Soat oltiga yaqinlashib qolgandi va men basseyn yonida birpas o‘tirib pivo ichgancha quyoshda toblanishga qaror qildim. Men barga kirib pivo sotib oldim va bog‘ orqali basseynga jo‘nadim. Bog‘ ajoyib edi-bir tekis qilib qirqilgan o‘tli sayhonlik, gullar, atrof esa palmalar bilan qurshalgandi. Shamol palmalar uchini silkitar, barglar shunga mos ravishda shitirlab ovoz chiqarardi. Basseyn atrofidagi baland soyabonlar ostida ko‘plab erkak va ayollar o‘tirishardi. Basseyn ichida esa uch-to‘rt nafar yigit-qiz bo‘lib, ular shovqin solgancha bir-birlariga katta rezina to‘pni otib o‘ynashardi.
Men to‘xtab, ularga razm soldim. Qizlar mehmonxonada turuvchi inglizlar edi. Yigitlarni esa tanimadim, ammo ularning amerikacha lahjasini eshitgach, yigitlar bugun ertalab kelgan Amerika harbiy kemasining kursantlari ekanligini taxmin qildim.
Men soyabonlardan birining ostiga o‘tirdim va pivomni ochdim. Ko‘m-ko‘k suvni sachratib o‘ynayotganlarni kuzatish menga zavq bag‘ishlayotgandi.
Shu payt basseyn cheti bo‘ylab dadil qadam tashlab kelayotgan boshdan-oyoq oppoq kiyingan pastakkina qariyaga ko‘zim tushdi. U tez-tez, xuddi sakrayotgandek yurib kelardi. U boshiga qaymoqrang shlyapa kiyib olgan, basseyn atrofida o‘tirganlarga bir-bir qarab qo‘yardi.
U mening oldimda to‘xtadi va mayda tishlarini ko‘rsatib iljaydi. Men ham unga javoban jilmaydim.
— Kechirasiz, yoningizga o‘tirsam bo‘ladimi?
— Albatta, - dedim men. - Marhamat.
U kursiga yastanib o‘tirdi, so‘ng oyoqlarini chalishtirdi. Uning oppoq poyabzali havo kirishi uchun teshikchalar bilan qoplangandi.
— Ajoyib oqshom,-dedi u.-Yamaykada har bir oqshom ajoyib.
Uning talaffuzidan qariyaning italyan yoki ispan ekanligini, ammo har qalay Janubiy Amerikadan ekanligini payqadim. Yaqindan qaraganda bu kishi keksaga, taxminan oltmish sakkiz-sakson yoshlar orasidaga o‘xshardi.
— Ha,-dedim men.-Haqiqatan ham ajoyib.
— Marhamat qilib aytsangiz, bular kim?-U basseyndagilarga ishora qildi.-Ular bizning mehmonxonamizda turishmaydi.
— Menimcha, bular amerikalik dengizchilar,-javob qaytardim men.-Dengizchi bo‘lishni istaydigan amerikaliklar.
— Shunaqa bo‘lsa kerak. Yana kim ham bunaqa shovqin qilardi? Siz amerikalik emasmisiz?
— Yo‘q. Amerikalikmasman.
Kutilmaganda oldimizda dengizchi yigitlardan biri paydo bo‘ldi. U hozirgina basseyndan chiqqan, ustidan suv tomardi. Uning yonida ingliz qiz turardi.
— Bu yer bo‘shmi?-so‘radi u.
— Ha,-javob qaytardim men.
— O‘tirsak bo‘ladimi?
— Bemalol.
— Rahmat,-dedi u.
U o‘tirdi va qo‘lida turgan sochiqni yozib, ichidan sigaret bilan yoqqich oldi. U menga sigaret taklif qildi va men bir dona oldim. Qariya esa rad etdi.
— Yo‘q, rahmat, men sigara chekaman.
U cho‘ntagidan timsoh terisidan ishlangan quticha chiqardi va sigara oldi, so‘ng cho‘ntagidan yig‘ma pichoqcha chiqarib sigarasining bir uchini kesdi.
— Marhamat,-yigit unga yoqqich tutdi.
