OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rey Bredberi. Qotil (hikoya)

Oppoq yo‘lak bo‘ylab ortidan musiqa ergashib borar edi: eshiklardan biridan “Quvnoq bevalar” valsi, boshqasidan – “Favnning tushlikdan so‘nggi hordig‘i”, uchinchisidan – “Yana bir bor bo‘sa ol!” kuylari taralmoqda. U burchakdan qayrildi, tsimbal, baraban, kastryul va tovada, pichoq va vilkada gulduros va yashin kabi shovqin solib chalinayotgan “Xanjar bilan raqs” g‘ala-g‘ovuri uni chulg‘ab oldi. Buning barchasi u to‘g‘ridagi Betxovenning shodiyona Beshinchi simfoniyasini tinglab mast bo‘lib o‘tirgan kotiba eshigiga qarab, go‘yoki qochib borganda tarqab ketgandek bo‘ldi. U xuddi kotibaning ko‘zi oldida qo‘llarini silkitgandek, avval to‘g‘riga qarab yurdi, so‘ng chapga, kotiba baribir uning kelganini payqamadi.
Qo‘lidagi radiotaqma past ovozda jiringladi.
– Eshitaman.
– Dada, bu menman, Li. Unutmadingizmi? Menga pul kerak.
– Ha-ha, bolam. Hozir band edim.
– Men faqat sizga buni eslatmoqchi edim, dada.
O‘g‘lining ovozini Chaykovskiyning “Romeo va Juletta”ga yozgan uvertyurasi bosib ketdi. Kutilmaganda bu musiqa uzun yo‘lak bo‘ylab tarala boshladi.
Psixiatr laboratoriyalar va kabinetlar bir-biriga qapishgan va barcha tomondan musiqa gulidan changlar sepilayotgan ko‘cha bo‘ylab borar edi. Stravinskiy Baxga aralashib ketgan, Gaydn Raxmaninovadan qochishni uddalay olmayapti, Shubertni Dyuk Ellingtonning shovqinlar yakson etib tashlagan. Kotibalar xirgoyi qilib, vrachlar hushtak chalib yurishibdi – hamma ertalabdan quvnoq kayfiyatda ishga kirishgan, psixiatr bosh irg‘ab ular bilan salomlashgan bo‘ldi. Xonasiga kirib doim ming‘irlab qo‘shiq aytib yuradigan kotiba bilan ba’zi qog‘ozlarni ko‘zdan kechirdi, keyin yuqoriga, politsiya kapitaniga qo‘ng‘iroq qildi. Bir necha daqiqadan so‘ng qizil chiroq pirpiradi va shiftdan ovoz eshitildi:
– Mahbus suhbat uchun to‘qqizinchi xonaga keltirildi.
U ichkariga kirib eshikni yopdi, o‘sha zahoti eshik tashqaridan qulflandi.
– Faqat siz yetmay turuvdingiz o‘zi, – deb jilmaydi mahbus.
Bu jilmayish psixiatrni ajablantirdi.
Uning jilmayishi shu qadar yorqin va nurafshon ediki, kutilmaganda atrof yorishib ketdi va xonada bir iliqlik paydo bo‘ldi. Bu kulgu go‘yo ulkan tog‘lar ortidan tong chog‘ida chiqayotgan oftobdek edi. Xuddi choshgohdagi quyosh tasodifan yarim tunda paydo bo‘lgandek. Buning ustiga ko‘rgazma uchun terilgandek oppoq tishlari va ko‘m-ko‘k ko‘zlari quvnoq charaqlab turar edi.
– Men sizga yordam bergani keldim, – dedi psixiatr va chimirildi. Xonada nimadir joyida emas. U buni xonaga kirgan zahoti fahmlagan edi. Shubhalanib atrofga alangladi. Mahbus jilmayib:.
– Bu yerda jimjitlik ekaniga hayron bo‘ldingizmi? Men radioni sindirib tashladim, – dedi.
