OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shimada Masahiko. Bir mo‘miyo kundaligi (hikoya)

Ushbu asarni ochlik e’lon qilgan, ro‘za tutadigan
 va ishtahasizlikdan azob chekadigan barcha odamlarga bag‘ishlayman.


    

 

 

 

1961 yilda tavallud topgan yapon yozuvchisi Shimada Masahiko bugungi kunda Yaponiyadagi ko‘zga ko‘ringan yozuvchi va sharhlovchilardan biri. Tokio chet tillar Universitetida rus va sharqiy Ovro‘pa tillaridan saboq olgan paytlardayoq uning asarlari adabiyot sohasidagi mukofototlarga loyiq ko‘rilgan. Masahikoning bir necha romanlari va hikoyalar to‘plami nashr etilgan. Asarlari ko‘plab xorijiy tillarga, jumladan, inglizchaga ko‘p bor tarjima qilingan. U 90-yillarda mo‘‘jazgina teatr tashkil etib, unda rejisserlik qilgan. Ayni paytda Shimada Masahiko Hosey Universitetida dars beradi.

1999 yilning 30 yanvar kuni kunduz soat 2 larda Hokkaydoning Kushiro nomli qor bosgan namchil o‘lkalariga quyon oviga chiqqan go‘sht sanoati ishchisi nogoh plastik materialdan qurilgan kulbaga duch kelib qoldi. Ayni tushlik qilvolish uchun joy topilganidan xursand holda «Kim bor?» deya ovoz berdi u. Boshini ichkariga suqarkan, undagi vaziyatni ko‘rib, yuragi chiqib ketayozdi. Poxol ustida uzala tushib yotgan narsa o‘lik tana edi. Sovuqdan berkinish uchun o‘ranib olgan mo‘miyoni yengil chang qoplagan va jasad tarashaday qotib qolgandi. Tars-tars yorilib ketgan terisining ochiq qolgan qismlari xuddi to‘q rangdagi charm etikka o‘xshar, ko‘zlari esa soqqasi ichiga cho‘kib ketganday qotib qolgan va qoq suyak edi. Yuzining pastki qismida quyuq soqol osilib turar, pastki labida yupqa oq quyqa qotib qolgan va qorni butunlay ichiga kirib ketgandi. Tana parchalanib ketishdan saqlangan va yaxshigina qurib qolgan edi. Chamasi, hali tirik ekan, atayin tanani mo‘miyolangan kabi qotib qolishini osonlashtirish uchun u asta-sekin og‘irligini kamaytirib borgan.
    Poxol ustida boltacha, tirnoq olgich, bir necha ishlatilgan sham, plastmassa idish, ichida yondirilgan qog‘oz parchalari qolgan tog‘ora betartib sochilib yotar, bir chetdagi chemodan ichida kiyim-kechak bor edi. Shox-shabbalardan yasalgan javonda allaqanday radio va o‘nlab kitoblar ko‘zga tashlanardi. Kulbada na bir idish yoki ovqat qoldig‘i va na yegulik bilan bog‘liq biror faoliyatdan asar ko‘rinardi. Duch kelgan odamning «Nima qilib yuribdi ekan bu joyda?» deya o‘ylashi tabiiy edi. Murda oyoqlari orasida bitta kundalik daftar yotardi. Mayyit bunday o‘limning sababini tushuntirib berish uchun o‘zida kuch topgan – kundalik daftar voqealar silsilasini oqizmay-tomizmay o‘zida ja’m etgandi.
    Jasadni o‘sha kuniyoq olib ketishdi. Ovchi quyon o‘rniga allakimning o‘lik tanasini kashf etib, uyiga quruq qo‘l bilan qaytdi. 
    Kundalik daftardagi yozuvlarga asoslanib, mashhur tibbiyot kollejining sud-ekspertiza mutaxassislari hamda tanani diqqat bilan ko‘zdan kechirgan qiziqqon izquvarlar bunday o‘limning sababini ochlik natijasida o‘z joniga qasd qilish holati deya baholashdi. Albatta, buning uchun nechog‘lik katta qaror va sabr-bardosh kerakligini tushunish qiyin emas, biroq bunday qilishga sabab bo‘lgan asosiy narsa noaniqligicha qolaverdi. Jasad 40 yoshlar atrofidagi erkak kishiga tegishli bo‘lib, uning bo‘yi 173 sm, og‘irligi 35 kilogramm chiqdi. Uning o‘lganiga taxminan 100 kunlar bo‘lgandi. Qizig‘i, o‘likning ism-sharifi, kasb-kori yoki tirikligidagi holati ma’lum emas, buni aniqlash ham juda mushkullik tug‘dirardi. Skelet tuzilishidagi turli-tuman belgilar, qon guruhi, barmoq izlari va yozuvlariga qaramay, militsiya idorasidagi mavjud jinoyatchilar yoxud bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida unga o‘xshash birorta kishi topilmadi. U hech kimga o‘xshamaydigan, g‘aroyib kishi edi go‘yo. Buning ustiga hech kim uni axtarmas va vafot etgani uchun birov aza ham tutmayotgan, bir so‘z bilan aytganda, misoli butun dunyo uni unutib yuborgandi. Binobarin, uning o‘zi bundan juda yaxshi xabardor ekanini tasdiqlovchi belgilar mavjud edi. Mana u kundalik daftariga kunba-kun bitib ketgan batafsil yozuvlar.

