OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Somerset Moem. Malla (hikoya)

Kema kapitani qo‘lini shimining cho‘ntagiga tiqdi va semizligiyu shalvarining cho‘ntagi old tomondaligi sababli bir amallab kumush soatini chiqardi. U avval soatga, keyin botayotgan quyoshga qaradi. Shtur- valdagi kanak unga ko‘z qirini tashladi, lekin hech nima demadi. Kapitan o‘zlari yaqinlashib borayotgan orolga tikildi. Ko‘pikning oppoq uzun izi suv ostidagi qoyatoshlardan darak berardi. Kapitan ularning orasida kema sig‘adigan kenggina o‘tish yo‘li borligini bilar, orolga yana bir oz yaqinlashilsa yo‘l ko‘rinadi, deb o‘ylardi. Kun botishiga bir soatcha vaqt qolgandi. Ko‘rfaz chuqur, kema bemalol langar tashlay olardi. Oroldagi kokos daraxtlari orasidan allaqachon ko‘rinish bergan qishloq oqsoqoli kapitanning yordamchisi bilan qalin do‘st edi, shuning uchun kun botmay qirg‘oqqa chiqishni hamma orziqib kutayotgandi. Kapitan yoniga kelgan yordamchisiga o‘girildi.
– Bir shisha aroq olib tushamiz-da, raqqosa qizlarni chaqiramiz, – dedi u.
– O‘tish yo‘lini topolmadim, – dedi yordamchisi.
Yordamchisi nimasi bilandir Rimning so‘nggi imperatorini eslatib yuboradigan, to‘ladan kelgan, istarasi issiq qoramag‘iz kanak edi.
– Shu atrofda kema o‘tadigan yo‘l borligi aniq, – dedi kapitan dur- bindan qarab. — Nega ko‘rinmayapti, hayronman. Yigitlardan birortasi machtaga chiqib qarasin-chi.
Kapitanning yordamchisi dengizchilardan birini chaqirib unga buyurdi. Xo‘jayin kanakning tepaga chiqib xabar berishini kutdi. Lekin kanak ko‘pikning uzundan-uzoq izidan bo‘lak hech vaqoni ko‘rmayotganini aytib baqirdi. Samoa tilida xuddi orolliklardek ravon gapiradigan kapitan uni bo‘ralatib so‘kdi.
– U o‘sha yerda turaversinmi? – deb so‘radi yordamchi.
– Nima foydasi bor? – dedi kapitan. – Bu jin urgur go‘rso‘xta, baribir, hech nimani topolmaydi. O‘lay agar, o‘zim tepaga chiqqanimda o‘tadigan yo‘lni allaqachon payqardim.
U ingichka machtaga o‘qrayib qaradi. Bolaligidan kokos daraxtlariga tirmashib ulg‘aygan orolliklarga mazza. Kapitanning gavdasi esa zilzambil, semiz edi.
– Tush pastga, – deb o‘shqirdi u. – Sendan hech qanday naf yo‘q. Yo‘lni topguncha suv ostidagi qoyatoshlar bo‘ylab suzamiz.
Ular qarshisidan shamol esmaganda soatiga to‘rt-besh uzel tezlikda suza oladigan, kerosinda ishlaydigan yetmish tonnali yelkanli kemada edilar. Qachonlardir oq rangga bo‘yalgan bu eski tog‘oraning rangi o‘chib, dog‘-dug‘, chirk bosib ketgandi. Ichidan kerosin va doim tashiydigan yuki — kokos mag‘zining hidi anqirdi. Suv osti qoyatoshlarigacha yuz fut qolganda kapitan ruldagi dengizchiga o‘tish yo‘liga yetguncha qirg‘oq yoqalab suzishni buyurdi. Lekin bir-ikki mil suzishgach, u o‘z yo‘lidan o‘tib ketganini bildi va kemani orqaga burdi.
Quyosh bota boshlagan, ko‘pikning oq izi esa uzilay demasdi. Oxir-oqibat kapitan landovur yordamchilarini la’natlab, tonggacha kutishga rozi bo‘ldi.
– Kemani ortga bur, – dedi u. – Bu yerda langar tashlayolmaymiz.
Ular qirg‘oq bo‘ylab bir oz suzishdi va ko‘p o‘tmay qorong‘i tushdi. Kema langar tashladi. Yelkanlar tushirilgach, kema chayqala boshladi. Apiadagilar bir kun kelib bu eski tog‘ora cho‘kib ketadi deyishar, kemaning egasi – katta do‘kondor, amerikalik olmon esa bir qop pul berishsayam unda suzmayman, derdi. Oq ko‘ylak va uvadasi chiqqan isqirt oq shalvar kiygan xitoylik oshpaz kechki ovqat tayyor ekanini aytdi. Kapitan kayutaga kirganda mexanik allaqachon stol yonida o‘tirardi. U qiltiriq bo‘yinli, novcha kishi edi. Egniga havorang xalat va yengsiz ko‘ylak kiygan, tirsagidan bilagigacha chizilgan rasmlar ko‘rinib turardi.
– Endi tunni dengizda o‘tkazamiz, jin ursin, – dedi kapitan. Mexanik gap qo‘shmadi va ular indamay ovqatlana boshladilar. Kayutani moychiroqning xira nuri yoritib turardi.
Hazmitaomga o‘rikli konserva yeyishgach, xitoylik choy keltirdi. Kapitan tamakisini yoqib kema sahnaga chiqdi. Ro‘paradagi orol tun yorug‘ida ko‘lankaday qorayib g‘ira-shira ko‘rinardi. Yulduzlar charaqlab nur sochar, qirg‘oqqa urilayotgan to‘lqinning shovullashidan boshqa ovoz eshitilmasdi. Kapitan kursiga yastanib tamaki tutata boshladi. Ko‘p o‘tmay kema jamoasidan uch-to‘rt kishi kema sahnaga chiqdi. Ularning birida banjo, boshqasida konsertino bor edi. Cholg‘ular chalingach, biri qo‘shiq ayta boshladi. Tubjoyliklarning qo‘shig‘i bu cholg‘ular jo‘rligida g‘alati eshitilardi.
Keyin ikkita yigit raqsga tushdi. Bu qo‘l-oyoq va gavdani jazavali silkitib o‘ynaladigan ibtidoiy raqs edi. Harakatlarda kuchli ehtiros, hatto shahvoniy mayl bilinib tursa-da, zavq-shavqdan asar ham yo‘q edi. Jonivorlarning qilig‘ini eslatadigan, sehr-jozibadan butunlay xoli bu ajabtovur raqsni bolalarcha sodda sho‘xliklar desa ham bo‘lardi. Nihoyat, ular holdan toyib, kema sahnaga uzala tushib uxlab qolishdi.
Atrofga jimlik cho‘kdi. Kapitan bir ammallab kursidan qo‘zg‘aldi-da, narvonga tirmashib pastga tushdi. Keyin kayutasiga kirib, kiyimlarini yechib karavotga cho‘zildi. Tungi havo dimligidan u pishillab nafas olardi.
Ertasi kuni tongda, sokin dengiz ortidan quyosh nurlarini socha boshla- ganda ularni kecha topilmay qiynagan o‘tish yo‘li kema langar tashlagan joydan xiyol sharqda ko‘rindi. Kema ko‘rfazga kirdi. Suv yuzasi tiniq va sokin, dengiz tubidagi marjonqoyalar orasida rang-barang baliqchalar suzib yurardi. Kema langar tashlagach, kapitan nonushta qilib kema sahnaga chiqdi. Bulutsiz osmonda quyosh charaqlar, tonggi salqin havo huzurbaxsh edi. Yakshanba tongida tabiat hordiq chiqarayotgandek, bu sokinlik kapitanga huzur bag‘ishlardi. U erinchoqlik bilan qirg‘oqdagi daraxtzorni kuzatar, o‘zini erkin va xotirjam his etardi. Keyin xiyol jilmaydi-da, tamakisining qoldig‘ini suvga uloqtirdi.
