OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Somerset Moem. Umrim daftaridan

YETMISH YOSHIMDA

Kecha mening yoshim yetmishga to‘ldi. Garchi bunda biror-bir mantiq ko‘rinmasa-da, hayotimizning har bir yangi o‘n yilligiga qadamni-hammamiz ham, tabiiy ravishda, umrimizning o‘ta muhim voqeasi, deb hisoblaymiz. O‘ttiz yoshga to‘lganimda akam menga:”Sen endi yosh bola emassan, erkaklar qatoriga qo‘shilding. Demak, har jabhada erkakka munosib ish tut”, deb ogohlantirgan edi. Qirq yoshga to‘lganimda men o‘zimcha: “Mana, yoshligim ham o‘tib ketdi”,– degan fikrda edim. Ellik yillik yubileyim chog‘ida “O‘zingni aldamay qo‘yaqol va hammasiga ko‘nikaver, endi sen ham bir keksaygan kishisan”, – degan qarorga keldim. Oltmishga kirib: “Mana, qarilikning ostonasiga ham qadam qo‘ydim” deya xo‘rsindim. – Ha, endi barcha chala ishlarni tartibga solish va qarzlardan qutulishi pallasi keldi”. Teatrdagi ishimni tashlab, “Sarhisob” asarimni yozdim va unda o‘z ko‘nglim uchun o‘tgan shu yillarda hayot haqida, adabiyot xususida nimalarni bilib olganim, o‘zim nima ishlar qilganim va bu ishlarimdan qanday zavq-shavqqa noil bo‘lganimni aniqlashtirib olmoqchi bo‘ldim. Ammo yetmish yosh – bu endi boshqa izdihomli sanalar ichida xiyla muhimrog‘idir. Bu yoshni odatda bir inson hayotining mezoni sifatida e’tirof qiladilar, anglaydilar. Zero, ulug‘ kitoblarda ham “Bani odamning yoshi yetmishdir”[1], – deya bejiz zikr etilmagan. Yetmishdan keyingi hayot yillaringizni Ajal hazratlarining barchaga muqarrar chalg‘isi o‘tmaslashganligi bois sizga ko‘rsatgan kutilmagan inoyati, tuhfasi, deb qabul qilishingiz mumkin. Yo‘q, yetmish yosh – bu endi qarilikning ostonasi emas. Bu – qarilikning ayni o‘zidir...

Tug‘ilgan kunim turli tantanayu as’asalarsiz o‘tdi. Ertalab, odatdagidek ishladim, kuning ikkinchi yarmisida esa uyimiz orqasidagi, odamlardan xoli, osuda va sokin daraxtzor xiyobonga sayrga chiqdim... Sayrdan qaytgach, o‘zimga bir finjon achchiq choy damlab, tushga qadar mutoala bilan mashg‘ul bo‘ldim. Keyin yana o‘qish bilan andarmon bo‘ldim, ermak uchun o‘yin qartalarida pasyans uslubida o‘zimga fol ko‘rdim, radiodan yangiliklarni eshitdim va nihoyat bir detektiv romanni qo‘limga olib, to‘shakka cho‘zildim. Kitobni o‘qib bo‘lgach, uxlab qoldim. Agar xonadonimdagi qoratanli xizmatchi ayollarni hisobga olmasak, kun davomida biror-bir kishi bilan bir og‘iz ham so‘zlasha olmabman.

Umuman, men yetmish yoshlik yubileyimni ayni o‘zim xohlagandek o‘tkazdim. Ya’ni bu kunda xohlaganimcha o‘yladim, xayol surdim.

Bir nech yil muqaddam, ana shunday sayrlardan birida qizim Liza, dabdurustdan, “qarilik haqida o‘ylasam, beixtiyor dahshatga tushaman”,– deb qoldi.

– Men unga:” Qizim, qariganingda bugun hayotingga zeb berib turgan ko‘plab istak-xohishlaring seni tark etishini ham unutma”, — deya taskin berdim. Qarilikning ham o‘ziga xos afzalliklari bor.

– Qanaqa afzalliklari? – so‘radi u.

– Masalan, aytaylik, qariganingda, faqat o‘zing xohlagan ishlarnigina qilishing mumkin. Musiqadan, tasviriy san’atdan, badiiy adabiyotdan istaganingcha bahra olasan; albatta ular bilan mashg‘ul bo‘lishing, ayni yoshlik chog‘laringdagidek kechmasligi mumkin, ammo bundan bahravarlik darajasi zinhor pasayib qolmaydi, aksincha yangicha bir joziba kasb etadi. Axir o‘zing endi ishtirok etmayotgan voqea-hodisalarni, shunchaki chetdan turib kuzatishning o‘zi ham g‘aroyib shodlik emasmi? Buning ustiga kishining zavqi-shavqi bir qadar susaygandan so‘ng, ulardan mosuvolik alami ham unchalik achchiq bo‘lmaydi.

Men qizimga shunday taskin berdim-u, ammo shu paytning o‘zidayoq, bu taskinlarim xiylagina mubham, xayolan chizib berayotganim – kelajak tasviri anchagina rutubatli tarzda ekanligi o‘zimga ham ayon bo‘ldi. Va keyinchalik, biror fursat o‘tib, men mazkur muammo yuzasidan yana mushohadalarga berilar ekanman, miyamga bir fikr keldi: qarilikning eng katta afzalligi bu – uning kishiga ma’naviy, ruhiy erkinlik baxsh etishida ekan. Va bu nazarimda, hamisha, insonning kuch-g‘ayratga to‘lgan, yoshlik chog‘larida o‘zi uchun muhim sanalgan ko‘plab narsalarga beetiborroq, loqaydroq bo‘lib qolishi bilan birga kechadigan jarayondir. Qarilikning yana bir afzalligi bor-u kishini hasaddan, g‘arazdan hamda nafrat hissidan ozod qiladi. Komil ishonch bilan aytishim mumkinki, men hozir, shu yoshimda dunyoda biror bir zotga hasad qilmayman. Tabiat menga muayyan qobiliyatlar ato etdi, garchand ularning barisini ham saqlab qololmagan esam-da, molu-davlatga ega bo‘ldim, hatto mendan ko‘proq iste’dodga ega kishilarga ham zarracha hasadim yo‘q. Omad ham meni chetlab o‘tmadi, hamkor safdoshlarimning omadi kulib, oshig‘i olchi ekanligidan ayrimlar kabi hasaddan to‘lg‘onib, kechalari uxlayolmaslik dardidan xoliman. Men uzoq yillar o‘zim egallab kelganim, u qadar baland bo‘lmagan mana shu obro‘-e’tibor, izzat shohsupasini hech bir gina-kuduratsiz, bajonidil boshqa biror kishiga bo‘shatib bera olaman. Meni o‘zim haqimda odamlarning nima deyishlari-yu, nimani o‘ylashlari ham qiziqtirmaydi. Odamlar istaganlarini o‘ylayversinlar. Albatta, kimgadir manzur ekanliging kishiga yoqimli kayfiyat, rag‘bat beradi, ammo yoqtirishmasa, nailoj, zorimiz boru zo‘rimiz yo‘q...

Anchadan buyon bir narsani bilaman, mening fe’l-atvorimda muayyan toifadagi kishilarga yoqmaydigan, ular hazm qila olmaydigan allaqanday bir jihat bor, nachora – hamaga ham birdek suyumli bo‘lish mushkul savdo. Biroq shunday bo‘lsa-da, menga g‘araz bilan qarovchilarga ham g‘ashim kelmaydi, ulardan xafa bo‘lib yurmayman, aksincha shunday odamlarni ko‘rib ko‘proq tetiklashaman, yanada g‘ayratlanaman. Lekin, baribir, o‘sha g‘arazgo‘ylarni o‘zimdagi qaysi jihat bunchalik behalovat qilar ekan-a? — degan savolga javob topishni istayman. O‘z ijodimga beriladigan baholarga ham befarqman...

Umumiy fikr va e’tiroflarga ko‘ra mening eng yaxshi kitobim “Insoniy ehtiroslar zalvori” nomli romanimdir. Mazkur asar bundan o‘ttiz yil ilgari chop etilgan edi. Biroq, sotuvga chiqarilgan nusxalar soniga qarab aytishim mumkinki, uni hozirgacha mutolaa qilishayotir. Roman uchun bu chindan-da uzoq umr, deyish mumkin. Ammo hozirgi yoshlarning bunday qalin kitoblarni mutolaa qilishga unchalik ham xushlari yo‘q, va menimcha, ayni paytda ushbu romanimni qaysidir, menga noma’lum sabablarga ko‘ra sevib o‘qiyotgan o‘rta va keksa yoshlilar o‘tib ketishgach, bu kitobimni ham unutishadi, zero ilgari mening bu asarimdan ham ko‘ra ahamiyatliroq va yaxshiroq kitoblar ham shunday qismatga mahkum bo‘lgan edi. Faqat bir-ikkita komediyalarimgina yana biror fursat sahna yuzini ko‘rishi mumkinligiga umid bog‘lay olaman, bunga sabab ularni men San’at va adabiyotni qayta tiklash – Restavratsiya davriga mansub dramaturglardan meros qolgan ruhda, eski ingliz an’analari ruhida yozganman. Bunday komediyalar to hanuz tomoshabinlar ommasining ko‘nglini xushlashda davom etayotir. Misol tariqasida birgina Noel Kouardning pesalarini olaylik[2]. Shu boisdan mening ayrim pesalarim ham ushbu tomoshalarning uzun ro‘yxatida munosib o‘rin egallab, o‘z muallifi – kaminai kamtarinning nomi uchun angliya teatri tarixi sahifalaridan bir-ikki satrni ishg‘ol qilishi ham ehtimoldan xoli emas. O‘ylaymanki, mening yana bir-ikkita eng sara hikoyalarim ham turli antologiyalardan muqim joy olishga muyassar bo‘lar, bu ularning juda zo‘r yozilganligidan emas albatta, shunchaki – ularda bayon etilgan voqea-hodisalar kechadigan joylar vaqt o‘tishi, tamaddunning taraqqiyoti tufayli yanada kuchliroq romantik oreol, qiyofa kasb eta borishi bilan izohlanadi. Shunday qilib, ikki-uchta pesa va o‘n chog‘li hikoya. Ha, bu kelajakkka safarga otlanayotgan kishi uchun u qadar salobat kasb etadigan mulk emas, biroq, har holda yo‘q degandan ko‘ra bori-da. Agar men shu fikrlarim bilan yanglishayotgan bo‘lsam-chi va meni dafn etilganimdan keyingi bir oy ichidayoq unutib yubrishsa-chi, unda nachora, axir men bu haqda baribir bila olmayman-ku...