Birinchi kun, 7 avgust 1998 yil

Men ovqat yeyishdan voz kechdim. Shahardagi kichik qahvaxonada so‘nggi bor yegulik yedim. Garchand bu oxirgi marta ovqatlanishim bo‘lsa-da, avval qancha ovqat yegan bo‘lsam, bu gal ham shuncha yeyoldim xolos. Tanovul qilganim narsa arzon bo‘lib, cho‘ngatimda allaqancha pulim qolib ketdi. O’z jonimga qasd qilishim uchun barcha zarur ash’yo chemodanimda mavjud edi, shunga qaramay, har ehtimolga qarshi, yana ba’zi narsalarni olish uchun supermarketga kirib o‘tdim. Sham, shlang, voronka, yelimli lenta, odekolon, tirnoq olgich, paxta, nam lattalar, oshqozon dorisi, qalay tog‘ora va polietilen qopchalar xarid qilgan bo‘ldim. Pul kutilmaganda kerak bo‘lib qolishi mumkin, biroq hozirgi lahzalar ayni favqulodda holat, shu bois qolgan pulimni pinbol o‘ynab tugatib qo‘yaqoldim.
    Hech tinchlik bermayotgan rejamni amalga oshirish uchun Kushirodagi namchil yerlarni tanladim. Bu Kushiro yo Xokkaydo bilan alohida bir bog‘liq joyim borligi sababidan emas, yo‘q, talabalik yillarim bir gal shu yerga kelganim va o‘lish uchun juda yaxshi makon ekan, deya o‘ylaganim uchun shu joyni afzal bildim xolos. Velodromdan o‘tib bir soatcha chamasi yurgach, shu yerda kulba tikishga qaror berdim. Menga kerak bo‘lgani ixchamgina boshpana va men uni yon atrofdagi dov-daraxtdan bemalol yasay olaman. Shunday qilib, bir necha shoxlarni kesib oldim va ularni to‘rtta daraxt tanasi bilan yonma-yon terib chiqdim, so‘ng ustiga uch qavat vinil qoplama yopdim. Asosiy shaklni qorong‘u tushguncha qurib bitkazdim. Keyin tezdan atrofdagi poxol va qamishlarni yig‘ib kelib, yerga yoyib tashladim. Bu yerda katta-katta pashsha-chivinlar ko‘pligi bois olov tutatdim. Kiyimlarimga tutunning yoqimsiz hidi o‘tirib qoldi.

Ikkinchi kun, 8 avgust

Hech qanday g‘ayritabiiy alomat ko‘rinmadi. Yerga yupqagina qilib poxol yozilgan va men ularni yig‘ib, soddagina o‘rindiq tayyorladim. Bundan tashqari, kitoblarim va boshqa ashqol-dashqollarim uchun javon ham yasab oldim. Kulbamga yaqinroq joyda uncha katta bo‘lmagan chuqurcha qazidim. Terga botib ketdim. Tunda rosa chanqadim va juda ko‘p suv ichib yubordim. Biror shirin taom bo‘lsa ham yo‘q demasdim.

Uchinchi kun, 9 avgust

Radioda Baxning «musiqiy salom»ini tingladim. Xayolga g‘arq bo‘larkanman, ochligim ham qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi-qoldi. Balki musiqa yegulik o‘rnini bosar. Kechqurun hojatga chiqdim. Yo‘g‘on ichakning tozalanishi deganlari shumi?

To‘rtinchi kun, 10 avgust

Ochlikni umuman sezmayapman. Aytishlaricha, inson suvsiz bir hafta, suv bilan esa bir oy yashashi mumkin ekan. Bir haftada tugay qolsa qaniydi, biroq suvsiz ancha qiyin bo‘lgan bo‘lardi, shu bois o‘zim bilan bir yarim litr suv olvolgandim. Shu suvning uchdan biri kolgan edi, lekin sal oldin bexosdan uni to‘kib yubordim. Nima, bu endi tez kunda o‘laman, deganimi?

Beshinchi kun, 11 avgust

Ertalabdan beri yomg‘ir tinmadi. Samodan hali o‘lmay tur, degan sado kelganday bo‘ldi. Qayrilgan shoxlardan plastik sumkalarning og‘zini ochib turishda foydalandim va ularni tepaga ko‘targancha tomdan tushayotgan yoki kulbam ichiga oqib kirayotgan yomg‘irni yig‘a boshladim. Yomg‘ir yoqqanda xuddi o‘zimni do‘mbira ichida turganday his qilaman. Radio ham tinglay olmayman. Yomg‘ir tinsa, tomga yana ozroq poxol tashlayman. Kun bo‘yi kitob o‘qib yotdim.

Oltinchi kun, 12 avgust

    Yana ichim keldi. Oshqozonimda hech vaqo qolmadi deb o‘ylayman. Kechga tomon boshim va oshqozonim qattiq og‘ridi. Motsartni eshitarkanman, o‘zimni birmuncha yaxshi his etdim. 
     Tush ko‘ribman, unda barcha eski ma’shuqalarim qip yalang‘och holda milliy raqs ijro etishayotganmish. Ularning o‘rtasiga tushvolib, bir nayzani yerga suqayotgan emishman. Uyg‘ongach, sun’iy miriqish hosil qildim. Garchi bir haftadan beri hech narsa tanovul qilmasam ham bu matohim qo‘zg‘olganiga hayronman. Biroq, sun’iy qoniqishdan so‘ng tanam birdaniga og‘irlashib qoldi.

Sakkizinchi kun, 14 avgust

Vaqt xuddi bukilib qolganday, joyidan qimirlamay turibdi. Soatimga qararkanman, soniyalar daqiqaday tuyuldi. Qaniydi vaqtni g‘izillatib o‘tkazadigan soatim bo‘lganda, deya orzu qildim. Qachon radio tinglashimni belgilab oldim: kunduz soat 2 dan 4 gacha. FM to‘lqinida mumtoz kuylar beriladigan dastur bor. Boshlovchisining ovozi qo‘ng‘iroqday. Shu holatimda nimadir qilishim bo‘lgan yagona inson o‘sha ayol edi. Hech narsa yemasang-da, sevib qolishing mumkin ekan. 
    Ko‘p uxlaydigan bo‘lib qoldim. Uyg‘onsam, boshimning g‘uvillashi tinchlik bermaydi. Issiqxonam ajinalar tashrif buyuradigan uyga o‘xshaydi. Kimdir kelib, meni qutqarishini istayapman. Tez-tez zahar tang qiladigan bo‘lib qoldi. Tashqariga chiqish ham bir yumush. 6-kundan beri ahlat tashlaganim yo‘q.

O’ninchi kun, 16 avgust

Yomg‘ir quyyapti. Yana toza yomg‘ir suvini ichishim mumkin. Yomg‘ir tovushi yoqimsiz. Ko‘zlarimni yumsam, kimningdir meni ko‘rgani kelayotganday oyoq tovushlari eshitiladi. O’ylashimcha, hali o‘lim farishtasi kelishiga vaqt erta, biroq, yaqinlashayotgan omad ilohasi bo‘lishi mumkin degan umidim ham yo‘q emas. Men bilan gaplashmagunicha, u kim bo‘lsa ham, e’tibor bergim kelmayapti.