– Qirg‘oqqa chiqadigan vaqt keldi,– dedi u. – Qayiqni keltiringlar! U narvonga tirmashib pastga tushdi-da, qayiqqa o‘tirib chog‘roq ko‘rfazga yetib keldi. Qirg‘oqdagi barglari suv betiga tegay-tegay deb turgan kokos daraxtlari bir tekis bo‘lmasa-da, ajabtovur tartib bilan o‘sgan edi. Ular yoshiga yarashmagan yasama holatda qotib qolgan, o‘tgan zamonlar- ning nozu ishvalariga usta qariqizlarning raqs dastasini eslatardi. Kapitan daraxtlar orasida ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydigan ilon izi so‘qmoqdan bir-bir qadam bosib, kichkina soyning bo‘yiga chiqdi. Soyning ustidan ko‘prikcha solingandi. Aslida buni ko‘prikcha deb bo‘lmas, chunki bu bir- biriga taqab yotqizilgan, uchlari soy tubiga qoqilgan ayirshoxlarga tiralgan o‘ntacha kokos daraxti poyasi edi, xolos. Silliq va toyg‘inchoq g‘o‘lalardan odimlab o‘tayotganingizda qo‘l bilan hech narsaga tayana ol- masdingiz. Bunaqa ko‘prikdan o‘tish uchun kishi dovyurak va abjir bo‘lish kerak. Kapitan ikkilanib qoldi. Shunda ko‘zi soyning narigi betida, daraxtlar orasidagi oq tanli odamning uyiga tushdi-yu, yurak yutib oyoq uchida oldinga yurdi. Bosgan har bir qadamini chamalab, g‘o‘lalarning ulangan joylaridan bir amallab o‘tib olgach, nihoyat, oyog‘i yerga tegib, nafasini rostladi. Kapitan o‘y-xayoli ko‘prikdan eson-omon o‘tish bilan band bo‘lgani bois, o‘zini kuzatib turgan odamni payqmagandi va endi uning gapini eshitib ajablandi.
– O‘rganmagan odamga bunaqa ko‘priklardan o‘tish uchun metindek asab kerak.
Kapitan boshini ko‘tarib ro‘parasidagi notanish kishiga qaradi. Aftidan, bu odam boya uning ko‘zi tushgan uydan chiqib kelgandi.
– Ikkilanib qolganingizni ko‘rdim, – dedi notanish kishi jilmayib.
– Soyga qulaydi-yov, deb o‘ylovdim.
– Chuchvarani xom sanabsiz, – dedi yana o‘ziga ishonchni his qilgan kapitan.
– Mening o‘zim ham bu ko‘prikdan yiqilganman. Bir kuni kechqurun ovdan qaytayotib miltig‘u lash-lushlarim bilan qulaganman. Endi qurolimni ko‘tartirish uchun xizmakor bolani ergashtirib yuraman.
U siyrak soqoliga oq tushgan, yonoqlari ichiga botgan o‘rta yoshlardagi kishi edi. Egnida yengsiz ko‘ylak va kanop shim, oyoqyalang turardi. Inglizchada sezilar-sezilmas shevani aralashtirib gapirardi.
– Neylson deganlari siz bo‘lasizmi? – deb so‘radi kapitan.
– Xuddi o‘zi.
– Siz haqingizda eshitganman. O‘zim ham shu atrofda yashasangiz kerak, deb o‘ylovdim.
Kapitan mezbonining ortidan shinamgina ayvonli kulbaga kirib, u taklif qilgan kursiga og‘ir cho‘kdi. Neylson viski va stakan keltirgani tashqariga chiqqanda xonaga ko‘z yugurtirdi. Kulba uni hayratga soldi. U umrida biror marta buncha ko‘p kitobni ko‘rmagandi. Xonaning to‘rt tarafi yerdan shiftgacha kitob joylangan tokchalar bilan qoplangandi. Ustiga notalar uyib tashlangan royal va kitobu jurnallarga to‘la keng stol ham bor edi. Xonada kapitan o‘zini noqulay his qila boshladi. U Neylsonni g‘alatiroq odam deb eshitganini esladi. Bu yerdagi orollarda shuncha yil yashagan bo‘lsa ham Neylson haqida biror kishi tayinli bir narsa bilmasdi, bilganlar ham uni binoyidek odam, deyishdan nariga o‘tmasdi. U shved edi.
– Bu yer kitobga to‘la ekan, – dedi kapitan Neylson kirib kelgach.
– Kitobning zarari yo‘q, – dedi mezbon jilmayib.
– Hammasini o‘qiganmisiz?
– Ko‘pini.
– Mening o‘zim ham o‘qishni yaxshi ko‘raman. ”Satidey Ivning Post”ni paydarpay jo‘natib turishadi.
Neylson mehmoniga bir stakan viski quyib uzatib, tamaki bilan siylagach, kapitan o‘zi haqida oz-moz gapirib bergisi keldi.
– Bu yerga kecha kechqurun kelgandim, lekin o‘tish yo‘lini topolmay dengizga langar tashladim. Avval bu yo‘nalishda hech suzmaganman, ammo xo‘jayinlar bu yerga ayrim yuklarni yetkazishni buyurishdi. Grey degan kishini taniysizmi?
– Ha, shu atrofda do‘koni bor.
– Xo‘sh, unga ancha-muncha konserva keltirdim, evaziga kokos mag‘zini beradi. Xo‘jayinlar Apiada bekor turgandan ko‘ra bu yerga kelishimni tayinlashdi. Men, odatda, Apia va Pago-Pago orasida qatnayman. Lekin u yoqda hozir qora chechak tarqab, hayot butkul to‘xtagan.
Kapitan viskidan bir ho‘plab, tamaki tutatdi. U aslida kamgap odam edi-yu, lekin Neylsonning nimasidir asabiga tegib uni gapirishga majbur qilayotgandi. Shved unga sezilar-sezilmas kulgi o‘ynab turgan katta qora ko‘zlarini tikib qarardi.
– Uyingiz shinamgina ekan.
– Ha, ko‘p mehnatim singgan.
– Daraxtlardan ham ancha foyda olsangiz kerak. Gurkirab o‘sibdi. Hozir kokos mag‘zining narxi xiyla baland. Bir paytlari Upoluda o‘zimning ham plantatsiyam bor edi-yu, keyin sotishga to‘g‘ri keldi.
Kapitan ko‘ziga balodek ko‘rinayotgan tushunarsiz kitoblar to‘la xonaga yana razm soldi.
– Bu yer sizga zerikarli bo‘lsa kerak? – dedi u.
– Yo‘q, ko‘nikib ketganman. Yigirma besh yildan buyon shu yerda yashayman.
Kapitan yana nima haqida gapirishni bilmay indamay tamaki tutata boshladi. Aftidan, Neylson ham sukunatni buzgisi kelmayotgandi. U o‘ychan nigoh bilan mehmonni kuzatardi. Kapitan bo‘yi olti futdan oshadigan novcha va baqaloq kishi edi. Dog‘ bosgan qizil yuzidan moy tomib turar, lunjlarini esa binafsharang tomirlar to‘rdek qoplab olgandi. Ko‘zlari qonga to‘lgan, bo‘yni qat-qat yog‘ orasida zo‘rg‘a ko‘rinardi. Gardanidagi oq oralagan bir tutam uzun jingalak sochini aytmasa, taqir kal edi; yaltiroq do‘ng peshonasi aql — idrokidan darak berish o‘rniga, aksincha, qiyofasiga o‘ta ahmoqona tus bergandi. Kapitan sariq jun bosgan ko‘ksi ochiq havorang flanel ko‘ylak va ohori to‘kilgan eski jun
shim kiygandi. U semiz qornini do‘mpaytirib, yo‘g‘on oyoqlarini kergancha kursida yalpayib o‘tirardi. Tanasida xipchalikdan asar ham qolmagandi.
