OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sofiya Kovalevskaya. M.Ye.Saltikov–Shchedrin (ocherk)

«Yana bir yulduz miltirab-miltirab ko‘zdan yo‘qoldi».
Yana bir yorqin nom asrimizning birinchi choragida Rossiyada tug‘ilib o‘sgan buyuk yozuvchilar safidan mangulikka yo‘l oldi. Bu nom o‘z Vatanida qanchalik mashhur bo‘lsa, xorijda ham shunchalik sevimli edi.
Shunisi qiziqki, yillar ham turlicha keladi – hosildor yoki bebaraka. Shunday omadli yillar keladiki, ulug‘lar tug‘ilaveradi, Yana shunday yillar bo‘ladiki – omadsiz! Rossiya janubidagi yaydoq kengliklar, yerlar egasidan so‘rab ko‘ring: U sizga yillar hech qachon biri ikkinchisiga o‘xshamasligini aytadi. Agar yoz quruq kelsa, yomg‘ir yog‘masa, jazirama kelsa, hammasi kuyib ketadi. Rossiyaning qora va to‘q mag‘iz tuprog‘i toshday qattiq qobiqlar bilan qoplangan. Unda hatto o‘rtacha hosilga ham umid yo‘q, kuzda esa mashaqqat bilan yerga urug‘ sochiladi.
Ba’zan omadsiz yillar qatorlashib keladi – birinchi yoz, keyingisi, uchinchisi, beshinchisi. Shunda chinakamiga xonavayronlik boshlanadi. Mamlakatni ocharchilik, qahatchilik va umidsizlik qamrab oladi. Nihoyat, kutilgan yaxshi yil kirib keladi, mo‘l-mo‘l yomg‘ir yog‘adi. Yer quvvatlanadi, kuchga to‘lib, mislsiz hosil beradi. Dalaga urug‘ sochsang bo‘ldi, qarabsanki, bir necha haftadan so‘ng yuz karra ortiq hosil seniki. Shunda bu hosilni yig‘ib-terib olish uchun Rossiyaning turli burchaklaridan ko‘ngilli ishlovchilarni chaqirib kelishga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatdagi barcha omborxonalar, ulardagi don-dun, g‘alla saqlanadigan joylar to‘lib-toshib ketadi. Hatto qaerga qo‘yishni bilmay qoladigan darajada ortiqcha bug‘doy tog‘lari ko‘tariladi. Xullas, mo‘l-ko‘lchilik baxtli yer egasining barcha omadsiz yillardagi yo‘qotishlarini bemalol undirib beradi.
Rossiya adabiyotining turli yillardagi yuksalishlarini yuqorida tilgan olingan manzara, holatga mengzash mumkin. Bizda uning tarixi hali unchalik uzun emas. U bugunga qadar bor-yo‘g‘i ikki yuzinchi yillikka borib taqaladi. Shunga qaramasdan, har qanday tadqiqotchi bu tarix yillarini qisqa vaqt ichida o‘rgansa ham kam hosilli va ayni chog‘da noyob hosildorlik o‘rtasidagi ziddiyatlardan hayratga tushmay iloji yo‘q. Bir-biriga bevosita o‘tmishdosh yoki 1825 yilning ortidan kelayotgan yillar daho yozuvchilar tug‘ilishi uchun atayin yaratilganday. Turgenev, Dostoyevskiy, Tolstoy, Nekrasov, Goncharov, Saltikov-Shchedrin va Krestovskaya xonim – tengqurlar o‘sha davrda dunyoga kelishgan, bir-biridan besh olti yosh farq qiladi.
Sanab o‘tilgan birinchi uchta nom Frantsiyada mashhur, qolgan to‘rttasi hali yetarli darajada ma’lum emas. Biroq Rossiyada bu nomlarni birlashtirib aytishga shu qadar o‘rganishganki, birontasi aytilmay qolsa, butun boshli safni tasavvur qilish mushkul. Chunki bu adiblar adabiy hayotimizdagi barcha davrlarda birdek xarakterli, ularni to‘kis qamrab turadi. Har birida o‘ziga xos yozuv uslubi bo‘lsa-da, ularni yaxlit umumiylik, yagona va qadrdon havo birlashtiradi. O‘ylaymanki, buni tushunish oson. Ular bir davrda, bir madaniy-ijtimoiy muhitda o‘sib-ulg‘ayishdi.