— Shamolda yonmaydi.
— Juda yonadi-da. Bu zo‘r ishlaydi.
Qariya sigarasini og‘zidan oldi va boshini bir tomonga qiyshaytirib yigitga qaradi.
— Zo‘rmi?-dedi u astagina.
— Albatta, hech qachon pand bermagan. Har qalay menga.
Qariya boshini xiyol qiyshaytirgancha yigitga tikilib turardi.
— Xo‘sh, xo‘sh. Demak, bu yoqqich sizga hech qachon pand bermaydi. Shundaymi?
— Ha,-javob qaytardi yigit.-Shunaqa,-yigit o‘n to‘qqiz-yigirma yoshlarda edi. Uning yuzi sepkilga to‘la, burni qush tumshug‘iga o‘xshardi. U yoqqichni qo‘lida tutgancha uni yondirishga shay turardi.-U menga hech qachon pand bermaydi,-yana bir marta qaytardi u faxr bilan.
— Bir daqiqaga, iltimos,-qariya qo‘lini uzatib kafti bilan ishora qilib uni to‘xtatdi.-Bir daqiqaga. Balki garov o‘ynarmiz?-U yigitga qarab iljaydi.-Rostdan ham yoqqich sizga pand bermasligi haqida.
— Bo‘pti,-dedi yigit.-O‘ynaymiz.
— Garov o‘ynashni yoqtirasizmi?
— Albatta.
Qariya jim qoldi va sigarasiga tikildi. U yigitning ustidan kulmoqchiga o‘xshardi va ayni paytda nazarimda qandaydir yomon bir fikrni mo‘ljallayotgandi.
U yigitga qarab dedi:
— Men ham garov o‘ynashni yoqtiraman. Albatta garov bog‘lashamiz.
— To‘xtang,-dedi yigit.-Yigirma besh tsent yoki bor ana, bir dollardan bahslashishim mumkin.
Qariya qo‘l siltadi.
— Menga qarang. Keling, vaqtichog‘lik qilaylik. Garov bog‘lashaylik. So‘ng mening xonamga boramiz. U yerda shamol yo‘q. Garov bog‘lashamanki, siz qatorasiga o‘n marta yoqqichni yondirasiz, lekin hech bo‘lmasa bir marta u yonmaydi.
— Garov bog‘lashaman.
— Yaxshi. Garov bog‘lashamizmi?
— Ha, bir dollar tikaman.
— Yo‘q. Men kattaroq narsa tikaman. Men boyman. Menga qarang. Mehmonxona orqasida mening mashinam turibdi. Amerikada chiqarilgan. «Kadillak»...
— E, yo‘q,-yigitcha e’tiroz bildirdi.-Unga loyiq tikadigan narsam yo‘q. Bu bema’nilik.
— Bema’nilik emas. Siz qatorasiga o‘n marta yondirasiz va «Kadillak» sizniki bo‘ladi. «Kadillak» minishni xohlaysizmi?
— Ha,-yigitcha jilmaydi.
— Yaxshi. Men «Kadillak»ni tikaman.
— Men-chi?
— Do‘stim, men odamlardan imkonsiz narsani so‘ramayman. Tushundingizmi?
— Xo‘p, men nimani tikaman?
— Men oddiy narsani so‘rayman. Maylimi?
— Mayli, so‘rang.
— Kichkinagina narsa, undan ajralsangiz ham achinmaydigan narsa.
— Masalan?
— Masalan, chap qo‘lingizning jimjiloq barmog‘ini.
— Nima?-Yigitning yuzidagi tabassum g‘oyib bo‘ldi.
— Nima bo‘pti? Yutsangiz-mashina sizniki. Yutqazsangiz-barmog‘ingizni olaman.
— Tushunmadim. Nima deganingiz bu?
— Barmog‘ingizni kesib olaman.
— Yo‘q! Undan ko‘ra bir dollar tikaman.
Qariya yelkasini qisdi.
— Xo‘sh, xo‘sh, xo‘sh,-dedi u.-Tushunmadim. Buni zo‘r ishlaydi deysiz-u, bahslasha olmaysiz. Shunaqami?