O’n birinchi kun, 17 avgust

«Yangiliklar»dan eshitdim, Tokiodagi o‘rta maktabda o‘qiydigan uchta yaqin og‘ayni birgalikda o‘z-o‘zini cho‘ktirib yuboribdi. Sababi noma’lumga o‘xshaydi. Ularning sinfdoshlaridan intervyu olishdi.

O’n ikkinchi kun, 18 avgust

Siydigim qon tusiga kirdi. Es-hushim joyida, lekin butun tanam bo‘shashib ketyapti. Ko‘p vaqtni o‘rinda yotgancha o‘tkazmoqdaman. Kitob o‘qiyapman. Bektning «Malone Dies» asari. Men batamom unga bog‘liq bo‘lishim mumkin. Ro‘za tutmasdan turib, bu kitobning mag‘zini chaqish qiyin. Bugun radio eshitganim yo‘q.

O’n uchinchi kun, 19 avgust

Ancha ozib qoldim. Yuzim ham xuddi murdaniki misol. Soqol olgandim, yuzim sal yorishganday bo‘ldi. O’z go‘shtimni yeb hayotimni saqlab turibman.

O’n to‘rtinchi kun, 20 avgust

Tayfunmi, nima balo? Dovul va jala plastik kulbamni uchirib yuboradi deb o‘yladim. Tushga tomon shamol jinday tinganday bo‘ldi, shuning uchun tashqariga chiqib, shox-shabbalar yordamida kulbamni mustahkaroq qilishga urindim. Tanam o‘zimga bo‘ysunmay qolyapti, yurishga ham toqat yo‘q.

O’n beshinchi kun, 21 avgust
 
O’n besh soatcha uxlabman. Radioning qulog‘ini buraganimda, tungi beysbol o‘yini berilayotgandi. Ozroq toza yomg‘ir suvi ichdim. O’rmon hidi kelardi undan. Butun vujudim og‘riyapti. Xuddi ichimdan pichoq bilan go‘shtim asta qirib chiqilayotganday. Tushimda non g‘ajiyotgan emishman.

O’n oltinchi kun, 22 avgust

Bugun yana dovul turdi.  Bir necha bor shu yaqin atrofda chaqmoq chaqdi va nazarimda u boshimni teshib o‘tganday bo‘ldi. Nega chaqmoq kulbamni yondirib yubormaydi? Tunda radio eshitishga qaror qildim, chunki qorong‘ida yotganimda qaerdaligimni unutib qo‘yaman. Radiodan kelayotgan har bitta ovozga javob bersam, o‘zimni yo‘qotmayman, shu tariqa ikki soat bir zumda o‘tib ketdi. Qo‘limni atayin radioning o‘chirish tugmasiga qo‘yib olganman, mabodo ko‘zim ilinsa, uni o‘chirib qo‘yarman degan umidda. Ba’zida eshittirishlar shunchalik bemaza tus oladiki, bu dunyoda radio tinglab yotarkanman, o‘zimni naq u dunyoda his qilaman.

O’n yettinchi kun, 23 avgust

Siydigimga qon aralashdi. Yuqori sinfda o‘qiyotganimda, gandbol klubimiz bilan mashg‘ulot o‘tkazish uchun lagerga chiqqanmiz va o‘shanda haddan ortiq charchaganimdan bo‘lsa kerak, qon siygandim, biroq undan keyin hech bunday hol uchramagan. Balki ro‘za tutish sportning bir turidir. Oqshom tusharkan, oshqozonimda keskin og‘riq turdi. Qornimni changallagancha u yoqdan-bu yoqqa ag‘darildim va radiodan taralayotgan qo‘shiqni tingladim, faqat bu og‘riqni battar kuchaytirdi.

O’n sakkizinchi kun, 24 avgust

Orqa-oldimdagi bori yog‘ tugab bitdi. Yuzim parhez qilatyogan bokschinikiga o‘xshab qoldi. Lekin ko‘zlarim hanuz chaqnab turardi. Agar biror kishi menga yo‘liqsa, dahshatdan qochib ketgan bo‘lardi. Asta-asta tussiz suyakka o‘xshab qolyapman. Biror narsa yeyishga istak ham qolmadi. Xuddi och nervlarim batamam ishdan chiqqanga o‘xshaydi. Haddan tashqari ishtahasi yo‘q odamlar kabiman. Ochlik ma’lum bir nuqtadan o‘tgandan keyin ovqat haqida o‘ylash oshqozonga juda og‘irlik qilarkan. Mabodo lapsha yo guruch bilan go‘sht aralashmasini yeb olsam, shu zahoti tarasha qotgan bo‘lardim balki. Endi oshqozonim har qanday yegulikni bakteriya kabi begona jism sifatida rad etadigan ko‘rinadi. 
    Bu tun ajoyib oydin kecha bo‘ldi. Men xudi shunday tunda o‘lishni istardim. Biroq, kunduz kuni o‘lsam kerak, deb o‘ylayman. Kimdir aytaniday, hayot borar asta chekinib… Tun yarmi yo kunduz. Yorug‘-ochiqda o‘lsaydim qani.

O’n to‘qqizinchi kun, 25 avgust

Kun bo‘yi oshqozonim og‘rib, boshim lo‘qillab og‘ridi. Tushdan keyin g‘ayritabiiy mehmonni qabul qildim. To‘shagimda qirqoyoq o‘rmalay boshladi. Uni yeyishga istak qayda. Qachonlardir ota-onasi mo‘‘jazgina xonaga qamab qo‘ygan va biron yegulik bermagan bolakay haqida eshitgandim. O’sha bola atrofida kuymalashgan hasharot va hatto sichqonni ham tutib yegan ekan. Begunoh go‘daklarni xo‘rlagan kattalarni ro‘za tutishga majbur qilish orqali jazolash lozim.

