OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rey Bredberi. Shamol (hikoya)

O‘sha kuni kechqurun soat besh yarimlarda telefon jiringladi. Dekabr oqshomlaridan biri edi. Tompson go‘shakni ko‘tardi:
– Eshitaman.
– Allo, Gerb!
– Ha, bu senmisan, Allin?
– Xotining uydami, Gerb?
– Ha. Nima edi?
– Hech nima, o‘zim, shunday...
Gerb Tompson go‘shakni xotirjam tutib turardi.
– Nima bo‘ldi, o‘zi? Tovushing g‘alati eshitilayapti?
– Bugun kechqurun menikiga kelsang bo‘lardi.
– Biz mehmon kutayapmiz.
– Menikiga kelib tursang bo‘lardi-da. Xotining qachon ketadi?
– Keyingi haftada. – Ogayoda to‘qqiz kun bo‘ladi. Onasi kasal ekan. O‘shanda men ham senikiga borsam yarashadi.
– Bugun kelganingda yaxshi bo‘lardi-da.
– Qani endi, iloji bo‘lsaydi... mehmondorchilik. O‘zingdan qolar gap yo‘q. Xotinim naq o‘ldiradi-ya!
– O‘tinib so‘rayman.
– Nima bo‘ldi? Yana shamolmi?
– Yo‘q... Yo‘q, yo‘q!
– Aytaversang-chi, shamolmi? – qayta so‘radi Tompson.
Go‘shakdagi ovoz gap topolmay, tutilib qoldi.
– Ha, – dedi nihoyat. – Ha, shamol.
– Axir, havo ochiq, shamol bormi, yo‘qdek-ku!
– Boriyam kifoya. Ana, esyapti, deraza pardani hilpiratib o‘tdi... Men tushunishim uchun yetarli.
– Menga qara, o‘zing biznikiga kela qolmaysanmi? Shu yerda tunarding, – dedi Gerb Tompson dahlizga qarab qo‘yarkan.
– Yo‘g‘-e, kech bo‘ldi. U meni yo‘ldayoq tutib olishi mumkin. Taklifing uchun rahmat. O‘zimni xatarga qo‘yolmayman, yo‘l uzoq, ozmas-ko‘pmas o‘ttiz mil keladi-ya! Rahmat…
– Bo‘lmasa, uyqu dori ich.
– Bir soat tashqarida turdim, Gerb. G‘arbda, ufqda bulutlar to‘plandi, keyin bittasi parcha-parcha bo‘lib ketganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bo‘ron bo‘lishi aniq.
– Mayli, uyqu dori esingdan chiqmasin. Xohlagan vaqtingda yana qo‘ng‘iroq qil, kerak bo‘lsa, bugunoq.
– Qachon bo‘lsa hammi?
– Albatta!
– Xo‘p, qo‘ng‘iroq qilaman. Biroq, o‘zing kelganingda yaxshi bo‘lardi-da. Yo‘q, kerakmas, sengayam biror kori hol bo‘lmasin, tag‘in. Sen eng yaxshi do‘stimsan, xatardan nariroq bo‘lganing durust. Men bir o‘zim yozig‘imni qarshi olganim yaxshiroq. Kechir, bezovta qildim.
– Biz bekorga do‘st bo‘libmizmi? Qani, aytchi, bugun nima ish qilayotuvding? U-buni yozsang bo‘larmidi? – dedi Gerb Tompson og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchisiga tushirib. – Ovunarding, unutarding o‘sha Himolayingni, Shamollar vodiysiyu hamma po‘rtana, dovullarni. Bahonada yo‘l taassurotlaringdan yana bir bob yozib qo‘yarding.
– Urinib ko‘raman. Bilmadim, balki chiqib qolar. Yana, bilmadim... Seni bezovta qilishimga ruxsat berganing uchun rahmat.
– Qo‘ysangchi! Arzimaydi. Ho‘p, bo‘pti! Ana, xotinim ovqatga chaqirayapti.
Gerb Tompson go‘shakni ilib qo‘ydi-da, stol yoniga borib, xotini ro‘parasiga o‘tirdi.
– Allin qo‘ng‘iroq qildimi? – so‘radi ayoli. Gerb bosh irg‘adi.
