Yozning oxiri, kechki soat besh, ufqda oppoq bulutlarni kesib o‘tgan chiziq ko‘zga tashlanadi. Uch motorli «Boing 727» reaktiv samolyoti 28 ming fut balandlikda parvoz qilmoqda. U Tennessi daryosi vodiysiga yaqinlashmoqda. Samolyot Kennedi nomidagi Nyu-York aeroportidan Yangi Orleanga yo‘l olgan.
Radist tor eshikdan bir amallab ichkariga kirdi, havo kemasi komandiriga do‘stona bosh irg‘adi, pult yoniga o‘tirib, qulog‘iga go‘shakni taqdi va turli tugmachalarni birin-ketin bosib chiqdi. Komandir bir necha soniya radistga tikilib turdi, uning yuzida hech qanday xavotirni sezmadi, so‘ngra yelkasi osha pastdagi manzaraga ko‘z tashladi. Suv yuzasida quyosh nurlari jilva qilardi. Komandir mikrofonga engashdi, yo‘lovchilar saloniga eshittirilayotgan musiqani o‘chirib, mikrofon tugmasini bosdi.
-Xonimlar va janoblar, kema komandiri gapiryapti. Pastda, o‘ng tomonimizda Uotts Bar ko‘li joylashgan. Chap tomondagi yo‘lovchilar to‘g‘on va Chikamauga ko‘lini ko‘rishlari mumkin. Oldingi o‘rindiqlarda o‘tirgan ko‘zi o‘tkir yo‘lovchilarimiz esa Smouki tog‘i manzarasidan bahramand bo‘lishlari mumkin...
U mikrofonni o‘chirdi, yana musiqa yangradi. Shu payt ichki so‘zlashuv uskunasining chirog‘i o‘chib-yona boshladi. Komandir tugmachani bosdi.
-Eshitaman?
-Komandir, men Klarissaman. Bizda noxush hodisa yuz berdi.
-Qanaqa noxush hodisa?
-Bir yo‘lovchi Milli bilan birga hojatxonaga qamalib oldi.-Styuardessaning ovozi tashvishli edi.-Bu shilqimlik emas, komandir. Bu samolyotni egallab olishga urinish.-Qiz xotirjam so‘zlashga harakat qilar, ammo ovozidagi hayajon bilinib turardi.
Radist hayron bo‘lgancha komandirga o‘girildi. Ikkinchi uchuvchi o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, ammo layner komandiri Littljon unga o‘tirishga ishora qildi.
-Qo‘riqchilarimiz qaerda?
-Bittasi yonimda...
-Yo‘lovchilar bilishdimi?
-Ular hech narsani sezishgani yo‘q. Hozircha.
-Juda yaxshi. Bilmay qo‘ya qolishsin. Go‘shakni qo‘riqchiga ber.
Qisqa jimlikdan so‘ng erkak kishining ovozi eshitildi:
-Salom, komandir. Menimcha, mana bunday bo‘lgan: yo‘lovchilardan biri hojatxona yonidagi xonaga kirib olgan va bunga hech kim e’tibor bermagan. So‘ngra styuardessaga to‘pponcha o‘qtalib, uni hojatxonaga kirishga majbur qilgan. Men styuardessa bilan tashqarida turib gaplashdim. Unga hech qanday ziyon yetmagan, ammo uning aytishicha, anavi kimsa to‘pponcha va pichoq bilan qurollangan, qo‘lida esa nitroglitserinli shisha bor ekan.-Qo‘riqchi yo‘talib qo‘ydi.-Nima qilishimni buyurasiz?
-Hech narsa,-javob qildi komandir tez va qat’iylik bilan.-Joyingizga qayting. Muzokarani Klarissa olib borsin. Men esa Yangi Orlean bilan bog‘lanaman va kerakli ko‘rsatmalarni olaman.
Radist Yangi Orleandagi dispetcherlik bo‘limi bilan bog‘lanishga kirishdi.
-Klarissa,-chaqirdi komandir ichki aloqa uskunasi orqali.
-Ha, komandir?
-Hojatxona eshigiga «hojatxona ta’mirda» degan yozuvni ilib qo‘ying. Milli tuzukmi?
-Ha, ser. Bir daqiqa... u nimadir deyapti... Komandir? Uning aytishicha, bosqinchi yo‘nalishni o‘zgartirishni va Jeksonvillga uchishimizni talab qilyapti ekan. Yoqilg‘i quyish uchun.