“Avbosh”, – o‘yladi shifokor
Mahkum uning fikrini uqdi, kulimsiradi va qo‘lini ikki yonga yoydi:
– Yo‘q, yo‘q, men faqat tinimsiz chiyillaydigan mashinkani… – dedi u.
Kulrang gilamda singan chiroq parchalari, devorga osilgan radioning uzilgan simlari sochilib yotar edi. Bu narsalarga e’tibor qilmasdan, uni bu kulgu qanday qamrab olayotganini his qilib, psixiatr mijozning qarshisiga o‘tirdi; noodatiy jimlik xuddi momaqaldiroqdan oldingi og‘ir havodek bosa boshladi.
– Siz o‘zingizni qotil deb atayotgan Elbert Brokmisiz?
Brok tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
– Biz boshlashdan oldin… – u yengil va chaqqon harakat bilan shifokor qo‘lidagi radiotaqmani yechib oldi.
Jimjiloqdek priyomnikni og‘ziga solib, xuddi yong‘oq chaqqandek tishladi. Jag‘ini shu qadar qattiq siqdiki, priyomnik majaqlanib ketdi va hayratdan og‘zi lang ochilib qolgan psixiatr qo‘liga pachag‘i chiqqan radiotaqmani shunday qiyofada qaytarib berdiki, o‘ziga rohat-farog‘at in’om etgandek mumnun bo‘ldi.
– Shunaqasi yaxshi..
Vrach majaqlangan apparatga angrayib qarab qoldi.
– Keltirgan zararlaringiz uchun to‘laydigan tovonlaringiz anchagina bo‘lsa kerak?
– Tupurdim! – deb kuldi mijoz. – Burungi ashulalarda aytilganidek, “Menga nima bo‘lsa ham hammasiga tupurdim!” – deya shikasta ovozda xirgoyi qildi .
– Boshlaymizmi? – so‘radi shifokor.
– Ijozat bering. Mening dastlabki qurbonlardan biri telefonim edi. Qabihona qotillik. Men uni oshxona chanog‘iga tiqib yubordim. Bir yutinishda yutib yubordi bechorani, o‘sha zahoti nafasi qaytib o‘ldi. Keyin televizorni otib tashladim.
– H – m – m – deb qo‘ydi psixiatr.
– Ekranga oltita o‘q joyladim. O‘q ovozi shunaqa qattiq jarangladiki, huddi qandil chil-chil bo‘lib ketgandek edi.
– Ifodangiz juda jonli ekan.
– Nihoyatda mamnunman. Doimo yozuvchi bo‘lishni orzu qilganman.
– Aytingchi, siz qachondan boshlab telefondan nafratlanib qoldingiz?
– U meni bolalik chog‘imdayoq qo‘rqitgan. Bobolarimdan biri undan jismsiz ovozlar kelib turishini ko‘rib uni sharpa-Mashina deb atagan edi. Men undan jonim chiqib ketar darajada qo‘rqar edim. Ulg‘ayganimda ham unga sira ko‘nika olmadim. U odamlarning o‘ziga xos xususiyatlarimni tortib olayotgandek tuyuladi menga. Agar unga hushiingiz kelib qolsa, u sizning “men”ingiz simlariga quyilib ketishiga sharoit yaratadi. Agar istamasa, uni shunchaki surib oladi va uzun simning narigi tomonida siz emas, qandaydir o‘lik bir baliq, tirik emas, ammo mayin ovoz, faqat plastmassa, mis va po‘lat. Telefonda har qanday gapni ham bemalol aytaverish mumkin. Bularni aytmoqchi emas edi, ammo hammasini telefon boshladi. Qarashga ulgurmadim, ammo bir zumda o‘zimga dushman orttirdim. Undan so‘ng – telefon juda ham qulay narsa! Arziydi va to‘g‘ridan to‘g‘ri talab qiladi: o‘ziga telefon qilishlarini sira ham xohlamaydigan bir kishiga qo‘ng‘iroq qilib ko‘ring. Do‘stlarim menga qo‘ng‘iroq qiladi, qilaveradi, qilaveradi, adog‘i yo‘q. Bir daqiqa xotirjamlik yo‘q, jin ursin. Telefon emas – xuddi televizor yo radio yoki patefon. Agar televizor bo‘lmasa, radio bo‘lmasa, patefon bo‘lmasa, unda burchakdagi bulutlar tepasida kinoreklama qilayotgan