– Joningga tegmadimi? Do‘stingning shamoli ko‘p, goh esadi, goh tinadi yo bo‘lmasam, bir yondirib o‘tadi, bir sovitib, – davom etdi u, ovqat suzilgan talinkani uzatarkan.
– U bechora, urush vaqtida Himolayda ko‘p azob chekkan, – dedi Gerb Tompson.
– Nahotki, o‘sha vodiylar haqidagi uydirmalariga ishonsang?
– Gaplari juda ishonchli.
– Qayoqqadir tirmashgan, o‘rmalagan,... Nega shu, erkaklar tog‘ma-tog‘ o‘rmalayveradi, o‘ziga xavf-xatar orttirib?
– Qor yoqqan edi, – dedi Gerb Tompson.
– Nima bo‘pti?
– Yomg‘ir ham urib turgan... Do‘l, shamol, hammasi baravariga kelgan. O‘sha vodiyda. Allin menga ko‘p marta aytib bergan. Juda qiziq hikoya qiladi... Eng teppaga ko‘tarilibdi, hammayoq bulutmush... butun vodiy guvillarmush.
– Shunaqa bo‘ladi-da, – deb qo‘ydi xotini.
– Tovushlarga qaraganda, bitta emas, minglab shamollar esgan. Butun dunyoning shamoli. – U sanchqini og‘ziga olib bordi. – Allin shunaqa derdi.
– Nima qilardi, o‘sha yoqlarga borib? – dedi xotini. – Hamma yoqqa tumshug‘ini tiqib tentirayveradi-da, keyin gap to‘qib yuradi: shamollar undan g‘azablanganmush, payiga tushganmush...
– Bas qil, u mening eng yaqin do‘stim! – Gerb Tompsonning jahli chiqdi.
– Axir, bu gaplarning hammasi uydirma-ku!
– Uydirmami, yo‘qmi, u necha marta falokatga yo‘liqdi! Bombeyda po‘rtana, ikki oy o‘tib Yangi Gvineya sohillarida to‘fon. Kornuolldagi voqea-chi?
– Unaqa erkaklarga achinmayman. Bir qarasang po‘rtanada qolib ketadi, bir qarasang – dovulda! Shundan, uni kimdir quvib yurgandek tuyulaveradi.
Xuddi shu payt telefon jiringlab qoldi.
– Ola ko‘rma! – dedi xotini.
– O‘zimizga tegishli gap bo‘lsa-chi?
– Bu – o‘sha, Allinning.
Telefon to‘qqiz marta jiringladi, biroq ular joylaridan qo‘zg‘olishmadi. Qo‘ng‘iroq tindi. Ular ovqatni yeb bo‘lishdi. Oshxonadagi darchadan esayotgan yengil shamol pardalarni sal hilpiratib turardi.
Telefon yana jiringladi.
– Qarab turolmayman. – dedi Gerb Tompson va go‘shakni ko‘tardi. – Eshitaman, Allin!
– Gerb! U shu yerda! Yetib keldi!
– Go‘shakka yopishib gapirma, sal uzoqroq tut.
– Eshikni ochib, uni kuzatib turgandim. Katta yo‘ldan shiddat bilan, yo‘lida uchragan daraxtlarni sindirib kela boshladi, keyin shundoq uyning oldidagi daraxtning tanasi g‘irchillab ketdi. Tepa-dan pastga, men turgan eshikka o‘zini urdi, biroq men naq tumshug‘i ostida eshikni yopib qoldim!
Tompson nima deyishni bilmasdan indaymay turardi, xotini esa dahliz eshigida turgancha undan ko‘zini uzmasdi.
– Juda qizig‘-u, – deya oldi u nihoyat.
– U butun uyni o‘rab oldi, Gerb. Tashqariga chiqolmayman, hech qanday chora ham ko‘rolmayman. Lekin men uni rosa bopladim: o‘zimni go‘llikka solib turaverdim, u pastga, men tomonga sho‘ng‘iganida eshikni sharaqlatib yopib oldim! G‘aflatda qolarmidim, necha haftadan buyon sergak turibmanu!
– Juda yaxshi qilibsan-da, qariya. Qani endi, menga bir boshdan gapirib berchi, – muloyimgina dedi Gerb Tompson. Xotini tikilib qarayverganidan u bo‘ynigacha terlab ketdi.