Neylson bu jasad yoshligida qanday ko‘ringan ekan, deb ichida o‘zidan erinibgina so‘radi. Bu baqaloqning qachonlardir sho‘x bola bo‘lgani uning tasavvuriga sig‘masdi. Kapitan viskisini ichib tugatgach, Neylson shishani unga yaqinroq surdi.
– Tortinmay ichavering.
Kapitan engashib yo‘g‘on qo‘li bilan shishaga uzaldi.
– Bu tomonlarga qanday kelib qolgansiz? – deb so‘radi u.
– Sog‘lig‘imni tiklash uchun kelganman. O‘pkam xasta edi, do‘xtirlar bir yil ham yasholmaysiz, deyishgan. Ko‘rib turganingizdek, ular adashibdi.
– Aynan bu yerga ko‘chib kelishingizga nima sabab bo‘lgan demoqchi edim?
– Men noziktab odamman.
– Shunaqa deng.
Bu bilan nima demoqchi bo‘lganiga kapitanning aqli yetmaganini sezib Neylsonning qora ko‘zlari masxaraomuz yiltiradi. Baqaloqning befarosatligidan zavqlanib, suhbatni davom ettirmoqchi bo‘ldi.
– Siz ko‘prikda muvozanat saqlayman, deb atrofga qaramadingiz. Aslida bu yerlarni juda chiroyli deyishadi.
– Uychangiz ham bejirim ekan.
– Dastlab kelganimda bu uy yo‘q edi. O‘rnida sariq, qizil, tillarang bargli butalar bilan devordek o‘ralgan qizil gulli ulkan daraxt ostida qoziqoyoqqa tiklangan, tomi cho‘nqaygan mahalliy kulba turardi. Atrofda ayollardek ko‘rkam va mag‘rur kokos daraxtlari o‘sardi. Ular kun bo‘yi suv bo‘yida sollanib o‘z akslariga mahliyo bo‘lardi. Men u paytda hali yosh edim – yo tavba, hash-pash deguncha oradan chorak asr o‘tibdi-ya – umrimning qolgan uch-to‘rt kunida dunyoning go‘zalligidan bahra olmoqchi edim. Bu yer shu paytgacha men ko‘rgan eng chiroyli makon edi. Orolga birinchi marta qaraganimda nafasim qaytib, yig‘lab yuborishimga bir bahya qoldi. O‘shanda bor-yo‘g‘i yigirma besh yoshda edim. Dadillashdim, o‘lgim kelmayotgandi. Negadir aynan shu joyning go‘zalligi taqdirga tan berishimga ko‘maklashganday tuyuladi. Bu yerga kelganimda butun o‘tmishim qaygadir g‘oyib bo‘lganini his qildim, Stokgolmdagi universitet, keyin esa Bonn – bularning bari begona odamning kechmishlaridek edi go‘yo. Men faylasuflar ko‘p ta’kidlaydigan hayot realligiga endigina erishganday edim; darvoqe, o‘zim ham faylasufman. “Bir yil, – dedim ichimda, – bir yilim qoldi. Uni shu yerda o‘tkazaman, keyin o‘lsam ham mayli”.
Yigirma besh yoshimizda qanchalik g‘o‘r, hissiyotga beriluvchanmiz-a, lekin shunaqa bo‘lmaganda ellikk a kirganimizda bunchalik dono bo‘larmidik… Iching, do‘stim, iching! Mening vaysashimga e’tibor bermang.
U ozg‘in qo‘li bilan shishaga ishora qildi va kapitan stakanini bo‘shatdi.
– O‘zingiz hech narsa ichmayapsiz-ku? – so‘radi kapitan shishani olib.
– Men ichmayman, – jilmaydi shved. – Men o‘zimni boshqa, nozikroq usullar bilan mast qilaman. Balki maqtanayotgandirman, lekin har holda ta’siri uzoqroq, natijasi esa zararsizroq bo‘ladi.
– Shtatlarda hozir ko‘pchilik kokain hidlayapti deyishadi, – dedi kapitan.
Neylson kulimsiradi.
– Oqtanlilarni kam ko‘raman, hozir bir qultum viski ichsam zarar qilmas.
U stakaniga qittak viski quyib, sharbat qo‘shdi-da, ho‘pladi.
– Nihoyat men bu makon nega bunchalik go‘zalligini tushundim. Xuddi okean o‘rtasida kemani uchratib, machtaga qo‘ngancha charchagan qanotlarini yig‘adigan ko‘char qushdek sevgi bu yerga bir muddat to‘xtab o‘tgandi. Betakror hissiyot ifori may oyida vatanim maysazorlaridan keladigan do‘lana hididek havoda mavj urardi. Meningcha, odamlar qattiq sevishgan yoki azob chekkan joylarda allaqanday ruhiy to‘kislikka ega hissiyotning sezilar-sezilmas hidi qoladi va bu yerdan o‘tganlarga sirli ta’sir qiladi. Afsuski, buni boshqacha tushuntirib berolmayman, — Neylson xiyol jilmaydi. — Baribir, nima demoqchiligimni tushunishingiz dargumon.
U bir oz jimib qoldi.
— Balki muhabbat dardiga shu yerda mubtalo bo‘lganim uchun bu joy menga go‘zal tuyulgandir, – deya u yelka qisdi. — Yoki navqiron sevgimga uyg‘un go‘zal manzara tuyg‘ularimga ta’sir ko‘rsatdimikan?
Kapitandan ko‘ra farosatliroq odam ham Neylsonning so‘zlaridan taajjublangan bo‘lardi, chunki Neylson o‘zi gapirayotgan gapidan o‘zi kulayotgandek tuyulardi. Qalbini jumbishga keltirgan tuyg‘udan aqli kulayotgandek edi go‘yo. U o‘zini hissiyotga beriluvchanman deya ta’rifladi-yu,lekin ta’sirchanlikka ishonchsizlik qo‘shilsa oqibati yomon bo‘lishi tayin.
Neylson jimib qoldi, go‘yo nimanidir eslamoqchi bo‘layotgandek kapitanga g‘alati qaradi.
— Bilasizmi, sizni avval ham qaerdadir uchratgandayman, — dedi u.
— Negadir sizni eslolmayapman, – e’tiroz bildirdi kapitan.
— G‘alati tuyg‘u, xuddi yuzingiz menga tanishdek. Lekin sizni qachon va qaerda ko‘rganim yodimda yo‘q.
Kapitan yelkasini qisdi.
— Orollarga kelganimga o‘ttiz yildan oshdi. Shuncha vaqt ichida uchratgan odamlarning barisini eslab qolib bo‘larmidi?
Shved bosh irg‘adi.
— Bilasizmi, ba’zan avval qadaming tegmagan joylar ham tanishdek tuyuladi. Sizga qaraganimda menda xuddi shunday tuyg‘u paydo bo‘layapti, — deya u g‘alati jilmaydi. — Balki burungi hayotimda sizni bilgandirman. Balki siz ko‘hna Rimdagi kema boshlig‘i, men esa eshkak eshuvchi qul bo‘lgandirman. O‘ttiz yildan beri shu yerdaman dedingizmi?
– Roppa-rosa o‘ttiz yildan beri.
– Malla degan yigitni uchratmaganmisiz?
– Malla?
– Uning faqat shu laqabini bilaman. O‘zi u bilan hech qachon tanish bo‘lmaganman, biror marta ko‘rmaganman ham. Lekin baribir uni boshqalardan ko‘ra, masalan, ko‘p yillar birga yashagan aka-ukalarimdan ko‘ra yaxshiroq tasavvur qilaman. Tasavvurimda u xuddi Paolo Malatest yoki Romeodek aniq saqlangan. Aytmoqchi, siz Danteni ham, Shekspirni ham o‘qimagan bo‘lsangiz kerak?
– Yo‘q, shekilli, – dedi kapitan.