kinoteatr. Osmondan endi yomg‘ir emas, sovun ko‘pigi yog‘moqda. Agar osmondagi reklamalari bilan ko‘zingizni qamashtira olmasa, har bir restoranga chalinib yotgan jazlar yordamida qulog‘ingizni batang qiladi. Avtobusda ishga ketayapsiz – shu yerda ham musiqa va reklama. Agar musiqa ham bo‘lsasa, xizmat selektori va eng asosiy qiynoq quroli — radiotaqma, xotinim va do‘stlarim meni har besh daqiqada chaqiradi. Shugina narsaning nima sirli joyi bor? U o‘ziga odamlarni nimasi bilan maftun etadi? Odatdagi odam o‘tirib o‘ylaydi: qiladigan ishim yo‘q, zerikarli, qo‘limda esa mana bu qo‘l telefoni – qani, oqsoqol Joga bir telefon qilib ko‘ray-chi. Allo, allo! Men xotinimni sevaman, do‘stlarimni va barcha odam zotini juda ham sevaman… Ammo xotinim kuniga yuz marta: ”Azizim, qaerdasan hozir?” deb so‘raydi. Bir daqiqa o‘tma, bir do‘stim qo‘ng‘iroq qilib: “Eshit, zo‘r hangoma: bir yigit…” Keyin esa kimdir: “Sizni Statistika byurosidan bezovta qilayapmiz, ayni fursatda siz qanday saqich chaynayapsiz?” deb baqiradi. Axir, bilasizmi?
– Hafta davomida o‘zingizni qanday his qildingiz?
– Aslo so‘ramang, ana-mana portlab ketadigandekman yoki boshimni devorga urishni boshlarman. O‘sha kuni idorada o‘zimni qanday tutishim kerak bo‘lsa, o‘shanday qildim.
– Aniqrog‘i?
– Selektor ichiga suv quydim.
Psixiatr yon daftarchasiga belgilab qo‘ydi, so‘ng:
– Va siz uni safdan chiqardingiz, shundaymi? – deb so‘radi.
– Albatta, rosa hangoma bo‘ldi, stenografistka aqldan ozgandek zir yuguradi! Baqir-chaqir! Qiy-chuv, tus-to‘polon!
– Siz o‘sha vaqt yengil tordingizmi, a?
– Nimasini aytasiz, o‘sha kuni da’fatan xayolimga kelib, radiotaqmani yo‘lakga otdim va tepib ezib tashladim. Aynan shu vaqtda kimdir “Statistika byurosi, to‘qqizinchi bo‘lim. Siz bugun tushlikda nima yedingiz?” deb so‘roqlab yotibdi. – shunda men shartta mashinkani urib o‘ldirdim.
– Siz yanada yengil tortdingiz, shundaymi?
– Men yashash tarzimni o‘zgartirdim. – Brok qo‘llarini ishqaladi. – Bunday o‘yladim, shaxsan o‘zim inqilob qilmoqchi bo‘ldim, axir insonlar mana bu qulayliklardan ozod bo‘lishi kerak-da! Bu qulayliklar kim uchun? Do‘stlar-oshnalar uchunmi? “Juda soz, El, sen bilan bir oz laqillashmoqchiman, men hozir Grin-xillda, kiyim almashtirish xonasidaman. Hozirgina men uni bir zarb bilan yakson qildim. Bir zarb bilan, El! Oson kelgan pul! Hozir bu hodisani “yuvib” ichib o‘tiribman. Menimcha, bu senga qiziq bo‘lsa kerak”. Yana ham mening boshliqlarimga ung‘ay – men mashinada xizmat bilan ketayotgan bo‘laman, mashinada esa radio, ular istagan vaqtida men bilan bog‘lana oladi. Bog‘lana oladi! Yumshoq qilib aytganda shunday. Bog‘lanadi, ikki tomonlama! Oyoq-qo‘limni bog‘lashadi! Radio ovozlari bilan o‘maradi, o‘zlashtiradi, tarqatadi, ezishadi. Mashinadan bir daqiqa ham chiqish mumkin emas, darhol hisobot berish kerak: “Benzin shoxobchasiga to‘xtadim, hojatxonaga kirmoqchiman”, – “Xo‘p, Brok, aylanib yuraver”, “Brok, nega buncha qolib ketding?” – “Gunohkorman, janob!” – “Boshqa qaytarilmasin!” – “Xo‘p bo‘ladi, janob!” Ana shunaqa, bilasizmi, doktor men nima qildim? Bir quti shokoladli muzqaymoq xarib qildim-da, radiouzatgichni bo‘ktirdim.
