OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Daho (hikoya)

Bu mo‘jazgina qahvaxona Amsterdamning yangi qasabalaridan biridagi gavjum ko‘cha chorrahasida joylashgan.
 Unda bor-yo‘g‘e yolg‘izgina mijoz – oldidagi qadahi bo‘sh turgan nuroniy choldan boshqa hech kim yo‘q edi. Men o‘zim uchun buyurtma berib, izidan qo‘shib qo‘ydim:
 -Otaxonga ham bir qultum quyib yuboring.
 -Ertalab ichgani ham yetadi, - dedi mayxonachi. Chol jilmaydi. Qo‘lining uchini keksalik nuqsi urib, hiyla mo‘rtlashib qolgan chakkasiga tekizgancha, harbiychasiga salom berdi. So‘ng o‘rnidan turib yonimga keldi va so‘radi:
 -Ikki funtli dudlangan ajoyib kolbasaga tobingiz qalay?
 -Zo‘r-da, - javob berdim men.
 -Butun huzur-halovati bor-yo‘g‘i yigirma besh tsent bo‘ladi, o‘yin esa shanba kunlari o‘tkaziladi, - dedi u.
 Peshtaxta ustiga yigirma besh tsent qo‘ydim, chol menga siyohda 79 raqami yozilgan bir bo‘lak karton qog‘oz berdi.
 -Sizning o‘yin raqamingiz, - deb tushuntirdi u.
 So‘ng chaqani kiyimlari orasiga yashirib, ancha urinib qolgan shlyapasini chakkasiga chapanicha qo‘ndirdi va yemakxonani kutilmagan lutf bilan tark etdi:
 -Omon bo‘lgaysiz, janoblar!
 Derazadan u eski velospedining qulfini yechayotganiga ko‘zim tushdi. Keyin qadrdon ulovini yetaklagancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
 -Nechiga kirgan? –jeb so‘radim mayxonachidan.
 -Sakson oltiga.
 -Haliyam velosped minadimi?
 Mayxonachi boshini chayqadi:
 -Yo‘q. Lekin yo‘li juda gavjum joydan o‘tadi. Cholning nazariyasi bo‘yicha, velospedli odamni ko‘rish, yolg‘iz yo‘lovchini ko‘rishdan osonroq. Shunaqa. Ko‘chaning narigi tomonida u velospedini tag‘in qantarib qo‘yadi va ertasi kuni ertalab shu ulovi bilan ko‘chani yana ortiga kesib o‘tadi.
 O‘ylanib turdim-da, cholning fikriga qo‘shildim:
 -Rostan ham, kallasi ishlarkan.
 -Cholning kallasiga gap yo‘q, - dedi mayxonachi. – Misol uchun, mana bu lotereyani olaylik. Hammasini o‘zi tashkil qilgan. Fikrimcha, bir haftada shu yerning o‘zida u kamida yuzdan ortiq lotereya sotadi. Shuning o‘zi yigirma besh gulden degani. Shanba kuni kechqurin esa bor-yo‘g‘i bittagina kolbasa olishi kerak. O‘zingiz hisoblab ko‘ring.
 Men xayolimda tezda hisoblab tashladim.
 Har neki, juda foydali kolbasa ekan.
 -Lotereya o‘yinini ham cholning o‘zi, buning ustiga juda ustalik bilan o‘tkazadi, - deb so‘zamollik qildi mayxonachi. – Mabodo, mijozlaridan birortasi: “Har kuni lotereyangizni sotib olamanu yutug‘iga hech narsa chiqmaydi”, deb yozg‘irib qolgudek bo‘lsa, navbatdagi shanba kuni kolbasa albatta o‘sha mijozga nasib qiladi. Ishonmasangiz, qasam ichishim mumkin. Yutuq kimga chiqishini ham qariyaning o‘zi belgilaydi. Ko‘ribsizki, mijozi yana ikki-uch oy uning qo‘lida.
 Men ma’qul ma’nosida boshimni silkitdim va taxminimni aytdim:
 -Nima, chol tushmagir ilgari savdo sohasida ishlaganmi?
 -Qayda. Harbiy flotda xizmat qilgan. Ming yillar bo‘lgandir-ov, pensiyani ham o‘sha yerdan oladi. Bechoralar chol uchun qilayotgan xarajatning cheki yo‘q.
 Birdan ko‘chaning narigi tomonida kuymalanayotgan cholga ko‘zim tushib qoldi. U velospedini stoyankada qoldirib, yo‘liga ketdi.
 -Endi u uyiga yetguncha gavjum ko‘chani kesib o‘tmaydi, - dedi mayxonachi.
 Men qadahimga ishora qilar ekanman, yana chol esimga tushdi:
 -Boboga mening hisobimdan qadah ko‘tarishni taklif qilgandim, lekin negadir ichganini ko‘rmadim.
 -Chol bu borada ham ustamonlik bilan ish tutadi, - deb tasdiq ma’nosida boshini irg‘adi mayxonachi. – Bilasizmi, nima qiladi? To‘qsonni qoralab qolgan bo‘lsayam hali ancha tetik. Uni hamma siylaydi. Lekin qariya hech qachon bir kunda ikki qadahdan ko‘p ichmaydi. Qolgan siylovlarni men uning hisobiga yozib qo‘yaveraman.
 Mayxonachi kassa apparati ortidagi daftarchasiga qaradi:
 -Shunday qilib, sizning siylovingiz bilan qo‘shib hisoblaganda jami bir yuz oltmish yetti qadahga yetibdi.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjamasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.