Neylson kursiga yastangancha tamaki tutatib ma’nosiz nigohini havoda suzib yurgan tutunga qadadi. Uning labida tabassum o‘ynar, lekin ko‘zlari jiddiy edi. Keyin u kapitanga qaradi. Bu odam kishini jirkantiradigan darajada semiz edi. Uning turqi Neylsonning jig‘iga tegar, asabini o‘ynardi. Ammo mehmoni xayoliga keltirayotgan odamdan mutlaqo farq qilishi Neylsonga huzur bag‘ishlardi.
— Bu Malla deganlari juda kelishgan yigit bo‘lgan ko‘rinadi. Men o‘sha vaqtlar uni tanigan ko‘p odamlar, ayniqsa, oqtanlilar bilan gaplashganman. Bari bir ovozdan uni ko‘zni o‘ynatadigan darajada chiroyli edi, deyishardi. Olovrang sochlari tufayli unga Malla deb laqab qo‘yishgan. Uning jingalak, uzun sochlari rafaelchilarni lol qoldirgan o‘sha betakror rangda tovlangandir, ehtimol. Lekin Malla bundan g‘ururlanmagan, chunki u juda sodda yigit bo‘lgan. Agar bundan g‘ururlanganda ham mag‘rurligi uchun uni hech kim ayblamasdi. U novcha, bo‘yi olti futdan oshardi. Bir paytlar shu yerda turgan kulbaning tomiga tiralgan ustunga uning bo‘yi belgilangan kertik o‘yilgandi. Mallaning kelbati yunon ma’budiga o‘xshardi, yelkala- ri keng, sonlari oriq; Praksitel yasagan Appolonni eslatuvchi qomatida ayollarga xos, ko‘ngilga g‘ulg‘ula soluvchi sezilar-sezilmas nazokat bor edi. Sutday oppoq, baxmalday mayin badani ham ayollarnikiga o‘xshardi.
– Bolaligimda men ham opoqqina edim, – dedi kapitan qizargan ko‘zlari kulgidan qisilib.
Ammo Neylson uning gapini eshitmaganga oldi. U berilib hikoya qilar, gapi bo‘linishini istamasdi.
– Mallaning yuzi ham badaniday chiroyli edi. Katta, to‘q-ko‘k ko‘zlarini ba’zilar qora deyishar, qora qoshiyu kipriklari ham boshqa mallalarni- kiga o‘xshamasdi. Yuz bichimi bejirim, og‘zi esa qonli jarohatga o‘xshardi. Malla yigirmaga kirgandi.
Shu joyda shved nafasini rostlab, viskidan ho‘pladi.
– U betakror edi. Undan chiroyli odam bo‘lmagan. U yovvoyi o‘tning muattar guliga o‘xshardi. Tabiatning kutilmagan tuhfasi edi u. Bir kuni Malla siz bugun tongda langar tashlagan ko‘rfazga tushadi. U Apiadagi harbiy kemadan qochgan amerikalik dengizchi edi. Bir mahalliy saxovatpeshaning ko‘magida Apiadan Safotoga suzadigan yelkanli qayiqqa o‘tirib, shu yerda qirg‘oqqa tushadi. Malla nega harbiy xizmatdan qochganini bilmayman.
Balki harbiy kemadagi tartib-intizom yoqmagandir yoki biror mashmashaga aralashib qolgandir. Janubiy dengizu bu jannatmakon orollar uni maftun etgan bo‘lishi ham mumkin. Ba’zan bu orollar odamga g‘alati ta’sir qiladi, xuddi o‘rgimchak to‘riga ilingan chivindek uni o‘ziga bog‘lab qo‘yadi. Balki Malla ta’sirchan bo‘lgandir, bu yam-yashil qirlaru toza havo, moviy dengiz, Dalila Samsonning quvvatini so‘rib olgandek, uning shimolliklarga xos irodasini sindirgandir. Nima bo‘lganda ham Malla kemasi Samoadan ketguncha ko‘zdan yiroq shu orollarga berkinishga qaror qilgan.
U qirg‘oqqa tushib qayoqqa borishni bilmay turganida yaqinroqdagi kulbadan bir qiz chiqib, mehmonni ichkariga taklif etgan. Malla mahalliy tilda bor-yo‘g‘i ikki-uchta so‘zni bilgan, qiz ham inglizchani qariyb tushunmagan. Lekin qizning muloyim jilmayib qilgan imo-ishoralaridan keyin Malla tortinmay uning ortidan yurgan. Mehmoni kursiga o‘tirgach, qiz uni ananas bilan siylagan. Men Malla haqida birovlardan eshitganman, xolos, qizni esa ularning uchrashuvidan uch yil o‘tgach o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘shanda u endigina o‘n to‘qqizga kirgandi. Bu qizning naqadar sohibjamol bo‘lganini siz tasavvur ham qilolmaysiz. Uning jamolida tropik atirgulining barcha ranglari jilvanardi. Bo‘yi o‘rtachadan balandroq, qaddi-qomati kelishgan, elatiga xos yuz bichimi farishtalarnikidek suluv, shahlo ko‘zlari palmalar ostidagi sokin oqayotgan suv halqasiga o‘xshardi. Qizning tim qora jingalak sochlari yelkasigacha tushgan, boshi esa xushbo‘y gullar bilan bezalgandi. Nozik qo‘llari shunchalik chiroyli ediki, ularga qaraganda odamning nafasi ichiga tushib ketardi. U paytlar qiz juda quvnoq edi. Uning mayin tabassumi yurakni o‘rtar, badani esa oftob nurida zarga burkangan bug‘doyzordek tovlanardi. Yo Tangrim, uni qanday ta’riflay? U misli yo‘q sohibjamol edi.
Xullas, bu ikki yosh – qiz o‘n olti yoshda, Malla yigirmada edi – bir ko‘rishdayoq bir-birlarini sevib qolishgan. Chin muhabbat o‘zi shunaqa bo‘ladi. Bu qiziqishlarning mushtarakligi yoki ruhiy yaqinlikdan tug‘ilgan mehr emas, balki oddiy va sof tabiiy sevgi edi. Odam Ato uyg‘onib bog‘da yoshli ko‘zlari bilan o‘ziga tikilib turgan Momo Havoni ko‘rganda shunday sevgan. Bu jonivorlaru ma’budlarni topishtiradigan, borliqni mo‘‘jiziga aylantiradigan, hayotga mazmun olib kiradigan sevgi. Sevishganlardan doim bittasi sevadi, ikkinchisi o‘zini sevishga imkon beradi, xolos, deb aytgan dono va surbet frantsuz gertsogi to‘g‘risida eshitmagan bo‘lsangiz kerak. Ko‘pchiligimiz istar-istamas tan oladigan achchiq haqiqat bu. Lekin ahyon-ahyonda bir-birini chin ko‘ngildan sevgan oshiqlar ham uchraydi. Bunday paytlarda quyosh ham, Iso Navin Isroil xudosiga xitob qilgandagidek, osmonda muallaq qotadi.
Oradan shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, bu beg‘ubor, go‘zal yoshlarning muhabbati hamon yuragimni o‘rtaydi. Odatda, sokin ko‘rfaz uzra tungi tiniq osmonda nur sochayotgan to‘lin oyni ko‘rsam yuragim shunday uvi- shadi. Benuqson go‘zallikni kuzatish dilni doim orziqtiradi.
Ular hali o‘smir edi. Qiz dilbar, mehribon va oqko‘ngil bo‘lgan. Mallaning fe’l-atvori haqida hech narsa bilmayman, lekin o‘sha paytda u sodda va ochiqko‘ngil, qalbi ham jismidek benuqson edi, deb ishongim keladi. Balki uning ko‘ngli mitti favnlar yalangliklarda soqolli kentavrlarni minib yurgan, olam murg‘ak pallada qamishdan nay yasab, sharshara suviga cho‘milgan o‘rmon jonzodlari qalbi kabi hali yetilmagandir. Bu dunyoda qalbdek behalovat narsa yo‘q, odam uni kashf qilgach, jannatdan quvildi.