Ayni paytda ularning adabiy faoliyati tugallanganday ko‘rinayotgandir. Negaki, Turgenev, Dostoyevskiy, Nekrasovlar bu dunyoni tark etishdi. Goncharov va Krestovskayalar yaqin yillar ichida arzirli asarlar yaratishmadi. Tolstoy adabiyotdan yuz o‘girganday, faqat ertaklar, falsafiy maqolalar yozmoqda.
Faqat Shchedrin hayotining so‘nggi damigacha ijodiy qudrat va yaratuvchanlik hissini o‘zida saqlab qoldi. Holbuki, u anchadan buyon og‘ir kasallikdan azoblanardi. O‘limgina uning zaharxanda va kinoyali ovozini o‘chirdi, tindirdi. Ehtimol, davrimizdagi erkin fikrni himoya qilishga chog‘langan, xudbin kayfiyatlarni qamchilagan yagona til bo‘lgandir, chunki bunday kayfiyat va holatlar rus jamiyati va adabiyotini shitob bilan qamrab olayotgan edi.
Chuqur va bo‘lishib bo‘lmaydigan qayg‘u – butun Rossiyaga Saltikovning vafot etganligi haqidagi xabar yoyildi. Uning tobuti ortidan ulkan olomon oqib, minglab gulchambarlar silkinib-silkinib boradi. Bu gulchambarlar Rossiyaning eng olis go‘shalaridan yuborilgan, hammasi ulug‘ adibning qadri qay darajada bo‘lganligini belgilaydi, guvohlik beradi. Uning o‘rni naqadar bilinayotganini sezdirib o‘tdi.
Shchedrin chindan ham safdoshlari orasida o‘zining alohida o‘rniga ega. U bir o‘zi Rossiyada juda ko‘p uchraydigan holatlarni o‘ziga singdirdi – tanqidiy fikrlarning erkin yolqinlari. Uning ko‘plab asarlari frantsuz tiliga o‘girilgan bo‘lsa-da, Frantsiyada uni Turgenev, Tolstoy, Dostoyevskiylarday kutib olishmadi. Chet elliklarning o‘z vatanida o‘ta mashhur bu adibga bunday sovuqqonlik bilan qarashlari boisini, o‘ylaymanki, ikkita asosiy sababi bor. Eng avvalo, bu – asarlarining janri.
Shchedrin turli-tuman badiiy xususiyatlarni o‘zida ifodaladi, jamladi. U ijodini she’r yozishdan boshladi. Uning «Janob Golovlyovlar» romani shuni tasdiqladiki, unda, shubhasiz, katta romanchilikka zamin bor edi: Tirik va o‘tli tasavvurlar, personajlarni butunicha ilg‘ab olish, xarakterlar tahlilidagi katta aniqlik. Shuning barobarida Saltikovning haqiqiy janri – fantastika bilan sug‘orilgan Rable monand satira bo‘lib qoldi. Bu janr boshqa janrlarga qaraganda o‘zi tug‘ilib o‘sgan tuproqqa chuqurroq bog‘langan edi. Ko‘z yoshlar hamma joyda ham bir xil to‘kiladi, ammo har bir xalq o‘z yuzi bilan kuladi. Shuning uchun ham Rable, avvalo, frantsuzlar uchun juda tushunarlidir.
Rossiyada Frantsiya adabiyotining bor go‘zallik va latofatini o‘ta noziklik, hayrixohlik bilan qabul qilishdi. Ko‘p hollarda Frantsiya adibining o‘ziga xosligi bizda avvalroq, yorqinroq ko‘ringan, tan olingan. Xo‘sh, nima bo‘pti! Hatto Rossiyada Rableni to‘g‘ri tushunadigan odamni topish qiyin kechadi.
Shchedrinni chet elliklar osonlik bilan tushunib ololmayotganligining yana bir sababi – adibning tili. Buni uning o‘zi uqtirib o‘tganidek, o‘zgacha, alohida «ezop» tilidir. U bu tildan foydalanishga majbur edi. Shuni unutmaslik lozimki, Shchedrin rus tsenzurasining temir iskanjalari mavjud davrda ijod qildi. U yozuv stoliga o‘tirib, qo‘liga qalam olib, yozishga kirishsa, o‘sha ondayoq ko‘z oldiga tsenzuraning qizil qalami uning qo‘lyozmalari ustidan qanday yugurayotgani kelardi.
Uzoq hayotiy tajribalar Shchedringa bu dahshatli qalam tig‘idan qanday qilib saqlanishni, aql bilan ish tutib, o‘zini asrash yo‘llarini o‘rgatdi. Adib oddiy, xalqona zaharxanda fojiaviy kulgini shu qadar yengil, samimiy qorishtirib yuborardiki, shu kulgi ostidan uning qaysar fikr, tuyg‘ulari qalqib chiqar, bu fikrlarni yashirin, pardalab berishni ham uddalardi. U fikrini ochiqdan- ochiq aytmasdan turib ham uni tushunib olishlariga undardi.
