OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Uyg‘onish (hikoya)

Professor bugun ham, odatdagidek, soat jiringlashidan sal oldin uyg‘ondi. «Chamasi, shuurimda ham o‘ziga xos soat paydo bo‘lganga o‘xshaydi», deb o‘yladi u uyqusiragancha krovatidan oyog‘ini osiltirib o‘tirar ekan. Mangulikning yangidan yangi lahzalarini qumursqadek tirishqoqlik bilan tinimsiz sanayotgan soat miliga tikilib qoldi. Soat qo‘ng‘irog‘i olamni boshiga ko‘tarmoqchidek butun vujudi bilan titrab-qaqshay boshlaganida professor tugmachani bosib, darhol sasini o‘chirdi. Ajab bo‘lsin! Ich-ichidan qandaydir mamnunlik tuydi. Qiziq, bu mamnunlikning boisi nima? Hokimi mutlaq bo‘lish ishtiyoqimi, birovni kamsitishdan, qiynashdan lazzatlanishmi yoki bolalarcha g‘o‘rlikmi? U masu’dlikning sururli onlaridan dili yayrab, yana xayol dengiziga sho‘ng‘idi.
-    Endi turish kerak, - dedi bir pasdan so‘ng.
 Ijirg‘anib o‘rnidan turdi va ko‘zgu qarshisiga keldi. «U baxt uchun yaralgan». O‘ta jo‘n va ma’nisiz ibora. «U baxt uchun yaralgan, lekin iqbol uni qirq yil burun tark etgan». Ensasi qotgancha oynaga teskari o‘grildi. Ko‘pchilik bunday iboralarning tag-zamini puch. «Masalan, u qush kabi yashaydi xo‘shhol, degan gapni olaylik. Bu nima degani? Qushday erkin yashaydi demoqchimi? Yo qushlar kabi yuksaklarga parvoz qila oladimi? Siz o‘zingiz kimsiz? Qush kabi erkin emasligingiz-ku aniq, albatta!»
 «Obbo! Yana aljirab ketdimmi? - deb o‘yladi professor. - Tezroq kiyinish kerak».
 U uzun homuza tordi. Kiyinish kerak!  
 «Galstukni bog‘lashda istiqbolga qatiy ishonch mujassam». Bu kimning gapi? Nitssheningmi? Yo‘q, mahalliy klassiklardan bo‘lgan qaysidir shoir aytgan. Kimligini eslashga harakat qildi, lekin topolmadi. Faromushlik pand bera boshladi. Hech narsa esida turmaydi. «Xotirasi pastlar qotib uxlaydi». Buni anavinaqa uchburchak shlyapa kiygan qaysidir frantsuz kardinali aytgan.
 U kecha oqshom varaqlagan kitoblar ish stoli ustida maxsus juranalga mo‘ljallab yozilayotgan va tugay deb qolgan maqolang yonida ochilib-sochilib yotardi. Professor maqolaning yakunidagi so‘nggi gapni o‘qidi va endi, kunning yorug‘ida anchayin keskin tuyilgan uchta so‘zni o‘chirdi. Tun – ilmiy tadqiqotlar uchun g‘oyat xavfli fursat: oyning aqldan ozdirish qudrati bor. Buni hatto itlar ham biladi. Osmonda oy paydo bo‘lishi bilan ular izillab uvlay boshlaydi. Yo oyni g‘ajib, biror bo‘lagini yemoqchi bo‘larmikan? Yana kim biladi, deysiz. Bemani gaplarga chalg‘imaslik kerak.
 Eshik qattiq taqilladi.
 -Professor! - dedi shang‘illab xizmatchi ayol. - Turdingizmi?
 -Yo‘q hali.
 -Sizni pastda bir talaba yigit kutib o‘tiribdi. Imtihon topshirmoqchi emish, - dedi ayol yozg‘irib. - Ertalab kel deb o‘zingiz aytgan ekansiz.
 Bu gapdan professorning xushi joyiga keldi.
 -Hozir chiqaman!- dedi u.
 -Talaba yigit yigirma minutdan beri kutib o‘tiribdi, -deb yana zahrini sochdi ayol va eshikdan nari ketdi.
 «Tovuqmiya, erkaksabzi», deb o‘yladi professor va o‘zining o‘xshatishidan mamnun iljaydi.
 So‘ng shosha-pisha yuvinish xonasiga o‘tib, yuz-qo‘lini yuvmoqqa kirishdi. «Yana shuncha vaqtim behuda ketdi, - deb ijirg‘andi u.- Men nega o‘zi yon daftar tutmayman? Yon daftar degan narsa shunday paytlarda joningga ora kiradi-da. Aslini olganda, bitta emas, ikkita yon daftar tutish kerak. Ikkinchisiga har kuni, «birinchi yon daftaringga qara», deb yozib qo‘yilmasa, yana hamma narsa paqqos esdan chiqadi-ketadi. Yuzini apil-tapil sochiqqa artdi. Bugun soqol olmagani ma’qul. Kiyinib, soatiga qaradi: talaba yigit yarim soatdan beri o‘z yog‘ida o‘zi qovrilib o‘tirgandir.
 «Bunchalar to‘nka bo‘lmasam!» deb o‘yladi professor zinalarni bir-bir bosib pastga tushar ekan. Yo‘lakdagi kiyimilgichga ko‘zi tushib, kallasiga ajoyib fikr keldi. Bordiyu o‘zini hozirgina ko‘chadan kelganday qilib ko‘rsatsa-chi? Harna, bu ham xijolatpazlikdan qutulishning bir yo‘li-da.
 U shosha-pisha paltoni yelkasiga ilib, boshiga shlyapa qo‘ndirdi va shaxt bilan dahlizga kirdi. Bunday hollarda aytiladigan odatdagi so‘zlar bilan dadil gap boshladi:
 -Uzr! Ming bor uzr! Shaharda bir oz ushlanib qoldim. Keyin, savil, tramvayni kutishimga to‘g‘i keldi...
 Uning gapi og‘zida qoldi. Tim qora kostyum kiygan yigit aqldan ozganday unga qarab angrayib turardi.
 -Nima bo‘ldi? Tinchlikmi? - dedi professor.
 -Yo‘q-yo‘q, hech nima, domla, - deb yutindi talaba. – Siz... haligi, nimagadir mening... paltom bilan shlyapamni kiyib olibsiz.
 
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
"Jahon adabiyoti" jurnali, 2014 yil 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.