Mallaning orolga kelishidan avval bu yerda Janubiy dengizga oqtanlilar ilashtirib keltiradigan xastaliklardan biri tarqab, mahalliy aholining uchdan bir qismi nobud bo‘lgan. Hamma yaqinlaridan judo bo‘lgan qiz uzoq qarindoshlarinikida qo‘nim topgan. Oila bor-yo‘g‘i ajin bosgan ikki nafar bukri kampir, ikki nafar yoshroq ayol, bir erkak va boladan iborat edi. Malla ularnikida uch-to‘rt kun yashagan. Ammo uni qirg‘oqning yaqinligiyu oqtanlilarni uchratib qolish ehtimoli cho‘chitganmi yoki sevishganlar begonalar xalal berishini xohlashmaganmi, xullas, bir kuni tongda qiz lash-lushlarini yig‘ishtirgan va ikkalasi kokos daraxt- lari ostidagi o‘t bosgan so‘qmoqdan yurib yo‘lga tushishgan, ko‘p o‘tmay siz boya ko‘rgan anhorning ro‘parasidan chiqishgan. Mallaning siz yurib o‘tgan haligi ko‘prikchaga qadam bosishga qo‘rqayotganini ko‘rib qiz kulgan. Birinchi g‘o‘laning oxirigacha qiz uning qo‘lidan ushlab borgan, ammo shu yerda Malla- ning dadilligi yo‘qolib ortga qaytgan. U ko‘prikka qayta qadam qo‘yishdan burun ust-boshini yechishga majbur bo‘lgan, qiz uning kiyimini boshiga qo‘yib olib o‘tgan. Ular shu yerdagi bo‘m-bo‘sh kulbaga joylashishgan. Qizning bu kulbada yashashga haqqi bo‘lganmi (orollarda yerga egalik huquqi murakkab masala) yoki kulbaning egasi orolda tarqalgan kasallikdan o‘lganmi, qisqasi, ulardan hech kim hech narsa so‘ramagan va yoshlar xotirjam yashay boshlashgan. Ularning yotishga bir juft bo‘yrasi, bir parcha siniq oyna va uch-to‘rtta likopchadan boshqa hech vaqosi bo‘lmagan. Lekin bunday jannat joyda tirikchilik uchun shularning o‘zi kifoya edi.
Baxtli odamlarning o‘tmishi bo‘lmaydi, deyishadi, baxtli muhabbatning ham tarixi yo‘qligi ayon. Yoshlar kunni bekorchilikda o‘tkazishsa-da, baribir, kunlar ularga qisqa tuyulgan. Qizning mahalliycha ismi borligiga qaramay Malla uni Salli deb chaqirgan. Tubjoyliklarning sodda tilini o‘rganib olgach, u soatlab bo‘yrada cho‘zilib yotib qizning quvnoq chuldirashini tingla- gan. Malla kamgap bo‘lgan, balki o‘sha paytlar hali aqli to‘lishmagandir. U Salli pandanus barglaridan o‘rab bergan tamakini tutatgancha, qizning qamishdan chaqqon-chaqqon bo‘yra to‘qishini tomosha qilgan. Kulbalariga tez-tez kelib-ketib turgan tubjoyliklar oroldagi qabilalar o‘rtasida bir zamonlar bo‘lib o‘tgan qirg‘inlar haqida uzundan-uzoq hikoyalar aytib berishgan. Ba’zan Malla suv ostidagi qoya toshlar orasidan bir savat xilma-xil rangli baliqlar tutib keltirgan. Ahyon-ahyonda tunda chiroq ko‘tarib omar balig‘ini tutishga chiqqan. Salli esa kulba atrofidan banan terib kelib qovurib, odmigina dasturxonini bezagan. Qiz kokos yong‘og‘idan juda mazali taomlar tayyorlashni ham bilgan, anhor qirg‘og‘idagi non daraxti ularga ne’matini hadya qilgan. Bayram kunlari ikkovlon cho‘chqa bolasini so‘yib, qizigan toshda go‘sht qovurishgan. Anhorda birga cho‘milib, kun botgach qayiqchada ko‘rfaz bo‘ylab suzishgan. Quyosh ufqqa enganda ko‘m-ko‘k dengiz xuddi Gomer davridagi Yunon dengizidek musallas rangiga bo‘yalgan. Ko‘rfaz suvi esa dam och yashil, dam binafsha, dam zumrad tusida tovlangan. Quyosh ufqqa bosh qo‘yganda dengiz bir muddat tilla rangga burkangan. Suv ostidagi binafsha, jigarrang, oq, pushti, qizil marjonlar sehrli bog‘ni, baliqlar esa kapalaklarni eslatgan. Bularning bari ertakka o‘xshaydi. Suv osti qoyalari orasidagi tubiga oq qum cho‘kkan, suvi billurdek shaffof hovuzchalarda suzish rohat edi. Nihoyat, ko‘ngillari zavqu shavqqa to‘lgan yoshlar qo‘l ushlashib o‘t bosgan so‘qmoqdan yurib kulbaga qaytishgan. Sayroqi qushlar kokos daraxtlari shoxlarida tinimsiz chug‘ur-chug‘urlashgan. Qorong‘i tushgach, Yevropa osmonidan-da keng ko‘ringan falak chaqnoq yulduzlarga to‘lgan, sevishganlarning eshik-derazasiz kulbasida yengilgina shabada esib turgan. Biroq uzundan-uzoq tunlar ham ularga qisqadek tuyulgan.
Qiz o‘n olti, yigit esa endigina yigirma yoshga kirgan edi. Tonggi shafaq kulbaning yog‘och ustunlari orasidan kirib, bir-birining quchog‘ida uxlab yotgan bu go‘zal navjuvonlarga mo‘ralagan. Quyosh xalal bermaslik uchun avval banan daraxtining yapaloq bargi ortiga berkingan-da, keyin angor mushugining panjasidek zarrin nurlarini ayyorlik bilan ularning yuziga tekkizgan. Ular uyquli ko‘zlarini ochishib, tongni kulib qarshi olishgan.
Haftalar oylarni quvib, ko‘z ochib yumguncha oradan bir yil ham o‘tgan. Ular bir-birini boyagidek – ehtiros bilan demoqchi emasman, chunki ehtirosga mudom qayg‘u, alam va azob aralashgan bo‘ladi – ilk bor ko‘rishganlarida qalblaridan joy olgan sohir tuyg‘uni anglashgan kunda- gidek samimiy, tabiiy sevishgan.
Bu muhabbat qachondir poyoniga yetishi haqida o‘ylashmagan ham. Axir, sevgida eng muhimi uning mangu bardavomligiga ishonch ekanini bilamiz- ku. Ammo bir kuni dengiz bo‘yidan kelgan tubjoylik ularga qirg‘oq yaqinida inglizlarning kit ovlovchi kemasi langar tashlaganini aytganda, balki Mallaning ko‘nglida allaqachon qiz ham, o‘zi ham sezmagan befarqlik kurtaklagandir.
– Zo‘r ish bo‘libdi! – degan u o‘shanda. – Kokos bilan banan berib, ulardan ikki funtcha tamaki olaman!
Salli charchoq nimaligini bilmay pandanus bargidan o‘rab berib turgan tamaki o‘tkir va xushtam bo‘lsa-da, Mallaga bu unchalik yoqmagan. Uning achchiq va xushbo‘y, haqiqiy tamaki chekkisi kelib qolgan. Necha oydan buyon trub- kasini tutatmagani bois, bu haqida o‘ylagani hamon so‘lagi oqa boshlagan.
Bir falokatni sezgan Salli Mallani yo‘ldan qaytarsa bo‘lardi, ammo qiz sevgisiga shunchalik ishonganki, Mallani kimdir tortib olishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan. Ular tepalikdagi daraxtzorga chiqishib katta qutini yashil, lekin shirin va suvli apelsinga to‘ldirishgan, kulba atrofidan banan, kokos yong‘og‘i, non daraxti mevasi va mango terib qirg‘oqqa olib borishgan. Malla kichkina qayiqchani mevalarga to‘ldirib, kema kelganini daraklagan orollik bola bilan qayiqda suv osti qoyalaridan nariga suzib ketgan. Shundan keyin Salli uni qaytib ko‘rmagan.