Yozuvchi har qancha epchil va uddaburon bo‘lmasin, bunday yozish uslubiga kitobxon tayyor bo‘lmasa, bu qalamning kuchi bo‘lmaydi. Rossiyada esa satrlar aro o‘qib olishlari nechog‘ hayratli! Omma va sevimli adib o‘rtasida ko‘z ilg‘amas, sirlidan-sirli bir-birini anglash rishtalari bog‘langanday edi.
Shchedrinning yozish uslubi eng yaxshi hikoyalaridan hisoblanmish «Og‘riqli yer» misolida ko‘rinadi. Bu – o‘g‘li tomonidan jazolangan izquvar tarixi. Nima ish qilayotganini deyarli tushunmaydigan izquvarni tasavvur qiling. Kambag‘al, qo‘rqoq, bolaligidan boshqalar oldida belini bukib, egilib yurguvchi, shu muhtojlik tufayli maxfiy politsiya xizmatiga kirgan izquvar birinchi ish kunidan boshlab, boshliqlar buyrug‘ini ko‘r-ko‘rona bajarishga mahkumligini his etadi. Unga izquvar bo‘lishni buyurishdi, bu vazifani qarshilik ko‘rsatmay, tirishqoqlik, itoatkorlik bilan qabul qildi, boshlig‘ining har bir topshirig‘ini bajardi. Aslida, u beshafqat emas edi, aksincha, yuragining tub-tubidagi mehr shu qadar ko‘p ediki, undagi nazokatdan hayratlanasiz.
U shug‘ullanayotgan jirkanch ish o‘zida ham noxushlik uyg‘otadi, ko‘nglini aynitadi. Biroq u bu ishga, bo‘ysunishga shunday kirishib ketgan ediki, bora-bora bunday ko‘ngil aynashlarni mutlaqo ixtiyorsiz harakat qabilida qabul qilar; buni o‘zining zaif tomoni deb bilar, ayni paytda, ularni yengish va bosib o‘tishga bor kuchi bilan intilardi: «Qodir xudo, agar har bir bo‘ysunuvchi boshlig‘ining buyruqlarini muhokama qiladigan bo‘lsa, nimalar qilmaymiz, qaerlarga borib kelmaymiz!»
Kunlarning birida u o‘zi kabi qashshoq, yetim, itoatkor va hurkak qizni uchratib qoladi. Unga uylanadi, o‘zlaricha – birovga hech narsa bildirmay, ko‘rsatmay, jimgina yashay boshlashdi. Faqat ularni hamisha bir dahshatli his ta’qib etardi: allaqanday xavf va yovuz kuch kutilmaganda kirib keladi-yu, ularni parchalab tashlaydi go‘yo.
Er-xotin intiqlik bilan ko‘p yillar farzand kutishdi. Nihoyat, o‘g‘il tug‘ildi. Bu bola otaning borlig‘iga aylandi, uni ko‘z qorachig‘iday asrashga kirishdi. Shunisi g‘alatiki, ota bolasiga bog‘lanib borgani sayin unda o‘z ishiga nisbatan nafrat o‘sib bordi. Shunga qaramay, u o‘z ishini sidqidildan ado etibgina qolmay, faollashdi. Har bir ishni aytilganidan, kutilganidan ham ziyoda bajarardiki, bu o‘zini ham xayron qoldirardi. Bir safar o‘ta xavfli jinoyatchi ortidan tushib, uni qo‘lga tushirdi. Buning uchun katta pul mukofotiga ega bo‘ldi. Avvaldan yig‘ib yurgan mablag‘iga qo‘shib, bitta qilib tugib qo‘ydi. Bu paytga kelib, o‘z ishiga nafrati shu qadar oshdiki, mana shu kutilmaganda kelgan puldan foydalanib, nafaqaga chiqib, o‘zini butunlay oilasiga bag‘ishlamoqqa qaror qildi. O‘g‘li va xotinini olib, olis viloyatlardan biriga yo‘l oldi, katta, quyuq yam-yashil bog‘ orasidagi kichkina uyda yashay boshlashdi.