– Nega aynan shokoladli muzqaymoq tanladingiz?
Brok biroz o‘ylanib turdi keyin jilmayib:
– Bu men xush ko‘rgan shirinlik, – dedi.
– Shunaqami? – boshini orqaga tashladi shifokor.
– O‘yladimki, jin ursin, u mening nimamga yaraydi, nari borsa mashinamdagi radioga kerak bo‘ladi.
– Nega siz radiouzatgichni aynan muzqaymoqqa tuydirdingiz?
– O‘sha kun havo juda issiq edi.
– Keyin-chi! –dedi shifokor bir oz jim turgandan so‘ng.
– Keyin hammayoq tinchidi. Ey Xudo, qanday farog‘at! Axir, battol radio tinmay vaysab yotgan edi: Brok, uyoqqa, Brok, bu yoqqa, Brok, hisobot bering, qachon keldingiz, Brok hisobot bering, qachon ketdingiz, yaxshi, Brok, tushlik, Brok, tushlik vaqti tugadi, Brok, Brok, Brok, Brok… Tinchlik menga xuddi muzqaymoq kabi lazzat bag‘ishlayotgan edi.
– Muzqaymoqxo‘rlardan ekansiz-a.
– Mashinada tinchlikni tinglab yuraverdim. Xuddi mayin matodan tikilgan harir to‘shakda yotgandek edim. Jimlik. Bir soat jimlik! Mashinada o‘tiribman, Mashinada o‘tirib qulog‘imga muloyim shovqin qaytargich tiqib olgandek, jilmayib qo‘yaman, bu Erkinlikdan rohatlandim, sarxush bo‘ldim!
– Davom etavering.
– Keyin portativ diametrik moslama borligi esimga tushib qoldi. O‘sha moslamadan bitta ijaraga oldim va uni avtobusda uyga olib ketdim. Avtobus odamning tinkasini quritadigan sershovqin narsalarga to‘lib-toshgan edi va hammasi radiobrasletda ayollari bilan gaplashib ketayapti: men jimman, hatto Qirq uchinchi ko‘cha…Qirq to‘rtinchi… Qirq to‘qqizinchi… Oltmish birinchi ko‘chaga ham qayrildik… Bir odam xotiniga baqirayapti: “Bo‘ldi, mayxonada sandiramoq, jin ursin! Tez uyga borib tushlikni isit, men o‘zi Yetmishinchidaman!” Radiokarnay jar soladi “Vena o‘rmoni ertaklari” – aynan kanareyka och qoringa hushtak chalib, totli bug‘doy doni haqida kuylay boshladi. Shu vaqtda men diametrik moslamani ishga solib yubordim. Hamma narsa shig‘illab qoldi. Barcha xotinlar kun davomida erlarini jonidan tuyg‘azgan javrashidan uzilib qoldi, barcha erkaklar ayollaridan uzildi, ularning tinimsiz javrashlaridan qutulib bir zum rohatlangandek bo‘ldi, so‘ng birdan ularni vahima qopladi. “Vena o‘rmoni” tomiri bilan kesib tashlandi, kanareykaning bo‘yni uzildi. Jimjitlik! Tasodifiy dahshatli jimlik. Avtobusdagi yo‘lovchilar bir-birlari bilan gaplashib ketishiga to‘g‘ri keldi. Ular xuddi yuragi yorilgan qo‘y kabi cho‘chigan, qo‘rquv iskanjasida edi.