– Bu olti hafta ilgari boshlangandi...
– Xo‘sh? U yog‘i-chi?
– Uni aldab ketdim, deb o‘ylagandim. Mendan o‘ch olish niyatidan qaytgan, deb yurardim. Bilsam, u shunchaki qulay fursat poylab yurgan ekan. Olti hafta burun uyimning yonida shivirlaganini, kulganini eshitdim. Uzoq emas, bor-yo‘g‘i bir soatcha, sekingina. Keyin, uchib ketdi.
Tompson go‘shakka qarab bosh irg‘ab qo‘ydi:
– Yaxshi, undan nari bo‘lsin.
Xotini bo‘lsa, haliyam qarab turardi.
– Ertasi kechqurun yana qaytib keldi... Eshik, deraza tavaqalarini taraqlatib, mo‘rkondan olov uchqunlarini so‘rib tortdi. Besh kecha uzluksiz keldi, har gal avvalgidan ko‘ra kuchliroq bo‘lib qaytadi. Tashqari eshikni ochishim bilan uy ichiga buralib kirvoladi-da, meni tortib chiqarmoqchi bo‘ladi, lekin kuchi kamlik qilardi. Endi rosa kuch to‘plab kelibdi...
– Qutulib qolganingdan xursandman, – dedi Tompson.
– Nimalar deyapsan? Hozir ahvolim chatoq. Xotining yana eshitib turiptimi?
– Ha.
– Tushunarli. Bilaman, gaplarim tetaknamo tuyuladi.
– Hecham undaymas. Gapiraver.
Tompsonning xotini oshxonaga kirib ketdi. U yengil uf tortib, telefon oldidagi kichkina stulchaga o‘tirdi.
– Gapiraver, Allin, ko‘nglingdagini aytib olsang, tezroq uxlaysan.
– U uyni butkul o‘rab olgan, xuddi bahaybat changyutkich kabi tuynuklarda guvillayapti. Daraxtlarni bukib tashlayapti.
– Qiziq, Allin, bu yerda hech qanaqa shamol yo‘q-ku!
– Shamol sening oldingda nima qilsin, unga men kerakman!
– To‘g‘ri, shunday bo‘lishi ham mumkin...
– Bu qotil shamol, Gerb, o‘ljasini qidirib chiqqan eng qadimgi va eng beayov ulkan qotil. Bahaybat iskovich singari ortimdan yugurib yuripti, hidlab, pishqirib, meni qidirayapti. Sovuq tumshug‘ini ostonamga tirkab, uyning havosini so‘rib olayapti. Ana, mehmonxonadaligimni sezib qoldi, kirishga unnayati. Oshxonaga o‘tsam u ham orqamdan ergashadi. Derazadan o‘tmoqchiydim, bo‘lmadi, tavaqalarni almashtirib, mustahkamlab qo‘yganman, eshiklarning oshiq-moshig‘iyu ilgaklarigacha o‘zgartirganman. Uyim mustahkam. Ilgarilari pishiq qurishardi. Ataylab, hamma xonada chiroqlarni yoqib qo‘ydim. Bir xonadan ikkinchisiga o‘tganimni shamol kuzatib turibdi, chiroqlarni yoqqanimni derazadan mo‘ralab ko‘rayapti. O‘h-ho‘!
– Nima bo‘ldi?
– Tashqaridagi temir panjarani uzib tashladi!
– Biznikiga kelsang bo‘lardi, Allin.
– Uydan chiqolmayman! Ilojim yo‘q. Men bu shamolni bilaman. Hozirgina chekmoqchi bo‘luvdim, gugurtni o‘chirib qo‘ydi. Shunaqa u, kalaka, masxara qilishni yaxshi ko‘radi. Shoshmaydiyam, oldinda butun tun bor-da. Ana! Kutubxonamda, stol ustida yotgan kitobni... O‘z ko‘zing bilan ko‘rganingda edi! Devordan kichkinagina teshik topib olib, puflayapti, kitobni betma-bet titkilayapti. Esingdami, Gerb, Tibet haqidagi kitobga yozilgan muqaddima?
– Esimda.
– “Bu kitob stixiya kuchlari bilan yakkama-yakka bo‘lgan jangning qurbonlariga bag‘ishlanadi. Uni bir mo‘‘jiza bilan omon qolgan mag‘lublardan biri yozgan.”