Ertasi kuni bola ho‘ngrab yig‘lagancha yolg‘iz o‘zi qaytib kelgan va ular kemaga yaqinlashgach, Mallani bortdagi dengizchilar chaqirganini, bir oqtanli ularni kemaga taklif qilganini aytib bergan. Malla mevalarni kema sahniga to‘kkach, oqtanli u bilan nimanidir kelishib olgan. Dengizchilardan biri pastga tushib tamaki keltirgan va Malla darhol trubkasini tamakiga to‘ldirib cheka boshlagan. Bola uning og‘zidan qanday qilib pag‘a-pag‘a tutun chiqarganini ko‘rsatgan. Keyin kemadagilar Mallaga nimadir degan va u kayutaga kirgan. Bola qiziqsinib ochiq eshikdan qaraganda shisha va stakan keltirishayotganini ko‘rgan. Malla ichib, cheka boshlagan. Dengizchilar qandaydir savol berishganda u boshini chayqab kulgan. Ularni kema sahniga taklif qilgan haligi oqtanli kishi ham kulib, Mallaning staka- nini yana to‘ldirgan. Birga ichishib, gurungni davom ettirishgan. Ajnabiy tilni tushunmagan bola ko‘p o‘tmay zerikib, kema sahniga yonboshlagancha uxlab qolgan.
Bir payt biqinidan tepki yegan bola sapchib turib, kemaning ko‘rfazdan chiqayotganini ko‘rgan va mastlikdan og‘irlashgan boshini stolga tashlagancha xurrak otayotgan Malla tomon yugurgan. Shu payt bir dengizchi uning yelkasidan mahkam ushlab, ajnabiy tilda bo‘ralatib so‘kkancha kemadan hayday boshlagan. Mallani uyg‘otmoqchi bo‘lib qichqirganida, bolani ko‘tarib suvga uloqtirgan. Qo‘lidan hech ish kelmasligini anglagan boyaqish yaqinroqda turgan qayig‘igacha suzib borib, uni suv osti marjonqoyalari tomonga burib, yig‘lay-yig‘lay eshkak eshgan.
Bu voqeadan ajablanmasa ham bo‘ladi. Chunki kit ovlaydigan kemaga dengizchi kerak. Borlari yo kasalga yo‘liqqan, yoki qochib ketgan. Kapitan Mallani ishga taklif etganda u rad etgan, ehtimol, keyin uni mast qilib olib ketishgan.
Salli g‘amdan adoi tamom bo‘lgan. Uch kun izillab yig‘lab, umidsizlik- dan ich-etini yegan. Tubjoyliklarning uni yupatishga urinishlari bekor ketgan. U tuz totmay qo‘ygan. Butunlay holdan toyib o‘ychan va befarq bo‘lib qolgan. Kun bo‘yi qirg‘oqda ko‘rfazga termilib Mallaning tutqindan qochib kelishini kutgan. Ko‘zlaridan duv-duv yosh oqib, qumloqdan bir qadam jilmagan. Qorong‘i tushgach, soydan o‘tib qachonlardir baxtga to‘lgan kulbasiga qaytgan. Malla orolga kelgunicha Salli bilan birga yashagan qarindoshlari uni olib ketishga urinishgan, biroq u ko‘nmagan: Mallani qaytib keladi, deb ishongan va sevgilisi uni qoldirib ketgan joydan topishini xohlagan.
Oradan to‘rt oy o‘tgach Salli o‘lik bola tuqqan, tug‘ruq payti boshida turgan doya kampir u bilan kulbada qolib birga yashay boshlagan. Sallining hayotida sevinchdan asar ham qolmagan. Vaqt o‘tgan sari ayriliq azobi yengillashgandek bo‘lsa-da, uning o‘rnini doimiy o‘ychanlik egallagan. Tuyg‘ulari beqaror tubjoyliklar orasida bu qadar kuchli sevgiga qodir ayol borligi tasavvurga sig‘maydi. Salli Mallaning bir kun kelib ortga qaytishiga ishongan va har safar kokos poyasidan yasalgan ko‘prikcha tarafdan oyoq tovushi eshitilganda Malla keldimikan, degan umidda o‘sha yoqqa ko‘z tikkan.
Neylson sezilar-sezilmas xo‘rsinib, jimib qoldi.
– Keyin qizga nima bo‘ldi? – deb so‘radi kapitan.
Neylson beixtiyor kulimsiradi.
– Oradan uch yil o‘tgach, u boshqa bir oqtanlini uchratgan.
– O‘zi ularning hayoti shunaqa, – dedi kapitan miyig‘ida kulib.
Shved unga o‘qrayib qaradi. U ro‘parasidagi qo‘pol baqaloqdan nega bunchalik jirkanayotganini bilmasdi. Ammo ko‘p o‘tmay Neylson yana xotiralarga cho‘mib ketdi.
U xayolan yigirma besh yil ortga, aroq, qimoru buzuqliklari bilan badiga urgan Apiadan ilk bor orolga kelgan chog‘lariga qaytdi. Og‘ir dardga chalingan Neylson u paytlar bir dunyo orzularini bog‘lagan martabali ishidan voz kechganiga ko‘nikolmay yurgandi. Vaqti kelib mashhur bo‘lishdek hoyu-havaslarni miyasidan chiqarib tashlab sog‘lig‘ini asrasa, qolgan uch-to‘rt yillik umrga qanoat qilishi lozim edi.
Neylson qirg‘oqdan ikki milcha naridagi qishloq chetida, do‘kondor metis savdogarnikida ijarada turardi. Bir safar u kokos daraxtlari orasidagi o‘t bosgan so‘qmoqda sayr qila yurib, Sallining kulbasiga duch keldi. Bu makonning go‘zalligidan shvedning yuragi hapriqib ketdi. Keyin u Sallini ko‘rdi. Neylson umri bino bo‘lib hali bunchalik chiroyli xilqatni uchratmagandi. Qizning tim qora shahlo ko‘zlariga cho‘kkan qayg‘u unga g‘alati ta’sir qildi. Kanaklar – chiroyli xalq, lekin ularning chiroyi jonivorlarning ko‘rkamligini eslatadi. Bu – bor-yo‘g‘i tashqi joziba. Ammo Sallining mungli nigohida qandaydir sir, ezilgan yurakning azobu uqubati yashiringan edi. Metis savdogar unga qizning boshiga tushgan musibat haqida gapirib berdi va bu hikoya Neylsonga juda qattiq ta’sir qildi.
– Nima deb o‘ylaysiz, Malla qaytib kelarmikan? – deb so‘radi undan shved.
– Uning qaytishi dargumon. Axir, kema jamoasi bilan ikki yildan keyin hisob-kitob qilinadi, bu paytga kelib Malla Sallini esidan chiqarib yuboradi. Malla kayfi tarqab, uyg‘onganidan so‘ng o‘zini majburlab olib ketishayotganini anglagach rosa jig‘ibiyron bo‘lgani tayin, dengizchilar bilan mushtlashgandir, ehtimol. Lekin oxir-oqibat taqdiriga tan bergan. Oradan bir-ikki oy o‘tib, oroldan ketganiga balki xursand ham bo‘lgandir.
Bu hikoya Neylsonning miyasiga o‘rnashib qoldi. O‘zining kasalmandligi boisidandir, tasavvuridagi sog‘lom va durkun Malla unga kuchli ta’sir ko‘rsatgandi. Shved o‘zi ko‘rimsizgina edi, shu sababli boshqalarning chiroyiga yuqori baho berardi. U hech qachon ehtiros bilan sevmagan va turgan gapki, sevilmagan ham edi. Shundan bu yosh xilqatlarning muhabbati haqida o‘ylaganda ko‘ngli shodlikka to‘lib ketardi. Mangu go‘zallikdan so‘zlardi unga bu muhabbat. Neylson soy bo‘yidagi kulbachaga yana bir marta bor- di. Tilshunoslikka qiziqqan, aqliy mehnatni qo‘msagan shved allaqachon mahalliy lahjalarni o‘rganishga kirishgandi. Endi esa, tarki odat amri-mahol, samoaliklar tili bo‘yicha ilmiy ish uchun ma’lumot to‘play boshladi.