Yigirmanchi kun, 26 avgust

Qusgim keldi, biroq qayt qilgani ichimda hech vaqoyam yo‘q. O’yg‘onganimda qora terga botib ketgandim. Tushga tomon oshqozonimdagi og‘riq avvalgi holatiga qaytdi. 
    Haliyam vaqt bor. Agar kelgan izimdan ortimga qaytsam, qaytadan hayotga qaytishim mumkin. Bir soatcha yurganimda ham biror kimni uchratib qolishim mumkin edi. Uyat-puyatim qolmadi. Meni politsiya qidirayotgani yoki ismimni yangiliklarda aytishayotgani xavotirga solmaydi. Axir ro‘za tutish jinoyat emas-ku. Bir haftada avvalgiday 65 kg vaznga yetaman va shubhasiz yana 20-30 yil yashayman. Qo‘y-e, yana yashashga da’vatmi? Go‘yo o‘tmishdagiday, bu dunyoga aloqam yo‘q. Bu dunyo unda yashashni davom ettirishim uchun mos emas ekan, u holda narigi dunyoga ko‘chib o‘tayotganim haqida unga xabar berdim. Fikrimni o‘zgartirishga endi juda kech.
    Na bu dunyoga biror xususiy bog‘liqlik sezaman. Miyamda o‘z joniga qasd qilish fikri bilan shunday ro‘za tutishga tayyorgarlik qildim. Shunday o‘lim orqali o‘z umrimning ahamiyatsizligini aksi tomonga o‘zgartira olaman deb ishonardim. Bu samuraylar dunyosidagi seppukularning marosimiga o‘xshaydiki, unga ko‘ra, boshqalarning muvaffaqiyati uchun yerdagi toshday qadr-qimmatga ega bo‘lmaganlar oxirgi lahzalarda bir kishini yuqori pog‘onaga ko‘tarib qo‘yadi. Keling, o‘sha his-tuyg‘udan bo‘lak o‘z yo‘liga ega bo‘lmagan va o‘z fikrini ochiq-oydin ifodalashga biror marta bo‘lsin imkon berilmagan soddafe’llarning hayotlarida aqalli bir bora boshqalar tomonidan hurmat qilinishiga izn beraylik. Seppuku deganlari shu emasmi? Bu ish dunyodagi barcha xo‘rliklarni batamom o‘chirib yuboradi.
    Mabodo o‘zim seppukuni amalga oshiradigan bo‘lsam, naq kulgiga qolgan bo‘lardim. Romannavis Mishima Yukio bu marosimga yarim taqlid va yapon jamiyatini yarim tanqid qilgan ko‘yi o‘z-o‘zini ichak-chavaqdan tozaladi va buning natijasida ogohlikka yo‘l ochilib, shundan beri hech kimga bunday qilishga ruxsat berilmadi. Men ham Mushima boshidan kechirgan qiynoqqa tushyapman. Faqat men o‘limning boshqacha yo‘lini, ya’ni ro‘za tutib ochlik orqali o‘lishni tanladim.
    O’lishimdan xabar keldi, lekin hali menga navbat yetishiga ozroq bor. 7 avgustda ovqat yeyishni to‘xtatgan bo‘lsam, demak, o‘ylashimcha, hayot va o‘limning naq o‘rtasida turibman. Nega shubhalana boshladim? Bugun yigirmanchi kun, balki ular qirqinchi kunda kelishar. Chala o‘likman. Shubha yo‘q, shu sabab boshim bilan oshqozonim og‘riyapti. Yaxshisi ertadan boshlab og‘riq pasayishiga umid qilay. Tunda yomg‘ir shivaladi. 

Yigirma birinchi kun, 27 avgust

Kecha vasiyatimni yozib qoldirganim uchun endi yozadigan hech narsa qolmadi. Oshqozonimdagi og‘riq battar yomonlashdi. Poxol to‘shagim namiqib ketdi va men uni quritish uchun quyoshga tutdim. Salgina qimirlashim nafas olishni qiyinlashtiryapti va yurak urishim yomonlashib bormoqda. Nam sochiq bilan badanimni artdim. Terlamay qo‘ydim, badanimdan ortiq yog‘ ajralmayotir. Tanamdagi moddalar almashinuvi to‘xtagan ko‘rinadi. 
    O’lishimdan avval biror kishi topib olsa nima qilaman? Ro‘zamni buzamanmi yo ularga o‘z qarorimni tushuntirib, meni tinch qo‘yishlarini so‘raymanmi? Bu yerda inson zotining mutlaqo qorasi ko‘rinmaydi. Mabodo biror kishi turgan joyimni topib olsa, buni Xudoning irodasi deb bilgan bo‘lardim, demak tangri mening yashashimni istayapti. 
    Kechqurun hasharotlarning ovozini eshitdim, demak bunda yolg‘iz emasman.

Yigirma ikkinchi kun, 28 avgust

Oshqozonim bir gal televizorda ko‘rganim habashistonlik qochoq bolalarnikiga o‘xshab kengayib ketdi. Axir nega hech qanday ovqat yemasam ham, u menga ozor beryapti? Yegulik haqida xayol surishdan ham qo‘rqib qoldim. Tushimda spagetti yeb o‘tirgan kishining yelkasi osha ovqatini tortib qochayotganmishman, shundan beri qornim kuchliroq bezovta qilishni boshladi. Shubha yo‘qki, ovqat haqidagi zarracha o‘y ham oshqozonimni refleks sifatida harakatga keltiradi, natija esa kuchli og‘riq bilan tugaydi.

Yigirma uchinchi kun, 29 avgust

Og‘riqqa ortiq chidolmay, bir-ikki dori ichib oldim. O’lishga harakat qilayotganim bir paytda dori qabul qilishim bema’nilikdir balki. Kechqurun quloqlarim ichini tozaladim.      

Yigirma to‘rtinchi kun, 30 avgust

Suvning ta’mi buzilibdi. Suv oshqozonimning zaharlanishiga asos bo‘ladimi? Yoz bo‘lishiga qarmay, qaltirab ketyapman. Egnimga jemper kiyib oldim, baribir sovuq qotyapman. Birgina miyam aniq-tiniq ishlayapti. «Ilohiy komediya»ning «Do‘zax» qismini o‘qidim bugun. Dindor bo‘lmasam-da, lekin dunyodagi ko‘plab xudolarga hurmatim baland, axir birorta xudo qaerdadir menga shafqat ko‘rguzishi mumkin. «Do‘zax»ni o‘qirkanman, narigi dunyoda birinchi bo‘lib kimni uchratarkinman, deya o‘ylab qoldim. O’qish jonimga tekkanda, ayol kishining muloyim ovozda «Bugungi kuningiz maroqli o‘tdimi?» deb salomlashishini eshitish uchun radio qulog‘ini buradim. Qaniydi o‘liklar diyoridagi qabulxonada ham anna shunday yoqimli ovozli ayol o‘tirsa.

