OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sharl Bodler. Gadoylarni do‘pposlang (hikoya)

Ikki hafta davomida men o‘z xonamdan chiqmay, o‘sha paytlar hamma tomonidan sevib o‘qilgan kitoblarga ko‘milib o‘tirdim: bu kitoblarning hammasi qanday qilib xalqni yigirma to‘rt soat ichida baxtli qilish san’ati haqidagi falsafalarga to‘la edi. Shunday qilib, xalq farovonligi “jonkuyar”larining bu yerda yozilgan butun vaysaqiligini – kambag‘allarni qul bo‘lishga da’vat etayotganini ham, kambag‘allarning aslida o‘z xonumonidan mahrum bo‘lgan podshohlar ekanligiga hammani ishontirmoqchi bo‘layotganini ham chaynab, xazm qilib yubordim. Mening o‘sha paytda aqldan ozish yoki ovsarlik darajasiga yaqinlashib qolganim hayratlanarli ko‘rinmasa kerak.
Birdan aqlimning tubida, hozirgina ko‘z yugurtirib chiqqanim – buvimlar zamonidan qolgan tavsiyalardan yuksakroqda turgan qandaydir bir g‘oyaning tug‘ilayotganini sezib qoldim.
Va men qattiq chanqov sezib, uydan chiqdim, chunki, bo‘lmag‘ur kitoblarni o‘qish, doimo toza havoga va salqin ichimliklarga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytadi.
Endi qahvaxonaga kirishga chog‘langanimda, birdan yonimda qandaydir gado paydo bo‘lib, o‘zining, agar magnetizer nigohi uzum pishishini tezlashtira olganida va ruh jismlarni o‘rnidan qo‘zg‘ata olganida, taxtlarni ag‘darishga qodir nigohi bilan ko‘zlarimga tikilganicha, menga o‘z qapog‘ini cho‘zdi. Shu ondayoq kimdir qulog‘imga shivirlay boshlaganini sezdim va bu ovozni darrov tanidim, bu– mening doimiy hamrohim– adolat Farishtasining ovozi edi. Suqrotning o‘z Farishtasi bo‘lgan ekan, nega endi mening ham o‘z adolat Farishtam bo‘lmasligi kerak, nega endi menda ham xuddi Suqrotga Lelyu yoki ehtiyotkor Bayarje imzosi ostidagi savdoyilik qilish uchun berilgan ruxsatnoma bo‘lmasligi kerak?
Faqat, mening Farishtam bilan Suqrotning Farishtasi o‘rtasidagi farq shunda-ki, Suqrotning Farishtasi unga ko‘p narsalarni ta’qiqlab, uni ehtiyot bo‘lishga chaqirib turgan bo‘lsa, mening Farishtam menga nasihatlar, maslahatlar berib turadi. Boyoqish Suqrotning Farishtasi Ta’qiqlovchi Farishta bo‘lsa, meniki Tasdiqlovchi Farishta edi: u Faoliyat Farishtasi yoki Kurash Farishtasi edi.
Uning ovozi menga shularni shipshidi:
“Faqat kurashib yengishga qodir odamgina, ozodlikka munosibdir, faqat o‘zining boshqalar bilan teng ekanligini isbot qila olgan odamgina, boshqalarga teng bo‘la oladi“.
Men vaqtni bekor o‘tkazmay, gadoyga tashlandim. Mushtim bilan bir urib, ko‘zini koptokday shishirdim, uning bir juft tishini urib sindirar ekanman, o‘zimning ham tirnog‘im sinib ketdi: tabiatan nimjon bo‘lganim uchun va boks bilan kam shug‘ullanganim tufayli qariyani darrov yerga yiqitish uchun o‘zimda yetarlicha kuch topa olmadim: shuning uchun ham bir qo‘lim bilan uning yoqasidan, ikkinchi qo‘lim bilan tomog‘idan bo‘g‘ib, boshini devorga ura boshladim. Shuni tan olishim lozim-ki, gadoyga tashlanishdan oldin men atrof-tevarakka bir qur nazar tashlab, biron-bir politsiyachining yo‘qligiga to‘la ishonch hosil qilib olgan edim.
Shundan so‘ng, oltmishlarga kirgan, kuchsizlangan bu qariyaning qovurg‘alarini sindirishga qodir kuchli tepki bilan uni yerga ag‘natdim va yerda yotgan yo‘g‘on bir kaltakni olib, xuddi yumshoq bifshteks tayyorlash uchun go‘shtni astoydil urayotgan oshpazga xos hafsala bilan uni savalay boshladim.
Qo‘qqisdan, o, mo‘‘jiza! O, o‘zining nazariyasini amalda sinab ko‘rayotgan faylasuf boshiga yog‘ilgan baxt! – chol o‘zini o‘nglab oldi, bu qari, tamoman ishdan chiqqanday ko‘ringan vujud men sira kutmagan bir epchillik bilan tiklanib, nafrat va g‘azab to‘la nigoh bilan (bu men uchun yaxshilik alomati edi!) menga tashlandi, bir zumdayoq ikki ko‘zimni ham urib shishirdi, to‘rtta tishimni qoqib oldi va qo‘limdagi tayoqni olib, meni xumordan chiqquncha do‘pposladi. O‘zimning ta’sirchan davolash usulim bilan men unga g‘ururini va hayotini qaytarib bergan edim.
Shunda men bahsimiz tugaganini bildirish uchun unga ishoralar qila boshladim va portiklik sofist singari o‘rnimdan qoniqish bilan turib, gadoyga shunday so‘zlar bilan murojaat qildim: “Janob, siz bilan biz tengmiz, marhamat qilib hamyonimni men bilan baham ko‘rsangiz, sizdan minnatdor bo‘lardim va unutmang-ki, agar siz haqiqatdan ham birovlarga yaxshilik qilishni istasangiz, oshnalaringiz sizdan xayriya so‘rashganida, men sizga nisbatan qo‘llashga majbur bo‘lgan, yoqimsiz nazariyani siz ham do‘stlaringizga nisbatan qo‘llang”. U mening maslahatimga amal qilishga qasam ichdi.

M. Bekjon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.