Sallinikida qolib yashayotgan kampir uni kulbaga taklif qildi. Gurunglashadigan odam topilganidan xursand bo‘lib, Neylsonni kava va tamaki bilan siyladi. Shved esa kampirning chuldurashiga e’tibor bermay, zimdan Sallini kuzatardi. Salli unga Neapol muzeyidagi Psixeyani eslatdi, ruxsori suluv va beg‘ubor edi. Bola tuqqaniga qaramay, bokira qizlardek ko‘rinardi.
Neylson Sallining ovozini eshitguncha ikki-uch marta kulbaga tashrif buyurdi. Shunda ham qiz Apiada Malla degan odamni uchratmaganmisiz, deb so‘rash uchun sukutni buzdi. Mallaning yo‘qolganiga ikki yildan oshsa ham Salli uni unutolmagandi.
Ko‘p o‘tmay Neylson Sallini sevib qolganini angladi. U har kuni soy bo‘yiga bormaslik uchun irodasini ishga solar, lekin qizni ko‘rmasa-da, xayoli mudom u bilan band edi. Yaqinda kuni bitishini bilgan Neylson dastlab Sallini ko‘rib, ahyon-ahyonda ovozini eshitganiga ham xursand bo‘lib yurdi, bu unga quvonch bag‘ishlardi. Hissiyotining beg‘arazligidan u mamnun edi. Neylson bu dilbarni o‘y-xayolining bekasiga aylantirmoqchi edi, unga Sallidan boshqa hech narsa kerakmasdi.
Ammo musaffo havo, mo‘‘tadil iqlim, yaxshi hordiq va tabiiy ne’matlar Neylsonning sog‘lig‘iga favqulodda ijobiy ta’sir qildi. Tunlari avval- gidek kuyib-yonib isitmalashlar qoldi, yo‘tali bosilib, vazni oshdi, yarim yilcha qon tupurmadi. Shunda Neylson hali bu yorug‘ olamda nasibasi uzil- maganini angladi. Tanidagi dardga quloq tutarkan, ko‘nglida ehtiyot bo‘lib yashasam kasalim zo‘raymaydi, degan umid uyg‘ondi. Yana kelajak haqida o‘y surish imkoniyati paydo bo‘lgani uning ruhini ko‘tarib yubordi. Neylson reja tuza boshladi. Biror-bir jiddiyroq faoliyat bilan shug‘ullanish haqida gapirmasa ham bo‘lardi. Lekin boshqa joyda tirikchilikka yetib- yetmaydigan ozgina daromadiga orollarda bemalol kun ko‘ra olardi. Kokos yetishtiradi, xat orqali royali va kitoblarini keltirtiradi, demak, ish topiladi. Ammo shved ko‘p o‘tmay bu rejalar bilan yuragini bezovta qilayotgan xohish-istakdan o‘zini chalg‘itmoqchi bo‘layotganini tushundi.
Unga Salli kerak edi. Shved Sallining faqat husnini emas, mungli nigohi ortiga berkingan ko‘nglini ham yaxshi ko‘rardi. U muhabbati taftida Sallining qalbini eritib, ayriliq azobini unutishga majbur qiladi. His- hayajonga berilgan Neylson manguga yo‘qotdim deb o‘ylagan va falakning gardishi bilan qayta topgan baxtini Salli bilan baham ko‘rayotganini ko‘z oldiga keltirdi.
Neylson Salliga birga yashashni taklif etganda qiz qo‘l siltadi. Lekin shved sarosimaga tushmadi – qizning yo‘q deyishini u bilardi. Salli ertami-kechmi shashtidan tushadi. Neylsonning muhabbati hammasini yengadi. Neylson niyatini kampirga oshkor etganda kampir ham, qo‘shnilar ham allaqachon Sallini uning taklifiga ko‘ndirishga urinishayotganini eshitib hayron qoldi. Aslida orollik ayol borki, oqtanlining xonadonida beka bo‘lishni baxt deb bilar, Neylson esa tubjoyliklarning me’yoriga ko‘ra badavlat odam sanalardi. Shvedga ijaraga uy bergan savdogar ham Sallining qoshiga borib uni to‘g‘ri yo‘lga solishga urindi, bunaqa omad boshqa kelmasligini, Mallani kutishdan endi naf yo‘qligini tushuntir-di. Sallining qaysarligi Neylsonning ishtiyoqini battar kuchaytirdi, aslida beg‘araz mehrday tuyulgan tuyg‘u uqubatli ehtirosga aylandi. Jamiki to‘siqlarni yakson qilishga bel bog‘lagan shved Sallini holi-joniga qo‘ymadi. Nihoyat Neylsonning o‘jarligi-yu atrofdagilarning goh muloyim, goh qiyin-qistovli pand-nasihatlaridan charchagan Salli rozilik berdi. Biroq ertasi kuni qalbi shodlikka to‘lib, uning oldiga kelgan shved bir paytlar Malla bilan birga yashagan kulbaga tunda Salli o‘t qo‘yib, yoqib yuborganini ko‘rdi. Sallini qarg‘agancha yo‘liga yugurib chiqqan kampirni Neylson nari quvdi; hechqisi yo‘q, ular kulbaning o‘rniga koshona quradilar. Royal va kitoblarni sig‘dirish uchun, baribir, yevropacha uy kerak-ku.
Shundan keyin Neylson hozirgacha yashab kelayotgan yog‘och uycha qurildi, Salli esa unga xotin bo‘ldi. Lekin oxir-oqibat qizning visoliga yetgan Neylson birgalikdagi turmushning dastlabki uch-to‘rt haftasidagina baxtli yashadi. Qarshilik qilishdan charchagan Salli endi o‘zi uchun qadrsiz narsani unga topshirgandi. Neylson g‘ira-shira ilg‘agan Sallining qalbi esa unga begona edi. Juvonning o‘ziga befarqligini shved sezib turardi. Salli hamon Mallani sevar, uning qaytib kelishini kutardi. Neylson mehr-muhabbatiga, hamdardligu ochiqko‘ngilligiga qaramay Mallaning bir ishorasi bilan Salli o‘ylab ham o‘tirmay uni tashlab ketishini bilar, shvedning dili vayron bo‘ladimi-yo‘qmi, Calliga baribir edi. Bu haqda o‘ylash Neylsonga azob berardi. Qizning ko‘ngliga yo‘l topishga urinishlari zoe ketgach, uning sevgisi alamga aylandi. Neylson Sallining yuragini mehr ko‘rsatib zabt etishga urindi, ammo juvon toshbag‘irligicha qolaverdi; Neylson o‘zini beparvo tutib ham ko‘rdi, juvon esa buni payqamadi ham. Toqati toq bo‘lgan kezlarda shved uni koyir, Salli esa ovozini chiqarmay yum-yum yig‘lardi. Ba’zan Neylson o‘zimni o‘zim aldadim, uning qalbiga yo‘l topolmadim, balki unda qalbning o‘zi yo‘qdir, degan o‘yga borardi.
Neylsonning muhabbati zindonga aylangan va endi u bu tutqunlikdan qochib qutulmoqchi edi. Lekin shahd bilan eshikni ochib ozodlikka chiqishga uning qurbi yetmasdi. Uzoq vaqt iztirob chekkanidan so‘ng, umidini uzib, og‘riqni ham sezmay qo‘ydi. Yuragidagi ehtiros olovi so‘ndi. Endi Sallining nigohi bir lahza ko‘prikchaga qadalganida uning yuragini g‘azab emas, o‘kinch o‘rtab yuborardi. Ular tirikchilikning ikir-chikirlari bilan ovunib, ko‘p yillar birga yashashdi. Hozir o‘tmishdagi jo‘shqin ehtiroslarini xotirlaganda Neylsonning yuziga tabassum yuguradi.