– Esimda, esimda.
– Chiroq o‘chdi!
Go‘shakda nimadir chirsilladi.
– Endi simlarni uzib tashladi. Eshityapsanmi, Gerb?
– Ha, ha, eshityapman.
– Uyimda hamma chiroqlar yonib turishi shamolga yoqmadi, simlarni uzib tashladi. Telefonga ham navbat kelsa kerak? Xuddi havo jangiga o‘xshaydi! To‘xta-chi...
– Allin!
Jimjitlik. Gerb go‘shakni qulog‘iga bosdi. Oshxonadan xotini mo‘ralab qaradi. Gerb Tompson kutib turardi:
– Allin!
– Men shu yerdaman, – dedi tovush. – Yelvizak boshlanuvdi, eshik ostidagi tirqishni berkitishga to‘g‘ri keldi, bo‘lmasa, shamol oyog‘imni urib ketadigan. Bilasanmi, Gerb, menikiga kelmaganing yaxshi bo‘ldi, yo‘qsa, senam baloga qolarding. O‘h-ho‘! Ana, qo‘shni xonadagi oynalardan birini ko‘chirib tashladi. Endi u yerda naq bo‘ron o‘ynayapti, devorga osig‘liq narsalar polga sharaqlab tushayapti! Eshityapsanmi?
Gerb Tompson quloq tutdi. Go‘shakdan uvillagan, chiyillagan, taraqlagan ovozlar keldi. Eshitilsin uchun Allin ham qattiq baqirib gapirdi:
– Eshityapsanmi?!
Gerb Tompson, tomog‘iga bir nima tiqilgandek, yutindi.
– Ha, eshityapman.
– Men unga tiriklay kerakman. U juda makkor, bir hamlada uyni yakson qilsa, men o‘lib ketishimni biladi. Meni qiyma-qiyma qilib, sukma-suyak titkilab chiqishi uchun tiriklay kerakman. Unga mening ruhim, ongim kerak, mening hayotiy, ruhiy kuchim, “Men”im kerak.
 – Allin, meni xotinim chaqirayapti, idish-tovoqqa qarashgin, deyapti.
– Uyimning tepasida bahaybat bulut, butun dunyoning shamollari! O‘sha, bir yil avval Selebessni quritib ketgan bo‘ron, Argentinada qanchadan-qancha odamlarning hayotini olib ketgan pampero, Gavay orollarini qaqshatib ketgan to‘fon, shu yilning boshlarida Afrika qirg‘oqlariga yopirilgan dovul. Bir vaqtlar men chap berib qolgan po‘rtanalarning qolgan-qutgani. U Homolaydagi inidan meni qidirib chiqdi, topdi. Shamollar vodiysidagi, buzg‘unchilik niyatlarini pishitib, berkinib yotgan inini bilaman, ana shu unga tinchlik bermaydi. U qachonlardir, qandaydir qilib dunyoga kelib qolgan... Qaerda tug‘ilishini, qaerdan madad olishini va qaerda kuni bitishini men bilaman. Shuning uchun meniyam va u bilan qanday kurashish lozimligini ko‘rsatib beradigan kitoblarimniyam ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Og‘zimni yopib qo‘ymoqchi, o‘zining bahaybat jismiga singdirib, bilimlarimni o‘zlashtirib olmoqchi. Niyati – meni o‘z tomoniga og‘drib olish.
– Allin, go‘shakni qo‘yyapman, xotinim...
– Nima? – Sukunat. Go‘shakdan, uzoqda guvillayotgan shamolning ovozi eshitildi. – Nima deding?
– Menga yana bir soatdan keyin qo‘ng‘iroq qilgin, Allin!
U go‘shakni ilib qo‘ydi-da, xotiniga qarashgani ketdi. Talinkalarni artarkan, xotini tikilib qarab qo‘yardi, u bo‘lsa, talinkaga tikilgancha, quriguncha sochiq bilan ishqalardi.
– Ko‘chada qandayikin? – so‘radi xotinidan.
– Rohatijon! Issiq! Yulduzlar, – dedi xotini. – Nimaydi?
– O‘zim, shunday...