Men o‘zim qachonlardir niyat qilgan barcha ishlarimni amalga oshirdim va endilikda o‘zimni, o‘zligimni namoyon qilgan holda, bemalol, kiroyi tadorik va hozirlik ila orom olishga chog‘lanishim mumkin.

Ayrim jihatlar borki, mening bu qarorim nechog‘li oqilona ekanligini yaqqol tasdiqlaydi: men hamisha bugungi kun bilan emas, ko‘proq kelajak xayoli bilan yashadim, keyingi paytlarda esa nimagadir o‘tmishda qolgan kunlarim meni tobora o‘ziga ko‘proq jalb etayotir.(Bu balki tabiiydir, zero, ortimda shuncha yashab o‘tilgan yillar zalvori, odinda esa deyarli hech vaqo ko‘rinmaydi).

Darhaqiqat, men hamisha kelgusida qilajak ishlarim rejasini tuzardim va ularni aksari hollarda bajarib keldim, ammo hozir, shu yoshimda, bu kabi rejalar xususida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

 Axir keyingi yil yoki yillar qanday kechishi, ular bizga nimalarni tuhfa etishi-yu, bizning maishiy turmushimiz, hayotimiz qay tarafga o‘zgarib ketishini kim ham oldindan aytib bera olardi? Bir paytlar men O‘rtaer dengizining lojuvard kengliklarida suzib yurishni xush ko‘radigan yelkanli qayig‘imni nemislar tortib olishdi; mashinam italiyaliklarda qoldi; uyimni ham goh nemislar, goh italyanlar galma-galdan tasarruf qilishdi, uy jihozlarim, mebellarim, to‘plagan kitob va kartinalarim butun Yevropa bo‘ylab sochilib ketdi, hali ularning barisini o‘g‘irlab ketishmagan bo‘lsa-yam, shukur deyman. Aslida, bu yo‘qotishlarning birortasi meni tashvishlantirmaydi. O‘z paytida men nihoyatda dabdabali hayot kechirganman, endi esa mening ehtiyojim uchun bir juft xonadan iborat uy, uch mahal ovqat hamda risoladagidek kitob g‘aznasiga ega kutubxona bo‘lsa bas.

Xayollarim meni bot-bot, olis-olislarda qolib ketgan yoshlik chog‘larimga boshlab boraveradi. Men u paytlarda, endi eslasam, o‘zimning ham g‘ashimni keltiradigan, afsus-nadomatga loyiq shumliklarni qilgan edim. Ammo men o‘tmishimni eslab, o‘zimni hadeb iztirobga tashlashdan chekinaman, imkon qadar o‘tmish xotiralarim bugunimga soya solishiga yo‘l quymaslikka tirishaman: o‘pkangni bos, deyman o‘zimga-o‘zimga, axir bu bema’niliklarni bugungi “sen” emas, balki o‘sha uzoq o‘tmishda yashagan “sen” qilgan-ku, deyman. Albatta, o‘sha paytlarda men kimlargadir yomonliklar ham qilganman, kimlarnidir ko‘nglini qoldirganman, biroq o‘tmish xatolarini tuzatishning imkonini topolmasdan, o‘z gunohlarimni yuvish uchun boshqa birovlarga yaxshiliklar, xayru muruvvatlar ko‘rsatishga intildim. Ba’zan o‘sha yillarda men o‘zim boy bergan muhabbat sarguzashtlarim, jismoniy huzur-halovatlarim haqida ham o‘kinch bilan o‘ylayman, biroq o‘zimga xos nozikta’bligim, kiborligim tufayli ularni boy bermaslikning imkoni bo‘lmaganligini ham bilaman: binobarin, bunday ishlarda hamma gap “asosiy masala”ga borib taqalganda, men hamisha o‘zimda allaqanday jismoniy ijirg‘anishni tuyardim va bu holat meni ilgari yuragimni hapriqtirgan his-tuyg‘ulardan sovutar, vujudimni iskanjada tutgandek tutib qolardi. Ha, nafsilambrini aytganda, men o‘z hayotimni, anchagina, hatto o‘zim istaganimdan ham ko‘ra sovuqqonroq donishmandlik bilan kechirdim.

Odatda aksariyat odamlar tabiatan sergap bo‘ladi, qariyalarni-ku aytmay qo‘yavering. Men hamisha gapirishdan ko‘ra tinglashni xush ko‘rardim, biroq so‘nggi paytlarda mening o‘zim ham juda sergap bo‘lib borayotgandek tuyilayotirman. To‘g‘ri, men o‘zimda bu aybni payqashim bilanoq, uni bartaraf etishga kirishdim. Shundoq ham qari chollarning “ming‘ir-ming‘iri”ga har kimning ham asabi dosh bermaydi, shu vajdan kishi keksayganda atrofidagilarning me’dasiga tegmasligi uchun bir qadar sergakroq, ziyrakroq bo‘lmog‘i joiz. Masalan, hadeb yoshlarning davrasiga suqilib kiraverish ham aqldan emas, chunki sizning huzuringizda yoshlar o‘zlarini juda noqulay, xijolatpazlik iskanjasida sezadilar, ular davrasini tark etishingiz bilanoq, “xayriyat-ey”, – degandek yengil nafas oladilar. Agar biror-bir qariya o‘z hayotida muayyan bir muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan, jamiyatda obro‘-e’tibor qozongan bo‘lsa, albatta, vaqti-vaqti bilan yoshlar ham uni yo‘qlab, suhbatiga oshno bo‘lishlari mumkin. Biroq, shunda ham qari kishi bir narsani to‘g‘ri anglamog‘i kerak, yoshlar aksariyat hollarda qariyaning o‘zini hurmat qilganidan emas, balki ko‘proq, o‘z tengqur do‘stlariga mana shu qariya bilan muloqotda bo‘lganliklarini maqtanib so‘ylab yurish uchun tashrif buyuradilar. Ya’ni muhtaram keksa kishi yoshlar uchun, baayni bir cho‘qqidirki, uning muloqotiga noil bo‘lish, bamisoli o‘sha cho‘qqini zabt etish kabidir. Taassufki, yoshlar uchun bu cho‘qqiga ko‘tarilishdan maqsad haybatli cho‘qqida turib tabiat go‘zalligiga boqish yoki balandlikdan pastga qarab enish zavqini tuyish emas, balki bor-yo‘g‘i ana shu cho‘qqini zabt etish jarayonida o‘zlari ko‘rsatgan jasoratdan faxrlanib, bu haqda maqtanish hissidan iborat bo‘ladi. Shu sababli ham, qariyalar yaxshisi o‘z tengqurlari bilan muloqotdan bahra olganlari ma’qulroq. Agar, ular o‘z tengqurlari bilan muomaladan zavq va shodlik hissini tuya olsalar, ularning omadi chopgani shu bo‘ladi. Mening o‘zimga qolsa, bir oyog‘i to‘rdayu bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan keksalarning suhbatidan ko‘ra zerikarliroq mashg‘ulotning o‘zi yo‘qdek. Sababi, ahmoq kishi keksayib, aqlli bo‘lib qolmaydi, keksa ahmoqning suhbatidan esa xudoning o‘zi saqlasin. Men bir narsaga – o‘z ustidan vaqtning hukmini tan olmasdan, ko‘ngilni ozdirar drajada o‘zini navqiron qilib qilib ko‘rsatishga chiranadigan kishining suhbatiga chidash mushkulmi yoki o‘zi o‘tmishda qotib qolgan va tegrasidagi dunyo ham uning bilan o‘sha o‘tmishda qotib qolmaganligidan alamzadalik tuyib, hamma narsaga jig‘ibiyron bo‘ladigan, har kimga zahrini purkaydigan kishiga toqat qilish mushkulmi? — degan masalaga aniq javob bera olmayman...

Ba’zan inson o‘zi uchun ona tabiat nechog‘li benazir va farahbaxsh ne’matlarni ato etganligini idrok etishi, anglashi uchun aql bovar qilmas darajada uzoq vaqt talab etiladi. Mening o‘zim ham yaqindagina, hayotda qanchalar omadim kulganligini anglab qoldim, umrim mobaynida biror marotaba bosh og‘rig‘i, tish og‘rig‘i nimaligini bilmabman, oshqozon-ichak sanchiqlaridan azob chekmadim. Yanglishmasam, uch kun bo‘ldi, bir joyda o‘qib qoldim, mashhur faylasuf Kardano[3], tarjimai holida o‘zining yetmish yoshga to‘lganida hali og‘zida o‘n beshta tishi bus-butun saqlanganligidan faxrlanib yozgan ekan. Mening esa xuddi shu yoshimda, sanab ko‘rsam, hali yigirma oltita tishim butun. Uzoq umrim mobaynida men ham bir qator og‘ir xastaliklarga duchor bo‘lganmanu silga chalindim, ichbirug‘ bo‘ldim, bezgak bilan og‘ridim va yana Xudo bilsin qancha kasalliklar bilan olishishimga to‘g‘ri keldi, biroq hech qachon ichkilikka mukkamdan ketmadim, ovqatlanishda ham me’yorni bildim va natijada hali-hanuz mening mushaklarim baquvvat, yurganimda hansiramayman. Albatta, sog‘lig‘ing joyida bo‘lmasa, qarilikdan yaxshilik kutib bo‘lmasligini hamma ham biladi. Darvoqe, bunda pulning ham o‘rni bor, holbuki, qariganingda unchalik ham katta pul shart emas, boisi keksalikda ehtiyojlaring ham bir qadar cheklangan bo‘ladi-da. Aslini olganda, hayotda asosan yomon ishlarga ko‘proq pul sarflanadi, keksalik chog‘ingda esa badastir, kiroyi odam bo‘lib yurish osonroq... Taqdirimga shukronalar aytamanki, ko‘p sonli kitobxonlar ahlining yozganlarimga nisbatan mehru muhabbati tufayli o‘zimning farovon turmushimni, xohish-istaklarimni ta’minlayman, yordam berishim lozim bo‘lgan kishilarga moddiy ko‘mak ko‘rsatishga qurbim yetadi. Xasislik va baxillik keksalarga xos qusur. Odatda qariyalarga moddiy boylik asosan, pulga muhtoj kishilarni o‘z hukmida tutib turishlari uchun zarur bo‘ladi. Men o‘zimda bu qusurni ko‘rmayman.