-U qaerga uchmoqchi ekan o‘zi? Yoqilg‘imiz Kubagacha uchishga yetadi. Milliga ayt, bu samolyot «747» emas.
-Xo‘p, ser. U boshqa hech nima demadi.
-Bosqinchining ismi nima ekan?
-U xartfordlik Charlz Vagner nomiga chipta olgan. 16-S o‘rindiqda joylashgan. Men unga taom keltirib bergandim...
-Ko‘rinishi qanaqa?
-Hammadaqa,-dedi Klarissa.-Yoshi o‘ttizlarda, sochi o‘sgan...
-U ko‘p miqdorda spirtli ichimlik ichganmidi?
-Yo‘q, faqat pivo. U mast emasligiga ishonchim komil. Men nima qilay?
-Hech narsa. Hojatxona eshigiga yozuvni ilib qo‘yishni unutma. Agar biror narsa...
-Yangi Orleandagi dispetcherlik bo‘limi. Ular aloqada,-radist komandirning gapini bo‘ldi.
-Falokat signali yo‘llang! Samolyotda bosqinchi bor,-dedi komandir mikrofonga.
-Shartlari?
-U styuardessamiz bilan hojatxonaga qamalib olgan. Qurollangan, qo‘lida nitroglitserinli shisha ham bo‘lishi mumkin.
-U qaerga uchmoqchi?
-Hozircha Jeksonvillga. Yoqilg‘i quyish uchun.
-Aloqada qoling,-dedi dispetcher.-Men rahbariyat bilan gaplashib ko‘raman.
Komandir bir nuqtaga tikilib qoldi. Oraga jimlik cho‘kdi. Birpasdan so‘ng qitirlagan tovush eshitildi. Endi boshqa odamning ovozi keldi.
-Komandir Littljon? Bu Yangi Orlean xavfsizlik xizmati. Yo‘nalishni o‘zgartirishga ruxsat berildi, Jeksonvillga uching.
Ikkinchi uchuvchi shu zahoti parvoz xaritasini o‘rganishga kirishdi. Keskin burilish hisobiga layner bir tomonga sal qiyshaydi. Komandir buning sababini yo‘lovchilarga izohlashga kirishdi.
-Xonimlar va janoblar!-dedi u mikrofonga.-Yo‘lovchilarimiz Tennessi daryosi vodiysi manzarasidan bahramand bo‘lishlari mumkin...
Samolyot janubi-sharq tomon burildi. Xavfsizlik xizmati xodimining ovozi eshitildi.
-Yaxshi o‘ylab topdingiz, komandir. Hozir Jeksonvill xavfsizlik xizmati bilan bog‘laning. Ular xabardor bo‘lishlari lozim. Biz ham sizlarni kuzatib turamiz.
-Rojer, aloqa tugadi.-Littljon ikkinchi uchuvchining yelkasi osha xaritaga qaradi.
Klarissaning ovozi eshitildi.
-Komandir?
Littljon xaritadan ko‘zini uzmadi.
-Ha?
-U pul talab qilyapti. Pulni biz qo‘nadigan joyga keltirishlarini talab qilyapti. Aks holda u Millini o‘ldirishini, keyin esa laynerni portlatib yuborishini aytyapti.
-Qancha pul so‘rayapti?
-Chorak,-dedi Klarissa,-chorak million dollar.
Komandirning yuz qiyofasi o‘zgarmadi. U mikrofonni qo‘liga oldi.
-Yangi Orlean xavfsizlik xizmatimi? Meni eshityapsizmi?
-Jeksonvill. Yaxshi eshityapmiz.
-Bosqinchi chorak million dollar talab qilyapti.
-Ha, eshitdik. Ismi?
-Konnektikut shtati, Xartford shahridan Charlz Vagner.
-Yana nimani talab qilyapti?
-Bir daqiqa.-Littljon mikrofonni chetga qo‘ydi, lekin o‘chirmadi.-Klarissa, yana nima kerak ekan?
-Ha, ser. Ko‘p narsa. Aftidan, u hammasini juda yaxshi o‘ylagan. Men yozib oldim. Hozir o‘qib beraman.-Kutilmaganda uning ovozi o‘zgardi.-Kechirasiz, ser, hojatxona ishlamayapti. Yo‘q-yo‘q, ikkinchi hojatxona ishlayapti.-Yo‘lovchilardan biri. Men yozuvni ilib qo‘ydim, lekin ayrimlar unga e’tibor berishmayapti...