Keyingi bir soat ichida telefon uch marta jiringladi. Soat sakkizda mehmonlar – Stoddard xotini bilan keldi. Sakkiz yarimgacha u yoq bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi, keyin qarta o‘ynaydigan stolni o‘rtaga surib, “qopqonga tushirish” o‘yinini boshlashdi. Gerb Tompson qartani uzoq, o‘ychan aralashtirdi, shitirlashi xuddi chiy pardaning ochilishiga o‘xshaydi, so‘ng tarqatdi. Qartalar birin-ketin shipillab, o‘yinchilar ro‘parasiga tushaverdi. Suhbat o‘z maromida. U sigara tutatdi, uchida yupqa kul paydo bo‘lgunicha tortdi-da, o‘z qartalarini olib, qarab chiqdi. Birdan boshini ko‘tarib, quloq soldi. Tashqaridan hech qanday tovush kelmayotgandi. Xotini razm solganini ko‘rib, u darrov o‘yinga qaytdi va valet toppondan boshlab yurdi.
Gerb shoshmasdan, sigarasini tutatib o‘tiraverdi, boshqalar unda-munda qisqagina sharaqlashib, suhbatni davom ettirishardi. Nihoyat, dahlizdagi soat o‘nga bong urdi.
– Biz bu yerda suhbatlashib o‘tiribmizu, – gap boshladi Gerb Tompson va og‘zidan sigarani olib, unga o‘ychan qarab qoldi, – hayot bo‘lsa... Ha, hayot qiziq narsa.
– Nima? – dedi mister Stoddard.
– Yo‘q. Hech nima. Biz bu yerda suhbatlashib o‘tiribmiz, hayotimiz o‘tayapti, kurrai zaminning boshqa tomonlarida ham millardlab odam yashayapti.
– Yangilik bo‘ldi-ku.
– Yashayapmiz... – U sigarasini yana tishlariga qisdi. – Yakkayu yolg‘iz yashayapmiz. Hatto o‘z uyimizda ham. Gohida shunday bo‘ladi-ki, yaqin odaming seni bag‘riga bosadi, sen bo‘lsang, go‘yo million mil naridasan.
– Kuzatishlaring zo‘r-ku, – luqma tashladi xotini.
– Sen meni boshqacha tushunding, – dedi u xotirjamlik bilan. U bo‘ynida hech qanday gunohi bo‘lmaganidan, hozir ham qiziqqonlik qilmadi. – Aytmoqchimanki, har birimizning o‘z e’tiqodimiz, kichkinagina hayotimiz bor. Butunlay boshqacha yashaydigan odamlar ham bor. Mana, biz shu xonada tinchgina, rohatlanib suhbatlashib o‘tiribmiz. Lekin shu daqiqalarda, qayoqlardadir minglab odam o‘lib ketayapti. Kimdir rakdan, kimdir shamollashdan, yana kimlardir – sildan. Shu lahzaning o‘zidayoq, AQShda kimlardir avtomobil falokatidan o‘layotganiga imonim komil.
– Qayoqdagi sovuq gaplarni topasan-a, – deb qo‘ydi xotini.
– O‘zimiz yashaymizu, boshqa odamlar qanday fikr yuritadi, qanday yashab, qanday o‘ladi, mana bular haqida o‘ylamaymiz. O‘zimizga qachon o‘lim kelishini kutib yuramiz. Demoqchimanki, biz mana shu yerda oromkursilarga qapishib o‘tiribmizu, qandaydir o‘ttiz mil narida, katta ko‘hna bir uyni zulmat qoplab, jinlar o‘yinga tushayapti, dunyodagi eng yaxshi odamlardan biri...
– Gerb!
– U sigarasini chertib, kulini tushirdi, og‘ziga tutib yamlandi-da, hech narsani ko‘rmasa ham qartasiga tikildi.
– Kechirasizlar. – U ko‘zlarini yumib qo‘ydi, sigara dumini tishlab uzdi. – Yurish mendanmi?
– Ha, sendan.
O‘yin yana jonlandi, qartalarning shipillashi, shivir-shiviri davom etdi... Gerb Tompson bemor odamdek oromkursiga cho‘kib o‘tirardi.
Telefon jiringladi. Tompson sakrab turib ketdi, apparat tomon otilib, go‘shakni shoshib qo‘lga oldi.