Yigitcha basseynda cho‘milayotganlarga nigohini burdi. So‘ng qo‘lida turgan sigaretni labiga qistirib, yoqqich g‘ildiragini bosdi. Kichkinagina alangani shamol o‘chirib qo‘ymasligi uchun yigitcha kaftini to‘sdi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Qariya yigitni antiqa taklifi bilan o‘ylantirib qo‘ygandi. Yigit xotirjam ko‘rinsa-da, ammo ichini nimadir kemirayotganligi aniq edi. Bir ozdan so‘ng yigit betoqatlanib, joyida jim o‘tirolmay qoldi.
— Keling, taklifingizga yana bir marta qaytamiz,-dedi u nihoyat.-Siz xonangizga kirishimizni va agar men yoqqichni qatorasiga o‘n marta yondira olsam, «Kadillak»ni yutib olishimni aytdingiz. Agar bir marta yonmay qolsa ham jimjilog‘imdan ayrilaman. Shundaymi?
— Shunaqa. Siz qo‘rqayotganga o‘xshayapsiz.
— Yutqazsam nima bo‘ladi? Qo‘limni uzatib tursam, barmog‘imni kesib olasizmi?
— Yo‘q! Unaqasi ketmaydi. Balki siz qo‘lingizni tortib olarsiz. Birinchi navbatda men sizning qo‘lingizni stolga bog‘lab, agar yoqqich yonmay qolsa, barmog‘ingizni kesib olish uchun pichoq bilan shay turaman.
— Mashinangiz nechanchi yilniki?-so‘radi yigit.
— O‘tgan yili zavoddan chiqqan. Yangi.
Yigit birpas jim turdi, qizga qaradi, so‘ng menga nigoh tashladi.
— Yaxshi,-dedi u birdan.-Roziman.
— Zo‘r!-Qariya kaftlarini bir-biriga ishqaladi.-A’lo! Hoziroq ishga kirishamiz. Siz esa ser,-u menga o‘girildi,-hakamlik qila olasizmi?
— Menimcha,-dedim men,-bu bema’ni garov. Bu menga yoqmayapti.
— Menga ham,-dedi qiz.
— Agar yigit yutqazsa, rostdan ham uning barmog‘ini kesib olasizmi?-so‘radim men.
— Albatta. Agar yutsa, «Kadillak»ni beraman. Boshlaymiz. Yuringlar xonamga,-u o‘rnidan turdi.
Yigit menga qaradi:
— Hakamlik qila olasizmi?
— Bo‘pti,-dedim men.-Lekin bahsinglar menga yoqmayapti.
— Sen ham yur,-dedi yigit qizga qarab.
Qariya bizni xonasi tomon boshladi. U yanada serg‘ayrat bo‘lib qolgandi.
— Balki avval mashinamni ko‘rarsizlar?-dedi u.-Mana bu tomonda turibdi.
Biz uning ortidan ergashdik va xiyobon chetida turgan yashil rangli «Kadillak»ni ko‘rdik.
— Xo‘sh, qalay?
— Zo‘r,-dedi yigit.
— Yaxshi. Uni yuta olarmikinsiz, hozir ko‘ramiz.
Biz mehmonxonaning ikkinchi qavatiga ko‘tarildik. U xonasi eshigini ochdi va biz ichkariga kirdik.
— Dastlab,-dedi u,-ozginadan martini ichamiz.
Burchakdagi stolcha ustida shisha va stakanlar turardi. U ichimlik quyishdan oldin qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi. Shu payt eshik taqillab, xonaga mehmonxona xodimasi kirib keldi.
Qariya cho‘ntagidan hamyonini olib uning ichidan pul chiqardi.
— Marhamat, mana buni oling.-U pulni xodimaga uzatdi.-Biz bir o‘yin o‘ynamoqchi edik. Menga bir necha dona mix, bolg‘a va pichoq olib keling. Keltira olasizmi?
— Albatta, ser.-Xizmatchi chiqib ketdi.
