Samad Behrangiy (1939-1968) zamonaviy Eron adabiyotining yorqin siymolaridan biridir. U 1939 yilning 23 iyunida Eronning Tabriz shahrida ozarbayjon oilasida dunyoga kelgan. Samad o‘rta maktabni tamomlagandan so‘ng 1955 yilda muallimlar tayyorlash bilim yurtiga o‘qishga kirgan. Talabalik paytida hamfikr do‘stlari bilan birga “Gulush” nomli satirik jurnal chiqara boshlagan. 1957 yildan umrining oxirigacha Eronning ozariy qishloqlarida muallimlik qilgan. Shu bilan birga ozariy qishloqlarini kezib xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plagan.
1963 yilda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan iborat “Pora pora” (she’r va tez aytishlar) kitobi nashr qilingan. Taniqli fors shoirlari Ahmad Shomlu, Furo‘g‘ Farruxzod she’rlarini, shuningdek, bir necha turk yozuvchilarining asarlarini ozarbayjon tiliga o‘girgan. Uning “Eron ta’lim tizimi muammolari” va “Ozarbayjon maktablari uchun ozariy alifbo” nomli kitoblari katta bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan. 1967-1968 yillar adib ijodining eng sermahsul davri bo‘lgan.
Italiyaning nomdor “Bulumi Oltin Mukofoti”ga sazovor bo‘lgan “Qora baliqcha” asari ham 1968 yilda bosilgan va o‘sha yilning o‘zida dunyoning juda ko‘plab tillariga tarjima qilingan.
Samad Behrangiy 1968 yilning sentyabrida fojiali bir tarzda hayotdan ko‘z yumgan. Adibning Aras daryosiga cho‘kib o‘lgani haqidagi xabar Eron xalqi bilan birga uning asarlarini o‘qigan barcha kitobxonlarni qayg‘uga g‘arq qildi.
Samad Behrangiy hikoya va ertaklari bolalar bilan birga kattalarni ham befarq qoldirmaydigan asarlardir.