-Bo‘pti, davom et.
-Xo‘p, ser. Mana ro‘yxat. Pullar qopga joylashtirilgan bo‘lishi kerak. Hammasi yuz dollarlik bo‘lishi shart. Har bir bog‘lam yigirma besh mingdan bo‘lishi kerak. U yana samolyot Jeksonvilldagi 725-yo‘lakka, aerovokzaldan iloji boricha uzoqroqqa qo‘nishini talab qilyapti…
-Hozir, bir daqiqa,-to‘xtatdi uni komandir. -Xavfsizlik xizmati, eshitdingizmi?
-Ha, davom eting.
-Gapiraver, Klarissa.
-Xo‘p, ser. U samolyotga hech kim yaqinlashmasligini so‘rayapti. Yo‘lovchilarni chiqarib yuborarkan. Shundan keyin hojatxonadan chiqarkan. Pul solingan qoplar samolyot eshigi yoniga keltirilishi kerak, ammo samolyotga hech kim chiqmaydi. Unga yana ikkita parashyut ham kerak ekan.
-Ikkita?
-U shunday dedi. Bitta sport, bitta armiya parashyuti.
Xavfsizlik xizmati vakilining kimgadir gapirgani eshitildi: «Tezda tekshirib ko‘ring, Charlz Vagner AQShdagi birorta parashyut assotsiatsiyasiga a’zo emasmikin. Zudlik bilan! Bo‘ling!».
-Xo‘sh, yana nima, komandir?
-Klarissa?
-Shu xolos. Hozircha. Qo‘nganimizdan keyin qolgan ko‘rsatmalarni berarkan.
–Tushunarli.-Littljon tashqi aloqa uskunasiga o‘tdi.-Xavfsizlik xizmati? Qo‘nish uchun 725-yo‘lakni tozalatib qo‘yishingizni so‘rayman.
-Rojer, aloqa tugadi.
-U talab qilgan pul nima bo‘ldi?
-Pul aytilgan vaqtda bo‘ladi. Parashyutlar ham.
-Yaxshi,-dedi komandir.
Mikrofon o‘chirildi. Uzoqda quyosh botayotgandi. Samolyot janubiy yo‘nalishdagi havo yo‘lagiga kirdi. Nihoyat pastda Jeksonvilldagi qo‘nish yo‘lagi ko‘zga tashlandi. Samolyot pastlay boshladi. Komandir boshqaruvni ikkinchi uchuvchiga berdi, o‘zi esa yo‘lovchilarni tinchlantirishni o‘z zimmasiga oldi. U ichki so‘zlashuv karnayi tugmasini bosdi.
-Xonimlar va janoblar, layner komandiri gapiryapti. Ob-havo sharoiti tufayli biz Florida shtatining Jeksonvill shahriga qo‘nishga majburmiz. Aviakompaniya vakillari aeroportda sizlarga nima uchun ushlanib qolganimizni tushuntirishadi va barcha zarur narsalar bilan ta’minlashadi. Yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘raymiz. Endi esa xavfsizlik tasmalarini taqib, o‘rindiqlarni tik holatga keltirishingizni va chekmasligingizni so‘rayman...
***
So‘nggi yo‘lovchi ham avtobus nima uchun aerovokzaldan bunchalik uzoqda turganiga hayron bo‘lgancha laynerni tark etdi. Samolyot yoniga mashina kelib to‘xtaganida yoqilg‘i quyish jarayoni nihoyasiga yetayotgandi. Mashinadan ikki kishi tushdi.
Ulardan biri kichkinagina parashyut va qop ko‘tarib olgandi. Ikkinchisi esa katta parashyut bilan edi. Ular zinadan ko‘tarilishdi, qo‘llaridagi narsalarni polga qo‘yishdi, lekin samolyot ichiga kirishmadi. Ular rangi oqarib ketgan Klarissaga bosh irg‘ashdi, hojatxona tomonga bir qarab qo‘yishdi va pastga tushib ketishdi. Ular FQB agentlari edi. Komandir Littljon agentlarning mashinaga o‘tirib ortiga qaytib ketishayotganini illyuminator orqali kuzatib turdi. So‘ng mikrofonni qo‘liga oldi.
-Klarissa?
-Ha, ser?
-Endi qayoqqa uchamiz?
