OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Robert Shekli. Yettinchi qurbon (hikoya)

Stenton Freleyn stol ortida o‘tirganicha ishchan qiyofa kasb etishga urinardi. U kecha oqshomda boshlagan reklama matnini hali ham tugata olmayotgandi. Nihoyat u xatlar kelmagunicha biror ish qila olmasligini tushundi. 
U ikki haftadan buyon xat kutardi.
«Morger va Freleyn, ustki kiyimlar» deb yozilgan uning xonasi eshigi ochildi va bir necha yil ilgari otishmada omadi kelmagan E.J.Morger oqsoqlangancha ichkariga kirib keldi. 
-Salom Sten,-dedi Morger.-Reklama nima bo‘ldi?
Freleyn bundan o‘n olti yil ilgari, yigirma yetti yoshida Morger bilan hamkorlikni boshlagandi. «Himoya kiyimlari»dan boshlangan ish aylanma mablag‘i million dollarni tashkil etuvchi kontsernga aylangandi.
-Qoralamasi tayyor,-Freleyn Morgerga bir parcha qog‘ozni uzatdi. «Pochta qachon kelarkin», o‘yladi u.
-«Siz «Morger va Freleyn» firmasining «Himoya kostyumi»ni hali ham sotib olmadingizmi?-ovoz chiqarib o‘qidi Morger qog‘ozga ko‘z yugurtirarkan.-Bekor qilasiz. Bu erkaklarga eng kerakli kostyum!».
Morger yo‘taldi va Freleynga qaradi. Keyin iljayganicha o‘qishda davom etdi:-«Haqiqiy libos-nafaqat eng xavfsiz, ko‘rkam ham. Har bir kostyumga qurol solish uchun maxsus cho‘ntaklar qo‘yiladi. Yoningizda qurol borligini hech kim bilmaydi. Cho‘ntaklar buyurtmangiz bo‘yicha qo‘yiladi». Yomonmas,-dedi Morger.
Freleyn bosh irg‘adi. 
-«To‘pponchaga moslangan cho‘ntak zamonaviy mudofaa sohasidagi ulkan kashfiyotdir. Yashirin tugmachani bosishingiz bilan otishga tayyor qurol qo‘lingizda bo‘ladi. «Himoya kostyumi»ni «Morger va Freleyn» firmasining do‘konlaridan sotib olishingiz mumkin. Hayotingiz qadrli bo‘lsa, «Himoya kostyumi»ni sotib oling!». Ajoyib,-maqtadi Morger.-Reklama zo‘r chiqibdi.-U sochlarini silab qo‘ydi. 
Freleyn o‘rnidan turdi va ustidagi kostyumini to‘g‘riladi.
-Asabiylashmang,-dedi Morger.-Ko‘rasiz, bugun xat albatta keladi. 
Freleyn unga minnatdorlik bilan boqdi. 
-Men xuddi ilk marta qotillik qilgani chiqayotgandek bo‘lyapman,-dedi u.
-Tushunaman,-bosh silkidi Morger.-Men ham O‘yinda ishtirok etgan paytlarimda navbatdagi ov haqidagi xabarni kutib oylab uxlamasdim. 
Oraga jimlik cho‘kdi. Shu payt eshik ochilib, ichkariga xizmatchi kirdi va stol ustiga bir dasta xatjildni qo‘ydi.
Freleyn xatlar orasidan o‘ziga keraklisini topdi-bu hukumat muhri bosilgan RTVdan kelgan maktub edi.
-Mana!-engil tortdi Freleyn va yuziga tabassum yugurdi.-Nihoyat!
-Xursandman,-dedi Morger.-Ovingiz baroridan kelsin.
-Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!-Freleynning ovozida qat’iy ishonch bor edi. 
-Qani mening yigirma yoshligim!-dedi Morger.-Sizni ko‘rib yana qo‘limga qurol olgim kelyapti.