Salli qartayib qoldi, o‘zi bu yerdagi orollik ayollar tez qartayadi. Neylson allaqachon uni sevmay qo‘ygan, ammo doimo yaxshi muomalada bo‘lardi. Endi Sallining unga keragi yo‘q, shved royal va kitoblari bilan ovunardi.
Shularni eslab, Neylson beixtiyor gapira boshladi:
– Ortga qayrilib Malla bilan Sallining qisqa, biroq otashin muhabbati haqida o‘ylaganimda sevgi o‘zining eng yuksak nuqtasiga ko‘tarilganda, ularni bir-biridan judo qilgan taqdirdan ikkalasi ham birday minnatdor bo‘lishi kerak, deyman o‘zimcha. To‘g‘ri, ular ko‘p iztirob chekishgan, iztiroblari go‘zal bo‘lgan. Sevgining haqiqiy fojeasi ularni chetlab o‘tgan.
– Gapingizga tushunmadim, – dedi kapitan.
– Sevgi fojeasi o‘lim ham, ayriliq ham emas. Ularning muhabbati yana qancha davom etishini kim ham ayta olardi. Bir paytlar qalb qo‘ringni berib, butun borlig‘ing bilan chin yurakdan sevgan – usiz bir daqiqa ham yasholmaganing – ayolga qarab, uni qaytib hech qachon ko‘rmasam ham mayli, deb o‘ylash qanchalar alamli. Sevgi fojeasi – bu beparvolik.
Neylson shu gaplarni gapirayotgan paytda g‘alati holat ro‘y berdi.
U kapitanga qarab so‘zlayotgan bo‘lsa-da, aslida ro‘parasida o‘tirgan odamga emas, o‘ziga o‘zi gapirayotgandi. Tuyqusdan shvedning ko‘z oldida bir qiyofa namoyon bo‘ldi – bu ro‘parasidagi suhbatdosh emas, boshqa bir qiyofa edi. Neylson go‘yo odamni yorulgudek xo‘ppasemiz yoki xodadek uzun ko‘rsatadigan qiyshiq oynaga qarayotgandi; ayni damda aks holat yuz berayotgandi: meshqorin qari kapitan qiyofasida u favqulodda bir lahza navqiron yigitni ko‘rdi. Neylson mehmoniga sinchkovlik bilan tikildi.
Xo‘sh, sayr qilgani u nega aynan bu yerga keldi? Beixtiyor miyasiga kelgan shubhadan shved seskanib ketdi. Lekin aql bovar qilmaydigan bu shubhada jon bordek edi.
– Ismingiz nima? – deb so‘radi u tuyqusdan.
Kapitan yuzini burishtirib ayyorona tirjaydi. Uning basharasida xunuk va ayanchli ifoda aks etdi.
– Jin ursin, uzoq vaqt ismimni aytib chaqirishmaganidan o‘zim ham uni esdan chiqarib yuborganman. Ammo orolliklar meni o‘ttiz yildan beri Malla deb chaqirishadi.
U meshday qornini selkillatib pixillab kula boshladi. Bu jirkanch holatdan Neylsonning etlari jimirlab ketdi. Malla esa ichagi uzilgudek bo‘lib, qizarib ketgan ko‘zlaridan yosh chiqquncha kuldi.
Bir payt xonaga kirib kelgan ayol Neylsonni cho‘chitib yubordi. Bu to‘ladan kelgan, qoramag‘iz – qartaygan sayin orolliklarning terisi qorayadi – sochi oppoq oqargan savlatli ayol edi. Egnidagi yupqa qora keng-mo‘l ko‘ylagini bo‘liq siynalari turtib ko‘tarib turardi. Vaziyat keskin tus oldi. Endi hammasi bir yoqli bo‘ladi.
Ayol Neylsonga kundalik yumushlar haqida nimadir dedi. Unga javob qaytarayotganida Neylsonning ovozi o‘ziga qalbakidek eshitildi. Lekin buni ayol sezdimi-yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi. Keyin ayol deraza yonida o‘tirgan mehmonga beparvo qarab qo‘ydi-da, tashqariga chiqib ketdi. Tang vaziyat ortda qoldi. Neylsonning qo‘l-oyog‘i titrar, tili og‘zida g‘o‘laday qotgan edi. Nihoyat, u o‘zini qo‘lga olib gapira boshladi:
– Agar uyimda qolib, men bilan birga tushlik qilsangiz juda xursand bo‘lardim.
– Afsuski iloji yo‘q, – dedi Malla. – Anavi Greyni topishim kerak. Unga mollarni topshirib, qaytib ketaman. Ertagayoq Apiada bo‘lishim kerak.
– Sizni kuzatib qo‘ygani dastyor bolani chaqiraman.
– Yaxshi bo‘lardi.
Malla zil-zambil gavdasini bir amallab kursidan ko‘targanda shved ekinzorda ishlayotgan bolalardan birini chaqirdi.
Neylson bolaga kapitanga yo‘l ko‘rsatishni tayinladi, bolakay ko‘prikchadan pildirab yurib ketdi. Malla uning ortidan yo‘l oldi.
– Ko‘prikdan yiqilib tushmang tag‘in, – dedi Neylson.
– Tushingizni suvga ayting.
Malla kokos daraxtlari ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, biroq shved uning ortidan ko‘zini uzmay, deraza yonida haykaldek qotib turardi. Nihoyat, u kursiga cho‘kib, og‘ir tin oldi. Neylsonning baxtiga zomin bo‘lgan kimsa hali shumi? Nahotki, Salli shuncha yil sevib, iztirob bilan kutgan Malla shu bo‘lsa? Shum taqdirning o‘yinini qarang! Neylsonning qahri qo‘zidi, o‘rnidan irg‘ib turib hamma narsani chilparchin qilib tashlagisi keldi.
Ha, uni aldashdi. Ular nihoyat uchrashdilar – Malla bilan Salli bir-birini tanimadilar. Neylson ayanchli kuldi, asabiy qahqaha zo‘raygandan zo‘rayib, jazavaga aylandi. Ma’budlar uni laqillatishdi. Umrining yarmi zoe ketdi.
Nihoyat, Salli kirib tushlik tayyor bo‘lganini aytdi. Neylson uning ro‘parasida o‘tirib ovqatlanishga urindi. Hozirgina shu yerda o‘tirgan baqaloq mehmon hamon armon bilan eslaydigan o‘sha sevgilisi ekanini bilganda Salli nima degan bo‘lardi? Ko‘p yillar burun Salli yetkazgan azoblardan bezillab yurgan paytlarda Neylson jon-jon deb unga buni aytardi. Chunki o‘shanda Salli uni qay ko‘yga solgan bo‘lsa, u ham juvonni shunday azoblagan bo‘lardi; aslida bu nafrat emas, muhabbat edi. Biroq endi Neylsonga baribir. U beparvo yelkasini qisdi.
– Boya kelgan odamga nima kerak ekan? – deb so‘radi Salli.
Neylson darhol javob bermadi. Salli ham qartayib qolgandi. Semiz qari tubjoylik ayol. Neylson endi bir paytlar nega uni telbalarcha sevganini tushunolmasdi. Sallining poyiga qalbidagi duru gavharlarni to‘kdi, unga esa buning keragi ham yo‘q ekan. Bekor! Bari bekor! Hozir Salliga qarab Neylson ko‘nglida nafratdan bo‘lak hech narsani his qilmasdi. Bunga ortiq chidayolmaydi. Nihoyat, Neylson javob berdi:
– U kema kapitani ekan. Apiadan kelibdi.
– Ha-a…
–Uyimdan xabar keltiribdi. Akam og‘ir kasal ekan. Men ortga qaytishim kerak.
– Uzoq vaqtga ketyapsizmi?
Neylson yelkasini qisdi.

Ingliz tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.