Bu yerda ular xotirjam, hurmat-ehtiromda edilar. Ota yolg‘iz o‘g‘liga yuragida yashirinib yotgan eng aziz tuyg‘ulari, mehrini tutar, uning hayoti bilan yashar, bo‘yiga qarab bo‘yi, ko‘ngliga qarab ko‘ngli o‘sardi. Farzandini o‘ylar ekan, qalbi g‘urur va yuksak orzularga to‘lib ketar, bunday hislar avval unda tug‘ilmaganini, bo‘lmaganini, bunday baxt uning bolaligi va hayotiga nasib etmaganini bilar, qalban tuyardi. U o‘g‘lining o‘qimishli inson bo‘lib yetishini istardi, yo‘li hamisha oydin bo‘lsa, derdi. O‘g‘li har kim ham ezib tashlashi mumkin bo‘lgan chuvalchang bo‘lib qolmasligini uqtirardi. Zero, buning nimaligini u boshidan o‘tkazgan edi.
Ba’zan izquvarga og‘ir o‘tmishining xotiralari qaytib kelar, jirkanch, manfur hissiyotlardan ko‘ngli behuzurlanardi. Shunda u bot-bot o‘zini-o‘zi oqlamoqchiday: «Nima uchun men o‘zimni ayblashim kerak? Agar u ko‘p odamlarning o‘limiga sababchi ko‘r-ko‘rona ishlatilgan qurolga aylangan bo‘lsa, – ayb unga qo‘yilmaydi. Bu odamlar hukumatga qarshi fitna uyushtirishgan. Uning boshlig‘i fitnachilar ortidan kuzatishni buyurgan. U faqat o‘z ishini bajardi, xolos. Ularning sirlarini ochib, bu haqda hukumatga xabar berib turdi, boshiga tushgan tashvishga uning aloqasi yo‘q, buyog‘i – boshliqlarning ishi», – derdi.
Ammo bunday quv o‘ylar, mulohazalar uni zil-zambil xayollardan, qo‘rqinchli xavfdan asrab qololmasdi. Bir kun kelib, o‘g‘li barisidan xabardor bo‘lib qolishidan qo‘rqardi.
Kunlarning birida u tasodifan eski xizmatdoshlaridan birini uchratib qoladi. Uyiga taklif qilmasa-da, tanishi so‘rab olganday mehmondorchilikka boradi. Mehmon ichib olgach, o‘tmishini eslay boshlaydi: «Yodingdami, otaginam, 1871 yil bizga qanday omad keltirganini? Eslasam, kulgim qistaydi. Eh, biz ularni shunday tutib oldikki!...
Izquvarning ulg‘ayib qolgan o‘g‘li beg‘ubor ko‘zlarini katta-katta ochib, tinglaydi, qarashlari qat’iy va qiziquvchan. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan ota bolasini qanday qilib turg‘izib yuborishni yoki bu ahmoqning ovozini o‘chirib qo‘yishni bilmaydi; yuragi chidab bo‘lmas uyat va dahshatli umidsizlikka to‘lib ketadi.
Biroq bu safar bola hech narsani anglamadi. Lekin yillar o‘tib, bola balog‘atga yetdi. Onasiga tortdi yigit – mehribon, nozikta’b va yuvvosh, anchayin g‘amg‘in va xayolparast, biroq o‘ta qobiliyatli. U mehr va e’tibor og‘ushida erkin o‘sdi, otasini juda yaxshi ko‘radi, ilmli bo‘lmoqchi. O‘n yetti yoshga to‘lgach, Peterburg universitetida o‘qishni davom ettirish istagi borligini otasiga aytadi. O‘g‘lining so‘zini sindirolmagan ota bunga rozi bo‘lishga bo‘ladi-yu, yuragi yashirin qo‘rquv, katta xavf bostirib kelayotganini sezadi.
Chindan ham muqarrar halokat ko‘p kuttirmadi – portladi. Otasining nomi Peterburgda haliyam nafrat va qo‘rqinch ichida tilga olinar, uni butunlay unutishmagan edi. Yosh yigit universitetga o‘qishga kiradi, ozgina vaqt o‘tar-o‘tmas u sobiq izquvarning o‘g‘li ekanligi ochilib qoladi; o‘rtoqlari ichida otasi sotgan odamlarning bolalari ham o‘qirdi.
Qish kunlarining biri. Bechora iste’fodagi izquvar bamaylixotir o‘z burchagida mudrab o‘tirar, o‘g‘lining kelajagini orzulardi. Shu payt o‘g‘li qarshisida paydo bo‘ldi. Kutilmaganda, hech kimni ogohlantirmasdan, hech kimga bildirmasdan Peterburgdan qaytib kelgan o‘g‘ilning birinchi savoli:
– Eshitganlarim rostmi, ota?! – deya so‘radi. Nima ro‘y berishini anglab yetish uchun bolasining garangsib turgan yuziga qarashning o‘zi kifoya edi.