– Sizni politsiya olib ketdimi?
– Avtobusni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. Chunki musiqalar aralashib kashaga aylanib ketdi, erkaklar ham, ayollar ham qaysi dunyoda ekanini bilmay qoldi. To‘s-to‘polon, aralash-quralash, ag‘dar-to‘ntar. Maymunlar majlisi! Halokatdan qutqarish xizmati kelib meni bir zumda topib oldi, dakki berdi, jarima soldi, ko‘z-ochib yumguncha o‘zimni uyda ko‘rdim, albatta moslama qo‘ldan ketgan edi.
– Ruxsat eting, shu yerda so‘z qistiray janob Brok, sizning shu vaqtgacha bo‘lgan faoliyatingiz, menimcha, unchalik… e-e… oqilona. Agar sizga radiotranslyatsiya, xizmat selektori va avtomobildagi radio priyomnik yoqmasa, nega radioni yomon ko‘ruvchilar jamiyatiga a’zo bo‘lmaysiz? Hukumatga murojaat qiling, taqiqlashga erishing va qonun doirasida cheklang. Axir biz demokratik jamiyatda yashayapmiz!
– Men bu borada yolg‘izman, – dedi Brok. – Har xil jamiyatlarga a’zo bo‘ldim, norozilik chiqishlarida qatnashdim, hukumatga ariza yozdim, sudga murojaat qildim. Yillab qarshilik ko‘rsatdim. Meni hamma joyda masxara qilishardi. Chunki hamma radio va reklamani yaxshi ko‘radi. Men o‘zim zamon bilan birga qadam bosa olmaydigan majruhman.
– Balki siz ham xuddi askar kabi oyog‘ingizni alishtirarsiz? Ko‘pchilikka ergashish kerak-ku.
– Axir ular chegaradan oshib ketishadi! Ozgina musiqa eshitish, har zamonda do‘stlar bilan “bog‘lanib” turish, ehtimol, maroqlidir. Lekin ular keragidan oshirib yuboradi-da. Men shunday quturib ketdim! Uyga kelsam – xotinim jazavada. Nima emish, yarim kun men bilan bog‘lana olmabdi. Esingizdami, radoibrasletimning ta’zirini berib qo‘yganimni aytgan edim? Ha, shunaqa, o‘sha kuni o‘zimning uyimni o‘ldirishni o‘yladim.
– Shunday deb yozish kerakmi?
– Mohiyatan xuddi shunday. Men uni o‘ldirishga qaror qildim, jonini olishga. Bilasizmi, mening uyim texnika mo‘jizasi: gaplashadi, kuylaydi, ob – havo haqida xabar beradi, she’r o‘qiydi, romanlar so‘zlab beradi, jiringlaydi, jaranglaydi. uxlagani yotganda alla aytadi, cho‘milayotganda ariya va opera kuylab turadi, uyqu oldidan ispan tilini o‘rgatadi. Shu qadar vaysaqi kulbaki, unda to‘liq elektron xabarchilar. Duxobkadan: “Men murabboli pirogman, pishib tayyor bo‘ldim”, yoki “men qovurmaman, tezda qayla qo‘shing” va shunga o‘xshash bolalarcha bo‘lmag‘ur ovozlar chiqadi. Krovat tuni bilan tebratib, tongda tezroq uyg‘otish uchun silkilaydi. Bu uyga odam chiday olmaydi, men sizga to‘g‘risini aytayapman. Ko‘cha eshik: “Janob sizning boshmog‘ingiz iflos”, deb ogohlantirsa, Chang yutgich esa ortingdan xonalar bo‘ylab xuddi it kabi ergashadi, agar tamaking kuli tushgudek bo‘lsa – darrov yutib oladi. Ey karami keng Parvardigor!
– Tinchlaning – dedi hamdarlik ruhida psixiatr.