– Gerb! Qachondan beri qo‘ng‘iroq qilaman! Nima gap u yoqda?
– Nimani aytayapsan?
– Mehmonlar ketishdimi?
– Qayoqda, o‘tirishibdi...
– Valaqlashib, kulishib,... Qarta o‘ynab o‘tirgandursizlar?
– Ha, lekin buning nima aloqasi...
– Sen bo‘lsang, o‘sha, o‘n tsentli sigarangni chekayapsan-a?
– Ha, nima bo‘pti, ammo lekin...
– Zo‘r! – dedi go‘shakdagi ovoz. – Xudo haqqi zo‘r! Qani endi, men ham sizlar bilan birga bo‘lsam! Qayoqdan ham o‘sha kasofatlarni bila qolgan ekanman-a? Qani endi,... hay, qo‘yib bersang, nimalarni xohlamaysan, kishi!
– Ishlaring qalay?
– Hozircha tirikman. Oshxonada o‘tiribman. Shamol davorning yarmini buzib tushirdi. Shuni oldindan bilib, berkinishga joy tayyorlab qo‘ygandim. Oshxona eshigi buzilsa, yerto‘laga tushaman. Omadim kelsa, o‘sha yerda tonggacha o‘tirib chiqaman. Shamol meni qidirib topishi uchun bu la’nati uyning hammasini yakson qilishi kerak. Yerto‘laning usti esa, juda mustahkam ishlangan. Qo‘limda belkurak ham bor, kerak bo‘lsa, chuqurcha qazib, yana uzoqroqqa berkinaman...
Go‘shakdan katta bir xorning ovozi kelayotganga o‘xshardi.
– Bu qanaqa ovoz? – dedi Gerb Tompson, eti seskanib.
– Bumi? – qayta so‘radi telefondagi tovush. – Bu, to‘fon o‘ldirib ketgan o‘n ikki ming, dovul olib ketgan yetti ming, bo‘ron yakson qilib ketgan uch ming odamning tovushi. Gaplarimdan zerikmayapsanmi? Bilasanmi, shamolning jismi – halok bo‘lganlarning to‘dasi, uning mohiyati ham shu! Shamol ularni o‘ldirib, aqlini o‘zlashtirib olgan, tovushlarini aralashtirib, bitta qilib yuborgan. Keyingi o‘n ming yil ichida o‘ldirilganlar, azoblanayotganlar, qit’adan qit’aga quvg‘in qilinayotganlar, musson va quyunlar yutib ketgan millionlarning tovushi. Eh-he, doston qilish mumkin, buni!
Telefondan qichqirgan, uvillagan ovozlar keldi.
– Gerb, qayoqqa ketding? – chaqirdi xotini qarta o‘ynab o‘tirgan joyidan.
– Shamol ham yildan-yilga aqlli bo‘lib ketyapti, jasadma-jasad, hayotma-hayot, o‘lim ketidan o‘lim, hammasini o‘zlashtirib olayapti.
– Gerb, senga qarab qoldik! – baqirdi xotini.
– O‘chir-e! – sal bo‘lmasa ovozi boricha baqirib yuboray dedi. – bir minut sabr qilolmaysizlarmi? – Keyin telefonga qarata dedi. – Allin, xohlasang, hoziroq yoningga borishga tayyorman! Asli, ilgariroq...
– Bunday qila ko‘rma! Kurash ayovsiz, buning ustiga seni aralashtirish kammidi? Go‘shakni ilmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, oshxona eshigi g‘irchillayapti, ag‘anamasidan yerto‘laga qochib qolay.
– Yana qo‘ng‘iroq qilasanmi?
– Iloji bo‘lsa, qilarman. Kim biladi, yana? Necha marta qochib qutulib qolganman, endi u meni burchakka qisib qo‘ydi, chamamda. Ishqilib, senga xalal bermadimmi, Gerb?
– Sen hech kimga xalal berganing yo‘q! Tushundingmi? Qo‘ng‘iroq qilaver.
– Ko‘raman...
Gerb Tompson qarta o‘yiniga qaytdi, xotini unga tikilib qarab qo‘ydi.
– Qalay ekan, do‘sting? Anovi Allin! – so‘radi u. – Xushi joyidamikin, ishqilib?