-Bir daqiqa.-Uzoq jimlik cho‘kdi. -Komandir,-yana Klarissaning ovozi keldi.-U Mayamiga uchishimizni so‘rayapti. Eng past tezlikda va ikki ming fut balandlikda uchishingizni talab qilyapti. Yana, orqadagi yo‘lovchilar eshigini yopmasligimizni aytdi...
Shu payt suhbatni eshitib turgan xavfsizlik xodimining ovozi eshitildi.
-Komandir, sizning samolyotingizdan parashyutda sakrash mumkinmi?
-Mening samolyotimdan mumkin,-javob qaytardi Littljon.-Aftidan, u atayin aynan «727»ni tanlagan. «707» yoki «747»dan sakrashning iloji yo‘q. U yo samolyotlarni juda yaxshi biladi yoki bu ishga tayyorlanish uchun samolyotlarni maxsus o‘rganib chiqqan.
-Chorak million dollar uchun har qanday odam duch kelgan narsani o‘rganishga rozi bo‘ladi,-dedi xavfsizlik xizmati xodimi,-hattoki birinchi marta parashyutdan sakrashga ham. U birorta ham parashyut maktabida ro‘yxatdan o‘tmagan ekan, biz hammasini tekshirib chiqdik.
-Agarda uning ismi rostdan ham Vagner bo‘lsa.
-To‘g‘ri. Eshik ochiq turishi samolyotga xavf tug‘dirmaydimi?
-Ikki ming fut balandlikda xavfli emas. Nima qilaylik?
Narigi tarafda jimlik yuzaga keldi. So‘ng boshqa odamning ovozi eshitildi.
-Komandir? Harbiy havo kuchlari mayori Uilloubi gapiryapti. Siz qanday fikrdasiz?
-Menimcha, biz suvga yaqinroq uchishimiz kerak,-dedi Littljon,-u suvga sakramaydi. Sizlar esa bir nechta samolyot bilan bizni biror joyda kutib turasizlar.
Suhbatga jangovar tajribasi bor ikkinchi uchuvchi aralashdi.
-Agar u besh yuz fut balandlikdan sakrasa ham qorong‘uda uni ko‘rishmaydi.
-Hech bo‘lmasa urinib ko‘rishar.
-Kelishdik,-dedi mayor Uilloubi.-Men butun sohil bo‘ylab havo yo‘lagini sizlar uchun ochtirib qo‘yaman. Iloji bo‘lsa Deytongacha suv ustida bo‘lishga harakat qiling. O’key?
-Yaxshi.
-Komandir,-Klarissaning xavotirli ovozi eshitildi.-U asabiylashyapti.
-Unga hozir uchishimizni aytib qo‘y,-dedi Littljon va birinchi dvigatelni ishga tushirdi.
Avialayner burila boshladi, dvigatellar guvilladi, so‘ng shovqin bir tekisda avj oldi. Ulkan samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagida yurishni boshladi, tezlik oshirildi va yengillik bilan havoga ko‘tarildi. Shahar chiroqlari pastda qoldi. Littljon samolyotni sohil bo‘ylab boshqarardi. Xavfsizlik xizmati xodimining ovozi eshitildi.
-Anavi nima qilyapti?
-Xudo biladi,-javob qaytardi Littljon.-U ertami-kechmi baribir hojatxonadan chiqadi va suv ustida uchayotganimizni ko‘radi. O‘shanda ko‘ramiz...
-Aloqada qoling.
-Bundan tashvishlanmang.
-Komandir…
-Ha, Klarissa?
-U chiqmoqchi...
-Klarissa!-dedi komandir.-Mikrofon simi uzun, eng yaqin o‘rindiqqacha bemalol yetadi. Sen o‘zingni o‘sha sim bilan o‘rindiqqa bog‘lab ol. Milli ham hojatxonadan chiqishi bilan shunday qilsin. Bu tentak o‘zini pastga tashlayotgan paytda ochiq eshik oldida turishinglarni istamayman, tushundingmi?!
-Ha, ser. Bir daqiqa. O‘zimni bog‘lab oldim, komandir.-Klarissaning ovozi o‘zgardi.-Komandir, ular chiqishyapti...
-Milli tuzukmi?
-Rangi oqarib ketibdi! Milli, o‘tir. Mahkam bog‘lab ol. Komandir, u pastga, suvga qarayapti. Samolyotni sohilga burish kerakligini aytyapti, aks holda Milli ikkalamiz bilan xayrlashar ekansiz. Komandir…
-Buring,-buyurdi xavfsizlik xizmati xodimi.