Xotiram ham yaxshi saqlangan; to‘g‘ri ba’zan men kishilarning chehrasini yoki ismlarini unutib qo‘yaman, ammo qachonlardir o‘qigan narsamni hamisha mukammal esda tutaman. Shu o‘rinda bir noqulaylikni aytib o‘tmog‘im joiz, men shu paytgacha jahon adabiyotidagi eng mashhur romanlarning har birini ikki yoki uch marotabadan o‘qib chiqdim va ular endi menga xuddi ilgarigidek zavq-shavqni, maroqni bera olmaydi. Zamonaviy adiblarning esa meni qiziqtirishlari juda kamdan-kam yuz beradi; bilmadim, agar hozirda o‘qiyotganim mana shu o‘nlab detektiv kitoblar bo‘lmaganida men nima qilar edim, bu kitoblar, garchi ularning mazmuni o‘qib chiqishim bilanoq yodimdan ko‘tarilib ketsa-da, meni yomon o‘ylardan chalg‘itadi, vaqtimni o‘tkazishga yordam beradi. Meni mutloqa qiziqtirmaydigan narsalar, joylar, shaxslar haqidagi kitoblarga, garchand ular qanchalik qiziqarli va ma’rifiy qilib yozilgan bo‘lmasin, azal-azaldan unchalik xushim yo‘q. Men, masalan, Siam tarixi haqida,yoki eskimoslarning turmush tarzi xususida hech qanday ma’lumotga ega emasligim borasida hech qachon qayg‘urib, afsus chekmayman. Shuningdek, Mandzonining[4] tarjimai holini o‘qishni ham istamayman, jasoratli Kortes[5]haqida aytadigan bo‘lsam, menga uning mashhur Daren cho‘qqisini zabt etganligini bilishimning o‘zi kifoya, deb hisoblayman Men hanuzgacha yoshligimda o‘zim sevib mutolaa qilgan shoirlarning she’riy kitoblarini varaqlab turaman, zamonaviy she’riyatni ham qiziquvchanlik bilan kuzatib boraman. O‘zimning uzoq yillik umrim davomida Yeytsning, Eliotning so‘nggi asarlarini ilk nashrlarida o‘qiganligimdan faxrlanaman. Men yana Semyuel Jonsonga qandaydir aloqasi bo‘lgan har qanday kitobni, Kolrij, Bayron, Shelli haqidagi hamma-hamma kitoblarni o‘qib chiqishga tayyorman. Qariganingda, albatta, jahon adabiyotining durdona asarlarini ilk bor o‘qiyotganingdagi kabi surur va zavqni tuya bilmaysan, ammo, bundan endi afsuslanishga hojat yo‘q, aytadilarku “o‘tgan — o‘tdi, kechgan — ketdi”, — deb... Yana bir xafa qiladigan jihat shundaki, ba’zan ayrim asarlarni qayta o‘qib, ulardan qalbingni junbushga keltiradigan hech narsani topa olmaysan, holbuki, ular seni bir paytlar nihoyatda to‘lqinlantirgan, hayajonga solib, xayolingni o‘g‘irlagan bo‘ladi. Masalan, Kitsning “Osmonga tik boqayotgan odam” asaridagi kabi. Biroq, yana bir narsa borki, men hamon uning bag‘riga o‘zgacha bir xohish va o‘zgacha bir hayajon bilan g‘arq bo‘lishim mumkin. Bu — falsafadir, yo‘q men aytayotganim turli atamalar bo‘tqasidan iborat sovuq safsatabozlik emas, balki, chindan-da borliqdagi barcha majudlik uchun dahldor bo‘lgan muammolarni talqin qiluvchi, sharhlovchi falsafadir: “Modomiki, insonlarning iztirobini yengillatishga xizmat qilmas ekan, faylasufning har qanday gapi puchdir”. Platon va Aristotel asarlari menga taskin beradi va o‘ylashga, tafakkur qilishga undaydi (ayrimlar Aristotelning tili biroz g‘alizroq deyishadi-yu, biroq agar o‘zingizda yumor hissi bo‘lsa, siz undan anchagina qiziqarli narsalarni topishingiz shubhasiz). Shuningdek, Plotin, Spinoza, va zamondoshlarimiz bo‘lgan yana bir-ikkita donishmandlar, masalan, Bredli[6]va Uaytxed[7] asarlarini ham bajonidil mutolaa qilaman. Gapning indallosini aytganda, faqat ana shu zikr etilgan allomalaru qadimgi yunon tragediyanavislarigina hayotning mohiyati haqidagi chin gaplarni, haqiqatlarni mahorat bilan ayta olishgan. Faqat o‘shalargina kishida fikr-o‘y tug‘diradilar va ayni paytda ko‘ngillarga taskin bera oladilar. Ularning asarlarini mutolaa qilish, mening nazdimda, xuddi osuda shamol hamrohligida sonsiz-sanoqsiz orollar sochilib yotgan bepayon dengiz mavjlari aro yelkanli qayiqda suzishdek tuyiladi...

Menimcha, san’atning mohiyatini uning ishlab chiqarish effekti (samarasi)da ekanligini e’tirof etib, bundan esa “san’atning qiymati go‘zalligida emas, balki kerakli ta’sir kuchiga ega bo‘lishidadir”, deya xulosa qilguvchi faylasuflar haqdirlar. Modomiki, samaraning o‘zi samarali ta’sir kuchiga ega emas ekan, u hech bir ma’no kasb etmaydi. Agar san’at faqat ijodkorning ko‘ngilxushligi uchun yaratiladigan bo‘lsa, garchand u qay darajada balandparvoz, ko‘tarinki ruhda bo‘lmasin, undan jamiyatga manfaat kam bo‘ladi: bunday asarlarning me’moriy obidalarning haybatli gumbazini yelkasida tutib turguvchi ulkan ustunlar peshtoqiga qo‘ndirilgan mitti haykalchalardan farqi yo‘q; zero, bu mitti haykalchalar o‘zining xilma-xil ko‘rinishlari, nafisligi bilan ko‘zlarimizni quvontiradi, biroq ularda hech bir ijtimoiy foydali yuk, vazifa bo‘lmaydi. Agar san’at kishilarni biror-bir ezgu harakatga chorlamas, da’vat qilmas ekan, u bor-yo‘g‘i sohibi aql – intellektuallar uchun afyun bo‘lib qolaveradi.

1944 yil

SAKSON YILLIKUMR YO‘LLARIMGA BIR NAZAR

 Kishining sakson yoshga to‘lishida hech bir qiziqarli jihat yo‘q, albatta. Hozirda odamlar ilgarigi davrlarga qaraganda, xiyla uzoq yashashmoqda. Shuning uchun ham yoshlari to‘qsondan oshib ketsa-da, hamon o‘zining kuch-g‘ayratini, ishchanlik qobiliyatlarini yo‘qotmagan qariyalar haqidagi gap-so‘zlar tez-tez qulog‘imizga chalinib turadi. Shu boisdan, mening siz azizlarga bugungi murojaatimni, bor-yo‘g‘i, inson o‘z umri davomida bir marotabagina sakson yoshga to‘lishi mumkinligi vajhidan, deb qabul etgaysiz.

Men o‘zimning uzoq yillik umrim mobaynida urf-odatlarimiz, an’analarimiz, tafakkur tarzimizda yuz bergan ko‘plab o‘zgarishlarga shohid bo‘ldim, va o‘ylaymanki, ular haqida so‘zlab bersam, bu sizlarga ham qiziq bo‘ladi. Insonning quvvai hofizasi, xotirasi odatda juda qisqa bo‘ladi; masalan, atigi bundan yarim asr muqaddam esini tanigan kishi ham ba’zan, o‘sha paytlarda bu olam naqadar o‘zgacha bo‘lganligini eslashi, idrok etishi mushkuldir. Yoshlarimiz esa ilgarigi dunyo haqida mutlaqo tasavvurga ham ega emaslar, ularning nazdida bugun ularni qurshab turgan narsa, hodisalar go‘yoki daqqiyunus davrlaridan buyon mavjud bo‘lgan va hamon aynan shunday barqarordek.

Men o‘n sakkiz yoshga to‘lib, tibbiyotni o‘rganishga kirisha boshlagan paytimdagi dunyo hali na samolyotni, na mashinalarni, na kino, na radioni va na-da telefonni bilar edi. Bir kuni bizning Kenternberndagi maktabimizga bir ma’ruzachi voiz keldi va u hammamizni hayratga solib, judayam sodda va g‘arib alpozda, xira va uzuq-yuluq tarzda bo‘lsa-da, odam ovozini qayta takrorlaydigan apparatni namoyish etib ko‘rsatdi. Bu g‘aroyib apparat – ilk grammafon edi. Meni o‘shanda bag‘riga olgan dunyo hali o‘z uylarini ko‘mir bilan isitar va bundan bizlar anchagina aziyat chekardik, yoritish uchun esa gazli yoxud kerosin lampalaridan foydalanilardi. Oddiy uydagi vannani bizlar faqat boylarninggina uyida bo‘ladigan hashamat deb bilardik. Boy odamlar (odatda ularni “ekipaj sohiblari” deb atashardi) karetalarda yoki lando deb atalmish salobatli aravalarda yurardilar. Ulardan sal kambag‘alroqlar – “proletka” va “shaldiroq arava” nomi bilan mashhurroq to‘rt g‘ildirakli kajavalarda, yanayam kambag‘al aholi esa – jamoat uchun umumiy bo‘lgan, og‘ir yuk tortuvchi otlarga qo‘shiladigan dilijanslarda yurishardi. U paytlarda London ko‘chalarida turli mashshoqlar hamda sharmankachilar tinimsiz izg‘ib yurishar, ular sizdan uzoqroqqa ketishlarini istasangiz, albatta qo‘llariga pul tutqazishingizga to‘g‘ri kelardi. Yakshanba kunlari shahar hovlilarini ajabtovur bo‘g‘iq ovozli qo‘ng‘iroqlarini daranglatib, issiq bulochka sotuvchilar aylanib yurardilar va odamlar, ertalabki nonushta uchun biror-bir shirinlik yoki yopgan non olish maqsadida bu sotuvchilarning oldiga yugirgilab chiqishardi.