Morger oqsuyaklar sinfiga kirardi-uning muvaffaqiyatli o‘nta ovi Morger uchun O‘nlar Klubi eshiklarini ochgandi. Har bir ovdan so‘ng u Qurbon sifatida ovda ishtirok etgani hisobga olinsa, uning hisobida yigirmata qotillik bor edi.
-Bu nechanchi Qurboningiz bo‘ladi?-so‘radi u Freleyndan.
-Yettinchi.
-Yetti-baxtli raqam. Yana bir marta omad tilayman. Tez orada sizni Klub a’zolari orasida ko‘rishga umid qilaman.
Freleyn tashqariga yo‘l oldi.
-Yodda tuting: ehtiyotkorlik va yana bir marta ehtiyotkorlik,-qichqirdi uning ortidan Morger.-Birgina xato qilsangiz tamom... 
-Harakat qilaman,-dedi Freleyn.
 U uyiga avtobusda emas, piyoda ketishga qaror qildi. Sal o‘zini bosib olishi kerak. Xuddi birinchi marta qotillikka chiqayotgan boladek tutmasligi kerak o‘zini.
Freleyn ko‘chada hech qachon atrofga qaramasdi, bu o‘zini o‘qqa tutib berish degani edi. Yon-atrofda biror kishi Qurbon bo‘lishi mumkin edi. 
J.F.Donovanning qidiruv byurosi reklamasini u uzoqdan ko‘rdi.
«Qurbonlar! Tavakkalga ne hojat! Biz sizning qotilingiz kimligini aniqlaymiz. Pulini qotil bilan hisob-kitobdan so‘ng to‘laysiz. Eng yaxshi izquvarlar faqat bizda» deb yozilgandi reklamada.
Reklama Freleynga Ed Morrouga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini eslatdi.
U qadamini tezlatdi. Freleyn tezroq uyga borib xatjildni ochgisi va bu safar kimni tinchitishi kerakligini bilgisi kelardi. Qiziq, uning Qurboni aqllimikin yoki ahmoqmi? To‘rtinchi Qurbondek boymikin yoki birinchi va ikkinchisi singari kambag‘almikin? Izquvarlar xizmatidan foydalanarmikin yoki yolg‘iz o‘zi harakat qilarmikin? 
Uning yuragi bo‘lajak ov lazzatidan gupillab urardi. Uzoqdan Freleynning qulog‘iga to‘rt marta o‘q ovozi eshitildi.
«Bu ovda kimningdir omadi keldi», o‘yladi Freleyn. 
U uyga kelgach, birinchi navbatda izquvari Ed Morrouning telefon raqamini terdi. 
-Allo, Ed? Bu Freleyn.
-Sizni eshitib turganimdan xursandman, janob Freleyn. 
-Ovga chiqyapman.
-Tushunarli. Demak, men sizga kerak bo‘laman? 
-Ha. Men uzog‘i bilan ikki haftada ishimni tugataman. Shuning uchun qotillikdan keyin mening Qurbon sifatidagi maqomim haqida ma’lumot to‘plang. 
-Xo‘p. Omadingizni bersin, janob Freleyn.
-Rahmat,-u go‘shakni qo‘ydi. Izquvar xizmatidan foydalanish ehtiyotkorlikning asosiy sharti. Tez orada Freleyn Qurbon sifatida faoliyat yuritadi va bunda muvaffaqiyat qozonishi Ed Morrouga bog‘liq. 
Freleyn xatjildni ochdi. U Qurbonning ismini ko‘rib qotib qoldi.
Janet-Mari Pattsig.
Freleyn o‘rnidan turdi. Keyin xatni yana bir marta o‘qidi. Janet-Mari Pattsig. Ayol kishi. Xatjild ichida uchta fotosurat, manzil va kerakli ma’lumotlar yozilgan qog‘oz bor edi. 
Freleyn qovog‘ini uydi. U shu paytgacha faqat erkaklarni otgandi. 
U RTV raqamini terdi.
-Ruhiy tozalash vazirligi, axborot bo‘limi,-degan ovoz eshitildi.
-Menga kelgan xatda Qurbonim ayol kishi ekanligi aytilgan. Buni qanday tushunish kerak?-U ayolning ismini aytdi. 