Yigirma beshinchi kun, 31 avgust

Kun kechagi bilan solishtirganda osonroq kechmoqda. Tishimni tozalab, soqolimni oldim. Kunduzi meni xursand qilib yomg‘ir quyib berdi, bundan foylanaib, barcha kiyimlarimni tashqariga olib chiqdim va sochimni, badanimni yomg‘irda yuvib oldim. Ishonchim komilki, odamlar o‘lik tananing toza bo‘lishini afzal bilishadi.

Yigirma oltinchi kun, 1 sentyabr

Qo‘l-oyog‘im normal holatidan ikki baravar ichiga kirib ketdi. Yuzim shunchalik ozg‘inlashdiki, kaftimga jo bo‘lgudek. Suyaklarimni qoplab turgan yupqa qatlam qoldi xolos. Agar bir oy avval shu holatimni ko‘rganimda, aniqki, o‘zimni tanimagan bo‘lardim. Og‘irligimning ham uchdan ikki qismi yo‘q, ammo hali tanam og‘irligini his etyapman. Qorin va bosh og‘rig‘i yetmaganday, qo‘l-oyog‘im karaxt bo‘lishni boshladi. Ko‘zlarim xira tortib, o‘qish qiyinlashdi. Qo‘limga tikilib, kaftlarimdagi «hayot yo‘li»da gorizontal chuqur chiziqlar hosil bo‘lganini ko‘rdim. O’lim elchilarimi? O’lish haqidagi istagimga ahamiyat bermay, jismim yashash uchun kurashmoqda. Bu o‘zini og‘riqlarda ko‘rsatmoqda. 

Yigirma yettinchi kun, 2 sentyabr

Allaqanday pashsha bo‘ynimni chaqib oldi. Menday qoni qochgan odamni so‘rishga shaylangan pashsha haddan ortiq ochiqqan bo‘lishi tabiiy. Hatto unga nisbatan g‘ayritabiiy ravishda mehrim jo‘shib ketdi. Bo‘ynim qichishyapgan bo‘lsa ham, «Xudo seni asrasin» deb pichirladim qonimni so‘rayotgan jonivorga. Ko‘ngilchan odamga aylandim chamasi.

Yigirma sakkizinchi kun, 3 sentyabr

Kecha bilmasdan radio qo‘yilgan holatda uxlab qoldim. Balki shuning uchun alg‘ov-dalg‘ov tushlar ko‘rib chiqdimmi? Professional beysbol o‘yinida allaqanday hind sharhlovichisi allambalo gaplarni valaqlayotgan trener Nagashima bilan o‘tirganmish. «Xudoyim-ey, Soyalar mamlakatida uzundan-uzun navbat, unda xot-dog va kola sotilayotibdi, agar borib undan olsang, keyinroq qiynalasan. Shuning uchun u dunyoda kerak bo‘ladigan narsa och ruhdir. Men ham o‘z jonimga qasd qilganimdan keyin ancha kutishimga to‘g‘ri keldi, mana endi bu yoqda sharhlovchilik qilib yuribman, biroq… qandoq qilay… o‘lish ichak-chavoqlarni ham olib ketadi, shunday emasmi?» Uning so‘zlarini qizg‘in olqishladim. 
    Keyin manna bunday tush ko‘rdim. To‘q qizil rangli poezd bog‘ oralab uchib borarmish, uning ichida gullayotgan sabzavotlarga aylanib qolayotgan liliputlar ketib borarmish, poezd derazalaridan bananlar uchib kirarmish. Boshqa bir tushda tanamni  cho‘zib, buklab, uzaytirib, lapsha holiga keltirilayotgan ekan.
    Miyam – ishlab turgan yagona bo‘lagimdir.   

Yigirma to‘qqizinchi kun, 4 sentyabr

Sovqotyapman. Kun bo‘yi adyolga o‘ralib yotdim. Qon oyoq va qo‘llarimning uchigacha yetib kelmayotgan ko‘rinadi. Agar bir kilometrcha yursam, velodromga yetib olgan bo‘lardim. Bu narsa o‘zim uchun yordam olishim mumkin bo‘lgan eng oxirgi imkoniyat esa-da, yo‘q, fikrimdan qaytmadim. Yo‘lda ko‘z yumishni hecham xohlamayman. O’lmoq men uchun yagona yo‘l ekanini o‘ylab ancha yengil tortdim. Shu yerda ham yota olaman. Tanamning yuqori qismini oson qimirlatyapman, pastki qism ancha zaif. Yetarli mashq qilmayotganimning jazosi, degan kulgili o‘y o‘tdi miyamdan.

O’ttizinchi kun, 5 sentyabr

Qornim hali bunchalik ezib og‘rimagandi. Dori ichdim. Erta-indin o‘lsam kerak. Bugun roppa-rosa bir oy bo‘ldi.

O’ttiz birinchi kun, 6 sentyabr

Og‘riqni sezyapman, hali tirikman.

O’ttiz ikinchi kun, 7 sentyabr
 
Radio so‘lib bormoqda – hamxonam ham kuchini yo‘qotyapti. Ovozimga o‘xshab qurillayapti. Bir oydan beri ovqat yemasam ham tirikman, lekin bartareyasining kuchi tugasa radio churq etmay qoladi.
    Ikki juft paypoq, jemper va qishki palto kiyganimga qaramay, qaltirashim to‘xtamayapti. Bu yerlarga qish kelganga o‘xshaydi. Bu ahvolda ochlikdan o‘lishimdan avval muzlab qolsam kerak. Tashqariga chiqib olov yoqishni istasam-da, o‘tin yig‘ishga hech majolim yo‘q – garchand bir piyola choy ichib olganimda jannatda bo‘lgan bo‘lardim.