U paytlarda hayot kechirish anchagina arzon edi. Masalan, men avliyo Foma shifoxonasiga ishga kirganimda Sinvent-skver ko‘chasidagi barcha qulayliklarga ega ikki xonani haftasiga bor-yo‘g‘i o‘n sakkiz shillingga ijaraga olgan edim. Xonadon sohibasi yana o‘n ikki shilling badaliga meni bir hafta davomida, ertalablari to‘yimli nonushta va kechqurun-soat olti yarimlarda ishdan qaytganimda – kechki ovqat bilan boqar edi. Shifoxonaning o‘zida esa to‘rt pensga bug‘doy unidan tayyorlangan non, sariyog‘ va bir stakan sut olib tanovvul qilish mumkin edi.

Shunday qilib, oyiga hammasi bo‘lib o‘n to‘rt funtgina sarflab, men nafaqat binoyidek yashardim, balki bu pullar evaziga o‘qishimga to‘lovlarni amalga oshirar, o‘zimga zarur asbob-uskunalarni xarid qilar, hattoki, ba’zi bir ko‘ngilxushliklarimga ham shu puldan ajrata olardim. Judayam tang qolgan paytlarimda esa, hamisha qo‘limdagi mikroskopimni uch funt evaziga garovga qo‘yib, vaziyatdan chiqib ketishim mumkin bo‘lardi.

Bisotimdagi pullarim u paytlar haftasiga kamida bir marotaba teatr san’atidan bahra olishimga ham izn berardi. Men chipta oladigan parterning so‘nggi qatorlariga u paytlar, hozirdagidek salobatu viqor bilan kirib borish shart emasdi. Navbatga ham mutlaqo e’tibor berilmasdi.Tomashabinlar to‘dasi kirish eshiklari oldida yig‘ilishar, eshiklar ochilishi bilanoq, qiy-chuv, to‘polonlar bilan, ur-yiqit qilib, bir-birlarini surishib, imkon qadar yaxshiroq joylarga o‘zlarini urardilar. Ammo shu holatning o‘zi ham maroqli bir ko‘ngilxushlik edi, nazarimda. Men mashhur san’at darg‘alari Genri Irvingni va Ellen Terrilarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Shuningdek, “Ikkinchi missis Tenkerey”[8]spektaklida missis Patrik Kempbellning va “Jiddiy bo‘lish naqadar muhim” spektaklida Jorj Aleksandrlarning ijrosidan bahramand bo‘lganman. Ammo menga eng katta shodliklarni shanba kunlari Tivoli myuzik – xollidagi tomoshalar baxsh etardi. Endilikda, hamma esidan chiqarib yuborgan bu Myuzik-xoll u paytlarda o‘z shuhratining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgandi. Mazkur san’at koshonasida o‘zlarining eng gullagan davrlarida Mari Lloyd, Bessi Belvud, Vesta Tilli, Alber Shevale, Dan Leno kabi unutilmas shuhratga sazovor san’atkorlar ijod qilishgan. Ularning har biri alohida, tomoshabinlarni naqd yigirma daqiqagacha kuchli his-hayajon og‘ushida tutib tura olar edilar. Hayratlanarli darajadagi iste’dod sohiblari edi bu zotlar.

Bu ulug‘ san’atkorlarga so‘nggi yillarda ijod qilgan komediya aktyorlaridan faqatgina hammaning mehrini qozongan va vafoti bilan barchani birdek azador etib, chuqur qayg‘uga ko‘mib tashlagan Sid Fildnigina tenglashtirish mumkindir, ehtimol.

O‘sha paytlarda sayru sayohatlar ham unchalik qimmatga tushmasdi. Men yigirma yoshga to‘lganimda, pasxa bayrami munosabati bilan beriladigan olti haftalik ta’tilimni Italiyada o‘tkazgandim. Keyinchalik Pizada bo‘ldim, bir beva ayolning (uning yoshi bir joyga borib qolgan edi) odamlar bilan gavjum pansionatidan juda shinam bo‘lgan hujrachani ijaraga olib, bir oy mazza qilib mo‘‘jizakor Florentsiyada yashadim. Shundan keyin Venetsiya va Milanda bo‘lib, Londonga qaytdim. O‘shanda ushbu sayohatim xarajatlari, temiryo‘l chiptalari bahosini ham qo‘shganda – menga yigirma funtga tushgandi, ammo bu sayohatlardan olgan taassurotlarim, zavqu shavqimning cheki-chegarasi bo‘lmagan.

Talabalik chog‘larimda men Avliyo Foma shifoxonasida besh yil ishladim. Tibbiyot sohasiga unchalik ham ko‘nglim chopmaganligi sababli mendan tayinli talaba ham chiqqani yo‘q. Yoshligimdan yozuvchi bo‘lishni orzular edim, shuning uchun ham kechki ovqatdan so‘ng hamisha tinmay mutolaa qilar yoki nimalarnidir qoralash bilan mashg‘ul bo‘lardim. Tez orada men “Lambetlik Liza” romanimni yozib, uni nashriyotga jo‘natib yubordim. Shifoxona huzuridagi tahsilim tugagach, romanimni nashr etishdi va u ma’lum darajada mashhurlikka ham sazovor bo‘ldi. Bu mashhurlik albatta, tasodifiy hol edi, ammo men o‘shanda buni qayoqdan ham bilay. Oqibatda, men endi shifokorlik ishimni butkul tashlab, professional yozuvchi bo‘lishim mumkin ekan, degan qarorga keldim. Menga shifokorlik diplomini olish imkoniyatini bergan so‘nggi imtihonni topishirganimdan atigi uch kun o‘tib, Ispaniyaga til o‘rgangani va navbatdagi kitobimni yozish uchun jo‘nab ketdim. Shuncha yillar yashab, umrimning o‘sha pallalariga qayta nazar tashlar ekanman, bugungi kunda men yozuvchining hayotda biror-bir muvaffaqiyatga erishishi oson emasligini va qalam ahliga aksariyat hollarda hatto nonini topib yeyish ham mushkul kechishini juda aniq-ravshan bilaman. Shu sababli ham o‘sha paytlardagi qarorim nechog‘li ahmoqona tavakkal bo‘lganligini tan olaman. Ammo u chog‘lar bunday shubha-gumonlar miyamning bir chekkasiga ham kelmagan, yetti uxlab tushimga ham kirmagan edi, albatta. Men shunday qilib, tibbiyotni butunlay tashladim va bu ishimdan yengil nafas oldim; biroq shunday esa-da, kasalxonadagi faoliyatim bilan kechgan besh yillik umrimga hech qachon afsuslanmayman. Hatto aksincha: men shu paytgacha inson haqida nimaiki bilimlarga ega bo‘lgan bo‘lsam, ularning barisiga ayni mana shu yillarim mobaynida erishganman—zero, kasalxona sharoitida har qanday insonning bor mohiyati, tabiati shundoqqina ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Dard azobini boshdan kechirayotgan, o‘lim qo‘rquvini his etayotgan bemorlar o‘z shifokorlaridan qalbi tubidagi biror-bir tuyg‘uni yashira olmaydilar, sir saqlashga urinsalar-da, buning uddasidan chiqa bilmaydilar.

Rostini aytsam, men o‘zim haqimda gapirmoqchi emasdim, ammo o‘ylab qarasam, bugun tarjimai holimga oid ayrim ma’lumotlarsiz so‘zlashim dargumon ko‘rinadi. Shifoxonadan ishdan ketganimdan keyingi o‘n yil men uchun juda og‘ir kechdi. Dastlabki muvaffaqiyatimdan keyin omad mendan butunlay yuzini o‘girdi. Men bir necha romanlar (ulardan faqat bittasigina “pichoqqa ilinadigan” edi, xolos) va pesalar yozdim. Yozgan pesalarimni olgan teatr direktorlari shu zahotiyoq qo‘limga qaytarib tutqazardilar. Bu yillar davomida mening bir yillik daromadim hammasi bo‘lib, yuz funtdan oshmas edi. Shundan keyin yana birdan omadim kulib qoldi. Sloun-skverda joylashgan “Kort-tietr”ni ijaraga olgan janobning bir pesasi kutilmaganda omadsizlikka uchrab, umidlari chippakka chiqibdi, undan keyinga mo‘ljallangan asar ham hali nihoyasiga yetmagan ekan, u bechora esa tang vaziyatdan qanday chiqishni bilmay qolibdi. Shunda u mening “Ledi Fredirik” pesamni o‘qib ko‘rib, garchi pesam unga ma’qul kelmagan bo‘lsa-da, bir-ikki oy, odamlar undan bezib ulgurguncha, asarni sahnada ushlab turish mumkindir, degan fikrga kelibdi. Ammo, omadimni qarang-ki, “Ledi Fredirik” oz emas, ko‘p emas, roppa-rosa o‘n besh oy sahnadan tushmadi. Shundan keyin oradan unchalik ham ko‘p o‘tmay, Londonning o‘zida mening bir yo‘la to‘rtta pesam sahnalashtirilib, namoyish etildi. Ilgari hech qachon bunday bo‘lmagan ekan shekilli, barcha gazetalar bu haqda ijobiy ma’noda “shov-shuv” ko‘tarib yuborishdi. Shu o‘rinda soxta kamtarlikni bir chetga surib, aytishim mumkinki, endi butun shahar men haqimda gapira boshladi. Aytishlaricha, o‘sha paytlarda qachonlardir faoliyat yuritganim — Avliyo Foma shifoxonasida bir talaba, men turli tibbiy operatsiyalar jarayonida qo‘l ostida assistent bo‘lib ishlagan jarrohdan, men haqimda — siz falon dramaturgni taniysizmi?– deya so‘ragan ekan. U shifokor: “Ha uni juda yaxshi eslayman. Bu juda achinarli hol. O‘ylashimcha, shunday qo‘li gul jarroh bo‘lishi mumkin bo‘lgan yigitning, pesa yozaman deb, tibbiyotni tashlab ketishi, hammamiz uchun ham katta yo‘qotish bo‘ldi !” –degan ekan.