– Gilberta va Sallivena ashulasi esingizdami? “G‘amgin kunlarimni aniq hisoblab yuribman, lekin ular mendan uzoq ketgani yo‘q?” Tuni bilan uqubatlarimni sanadim. Erta tongda do‘kondan to‘pponcha sotib oldim. Ko‘chadan ataylab poyafzalimni loy qilib keldim. Ko‘cha eshik odatiga binoan: “Tuflini artish kerak, Polni iflos qiladi”, dedi. Shu choqda u yaramasning to‘g‘ri qulfining teshigini ko‘zlab otdim. Keyin oshxonaga o‘tdim. Plita “Tez qara! Aylantir!” dedi. Uning mexanik markaziga qaratib o‘q uzdim, plita tamom bo‘ldi. U “Men kuyib ketdim!” deya pichirlab, o‘chib qoldi. So‘ng yaramas serxarxasha telefon faryod ko‘tardi. Men uni tiqib yutgizib yubordim. Sizga to‘g‘risini ochiq aytishim kerakki, men yutishga qarshi emasman, u boshqalarning gunohi uchun jabr ko‘rdi. Endi unga raxmim kelayapi – juda foydali asbob edi va buning ustiga beozor, undan bir so‘z ham eshitmaysiz, u o‘zini uxlayotgan sher kabi bilib, har xil chiqindilarni yoqtirmas edi. Shubhasiz, uni tuzatishga olib boraman. Keyin makkor va dajjol – televizorni otib tashladim. Bu yaramas har kuni kechqurun millionlab odamni toshga aylantirib, ularning nigohini o‘ziga qaratib turadi, bu hiylakor – qo‘shiq aytadi, chaqiradi va juda ko‘p narsalarni va’da qiladi, ammo sariq chaqa beradi… biroq men har doim unga qaytganman va har doim oxirgi daqiqada nimadir yuz berishidan umid qilganman. Xullas – paq! Shu vaqt boshi yo‘q o‘rdakka o‘xshab xotinim paydo bo‘ldi. Avval meng g‘azabini sochdi, keyin ko‘chaga chiqib ayyuhannos soldi. Politsiya keldi. Shu bilan bu yerga kelib qoldim.
U xushbaxtlik bilan stulga suyandi va sigaret tutatdi.
– Janob Brok, bu jinoyatni qilgandan so‘ng siz hech o‘zingizga hisobot berdingizmi, radiobraslet, reproduktor, telefon, avtobus radiosi ishxonangiz selektori – bular barchasi o‘zgalarning mulki-ku?
– Ishontirib aytamanki, o‘sha ishni yana qaytargan bo‘lar edim. Psixiatr bemorning muloyim tabassumiga javoban bazo‘r jilmaydi.
– Ruhan sog‘lomlashtirish xizmatining yordamidan foydalanishni istamaysizmi? Hammasi uchun javob berishga tayyormisiz?
– Bu faqat boshlanishi, – dedi Brok. – Men kamsuqum kamchilikning bayroqdoriman, biz bu shovqin-suronlardan charchadik. Nima uchun bizga doim zulm o‘tkazadi, hadeb buyruq beradi, shohmot piyodasidek oldinga chiqarib qo‘yadi, doim musiqa bilan quloqlarni batang qiladi, nega doimo kimdir baqirib turadi: uni qil, buni qil, u yoqqa bor, bu yoqqa kel, tezroq, tezroq! Ana ko‘rdingizmi. Qo‘zg‘olon boshlanadi. Mening ismim tarixga kiradi!
– Hmm… – Psixiatr o‘yga botib qolgandek bo‘ldi.