-Hammasi joyida. Ayol o‘z ixtiyori bilan ro‘yxatdan o‘tgan. 
-Ayting-chi, uning hisobida nechta qotillik bor? 
-Afsuski, aytolmayman. 
-Tushunarli,-dedi Freleyn.-Men boshqa Qurbon tanlasam bo‘ladimi? 
-Albatta. Lekin buning uchun avval Qurbon sifatida ishtirok etishingiz kerak bo‘ladi. Rozimisiz? 
-Yo‘q,-dedi Freleyn.-Men shunchaki qiziqib so‘ragandim. 
 U go‘shakni qo‘ydi. 
-Ayol kishiga nima bor,-ming‘irladi u. 
Ruhiy tozalash vazirligi oltinchi jahon urushidan so‘ng erkaklar uchun maxsus tashkil etilgandi. Ko‘plab mamlakatlar o‘ta kuchli ommaviy qirg‘in qurollariga ega bo‘lib, bittagina urush butun insoniyatni yo‘q qilib yuborishi mumkin edi.
Insoniyatga tinchlik zarur edi. Tarixchilar nima uchun insoniyat urush qilaverishi sababini topishdi: erkaklar jang qilishni yoqtirar ekan. 
Shundan so‘ng mutaxassislar tinchlik o‘rnatish uchun erkaklarga kichkinagina imkoniyat berish kerakligini e’tirof etishdi. Shu tarzda Ruhiy tozalash vazirligi vujudga keldi.
Bu vazirlik erkaklarning urushga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun tashkil etilgandi. Kim qotillik qilmoqchi bo‘lsa, vazirlikda ro‘yxatdan o‘tardi. Shundan so‘ng vazirlik uni Qurbon bilan ta’minlardi. Agar Ovchi g‘olib bo‘lsa, qonunga binoan bir necha oydan so‘ng Qurbon maqomini olardi. Agar yana g‘olib chiqsa, yana bir marta Ovchilik qilishi mumkin edi. Shu tarzda u halok bo‘lgunicha faoliyat olib borardi.
Ovchiga Qurbonning ismi, manzili, ko‘rinishi tasvirlangan xat va ikki hafta muhlat berilardi. Qotillik faqat maxsus to‘pponchada amalga oshirilishi lozim edi. Boshqa quroldan foydalanish taqiqlangandi.
Qurbon Ovchidan bir hafta oldin maktub olardi. Unga faqat Qurbon ekanligi ma’lum qilinardi, xolos. Qurbon har qanday quroldan foydalanishi hamda izquvar yollab Ovchining kimligini aniqlashi mumkin edi. 
Ov paytida boshqalarning o‘lishi yoki jarohatlanishiga yo‘l qo‘yganlar jiddiy jazolanardi. 
Shu tarzda mamlakatlararo yirik urushlar barham topib, ikki kishi orasidagi mayda urushlarga yo‘l qo‘yib berildi. 
Freleynning Ovdan hafsalasi sovigandi. Chunki Qurbon ayol kishi edi. Lekin uning o‘zi ko‘ngilli bo‘lib ro‘yxatdan o‘tibdimi, endi ortga yo‘l yo‘q. Freleyn olti marta muvaffaqiyat qozongan, bu safar yutqazishi mumkin emas.
Janet Pattsigning Nyu-Yorkda istiqomat qilishi Freleynni xotirjam qildi, u anchadan buyon bu shaharga borishni orzu qilardi. Pattsigning yoshi aytilmagan, ammo suratga qaraganda u endigina yigirmadan o‘tgan qiz edi.
Freleyn telefonda samolyot uchun chiptaga buyurtma berdi. So‘ng Ov uchun tayyorlangan «Himoya kostyumi»ni kiydi. To‘pponchasini tozalab, cho‘ntagiga soldi.
Freleyn eshikni qulflab, taksiga o‘tirdi.