Menimcha, o‘sha jarroh ham o‘z nuqtai nazaricha, qaysidir jihatdan haq edi. Qolaversa, undan boshqa yana ko‘plab kishilar ham haqli ravishda mening adabiyotdagi bunday muvaffaqiyatimni shunchaki o‘tkinchi tasodifning hosilasi, deb hisoblardi. Biroq nima bo‘lgandayam, mana shu muvaffaqiyat meni qashshoqlik botqog‘idan olib chiqdi, yangidan-yangi do‘stlar orttirishimga sabab bo‘ldi. Men endi har turli tomoshagohlarga kirganimda, yaxshiroq joyni egallash uchun olaquroq olomon orasidan chopqillab chiqmasdim, aksincha eng nufuzli kishilar qatorida, hurmat va ehtirom bilan hashamatli o‘rindiqlarda o‘tirardim.

Darvoqe, endi gapimning boshida va’da berganim, so‘nggi ellik yil ichida mamlakatimizda yuz bergan o‘zgarishlar, voqea-hodisalar xususidagi mulohazalarimga qaytsam, ma’qulroq bo‘lar. Meni endilikda anchagina taniqli dramaturg, juda mashhur kishi sifatida turli ziyofatlarga chaqira boshladilar, shuni ham aytishim kerakki, ularning aksariyati juda katta dabdabayu as’asalar bilan o‘tkazilardi. Bunday ziyofatlarga erkaklar albatta frak kiyishib, bo‘yinlariga oppoq galstuklarni bog‘lab borishardi, ayollar esa – etak qismi anchagina uzun qilib tikilguvchi qimmatbaho va nafis ko‘ylaklarda tashrif buyurardilar. Ular o‘zlarining uzun sochlarini boshining qoq tepasiga chambar qilib tang‘ib, turli gulli bezaklar bilan ziynatlashdan erinmasdilar. Ziyofatga taklif etilgan barcha kishilar kelib yig‘ilgach, har bir jentelmenga u qaysi bir xonimni dasturxon yoniga yetaklab borishi kerakligi haqida oldindan aytib qo‘yilardi. “Dasturxon sizlarga muntazir” degan chorlov yangrashi bilan har bir erkak, o‘ziga inonib topshirilgan xonimning qo‘lidan tutardi. Bunday paytlarda, oshxona tomon yo‘nalgan ushbu shukuhli safning oldida odatda uyning egasi, birorta eng martabali bevaning qo‘lidan tutib borar, boshqalar esa uning ortidan dabdabali bir viqor bilan ergashardilar. Safning oxiri xonadon bekasi bilan yakunlanar, u ham amaldagi taomilga ko‘ra allaqaysi gertsogningmi, yoki elchiningmi qo‘llariga biroz tayanib, nozu ishvalar bilan qadam olardi. Bunday ziyofatlar chog‘ida dasturxonga qancha miqdorda ovqat tortilishiyu biz ne qadar to‘yib taomlanganligimizni aytsam, balki ishonmassizlar. Dastlab tanovvulni sho‘rvadan yoki ta’bga ko‘ra boshqa biror-bir suyuq ovqatdan boshlardik, keyin baliq yeyilardi, keyin qovurdoq, qovurdoqdan oldin yana turli gazaklar tortilardi. Nihoyatda to‘yimli tayyorlangan, sergo‘sht qovurdoqdan so‘ng mehmonlarni ichiga yax bo‘laklari solingan turli meva sharbatlari bilan siylashardi: aytishlaricha, ovqatlanish o‘rtasida ichiladigan sharbat, ishtahadagi ikkinchi nafasni ochar ekan. Sharbatxo‘rlikdan so‘ng parranda go‘shtiga gal kelardi (bu taom albatta mavsumiy bo‘lardi), undan keyin esa xilma- xil shirinliklar, pishiriqlar hamda mevalarga o‘tilardi. Odatda sho‘rvaga baqamti uzumdan tayyorlangan nihoyatda o‘tkir quvvatga ega xeres vinosi, boshqa taomlar bilan esa yana o‘zgacha vinolar, jumladan shampan vinosi ham ichilardi.

Bugungi kunda tobora kamtarona ko‘rinish kasb etib borayotgan dasturxonlardan tamaddi qilib yurguvchilar, o‘sha vaqtlardagi kishilarning yeb-ichishlariga har qancha havas qilsalar arziydi. Ha, u davrlarda odamlar ovqatlanishning hadisini ham obdan yaxshi bilishar edi. Lekin, bunday bo‘kib yeb-ichishlar zinhor izsiz ketmasdi. Zero, “mazzasining jazzasi bor” , — degan hikmat bejizga aytilmaydi. Bunday kayfu safolardan keyin odamlar haddan tashqari semirib ketishar, natijada har bir daqiqasi qorin-qursoq g‘amida kechadigan London ziyofatlari mavsumidan keyin ular sog‘liqlarini qayta tiklash, xususan jigarlarida yuz beradigan salbiy oqibatlarni bartaraf etish, shuning-dek ortiqcha vaznlaridan xalos bo‘lish ilinjida Germaniyadagi shifobaxsh suvlarga tomon oshiqardilar. Mening bir tanishim bo‘lardi, u har yili Karlsbad shahriga ikki xil bichimdagi kiyim bilan yo‘l olardi: birisini— sihatgohga kiyib borsa, ikkinchi bichimdagi libosini o‘n-o‘n besh kilolik vaznini tashlagach, u yerdan qaytishida kiyib kelardi.

Bunday ziyofatlardan keyin, o‘sha paytlardagi odob yuzasidan, kamida bir hafta mobaynida, sizni ziyofat qilgan xonimga ehtirom yuzasidan unikiga minnatdorchilik tashriflarini ado etishingiz lozim bo‘lardi. Mabodo u uyida bo‘lmasa, (albatta, aksariyat hollarda bu hol ayni sizning dilingizdagidek ish bo‘lardi) siz xonadon sohiblari uchun ikkita tashrif qog‘ozingizni (ularning birini xonim uchun, birisini esa uning turmush o‘rtog‘iga atab) qoldirishingiz kerak edi. Bunga muvaffaq bo‘lmasangiz, siz mana shu bashang kiyimingiz — syurtuk hamda olachipor shimda, usti kulrang matodan qoplanib tugma qadab tikilgan, loklangan boshmoqlaringiz bilan, boshingizdagi salobatli tsilindringizni qo‘lingizga olib, uyning ikkinchi qavatidagi mehmonxonaga, oqsoch xodimaning oldiga chiqishingizga to‘g‘ri kelardi. Mehmonxonada esa tsilindringizni bir chetga qo‘yib, kamida o‘n-o‘n besh daqiqa beka bilan, u yoq-bu yoqdan suhbatlashgan kishi bo‘lardingiz, shundan so‘nggina ko‘nglingiz xotirjam tortib, uyni tark etar va eshik yopilgachgina yengil nafas olardingiz.

Butun mavsum davomida hali u yerda hali bu yerda turli ko‘ngilochar bal va ziyofatlar o‘tkazib turilardi. Agar siz chindanam mashhur kishi bo‘lsangiz, bir kunning o‘zida bo‘lib o‘tadigan bir necha balga taklifnomalar olishingiz ham mumkin edi. Bu ballar, zinhor hozirgi paytdagi chakana gap-gashtaklarga o‘xshamasdi. Erkaklar unga albatta frakda, ichidan oq nimcha, ko‘tarma yoqali ko‘ylak, qo‘llariga esa oq qo‘lqop kiygan holda tashrif buyurardilar. Har bir oyimqizning qo‘lida balga mo‘ljallangan maxsus varaqachalari bo‘lib, agar bal mobaynida ular band etilmagan biror raqs bo‘lsa, sizni taklif etishlari uchun shu varaqachaga o‘z ismingizni yozib qo‘yishingiz mumkin bo‘lardi. Oyimqizlarga ko‘pincha ularning onalari yoki xolalari hamrohlik qilardilar va ular ham o‘zaro teng-to‘shlari bilan to ertalabki soat to‘rt-beshlargacha, bamaylixotir suhbatlashib o‘tirishar, ammo shunda ham ko‘zlarini o‘zlariga tegishli oyimqizdan uzmasdilar. Zero, ular o‘z qizlari, bal mobaynida bitta kavaler bilan ketma-ket raqsga tushib, martabalariga ziyon yetkazib qo‘yishidan xavfsirardilar-da. Bunday hol esa, o‘sha paytdagi taomilga ko‘ra nihoyatda ayb sanalar, hamda barcha bunday kunga tushishdan xudoning o‘zi saqlasin, derdi. Darvoqe, u paytlardagi raqslar ham bugungidan tamoman o‘zgacha bo‘lardi.

Biz polkaga va lansega raqs tushardik, hashamatli zal bo‘ylab ajabtovur viqor bilan vals qilardik. Darvoqe, vals mobaynida hamma aylanayotgan tomonga qarama-qarshi tarzda charx urish-didsizlikning eng oliy cho‘qqisi, deb baholanardi.

