Tadeush Dolenga-Mostovich (polyakcha Tadeusz Dołęga-Mostowicz, 10 avgust 1898, Okunevo — 20 sentyabr 1939) — polyak yozuvchisi, jurnalist, stsenarist.
Kiev universitetida ta’lim olgan. 1922 yildan Varshavada yashagan, 1922—1926 «Rzecz Pospolita» gazetasida muharrir bo‘lib ishlagan. 1925 yildan T. M. taxallusi bilan hikoya va feletonlar yoza boshlagan.
Uni mashhur qilgan asar «Nikodim Dizmaning martabasi» (o‘zbek tiliga «Muttahamning parvozi nomi bilan tarjima qilingan») romanidir. Asarda oddiy muttaham, yalqov va kaltabin Nikodim Dizma Varshavaga ish qidirib kelishi va tasodif tufayli yirik davlat arbobi bo‘lib qolishi voqealari tasvirlanadi.
1932 yili uning «Kivonlar», «To‘lanmagan cheklar», «Alitsiya prokurori Gorn» qissalari chop etiladi. Mostovichning «Aka-uka Dalch va Ko» (1933), «Malinovskaya xonimning dunyosi» (1934), «Tabib» (1937), «Professor Vilchur» va «Pan Gankaning kundaligi» (1939) asarlari ham mashhur.