O’ttiz uchinchi kun, 8 sentyabr

Qornim burab-burab og‘riyapti. U xuddi issiq suv purkayotgan geyzerga o‘xshab har daqiqa hujum qilmoqda. Balki jismim yer aylanishiga muvofiq harakat qilayotibdi. Og‘riq turganda o‘ylay ham olmay qolaman, u pasaysa, shu kabi qaydlarni yozish imkoni tug‘iladi. Buddalikka yetishgan ruhoniylar ham ma’lum vaqt bosh va qorin og‘rig‘i hamda sovuq qotishdan azob chekkan bo‘lishi kerak. Ularga-ku e’tiqodlari tirgak bo‘lgan, menday bir e’tiqodsiz odamga chidashni kim qo‘yibdi. Qoyadan jarga o‘zimni tashlasam yo o‘zimni o‘zim ossam, shu zahoti til tortmay o‘lishim mumkin edi, biroq, buning o‘rniga atayin o‘lishdan avval bir oydan ortiq muddat ichida azobga giriftor bo‘lishdagi har bir holatni o‘z boshimdan o‘tkazishga urinmoqdaman. Buni bema’nilik deya to‘xtata olmayman. Hatto jarga qulashni istaganimda ham uni amalga oshirishga o‘zimda kuch topa olmagan bo‘lardi. O’zimni osishga arqon qidirish ham qo‘limdan kelmas balki.
    Og‘riq bosilganda, kunni bemalolgina o‘tkaza olaman, lekin tunlari zimistonlik yana azob beradi. Radiodan faqatgina chivinning g‘o‘ng‘irlashiga o‘xshash tovush kelyapti. Hali uchta shamim bor. Ularni uyqum qochib ketadigan kechalar uchun asrab qo‘yganman.

O’ttiz to‘rtinchi kun, 9 sentyabr

O’tgan kechasidagi sovuq xuddi ignalarni butun badanimga sanchib chiqayotganday achchiq bo‘ldi. Og‘riq zabtiga oldi. Bitta shamni tugatdim. Pulsim juda tez uryapti. Yuragim haroratimni ko‘tarish uchun jahd bilan butun tanamga qon puflayotganini sezyapman. Jismim yashab qolishga jon berib urinmoqda. 
    Kun bo‘yi mayda yomg‘ir yog‘di. Yovvoyi qushlarning sayrashidan yengil tortaman. Xuddi birov kulbamga yaqin kelayotganini sezganday «Men bu yerdaman» deya ovoz chiqaraman. O’ylashimcha, meni narigi dunyoga olib ketadigan taksi haydovchisi yo‘ldan adashib, ortiq meni axtarishga tobi qolmagan. Stiks daryosigacha (o‘lganlar u orqali narigi dunyoga ravona bo‘ladigan daryo) piyoda borolmayman. Oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmay qo‘ydi. 
    Garchi o‘z o‘limimning jarayonini kuzatishni istaganim sababli och yurgan esam-da, kun uzzukun o‘lim haqida o‘ylash juda zerikarli. Biroq erinibgina qushlarning sayrashiga quloq tutarkanman, miyamga ro‘za tutishni boshlagan kunimdan boshlab men o‘lganman, degan fikr keldi va o‘zimni ancha yengil his qildim. O’lim qolib ketgan ozgina foiz xolos.

O’ttiz beshinchi kun, 10 sentyabr

Radio mendan oldin ishlashdan to‘xtadi, shu sabab kechalari dahshatga tusha boshladim. Zimistonda yo‘qolib ketmoqdaman. Agar qo‘limni yozolsam yoki tilimni chiqarolsam va yo kiprik qoqolsam, demak u yerda emasman hali. Balki o‘rnimdagi boshqa kishidir. Tunlari uyg‘onib ketsam, bu yer narigi dunyo bo‘lsa kerak deb xayol qilaman. Qorong‘ilikda na ot, na fe’l va na sifat bor. Na hozirgi, o‘tgan va yo kelasi zamon. Boshimda g‘ujg‘on aylanayotgan xayollar mavjud. Hamisha yarim shaklda va muqaddima ham xotimasiz. O’zimni bu yerda emasligimni yengillashtirish uchun nimadir o‘ylashim kerak. Uyg‘onsam, qaytib quyosh chiqqungacha uxlay olmayman. O’ylashdan to‘xtasam, miyam borligini unutaman va qo‘rquvdan ovoz chiqara boshlayman. Ovozim bo‘g‘iq va xunuk. Zimiston oyog‘imdan boshlab asta ko‘tarilar ekan, o‘limni unuta olaman. Nur – shifobaxsh dori, qorong‘ilik esa zahardir. Biroq, tongni kutishdagi xursandchiligim juda qisqa vaqtda tugaydi va haliyam tirikligim haqidagi azob, chidab bo‘lmas og‘riq o‘lmaganim yuzasidan ustimga yopirilib kelaveradi. Albata, tunlari ham qornim va boshim og‘riydi. Kunduzgidan-da battar. Balki tundagi azob o‘lim azobi va kunduzgi azob hayot azobidir. Nima bo‘lganda ham, azob bir pulga qimmat. Ichak-chavoqni tozalab tashlash undan osonroq. Ochlikdan o‘lish bilan solishtirganda, seppuku yo osilish, otilish yo baland binodan tashlash, zahar ichish yo gazdan zaharlanish go‘yo bog‘da sayr qilganday gap. Qaerdadir o‘qigandim, josuslar doim o‘zlari bilan kaliy tsianid olib yurisharkan. Favqulodda hollarda ular shu moddani ichib javobgarlikdan qutulisharmish. Bu kimningdir foydasi uchun o‘lishni bildiradi. Aqali o‘lim vaqtida biz o‘z o‘zimiz uchun o‘la bilamiz. O’z joniga suiqasd qilishning turlari ko‘p, lekin ro‘za tutish o‘limning alohida bir yo‘liki, bunda kishi o‘ziga-o‘zi qarshi chiqadi va uzoq vaqt davomida o‘zi bilan kurashib chiqadi. Ochig‘ini aytganda, bunday o‘limdan biror natija kutib bo‘lmaydi. Ammo men 35 kun davomida bunday azobga dosh berib kelayotganimdan faxrlanaman. Men boshqa hech kim taqlid qila olmaydigan nimadir qilmoqdaman.         

O’ttiz oltinchi kun, 11 sentyabr

Nimadir qilmoqchi bo‘lib, radioni silikitgan edim, avval eshitganim opera qo‘yilayotgan ekan. Qoldiq batareya bir oz turib berdi, chamasi bir soatcha radio eshitgan bo‘ldim. Butun jismim qayta jonlantirilmoqda. O’lish uchun o‘zimda jur’at topdim.   

O’ttiz yettinchi kun, 12 sentyabr

Vaqti-vaqti bilan yomg‘ir quyadi. Kabutarlar dunyoni ikki o‘lchamda tushunadi shekil. Suvli va suvsiz dunyo. Insonlar esa miyalarida turfa dunyolarni yarata olishadi. Hali tirik ekanmiz, o‘limdan keyingi hayotni ham xayol qila olamiz. Ammo ba’zida bunday qilish shunaqangi zerikarli. Ayni damda shunchaki o‘lmoqnigina istayapman, ha-ha, hech narsani o‘ylamasdan o‘lmoqni. Mana endi saratonga chalingan mijozlar nega sun’iy o‘lishni xohlashganini to‘liq tushuna olaman.     