Qariya hammamizga martini uzatdi. Biz hammamiz ichimlikdan ho‘play boshladik. Aftidan, qariya garov va yigitning barmog‘i borasida jiddiy gapirgandi. Jin ursin, yigit rostdan ham yutqazib qo‘ysa-chi? U holda biz uni yuta olmagan «Kadillak»ida kasalxonaga olib boramizmi? Bu menga bema’nilikday tuyulardi.
— Bu ahmoqlikka o‘xshamayaptimi?-dedim men.
— Yo‘q, hammasi yaxshi,-javob qaytardi yigit.
— Menga esa ahmoqlikka o‘xshayapti,-dedi qiz.-Yutqazib qo‘ysang nima bo‘ladi?
— Menga baribir. O‘ylab qarasam, chap jimjilog‘imdan hech foydalanmagan ekanman. Mana,-u barmog‘ini ko‘rsatdi.-Mana, shuncha paytdan beri foydasi tegmagan. Nega garov o‘ynamas ekanman?
Qariya iljayib qo‘ydi.
— Birinchi navbatda,-dedi u,-hakamga kalitni beraman.-U cho‘ntagidan kalit chiqarib menga uzatdi.-Hujjatlar mashinada.
Shu payt xonaga mehmonxona xodimasi kirdi. Uning bir qo‘lida pichoq, ikkinchi qo‘lida bolg‘a va mixlar bor edi.
— Rahmat, rahmat! Ketishingiz mumkin.-Qariya xodima chiqib ketgach, asboblarni karavot ustiga qo‘ydi.-Tayyorlanamizmi? Mana bu stolni surishib yuboring.
Bu oddiy yozuv stoli edi. Qariya va yigit uni xona o‘rtasiga qo‘yishdi.
— Endi bizga stul kerak,-dedi qariya va stol oldiga stul keltirdi. U xuddi bolalarga tomosha ko‘rsatishga shaylanayotgandek ildam harakat qilardi.
— Endi mix. Mix qoqamiz.-U stol ustiga mix qoqa boshladi.
Biz qo‘limizdagi martinili stakanlarni ushlagancha qariyaning ishini kuzatardik. U ikkita mixni ma’lum bir oraliqda yonma-yon qilib qoqdi. Lekin ularni oxirigacha qoqmadi. So‘ngra ularning mustahkamligini tekshirib ko‘rdi.
«La’nati, oldin ham shunaqa ish qilgan, shekilli», dedim ichimda.
O‘ylanib ham o‘tirmayapti. Stol, mix, bolg‘a, pichoq. U nimani xohlayotganini va buni qanday bajarishni juda yaxshi biladi.
— Endi esa,-dedi u,-bizga birorta chilvir kerak.-U «birorta chilvir»ni ham topdi.-Yaxshi, biz tayyormiz. Marhamat, mana bu yerga o‘tiring,-dedi u yigitga.
Yigit stakanini qo‘yib, stulga o‘tirdi.
— Endi chap qo‘lingizni mana bu mixlar orasiga qo‘ying. Qo‘lingizni mana shu mixlarga bog‘layman.
U chilvirni avval yigitning bilagiga, so‘ng kaftiga bir necha marta o‘radi va chilvirni mixlarga mahkam bog‘ladi. U bu ishni a’lo darajada bajardi. Yigit qo‘lini tortib ololmasligiga hech kimda shubha yo‘q edi.
— Endi, marhamat qilib barmoqlaringizni musht qiling, jimjilog‘ingiz qolsin. O‘ng qo‘lingizda yondirasiz. Bir daqiqa.
U karavotga yugurdi va pichoqni oldi. So‘ng stol oldiga kelib turdi.
— Hamma tayyormi?-so‘radi u.-Janob hakam, siz e’lon qilasiz boshlashni.
Yigit xotirjam, o‘ng qo‘lida yoqqichni ushlagancha pichoqqa qarab o‘tirardi. Qariya menga qaradi.
— Tayyormisiz?-so‘radim yigitdan.
— Tayyorman.
— Siz-chi?
— Men ham,-dedi qariya va pichog‘ini yigitning barmog‘i tepasiga olib keldi.
Yigitcha unga qaradi, lekin bir tuki ham «qilt» etmadi.