– Albatta, bu ishni darrov bajarib bo‘lmaydi. Dastlabki kezlarda hamma mahliyo bo‘lib qolgan edi. Qoyilmaqom o‘ylab topilgan foydali va qulay narsa! Deyarli o‘yinchoq, deyarli ovunchoq! Biroq odamlar bu o‘yinchoqlarga qattiq bog‘lanib qoldi. Nihoyatda chuqur kirib, butun jamiyat mexanik enagalar asiriga aylandi – jami insoniyat bog‘langan arqon chuvalashib ketdi, bu chigallikni yechishga ham qodir emas, chigallikning ichida ekanini tan olgisi ham kelmaydi. Ana ular qay darajada va hamma narsalar haqida bilarmonlik qilmoqda: shunaqa, emish, bizning asr! Bizning xayot sharoitimiz shunaqa! Biz – asabi qaqshagan avlodmiz! Lekin mening gapimni eslab qoling, g‘alayon urug‘i o‘zi ekilgan!
– Tushunarli, – dedi psixiatr.
– Endi shinamgina kameramga qaytishimga ijozat bersangiz. Men yarim yil yolg‘izlik va jimlikda rohatlanishni niyat qilib turibman.
– Marhamat, –dedi psixiatr xotirjamlik bilan.
– Mendan xavotirlanmang, – dedi o‘rnidan turayotib janob Brok. – Men o‘tirib vaqtni o‘tkazaman va qulog‘imdagi muloyim tiqin bilan orom olaman.
– Hm-m, – to‘ng‘illab eshik tomon yurdi psixiatr.
– Umidsizlikka tushmang, – dedi Brok.
– Harakat qilaman deb, – javob berdi psixiatr.
U sezdirmasdan signal tugmasini bosdi, shartli signaldan so‘ng eshik ochilib u yo‘lakka chiqdi, o‘sha zahoti eshik qars etib yopilib qulflandi. U yana hisobsiz eshiklar saf tortgan yo‘lakdan yurib xonasiga qaytdi. Birinchi yigirma qadamida uni “Xitoycha tamburina” kuzatib bordi. Keyin esa “Lo‘li qiz”, undan so‘ng “Passakalya” va Baxning qandaydir mahzun navosi, “Yo‘lbarsning qayta tug‘ilishi”, “Sevgi – bamisoli sigaret” musiqalari navbati bilan almashdi. U cho‘ntagidan beshiktervatarga o‘xshab ezilgan siniq radiobrasletni oldi. Xonasiga kirdi. O‘sha vaqt qo‘ng‘iroq jiringladi va shiftdan ovoz keldi:
– Doktor?
– Hozirgina Brokning oldidan keldim, – dedi psixiatr.
– Tashxis?
– Adashgan, lekin xushmuomala. U atrofdagi haqiqiy borliqni tan olishni va u bilan hisoblashishni istamayapti.
– Prognoz?
– Aniq emas. Oldidan chiqayotganimda, u xursandlik bilan qulog‘iga ovoz to‘suvchi paxtani tiqib oldi.
Uchta telefon birvarakayiga jiringladi. Shu choqda zaxiradagi radiotaqma ham yaralangan chigirtkaga o‘xshab chirilladi. Qizg‘ish chiroqcha pirpiradi va selektor chiqqilab chaqirdi. Ochiq eshikdan musiqa eshitilib turar edi. Psixiatr past ovozda xirgoyi qilib, yangi radiobrasletni taqdi, selektorni chertdi, bir minut gaplashdi, bitta telefon go‘shagini ko‘tarib gaplashdi, boshqa go‘shakni ko‘tarib gaplashdi, uchinchi telefon go‘shagini ko‘tardi, gaplashdi, radiotaqma tugmasini bosdi, past ovozda gaplashdi, o‘lchagandek, uning yuzi tinch va osuda edi, atrofda esa musiqa yangrar, chiroqlar pirpirar edi, yana ikkita telefon jiringladi, uning qo‘li uzliksiz harakatlanar edi, radiotaqma guvilladi, uni selektorga chaqirishdi va shiftdan ovoz berishdi. U qolgan beadoq ish vaqtini mayin shamol yelpib turgan kondintsioner tagida, salqin havoda, o‘sha muvozanatni saqlagan holda o‘tkazdi: telefon, radiotaqma, selektor, telefon, radiotaqma, selektor, telefon, radiotaqma, selektor, telefon, radiotaqma, selektorlar…

Abdumalik Jo‘raqul tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.