O’ttiz sakkizinchi kun, 13 sentyabr

Batareyam hali tugamadi. Nafas olishim bir oz notekis. O’limni shunchalik yaqinda his qilyapmanki, qo‘limni uzatib unga yetgudekman. Ketim, tizzam va orqamdagi og‘riq yomonlashdi. Ruh tanadan chiqishi uchun juda katta quvvat talab qilinishini anglayapman. Ruh quvvat yig‘ish uchun go‘shtimni yeb bitirmoqda. Tanamni tark etishidan ancha avval boshlagan. Vaqtni pasayishga tomon sanash fasliga kirdik.

O’ttiz to‘qqizinchi kun, 14 sentyabr

Husnixatim o‘zgardi. Qanday yozish esimdan chiqib bormoqda. O’limdan keyingi hayot yoqimlimi-yo‘qmi deya qiziqa boshladim. 

Qirqinchi kun, 15 sentyabr

Bugun o‘lishni rejalashtirgan kunim. O’rnimdan tura olmay qoldim. Ro‘za orqali Budda qanday yashashni kashf etdi, Muso alayhissalom to‘liq 40 kun shunday qildi va Xudodan o‘n buyruqni oldi. Iso Masih Shaytoni la’inning kirdikorlariga qarshi turish uchun 40 kun ro‘za tutdi. Raqamlarga qarasak, men bu muqaddas insonlardan ham oshib ketdim, biroq, menga hech qanday ma’rifat tushmadi. Mendan farqli o‘laroq, aziz avliyolar haddan ortiq kuchli bo‘lishgan, ya’ni 40 kunlik ro‘zadan keyin ham qavmlari huzuriga bemalol o‘z oyoqlari bilan yurib borishgan. Men esam endi yura olmayman. Sovuq murdaga aylanguncha kutishdan ortiq narsa qila olmasman. Garchi avliyo bo‘lish istagim yo‘q esa-da, oyoqlarim qayta yurishini xohlayman. Hozirgacha biron marta bo‘lsin kasal bo‘lmaganman. Faqat bir marta beysbol o‘ynab oyog‘imni sindirib olganimda kasalxonada yotishga to‘g‘ri kelgan. 
    To‘shakka mixlanib qolishimni bilganim uchun, maxsus hojat joyi tayyorlagandim. To‘shagim tagiga yetarli kattalikdagi qopqoqli voronka qo‘yib, uni shlang bilan shunday birlashtirdimki, suv yo boshqa narsa borib tashqarida kavlaganim chuqurga borib tushadi. Olatim qovjirab achinarli holga keldi. Bir necha tomchi siydikni silkitib chiqara olyapman xolos.      
            
Qirq birinchi kun, 16 sentyabr

O’tgan kecha 40 kunlik ro‘zaga chidab bergan avliyo sharafiga sham yoqdim. Jismonan azoblanar, lekin aqlan juda tetik edim. Muqaddas kishilarni o‘zimga yaqin tutdim, Iso Masih ham, Budda ham mening do‘stlarimday edi go‘yo.    

Qirq ikkinchi kun, 17 sentyabr

Oyog‘im ishlashdan bosh tortganiga qaramay, miyam binoyiday ishlayapti. Balki unga ko‘p kuch 
kerakmasdir. Kun bo‘yi juda ko‘p tush ko‘rib chiqdim. 

Qirq uchinchi kun, 18 sentyabr

Bugun ajoyib kun bo‘ldi. Ertalabgacha biror marta bo‘lsin uyg‘onganim yo‘q. Yorug‘ kun edi. Hanuz qaltirayotgan va azoblanayotgan bo‘lsam-da, bunday belgilarni his qilayotgan jismim kichrayib borayotganidan yupanch izlardim. Terim turshak tusiga kirib bo‘lgandi. Undan yoqimsiz is taralardi. Bu o‘lim isi ekaniday taassurot qoldirdi. Ozroq odekolon sepib oldim. Xushbo‘y hid taratib murdaga aylanishdan yaxshiroq narsa yo‘q bo‘lsa kerak.
    Erta tongda yomg‘ir quyib berdi. Ertalab va tushdan keyin bavl qilish asosiy mashg‘ulotga aylangan. Bir tomchi bo‘lsa-da haliyam suv chiqib turibdi. Har na bo‘lganda ham, hushim borligida mana shu muhim vazifa haqida qayg‘urishim lozim. Ba’zan hushimni yo‘qotib qo‘yganimda, siydik o‘z-o‘zidan chiqib ketadi. Asta-sekin yuragim ham to‘xtab, ruhim yuksaklarga qanot qoqadi.   
   
Qirq to‘rtinchi kun, 19 sentyabr

Qornim va boshim shu qadar kuchli og‘ridiki, avval hech bunchalik azoblanmagandim. Ikki bor: tushda va soat 3 larda hushimdan ketibman. Yaxshisi o‘layotganda aytadigan so‘zlar haqida o‘ylayqolay. 
    Tunda 15-kundagidan qolgan shamni yoqdim. Shamning tilini kuzatib yotdim. O’qimagan 3 ta kitobim qoldi. Baribir narigi dunyoda endi kerak bo‘lmaydi. “Ilohiy komediya”ning varaqlarini bittalab yirtib, tog‘oraning ichida yoqdim.  