— Yaxshi,-dedim men.-Boshlang.
— Necha marta yonganini siz sanab turasiz,-dedi yigit menga.
— Yaxshi.
Yigit bosh barmog‘i bilan yoqqichning qopqog‘ini ochdi va o‘sha barmog‘i bilan g‘ildirakchani bosdi.
Uchqun sachradi va olov yondi.
— Bir!-dedim men baland ovozda.
Yigit yoqqich qopqog‘ini yopdi va bir necha soniya turgach, yana qopqoqni ko‘tardi.
U g‘ildirakchani kuch bilan aylantirdi va yana olov yondi.
— Ikki!
Voqeani hamma jimgina kuzatardi. Yigit yoqqichdan ko‘z uzmasdi. Qariya ham qo‘lida pichoq bilan yoqqichga qarab turardi.
— Uch!.. To‘rt!.. Besh!.. Olti!.. Yetti!..
Bu aftidan, haqiqatan ham zo‘r ishlaydigan yoqqichlardan edi. Men bosh barmoqning qopqoqni tushirayotganini kuzatib turardim. So‘ng jimlik. Keyin esa barmoq yana qopqoqni ko‘tardi. Barcha ishni faqat bosh barmoq bajarardi. Men «sakkiz» deyish uchun nafas oldim. Bosh barmoq g‘ildirakchani aylantirdi. Uchqun sachrab, olov yondi.
— Sakkiz!-hayqirdim men va shu lahzada eshik ochildi.
Hammamiz o‘girildik va ostonada pastak bo‘yli, sochlari qora keksa ayol ko‘rindi. U joyida birpas turib qoldi, so‘ng qichqirgancha oldinga tashlandi:
— Karlos! Karlos!
Ayol qariyaning qo‘lidagi pichoqni tortib oldi. Qariyani esa turtib-turtib karavot oldiga olib keldi. Ayol boshqa tilda, chamasi, ispanchalab unga baqira ketdi. Qariya karavotda boshini likillatgancha jim o‘tirardi.
— Kechirasizlar,-dedi ayol.-Shunday bo‘lganidan afsusdaman.-U inglizchada juda silliq gapirardi.-Bu dahshat. Lekin hammasiga o‘zim aybdorman. O‘n daqiqa yolg‘iz qoldirsam, darrov shunaqa qiladi.-Aftidan, ayol bundan juda xijolatda edi.
Yigit bu paytda qo‘lini stoldan bo‘shatgandi. Qiz bilan men jim turardik.
— U judayam xavfli kishi,-dedi ayol.-Biz yashagan joyda u qirq yetti kishining barmog‘ini kesgan, o‘n bitta mashinani yutqazgan. Uni o‘ldirishlari mumkinligidan qo‘rqib bu yerga olib kelganman.
— Biz ozgina bahslashdik, xolos,-ming‘irladi qariya karavotda o‘tirgancha.
— U garovga mashinani tikdimi?-so‘radi ayol.
— Ha. «Kadillak».
— Uning mashinasi yo‘q. U meniki. Bu esa juda yomon,-dedi ayol.-U garov o‘ynaydi va hech narsani tika olmaydi. Men bundan judayam xijolatdaman.
— Biz ozgina bahslashdik, xolos,-yana ming‘irladi qariya.
— Uning garov bog‘lashadigan hech narsasi yo‘q,-dedi ayol.-Mutlaqo hech narsasi yo‘q. To‘g‘risini aytsam, uning bor-yo‘g‘ini bir paytlar men yutib olganman. Bunga vaqt ketgan, anchagina vaqt. Men qattiq mehnat qilganman va oxir-oqibat uning hamma narsasini yutib olganman.-U yigitga qarab mahzun jilmaydi.
So‘ngra stol oldiga keldi va kalitni olish uchun qo‘lini uzatdi.
Uning qo‘li hali-hanuz ko‘z oldimda turadi va hech qachon yodimdan chiqmasa kerak: bu qo‘lda bor-yo‘g‘i ikkitagina barmoq bo‘lib, ulardan biri bosh barmoq edi...
Roald Dal. Janublik kishi (hikoya)
Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.