Dadamiz, «eski bo‘lsa ham mashina sotib olamiz», degan qarorga keldi. Xuddi ana shu kundan boshlab uyimizda pulni tejash degan mash-masha boshlandi.
Hammamiz dadamning mashina sotib olishiga rozi edik. Biroq, pulni tejash «tadbiri» ko‘p o‘tmay jonimizga tegdi. Kiyimlarimizni qayta-qayta yuvib kiya boshladik. Poyafzallarimizga ham bir-ikkitadan yamoq tushdi. Odatdagi ovqat ham kamaydi. Go‘sht xarid qilishni, umuman unutdik. Go‘shti shilingan suyak, arzon ichak-chavoq yeyishga o‘tdik. Bu ham kamlik qilgandek, dadam har kuni bizdan hisob so‘raydigan odat chiqardi.
Bugun oyimga xarajatga deb ozroq pul tashlab ketgan ekan, shuning hisobotini so‘radi.
— Ozgina pul nimagayam yetardi? — dedi oyim jahl bilan. — Bir tiyin ham qolgani yo‘q, zog‘ora, makaron, choy, tuz, gugurt oldim...
Hisobot navbati menga keldi.
— Tushlikka uyga keldingmi?
— Yo‘q, kela olmadim.
— Qayerda bo‘lding?
— Ishxonamiz yaqinida oshxona bor. O‘sha yerda ovqatlandim!
— Nima deding?! — o‘shqirdi dadam stolni urib. — Nega gapimga quloq tutmaysan?! Maoshingni tushlikka sarflasang, oyning oxirida uyga nima olib kelasan? Senga pulni teja deb har kuni aytaman-ku!
Men chidab turolmadim.
— Nima endi, tushlikda ovqatlanmaymi?
— Ovqatlanma demayman! Biroq, tejab ovqatlan. Bir ilojini top! Tushlikda o‘rtoqlaringni uyiga borsang ham bo‘ladi. Bir choynak choy, bitta non bilan hech kim o‘lib qolmaydi.
Dadamga oyim e’tiroz bildirdi:
— Qo‘ysangizchi, kap-katta o‘g‘limiz endi pulni tejayman deb har kuni birovlarning uyida devonadek tentirab yuradimi?
— Tentiramasa, bundan keyin oshxonaga yo‘lamasin, — dedi dadam yana bir nasihatni boshlab. — Idorasining ichida arzon oshxona bo‘lsa kerak, o‘sha joyda tushlik qilsa bo‘ladi-ku. Men uch oydan beri bulochka yeb yuribman.
— Voy, sho‘rim! — Oyim taajjubdan yoqasini ushladi. — Bir burda non bilan qanday chidab yuribsiz? O‘ylovdim-a, nega buncha shashtingiz pasayib ketdi deb. Bulochkaga qorin to‘yadimi?
— Nega to‘ymas ekan, to‘yadi. Kichkinagina, dumaloq choynagim bor. O‘shanga tuyamo‘yinning suvini quyaman-da, ichiga tok bilan ishlaydigan qaynatkichni solaman. O‘n-o‘n besh daqiqada varaqlab qaynaydi. Bir quti arzon ko‘k choy olib qo‘yganman, bir yarim oyga yetadi. O‘shandan bir chimdim solaman-da, ustiga ro‘molchamni bostirib qo‘yaman. Choy yaxshilab dam olgunga qadar pastdagi bufetga tushib, undan bitta bulochka sotib olaman. O‘sha bilan yaxshilab choy ichaman.
Oyim uni qaytarib tashladi:
—Shu ham ovqatlanish bo‘ldimi? He, tejamkorligingizdan ham o‘rgildim!
— To‘g‘ri, bulochka ovqat bo‘lmaydi, albatta, — dedi dadam, «hali davomini eshit» degandek. — Choydan keyin qorin to‘ydirishning ikkinchi «usuli» bor.
— Astag‘firullo! Yana qanaqa usul?
— Choyni ichib bo‘lganimdan keyin xonamning eshigini yopaman-da, bozorga boraman. Xaridorlarga o‘xshab, «Og‘ayni qora kishmishing qancha bo‘ldi?», «Qizim, uzumingdan yeb ko‘rsak maylimi?», «Uka, quritilgan o‘riging necha so‘m, danagi achchiq emasmi?», «Do‘stim, yong‘og‘ingni po‘sti yupqami?», «Singlim, qizil olmang qanchadan?» degan savollar bilan ta’mini totib boraveraman. Shunday qilib, bozorning narigi chetiga chiqquncha qorning to‘yadi. Yeganlarimning turgan-bitgani vitamin.
— Vitaminlaringiz o‘zingizga buyursin! — dedi oyim meni ichkariga yetaklab. — O‘g‘lim endi sizga o‘xshab bozorda birovlarning sotgani olib kelgan meva-chevalaridan yeb yursinmi? Qo‘ying, oshxonada ovqatlanaversin. Boshini qotirmang!
...Ertasiga ishxonamda telefon jiringladi.
— Aylanayin, bolam, tezroq ishingdan ruxsat olib, bozorga kel! — dedi oyim yig‘lamsirab. — Dadang bozorda sharmanda bo‘libdi. Bir yong‘oqfurush yigit dadangning har safar yegan yong‘oqlarini sanab yurgan ekan. Dadang uning to‘qson sakkiz yong‘og‘ini yebdi. To‘qson to‘qqizinchi yong‘oqni qo‘liga olib: «Og‘ayni, yong‘og‘ing puch emasmi, chaqib ko‘raylik!» deb yana yemoqchi bo‘lganda og‘ziga musht tushiribdi.
Aytishlariga qaraganda, yong‘oqfurush ham mashina olmoqchi ekan...
Ertasigayoq pulni «tejash» to‘xtatildi. Shu vaqtgacha yig‘ilgan pulni dadamni davolashga sarfladik...
Saylovboy Jumag‘ulov. To‘qson to‘qqizinchi yong‘oq (hajviya)
Qoraqalpoq tilidan Gulandom Kuramboyeva tarjimasi