«Mana, – mening hakamim!» deb o‘yladi u o‘g‘lining titrab turgan beg‘ubor tuyg‘ulari qarshisida. U o‘zini oqlashga o‘tdi; uzoq yillar xayolida, yuragida yetilib turgan o‘ylari, isbotlarini bayon eta boshladi. U bu azobli lahzalar bir kuni albatta kelishini his etib yashar, o‘zini shunga tayyorlab yashayotgan edi.
Biroq bironta so‘zi o‘g‘liga zarrachayam ta’sir etmadi. Bu o‘g‘lining yuzidan beixtiyor qalqib chiqayotgan yengib bo‘lmas nafratdan ko‘rinib turar edi. Shunda baxtsiz ota so‘zlashdan to‘xtab, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi. O‘g‘il otasini ortiqcha ayblashga jur’at etolmadi.
Endi o‘g‘il nima qiladi, bundan keyin qanday yashaydi? Universitetga qaytolmasligi aniq – do‘stlarining haqoratlarini ko‘tarolmaydi. Ulardan biri xat yo‘llab, qaytishga undaydi: «Hali hammasi joyiga tushib ketadi, – deb yozadi u. – Bolalar otasining jinoyatlari uchun javob berishmaydi, ammo senikiga o‘xshash otaning farzandi bo‘lish baxtsizlik keltirsa, undan yuz o‘girishadi – tamom-vassalom. O‘zing tushunasan, izquvar otang bilan munosabatlaring yaxshi bo‘lib qolar ekan, senga o‘z-o‘zidan hech kim ishonmaydi. Sen uni tark etsang, aloqangni butunlay uzsang, quchoq ochib kutib olamiz».
O‘z otasidan voz kechmoq! Axir, uning otasi shu qadar samimiy, mehrli, sadoqatli, eng og‘iri – aybdor hamki, shu tufayli qanchadan-qancha bolalar otasiz qoldi! Bizning qahramonimiz hech qachon bunday qilolmaydi. Boshqa tomondan qaraganda, fikrdosh, maslakdosh do‘stlarining nafrati, sovuq qarashlarini bir umrga yengib o‘tolmaydi.
Baxtiqaro yigit bu mushkul vaziyatdan chiqishning yagona yo‘lini tanlaydi: o‘z yuragiga o‘zi o‘q otadi. Otasiga bir necha sovuq vido so‘zlarini yozib qoldiradi-da, bu dunyoni tark etadi. Sobiq izquvar butunlay yolg‘izlanib qoladi. Uning aybi tufayli o‘g‘li qo‘ygan bu qaltis qadam og‘riqli yerini o‘rtab yuboradi.
Shchedrin bizga ana shunday qayg‘uli voqeaning sahifalarini bir-bir ochib berdi. Buni butun Rossiyaga so‘zlab berish uchun ozmuncha urinmadi, ozmuncha ter to‘kmadi. U asarini men aytib berganimdan boshqacharoq tarzda bayon etishga majbur edi. Bu yo‘lda bor imkoniyatlarini ishga soldi. Adib butun hikoya davomida «izquvar» va «maxfiy politsiya» so‘zlarini qo‘llamaydi. Bosh qahramonning ishi haqida mavhum va sirli gapiradi. Biroq tub mohiyatini anglab yetishda rus kitobxoni, hatto chalasavod odam ham adashib ketishi mumkin emas. Kitobxon hikoya izquvar tarixidan olinganligini tezda bilib oladi. Otaning ishi sirli jinoyatlarga bog‘langanligiga hech kim shubha qilmaydi.
Tasavvur qiling, bu hikoya frantsuz tiliga hech qanday izohlarsiz, boshlang‘ich tushunchalarsiz tarjima qilingan. Bunday holatda o‘nta imkoniyat bittasiga qarshi kurashadi – kitobxon hech narsani tushunib yetolmaydi.
Jyul Lemetr o‘zining « Teatr taassurotlari» da Lui Lejandr tomonidan frantsuz sahnasi uchun Shekspirning «Yo‘q joydan chiqqan “G‘avg‘o» pesasi xususida hayratlanib yozishicha, aniq fikrlaydigan kishilar hamisha o‘zlarini Shekspirga moslab olishlari to‘g‘ri ishdir. Men-ku, Lemetrning Shekspirga nisbatan aytgan fikri, munosabati bilan kelisholmayman, lekin ishonamanki, shunday ijodkorlar borki, bilsangiz, undaylar ko‘plab topiladi, ularning fikrlari, ayni paytda, kitobxonlar qiziqishlari ham chet elliklarga Lemetr tili bilan aytganda, «aniq fikrlaydigan odamlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmasa va izohlab berilmasa», yetib borishi mushkul.
