Azizim Jamshid
Hozir qanchalik yolg‘iz ekanligimni bilsang edi. Bu yolg‘izlik qalbimni tub-tubigacha kemirib tashladi. Sen bilan bir-ikki og‘iz gaplashish ilinjida qo‘limga qalam oldim. Ro‘paramdagi ochiq derazadan dimog‘imga kashtan gulining isi aralash sening bo‘ying urildi. Tashqarida dengiz nimanidir aytolmaganday betinim shovullaydi. Yuragimda xavotir-tuzukmisan.
Nazarimda kunlar umuman o‘tmayotganday, hamma narsa o‘z joyida muallaq to‘xtab qolganday. Bilsang seni juda sog‘inganman.
Har kuni ertalab eshigim oldidagi pochta qutisiga shoshilaman. Sendan biror xat xabar bormikan deb. Hatto kechalari hovli eshigini ochiq qoldiraman. Sendan darak keltirganlar kirib o‘tsin deb. Ammo sendan na nom bor, na nishon. Kutsa ko‘zi qorayadi deb o‘ylarsan balki. Bo‘ldi-da endi kela qolsang-chi.
Har ikki gapingda eslaydiganing, bolalarcha quvnab o‘tloqda o‘ynashganlaring itimiz Charlining o‘lganiga ham ikki oy bo‘ldi. Uni orqa chorbog‘dagi quyoshning to‘lib botishini tomosha qilib o‘tiradigan toshli skameykamiz oldiga e’zozlab ko‘mdim. Esingdami o‘shanda quyosh bizdan uyalganidanmi yo suhbatimizga quloq solganidan hijolat chekkanidanmi rosa qizarib ketardi. Har safar shu skameykada o‘tirganimda o‘sha shirin xotiralar yodimga quyulib kelavaradi. Yo‘q men yig‘lamayman. Xursand ham bo‘lmayman. Faqat sening qaytib kelishingni kutaman xolos.
Ikkinchi qavatdagi «sariq» xona borku, sen yaxshi ko‘radiganchi-o‘shani hozir xitoylik talaba ijaraga olgan. Ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘lib turgan bu tahqirlangan xonadan rosti qo‘rqaman.
Men doim seni eslab «Garguri» valsiga tushaman. Kulguli tuyulayotgandir. Ha, topding sherigim yo‘q, ammo men hayolan qo‘llarim bilan seni tutganday bo‘laman.
Kecha Xelen bilan Lyuksemburg bog‘ini aylandik. Esingdami, uzun so‘qmoq bo‘ylab tizilgan qator qayinlar ikkimizni quyosh taftidan asragandek boshimiz uzra qo‘llarini qovushtirib turardi. Hozir ham xuddi o‘shanday. Sen bog‘ o‘rtasidagi yetti-sakkiz yoshlar orasidagi bolakayning jilmayib turgan haykalini, uning atrofidagi gala-gala kabutarlarni, quyoshdan rang olib kamalakdek tovlangan favvoralarni yaxshi ko‘rarding. O’shanda mendan: «Nimaga bu kabutarlar ayni shu yerda to‘planadi bilasanmi? Ular uzoq-uzoq yerlardan uchib kelib, bir-birlari bilan shu yerda tanishadi, sevishib, baxt lazzatidan butun borliqni unutadi»,-deganding. Agar bilsang men ham seni birinchi marta ayni shu yerda ko‘rgandim...
Biz Vils o‘rmonida tushgan rasm devorimda osig‘liq turadi. Sening rasmingga nigoh tashlagan paytim dilim taskin topadi. O’zimga o‘zim: «Yo‘q bu rasm meni aldamaydi»,-deyman. Lekin afsus bilmayman. Sen ham shu fikrdamisan yoki yo‘q...
Sen tug‘ilgan kunimga sovg‘a qilgan ko‘z oynagim singan o‘sha kechadan beri qalbim kutilmagan hodisadan darak berayapti. Bir-birimizni oxirgi marta ko‘rgan, menga Angliyaga ketayotganligingni aytgan o‘sha kuni qalbim seni juda uzoqlarga ketayotganligingni, hech qachon bir-birimizni qayta ko‘rolmasligimizni, seni nima qilib bo‘lsa ham to‘xtatib qolishim kerakligini aytgan edi. Nega shunday qilmadim-a? Bu qiynoqlar ich-etimni yeb qo‘ydi-ku.
Qo‘y endi. O’tgan narsa o‘tib ketdi. Agar senga qo‘pol xat yozgan bo‘lsam, buni sog‘inchim injiqligiga yo‘yib qo‘ya qol. Seni og‘ir ahvolga solgan bo‘lsam meni manzur tut. Ayb menda.
Xatimni o‘qib ulgurmay, parcha-parcha qilib tashlaysan shundaymi, Jimmi?
To‘g‘ri qilasan. Balki Londonda badavlat bir xurliqoni uchratgandirsan. Endi mening senga keragim yo‘q. Oh! Bu dunyolarga sig‘may ketayotganligimni bilsang edi. Bechora vujudim allaqachon adoyi tamom bo‘lgan. Suvratim but bo‘lsada, siyratim vayron...
Men Parijdan yakshanba kuni soat 8.35 da poezdga minib Kolega, sen o‘tgan joyga boraman. Bekatdan moviy rang dengizning mayin shamoli yuzlarimni ohista silab kutib oladi. Axiyri keldingmi deydi. O’sha payt olis ummonlar bag‘ridan sohilni ko‘rish ilinjida oshiqqan to‘lqinlar bor kuchi bilan bahaybat toshlarga urilib chil-chil bo‘lib tushadi. Umidlari sarobga aylanganidan afsus chekadi. Zorlanib oyoqlarim ostiga tiz cho‘kadi. Co‘nggi bor evrilib ortga qarayman... Alvido deyman. Alvido sog‘inchning unmagan chechaklari. Alvido.
Sodiq Hidoyat. Avdatning Jamshidga maktubi (romandan parcha)
Parij, 3 may, 1931 yil
Xodim tarjima qildi.