Ko‘pincha bizlarni haftaning so‘nggi kunlarini butkul qamrab olguvchi ziyofalarga taklif etishardi. Men hikoya qilayotganim o‘sha paytlarda, o‘zim ham Meyferda kichikrok bo‘lsa-da, bir uyni sotib olishga erishgandim, albatta bu uy aslozodalar yashaydigan hududda emas, oddiy fuqarolar ko‘chasida edi. Biroq, endi men ham xonadonimga oshpaz, oqsoch va xizmatkorlar og‘asini yollagan edim. Katta va hashamatli uylardagi ziyofatlarga ba’zan yigirma chog‘li ba’zan hatto undan ham ko‘proq mehmonlar taklif etilar, shu bois uy sohibiga qarashli xizmatchilar ularning barchasiga mulozamat qilib ulgurishi mushkul edi. Shu vajdan ziyofat uyushtirayotgan xonadon sohibasi taklifnoma bilan birga yuboriladigan xatida, o‘zingiz bilan ziyofatga birorta malayingizni ham olib kelishingiz, ayollarga esa birorta cho‘ri qizlari bilan birga kelishlari lozimligini ma’lum qilar edi. Mening malayim bo‘lmaganligi sababli, o‘zimga doim xizmatkorlarim boshlig‘ini hamroh etardim. Xizmatchilarni odatda oddiyroq jihozlangan kishilik uyda, ularning xo‘jayini yoki bekasining jamiyatdagi mansab-maqomiga muvofiq tarzda o‘tqazishib, ovqatlantirishardi. Yozuvchilarning jamiyatdagi mansab-martabasi turli kazo-kazo zodaganlar orasida avval ham, hozirda ham u qadar nufuzli emasligini bilasiz, balki shul sababdandir, ana shunday ziyofatlardan bir-ikkitasiga tashrifimiz o‘tgach, bir kuni mening hamrohim: “Ser, sizga bir gap aytsam bo‘ladimi? – deb qoldi. Men — aytaqol, — dedim. Shunda u – “Janob, Siz ham parlament a’zosimi yoki shunga o‘xshashroq birorta yuqori mansabni egallasangiz bo‘lmaydimi, hadeb poygakda, dasturxonning eng chekkasida o‘tirish nafsoniyatimga tegib ketdi-ku!” – dedi. Men unga: – Bunday qilolmayman, nachora, yozuvchining qo‘lida xizmat qilar ekansan, barcha kamsitishlarga chidashingga to‘g‘ri keladi, endi, – deya javob berdim. Darvoqe, bunday tashriflar chog‘ida ham kishilar, xuddi Londondagi kabi juda bashang kiyinishardi. Ammo ayollar ziyofatxonadan chiqib ketishlari bilanoq, ular kiyimlarini o‘sha paytda juda urf bo‘lgan smokinglariga alishtirib, chekish uchun maxsus ajratilgan xonaga chopqillashardi. Chunki mehmonxonada chekishga mavjud taomillar izn bermasdi. Chekish xonasida esa ular bafurja valaqlashishar, bir-ikki stakan ichib ham olishar, eng muhimi sigaralarini burqsitishib, xumoridan chiqishardi.

Shubhasiz, u davrlarda hayot xiyla yoqimli kechardi... Biroq hammaga ham shunday emasdi. Qashshoq odamlar isqirt va g‘arib kulbalarda yashar, arzimas chaqa uchun kechasiyu kunduzi tinimsiz mehnat qilardilar, keksaygan chog‘ida ham hech bir ro‘shnolikdan umid yo‘q, ular to qabrlarigacha mashaqqatlar girdobida edi. Boz ustiga ularning yelkasini hamisha ishsiz qolib ketish xavfi, dahshati tog‘dek bosib turardi.

Mening anglashimcha, birinchi jahon urushi ham mavjud bu ahvolni deyarli o‘zgartira olmagandi. Yigirmanchi yillarda boylar kambag‘al bo‘lib qolmaganidek, kambag‘allar ham boyib keta olmadilar. Faqat ikkinchi jahon urushi o‘zi keltirib chiqargan, barchani xonavayron qilgan haddan ziyod sarf-xarajatlari, aholining barcha qatlamlariga birdek ta’sir qilgan aql bovar qilmas soliqlari bilan hamma-hammaning turmush tarzini o‘zgartirib yubordi, xolos. Boylar ham endi ilgarigidek boy emaslar. Bir paytlar ular ortiqcha dabadabayu as’asalar, sarfu xarjlar bilan davru davron surgan hashamatli uylari endilikda maktablarga, turli muasasalarga aylantirilgan yoki asta-sekin nurab, puturdan ketib bormoqda. Ularning badavlat sohiblari ham endilikda, atigi eshik og‘asiga ega bo‘lgan kichikroq uylarga qanoat qilishayotir yoki ayrimlari Londondagi odmi xonadonlarga bir yo‘la ko‘chib o‘tib qo‘yaqolishgan. Bir zamonlar nisbatan hashamatli turarjoy tumani sanalgan Meyfer ham bugunga kelib, xiyla urfga kirib qolgan savdo markaziga evrildi, endi uning dang‘illama uylarida ham turli-tuman idoralar qo‘nim topgan.

Ammo bir narsani ham tan olib aytish joizki, bu o‘zgarishlar badaliga juda ko‘p narsasidan mahrum bo‘lganlar ham o‘z yo‘qotishlarini juda katta sabot va matonat, ayni paytda o‘z izzatlarini yo‘qotmagan holda, munosib qabul qilmoqdalar. Kambag‘allarni ham endi avvalgi kambag‘allar deb bo‘lmaydi: ular ham endi risoladagidek uylarda yashayotirlar, yaxshi kiyinadilar, har bir oilada radiopriyomniklar, televizorlar, plastinka qo‘yib eshitiladigan moslamalar mavjud. Nihoyat aholining bu qatlami vakillari ham chin inson maqomida umrguzaronlik qilish, kelajakka qo‘rquv va hadiklarsiz nazar tashlab, to‘kinlikda hayot kechirish baxtiga erishdilar. Buning uchun hammamiz ham taqdirimizga shukronalar aytmog‘imiz kerak. Shubhasiz, biz millat sifatida ancha qadriyatlardan mosuvo bo‘ldik, qashshoqlashdik, biroq buning evaziga ko‘proq shaxs erkinligini qo‘lga kiritdik. Shu bilan birga ko‘plab ahmoqona irim-sirimlardan, bid’atu xurofotlardan ham xalos bo‘la oldik. Masalan, jinslar o‘rtasidagi munosabatlar ham endi anchagina tabiiyroq va jozibaliroqdir. Endilikda bizlar odmiroq lekin juda qulay kiyimlar kiyayotirmiz. Bizda sinfiy to‘siqlar ham kamaydi. Bugun biz u qadar injiq ham, takabbur ham emasmiz. Umuman olganda biz, mana shu kechgan ellik yil mobaynida o‘zimiz duch kelgan ko‘plab qiyinchiliklarga: turmushdagi taqchilliklar, cheklovlar, to‘siqlarga qaramasdan, avvaligidan ko‘ra anchagina go‘zallashdik, endi bizlar o‘tgan davrlardagidan ko‘ra anchagina yaxshi va farovon yashayotirmiz. Ingliz xalqining eng asosiy fazilati bu – mehr-oqibatlilik, ko‘ngilchanlik. O‘ylaymanki, biz bu fazilatni eng og‘ir shart-sharoitlarda ham saqlab qola bilamiz. Bizning kuchimiz ham ayni mana shundadir.

1954 yil

TO‘QSON YILLIK YUBILEYIMGA

Endi mening xotiramga havas qilib bo‘lmaydi, u butkul ishdan chiqqan, zero go‘rimgacha yana bir-ikki qadamimni sudrab bosa olsam bas, deb o‘ylayman. Yashaganim – to‘qson yillik umr davomidagi xotiralarim shu qadar g‘ira-shiraki, ularni o‘ylasam, ba’zan o‘z o‘tmishimdan ham xo‘rligim kelib ketadi.

Hamma narsadan ham onamning o‘limini yaqqolroq eslayman. Bu xotira-mana sakson yildan oshibdi-ki, meni iztirobga solib keladi. Onam bizning Parijdagi uyimizda vafot etgandilar, o‘shanda men atigi sakkiz yoshda edim... biroq bu yo‘qotishning alam va qayg‘usi hali-hanuz yuragimni zirqiratadi.

Albatta, mening o‘zgacha xotiralarim ham bor, biroq ular shu qadar mavhumki, ushbu xotiralarni qayta tiklayman, deb chiranishdan ko‘ra, o‘z holicha qoldirganim ma’qulroq. Men endi kelajak haqida ham o‘ylay olmayman: agar kishining yoshi to‘qsondan oshgan bo‘lsa, uni oldinda faqat huvillagan bir bo‘shliq qarshi oladi, xolos.

Men endi har kuni ajalning qo‘lidan tutib tentirab yuraman, shunda ham ajalning kafti mening kaftlarimdan haroratliroqdek tuyiladi. Har oqshom, menga qariyb qirq yildan buyon hamrohlik qilib kelayotgan sodiq xizmatchim Alan Serlga xayrli tun tilar ekanman, undan mening bugun uyqudan uyg‘onmasligimni so‘rab, Tangriga tilovat qilishini o‘tinaman. Endi mening bu dunyodan haqqim qolmadi va unga ortiqcha yuk bo‘lishni istamayman.

Mening hayotim to‘kis, qiziqarli kechdi, biroq uning nihoyasini ham men xotirjamlik bilan qarshi olaman. O‘lim meni hali ham qo‘rqita olmaydi. Men undan, zinhor qo‘rqmayman, sababiki – narigi dunyoda hayot borligiga ishonmayman. Modomiki, men bir gumroh banda sifatida gunoh ishlar qilib ham bu dunyoda – jazoimni olmagan ekanman, hayotni tark etganimdan so‘ng, u dunyoda meni kim ham azobli qiynoqlarga mustahiq etardi?