Nyu-Yorkda u shahar markazida, Pattsig yashaydigan hududdan uncha uzoqda bo‘lmagan mehmonxonaga joylashdi. Freleyn shaharni tomosha qilish maqsadida sayrga chiqdi. Do‘konlarni aylandi. «Ov va Ovchi» do‘koni uni hayratga soldi. Bu yerda Qurbonlar uchun yengil, o‘q o‘tkazmaydigan kiyimlar namoyish qilingandi. Devorning bir tarafini o‘ttiz sakkizinchi kalibrli to‘pponchalar egallagandi. Shuningdek, to‘rtta o‘q otadigan hassalar ham sotuvga qo‘yilgandi. Ilgarilari Freleyn har bir yangi chiqqan narsani sinab ko‘rardi, keyinchalik esa faqat sinovdan o‘tgan qurolga ishonish kerak ekanligini angladi.
U restoranda ovqatlanib, uxlashga yotdi. Ertaga kun og‘ir bo‘ladi.
Ertalab Freleyn Qurbonining uyi tomonga yo‘l oldi. Qurbonining qiyofasini u juda yaxshi eslab qolgandi.
Leksington-avenyuda bir nechta barlarga mo‘ralab o‘tgan Freleyn tor ko‘chalardan biriga burildi va ochiq havoda joylashgan qahvaxona oldidan chiqdi.
Bu o‘sha! Adashishi mumkin emasdi. Stollardan birida qadahga termulganicha Janet-Mari Pattsig o‘tirardi. 
Freleyn burchakka qaytdi va to‘xtadi. Uning qo‘llari qaltirardi.
Bu qiz nega bu yerda o‘tiribdi?
U taksiga o‘tirdi va kvartalni aylanib o‘tishni buyurdi. Pattsig haliyam o‘sha joyda o‘tirardi. Freleyn unga diqqat bilan razm soldi. U suratdagidan ham ko‘ra ancha yosh edi. Freleyn uning yuzida qayg‘u ifodasini ko‘rdi.
«Bor endi, otib tashla uni!..».
Freleyn taksiga pul to‘lagach, mashinadan tushdi va yaqin-atrofdagi telefon-avtomat yoniga borib RTVga qo‘ng‘iroq qildi.
-Allo, Janet-Mari Pattsig ismli Qurbon xabarnoma olganmi?
-Bir daqiqa.-Freleyn javobni sabrsizlik bilan kutardi.-Ha, janob. U xabarnoma olgan. Biror narsa bo‘ldimi?
-Hammasi joyida,-dedi Freleyn.-Shunchaki bilmoqchi edim.
«Agar u o‘zini himoya qilishni istamasa, bu uning shaxsiy ishi. Hozir uni o‘ldirish kerak».
Ammo Freleyn Ovni ertangi kunga qoldirdi. Tushlik qilgach, mehmonxonaga qaytdi va o‘zini divanga tashladi.
«Nega cho‘zyapman,-o‘yladi u,-bitta o‘q bilan tinchitish mumkin edi. Ertaga o‘zidan ko‘rsin». U xayol surib yotib uxlab qoldi.
Ertasiga u yana qahvaxona yonidan o‘tdi. Qiz xuddi o‘sha stolda o‘tirardi. Freleyn taksi to‘xtatdi.
-Kvartalni sekin aylanamiz,-dedi u.
-Bo‘pti,-dedi haydovchi.
Atrofga diqqat bilan ko‘z yugurtirgan Freleyn bu yerda izquvarlar yo‘q ekanligiga ishonch hosil qildi. U qurol cho‘ntagidagi tugmachani bosdi, to‘pponcha qo‘liga sirg‘alib chiqdi. 
-Yanayam sekinroq,-dedi u.
Taksi qahvaxona ro‘parasiga keldi. Freleyn qizni mo‘ljalga oldi...
-Jin ursin!-dedi u.
Stol oldida qizni to‘sgancha ofitsiant paydo bo‘ldi. Freleyn tavakkal qilmaslikka qaror qildi.
-Yana aylanamiz,-dedi u haydovchiga.