Qirq beshinchi kun, 20 sentyabr

Yostig‘im oldida kuylagi yirtiq-yamoq, yubkalari loyga belangan bir yosh ayol turardi. Uni tanimasdim. Hayron bo‘lmadim. Uni o‘liklar diyoridan meni olib ketishga kelgan deya xayol qilib, qo‘limni keng yozib o‘tindim: “Qayoqqa xohlasang olib ketaver, og‘riq va sovuqqa ortiq chidolmayman.” 
    “Ketadigan joyning o‘zi yo‘q” dedi u e’tiborsizlik bilan.
    “Sen narigi dunyodan kelmadingmi?”
    “Hali u yerda bo‘lmaganman.”
    “Demak tirik ekansan-da?”
    “Bir narsa deyolmayman.”
    G’amgin qiyofada men tomonga qayrilarkan, o‘zi haqida gapira ketdi u.
    “Bundan ancha vaqt avval boshiga qalpoq kiygan va artistlarga o‘xshagan bir kishi meni o‘rmonda zo‘rlagan va o‘ldirib ketgan. Endi narigi dunyoga olib ketishsa kerak deb o‘ylab, rosa kutdim, biroq hech kim kelmadi va u yoqqa o‘zim borishga qaror qildim. Murdalarni oqizib olib ketadigan daryogacha borib, qayiqqa o‘tirdim, biroq...”
    “Demak narigi dunyogacha bora olmabsan-da?”
    “Men qayiqdagi yagona yo‘lovchi edim, shu sabab kapitan meni olib ketishni istamadi. Unga ko‘ra, oxirat degan narsa yo‘q emish.”
    “Bo‘lmagan gap!”
    “Balki oxirat o‘layotgan insonlar xotirjam jon taslim qilishlari uchun o‘ylab topilgan xomxayoldir. Balki allaqachon vafot etganlarni tinchlantiradigan biror joy mutlaqo yo‘qdir.”  
    “Unaqa emasdir-ov. Unda o‘lganlar nima qiladi? Agar murdalar diyori bo‘lmasa, u holda bu o‘liklar abadiyat aro kezib yuradilar degan ma’noni keltirib chiqarmaydimi?”
    “Boshida men kapitan aldayapti deb o‘yladim. Undan necha bor narigi dunyoga olib o‘ting meni deb o‘tinib so‘radim, ammo u bunday dunyo mavjud emas deb o‘zinikida mahkam turib oldi. Daryoda ketib borayotgan boshqa kapitan ham shu javobni berdi.”
    “Xo‘sh, unda nima qilasan endi?”
    “Kapitan meni boshqa joylarga olib ketadi. Yaxshi Umid va Antarktikaga, O’lik dengizga va Baykal ko‘liga. Menga munosabati samimiy bo‘lganidan u bilan ketyapman.”
    “Bu yerga qanday kelding?”
    “Amazonka daryosi orqali.”
    “Hamrohing qani?”
    “Hov anavi yerda turibdi.”
    U kulbamdan sal naridagi kichik va loyga botgan yaxtaga ishora qildi.
    Asta o‘zimga kelib, atrofimdagi narsa oydinlasha borgani sari yaxta deganim oddiy bir quyon ekanini angladim. Balki bu kecha oxirgisidir.

Qirq oltinchi kun, 21 sentyabr

Tirikman. Chindan ham oxirat bo‘lmasa nima qilaman? Agar o‘limdan keyin tungi azoblaru og‘riqlar davom etadigan bo‘lsa, hecham o‘lgim yo‘q. O’lim azobdan qutulish degani emasmi? Yo‘q, bunday deyish to‘g‘ri emas. Miyam o‘ylashdan charchab ketdi. Bunaqa xayollar miyamga faqat Xudoga ishonmaganim uchun kelyapti. Birdan jannatdan ortga qaytarilgan ichuvchi-alkash haqidagi she’r yodimga tushib ketdi. Ko‘zim ilinibdi, mazali sharoblaru go‘zal ayollar huzurida yurgan emishman.    

Qirq yettinch kun, 22 sentyabr

Sovqotyapman. Ayniqsa, bavl qilgach, ustimdan sovuq suv quyilganday bo‘ladi. Qo‘llarimda kuch qolmadi. To‘shakda ag‘darilganimda, qo‘llarim robotnikiga o‘xshab ketyapti. Yuragim qinidan chiqib ketay-ketay demoqda. 

Qirq sakkizinchi kun, 23 sentyabr

Daryoda menga yaxshi kapitan yo‘liqadi degan umidim bor.

Qirq to‘qqizinchi kun, 24 sentyabr

Ruhim zaifligidan jismimni tark etishni eplolmayapti. Jismoniy azoblardan qutqaraqolsang-chi! Ko‘ksim vayron bo‘lmoqda. Kiyilaverib, oxiri uloqtirilgan paypoqqa o‘xshab qolgandayman. Ichimda ortiq hech birov qolmadi.

Elliginchi kun, 25 sentyabr

Tokiodagi “Lup Layn”ning oxirgi bekati qaerda? O’nlab marta aylanib chiqdim. Bu azobkash poezd har bekatda to‘xtab o‘tadi. Tezroq oxirgi bekatga yetaqolsaydim. 

Ellik birinchi kun, 26 sentyabr

Tavba, qoq suyak va yurak bilan ham tirik qolish mumkin ekan-da. Oktyabrga yetib borishni niyat qilyapman.

Ellik ikkinchi kun, 27 sentyabr

Oxiratdagi immigratsiya idorasiga maktub yozishim kerak: ruhim ikki yo uch kunda yetib keladi. Iltimos, tegishli tarzda bu xabarni qabul eting.

Ellik uchinchi kun, 28 sentyabr

To‘yib ketdim-ku. Alvido.

Ellik to‘rtinchi kun, 29 sentyabr

Oxirat boshqaruvchisi ortiq u yerda emas. U dunyo sahroga do‘ndimi? Ruhlar ham sahroda zerikkan bo‘lardi, shu sabab men qayiqqa o‘tirishni istayman. Ammo bir tiyin ham pulim yo‘q. 

Ellik beshinchi kun, 30 sentyabr

Haliyam tirikligimni o‘ylab, kulgidan o‘zimni arang to‘xtatib qoldim. Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga arziyman. 

Ellik oltinchi kun, 1 oktyabr

Ko‘nglim ayniyapti. Ko‘ksimda og‘riq. Qusolsam ancha yengil tortgan bo‘lardim. Shubhasiz, shunday qilsam, qalbimni ham tashqariga otib chiqarishim tayin.

Ellik yettinchi kun, 2 oktyabr

Azob ichra o‘lolmayapman.

Ellik sakkizinchi kun, 3 oktyabr

Ko‘ngil aynish. Tez orada qayiqqa chiqishni xohlayman.

Ellik to‘qqizinchi kun, 4 oktyabr

Radiodan kelayotgan kulgi tovushini eshityapman.

Oltmishinchi kun, 5 oktyabr

Kimdir oldimga keldi.

Oltmish birinchi kun, 6 oktyabr

Atrofimda odam gavjum. Daryo menga tomon oqmoqda.

Oltmish ikkinchi kun, 7 oktyabr

Assalom, yorug‘lik!     

© Inglizchadan A’zam Obidov tarjima qildi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.