Men dunyoda Xudo bormi-yo‘qligini bilmayman.Uning borligi haqidagi dalillarning birortasi menga ishonchli tuyilmaydi.Umuman, ishonch e’tiqod ham, bir paytlar Epikur to‘g‘ri ta’kidlaganidek, kishining Xudoni taniy bilishi uchun bevosita unga keladigan, uning ko‘zini ochadigan vahiy tufayli paydo bo‘lishi kerak. Bunday vahiy, afsuski, menga nasib bo‘lmadi.

Baribir o‘limdan qochib qutulishning imkoni yo‘q, shuning uchun ham u sizning yoqangizdan qaerda va qanday sharoitda tutib olishining ham u qadar ahamiyati bo‘lmasa kerak. Menimcha, agar biror kishi, omadim kelib, bu hayotdan jimgina, bildirmasdangina, hech bir azob-uqubatlarsiz ketib olsaydim, deya umid qilsa, uni ayblash yoki unga ta’na nazari bilan qarash kerak emas.

 Yaqinda men og‘ir betoblikni boshimdan kechirdim – keyingi paytda bot-bot mazam qochib turibdi va ana shunday kunlardan birida men kutilmaganda, shunday bir holsizlikni his qildimki, go‘yo menga, yana ozginagina sabr qilsam, bu qiyinchiliklarning hammasidan butkul forig‘ bo‘ladigandek tuyildi. O, o‘lim deganlari agar shunday yengil va farahli bo‘lsa, men butun vujudim bilan uni yoqlayman, dedim o‘zimga-o‘zim. Albatta, yangi boshlagan kitobimni tugallashga ulgurmaganligim uchun biroz afsuslandim, alamim keldi, ammo baribir, alal-oqibat, buning hech bokisi yo‘q, degan qarorga keldim; illo – baribir, biror yil o‘tib, odamlar bu kitobimni ham eslaridan chiqaradilar, deya o‘yladim.

Men mudom kelajak xayoli bilan yashadim, hatto hozir ham, oldimda arzimasgina masofa qolgan bo‘lsa-da, o‘sha eski odatimdan qutula olganim yo‘q; men hatto endi o‘zim yaratishga intilganim – o‘sha turmush tarzining mantiqiy yakuniga yetishini, ajabtovur intiqlik bilan kutayotirman.

Ba’zan shunday daqiqalar ham bo‘ladiki, men tezroq o‘la qolsaydim degan istakdan lovullab ketaman, go‘yo bir paytlar o‘zimni muhabbat og‘ushiga tashlaganim kabi, ajalning quchog‘iga o‘zimni otgim keladi. Men uchun bir paytlar hayot qanchalar muhim bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘lim ana shu darajadagi muhim narsaga aylanib qolgan. U haqda birgina fikrning o‘zidan ham boshim aylanib ketadi. Nazdimda, faqat o‘limgina, menga chin ma’nodagi cheklanmagan erkinlikni baxsh etadigandek. Albatta, do‘stlarimdan ayrilish meni qayg‘uga soladi. Qolaversa, men uchun o‘zim uzoq yillar vasiylik qilib kelgan kishilarning taqdiri ham befarq emas. Ikkinchi tomondan esa, menga nimadir bo‘lsa, ular ham shuncha yillik tobelikdan so‘ng, mendan qutulganliklari uchun yengil nafas oladilar, zero endi to‘rt tomonlari qibla – istagan tomonlariga ketishlari mumkin bo‘ladi.

Agar ilgarilari faqat hayot haqida o‘ylasam, endi nuqul o‘lim haqida fikr yuritayotirman. Bu ham qarilikning bir belgisi bo‘lsa ajab emas, ha men chindan-da juda qartaydim.

Hali ham men ilgarigidek , tushdan keyin xizmatchi xodimim Alan hamda xitoy mopsa zotiga mansub ikkita – o‘n besh yoshli Ching va o‘n to‘rtga kirgan Li laqabli itlarim hamrohligida bog‘da sayr qilaman, menimcha itlarim ham o‘z qavmining butun Yevropadagi eng qari vakillari bo‘lsa kerak.

Ajoyib tomosha, bir tasavvur qilib ko‘ring-a, shalviragan itlar va munkillagan men! Bizlar birdek puturdan ketganmiz, lekin shunday bo‘lsa-da, bog‘bon nima ish qilayotganligini kuzatish uchun bog‘ni keziib yuribmiz, holbuki, bog‘bonning bugungi mehnati samarasini ko‘rish bizga nasib etadimi-yo‘qmi, bunisi dargumon...

Mening to‘qson yil davomida ko‘rgan-kechirganlarim – har qanday inson umri uchun yetarli, hatto keragidan ortiqroq, desam bo‘ladi.Ammo bir narsani aytishim kerakki, qarilik jon-jonimga tegib ketdi. Darmonsizlik va zerikish hissi uni yanada chidab bo‘lmas azob-uqubatga aylantirayotir.Men hamisha gedonist bo‘lganman, ya’ni huzur-halovatni yaxshi ko‘radigan, zavq-shavqli, “ko‘cha xandon” odam edim, bugungi kunda esa umrimda bir qatra bo‘lsin huzur-halovat qolmadi. Men hatto kunlarimni qisqartirish imkonini berguvchi yozib-chizish baxtidan ham mahrumman. To‘g‘ri, hali ham yaxshi taomlar tanovvulidan lazzat tuyaman, har kuni ertalab soat o‘n birda suv qo‘shilmagan viski ichaman. Ammo endi qulog‘im tobora og‘irlashib bormoqda, tilim ham ayrim so‘zlar talaffuziga yaxshi aylanmayotir, gapirishda ham biroz duduqlikni sezayotirman. Hammasidan ham alam qiladigani, meni ko‘proq tashvishga solayotgani bu – ko‘zlarimning xira tortganidir. O‘qish ham azobga aylanib qoldi. Hozir men qiynalib bo‘lsa-da “Mobi Dik” asarini takror mutolaa qilayapman. Uch kun bo‘ldi,chog‘i, kitob javonimdan Floberning “Bovari xonim”ini topib oldim. Bu kitob uzoq yillar mening eng suyumli asarim bo‘lib kelgan va men uni yana bir qur qayta varaqlashni istadim.

O‘zimning boy kutubxonamni boshqalarga in’om qilib yuborganman. Darvoqe, marhum ukam oxirgi bor menikiga kelganida, bu ishimdan ko‘p xafa bo‘lib, yozg‘irgan edi. Biroq, bu kitoblar endi mendan ham ko‘ra boshqalarga ko‘proq zarur, ko‘proq naf keltiradi-ku, dedim.

O‘z kunlarimni maroqli mutolaa bilan ziynatlash maqsadida ayrim kitoblarimni o‘zimda olib qolganman, albatta. Shu boisdan ham ko‘rish qobiliyatim menga pand berayotganidan o‘kinaman, bunga juda jahlim chiqadi.

Bir kuni mendan: “Hayotingizni qayta boshdan yashashni istarmidingiz?” – deya so‘rab qolishdi. Nimayam derdim, umuman, mening hayotim juda yaxshi kechdi, aytishim mumkinki, ayrimlarga taqqoslaganda a’lo darajada yashadim. Biroq, shunday bo‘lsa-da, uni qaytadan yashab ko‘rishda hech bir mantiq yo‘q, deb hisoblayman. Bu xuddi ilgari bir necha bor o‘qib chiqilgan detektiv romanni qayta mutolaa qilish kabi zerikarli yumush bo‘lur edi. Nima bo‘lgandayam, keling bir tasavvur qilib ko‘raylik, aytaylik chindan ham hozirgi kunda, dunyoning to‘rtdan uch qismi ishonib kelayotganidek, qayta tug‘ilish yoki o‘ziga boshqa bir hayotni, taqdirni sinab ko‘rish imkoni mavjud deylik. Ilgarilari men bunday tajribaga bajoni dil rozilik bildirgan bo‘lardim; zero, menga qaysidir bir sabab, masalan vaqtimning yetmasligi yoki astoydil qunt qilmaganligim, yo bo‘lmasa imkoniyat topmaganligim boisidan, shuningdek shaxsiy yoki ijtimoiy g‘oyalarga ko‘ra amalga oshirish nasib bo‘lmagan boshqa bir ishlarni, tajriba tariqasida sinab ko‘rish qiziq tuyilardi.

Hozir esa bunday tajribani rad etgan bo‘lardim. Illo, ko‘rgan-kechirganlarim o‘zimga yetarli. Ba’zan o‘zimni judyam behalovat, sertashvish, ayni paytda sermazmun hayot kechirgandek his qilaman: chunki umrim davomida nihoyatda ko‘p odamlar bilan tanish edim, juda ko‘p kitoblarni o‘qidim, men ko‘rib, bahra olgan tasviriy san’at asarlarining, haykallarning, cherkov va hashamatli imoratlarning, tinglagan musiqalarning esa son-sanog‘i bo‘lmasa kerak. Men boqiy hayotga ishonmayman va unga intilmayman ham. Mening istaganim endi bor-yo‘g‘i, jimgina og‘riq-azoblarsiz omonatimni topshirish. Mayli, so‘nggi nafasimdan keyin mening ruhi-jonim o‘zining bor xohish-istaklari, fazilatlari va qusurlari bilan yo‘qlik sari parvoz qilib, unga singib ketsin.

Bundan o‘n yil muqaddam, men ishimni tashlayman-u sayru sayohatga otlanaman, deb niyat qilgandim. Niyatim ijobat bo‘ldi. Men yana o‘zim bundan o‘ttiz, ellik yillar ilgari bo‘lgan joylarimni ziyorat qildim. Va albatta, o‘smirlik chog‘larimda tahsil olgan shahrim, jonajon Geydelbergda ham bo‘ldim.

O‘sha olis o‘tmish davrlarda, men bir ingliz kishi bilan tanishib qolgandim. U meni adabiyot xususidagi ko‘plab ma’lumotlarga oshno etdi. Uning xayrli ta’siri natijasida men bu keng olamning turli burchaklarini o‘rganish, hayotni yanada teranroq anglash maqsadida dunyo kezdim. Va bu sayohatlarim shak-shubhasiz, mening hayotiy voqealarning musavviri, naqlchisi – yozuvchi bo‘lib shakllanishimda juda katta yordam berdi. Yaqinda esa, kamina qulingizning hayotida yana bir xursandchilik yuz berdi – meni Geydelberg universitetining faxriy doktori etib sayladilar. Ha, mendek bir qariyaning izzattalablik, maqtonchoqlik xohishini yana bir karra bajo qildilar, azamatlar.