Shchedrin, shubhasiz, ana shunday adiblar sirasiga kiradi. Uning hikoyalari, satira va ertaklarini o‘qib, meni hayajonga solganlarining birontasi frantsuz tiliga ko‘ngildagidek tarjima etilganini ko‘rmadim, topolmadim. Bironta frantsuz tarjimoni uni biz kabi tushunib, butunicha yurtdoshlariga yetkazolsa, o‘zimni baxtli hisoblardim. Negaki, Shchedrinning bunga haqqi bor, arziydi. Chunki u umri davomida bu mamlakatga katta ehtirom ko‘zi bilan qaradi, ma’lum ma’noda o‘zining ma’naviy vatani deb bildi. Rossiyaga kirib kelgan frantsuz adabiyoti va g‘oyalari adibning qobiliyati yuksalib, siyosiy qarashlarining o‘sishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Shchedrin o‘z adabiy faoliyatini boshlagan kezlar (1847) barcha yosh rus ziyolilari Frantsiyaga havas qilishardi.
Bu haqda adib o‘zining «Xorijda» nomli maqolasida fikrlarini tazarru yoki tarjimai hol sifatida bayon etadi: «Bu paytda men endigina maktab partasini tark etgan, Belinskiy maqolalari ruhida tarbiyalangan edim. Tabiiyki, g‘arbliklarga yondoshdim. Faqat (o‘sha davrda adabiyotda yagona nufuzli hisoblangan) nemis falsafasiga ko‘ra holatlarni ommaboplashtirish bilan shug‘ullangan ko‘p sonli xorijliklar singari Frantsiyaga beixtiyor yopishib olgan to‘garaklarga kirib ketmadim. Ya’ni, Lui Filipp va Gizosi bor Frantsiyaga emas, balki Sen-Simon, Kaabe, Fure, Lui Blan, ayniqsa, Jorj Sandli Frantsiyaga intildim. U tomonlardan biz tomonlarga insoniyatga bo‘lgan ishonch quyilib keldi, ul shu’lalardan angladikki, «oltin asr» ortda qolib ketmagan, aksincha, oldimizda... Bir so‘z bilan aytganda, barcha ezguliklar, orzu-istaklar, mehr-muhabbatli tuyg‘ular – o‘shal yoqdan kirib keldi.
Rossiyada, aynan Peterburgda ham biz mavjud edik, xolos. O‘sha davr iborasi bilan aytganda, – «yashardik». Biroq biz ruhan va ma’nan Frantsiya bilan birga edik... Gizo va Dyushatel va Ter – bizga ham dushmanday (to‘g‘ri, L.V.Dubbelt undan-da xavfliroq) edi. Ular odamlarning yutuqlaridan kuyib ketar, omadsizliklaridan quvonardilar. Saylov islohotlari foydasiga xizmat qiluvchi targ‘ibotlar, bu o‘rinda Gizoning balandparvoz nutqlari, fevral ziyofatlari kecha bo‘lib o‘tganday xotiramda jonlanadi».
Saltikov 1826 yilda boy yer egasi oilasida tug‘ildi, otasining bir necha ming dehqonlari bor edi.
Ko‘p hollarda o‘g‘illarga aynan onadan intellektual va ma’naviy fazilatlar o‘tadi – mashhur kishilarga ajoyib onalar nasib etgan. Bu borada Saltikovning qismati Turgenevning qismatiga o‘xshash. Ikkalasining onasi ham kuchli, irodali, ayni paytda, bolalarni qattiqqo‘llik bilan tutuvchi onalar sirasiga kirgan. Bolalarni azoblagan, ular yuragida uyg‘ongan alamli xotiralar adiblar asarlariga singib borgan. Turgenevning onasi qanchalik talabchan, qattiqqo‘l, hatto xayolparast, hamma unga bo‘ysungan bo‘lmasin, u bebaho fazilatlarga ega bo‘lgan. Bu ayol aniqlikni yaxshi ko‘rgan, oqsuyaklik xislatlarini saqlab qolgan.
Saltikovning onasi esa «boy xotin», amaliyotchi, ammo ma’nan qashshoq edi. Boyib borgani sari tejamkorligi ziqnalikka aylanib ketgan, bu – oilasi va dehqonlari uchun og‘ir hayot yaratib berdi. U har qanday qulaylik va farovonlikni turmush tarzidan chiqarib tashladi, hayotining mazmuni faqat boylik yig‘ish bo‘lib qoldi.