Bu safar ofitsiant xalal bermadi. Qiz sigaret chekkancha ma’yus holda yondirgichga qarab o‘tirardi. Freleyn Qurbonini mo‘ljalga oldi va nafasini ichiga yutdi. So‘ng boshini chayqadi va to‘pponchani cho‘ntagiga soldi.
U yo‘l kira haqini to‘lab, taksidan tushdi. «Juda oddiy», dedi u o‘ziga o‘zi. U haqiqiy Ovga o‘rgangan. Oldingi qotilliklarda u ancha ter to‘kkandi. Qurbonlar qutulib qolish uchun bor mahoratlarini ishga solishgandi. Ulardan biri o‘nlab izquvarlarni ham yollagandi. Ammo Freleyn ularni baribir tinchitgandi. Bir marta u sut sotuvchi, yana bir marta esa soliq idorasi xodimi sifatida kelib, Qurbonlarini otib ketgandi. 
Bu yerda-chi? Bunday qotillik bilan faxrlanib bo‘ladimi? Klubdagilar kulishadi-ku. 
Bu fikr Freleynni dahshatga soldi. Klub uning eng buyuk orzusi edi. Hozir qizni tirik qoldirsa ham baribir Qurbon sifatida faoliyat yuritishi va keyin to‘rt kishini otishi kerak bo‘ladi. U holda Klubga kirishi qiyinlashadi. 
-Mumkinmi?-dedi u.
Janet Pattsig unga ma’yus nigohini qadadi.
-Menga qarang,-gap boshladi Freleyn qizning yoniga o‘tirarkan.-Agar joningizga tegsam, aytishingiz bilan bu yerdan ketaman. Men Nyu-Yorkka ish bilan kelgandim. Biror qiz bilan gaplashib o‘tirgim keldi. Agar qarshi bo‘lmasangiz...
-Menga baribir,-dedi Janet Pattsig.
-Brendi,-dedi Freleyn yaqinlashgan ofitsiantga.
Freleyn Pattsigga qarab yuragi gupillab urib ketdi. O‘z Qurboning bilan birga ichib o‘tirsang-a!
-Mening ismim Stenton Freleyn,-dedi u. 
-Janet.
-Janet, u yog‘i-chi... 
-Janet Pattsig.
-Xursandman. Janet, bugun kechqurun nima qilasiz? 
-Bugun kechqurun meni o‘ldirishsa kerak,-hafsalasizlik bilan javob berdi qiz. 
Freleyn unga diqqat bilan qaradi. Qiz uning kimligini bilarmikin? 
-Siz Qurbonmisiz?-so‘radi u yasama hayronlik bilan.
-Ha,-achchiq jilmaydi qiz.-Shuning uchun yaxshisi yonimdan ketganingiz ma’qul. 
Freleyn uning nima uchun bunchalik xotirjam ekanligini tushunolmasdi. «Yashashdan to‘yganmikin?».
-Izquvaringiz bordir?-Bu safar u rostdan hayratlandi. 
-Yo‘q.
Qiz unga tik boqdi. Freleyn uning judayam go‘zal ekanligini endi sezdi. 
-Men ahmoqman,-dedi qiz.-RTVga Ov uchun ariza bergandim. Ammo... odam o‘ldirolmadim. 
Freleyn hamdardlik bilan bosh silkidi. 
-Lekin men o‘yinda baribir ishtirok etyapman. Endi Qurbonga aylandim. 
-Nega izquvar yollamadingiz?-so‘radi Freleyn. 
-Qo‘limdan odam o‘ldirish kelmaydi,-elka qisdi qiz.-To‘pponcham ham yo‘q. 
-Mard ekansiz,-dedi Freleyn.-Ochiq joyda o‘tiribsiz. 
-Nima ham qila olardim? Ovchidan qochib qutulib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, qochib ketgani pulim ham yo‘q. Yengiltakligim uchun jazolanishim shart. 
Ular ancha gaplashib o‘tirishdi. So‘ng birga ovqatlanishdi. Freleyn taksi to‘xtatib qizni uyiga kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. 
