo‘q, butun Kutaisidan so‘rab chiq, men haqimda bironta odam nojo‘ya gapirarmikan, men hech kimga yomonlik qilmaganman, hamma meni yaxshi ko‘radi. Qisqasi, mening o‘zim boshimni egib keldim, uylansang uylan, bo‘lmasa nima ham derdim, – dedim.
U esa:
– Men uyda bo‘lmaganimda boshqa odamning oldiga borarmiding, – degan ahmoqona savolni berdi. Men chidab tura olmadim, yig‘lab yubordim.
– Qanaqa to‘nkasan, sen uyda bo‘lmaganingda ertaga kelardim, nahotki sezmasang, seni sevaman-ku. Besh yildan beri nahotki sezmagansan, qanaqasan o‘zi? – dedim.
U ham yig‘lab yubordi.
– Nega besh yildan beri jim yurding? – deb so‘radi.
Uning yuragi men o‘ylaganimdan ko‘ra ham mehrliroq ekan. Oxiri u ham meni sevishini izhor qildi. Qisqasi, biz turmush qurdik. O‘shandan beri birgamiz. Uch bolani katta qildik. Ba’zilar hamma oilada ham urush-janjal bo‘lib turadi, busiz mumkin emas, deydi. Men umuman bunday gaplarga qo‘shilmayman. Janjalsiz, bir-biriga mehr-oqibat bilan yashaydigan oilalar ko‘plab topiladi. Biz bir-birimizni avaylab yashadik va hozir ham avaylaymiz. Ishonasanmi, qirq yil mobaynida biron marotaba ham bir-birimizga qo‘pol muomala qilmaganmiz. Sen ham yaxshi odamga turmushga chiqib, biz kabi ahil yashashingni tilayman.
Hamidullo Ismat tarjimasi