Adibning bolalik va o‘smirlik yillarida krepostnoylik huquqi yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan bo‘lib, asarlarida bu ayanchli tizim xotiralari muhim o‘rin egallaganligiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Turgenev va boshqa ko‘plab yozuvchilar o‘z asarlarida ezilgan dehqonlar hayotini yorqin bo‘yoqlarda ko‘rsatishgan bir davrda Saltikov krepostnoylik huquqining oliy tabaqa sinfiga olib kirgan fojiaviy va tahqirli ta’sirlarini ko‘p va xo‘b yozdi. Shu nuqtai nazardan uning «Janob Golovlyovlar» asari alohida ahamiyatga ega.
Shuningdek, «Rugon – Makkarlar» romani « bir oilaning tabiiy va ijtimoiy tarixi» tagsarlavhasi ostida ko‘z oldimizda uch avlod yer egalarining axloqiy tanazzullari, halokati, merosxo‘rlik qonuniyatlari, nosog‘lom kuch ta’sirlari, ko‘rinishlarini chizib beradi.
Bu roman xususida so‘z ketganda, men uning Zolya asarlariga o‘xshashlik tomonlari va jihatlarini chetlab o‘tolmayman. Zolya asarlarining simvolizmi haqida ko‘p aytildi. Uning har bir asarida nimadir jonsiz, ayni chog‘da yunon tragediyalaridagi kabi ma’lum ma’noda asarni to‘ldiruvchi pishiq obrazlar, ramzlar uchraydi. Buni «Abbat Mure jinoyati»dagi – bog‘, «Jerminal»dagi – mina, «Orzu»dagi – sobor yaqqol dadildir. Ayniqsa, «nimadir» asar qahramonlari bilan shu qadar nozik bog‘langanki, hayratga tushasiz. Ya’ni, o‘sha «nimadir» oldindan qahramonlarning yashash tarzi, qochib bo‘lmas va tuzatilmas holatlarini ko‘rsatib beradi.
Rus adibida ham shunday simvolizm yashaydi. Bu – Golovlyovo; Golovlyovlar oilasining merosi – qo‘rg‘on. U asardagi qaltis va mudhish kuchga ega. Bu qadimiy uy keng, hashamatli, tund. Uning qattiq-qattiq toshlari atrofdagi dehqonlarning g‘arib kulbalarini ezg‘ilab tashlaydi. Aynan shu qo‘rg‘on – krepostnoylik tizimi ifodasi.
Golovlyovlar oilasidagi har bir a’zoni o‘z domiga tortuvchi bu qo‘rg‘on tavqi la’natga uchragan. Qullarning mashaqqatli mehnati evaziga Golovlyovlar boyligiga boylik qo‘shilib; yerlari kengaygandan kengayib boradi. Biroq bularning hammasi nima uchun kerak? Bu la’natlangan uyning to‘rt devorlari ichida bir avlodning ortidan ikkinchisi ayanchli tarzda halokatga yo‘liqib, yo‘qlikka yo‘l oladi.
«Ishlarimiz juda yaxshi! Golovlyovo hammamizni yeb bitiradi! Hech kim bundan qochib qutolmaydi!» –Bu baxtsiz oilaning eng so‘nggi nasli, avlodi Anninkaning iztirobli xitoblari. U son-sanoqsiz bobolari, amakilari, qarindoshlarini sanay boshlaydi. Ular Golovlyovoni bir-biridan tortib olishgan, shu yerda umrlarining oxirgi kunlarini kechirishgan. Kimdir o‘z joniga qasd qilib, kimdir oq bezgakdan, kimdir aqldan ozib, bu dunyoni tark etishgan.
Bu betakror roman Saltikov ijodida muhim o‘rin egallaydi. Uning boshqa asarlarida mansabdorlarning axloqiy, urf-odat jihatlariga katta urg‘u berilgan. Adibning hayotiy tajribasidan kelib chiqsak, unga rusning ulkan buyruqbozlik, qog‘ozbozlik mashinasidagi eng mayda qism, bo‘laklarigacha juda tanish.