– U umrida bir tomchi ham spirtli ichimlik ichmagan, – dedi Tompson ho‘mrayib o‘tirarkan. Men boyaroq uning oldiga borishim lozim edi.
– Axir, mana olti haftaki, har oqshom qo‘ng‘iroq qiladi. O‘n martadur, uning yonida tunab qolding, hech nima bo‘lmadi-ku!
– Unga yordam berish kerak, bo‘lmasa, o‘zini bir narsa qilib qo‘yishi mumkin.
– Yaqinginada, ikki kun avval uning oldida eding, nima, ketidan yuguraverasanmi?
– Ertadan qoldirmay uni kasalxonaga olib boraman. Unga rahmim keladi, aqlli odam...
Soat o‘n yarimda kofe tortildi. Gerb Tompson shoshmasdan ichar, telefonga qarab qo‘yib, o‘zicha o‘yga tolib o‘tirardi: “Yerto‘laga tushib olgnmikin?”
Gerb Tompson telefon oldiga borib, shaharlararo stantsiyani chaqirdi, kerakli raqamni aytdi.
– Afsuski, – dedi unga stantsiya xodimasi, – siz aytgan rayon bilan aloqa uzilgan. Tuzaldi deguncha ulab beramiz.
– Demak, aloqa uzilgan! – xitob qilib yubordi Tompson. U go‘shakni ilib shartta o‘girildi, shkaf eshigini sharaqlatib ochib, paltosiga yopishdi.
– Gerb! – baqirib yubordi xotini.
– Men borishim kerak! – dedi u paltoni kiya turib.
Tashqi eshikka nimadir yengilgina, ehtiyotkorlik bilan urildi. Hamma seskanib tushdi, sergak tortdi.
– Kim u? – dedi Gerbning xotini.
Yana nimadir yumshoqina urildi. Tompson shoshib dahlizni kesib o‘tdi-da, birdan to‘xtab qoldi. Tashqaridan bilinar-bilinmas kulgi eshitildi.
– Garov o‘ynashim mumkin! – dedi Gerb. U birdaniga yengil tortdi, chehrasi ochilib, eshik tutqichiga yopishdi.
– Bu kulgini, qayoqda bo‘lmasin, taniyman! Allin, bu! Aloha kepti-ya! O‘zi kepti! Tonggacha kutolmagan. Menga ertagini aytib berishga sabri chidamagan! – Tompson jilmayib qo‘ydi. – Ulfatlarini ham boshlab kelgan, chog‘i, tashqarida ko‘pchilik turganga o‘xshaydi...
U tashqi eshikni ochib yubordi. Zinada hech kim yo‘q! Biroq Tompson shoshmadi, yuzida sho‘x, ayyorona ifoda paydo bo‘lib, kulib yubordi.
– Allin! Qo‘ysang-chi, hazilingni! Qayoqdasan? – U tashqi chiroqni yoqdi, chapga, o‘ngga qaradi. – Allin! Qayoqda bo‘lsang ham chiq bu yoqqa!
Uning yuziga shamol urildi. Tompson shu ahvolda bir daqiqa turdi, birdan, badani muzlab ketgandek bo‘ldi. Zinaga chiqib, hayajon va sinchkovlik bilan atrofga qaradi. Shamol kuchayib, uning paltosi etagini tortqiladi, sochlarini to‘zg‘itdi. Shunda, nazarida, kimdir yana kulgandek bo‘ldi. Shamol uyni bir aylanib chiqdi, qo‘qqisdan havoning bosimi chidab bo‘lmas darajada oshib ketdi, biroq, tahdid bor-yo‘g‘i bir soniya kechdiyu shamol shu zahoti uzoqlarga esib ketdi. Baland daraxtlar uchini shipirlatib uchib ketdi, dengizga, Selebessga, Fil suyagi qirg‘og‘iga, Sumatraga, Olovlar burniga, Kornuoll va Filippin tomonlarga shoshib ketdi. Ketgan sari tevarak-atrof sokinlashaverdi...
Tompson anqaygancha joyida turib qoldi. Keyin uyga kirib, eshikni yopdi, qimirlamay, ko‘zlarini yumgancha, eshikka suyandi. Xotini: “Nima bo‘ldi?” degancha qoldi.

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.