Qiz mashinaga o‘tirdi. Freleyn ikkilanib qoldi. U hozir, shu yerning o‘zida uni otib tashlashi mumkin edi. Bunday qulay fursat bo‘lishi qiyin.
Lekin u o‘zini tutdi. «Yana ozgina kutamiz», dedi u o‘ziga o‘zi.
Ular taksida ketisharkan, Freleyn shu paytgacha birorta ham qiz uni Pattsigchalik o‘ziga rom etmaganini angladi. U sevib qolgan qiz esa uning Qurboni.
U bu yog‘iga nima qilishni bilmasdi. Janet uni uyiga taklif qildi. Qiz divanga o‘tirdi va yondirgichida sigaret tutatdi.
-Qachon ketasiz?-so‘radi u.
-Aniq bilmayman,-javob qaytardi Freleyn.-Menimcha, indinga. 
Qiz xo‘rsindi.
-Sizni sog‘inaman. 
Oraga sukunat cho‘kdi. So‘ngra Janet o‘rnidan turib, kokteyl tayyorlashga kirishdi. U xonadan chiqayotganida Freleyn uning ortidan tikildi. «Vaqt bo‘ldi», o‘yladi u. 
Lekin u qizni ota olmasdi. «Sevgan insoningni qanday qilib otish mumkin?».
U bu fikrdan hayajonga tushdi. U bu qizni o‘ldirish uchun kelgandi, uylanish uchun emas.
Qiz qo‘lida patnis bilan qaytib kirdi va uning qarshisiga o‘tirdi. 
-Janet,-dedi Freleyn.-Men seni sevaman. 
Qiz boshini ko‘tardi. Uning ko‘zida yosh ko‘rindi.
-Kerakmas,-dedi u hiqillab.-Men axir Qurbonman. Meni o‘ldirishadi...
-Seni hech kim o‘ldirmaydi. Seni o‘ldiradigan Ovchi menman. 
Qiz unga diqqat bilan tikildi, so‘ng jilmaydi:
-Siz meni o‘ldirasizmi? 
-Bas qil,-dedi Freleyn.-Men senga uylanmoqchiman. 
Janet o‘zini uning bag‘riga  tashladi. 
-E Xudoyim!-dedi u.-Men judayam ezilib ketgandim. 
-Hammasi ortda qoldi,-pichirladi Freleyn.-Tasavvur qil, bolalarimizga qanday tanishganimizni aytib beramiz.
Janet uni o‘pib qo‘ydi, so‘ng sigaret tutatdi.
-Tur, ketdik,-dedi Freleyn.-Birinchi navbatda...
-To‘xtang,-dedi qiz.-Men sizni sevamanmi, shuni so‘ramadingiz-ku. 
-Nima?
Qiz iljayganicha unga yondirgichni qaratdi. Yondirgich ostida aynan o‘ttiz sakkizinchi kalibrli o‘q uchun mo‘ljallangan qora teshikcha ko‘rinib turardi. 
-Bu qanaqa hazil?-qichqirdi u o‘rnidan sakrab turarkan. 
-Bu hazil emas, azizim,-dedi qiz.
Freleyn unga yaxshilab razm soldi. Uning oldida yosh qiz emas, yoshi o‘ttizdan oshgan ayol turardi. Qanday qilib buni sezmay qoldi? 
-Men seni sevmayman, Stenton,-dedi Pattsig.
Freleyn doimo oxirigacha kurashardi. U hamma narsani oldindan bilgan bu ayolning mahoratiga tan berdi. 
U tugmachani bosdi va to‘pponcha qo‘liga sirg‘alib tushdi. 
Shu payt dahshatli zarba uni uchirib yubordi. Qo‘lidagi to‘pponchasi taraqlab yerga tushdi. U hushini yo‘qotarkan, ayol ikkinchi o‘qni uzishga tayyorlanayotganini ko‘rdi.
-Va nihoyat, men Klubga qabul qilinadigan bo‘ldim,-dedi Janet va tepkini bosdi.

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.