Shchedrin Sarskoselskoe litseyida tahsil oldi. Bunday o‘quv yurtlari mashhur shaxslarning xotirasi, nomi bilan uzviy bog‘langan. Inchunun, ulug‘ Pushkin nomi asraguvchi daho sanaladi. Buni har bir tarbiyalanuvchi qalbida g‘urur bilan his etib turadi, shoir ruhi va she’riyatining balandligi har qadamda seziladi. Tarbiyalanuvchilar orasida she’r yozib ko‘rmaganlari juda kam. Saltikovni ham bu holat chetlab o‘tmadi. Litseyni bitirgan yili u kichik hajmdagi lirik to‘plamini bosmadan chiqardi. Bu she’rlar litsey davrida yozilgan, oddiy, o‘rtacha darajada edi. Muhimi, u tez fursat ichida lirik she’riyat qismati emasligini anglab yetdi. Onasining talabiga ko‘ra ichki ishlar vazirligida kichik amaldor vazifasida ishlagan paytlarida ham uning adabiyotga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nmadi, aksincha, o‘ziga xos asarlari dunyoga keldi.
Shchedrin taxallusini ilk bora adib 1848 yilda chop etilgan «Chalkash ish» hikoyasida qo‘lladi va undan bir umr ayrilmadi. Bu taxallusda ulug‘ so‘z san’atkorining ruhi saqlanib qolgan. Rossiyada katta shuhrat qozongan bu hikoya kichik amaldorlarning qayg‘uli taqdirini bayon etadi. U ayni matbuotga temir cheklashlar o‘rnatilgan paytda maydonga chiqdi.
«Frantsiyada harakatlar boshlanishi bilan, – deb xotirlaydi Saltikov, – bizda ham siljishlar ko‘zga tashlandi: rus adabiyotidagi xavfli, zararli deb hisoblangan jihatlarni ko‘rib chiqish maqsadida maxfiy qo‘mita ta’sis etildi». Qo‘mita «Chalkash ish»ning muallifini tezda ilg‘ab oldi. Oqibatda, adib Vyatkaga surgun qilindi. Bu shahar Sibir chegarasida joylashgan. Shu yerda uni adabiy muvaffaqiyatlar kutib turardi. Oradan yetti yil o‘tib, –1855 yil Nikolay vafotidan so‘ng Aleksandr II ning taxtni egallashi Shchedrinni Peterburgga qaytib kelishiga imkon yaratdi.
U g‘azabga uchragan bo‘lsa-da, Vyatkada ham kichik amaldor vazifasida ishladi. Uzoq viloyatdagi bu majburiy xizmat yoqimli bo‘lmasa-da, o‘z izini qoldirdi. Adib barcha dahshatlarni ochiq ko‘z bilan, yuzma-yuz ko‘rdi. Buyruqbozlik va qog‘ozbozlik tizimining shafqatsizligini yuragidan, boshidan o‘tkazdi.. Bular viloyatlarda butunlay yalang‘och, ro‘y-rost ko‘rinib turar, eng ayanchlisi – Peterburgdagilar har qanday qulaylik va farovonlik viloyatlar uchun shart emas deb hisoblashar, bu masalaga shu taxlit yondashar edilar.
Poytaxtga qaytgach, Saltikov qizg‘in ijodga sho‘ng‘ib ketdi. «Guberna ocherklari» nomli asarini nashr ettirdi. Bu asar uni birinchi raqamli rus adiblari safiga qo‘shdi.
Shchedrinning satirik asarlari orasida «Bir shahar tarixi» betartib, shovqinli rus imperiyasi qiyofasini yaqqol ochib berolgan asardir. Shubhasiz, bu asar bugungi va kelgusi avlodlarda ham qiziqish uyg‘otadi. Asar qahramonlari kitobxonga satirik ilhom baxsh etadi, bu ilhom yengilmas kuchdir. Bunda adibning barcha ishoralari tushunarli va qadrlidir.
Uning boshqa asarlariga nisbatan bunday deb bo‘lmaydi. Saltikovning deyarli har bir satriga shuncha yillar o‘tib ham hatto Rossiyada izoh talab etiladi. Shu boisdan uning mashhurligi aziyat chekmoqda. Obrazlardagi o‘zgaruvchan boshqaruv satirik adibning fikrlariga sanchilib turadi.
Biroq uning nomi hammavaqt Rossiya bilgan nafaqat ulug‘ pamfletchi, balki fuqaro sifatida ham yashab qoladi. Bu shunday fuqaroki, qalami bilan, so‘zi bilan erkin fikrni bo‘g‘uvchi sitamgarlarga shafqat qilmagan, tinchlik bermagan.
Shchedrin o‘z davrini his etib, unga hamisha hamqadam umr kechirdi. Gertsen topib aytganidek: «Kimki o‘z davri ruhi bilan nafas olgan bo‘lsa, bilingki, u barcha davrlar uchun ham yashagan».

1889 yil, iyun, Parij
Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.