 Sayohat qilishga bugun mening qurbu quvvatim yetmaydi. Ammo shunday bo‘lsa-da, meni bu istaklar hanuz tark etganicha yo‘q. Men masalan, hozirda Marokashga – bir paytlar otam judayam yaxshi ko‘radigan, dunyoning eng so‘lim va jozibali shaharchalaridan biriga borishni xohlayotirman.Ha. otam ayni o‘sha yerda mavritaniyaliklarning aqidalariga ko‘ra kishilarni turli balo-qazolardan himoya qiladigan nishonni ilk bor ko‘rib qolgan ekanlar. Xuddi o‘sha nishon bugun menga tegishli uyning kiraverishidagi darvozalarni hamda chop etilgan kitoblarimning muqovalarini bezab turibdi.

Ba’zan, bundan qariyb qirq yil avval sotib olgan uyimga qarab, uni shartta qulflab, yana dunyo bo‘ylab sayru sayohatlarga otlansammikan, deb o‘ylab qolaman. Zero, bugungi kunda o‘zingning hashamatli uyga ega bo‘lishing qaysidir ma’noda eskilik alomati, qolaversa bu uyni tutib turish ham juda ko‘p mablag‘ni talab qiladi. Qolgan umrimni butkul sayohatlarda o‘tkazsam: ana shunday rohatbaxsh, qalbimga hamisha, to hanuz ayricha go‘zallik, oromu osoyish bag‘ishlaydigan ana shunday maskanga qilinajak sayohatlardan birida o‘lib-netib qolsam ham, armonim bo‘lmasdi.

Men bunda Kambojadagi Angkore Vate degan so‘lim joyni nazarda tutayotirman. Mening bu hayotdan atigi bittagina armonim qolgan, u ham bo‘lsa, yana bir bor janubi-sharqiy Osiyo changalzorlari aro nihon bo‘lgan ana shu so‘lim qishloqchaga qaytib bora olsam. Bir yillar chamasi muqaddam u yerda bo‘lgandim, aslida men o‘shanda bir-ikki kun turib kelmoqchi edim, biroq bu sokin go‘shaning sehrli jozibasi sababli naqd uch hafta qolib ketdim.

Yangi sayohat shak-shubhasiz meni o‘ldirib qo‘ya qoladi, lekin ana shunday go‘zallik quchog‘ida jon berishning o‘zi ham — ta’rifiga til ojiz, g‘aroyib lazzat bo‘lur edi.

Mening uyim ham xuddi o‘zim kabi endi o‘tmishga ko‘proq mansubdir. Menda endi maishiy farovonlikning hech bir ashqol-dashqollariga, moddiy nishonalariga havasu rag‘bat qolmagan. Men zinhor-bazinhor molu mulkka mukkasidan ketib, undan mosuvo bo‘lganidan qayg‘uyu alamga g‘arq bo‘ladiganlar xilidan emasman. Butun dunyo bo‘ylab mening qalamimga mansub 800 million nusxadan ko‘proq kitoblar nashr etilib, sotilgan. Pulni darhaqiqat, insonning oltinchi sezgisi, deb atash mumkin. Va qizig‘i, bu sezgi insonga qolgan beshta sezgisidan oqilona foydalanish imkoniyatini yaratadi. Albatta, umrimning so‘nggi kunlarini qoshshoqlikda kechirmayotganligim meni xursand qiladi. Ham qari, buning ustiga kambag‘al va qashshoq bo‘lishdan og‘iri yo‘q. Qarigan chog‘ingda biror-bir boshpanaga muhtoj, nonga zor bo‘lib, sadaqalarga qarab yashagandan ko‘ra, yaxshisi bu dunyoga kelmagan ma’qul.

Men uzoq yillar davomida izchil ravishda o‘zimga yoqqan impressionist va modernist rassomlarning tasviriy san’at asarlarini sotib olish bilan mashg‘ul bo‘ldim. Bugun esa ularning birortasi mening qo‘limda qolmagan, biroq shunda ham ularni deb qayg‘u hasrat chekmayotirman. Do‘stlarim uyimning bugungi ahvolini ko‘rishib, uning ship-shiydam bo‘lib qolganligini aytishadi. Menga esa hecham unday tuyilmaydi. Men hatto bir paytlar Taitida katta havas bilan sotib olganim – Gogenning shaxsan o‘z qo‘llari bilan chizilgan, eshik ko‘zlariga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan shisha paneldan ham voz kecha oldim. Hozir u Amerikada allaqaysi bir shaxsiy kollektsionerning g‘aznasini bezab turibdi.

Bugun uyimda faqatgina teatr uchun ishlangan ayrim eskizlar saqlanib qolgan xolos, ammo afsuski ular ham endi meniki emas. Men ularni Viktoriya va Albert muzeyiga hadya qildim, va mazkur muzey vasiylari menga katta hurmat ko‘rgazishib ularni to vafot etmagunimcha olib ketmaslikka rozilik bildirdilar.

Meni ilgarilari ham, hozir ham kimningdir mendan o‘zgacharoq, farqliroq fikr yuritishi, boshqa nuqtai nazarlarga ega bo‘lishi ko‘pam tashvishlantiravermaydi. Men, albatta, doim bahslashayotgan raqibim emas, balki o‘zim haq deb hisoblayman, agar nohaq bo‘lsam fikrimni o‘zgartirgan bo‘lardim, lekin o‘zganing nohaq ekanligidan aziyat chekmayman.

Men o‘zim uchun o‘zimni, o‘zligimni hamisha, har jabhada butun borliq ichra yaratilgan mavjudotlarning eng mukarrami va muhimi deb hisoblaganman... Lekin bunga aql ko‘zi bilan teranroq nazar solganda, men bu bepoyon borliq aro, atigi ko‘zga ko‘rinmas bir zarraman, xolos. Xo‘sh, agar men umuman bo‘lmaganimda, bu olamda nima ham o‘zgarib qolardi, deysiz?

Bir vaqtlar – hozir aniq esimda yo‘q, men unda necha yoshlarda edim, o‘zimcha — modomiki, biz hayotda bor-yo‘g‘i bir marotabagina yashar ekanmiz, hayotdan imkon qadar ko‘proq narsani olishimiz kerak, degan qarorga kelgan edim. O‘shanda men hayotimni shunday yashayinki, toki boshqa turli faoliyat shakllarimdan qat’i nazar yozuvchilik faoliyatim hayotimnimng eng muhim bo‘g‘iniga aylansin va o‘limim oldidan har jabhada o‘ziga xos garmoniyaga, mutanosiblik va mukammallikka ega bo‘lay, der edim.

Ha, men hayotimda ana shunday garmoniyaga, mukammallikka erishdim, deya olaman. Men dunyoda uzoq yillar muayyan mavqega, o‘ringa ega bo‘ldim va bundan xursandman. O‘z o‘rnimni tez orada boshqalarga bo‘shatib beraman. Nafsilam-brini aytganda, har qanday turmush tarzining ham asosiy maqsadi – uning xuddi istalgan turdagi ijod namunasi kabi o‘z yetukligiga, mukammalligiga, nihoyasiga yetishida-ku axir. Agar rassom o‘zi yaratgan asariga xalal bermasdan, yana nimanidir qo‘shish imkoniga ega bo‘lmasa, u endi asaridan uzoqlashgani ma’qul.

Menga yaqinda bir paytlar o‘zim davolanganim – Shveytsaridagi doktor Nixans shifoxonasiga borishimni maslahat berishdi. Biroq, hayotga bo‘lgan qiziqishlarim mutlaqo so‘nib bo‘lganligi sababli, men umrimni bundan bu-yog‘iga cho‘zishdan hech bir ma’no topmayman.

Endi yozishni ham istamay qo‘ydim. Boshimda na bir g‘oya, na bir syujet va na bir so‘z qolgan. Men allaqachonoq, o‘zim yozishni istagan barcha narsalarni qog‘ozga tushirib ulgurdim va qalamimni chetga surib qo‘yganman.

Endi esa bu yog‘iga kimdir “Tayms” gazetasida mening vafotim haqida chop etilgan ta’ziyanomani o‘qiydi-yu: “Buni qaranglar-a! Men uni allaqochonlar go‘rda yotibdi, deb o‘ylar ekanman!” deya hayqiradi va shunda mening ruhim uning boshi uzra parvoz etib, shodumon “qah-qah “ uradi, xolos.

1964 yil

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi



[1] Psalmlar, 89 ,9.“Injil”ning to‘rt kitobidan biri.

[2] Kouard Noel Pirs (1899-1973) angliyalik akter, kompozitor va dramaturg, u ko‘plab axloqiy komediyalar, farslar va operettalari bilan mashhur.

[3] Kardano Jeralamo – (1501-1576) – italiyalik faylasuf, matematik, shifokor va yozuvchi.

[4] Mandzoni Alessandro (1785-1873) – italiyalik yozuvchi, adabiyotdagi romantik oqim yetakchilaridan biri.

[5] Kortes Ernan (1485-1547) — ispaniyalik konkistador, Meksikani zabt qilgan, rivoyatlarga qaraganda u Markaziy Amerikani kesib o‘tib Panamadagi Dare bo‘g‘ozida joylashgan tog‘ cho‘qqisiga chiqib, Tinch okeanini ko‘rgan, biroq olimlar bu ma’lumotni rad qiladilar.

[6] Bredli Frensis Gerbert (1846-1924) – ingliz idealist-faylasufi, angliyadagi neogegelchilarning yetakchisi.

[7] Uaytxed Alfred Nort (1861-1947) – angliya-amerika faylasufi, matematik, mantiqshunos, neorealizm vakili.

[8] Mazkur asar mashhur ingliz dramaturgi Artur Uing Pineroning (1855-1934) eng muvaffaqiyatli pesalaridan biridir. U 1883 yilda saxnalashtirilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.