Erkak cho‘chib uyg‘ondi. Soat millari uchni ko‘rsatib turardi. O‘rnidan turib, chiroqni yoqdi va oyna oldiga bordi. Avvaliga uyquli, so‘ng sekin–asta qahrli tus olgan go‘shtdor va so‘lg‘in yuziga uzoq tikilib turdi.
«Buncha zanchalish bo‘lmasam», deb o‘yladi. So‘ng shoshib kiyindi va uy bekasini uyg‘otib yubormaslik uchun botinkasini qo‘liga olganicha oyoq uchida zinadan tushdi. Beka uyg‘onib ketsa bormi, dunyoni boshiga ko‘tarib shang‘illashi tayin. Bunday janjallar naqadar jonga tegdi. Janjalu g‘alva esa uni har qadamda ta’qib qiladi. Ul-bul xarid qilish uchun do‘konga kirsa, o‘sha yerda ham uni tinch qo‘yishmaydi. Bunday paytlarda u o‘zini qo‘lga oladi. Qarshilik ko‘rsatishdan foyda yo‘q.
U botinkasini ko‘chaga chiqqandan keyingina kiydi. Oy bugun negadir har qachongidan yorug‘ edi. U askarlardek shaxdam qadamlar bilan yurib ketdi. Eng qisqa yo‘l unga ma’lum. Avval ko‘prik orqali ko‘chaning oxirigacha boriladi, so‘ng sohil bo‘ylab maydonga chiqiladi.
U maktabning eski binosi oldida to‘xtadi va mamnun jilmaydi. Negaki, darvoza oldida oy nuriga cho‘milgancha o‘g‘li turardi.
–Salom, Ger.
–Salom, otajon.
Ota-bola qo‘l ushlashib, tungi sayrga chiqdi.
–Onang tuzukmi? – deb so‘radi ota.
–Tuzuklar, otajon, – deb javob berdi bola.
- Anavi amaki–chi? Seni xafa qilmayaptimi?
- Yo‘q, otajon.
- Uni ota demagin xo‘pmi? – dedi erkak alamini arang ichiga yutib. – Chunki, u sening padaring emas. Shunday. Lekin, qo‘pollik qilma, gapiga quloq sol. Yo‘qsa onang ranjiydi.
Chorrahada ota-bola nimanidir kovlayotgan quruvchilarga duch keldi.
– Ko‘rdingmi, Ger, kanalizatsiya quvurini yangilashyapti, bunday ishlarni faqat kechasi bajarish mumkin.
- Qaranglar, yana anavi odam kelyapti, – dedi ishchilardan biri.
- Kim?
– Kim bo‘lardi, o‘zi bilan o‘zi gaplashadigan odam bor-ku, o‘sha. Labining qimirlashiga qara. O‘zicha kimnidir yetaklab ham olganga o‘xshaydi.
–O‘qishlaring qalay, Ger? Yana matematikadan oqsayapsanmi?– deb so‘raydi ota. Lekin bola, hozir ancha yaxshi, deb javob beradi. Faqat kasrlarga tushim o‘tmayroq turibdi. Hozircha. Otasi tushundim, degandek bosh irg‘aydi. Endi Ger otasini savolga tutadi: ishlaringiz, salomatligingiz yaxshimi? Shukr, yomon emas. Do‘xtirlar ancha xursand.
- Faqat shu do‘xtir deganlari meni o‘z holimga qo‘ysa edi, – deb og‘ir xo‘rsinadi ota. – Lekin ulardan qutulishning iloji yo‘q. Bu yerga ko‘chib kelganimga hali ikki oy ham bo‘lgani yo‘g‘-u, ular meni shu yerdan ham izlab topish payiga tushganini sezyapman. Menga qanday qilib bo‘lmasin, yana ziyon–zahmat yetkazishmoqchi. Qachon o‘z holimga qo‘yishar ekan, bilmayman. Maqsadlari meni go‘rga tiqish. Chidayman, hammasiga chidayman!..
Sayr uzoq cho‘zildi. Ular yana ishchilar xandaq qaziyotgan chorrahaga kelib qolishdi. Uzoqdagi minora soati bong urdi.
- Xo‘p, Ger, xayrlashadigan paytimiz bo‘ldi, – dedi u birdan butun vujudida og‘ir xorg‘inlik tuyib.
– Xo‘p, otajon.
– Mayli, bolam, ertagacha.
– Mayli, otajon. Ertagacha.
– Qaranglar, turvolib kimgadir qo‘l silkityapti, – dedi ishchilardan biri. – Murvati burab qo‘yilganga o‘xshaydi.
– Ko‘proq otib olgan bo‘lsa kerak.
– Qanqasiga otib olsin, kayfi borga o‘xshamaydi. Qadam tashlashi duppa-durust. Esi og‘ib qolgan. Hamma gap shunda.
Endi erkak uy sari shoshiladi. Xonasiga kirib yechinadi va ko‘rpaga burkanib oladi. Obbo, o‘g‘limdan tug‘ilgani kuniga nima sovg‘a qilishni so‘ramabman-ku, deb o‘ylaydi va jilmayganicha uyquga ketadi.
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
"Jahon adabiyoti" jurnali, 2014 yil 6-son.