-Hammasi joyida,-mayor Uilloubining ovozi keldi.-Sizlarni ko‘rdik.
Littljon shu zahoti samolyotni burdi.
-Komandir…
-Ha, Klarissa?
-U aytyaptiki…
-Men u bilan gaplashmoqchiman.
-Hozir. Komandir, u gaplashishni istamayapti. Okala tomon uchishni talab qilyapti, keyin Neypls shahriga burilar ekansiz. Mana shu tezlikda va shu balandlikda uchishni so‘rayapti. Bir ozdan keyin u samolyotdan tushib qolarkan.
Xavfsizlik xizmati xodimi oraga suqildi:
-Aytganini qiling, komandir. Tavakkal qilib bo‘lmaydi. Mayorning samolyotlari sizlarni ko‘rdi, biz esa politsiyaga xabar berdik, ular barcha yo‘llarni nazorat qilib turishadi.
-Floridaning markaziy qismida kimsasiz hududlar ko‘p, ammo o‘zingiz bilasiz...-buyruqqa bo‘ysundi Littljon.-U holda bizga havo yo‘lagi ochib, birorta mehmonxonadan joy buyurib qo‘yinglar.
-Tushunarli.
-Komandir,-dedi Klarissa yana.-U sakrayotgan paytda biz sizning xonangizga kirib turar ekanmiz.
-Bo‘pti,-dedi Littljon.
Nihoyat eshik ochilib, qizlar tor kabinaga kirib kelishdi. Millining yuzi oqarib ketgan, Klarissa uning yelkasidan tutib turardi. Littljon styuardessalarga savol nazari bilan qaradi.
-Hammasi joyida,-dedi Klarissa unga qarab.
Littljon pastga qaradi. Pastda, yerda Deyd-siti ko‘zga tashlanar, naryoqda esa janubi-g‘arbiy Floridaning kimsasiz kengliklari yastanib yotardi. Tez orada g‘arb tomonda chiroqlar ko‘zga tashlandi. Radist nigohini ko‘tardi.
-Neyplsga yaqinlashyapmiz,-dedi u.
Hamma pastga qaradi. Littljon ikkinchi uchuvchiga o‘girildi.
-Mayk, eshikni yopib kel. Ehtiyot bo‘l.
-Xo‘p,-dedi uchuvchi va styuardessalar yonidan o‘tib salonga chiqdi. U orqa eshikni yopib qaytib keldi.
-Hammasi joyida.
-Uni ko‘zdan yo‘qotdik,-mayor Uilloubining ovozi eshitildi.
-Xavotirlanmang, uni topamiz,-dedi xavfsizlik xizmati xodimi.-Shtatning barcha politsiya bo‘linmalari oyoqqa turgan. Komandir, Mayamiga uchishingiz mumkin. Xayrli tun.
-Rahmat,-dedi Littljon va radioaloqa qurilmasini o‘chirdi.-Xo‘sh, bugun og‘ir kun bo‘ldi. Endi dam olamiz.
***
Komandir Littljon parvoz xaritalarini chetga surdi va qop chiqardi.
-Har birimizga ellik mingdan,-dedi u xotirjamlik bilan.-Bir necha soatlik ish, reja va aniq hisob-kitob uchun yomonmas. Ayniqsa, bu pullardan soliq ham olinmasligini hisobga olsak.
-Men ko‘proq olishim kerak,-dedi Milli norozi ohangda.-Besh soat, roppa-rosa besh soat tor hojatxonada o‘lik bilan o‘tirdim!
-Men-chi?!-e’tiroz bildirdi Klarissa.-Menga nima deysan? Uni tor eshikdan men tashlab yubordim. O‘zimni bog‘lab olgan bo‘lsam-da, o‘zimni xuddi uning ortidan pastga uchib ketadiganday sezdim.
-Bu baxtiqaroni men o‘ldirdim,-gapga aralashdi radist.
Ikkinchi uchuvchi hamkasblarining bahslariga e’tibor bermadi. U o‘ziga tegishli pulni diplomatga bir tekisda taxlayotgandi.
-Charlz Vagner…-dedi u.-Hojatxonada ajal kutib turganini bilmadi. Qiziq, u qaerda ishlardi ekan?
Robert Fish. Bosqin (hikoya)
Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.